1905 – 1925 yillar
O‘zbek xalqining Sharq xalqlari, shu jumladan, turk xalqi bilan adabiy aloqalari uzoq zamonlarga borib taqaladi. U o‘z rivoji davomida turli tarixiy davr sharoitlari ta’sirida turlicha yo‘nalish va xususiyat kasb etib borgan. Bu aloqalar, ayniqsa, 1905-1925 yillarda ular hayotida ro‘y bergan muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar ta’sirida yanada rivojlana boshlagan.
Sovet davri o‘zbek adabiyotshunosligida mazkur aloqalar o‘zbek adabiyotiga turk adabiyotining ta’siri kommunistik mafkura tazyiqi ostida, panturkizmning yorqin ko‘rinishi sifatida baholanib kelindi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin XX asr o‘zbek adabiyoti tarixini qayta o‘rganish asnosida 1910-1920 yillardagi yangi o‘zbek adabiyoti rivojida zamonaviy ilg‘or turk adabiyoti va matbuotining ham muayyan ijobiy ta’siri sezilarli bo‘lganligi xolis ko‘rsatila boshlandi. O‘zbek matbuotida turk shoirlarining she’rlaridan bir qancha yangi tarjimalar e’lon qilindi. Lekin shunga qaramasdan, mazkur davrdagi o‘zbek-turk adabiy aloqalari tarixi maxsus o‘rganilgan emas. Biz shularni hisobga olib, ushbu mavzuni yangi arxiv manbalari asosida alohida o‘rganishni lozim topdik. Chunki bugungi istiqlol kunlarimizda xalqimizning barcha sohalarda bo‘lgani kabi adabiyot va madaniyat jabhasida ham boshqa xalqlar bilan bo‘lgan o‘zaro aloqalari tarixini o‘rganish muhim g‘oyaviy tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q... O‘zlikni anglash tarixdan boshlanadi. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi”.
* * *
O‘zbek xalqi qadimdan O‘rta Osiyo, Volga bo‘yi, Qrim va Kavkaz ortidagi qardosh xalqlar qatori xorijiy sharqdagi turkiy xalqlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqada bo‘lib keldilar. Amir Temur va undan keyingi temuriylar davrida yetishgan Shohruh Mirzo, Husayn Boyqaro, Alisher Navoiy, Ulug‘bek, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi turkistonlik buyuk shoh, olim va shoirlar ta’sirlari Turkiyada ham kuchli bo‘ldi. Undan so‘nggi asrlarda ham bu aloqalar davom etdi. XVII-XIX asrlarda Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklari bilan Turkiya o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar ayniqsa kuchaygan edi. Bu davrda Umarxon, Feruz, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va boshqalarning asarlari turli yo‘llar bilan Turkiyada keng tarqala boshlaydi. XIX asr oxirlarida Turkistonning ilg‘or ma’rifatparvarlaridan Ishoqxon Ibrat, Zokirjon Furqat va boshqalar Turkiyada ham bo‘ladilar. Furqat 1891 yilda Istanbulda bo‘lgan vaqtida yangi turk adabiyoti, maorifi va matbuoti, o‘quv va o‘qituv ishlari borasida ular erishgan yutuqlar bilan tanishadi. Turkistondagi o‘z vatandoshlariga yo‘llagan bir maktubida Istanbuldagi yuqori tabaqa vakillari va tijorat ishlari bilan shug‘ullanuvchi kishilarning zamon taraqqiysini hisobga olib, o‘z farzandlarini frantsuz va nemis tillarni o‘rganishga katta ahamiyat berayotganliklari va turklarning ta’lim sohasidagi bu ilg‘or tajribalaridan yurtdoshlarini ibrat olishga da’vat etadi.
