“Ufenomenal qobiliyatli olim edi: janubiy xitoychadan shimoliy xitoychaga tarjima qilar, barcha Yevropa tillarini, Eron tilini, hinduni, barcha turkiy tillarni, fin tillarini bilardi.
Birinchi jahon urushi yillarida Yevgeniy Dmitriyevich Tashqi ishlar nozirligida xizmat qilib, maxfiy hujjatlar saqlanishiga aloqador bo‘lgan.
Fevral inqilobi kunlarida men qo‘zg‘olonchilar tomonida bo‘lib, bronemashinalarni shaharga olib chiqdim va Nevskiy prospektining Sadovaya ko‘chasiga burilish joyida Polivanov bilan uchrashib qoldim.
Yevgeniy Dmitriyevich bir qo‘li yo‘q bo‘lishiga qaramay, bir guruh kishilar bilan birga barrikada qurib, tramvay vagoni bilan obnimusni ag‘darib tashladi.
Fevral inqilobidan so‘ng Polivanov hammani hayratga solib, leninchi-bolshevik bo‘lib qoldi, bu o‘sha davrda akademiyaga yaqin davralar tomonidan g‘arazgo‘ylik bilan qarshi olindi...”
Ushbu so‘zlar mashhur rus yozuvchisi Viktor Shklovskiyning 1963 yil fevralida SSSR prokuraturasiga yozgan xatidan olindi. O‘ylaymizki, shu so‘zlarning o‘zidanoq quyida hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz Ye.D.Polivanov murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan, boshqa aksar zamondoshlari singari, olovli yillar romantikasi ta’sirida bolsheviklar safiga kelib qo‘shilgan, ularning buzg‘unchilik va talonchiliklarni ko‘rgandan keyin esa sobiq safdoshlaridan yuz o‘girgan o‘z davrining farzandi ekanligi oydek ravshan bo‘ladi. Ammo bu chala haqiqat. Zero, Ye.D.Polivanov o‘z davriga sig‘magan, V. Shklovskiy ta’biri bilan aytsak, “genial qobiliyatlar sohibi”, XX asrda yashagan buyuk tilshunos va sharqshunos olimdir. Polivanovning ayrim zamondoshlari esa uni o‘z davridan ildamlab ketgan noyob olim sifatida e’tirof etadilar.
Ye.D. Polivanov 1891 yili Smolensk shahrida dvoryan oilasida dunyoga kelgan. U atoqli rus matematigi N.I. Lobachevskiyning olis qarindoshi edi va shu bilan faxrlangan. Ye.D. Polivanov 1908 yili Rigada gimnaziyani tugatib, Sharq aqademiyasiga va ayni paytda Peterburg universitetining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. 1911 yili Sharq akademiyasini, 1912 yili esa universitetni tugatib, shu o‘quv yurtining Tibet tillari kafedrasida olib qolinadi. U ayni paytda Iozefovichning xususiy gimnaziyasi va Yangi tillar xotin-qizlar pedagogika kurslarida frantsuz, rus va lotin tillari hamda umumiy fonetikadan dars beradi. Xorijiy tillar bo‘yicha tarjimonlarni tayyorlovchi Sharq akademiyasida yapon tilini egallaganligi tufayli 1915 yili Peterburg universitetida yapon tili bo‘yicha privat-dotsent lavozimiga tayinlanadi. 1914, 1915, 1916 yillarda Rossiya Fanlar akademiyasi va Peterburg universiteti yo‘llanmasi bilan ilmiy malakasini oshirish uchun Yaponiyaga boradi. Yosh olim kunchiqar mamlakatda bo‘lgan chog‘larida rohiblar libosiga o‘ralgan holda Budda ibodatxonalari darvozalari oldida soatlab o‘tirib, yapon shevalari va tarixiy fonetikasi bo‘yicha bilimini behad darajada boyitishga muvaffaq bo‘ladi. U mazkur sohalar bo‘yicha chuqur bilimi bilan yapon tilshunos olimlarini lol qoldiradi. Uning “Yapon shevalari bo‘yicha psixofonetik kuzatishlar” mavzuidagi ilmiy ishi esa ularni, ayniqsa, hayratga soladi.
