OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qadam Said Murod. Bugun ertak kerakmi?

 Esimda o‘sha damlar
O‘zi uchar gilamlar,
Tohir-Zuhra, Yoriltosh,
Oyni uyaltirgan qosh...

Hamid Olimjon

Bunday keskin savol ko‘pchilikka erish tuyulishi mumkin, albatta. Lekin shunday savolni ko‘ndalang qo‘yish payti kelgan allaqachon. Mutaxassis olimlar, ya’ni folklorshunoslar ushbu savolga: “Ertak – hamisha kerak!” deya javob berishlari turgan gap. Biroq masalaning ikkinchi tomoni: “Ertaklarning o‘zi haqiqatga aylanib borayotgan hozirgi shiddatli taraqqiyot davrida eski ertaklarga nima zarurat bor?” deya e’tiroz bildiradiganlar ham ozmuncha emas.

Kamina esa bu o‘rinda bolalar uchun ertak-dostonlar va nasriy ertaklar yozuvchi bir ijodkor sifatida o‘z fikr-mulohazalarimni bildirmoqchiman, xolos. Uzil-kesil xulosa chiqarish niyatidan yiroqman, zero, bu – mutaxassislarning vazifasi.

Hammamiz bolaligimizda o‘zbek xalq ertaklarini tinglab va o‘qib ulg‘ayganmiz, jahon xalq ertaklari bilan tanishganmiz. Dunyoqarashimiz shakllanishida ularning xizmati ulkan bo‘lgani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Ammo hozirgi yoshlarga qarab hayron bo‘lamiz – bolalar nega ertak o‘qimay qo‘yishdi? Nima, yaxshi ertak kitoblar kammi? Yo‘q, yetarlicha bosilib turibdi. U holda, gap nimada bo‘lishi mumkin?

Shu masalada ko‘pchilik bildirgan daslabki fikr shuki, hozirgi shiddatkor davrning bolasiga ertak tinglab yoki o‘qib o‘tirish uchun qiziqish, sabr-toqat, qunt, vaqt yetishmaydi. Bu mulohazada jon bor, albatta. Keling, uni atroflicha ko‘rib chiqishga bir urinib ko‘raylik.

Aqlini tanigandan beri samolyotda bemalol uchib yuradigan bolaga uchar gilamning nima qizig‘i bor? Televizor turganida oynaijahon haqidagi ertakka na hojat? Internet tarmog‘iga ulanish orqali istalgan film, tasvir, ma’lumotni kompyuterga, qo‘l telefoniga yuklab olish imkoni esa, hatto Aloviddinning do‘sti – sehrli chiroqning quli bo‘lgan Jinda ham yo‘q edi.

Mana shunday boy va ta’bir joiz bo‘lsa, texnik taraqqiyot tufayli cheksiz imkoniyatlarga egalik qilayotgan hozirgi davr bolasi an’anaviy xalq ertaklarini o‘qimay qo‘ysa, ajablanadigan joyi bormi? To‘g‘ri, go‘dakning murg‘ak ongini birinchi bo‘lib ertaklar yaxshilik va yomonlik nimaligi bilan tanishtiradi. Biroq zamonaviy multfilmlar, bolalar uchun yaratilayotgan ertak filmlarning maqsadi ham aynan ana shu – ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni ko‘rsatishdan iborat emasmi?

Shu o‘rinda bir muhim jihatni ko‘rib o‘taylik. Olis moziy bilan yaqin o‘tmishning mushtarak xususiyati – taraqqiyot sustligi edi. Hatto XIX asrda ham hayot osoyishta kechar, kunlar bir xil osudalikka to‘la, vaqt nihoyatda imillab o‘tayotgandek tuyular va bu borada uning I asrdan farqi deyarli kam edi. Minglab yillar mobaynida yaratilgan an’anaviy folklor namunalarida bu holat aks etmay qolmasdi. Ana shu sababli ham ertak, dostonlarda voqealar juda sekin rivojlanadi.

Bu – birinchi sabab. Ikkinchi sabab shuki, o‘tmishda bola ongining idrok qilish qobiliyati ham o‘z zamonasiga monand holda osoyishtalikni taqozo etgan.

Hozirgi shiddatli davr bolasining ongi ham shunga munosib ravishda voqealar tezkor rivojlanishini talab qiladi. Kosmik davrga xos uchqurlik tuya karvonlarining bir maromdagi sust harakatini ko‘tara olmaydi, aslo. Buni tushunish uchun ertak filmlaru multfilmlarni kuzatishning o‘ziyoq kifoya.