Bu aloqalar, ayniqsa, 1905 yilgi birinchi rus inqilobi va 1908-1913 yillardagi Turkiya va Eron inqiloblaridan so‘ng kuchaya boshladi. Bu davrda Turkiston va Buxoroga ichki Rossiya, Volga bo‘yi, Qrim, Kavkaz orti xalqlari bilan birga xorijiy Sharq xalqlarining ham yangi adabiyoti va matbuoti keng kirib kela boshladi. Bu yerlarga ayniqsa, Misrdan “Al-hilol”, “Chehranoma”, Hindistondan “Habl ul-matin”, Turkiyadan “Sarvati funun”, “Ma’lumot”, Afg‘onistondan “Siroj ul-axbor” (1911-1919) kabi gazeta va jurnallar, arab yozuvchisi Jo‘rji Zaydonning turk va ozarboyjon tilidagi o‘rta asr feodal urushlari va ishqiy-sarguzasht mojarolarini tasvirlovchi “17-ramazon”, “Armanusa”, “Usmonli inqilobi” kabi tarixiy romanlari, usmonli turk shoir va adiblaridan: Abdulhaq Homidning insoniy sevgi fojiasini tasvirlovchi “Maqbar”, Tavfiq Fikrat va Muhammad Amin Yurdaqulning g‘arb mustamlakachilik va bosqinchilik siyosatlariga qarshi isyonkorlik bilan sug‘orilgan asarlari (masalan, Nomiq Kamolning “Vatan yoxud selistra”, Abdulhaq Homidning “Hind qizi” kabi sahna asarlari, Tavfiq Fikratning “Rubobi shikasta”, Muhammad Amin Yurdaqulning “Turk sozi”, “Ey, turk, uyg‘on!” (1914), “O‘rduning dostoni” (1915) kabi asarlari keng tarqala boshlaydi. Shu bilan birga 1905-1917 yillar ichida yangi o‘zbek matbuoti “Oyina” jurnali, “Sadoi Turkiston” va “Sadoi Farg‘ona” kabi gazetalari va ba’zi bir adabiy to‘plam va bayozlar (masalan, 1907 yilda Xivada nashr etilgan “Bayozi majmuai ash’or”)da atoqli ozarboyjon ma’rifatparvar shoirlaridan M.A.Sobir, Muhammad Hodi, tatar shoirlaridan Abdulla To‘qay asarlari bilan birga yangi turk shoirlarining original va tarjima asarlaridan namunalar, shuningdek, qo‘shni mamlakatlardagi ijtimoiy va madaniy hayotga oid maqolalar e’lon qilina boshlandi. Jumladan, keksa adib S.Ayniy ham keyinchalik bu davrni eslab, shunday deb yozgan edi: “Rus-yapon urushi boshlandi. Bu urush sababli ora-sira kelib turgan “Tarjimon” gazetasi Buxorog‘a kelib tarqala boshladi. Hindistondan “Hablul-matin”, Misrdan “Chehranoma”, “Parvarish” degan forsiy gazetalari kelib, urush xabarlari uchun gazeta o‘qimoqchi bo‘lgan kimsalarga boshqa fikrlarni ham berdi. Lekin ahvol bunday turmadi. 1905 yildan 1908 yilga dovur sharoit ko‘p bor o‘zgardi. Ushbu ikki yil muddatida turk, tatar, Istanbul, Misr, Hindiston matbuoti Buxoroda yaxshigina rivojlandi. Xususan, bu orada fors tilidagi “Sayohatnomai Ibrohimbek” Buxorog‘a tarqaldi.
Bu kitob Eron ahvoliga doir yozilgan bo‘lsa ham, tanqid qilingan yerlari aynan Buxoroda bor edi. Shuning uchun bu kitobning mutolaasi ham Buxoroda ba’zi fikrlarning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.
Yangi adabiyotga endi o‘rgangan xalqning adabiy ehtiyojini qondirish uchun yoshlar “Ma’rifat” kutubxonasini tashkil qildilar. Ushbu kutubxonada Istanbul va Rusiyada nashr etilayotgan vaqtli gazeta va jurnallardan boshqa Istanbul, Boku va Ichki Rossiyada bosilib turgan asarlar, gazeta va jurnallar topilar edi. Istanbuldagi Buxoro talabalari muhim asarlarni sira kechiktirmasdan har turli vositalar bilan Buxoroga yuborib turar edilar”.