Ye.D.Polivanov 1916 yil oktyabr oyida vataniga qaytib, Peterburg universitetida xizmat qilishda davom etdi. Ammo 1917 yil Fevral inqilobi olimning hayot yo‘lini butunlay boshqa o‘zanga burib yubordi. Peterburgdagi inqilobiy voqealar girdobiga tortilgan olim dastlab “Novaya jizn” gazetasida ishlab, Butunrossiya Dehqon sho‘rolari huzuridagi harbiy matbuot kabineti bilan hamkorlik qildi. 1917 yil oktyabrining so‘nggi kunlarida esa shu muassasa tavsiyasi bilan Tashqi ishlar nozirligida xalq komissari o‘rinbosari lavozimida ishlay boshladi. U shu davrda nozirlikning chor hokimiyati davridagi maxfiy yozishmalar shifrini o‘z zehni bilan topib, I.Zalkind bilan birga Antantaning yashirin shartnomalarini e’lon qilib yubordi. Birinchi jahon urushi boshlanishining xunuk sabablari aks etgan bu hujjatlarning oshkor etilishi o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy hayotida larzakor voqea bo‘ldi. Polivanov Tashqi ishlar nozirligida Germaniya va Sharq masalalari bilan mashg‘ul bo‘ldi va Germaniya bilan Rossiyani yarashtirish maqsadida tuzilgan sho‘ro delegatsiyasiga rahbarlik qildi. Ammo “mashhur” Brest sulhini tayyorlash jarayonida (sulhning dastlabki nusxasi Polivanov tomonidan tuzilgan) xalq komissari Trotskiy bilan aytishib qolib, 1918 yil fevralida nozirlikdan ketadi.
Polivanov shu yili Shimoliy viloyat Axborot byurosining Sharq bo‘limi mudiri, keyin RKP(b) Petrograd shahar bo‘limi huzuridagi Xitoy kommunistik sho‘‘basining tashkilotchisi vazifalarini bajaradi va ayni paytda Petrograd universitetida xizmat qilishda davom etadi.
Dunyoning oltidan bir qismida hokimiyatni o‘z qo‘llariga olgan bolsheviklar endi jahon inqilobi g‘oyasini olg‘a surib, boshqa mamlakatlardagi maslakdoshlarini shu g‘oya atrofida uyushtirish va inqilobiy harakatlarga jalb etish maqsadida Komintern (Kommunistik Internatsional) ni tashkil etadilar. Polivanov 1921 yilda Moskvaga taklif etilib, Komintern Uzoq Sharq bo‘limi boshlig‘iga o‘rinbosar va Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetining Sharq sho‘‘basiga mudir qilib tayinlanadi. U o‘sha yiliyoq Kominternning Sintszyan va dunganlar bo‘yicha tuzilgan maxfiy bo‘limida ishlash uchun Toshkentga yuboriladi. U 1921 yil oxirlarida Toshkentda qolib, Turkiston universiteti professori va Turkiston respublikasi Davlat ilmiy kengashi raisi lavozimlarida xizmat qiladi. Polivanov 1923 yildan boshlab O‘rta Osiyo xalqlari tillari bo‘yicha ilmiy ishlar olib boradi. U O‘zbekiston va Qirg‘iziston bo‘ylab ilmiy safarlar uyushtirib, O‘rta Osiyo xalqlari tillari va mahalliy shevalarini qunt va sabot bilan o‘rganadi. Tinglash va eshitish iqtidori favqulodda kuchli bo‘lgan olim talaffuzdagi hatto sezilar-sezilmas o‘zgarishlar va o‘ziga xosliklarni ilg‘ab olib, qayd etib boradi. Ilmiy izlanishlar bilan birga “Nauka i prosveщenie» jurnalining tahririy ishlarida ishtirok etadi. 1924-1925 yillarda esa Toshkentda Davlat sirlarini muhofaza qilish muassasasi (Glavlit) ni boshqaradi. Ammo Moskvaning yapon, xitoy, dungan, uyg‘ur va boshqa o‘nlab Sharq tillarini bilgan Polivanovni Toshkentga yuborishdan maqsadi uning yordamida Xitoy inqilobini tayyorlash edi. 1914-1916 yillarda Yaponiyada chor hokimiyati foydasiga josuslik ishlarini olib borgan, bu sohada yetarli tajribaga ega bo‘lgan Polivanov Sharq mamlakatlarida, xususan, Xitoyning Sintszyan-Uyg‘ur viloyatida Xitoy inqilobining amalga oshishida muhim rol o‘ynashi mumkin edi.
