Ma'lumki, atropomorf, ya'ni odamlarnikiga o‘xshash harakatlarni, yoki biror tirik organizmning ba'zi funktsiyalarini qisman yoki to‘liq bajara oladigan mashinalarni - robotlar deb ataymiz. Robot atamasi ilk bor 1920 yilda chex yozuvchisi K.Chapekning «R.V.R.» pesasida mexanik odamlarga nisbatan ishlatilgan. Mashina va tirik organizm orasidagi aloqa hamda nazorat va boshqaruvni o‘rganuvchi fan - kibernetikaga esa 1948 yilda ingliz matematigi Viner asos solgan.
Biroq 800 yil avval kibernetika va robototexnikaning ilk poydevorini qo‘ygan, 50 dan ziyod turli xil avtomatik suv mexanizmlari, nasoslar, soatlar, tilsimli qulflar, tilsimli kassa, termos, avtomatik bolalar o‘yinchoqlari kabi oltmishga yaqin asbob va mashinalar yasagan, shuningdek, bu haqda juda nodir asar qoldirgan Al-Jazariy to‘g‘risida, afsuski, ko‘pchilik eshitmagan. Holbuki, O'rta Osiyodan ko‘chib ketgan saljuqiylardan bo‘lmish Abul-Iz o‘rta asrlardayoq robototexnikaga asos solib ulgurgan edi.
Abul-Iz arabmi yoki turk?
Abul-Iz 1153 yilda Jizra shahrida tug‘ilgan. Asl ismi Ismoil, otasining ismi Razzoz, laqabi Abul-Iz edi. Arab, fors, turk va lotin tillarni mukammal bilgan. G'arbda Gazariy nomi bilan mashhur bo‘lgan. Ba'zi g‘arb sharqshunoslari va arab olimlari asarlarini arab tilida yozgani va laqabi Jazariy bo‘lgani uchun Jazira (Iroqdagi Firot va Dajla daryolari oralig‘ida joylashgan viloyat) shahrida tug‘ilgan va millati arab bo‘lgan deb taxmin qilishadi. Lekin aslida u Kichik Osiyoga Markaziy Osiyodan ko‘chib borgan Saljuqiy turklariga mansub bo‘lib, Jizra shahrida (Turkiyaning Diyorbakir viloyatida) tug‘ilgan. Umrining oxirida tug‘ilgan shahriga qaytib kelib, 1233 yili shu yerda vafot etgan. Jasadi Jizradagi Nuh jome' masjidi hovlisidagi qabristonga dafn qilingan. Hozirda, qabri ziyoratgohga aylantirilgan.
Sulton va Abul-Iz
Al-Jazariy 1174-1200 yillarda Saljuqiy hukmdori Nosiriddin Mahmudning Artuk saroyida bosh muhandis bo‘lib xizmat qilgan. Hukmdor Mahmud Abul-Izga avtomatik suv quyadigan moslama yasashni buyurgan. O'shanda olim hukmdorga odam va tovus shaklidagi suv quyadigan robotlar yasab bergan. Hukmdor ham tahorat olishda Abul-Izning robotlari xizmatidan foydalangani tarixlarda qayd etilgan.
Saroy hukmdori olimning ixtirolarini juda katta hayrat bilan taqdirlagan va bu ajoyib mexanizmlar unutilib ketmasligi uchun tasvir va izohlari bilan bir kitobga jam qilishni buyurgan. Abul-Izning yuksak iste'dodini ko‘rgan hukmdor uni imtihon qilish uchun quyidagicha buyurtma beradi: «Menga zanjirsiz, to‘psiz, sharchasiz shunday bir uskuna yasaginki, men uni ham jangda, ham tinchlik paytida ishlata olay. Ayni paytda u ko‘zga va ko‘ngilga zavq beradigan bo‘lsin». Abul-Iz kitobida ushbu buyurtmani bajarganini va hukmdor undan juda mamnun bo‘lganini yozadi.