Turkiyadan kirib kelgan bu yangi adabiyot va matbuotni bu yerdagi yoshlar qiziqib o‘qirdilar. Istanbul universiteti professori, mashhur turkiyshunos olim Ahmet Zeki Validiy Tog‘an o‘zining “Bugungi turk eli (Turkiston) va yaqin tarixi” (Istanbul, I jild, 1981 yil) kitobida bu haqda eslab, shunday deb yozadi: “1913 yilda, ya’ni Cho‘lpon hali 19 yoshlik vaqtlarida uning uyiga mehmon bo‘lib borganimizda, u turk tarixiga doir asarlarni o‘qir edi, keyin “Turk yurti” kabi turkcha nashrlarni kuzatdi. 1917-1918 yillarda siyosiy ishlarga aralashib, Orenburgda Boshqirdiston hukumati raisining kotibligi vazifasida turdi... So‘ngra adabiyot bilan shug‘ullanib, birdan porladi. ...Cho‘lpon o‘zbek she’rlaridagi aruz vazni o‘rniga turkcha hijo vaznini qo‘llab, adabiy tilni go‘zallashtirdi”.
Bundan tashqari bu davrda tatar, ozarboyjon, “Sayyor” teatr va kontsert truppalari ham mahalliy va xorijiy dramaturglarning Turkiya va Eron hayotiga oid sahna asarlarini ko‘rsatib, eski shohlik davri va sultonlar Turkiyasidagi og‘ir ijtimoiy ahvolni mahalliy tomoshabinlarga ham ko‘rsatib bordilar. Jumladan, 1908 yilda Toshkentga kelgan S.Sakayev rahbarligidagi tatar teatr havaskorlari tatar dramaturgi G‘.Kamolning “O‘sh xotin” asari bilan birga bokulik Sakinaxonum Oxundova tarjima qilgan turk dramaturgi Nomiq Kamolning “Ishq balosi” pesasini mahalliy tatar va o‘zbek teatr havaskorlari orasida ham o‘ynab, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Teatrshunos olim Mamajon Rahmonovning yozishiga qaraganda, Nomiq Kamolning “Ishq balosi” pesasi 1904 yil 4 aprelda mahalliy tatar teatr havaskorlari tomonidan Toshkentdagi podpolkovnik S.G.Yenikeev uyida o‘ynalgan, unda o‘zbek teatr havaskorlaridan Abdulla Avloniy va boshqalar ham mehmon sifatida ishtirok etganlar.
Mazkur yillarda M.Sharif So‘fizoda, M.Behbudiy, Hamza, Fitrat kabi bir qancha turkistonlik ziyolilar sayohat va o‘qish maqsadlarida xorijiy Sharqning Arabiston, Hindiston, Afg‘oniston mamlakatlari kabi Turkiyada ham bo‘lib, u yerlardagi yangi adabiyot va matbuot ijodkorlari bilan tanishadilar. Turli matbuot va nashriyotlarda o‘z asarlarini bostiradilar. Masalan, birgina Fitratning o‘zi bu davrlarda Turkiyada o‘qish bilan birga usmonli turk, forsiy tillarida ham asarlar (“Munozara”, “Sayyohi hindi”, “Sayha” kabi) yozib, ularni Istanbulda bostiradi. Bundan tashqari u bu yerda yangi turk matbuoti sahifalarida ham o‘z maqolalari bilan qatnashib turadi. Jumladan, shulardan biri u yerdagi turkcha “Teurif Muslimin” jurnalining 1910 yil 2-sonida “Buxoroli Abdurauf” imzosi bilan bostirgan “Buxoro vaziri Nasrullobek parvonachi afandi hazratlariga ochiq maktub” maqolasidir. Bu asarlar asosan ma’rifatparvarlik xarakterida bo‘lib, ular qadimiy Buxoroning ke-yingi asrlarda tushib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy qoloqlik va jaholat ham xurofotdan qutqarish, buning uchun bu yerdagi eski maktab va madrasalarni isloh qilish, yangi maktab va maorifni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy islohotlar o‘tkazish uchun qizg‘in kurash ruhi bilan sug‘orilgan edi. Shuning uchun ularni turli yo‘llar bilan Buxoroga yuborib turishadi va bu yerdagi yoshlarning dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko‘rsata boshlaydi.