Biroq olim 1924 yili, ma’lum sabablarga ko‘ra, yana Moskvaga taklif etilib, bir necha oy Harbiy akademiyada tinglovchilarga yapon tilidan dars beradi. 1926 yili esa Uzoq Sharqqa “tashlanib”, Vladivostok universitetida yapon tili professori lavozimida xizmat qiladi. Komintern yo‘li bilan dunyoning bir tupkasiga yuborilgan olim yana Yaponiya bilan Xitoyda safarda bo‘ladi.
Sharq mamlakatlariga qilgan safarlari chog‘ida nashavandlikka o‘rgangan Polivanov turli noxush holatlarga tushadi va shu bois 1926 yilda partiya safidan o‘chirilib, maxfiy ishlardan chetlashtiriladi. O‘sha yilning kuzida u Moskvaga qaytib, hayotini sevimli sohasi – ilmiy faoliyatga bag‘ishlashga ahd qiladi. Tez va unumli ishlash malakasini egallagan olim yangi-yangi ilmiy tadqiqotlari bilan qisqa vaqt mobaynida sho‘ro tilshunoslik maktabining eng yirik namoyandalaridan biri sifatida shuhrat qozonadi.
O‘sha yillarda akademik N.Ya. Marrning xalqaro tilshunoslik fanidagi obro‘si mislsiz darajada baland edi. Uning, ayniqsa, qadimgi arman va qadimgi gruzin tillariga bag‘ishlangan tadqiqotlari jahon tilshunoslik faniga qo‘shilgan ulkan hissa sifatida baholangan. Ammo N.Ya. Marr kutilmaganda avvalgi barcha ilmiy yutuqlari ustiga chiziq tortib, ajablanarli ishga qo‘l uradi. U, lo‘nda qilib aytganda, jahondagi barcha tillar qo‘l, suv, havo, ayol ma’nolarini anglatuvchi to‘rtta so‘z, uning ifodasi bilan aytsak, unsurdan tashkil topgan, degan g‘oyani ilgari sura boshladi. Uning yangi “ta’limoti”ga ko‘ra, insoniyat so‘zlay boshlagunga qadar o‘z fikrini qo‘l harakatlari yordamida ifodalagan. Barcha tillar o‘z taraqqiyotini shu tarzda bir xil boshlagan va bir xil taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. N.Ya. Marrning bu fikri Engelsning qarashlari bilan uyg‘un bo‘lganligi uchun u markscha tilshunoslikning otasi sifatida shuhrat chambarlari bilan o‘raladi. Sho‘ro tilshunoslari uning “kashfiyot”ini hamdu sano bilan kutib olgan bir vaqtda Polivanov Kommunistik akademiyada 1929 yil 4 va 18 fevral kunlari moskvalik va leningradlik olimlar davrasida «Marksistik tilshunoslik va yafet nazariyasi» degan mavzuda katta ma’ruza, 25 fevralda esa chiqish qilib, mashhur olimning po‘stagini qoqadi. Bu hol uning boshiga balo toshlari yog‘ilishiga sabab bo‘ladi. Xullas, markschi tilshunosga qarshi chiqqan olim Moskva, Leningrad va Vladivostok universitetlarida ma’ruza o‘qish huquqidan mahrum etiladi.