Eng mashhur asari
Olim eng mashhur asari «Al-Jomi' Baynal-Ilm val-Amalan-Nofi' fi Sin'atil-Xiyal»ni (tarjimasi: «Tasviriy san'atda ilm va texnika birlashuvi») 1206 yilda yozib tamomlagan. Ushbu asar 1974 yilda Donald Xill tomonidan «Al-Jazari's Book of Knowledge of Ingenious Mechanical Devices» nomi bilan ingliz tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. Mazkur kitobda 55 ta qiziqarli ixtiro 15 xil mexanizm suratlari bilan tushuntirilgan. Asar 6 bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim suv soatlari haqida. Binkam deb ataladigan qandilli suv soatlarining kitobda 10 xil shakli berilgan. Ikkinchi bo‘lim majlis va yig‘ilishlarda ichimlik quyib turuvchi avtomatik idishlar va o‘yinchoklar haqida. Uchinchi bo‘lim qon olish va qon yig‘ish uskunalari to‘g‘risida. To‘rtinchi bo‘lim favvora, hovuzlar va avtomatik ravishda ishlaydigan musiqa asboblari haqida. Beshinchi bo‘lim quduq va oqava suvlardan suv chiqaradigan avtomatik nasoslar to‘g‘risida. Oltinchi bo‘lim turli xil avtomatik mexanizmli uskunalar, masalan, saroy xizmatlarida ishlatiladigan, tahorat suvi quyib turadigan moslama, tilsimli qulflar kabi asboblar haqida bayon etilgan. Asarda avtomatik tizimlar bezagiga ham nihoyatda ahamiyat berilgan. Miniatyuralardagi yozuvlarning o‘ziga xos tilsimi mavjud. Kitobning oxirida bu tilsimning kaliti sifatida sharh keltirilgan. Dunyo bo‘yicha asarning 16 nusxasi mavjud bo‘lib, ular Turkiyadagi To‘pqopi saroyi hamda Sulaymoniya kutubxonasi, Parij Milliy kutubxonasi, Bag‘doddagi Johis, Dublindagi Chestirbitli, Oksforddagi Bodlean kutubxonalari, Leyden universitetida va yana ikkitasi parchalar holida AQShning turli muzey va kutubxonalarida saqlanmoqda.
Al-Jazariydagi nodir iste'dod
Abul-Iz nafaqat olim, balki mohir usta va malakali muhandis ham edi. Asarlarida ta'rif etilgan barcha avtomatik tizimlarni o‘zi yasab, amaliyotga tatbiq qilgan. Bu haqida: «Amaliyotga joriy qilinmagan bilim, to‘g‘ri bilan yanglish orasida bo‘ladi» deb ta'kidlagandi u. Asaridagi barcha ixtirolarning suratlarini ham o‘zi chizgan. Matnlarni esa Yusuf bin Usmon oqqa ko‘chirgan. U birovlarning ishidan nusxa qo‘chirishni umuman yoqtirmagan. Doimo o‘zining topqirlik va ixtirochilik qobiliyatiga tayanib ish tutgan.
Al-Jazariy asarida ixtirolarini tasvir va izohlar bilan juda aniq va mukammal tushuntirib bergan. Uning bu qobiliyatini ham alohida ta'kidlash joiz. Chunki, undan yetti asr keyin yashagan va 1920 yillarda G'arb dunyosiga Abul-Izni tanitgan Erlangen universiteti professori nemis kimyogari Videman asardagi avtomatik mashinalardan bir nechtasini qiynalmasdan mustaqil yasashga muvaffaq bo‘lgan. Ayni paytda, Videman mazkur asarni nemis tiliga tarjima ham qilgan.