Bu hollarning hammasi o‘z navbatida bu davrdagi o‘zbek adabiyotining g‘oyaviy-tematik yo‘nalishi, yozuvchi va shoirlarining g‘oyaviy-siyosiy qarashlariga ham ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Natijada M.Behbudiy, M.So‘fizoda, Hamza, Fitrat, A.Avloniy, Tavallo, Cho‘lpon va boshqalarning asarlarida o‘zlarigacha bo‘lgan (XV-XIX asrlar) ijodkorlarning asarlaridagi adolatparvarlik, ma’rifatparvarlik to‘g‘risidagi fikrlari yangi tarixiy-madaniy sharoitdagi o‘zgarishlar nuqtai nazaridan rivojlantirildi, ular o‘lkadagi qoloq ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash, xalqni jaholat va xurofotdan qutqarish uchun zamonaviy ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq masalalarni targ‘ib va tashviq qiladilar, bu boradagi qarshilik va to‘siqlarga qarshi matbuot va adabiyotda faol ish olib bordilar.
Bu jihatdan, ayniqsa, Abdulla Avloniyning “Dunyo fojiasindan” she’ri bilan ozarboyjon shoiri Muhammad Hodining “Insonlarni tarix fojialari yoxud anvoyi intiboh”, turk shoiri Tavfiq Fikratning “Tarixi qadim” she’rlarini qiyoslash samarali bo‘lib, ularning hammasini o‘rinsiz qon to‘kish va jabr-sitam, haqsizlik, zulmga qarshi keskin norozilik va nafrat, mazlumlar holiga behad achinish va shafqat singari mushtarak insonparvarlik o‘zaro birlashtirib turadi. Masalan, Abdulla Avloniyning “Dunyo fojiasindan” (1911) she’rida ifodalangan afsus va nadomat ohanglari shu davr o‘zbek, ozarboyjon, tatar va turk shoirlari uchun mushtarakdir:
Olamni o‘rab olgan g‘avg‘osi nadur, bilmam,Bu olam o‘g‘illarin da’vosi nadur, bilmam,Insonlari bu kori bejosi nadur, bilmam,Ko‘zlardin oqar qon yosh, bilmam nechuk olamdur. Dunyoni bosib selob har go‘shada motamdir. To‘fonmi, balodirmu, har qatrasi bir g‘amdur, Bunlari yaratmoqdan savdosi nadur bilmam.Nomiq Kamolning “Usmonlilarmiz”, Muhammad Aminning “Yangi turon”, “Ey, turk uyg‘on!” kabi she’rlarida turkiy xalqlarning o‘ziga xos milliy xususiyatlari, ularning tili, tarixiy urf-odatlari, o‘zaro qon-qardoshlik aloqalari, mustamlakachilarga qarshi istiqlol uchun kurashi ifodalangani uchun ular Turkistonda keng tarqalib, ayniqsa, mahalliy shoirlar ijodida aks-sado topdi.