An’anaviy xalq ertaklarini yaratish qay paytga kelib to‘xtab qoldi? Bu savolga folklorshunoslar aniqroq javob bera olishsa kerak. Lekin har qalay, mazkur jarayon bilim manbai sifatida kitob keng tarqalgani bilan uzviy bog‘liq ekanligi aniq. Ommaviy axborot vositalari nihoyatda keng ko‘lam kasb etgan, zamonaviy internet tarmog‘i butun yer yuzini qamrab olgan hozirgi davrda an’anaviy xalq ertaklarini yaratishga ehtiyoj yo‘qligi esa o‘z-o‘zidan ayon.

Mana, endi navbat ertakchi yozuvchilarga ham yetib keldi. Aka-uka Grimmlar, Gans Xristian Andersen kabi adiblarning ijodi an’anaviy xalq ertaklarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi, ularga jon bag‘ishladi, ohor berdi, deb aytish mumkin. Buni yangi davr, taraqqiyot taqozo etgan edi. Xalq ertaklariga xos shartlilik xususiyati saqlanib qolgani holda, badiiy ertaklarda obrazlar kuchaydi. “Ishonch – kuch, ishontirish esa san’atdir”, degan naql bor. An’anaviy ertaklardagi: “Ishonsang – shu, ishonmasang – o‘zing bilasan” qabilidagi munosabat o‘rnini voqebandlik, dinamika egalladiki, bu ishonchlilikni yanada orttirdi.

An’anaviy ertaklar go‘yo birovdan eshitilgan bo‘lsa, yozuvchilar badiiy ertaklarni baayni o‘zlari ko‘rgandek qilib hikoya etishardi. Ya’ni ishonchlilik kuchaygani badiiy ertaklarni xalq ertaklaridan bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarib, adabiy asarlar darajasiga yaqinlashtirdi, deb aytish mumkin.

Ayni ana shu xil fikr-mulohazalarni o‘zbek badiiy ertakchiligiga ham tatbiq etsa bo‘ladi. She’riy yoki nasriy shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, bu janr o‘ziga xos murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Shu haqda atroflicha va asosli muhokama yuritish folklorshunos mutaxassislarning vazifasi ekanligini, kamina mazkur mavzuda o‘z tushunchalarimni, shu sohada ijod qiluvchi bir qalamkash sifatida shaxsiy kuzatishlarimni bayon etayotganimni yana bir bor ta’kidlab o‘taman.

Men yuqoridagi fikr-mulohazalarim bilan badiiy ertakchilik an’anaviy xalq ertakchiligining o‘rnini egallaydi, folklor yo‘qoladi, demoqchi emasman, aslo. Jahon ilmiy-fantastik adabiyoti insoniyat yulduzlardan yulduzlarga ko‘chib yuruvchi olis kelajakda ham o‘ziga xos kosmik rivoyat, ertaklarga ehtiyoj tug‘ilishini bashorat qilmoqda. Bu fikr, ayniqsa, zamonaviy folklorshunos mutaxassislarga juda yoqib tushishini avvaldan sezib turibman.

Endi asosiy mavzuimizga – hozirgi yoshlar nega ertak o‘qimay qo‘yganiga qaytaylik. Bolalar shoiri sifatida menga ham bu savolni ko‘p berishadiki, unga javob izlab o‘ylanishlarim mahsuli sifatida qo‘lga qalam olib, o‘z mushohadalarimni o‘rtaga tashlashga jazm etdim.

– Xo‘sh, chindan ham hozirgi bolalar nega ertak o‘qishmaydi?

– Chunki hozirgi, aniqrog‘i, yaqin o‘tmishdagi ertaklarning aksari qismi she’riy uslubda yozilgan.

O‘zim bolalar shoiri bo‘la turib, o‘zimga qarshi chiqayotganim g‘alati bo‘lib ko‘rinsa, ajabmas. Nachoraki, bu men anglab yetgan achchiq haqiqat. Shu bois bolalar uchun nasriy ertaklar yozishga o‘tdim. Sababi – ertak-doston qanchalik ajoyib bo‘lmasin, bolani, avvalo, o‘ynoqiligi, ohangdorligi bilan rom qiladi. Natijada, bu jihat ustun kelib, aytilmoqchi bo‘lgan maqsad-g‘oya uning soyasida qolib ketadi. Binobarin, ertak-dostonning ta’sir kuchi ham shunga yarasha.

Nasriy ertak esa bolaning fikrini chalg‘itadigan yuzaki jazibadan xoli, go‘dak butun diqqat-e’tiborini asosiy g‘oyaga qaratadi. Uni o‘ziga asta-sekin, ohista singdirib boradiki, bu jarayonga xalaqit beruvchi boshqa narsalar yo‘q. Bundan tashqari, nasriy ertakning she’riy ertakka nisbatan ta’sir kuchi ancha uzoqroq davom etib, bolaning dunyoqarashi shakllanishiga sezilarli darajada turtki beradi. Balki shu sababli ham odam bolaligida yodlagan she’rlariga ko‘ra o‘qigan nasriy ertaklarini ko‘proq eslab qoladi.

