Parij shahrida 1999 yilning 25 mart kuni Chingiz Aytmatovning 70 yillik tavallud to‘yi munosabati bilan YUNESKO o‘tkazgan maxsus anjumanda To‘lepbergen Qaipbergenov o‘zining tabrik so‘zida shunday degan edi: «Aytmatov ijodi – butun insoniyat madaniyatlarining yaqinlashuvi, dunyoning Sharq va G‘arb deb bo‘linishiday eskicha fikrlash oqibatlarini tugatish sari qo‘yilgan qadamlardan biri, yangi asr bo‘sag‘asida Sharq va G‘arb birlashuvining haqiqiy in’ikosidir. Uning ijodidan sayyoraviy muammolar o‘rin olgan bo‘lib, bu muammolar butkul dunyo miqyosida hal qilinmog‘i, bu borada umuminsoniy miqyosda tafakkur yuritilmog‘i lozim». Darhaqiqat, hozirgi kompyuter va yuksak texnologiyalar davrida jahoniy ahamiyatga ega ma’naviy masalalarni ko‘tarib chiqish, ularni o‘z asarida yuksak darajada tasvirlab bera olish – kamdan-kam adiblarga nasib etadigan mushkul vazifadir.
Bitta xalq taqdiri orqali dramatizmga to‘la davr voqealarini tasvirlash, shu tariqa umuminsoniy miqyosda fikrlashga intilgan yozuvchilarning biri – vatandoshimiz To‘lepbergen Qaipbergenovdir. Agar Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar» romani orqali o‘zbek xalqini, Muxtor Avezov «Abay yo‘li» epopeyasi orqali qozoq xalqini, Chingiz Aytmatov «Jamila», «Asrga tatigulik kun», «Kassandra tamg‘asi» asarlari orqali qirg‘iz xalqini dunyoga tanitgan bo‘lsa, To‘lepbergen Qaipbergenov «Qoraqalpoq dostoni», «Qoraqalpoqnoma» roman-essesi, turli jahon tillarida chop qilingan publitsistik maqolalari orqali qoraqalpoq nomini jahonga tanitishga muvaffaq bo‘ldi. Uning asarlariga Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat mukofoti, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, «Qoraqalpoq dostoni» trilogiyasi uchun sobiq Ittifoqning Davlat mukofoti, «Qoraqalpoqnoma», «U dunyodagi bobomga xatlar» roman-esselari uchun Mahmud Koshg‘ariy va Mixail Sholoxov nomidagi xalqaro mukofotlarning berilishi To‘lepbergen Qaipbergenov nomining jahon adabiy jamoatchiligi tomonidan tan olinishi uchun zamin yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Akademik Andrey Saxarovning Moskva minbarida turib yozuvchini Orol masalasida yonib-kuyib, quvvatlab aytgan gaplari, jahonga taniqli adib Chingiz Aytmatovning yozuvchimizga yo‘llagan xati, taniqli rus tadqiqotchilari Z.Kedrina, M.Parxomenko, Yu.Surovtsev, T.Davidova, Z.Osmonovalarning, o‘zbek adib-olimlari Komil Yashin, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, Pirmat Shermuhamedov, Rahimjon Otauli, qoraqalpoq olimi, marhum akademik Marat Nurmuhamedov va boshqalarning adib ijodiga, faoliyatiga bergan baholari ham To‘lepbergen Qaipbergenovning yozuvchi sifatida jahoniy miqyos va ahamiyat kasb etganini isbotlaydi.