Hayotining qora kunlari boshlangan Polivanov 1929 yili O‘zbekistonning o‘sha kezlardagi poytaxti Samarqandga ko‘chib kelib, Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish institutida xizmat qila boshladi. 1931 yili mazkur institut Toshkentga ko‘chib keladi.
Shu yerda falakning gardishi bilan Turkistonga kelib qolib, 1922 yildan boshlab Toshkent va Nukusdagi davriy nashrlarda ishlagan M.S.Kardashevning tilshunos olim haqidagi xotirasidan bir lavhani keltirishni istardim.
“Yigirmanchi yillardagi Toshkent. Sharq instituti. Birinchi kurs auditoriyasi. Fonetika bo‘yicha ma’ruza. Undosh, unli... va yana qandaydir kishini cho‘chitadigan affrikatlar. Tovush haqidagi fanning dastlabki boblari – tilshunoslikning eng zerikarli qismi. Bunda nimani tinglash mumkin? Tovush o‘zgarishlari tasnifi va qonunlarini doska yoki darslikdan ko‘chirgin-u, yodla, yodla. Xuddi ko‘paytirish jadvalini yodlagandek...
Zal nima uchundir gavjum. Yangi kelgan ba’zi talabalarning chehralarida loqaydlik, hatto oshkora nafrat belgilari.
– Bir tiyin ko‘rsa, o‘zini tomdan tashlaydi, deyishayapti. Sovet Plyushkini.
– Plyushkin bo‘lsa koshkiydi. Nashavand. Qanday qilib bundaylarni ushlab turishadi-ya.
Shu payt bir oz shovqin ko‘tarilib, qarsaklar chalindi...
Kafedra oldida g‘alati bir odam paydo bo‘ldi. O‘rta bo‘yli, katta boshli, qo‘ng‘ir sochli, ozg‘in, hatto nimjon, katta-katta och havorang ko‘zli odam. Oyog‘ida yirtiq tufli. Boshidagi sho‘ralangan do‘ppi sochlarini bosib turipti. Yelkasida o‘zbekona kir chopon. Oldi ochiq. Shu ham professor bo‘ldimi?!
Shu payt baland do‘rillagan ovozda ma’ruzani boshladi. Bir necha daqiqadan so‘ng bu ovoz auditoriyani uzil-kesil zabt etdi.
Buni qarang! Fonetikani ham shunday o‘qisa bo‘lar ekan-a! Bunday kishining hamma narsasini kechirish mumkin.
Chindan ham, quruq, hatto zerikarli mavzu birdan jonlanib, favvora o‘laroq otilib, uchqun sochib ketdi. Kutilmagan, hech kimning xayoliga kelmagan, haddan ziyod aniq, tovlanma qiyoslar favvorasi. Mualliflari, boblari, sahifalari ko‘rsatilgan ko‘p satrli iqtiboslar shundoqqina miyaga o‘tirayapti.
– Tekshirib ko‘rsak bo‘larmidi? – luqma tashladi kimdir.
– Oldindan qo‘lingni ko‘taraver, – deb maslahat berishdi pichillaganga. – Qancha-qancha talabalar urinib ko‘rishgan. Birorta vergulida ham xato yo‘q... Faqat rus tilidagi iqtiboslardagina emas. U, akasi o‘rgilsin, boshqa tillardan ham shunaqa aniqlik bilan yoddan iqtiboslar keltiradiki, ko‘zing kosasidan chiqib ketmasa hisobmas...
– Yevgeniy Dmitriyevich Polivanov, chindan ham, shuncha tillardagi kitoblarni o‘qiydi, gapiradi yoki yozadiki, u bilgan tillarning hisobiga o‘zi ham yetgan emas.