Masalan, Nomiq Kamolning “Usmonlilar” she’riga o‘xshatma tarzida yozilgan S.Ayniyning “Biz kim?” she’riga nazar tashlaylik:
Temur eli, Chingiz eli, Turon elimiz biz, Hibiz etmayliz shonimizni, shon eliyiz biz, Forobiy va Sinoni tug‘ib kishvarimizdan,Tug‘dirdilar Anvarni bahr va barimizdan. G‘arb ahli taxayyurda Ulug‘beklarimizdan Sharq ahli edar faxr bizim mafharimizdan,Temur eli, Chingiz eli, Turon eliyiz biz,Hibiz etmayiz shonimizni, shon eliyiz biz.O‘sha davrdagi ayrim turk marshlarining Cho‘lponning “Ozod turk bayrami” she’riga ta’siri bo‘lganligi haqida professor Naim Karimov shunday deb yozgandi: “Madhiya o‘sha davrlarda Turkiston yoshlari o‘rtasida ham mashhur bo‘lgan “Ashta o‘rdu geliyur, vatanini suyayur” satrlari bilan boshlanuvchi “O‘rdu marshi” ohangida yozilgan. Kezi kelganda shuni qayd etish o‘rinliki, inqilobiy o‘zgarish yillarida o‘zbek yoshlari o‘rtasida xalqni safarbarlikka chorlovchi jo‘shqin turk marshlari, ayniqsa, keng tarqalgan edi. Shu ma’noda Cho‘lponning muxtoriyat madhiyasi uchun “O‘rdu marshi” ohanglarini asos qilib olgani bejiz emas.
Fitratning “Yig‘la, islom” (1919) maqolasida olg‘a surilgan mustamlakachilarga nafrat pafosi keyinchalik uning “Chin sevish” va “Hind ixtilochilari” (1920-1921) sahna asarlarida keng va batafsil tasvirlanadi.
Fitratning mazkur sahna asarlari bilan XIX asrda yashab ijod etgan mashhur turk shoiri va dramaturgi Abdulhaq Homidning Hindiston mavzuiga oid “Hind qizi” (1875) asari o‘rtasida muayyan g‘oyaviy hamohanglik seziladi. Turkiyada o‘qib (1909-1913), u yerdagi yangi adabiyot va matbuot bilan bevosita tanishib, taniqli turk shoir va adiblari bilan uchrashgan Fitrat Abdulhaq Homidning ingliz mustamlakachilariga qarshi kuchli nafrat bilan sug‘orilgan mazkur pesasini o‘qigan bo‘lishi mumkin. Fitratning singlisi shoira Mahbuba Rahim qizining xotiralariga qaraganda, u Turkiyada o‘qib yurgan yillari Abdulhaq Homid asarlari va uning “Hind qizi” asarini o‘qibgina qolmay, unda qalamga olingan hind mamlakati va xalqining urf-odatlarini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga jazm qilgan va Turkiyadan Buxoroga qaytishida Hindistonda bo‘lib, u yerdagi hind ixtilochilarining ingliz mustamlakachilik siyosatiga qarshi qo‘zg‘alishlarini, ularning mustamlakachi zolimlariga bo‘lgan kuchli g‘azab va nafratlarini bevosita kuzatgan, ulardan chuqur ta’sirlanib, ularni Turkiston hayotiga ham qiyoslagan. Taxmin qilish mumkinki, Abdulhaq Homidning ushbu pesasi Fitratning “Hind ixtilochilari” asarining yaratilishiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Har ikki muallif o‘zlari yashagan tarixiy davr talabidan kelib chiqqan holda muayyan g‘oyaviy-badiiy maqsad asosida asar yaratganlar. Shu narsa muhimki, Abdulhaq Homid pesasi XIX asrning uchinchi choragida Hindistonda milliy istiqlol harakati endigina boshlangan bir sharoitda yozilgan bo‘lsa, XX asrning boshlariga kelib istiqlolchilik harakati Hindistonda birmuncha susaygan, ammo Turkistonda kuchaygan edi. Fitratning “Hind ixtilochilari” va “Chin sevish” sahna asarlari esa XX asrning boshlarida yozildi. Bu davrda Fitratning g‘oyaviy ta’sirida bo‘lgan Cho‘lpon ham xorijiy Sharq, xususan Turkiyada g‘arb mamlakatlariga qarshi kurashlarni ifodalovchi bir qancha she’r va publitsistik maqolalar yozdi.