Endi jahon bolalar adabiyotiga ham bir nazar tashlaylik. Janni Rodarining “Jelsomino yolg‘onchilar mamlakatida” nomli ertak-qissasi hali-hanuz dunyo bolalarining sevimli asari bo‘lib kelmoqda. Amerikada Mark Tvenning qahramonlari Tom Soyer bilan Geklberri Finnga haykal o‘rnatilgan. Daniya poytaxti Kopengagendan esa Gans Xristian Andersenning “Suv parisi” haykal timsolida namoyon bo‘lib turibdi. Shu birgina misolning o‘ziyoq ertak badiiy asar ekanligidan yaqqol dalolat bermayaptimi, axir?

O‘zbek adabiyotida Xudoyberdi To‘xtaboev bolalarga bag‘ishlab nafaqat ertak-qissalar, hattoki ertak-romanlar ham yozish mumkinligini o‘z ijodida har tomonlama ko‘rsatib berdi. “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi” asarlarini o‘qib, ulg‘aygan odamlarning endilikda nevaralari zamonaviy shum bola – quvnoq Hoshimjonning sarguzashtlarini ulkan ishtiyoq bilan kuzatib borishadi. Bu bolalar an’anaviy xalq ertaklarini o‘qishmas, balki. Ammo-lekin Hoshimjon timsolida o‘zlarini, atrofdagi o‘rtoqlarini, bag‘oyat tanish hayotni ko‘rib turganlari aniq.

Endi, mana sizga bir savol, muhtaram o‘quvchi. “Jelsomino yolg‘onchilar mamlakatida” yoki “Sariq devning o‘limi” ertak-qissalari, mabodo, she’riy uslubda – doston shaklida yozilganida shunchalik dovrug‘ qozonarmidi, o‘nlab yillar sinovidan muvaffaqiyat bilan o‘tib, saqlanib qolarmidi? Bobolar bilan nabiralarini o‘ziga birdek rom eta olarmidi?

Yoki Zohir A’lam qalamiga mansub “Afandining qirq bir pashshasi”, Anvar Obidjonning Alamazon haqidagi ertak-qissalarini misolga olib ko‘raylik. Bu o‘rinda ham shu asarlarni ertak-doston shaklida, ya’ni she’riy ko‘rinishda umuman tasavvur qilib bo‘lmaydi. Va gap ushbu ertak-qissalarda asosiy g‘oyadan tashqari qo‘shimcha fikr-g‘oyalar ham borligida, ularni esa epik janrdan boshqa janrlar qolipiga sig‘dirib bo‘lmasligining o‘zidagina emas.

Mazkur misollarda hamma gap yozuvchilar o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadni imkon qadar to‘laroq va atroflicha yoritib borishga qodir bo‘lgan shakl hamda uslubni topa bilganlarida. G‘oyalarini zamonaviy bolalarning ong-shuuriga qay tariqa singdirish yo‘llarini topa olganlarida.

Yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. Qay darajada ajoyib bo‘lmasin, har qanday she’riy ertak yoki dostonda shoir o‘zi xohlasa-xohlamasa, o‘ynoqilik, ohangdorlikka asosiy e’tiborini qaratishga majbur. Bu esa asar g‘oyasi ikkinchi o‘ringa tushib qoldi demakdir. O‘quvchi bola ijodkor uning diqqatini nimaga tortsa, o‘shanga ergashadi. Binobarin, “tashqi bezak”ka mahliyo bo‘lib, asarning ichki mag‘zi-mohiyatiga yetarlicha e’tibor qaratmasa, g‘oyani eslab qololmasa, u aybdor emas mutlaqo.

Nasriy ertak esa ortiqcha jimjimalardan xoli bo‘lib, bola diqqatini asl mohiyatga yo‘naltiradi, asosiy g‘oyani uning idrokiga ohista va izchillik bilan singdirib boradi.

Endi yana bir o‘ylang. Odamlar film ko‘rishga ba’zan bir-ikki soat vaqtlarini qizg‘anishadi-yu, nega endi oylab va hatto yillab davom etuvchi seriallarni ko‘rishga, albatta, vaqt topishadi? O‘zbek televideniesiga seriallar endigina kirib kelgan davrni bir eslab ko‘ring-a! Agar yanglishmasam, dastlab Braziliyaning “Kanizak Izaura” va Meksikaning “Oddiy Mariya” seriallari namoyish etilgandi.