–Nahotki ko‘p bo‘lsa? – degan edi u bir zamon.
– Bor-yo‘g‘i qirq olti tilni bilaman, xolos. Kardinal Metstsofanti esa yetmish ikkita tilni bilgan. Mana, buni poliglot desa bo‘ladi!
Bu kamtarin zot eng muhim narsani aytmagan edi. Metstsofantining bisotida shundan boshqa narsa bo‘lmagan. Endigina o‘ttizni qoralagan Polivanov esa yirik sho‘ro tilshunosi, qator asarlar muallifi, endi bilsak, o‘z davridan ilg‘orlab ketgan zot. “Yapon-Malayya kengliklari”da yapon tilining kelib chiqish farazi bilan mashhur bo‘lgan kishi. Yaponshunos, xitoyshunos, turkiyshunos... keng qamrovli lingvist. Bu hali kam. U go‘zal shaklga ega bo‘lgan she’rlar yozadi. Bir zamon kichik stsenariy tanlovi haqidagi e’lonni o‘qib qolib, Yevgeniy Dmitriyevich shu zahoti bir necha sahifani qoralab tashlagan. Yuborgan edi – birinchi mukofotni berishdi!
Uning so‘l qo‘li majruhlangan, bilagi yo‘q. (Polivanov poezddan sakragan paytida yiqilib, bilagi poezd g‘ildiraklari tagida qolgan – N.K.) Ammo u royalda shunday chaladiki, hatto malakali musiqachilar ham hayratga tushib, og‘izlarini ochgancha qoladilar.
– Aql bovar qilmaydi! U to‘mtoq qo‘lini bas pardalariga shunchaki tekkizib qo‘yishi bilan shunday ovozlar taralib ketadiki... uncha-muncha mashhur pianinochilar ham bunday ekspressiyani chiqarisha olmaydi! Talant! Talant ham gapmi – fenomen!
U hayratlanarli darajada ko‘p va fantastik darajada tez ishlardi. Mening ko‘z oldimda bor-yo‘g‘i o‘n daqiqa ichida “Mefistofel qo‘shig‘i”ni nemischa asliyatdan o‘zbek tiliga o‘girdi. Shunday tasavvur uyg‘ondiki, kimdir unga aytib turar va u to‘xtovsiz stenografiya qilar edi. Ammo bu – yozib borish emas, bu asliyatdagi vazn ham, qofiya ham to‘la saqlangan yuksak saviyadagi tarjima edi!..”
Polivanovning hayoti va fojiali taqdiri haqidagi boshqa manbalardan farqli o‘laroq, M.S.Kardashevning bir lavhasi keltirilgan xotiranomasida buyuk olim ko‘z o‘ngimizda yorqin gavdalanadi: biz uning nafaqat tashqi qiyofasi va ichki olami bilan, balki iste’dodining boshqa manbalarda tilga olinmagan qirralari bilan ham tanishib, uning ulkan va betakror shaxs bo‘lganiga yana bir karra ishonch hosil qilamiz.
M.S.Kardashev xotiralarida aytilishicha, Polivanov Toshkentga kelganida, unga Markazkom yotoqxonasidan zamonaviy jihozlangan shinamgina xona ajratishgan ekan. Ammo olim xotini Brigitta Alfredovnani Moskvaga kuzatib qo‘yishi bilan xona kalitini qorovulga topshirib, yarmarkadagi choyxonaga chiqib ketgan. Yarmarka esa hozirgi To‘qimachilik kombinati o‘rnida bo‘lib, Polivanov shu yerdagi bozorning gavjum choyxonasini o‘ziga ham yotoqxona, ham oshxona qilib tanlagan edi. Olimni yaxshi bilmagan kishilar uni ziqna bo‘lgani uchun shu yerga ko‘chib oldi, deb g‘iybat qilishgan. Ammo u, odatiga ko‘ra, o‘zbek tili va uning turli lahjalarini shu choyxonada yashab, mukammal o‘rgangan. U o‘zining ilmiy maqsadiga erishish yo‘lida kir va ter hidi anqib turgan ko‘rpa-to‘shakda yotayotganiga, pashsha talab turgan taomlarni iste’mol qilayotganiga e’tibor bermagan. Olimning o‘zbek tili va shevalarini mukammal egallashi va ilmiy o‘rganishida bozor va choyxona hayot dorilfununi bo‘lib xizmat qilgan.