Yozuvchining dastlabki qissalari inson hayoti, yashashdan maqsad, umr mazmuni kabi azaliy-abadiy mavzularga bag‘ishlangan bo‘lsa, uning «Ko‘z qorachig‘i», «U dunyodagi bobomga xatlar» asarlarida jahoniy ahamiyatga ega masalalar – Orol, Orolbo‘yi mintaqalarida hayotni asrab qolish, tashvishli ekologik vaziyat muammolari qalamga olindi. Uning yuksak minbarlarda so‘zlagan nutqlari orqali esa Orol tashvishi millionlar tashvishiga aylanganining, xalqaro ahamiyatga molik masala miqyosiga ko‘tarilganining, jahon xalqlari bu fojianing mohiyatiga tushunib yeta boshlaganining guvohi bo‘lganmiz.
To‘lepbergen Qaipbergenov dunyo ma’naviyatiga o‘zining badiiy asarlari, publitsistik maqolalari, jamoatchilik faoliyati bilan qo‘shib kelayotgan ulushi e’tirofga loyiq. Aytaylik, u 1960 yillardan boshlab turli rahbarlik vazifalarida ishlab kelayotir, 1980 yildan to hozirgi kungacha Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda uzoq yillar mobaynida u «Markaziy Osiyo madaniyati», «Yozuvchi», «Tafakkur», «Sog‘lom avlod uchun», «Amudaryo» kabi gazeta va jurnallar redkollegiyasi a’zosi sifatida ham ishtirok etib keldi. (Jumladan, «Jahon adabiyoti» jurnalining ham jamoatchilik kengashi a’zosidir). U mustaqil O‘zbekiston mamlakatining odil siyosatini keng dunyo jamoatchiligi orasida, chet ellarda targ‘ib-tashviq qilish niyatida mamlakatimiz nomidan Vengriya, Suriya, Hindiston, Vetnam, Mo‘g‘uliston, Yaponiya, AQSh, Fransiya, Belgiya mamlakatlarida bo‘ldi, mazkur mamlakatlarning ko‘plab ommaviy axborot vositalarida maqolalari, intervyulari chiqdi. Ular hozirgi zamon qoraqalpoq publitsistikasining namunalari sifatida o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi.
Yozuvchiga 1974 yili «Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi», 1994 yili «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvonlarining berilishi uning iste’dodining davlat miqyosida e’tirof etilishi edi. 1990 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Farmoni bilan Prezident huzuridagi maslahat kengashining a’zosi etib saylanishi, 2004 yil esa unga faxrli «O‘zbekiston Qahramoni» unvonining berilishi adibning jamoat arbobi sifatidagi xizmatlariga berilgan munosib baho bo‘ldi.
2004 yilning mart oyida yozuvchining «U dunyodagi bobomga xatlar» asari N.Krasilnikov tarjimasida nashr qilinishi munosabati bilan (T.Qaipbergenov. «Pisma na tot svet, dedushke», M.Izdatelstvo «Mir», 2004) Moskva shahrida mazkur asarning taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi.
Mohir adib sho‘ro hukumatining fojiaviy tus olgan nayranglarini o‘quvchi qalbiga yetkazishda betakror badiiy shakl topa olgan. Asar – nabiraning allaqachonlar olamdan o‘tib ketgan bobosiga Orol fojiasi haqida yozgan xatlaridan tashkil topgan. Bu dunyoda Orol haqidagi tashvishli o‘y-fikrlarini tinglaydigan odam topilmaganligi tufayli nabirasi endi marhum bobosiga xat orqali murojaat etib, ko‘nglidagi dardli sirlarini shu taxlit to‘kib tashlashga majbur bo‘ladi. Adib bu asarida qadimgi yunon adabiyotida qo‘llanilgan adabiy uslubni tanlaydi. Xullas, ilojsiz qolgan qahramonning narigi dunyodagi odam bilan suhbatlashishga majbur bo‘lish uslubini yozuvchi o‘z asarida mahorat bilan qo‘llagan.