G'arbning taajjub va taqdiri
Mashhur New Scientist jurnali, 2007 yil 7 iyul sonida Buyuk Britaniyadagi Sheffild Universiteti sun'iy intellekt va robototexnika professori Noel Sharkining «Qadimgi Yunonistonda dasturlangan robotlar» maqolasini chop etdi. Unda Noel jumladan, shularni yozadi: «Leonardo da Vinchidan oldin ham kimlardir dasturlangan robotlar bilan shug‘ullanganmi, deya izlanishlarimni o‘rta asr Yevropasidan, o‘rta asr sharq dunyosiga burdim. U yerda men yanada ilgariroq davr, ya'ni 13-asrda Ismoil ibn Al-Razzoz Al-Jazariy tomonidan yasalgan dasturlangan avtomatik mexanizmlarni topdim. U haqiqiy dasturlangan robotlar - avtomatik cholg‘uchilar o‘rnatilgan qayiq yasagan ekan. Bunday qayiq kishiga juda zavq berib, turli majlislarda namoyish qilingan...» Noel qadimgi Yunoniston va Xitoyda ba'zi avtomatik musiqiy asboblar yasalgan bo‘lsa-da, ularda dasturlash usuli ishlatilmaganini ta'kidlaydi va «... Nihoyat musiqa qutisi mexanizmiga asoslanib, ajoyib tarzda dasturlangan «ichimlik quyadigan robot qayiqcha»ga kelib to‘xtagani»ni yozadi. «Al-Jazariy yasagan mazkur robot tuzilishi uning 1206 yilda qalamga olingan «The Book of Knowledge of Ingenious Mechanical Devices» (ya'ni «Al-Jomi' Baynal-Ilm val-Amalan-Nofi' fi Sin'atil-Xiyal») asarida yozib qoldirilgan». Professor robot tuzilishini batafsil tushuntirgach, 2006 yili o‘zi robotning qanday ishlashini ko‘rsatish uchun modelini ham yasaganini aytib o‘tadi. Nature jurnali esa Abul-Izni «XII asr muhandisligining cho‘qqisini zabt ettan musulmon olim» deb atagan va 1974 yilgi mart sonining ust muqovasiga asardan olingan gidromexanik suv ta'minlash tizimi tasvirlangan miniatyurani bosib chiqqan edi. «Fan va utopiya» jurnali esa, 2002 yil yanvar sonida Abul-Iz haqida «Robotlar va avtomatik tizimlar otasi Al-Jazariy» sarlavhali maqola chop etdi.
Fan tarixi olimi Sarton Abul-Izning mazkur asari haqida quyidagi fikrni bildirgan: «Bu ilmiy asar nihoyatda mukammal va tushunarli tarzda bayon etilgan bo‘lib, muhandislik yo‘nalishida musulmonlar erishgan eng katta yutuqpardan biri deyish mumkin». Donald Xill esa shunday deydi: «Al-Jazariy ixtirolarining muhandislik tarixidagi ahamiyatini to‘liq ifodalashdan ojizman. Uning asari turli mashinalarni yasash, yig‘ish, bezash hamda ishlab chiqish uchun zarur ko‘plab ko‘rsatma va instruktsiyalarga boyligi bilan ajralib turadi».
Tarix «Abul-Iz»larga boy
Mexanika muhandisligi instituti xodimlari Ladlou va Baxranilarning ta'kidlashicha, o‘rta asrlarda muhandislik sohasi bo‘yicha sharq olamida erishilgan ko‘pgina yutuqlar yaxshi o‘rganilmagan. Sababi, o‘sha davrdagi muhandis va ustalar asosan amaliyot bilan shug‘ullanganlar, ular ichida yozuv va surat chizishni, adabiyot va tilni yaxshi bilganlar kam bo‘lgan. Shuning uchun, garchi mukammal ixtirolar qilgan bo‘lsalar-da, ularni yozib qoldirishmagan. Faqat shogirdlariga o‘rgatish bilan kifoyalanganlar. U paytdagi ustalarning juda mohir bo‘lishganini hozirda muzeylarda saqlanayotgan eksponatlardan ham bilish qiyin emas. Ikkinchidan, ixtirolarini yozib qoldirgan muhandislar asarlarining bir qismi yo‘qolgan yoki urushlar paytida yo‘q qilib yuborilgan.
Noel esa 11-asrda yashagan andaluslik muhandis Ibn Xalaf Al-Murodiyning ilmiy asari va 9-asrda yozilgan «Ajoyib uskunalar kitobi»dan boshqa na Vizantiya, na Xitoy va na Hindistonda ishlash mexanizmi dasturlanganligini tasdiqlovchi batafsil tushuntirib yozilgan asar topolmaganini qayd etgan.
Shu bilan birga, Ladlou va Bahrani Yevropa va Shimoliy Amerika kutubxonalarida saqlanayotgan muhandislikka tegishli minglab arabiy qo‘lyozmalar mavjuddigi va ular hali ham to‘liq o‘rganilmaganini, alohida ta'kidlaydilar.