Polivanov shunday fidoyilik, topqirlik, ikkinchi-uchinchi darajadagi masalalarga bepisandlik bilan qarab, o‘nlab tillar va shevalarni puxta o‘zlashtirdi. Shuning natijasida u nafaqat rus, ingliz, frantsuz va nemis tillarini, yapon, xitoy, o‘zbek va boshqa tillarning ham fonetik tarkibini o‘rgandi hamda, kezi kelganda, o‘zbek tilining Toshkent shevasidagi so‘zlarning fonetik xususiyatlarini tekshirib, ularni yapon tilining Tokio shevasidagi so‘zlar bilan qiyosladi va bundan har ikki tilning fonetikasiga xos qonuniyatlarni ochish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Polivanovning dastlabki ilmiy asarlaridan biri 1916 yili Petrogradda nashr etilgan bo‘lib, “1915-1916 o‘quv yilida privat-dotsent Ye.D.Polivanov tomonidan Yangi Tillar Xotin-qizlar Pedagogika Kurslarida o‘qilgan UMUMIY FONETIKA VA TILSHUNOSLIKKA KIRISH BO‘YICHA MA’RUZALAR KONSPEKTI” deb nomlanadi. Bu ilmiy asar bilan tanishgan kishi olimning 20-yillarda Turkiston universiteti yoki Toshkentdagi Sharq institutida o‘qigan ma’ruzalari konspektining o‘z vaqtida e’lon qilinmaganiga afsuslanishi mumkin. Kardashevning xotiralariga qaraganda, bu, chindan ham, armon qilishga arzirli hol. Polivanovning O‘zbekistonda kechgan qisqa hayoti davomida yaratgan “O‘zbek tilini o‘rganishga kirish”, “O‘zbek tilining muxtasar grammatikasi”, “Ruscha-o‘zbekcha muxtasar lug‘at”, “O‘zbek dialektologiyasi va o‘zbek adabiy tili”, “O‘zbeklarning etnografik xarakteristikasi”, “Toshkent shevasining tovush tarkibi” singari ilmiy ishlarni yozgani ma’lum. U e’lon qilgan 140 ga yaqin kitob, risola va ilmiy maqolalar orasida “Turkiy yozuvlarda lotin alifbosi muammosi” (Moskva, 1923), “Rus grammatikasining o‘zbek tili bilan qiyoslanishi” (Toshkent, 1933), “Rus tilini o‘zbeklarga o‘qitishning xususiy metodikasi tajribasi” (Toshkent, 1935) kabi kitoblar bor. Afsuski, uning “O‘zbek tilining dialektologik lug‘ati”, “O‘zbek tilining tadrijiy tarixi”, “Xorazmdagi o‘zbek shevalarining muxtasar ocherki”, “O‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha materiallar”, “O‘zbek dialektologiyasi bo‘yicha materiallar”, “Ruscha-o‘zbekcha muxtasar lug‘at”, “Eronlashgan o‘zbek shevalari genezisi”, shuningdek, o‘zbek tili grammatikasi kitobining tugallanmagan qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelmagan. Ular Polivanovning o‘zbek tili grammatikasi va dialektologiyasini ilmiy o‘rganish ishiga tamal toshini qo‘ygan zabardast olim sifatida hurmat qilishimiz va e’zozlashimizga to‘la asos beradi.