Mabodo, yodingizda bo‘lsa, bu hol o‘ziga xos “epidemiya”ga aylanib qolgan edi. Navbatdagi serial odatda kechki payt, nima uchundir odamlar ishdan qaytadigan vaqtda namoyish etilardi. U boshlanishiga bir necha daqiqa qolganida Toshkent ko‘chalarida avtobus-trolleybus to‘xtab qolar, yo‘lovchilarning yarmi haydovchilarga ergashib, bekatdagi oshxona, do‘kon, kafe, barlarga kirib serialni ko‘rsa, qolgan yarmi baqirib-chaqirib, jig‘ibiyron bo‘lib o‘tirardi. Bu xil yalpi “tartibsizlik”ka juda ko‘p bora shaxsan guvoh bo‘lganman, bu qadar ishonch bilan gapirishimga sabab shuki, o‘sha “jig‘ibiyronlar” orasida o‘zim ham bor edim-da!

Bir yarim soatlik film qahramonlarni tomoshabin qalbiga olib kirishga ulgura olmaydi, albatta. Hayotni, kundalik turmushni bor murakkabligi va mayda-chuyda tafsilotlari bilan tasvirlovchi, inson ruhiyatini naq ko‘ngil tubiga qadar ochib beruvchi serialda esa ana shu imkoniyat bor. U qahramonni tomoshabin qalbiga olib kiradi, tanish-qadrdonga, eng yaqin kishilaridan biriga aylantirib qo‘yadi.

O‘sha “epidemiya” davridan bir yarim yoshli, sochlari jamalak qizaloqni eslab qolganman. Tili endigina chiqa boshlagan go‘dak akalari, opalarining ismini hali to‘liq aytolmasdi. Biroq Meksika seriallaridagi murakkab nomlarni, misol uchun, “Isidora Kovarubio de Los-Lanos” singari ismlarni bironta harfida yanglishmay va yana urg‘uni joy-joyiga qo‘yib, biyron-biyron tilda takrorlaganlari hali-hanuz ko‘z o‘ngimda...

Mavzudan sal chetlashdim, uzr. Bundan maqsad ertak-dostonga nisbatan nasriy-badiiy ertak o‘quvchiga baayni serialdek kuchli ta’sir o‘tkazishini ko‘rsatish edi. Dostondagi mavhum umumiy obraz nasriy-badiiy ertakda jonli odamga aylanib, bola yuragiga kirib boradi. Go‘dakning ko‘z o‘ngida o‘zining illat-fazilatlariga ega bo‘lgan, rosmanasiga kuyinib-suyunib yurguvchi bir tanish, qadrdonga aylanib qoladi.

Bola bunday ertakni chanqoqlik bilan bosh ko‘tarmay o‘qiydi. Undagi ijobiy obrazlarga taqlid qilgisi keladi. Salbiy obrazlarga o‘xshash kimsalarni kundalik hayotda ko‘rib qolganida, ulardan uzoqroq yurishga urinadi. Bu hol ota-ona berayotgan tarbiyaga yana bir muhim qo‘shimcha emasmi, axir?! Ana sizga nasriy-badiiy ertakning uzoq davom etguvchi ta’sir kuchi!

Hozirgi 13-14 yoshli boladan so‘rab ko‘rsangiz, 7-8 yoshlarida yodlagan she’rlarini eslolmaydi, ammo o‘qigan ertaklarini hali unutganicha yo‘q. Endi shu 13-14 yoshida ibratomuz nasriy-badiiy ertaklarni o‘qisa, bu yog‘i bir umrga eslab qolishi tayin. Zero, bu pallada go‘dakning ongi va qalbi nihoyatda ziyrak, sezgir, unga kuchli ta’sir ko‘rsatgan narsa butkul muhrlanib, hech qachon o‘chmaydi.

Men shular to‘g‘risida ko‘p yillardan buyon o‘ylab yurardim, masalaga har tomonlama yondashib ko‘rib, o‘zimcha qandaydir yo‘l izlardim. Bir necha yillar avval noshirlar dostonlarga qiziqish qolmagani va aksincha, nasriy ertaklarga talab ortib borayotgani, lekin ular yo‘qligi haqida kuyinib so‘zlashganida esa ahdim qat’iylashib, tamomila nasriy va hatto badiiy ertaklar yozishga o‘tdim. Bu shunchaki bozor talabiga bo‘ysunish emas, balki uzoq vaqt yetilib kelgan ichki ehtiyojning nihoyatda yuzaga chiqishi, yakuniy mahsuli bo‘ldi. Yuqoridagi fikr-mulohazalardan o‘zingiz ham tegishli xulosa chiqarib olasiz, deya umid qilaman...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.