Bu davrda Turkistonda chiqa boshlagan bir qancha nashrlarda rus, tatar, ozarboyjon shoir va yozuvchilarining asarlari bilan birga yangi turk adabiyotidan ham tarjimalar berila boshladi.
Tavfiq Fikratning “Qit’a”, Abdulhaq Homidning “Tariq”, “Vatan yoki Silistra”, “Hind qizi” kabi she’r va sahna asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Muhammad Amin Yurdaqulning “Ey, turk, uyg‘on!”, Tavfiq Fikratning “Millat yo‘lidir, haq yo‘lidir, dutdig‘imiz yo‘l, Ey haq, yasha, ey sevgili millat, yasha, vor o‘l!” – singari millatparvarlik ruhidagi she’rlari Turkiston muxtoriyati qonga botirilgan bir davrda Fitrat, Cho‘lpon, Mag‘jon Jumaboy kabi o‘zbek, qozoq millatparvar shoirlarining she’rlari bilan birga qo‘shiq qilib aytildi.
O‘zbek matbuotida yangi turk adabiyoti va teatri asarlari haqida turli fikr va mulohazalari bosildi. Jumladan, shoir Cho‘lpon Tavfiq Fikratning xotirasiga bag‘ishlab yozgan “Marhum Tavfiq Fikrat” (1920) maqolasida yangi turk she’riyatining asoschilaridan biri Fikratni “usmonlilarning yangi adabiyotchilarining piri va ustozi”, deb uning ijodida muhim o‘rin tutgan “Rubobi shikasta”, “Tarixi qadim” singari asarlariga keng to‘xtaldi, ular jamiyat hayotidagi adolatsizlik, yovuzlik, bosqinchilik kabi g‘ayriinsoniy xatti-harakatlarini ayovsiz fosh etuvchi badiiy asarlar sifatida yuqori baholandi.
Tanqidchi Vadud Mahmud “Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz” (1925) maqolasida o‘zbek va turk adabiy aloqalari, ularning bir-birlariga o‘zaro ta’sirlari tarixi va bu munosabatlarning keyingi rivoji haqida to‘xtab shunday fikrlar bayon qiladi: “Bizda yangi adabiyot Turkiya adabiyoti tanqidi bilan boshlang‘ondir. Ruhda va shaklda Turkiston, Qofqozyo, Qrim doimo Turkiyaga ergashadir. Bu ham tabiiydir. Chunki, avvaldan til mushtarakdir, so‘ngra tarixiy madaniyat mushtarakdir va oqibat Ovro‘pa madaniyatiga qarshi bukungi vaziyat mushtarakdir. Navoyi asrida chig‘atoy adabiyoti (ya’ni o‘zbek adabiyoti – Sh.T.) kuchli bo‘lg‘onidan Turkiya adabiyoti bizning adabiyotdan kuchli mutaassir bo‘lg‘on edi. Bu kun esa g‘arb Turkiya adabiyoti biznikidan kuchli, madaniy va adabiy hayotga molik bo‘lg‘ondan biznikilar ularga ergashmakdadir”.
Vadud Mahmudning mazkur maqolasida ushbu davrdagi yangi o‘zbek adabiyotiga zamonaviy g‘arbiy turk adabiyoti ta’sir bo‘layotganligi to‘g‘ri qayd qilingani holda uni g‘arb adabiyotiga qarshi faqat turk adabiyoti ta’siri bilan bog‘lab qo‘yilishi tanqidchining bu davr o‘zbek adabiyotiga boshqa xalqlar adabiyotlarining ko‘rsatgan ta’sirlarini kamsitishga olib kelganligi ko‘rinadi.