O‘zbekistonda Polivanov tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rgan qirg‘izistonlik olimlar uning 1934 yilda qirg‘iz yurtiga ko‘chib borishiga muvaffaq bo‘ldilar. U Frunze (hozirgi Bishkek) dagi Qirg‘iz tili va yozuvi hamda pedagogika institutlarida professor lavozimida xizmat qilish bilan birga “Manas” eposini rus tiliga tarjima qilish masalalari bilan shug‘ullana boshladi. Aali To‘qomboyev she’rlarini rus tiliga ag‘dardi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, 1937 yil 1 avgustda Polivanov hibsga olinib, maxsus konvoy bilan Moskvaga jo‘natildi va Butirka qamoqxonasiga tashlandi.
Mahbus 22 avgustda bo‘lib o‘tgan tergov paytida tergovchining “Siz 1917 yil Oktyabr inqilobigacha nima bilan shug‘ullandingiz? Va “1917 yil Oktyabr inqilobidan keyin nima bilan shug‘ullandingiz?” degan savollariga qaerda va qanday vazifalarda xizmat qilgani haqida muxtasar ma’lumot berdi. Tergovchi uchun uning Yaponiyaga bir necha marotaba borgani “istiqbolli” masala bo‘lib ko‘rindi. U Polivanovni Yaponiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblash va shu masalada ashyoviy dalillarni olish uchun unga nisbatan noqonuniy jazo usullarini qo‘lladi. Mahbusning shu haqda ariza bilan norozilik bildirishiga qaramay, qiynoq davom etdi va mahbus 1916 yilda go‘yo Yamanasi, Umeda singari yapon razvedkachilari tomonidan yollanganini “tan olish”ga majbur bo‘ldi. Tergovchi mahbus ustidan qozongan bu g‘alabadan ilhomlanib, undan yangi-yangi “ma’lumotlar”ni olishga harakat qildi.
“...S a v o l. Siz Moskvaga qachon keldingiz va Umeda bilan qanday kelishib oldingiz?
J a v ob. Men Moskvaga 1930 yili keldim. Men bu safargi kelishimda Umedadan mening asosiy vazifam O‘rta Osiyoga yapon ta’siri kirib borishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni o‘rganish ekani haqida ko‘rsatma oldim.
Men Umedaga yaqin orada Toshkentga borib, o‘sha yerda yashab ishlashimni aytdim. Shunda, Umedaning aytishicha, mendan axborot olish uchun Kim Nikolay Ivanovich familiyali koreys kelishi va meni topgach, yapon tilida Umeda (nomi) dan kelganini aytishi lozim edi. Kim, Umeda bilan shartlashganimiz bo‘yicha, meni Narkompros muassasalaridan topishi lozim edi...
...S a v o l. Siz Kim orqali yaponlarga josuslik xarakteridagi qanday materiallarni berdingiz?
J a v o b. Men yapon ta’sirining O‘rta Osiyoga kirib borishi mumkin bo‘lgan yo‘llarni o‘rganish bo‘yicha Umeda bergan asosiy topshiriqni bajardim. Men bu masalani o‘rganib, unga mazkur ta’sirning O‘rta Osiyoga kirib borishida mahalliy mayda burjuaziyaga mansub unsurlar o‘rtasidagi, shuningdek, “O‘z madaniyati va harbiy kuchini yaratgan va Ovrupo bosqinidan xalos bo‘lgan Yaponiyaga ergashish kerak”, degan shior bilan yashayotgan jadid ziyolilari o‘rtasidagi yaponparastlik kayfiyati asosiy zamin bo‘lajagi haqidagi mulohazalarimni aytdim. Bu shior Oktyabr inqilobining dastlabki yillarida maorif (ishlari) asir turk zobitlari qo‘lida bo‘lgani uchun, ayniqsa, O‘zbekistonda, yosh maorif xodimlari o‘rtasida tarqalgan edi.
Men yaponparastlik qarashlari O‘zbekiston millatchilari va qozoq millatchilari o‘rtasida keng tarqalganini asoslab berdim...
