AQSh jurnalistikasidagi eng nufuzli Pulitser mukofoti (Pulitzer Prize) har yili eng yaxshi ijodiy ishlar uchun taqdim etiladi. Kolumbiya universiteti tomonidan yigirma bir nominatsiyada o‘tkaziladigan tanlov yakunlari an’anaga ko‘ra Nyu-York shahrida e’lon qilinadi.
2009 yilgi tanlov The New York Times gazetasi uchun omadli keldi. Gazeta tahririyati «Mahalliy mavzudagi eng yaxshi maqola», «Eng yaxshi jurnalist tekshiruvi», «Xalqaro mavzudagi eng yaxshi reportaj», «Eng yaxshi tanqidiy maqola», «Eng yaxshi badiiy fotoasar» kabi beshta nominatsiyada g‘olib chiqdi.
Mahalliy yangiliklar nominatsiyasida Nyu-York shtati gubernatori Eliot Spitser sodir etgan qonunbuzarliklarga bag‘ishlangan material yuqori baholandi. Gazeta muxbirlari so‘zda axloqsizlikka qarshi kurashib kelgan, amalda esa o‘zi yomon xulqli ayollar mijozi bo‘lgan gubernatorning qilmishini fosh etdilar. Mazkur mojaro oxir-oqibat gubernatorning iste’fosi bilan yakunlandi.
Gazetaning boshqa bir muxbiri Devid Barstou mamlakat mudofaa vazirligida xizmat qilgan generallar iste’foga chiqqach, matbuotda sharhlar e’lon qilayotgani va shu yo‘l bilan vazirlik siyosatini ideallashtirishga urinayotganlarini ochib berdi. Muxbir ushbu materiali uchun eng yaxshi tekshiruv nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
The New York Times jurnalistlari tomonidan Afg‘oniston va Pokistondan tayyorlangan maqolalar xalqaro mavzudagi eng yaxshi material yo‘nalishida alohida e’tirof etildi.
Gazeta fotomuxbiri Demon Uinter mamlakat prezidenti Barak Obamaning saylov kampaniya chog‘idagi portretlari uchun “eng yaxshi badiiy fotoasar” yo‘nalishida Pulitserga loyiq deb topildi.
Mukofotning «Jamiyat ravnaqi uchun» nominatsiyasida Las-Vegas shahridagi quruvchilar orasida o‘lim holati ko‘pligi muammosini olib chiqqan The Las Vegas Sun gazetasi g‘olib deb topildi. Mazkur reportajlar e’tiborsiz qolmadi. Materiallar matbuot yuzini ko‘rishi bilan mahalliy hokimiyat ish sharoitini yaxshilash, texnika xavfsizligini kuchaytirishga kirishdi. Aytish kerakki, «Jamiyat ravnaqi uchun» nominatsiyasi mukofotning eng nufuzli yo‘nalishi sanaladi va ushbu nominatsiya g‘olibiga oltin medal ham topshiriladi.
«Mavzuni eng yaxshi asoslab bergan reportaj» nominatsiyasida The Los Angeles Times, «Jurnalist mahorati» yo‘nalishida The St. Petersburg Times, informatsion fotoreportaj bo‘yicha esa The Miami Herald gazetalariga g‘oliblik nasib etdi.
2006 yildan buyon tanlovda mustaqil Internet saytlari ham ishtirok etyapti. Ammo hozirga qadar nufuzli mukofot Internet nashrlariga nasib qilganicha yo‘q. Bu yil ham Politico.com sayti finalga qadar yetib kelgan bo‘lsa-da, g‘oliblar ro‘yxatiga kira olmadi.
Bundan tashqari, “Shov-shuvli material uchun”, “Eng yaxshi sharh”, “Eng yaxshi tahririyat maqolasi”, “Eng yaxshi karikatura”, “Eng yaxshi badiiy asar”, “AQSh tarixiga bag‘ishlangan eng yaxshi kitob”, “Eng yaxshi tarjimai hol”, “Eng yaxshi she’riy kitob”, “Eng yaxshi musiqiy asar”, “Eng yaxshi drama” kabi nominatsiyalarda ham g‘oliblar aniqlandi. Har bir g‘olibga 10 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti taqdim etildi.
Aytish kerakki, 1917 yili joriy etilgan Pulitser mukofoti nafaqat jurnalistlar, adabiyot, musiqa va teatr sohasining eng yetuk namoyandalariga ham topshiriladi. Ushbu mukofotga o‘z davrida Uilyam Folkner, Ernest Hemunguey kabi jahonga mashhur adiblar ham sazovor bo‘lganlar.
Nufuzli mukofot Amerika tarixidagi nomdor jurnalist va ishbilarmon Jozef Pulitser (1847–1911) nomiga qo‘yilgan. Asli vengriyalik Jozef Pulitser yoshligida harbiy bo‘lishni orzu qiladi. Ana shu orzu uni okean orti davlatiga yetaklaydi. Ammo jurnalistika harbiylikni ko‘zlagan yigitning taqdirini butkul o‘zgartirib yuboradi.
Dastlab Westliche Post gazetasi muxbiri bo‘lib ishlagan Pulitser tez orada hamkasblari orasida e’tibor qozonadi. 25 yoshida esa o‘zi ishlayotgan gazeta muassislardan biriga aylanadi. Pulitser 1878 yili St. Louis Post-Dispatch gazetasini sotib oladi. U shunchaki carmoyador va media-magnat bo‘lib qolmay, jurnalistikaning ijodiy asroridan yaxshi xabardor, qalami o‘tkir jurnalist ham edi. Pulitser endigina oyoqqa turayotgan Amerika jurnalistikasida shov-shuvli tekshiruvlar, tanqidiy maqolalar muallifi sifatida nom qozonadi. U bir muddat The New York Times muxbiri bo‘lib ishlaydi.
1883 yili u The New York World gazetasini ham sotib oldi. Bankrot bo‘layozgan gazetani tez orada olti yuz ming adadli yetakchi nashrga aylantiradi. Pulitser 1885 yili mamlakat parlamenti Vakillar palatasi deputati etib saylanadi. Ammo salomatligi yomonlashib, deputatlikdan voz kechishga majbur bo‘ladi. Sog‘lig‘i butkul izdan chiqqan Pulitser 43 yoshida jurnalistikani ham tark etadi.
Mediamagnat o‘limi oldidan jurnalistika ravnaqi uchun 2 mln. dollar qoldirayotgani, ushbu mablag‘ni Kolumbiya universiteti qoshida Jurnalistika fakulteti tashkil etish hamda jurnalistlar uchun mukofot joriy etishga sarflashni vasiyat qiladi. Taniqli publitsist o‘limi oldidan qoldirgan maktubida: “Faqat halol mas’uliyat hissi jurnalistikani o‘z manfaatini ko‘zlagan va jamiyat haqida ko‘p-da o‘ylamaydigan mulkdorlar qulligidan xalos etadi” degan co‘zlarni yozgan edi.
Pulitser vafotidan bir yil o‘tib, Kolumbiya universitetida jurnalistika fakulteti tashkil etiladi (ayni paytda mazkur ta’lim dargohi jurnalistika ta’limi borasida dunyodagi eng yetakchi fakultetlardan biri sanaladi). 1917 yili esa Pulitser nomidagi mukofotga asos solinadi.
Amerika jurnalistlari orzu qilgan mukofot
Abdul Sobir