Sodiq Hamroh,
Ahror Sotiboldiyev
Chapda Al-Jazariyning qo‘lyozma kitobidan olingan avtomatik suv haydovchi nasos surati, o‘ngda uning kompyuterda qayta ishlangan tasviri keltirilgan. Nasos har birida porsheni bo‘lgan ikki mis tsilindrdan tashkil topgan. Ikki porshen nasos o‘rtasida tebranuvchi richagga biriktirilgan valga ulangan. Richagda tishli g‘ildirak aylantirishiga moslashgan kesiklar hosil qilingan. G’ildirak yo suv oqimida aylanuvchi charxpalak yoki biror hayvon tomonidan aylantiriladi. Ikki tsilindr esa quvurlarga ochilib yopiluvchi klapan orqali ulangan. Klapanlar faqat bir tomonga ochiladigan tarzda yasalgan.
Chapda Al-Jazariyning qo‘lyozma kitobidan olingan uch bosqichli suv ko‘taruvchi moslama surati, o‘ngda uning kompyuterda qayta ishlangan tasviri keltirilgan. Suv oqimi kirish quvuridan o‘tib rezervuarga (kichik hovuz) tushadi. Rezervuarning teshigidan pastga tushib suv trubinasini aylantiradi. Aylanish rezervuar ostidagi vertikal tishli g‘ildirak orqali ustunga birikkan gorizontal tishli g‘ildirakka uzatiladi. Va u o‘z navbatida ustun orqali tepa qismdagi gorizontal tishli g‘ildirakdan vertikal tishli g‘ildirakka uzatadi. Bu g‘ildirak arqonga ketma-ket qilib bog‘langan idishchalar tizimini aylantiradi. Idishchalar suvni rezervuardan olib yuqoridagi chiqish quvuri bakiga to‘kadi.
Chapda Al-Jazariyning qo‘lyozma kitobidan olingan fil soati eskizi, o‘ng tomonda kompyuterda qayta ishlangan tasviri. Fil soati o‘sha davr soatsozligining eng chiroyli namunasi hisoblanadi. Asar kishiga zavq bag‘ishlaydigan tarzda, nihoyatda did bilan yasalgan. U nafaqat ko‘ngilxushlik uchun, balki astronomik hisob-kitoblar uchun ham yaroqli. Soatning balandligi o‘rtacha 1,8 metr eni 1,2 metr. Fil soati mexanizmi uch qismdan iborat: avtomatik tizim, oqim regulyatori, qaytuvchi aloqali tizim. Avtomatik tizim - har 60 daqiqada jomga zarba berish va qush sayrashi orqali vaqtni e’lon qilib turuvchi tizim. Oqim regulyatori suvda suzib yuruvchi elementda turli suv balandligi sathlarida ham belgilangan o‘lchovda oqimni ta’minlovchi kichik tirqishdan iborat. Oqimning bunday o‘lchovi soatning bong urish vaqtini aniqlab beradi. Tirqish o‘lchami tajriba asosida aniqlanadi. Qaytuvchi aloqali tizim yordamida metall sharchalar omborchada bo‘lgan muddat davomida soat ishlayveradi. Mexanizm harakati gravitatsiya kuchiga (erning tortishish kuchi) tayanadi. Gravitatsiya kuchi ta’sirida ichiga suv kirgan suzuvchi element (tarjahar) suv tubiga ohista va tekis tushadi. Bu esa o‘z navbatida, unga bog‘langan ipni tortib, mexanizmni ishga tushiradi. Ya’ni sharcha ilon og‘ziga tushgach, og‘irlik kuchi ta’sirida boshini pastga egadi. Ilon shkiv shaklidagi qaytish mexanizmiga ega. Sharcha ilonni tark etgach, qaytib tikka holatga kela turib, boshi bilan birga zanjirni ko‘taradi. Zanjir suzuvchi elementga ulangani sababli uni ko‘tarib suvdan bo‘shatadi. Natijada, suzuvchi element yana suv sirtiga chiqib qoladi. Sikl ana shunday davom etaveradi.