Bu davrda turk adabiyoti va matbuoti bilan birga teatr asarlari ham Turkistonga tarqala boshlagan edi. Jumladan, 20-yillar boshlarida Nomiq Kamolning “Vatan yoxud Silistra”, “Baxtsiz bola”, Abdulhaq Homidning “Tariq”, “Hind qizi”, Shamsiddin Samebekning “Kavoyi ohangar” singari sahna asarlari o‘lkamiz teatrlarida sahnalashtirilib, tomoshabinlarga namoyish etila boshladi. Masalan, 1918 yilda Toshkentdagi o‘qituvchilar tayyorlash kursi qoshida tashkil etilgan teatr truppasi Ozarboyjon yozuvchisi Jalil Muhammadqulizodaning “O‘liklar” asari (Abdulla Avloniy tarjimasi) bilan birga Abdul-haq Homidning “Tariq” (Xurshid tarjimasi) asarlarini sahnalashtirdi.
Mazkur pesa Turkiston muxtoriyati zo‘rlik bilan ag‘darilgandan keyinoq o‘zbek tiliga tarjima etilib, sovetlar Turkistoni sahnalarida qo‘yilishining o‘zi katta ijtimoiy ahamiyatga ega edi.
Mazkur davrda vaqtli matbuotda turk teatri yutuqlariga va ularning o‘lka sahnalarida o‘ynalishi haqida ham ba’zi bir fikr va mulohazalar e’lon qilina boshlandi. Jumladan, Zarif Bashirning “Hind qizi” nomli taqrizida ingliz mustamlakachilariga qarshi kurash mavzuiga bag‘ishlangan pesaning Toshkent teatrlarida o‘ynalishi haqida fikr yuritiladi. Taqrizda pesaning asosiy qahramonlaridan biri – hind qizi rolini ijro etgan Fotimaxonim Ilskaya, hind choli rolining ijrochisi Z.Yusupovlarning aktyorlik mahoratlari, ularning tomoshabinlar olqishiga sazovor o‘yinlari, asarning mazmunini ochishda uning ijrosi va sahna bezaklarining ahamiyati, dramaning g‘oyaviy yo‘nalishi va uning muallifi haqida samimiy fikrlar bildiriladi.
Bu aloqalar keyinchalik Sovet hukumatining O‘rta Osiyodagi g‘oyaviy-siyo-siy manfaatlari bilan to‘qnasha boshlagach, ular ildiziga bolta ura boshladilar. Sovet hukumati bu kurashda mahalliy ziyolilardan foydalanmoqchi bo‘ldi. Bu hol VKP (b) MKining 1925 yil avgustda adabiyot sohasida qabul qilgan qarori munosabati bilan 1927 yil fevralida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ziyolilarining qurultoyidan so‘ng, ayniqsa, kuchaydi. Shu vaqtgacha o‘zbek matbuoti va adabiyotida tarjima qilinib, targ‘ib etib kelingan Nomiq Kamol, Abdulhaq Homid, Tavfiq Fikrat kabi taraqqiyparvar turk ijodkorlarining mustamlakachilikka qarshi milliy istiqlol, erk va ozodlik uchun kurash ruhidagi asarlari targ‘iboti susaydi. O‘z davrida turk romanchiligi, dramaturgiyasi va she’riyatida yangi yo‘nalishlar ochgan va keyinchalik forsiy va turkiy tillarga tarjima bo‘lib, yangi ozarboyjon, tatar adabiyotlari kabi o‘zbek adabiyotida ham vatanparvarlik va milliy istiqlolchilik g‘oyalarining kuchayishiga kuchli ta’sir etgan mazkur turk shoir va adiblarining asarlari asossiz ravishda o‘zbek proletar adabiyotining ruhiga yot, zararli g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi asarlar sifatida keskin qoralana boshlandi. Bu, ayniqsa, Ziyo Saidning “Taqrizdagi xatolar” (Mirkarim Osimning “Oybek ijodi xususida”gi maqolasiga qarshi, 1925), Akmal Ikromovning “Mafkura uchun kurash va bunda madaniyatchilarning vazifalari” (1927), Botuning “O‘zbek adabiyotining oktyabr inqilobidan so‘nggi davriga bir qarash” (1928) singari maqola va nutqlarida ochiq ko‘rina boshladi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining shu yillardagi birinchi kotibi Akmal Ikromovning 1927 yil oktyabr oyida “Mafkura uchun kurash va bunda madaniyatchilarning vazifalari” mavzusida qilgan ma’ruzasida partiyaviy-sinfiy pozitsiyadan kelib chiqqan holda Munavvar qori kabi jadidlar faoliyatini, Cho‘lpon asarlarini va unga g‘oyaviy jihatdan yaqin turgan Nomiq Kamol, Tavfiq Fikrat asarlarini qattiq tanqid qiladi. Ularning asarlarini asosan vatanparastlik, burjuaziya ideologiyasi yoqlab yozilgan va Pushkin asarlarining g‘oyaviy ruhidan tamomila farq qiluvchi zararli asarlar sifatida tanqid qiladi.