Yana o‘zbek qishloqlarida yer islohoti o‘tkazilganiga qaramay, qarindosh-urug‘lar orasidan xizmatkorlari bo‘lgan quloqlar (boylar) ning hamon yashayotganlarini aytdim.
Men o‘z xulosalarimda O‘rta Osiyoga yapon ta’sirining kirib borishida dastavval O‘zbekistonda so‘nggi yillarda pinakka kirgan, ammo eng ko‘p sonli va jipslashgan jadid kadrlar asqotishi mumkinligini ko‘rsatib berdim”.
Bu “e’tirof so‘zlari”ning mahbusdan qiynoq orqasida olinganiga ishonish qiyin. Bizningcha, bu so‘zlar tergovchi “ijodi”ning mahsuli bo‘lib, u ham yuqoridan tushirilgan topshiriqni bajargan va mahbusni o‘zi tuzgan so‘roqnomaga qo‘l qo‘yishga majbur etgan, xolos.
Agar 1937-1938 yillarda O‘zbekistonda birinchi navbatda sobiq jadidlar va ularga yaqin kishilarning yapon josuslari sifatida ayblanib, qatag‘on qilinganini eslasak, bu siyosiy kampaniyaning Moskvada NKVD xodimlari tomonidan maxsus ishlab chiqilgani ma’lum bo‘ladi.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938 yil 25 yanvarda bo‘lib o‘tgan yopiq sud yig‘ilishi Ye.D. Polivanovga oliy jazo berish va shaxsan unga tegishli mol-mulkni musodara etish to‘g‘risida hukm chiqardi. Mazkur hukmda qayd qilinishicha, Ye.D. Polivanov 1930-1937 yillarda Yaponiya foydasiga josuslik qilish va yapon razvedkasining Moskvadagi vakillariga SSSRning davlat siri bo‘lgan O‘rta Osiyo haqidagi ma’lumotlarni berishda ayblangan.
Hukm shu tuniyoq ijro etilgan.
V.Shklovskiy Ye.D. Polivanovni oqlash masalasida SSSR prokuraturasiga yozgan xatini bunday yakunlagan edi:
“Uning ilmiy asarlari deyarli nashr etilmagan.
U jahon lingvistikasining boshida turgan va uning umumiy qonunlarini umumlashtirgan (olim) hisoblanardi.
Oradan o‘nlab yillar o‘tdi. Ehtimol, ko‘p sirlar boshqalar tomonidan ochilgandir, ammo, o‘ylaymanki, sho‘ro fanining shon-shuhrati uchun, markscha tilshunoslik tarixi uchun, Sharq adabiyotlari ijtimoiy masalalarining tadqiq etilishi uchun Yevgeniy Dmitriyevichning ishlari asqotishi mumkin.
Polivanovning kenja do‘sti – yozuvchi Venyamin Kaverin Polivanovni o‘zining roman va qissalariga Dragomanov nomi bilan bir necha bor olib chiqqan”.
“Biz nur sochib, kuyamiz”, deb yozgan edi Polivanov o‘zini shamga qiyos qilib.
Tergovchi mahbusdan qancha tilni bilish haqida savol berganida, u o‘zi bilgan tillardan atigi 18 tasini sanagan edi. Bular: frantsuz, nemis, ingliz, lotin, grek (yunon), ispan, serb, polyak, xitoy, yapon, tatar, o‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz, eston va rus tillari. Shuncha tilni bilgan va ular asosida jahon tillari taraqqiyoti qonuniyatlarini o‘rganishga intilgan, umumiy tilshunoslik, yaponshunoslik, xitoyshunoslik, turkiyshunoslik fanlarining yuzaga kelishiga muhim hissa qo‘shgan, lingopoetika masalalarini birinchilardan bo‘lib o‘rgangan Ye.D. Polivanov tom ma’noda jahon tilshunoslik fanining yirik namoyandalaridan biri edi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 1-son.