XXI asrda qoraqalpoq nasrida yana bir ahamiyatli voqealardan biri – bu tinib-tinchimas adibimizning «Qoraqalpoqman. Tavakkalchiman» asarining nashr qilinishi bo‘ldi (Nukus, «Bilim» nashriyoti, 2003 yil). Kitobning birinchi qismi «Uchrashuvlarda tushgan 9999 ta savolga javoblar» deb ataladi. Bunda muallifning o‘z Vatanida yoki chet mamlakatlarda bo‘lgan paytlarida uchrashgan odamlar tarafidan berilgan savollarga shoshilinch javoblari jamlangan. Kitobning ikkinchi qismi «Intervyular, o‘ylar» deb atalib, bu bo‘limda adibning jahonda taniqli bo‘lgan adabiy siymolar – Lev Tolstoy va Chingiz Aytmatov haqidagi, shuningdek, Berdaq shoirning 175 yillik tavallud sanasi arafasidagi adabiy o‘ylari, taniqli o‘zbek yozuvchilari, shoirlari, olim va jurnalistlari Nabijon Boqiy, Shoyim Bo‘taev, Rustam Musurmon, Rahimjon Otauli va boshqalar bilan suhbatlari berilgan. Kitobning uchinchi bo‘limi «XXI asr bo‘sag‘asida tug‘ilgan adashimga 99 maslahat» deb ataladi. Unda Sharqning o‘lmas adabiy didaktik asarlari an’analariga suyanib yozilgan yangicha shakldagi adabiy o‘ylari joy olgan. Kitobning to‘rtinchi bo‘limi T.Qaipbergenovning ayrim asarlari haqida fikr aytgan mashhur kishilar – marhum akademik Andrey Saxarovning, dunyo adabiyoti taniqli vakillaridan biri marhum adib Chingiz Aytmatovning, o‘zbek adabiyotining taniqli vakillari – O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning, O‘zbekiston xalq yozuvchilari marhum Hamid G‘ulom, Odil Yoqubov, adabiyotshunos F.Nasriddinovlarning fikrlari o‘rin olgan.
To‘lepbergen Qaipbergenovning har ikkala asari ham uning o‘zigagina xos bo‘lgan, betakror uslubga ega, ijodkorning adabiy laboratoriyasida pishib yetilgan, badiiy mazmun va shakl uyg‘unligining milliy ko‘rinishlarini o‘zida jamlagan asarlar bo‘ldi. Adib bu asarlarida jahon romanchiligidagi hayotni tasvirlashning an’anaviy usullari yo‘lidan bormaydi, balki Sharq va G‘arb adabiyotlarida keng qo‘llaniladigan o‘quvchi bilan suhbat, fikrlashuv, unga o‘z g‘oyalarini ochiq-oydin bayon qilib berish usullaridan mohirona foydalangan holda, dramatizmga to‘la holatlarning kelib chiqish sabab va oqibatlarini hech xaspo‘shlamay, oshkora aytishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Buning uchun esa qahramonlar xarakterining mantiqiy rivojlanishiga asoslanadigan Yevropa romanchiligi an’analari mos kelmas edi. Shuning uchun ham yozuvchi o‘zining yangi asarlarining kompozitsion tuzilishida qahramon monologlarini, ilmiy ma’lumotlarni, afsona va rivoyatlarni, turli davrlarda yashagan donishmandlar, mashhur insonlarning har xil asarlaridan iqtibos va parchalarni, xullas, turli o‘y-fikrlar, g‘oyalar, motivlar, gipotezalarni singdirib, fojiaviy mazmunni yaqqol yoritishga ko‘maklashuvchi badiiy shakl izlagan, uni topishga erishgan, natijada esa nafaqat Markaziy Osiyo, hatto jahon xalqlari adabiyotida ham takrorlanmaydigan badiiy ko‘rinishdagi yangi uslubni yarata olgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, To‘lepbergen Qaipbergenov – qoraqalpoq xalqining dramatizmga to‘la, og‘ir tarixiy qismatini Orol hududidagi ayanchli sharoitga bog‘lab tasvirlashda ham «umuminsoniy miqyosda fikrlash» yo‘lidan