Shunday qilib, Nomiq Kamol, Abdulhaq Homid, Tavfiq Fikrat singari turk yozuvchi va shoirlarining bu davrga kelib istiqlolchilik, umuminsoniy va vatanparvarlik ruhidagi asarlari ayrim kimsalar tomonidan g‘oyaviy zararli asarlar sifatida ko‘rsatila boshladi. Shundan keyin o‘zbek adabiyoti va matbuotida proletariat ideologiyasiga yot bo‘lgan xorijiy millatparvarlik ruhidagi adabiyotlar ta’siriga qarshi kurashning kuchaya borishi oqibatida umuman o‘zbek va turk ijodkorlarining bundan oldingi (1917-1924 yillardagi hamkorliklariga ham chek qo‘yila boshlandi. Uning o‘rniga, aksincha, Turkiyaning o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy tuzumidan norozi bo‘lgan va shu tufayli SSSRga siyosiy muhojir sifatida kelgan Nozim Hikmat, Urxon Osif kabi kommunistik mafkura ta’siridagi turk inqilobiy shoirlari va adiblarining asarlari tarjima va targ‘ib qilina boshladi. Bu shoir va yozuvchilarning sovet mafkurasiga yaqin bo‘lgan inqilobiy asarlari ayrim o‘zbek yosh shoirlarining erkin yo‘lda yozgan she’rlariga ta’sir etmay qolmadi.
Turk inqilobiy adabiyotining mazkur asarlarini bu davrda asosan o‘zbek adabiyotiga endigina kirib kela boshlagan Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Yo‘qsil (Bahrom Ibrohimov), Toshpo‘lat Sa’diy singari sovet hukumati tarbiyasida bo‘lgan yosh o‘zbek adib va shoirlari tarjima qila boshladilar. Ular Urxon Osif, Nozim Hikmat asarlaridagi inqilobiy g‘oyalarni to‘la saqlashga va hatto ulardagi ijtimoiy-siyosiy ruh va publitsistik ohangni yanada kuchaytirib berishga harakat qildilar.
O‘zbek-turk adabiy aloqalariga sovetlarning bunday g‘oyaviy-siyosiy bosimlari keyinchalik ham uzoq davr davom etdi. U faqat O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganidan keyingina (1991 yildan) qaytadan mustaqil rivojlana boshladi. O‘zbek shoir va adiblari endi dunyoning boshqa mamlakatlari ijodkorlari kabi xorijiy qardosh turk xalqlari bilan ham emin-erkin adabiy-madaniy aloqaga kirisha boshladilar, o‘zaro bir-birlariga bordi-keldi qilib, bir-birlarining asarlarini o‘z ona tillariga tarjima qilishib, targ‘ib qila boshladilar.
Sherali Turdiyev, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 1-son.