boradi. Buni davrimizning ko‘plab adib-shoirlari o‘z asar va maqolalarida ta’kidlaydilar. Masalan, atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov, «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilgan «Qoraqalpoq dostoni» nomli maqolasida shunday deb yozadi: «A.Qodiriy – o‘zbek xalqining, M.Avezov – qozoq xalqining, Ch.Aytmatov – qirg‘iz xalqining manglayiga xudo yorqalab bergan yozuvchilari... O‘zining uzoq tarixiga ega bo‘lgan qadimiy qoraqalpoq xalqining keng peshonasiga bugungi kunda tong yulduzi kabi yarashib turgan yozuvchi T.Qaipbergenovdir!» Chindan ham, T.Qaipbergenovning qissalari, turli uslubda yozilgan romanlari, publitsistik maqolalari, intervyulari, dramatik asarlarisiz bugungi qoraqalpoq adabiyotini, umuman, bu xalqning ma’naviy hayotini, badiiy so‘z olamini ko‘z oldimizga keltirish qiyin. Shuning uchun ham uning ijodi hamisha keng o‘quvchilar ommasi orasida, adabiy jamoatchilikda muayyan qiziqish uyg‘otib keldi, yuraklarga yo‘l topa oldi.
Mustaqillik yillarida To‘lepbergen Qaipbergenov ijodi qoraqalpoq adabiyotida yanada kengroq tadqiqotlar doirasiga olindi – taniqli olim Q.Sultonov doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan bo‘lsa, yosh adabiyotshunos olimlar P.Nurjanov, A.Abdimurotov, H.O‘temurotova, B.Polvonovlar o‘zlarining nomzodlik ishlarida adib ijodini asosiy tadqiqot ob’ekti qilib belgiladilar. Nukus shahrida yashab turli tillarda ijod qiluvchi adabiyotshunos olimlar K.Quromboev, F.Salaev, K.Tashanov, Sh.Abdullaev-lar ham To‘lepbergen Qaipbergenov ijodini tadqiq, targ‘ib qilish ishla-riga o‘z ulushlarini qo‘shdilar.
«Qoraqalpoq dostoni»ning rus tiliga tarjima qilinishida Z.Kedrina, A.Pantileev, E.Arbenova, V.Pankinalarning, «Qoraqalpoq qizi» romanining Moskvada kitob bo‘lib chiqishida G.Maryanovskiyning, qissalar tarjimasida N.Yatskevich va boshqalarning xizmatlari katta bo‘ldi. Adibning nomi o‘zbek kitobxonlari orasida keng tanilishida esa atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning xizmati juda katta. Gap shundaki, endigina adabiyot maydoniga kirib kelayotgan yosh yozuvchining o‘zbek o‘quvchilari uchun kashf qilinishida ustoz Abdulla Qahhor bevosita ishtirok etgan bo‘lib, u «Sovuq bir tomchi» qissasini 1962 yilda tarjimon G‘oyib Yoqubov bilan birgalikda o‘zbek tiliga ag‘dargan edi. Bundan ruhlangan To‘lepbergen Qaipbergenov shundan keyingi butun hayotida Abdulla Qahhor bilan qalin aloqada bo‘lib, ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirib keldi. Shuningdek, bu o‘rinda adibning «Qoraqalpoq dostoni» trilogiyasini o‘zbekchalashtirgan marhum Lola Tojieva, «U dunyodagi bobomga xatlar», «XXI asr bo‘sag‘asidagi adashimga 99 maslahat» asarlarini, «Sahro bulbuli» dramasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan Rahimjon Otauli nomlarini shu o‘rinda tilga olib o‘tish joiz.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, adibning ijodi - qoraqalpoq milliy nasridagina emas, sobiq Ittifoq va jahon miqyosida o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan voqea sifatida e’tirof qilinishga loyiqdir.
Pardaboy Nurjonov,
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 5-son.