BIRINCHI QISM:
Nartsiss gulni qarang, o‘zi mehnat qilib tuproqqa ildiz otmas ekan. Ehtimol, buni eplay olmas, ehtimol, xohlamas... Kim biladi, deysiz, tabiati shunaqadir, balki... Xullas, bu gulga baquvvat daraxtlar tanasidan unib chiqib, uning shirasi bilan oziqlanib ko‘kka bo‘y cho‘zish ma’qulroq ekan. U shu tarzda chiroyini olamga ko‘z-ko‘z qilar ekan. Shunday qilinganda ildizini qora tuproq bag‘rida urintirmay, tayyor zamin – daraxtdan foydalana qolarkan. Ulkan daraxtlar bu gul uchun ham mehnat qilib ter to‘karkan, qarang...
...ammo ularning yonidan o‘tayotgan odamlarning aksari guldan xushlanar, gulga mahliyo bo‘lishar ekan. Faqat juda oz sonli kishilargina – ushbu tandem mohiyatini biladigan xos zotlarning botiniy ko‘zlarigina asl holni – gulga chiroy baxsh etgan daraxtni, uning mehnatini ko‘rar ekan...
Loqaydlik bora-bora inson botinidagi eng baland mezonlardan biri – adolat tuyg‘usini mahv etadi. Adolat tuyg‘usi esa kishilik jamiyatlari suyanib turgan eng baquvvat ustunlardan hisoblanadi... Bu ustunga darz ketsa, u yog‘ini tasavvur qilishning o‘zi dahshat...
Aristotel adabiyotning etimologiyasida tabiatga (har-xil tovush va ranglarga, harakat va holatlarga...) taqlidni ko‘rgan (“Mimesis” nazariyasi). Adabiyotshunoslikning keyingi taraqqiyotida qomusiy olim qarashlarini inkor qiladigan yoki uni rivojlantiradigan fikrlar ham o‘rtaga tashlangan. Bu borada Gegel, Uorren, Uellek, Belinskiy, Gassetlarning qarashlari Aristotel nuqtai nazari bilan har doim ham bir xil bo‘lavermagan. Masalan, Gegelning mashhur “Estetika”sini oling. Olim u yerda badiiy asarni tabiatdan, undagi yaratiqdan ustun ko‘radi. Chunki san’at asarida inson ruhining ishtiroki bor deydi va h.k. Lekin hozir gap bunda emas. Chunki har qancha aylantirib ko‘rmaylik, Aristotel mustahkam asosga ega fikrni ilgari surganligini hayotning o‘zi isbotlab kelmoqda. Albatta, o‘zgacha qarashlarning ham pishiq-puxta poydevori bor esa, olam keng – yashayveradi, bunga hech kim qarshilik ko‘rsatolmaydi. Qolaversa, Gegel ham, boshqalar ham dastlabki ulgini Aristotel bobodan olganiga tarix guvoh. Zero, adabiyotu san’atning kelib chiqishida qomusiy olim nazarda tutgan “taqlid”ning hissasi hamisha o‘z o‘rnida sobit turib kelayotganidan-da ko‘z yumib bo‘lmaydi. Voqean, masala mohiyatiga nazar tashlasangiz, har qanday ijodkor o‘zini o‘rab turgan olamdan ta’sirlanib, unga ergashib nimalarnidir qog‘ozga tushiradi. Ibtido hamisha shunday. Biroq ergashishda ham ergashish bor. Ko‘r-ko‘rona taqlid yoki nusxa ko‘chirish bilan Aristotel aytayotgan “taqlid” orasida yer bilan osmon oralig‘icha farq borligini mulohazali kishi darhol fahmlaydi, albatta. Ulug‘ ustoz ta’kidlagan “taqlid”da ijodkor “men”i (sub’ekt) ishtirok etadi. Bu “men” (sub’ekt) borliq (ob’ekt) bilan muloqotga kirishgandan keyingina o‘zini namoyon qiladi. Muhimi, Aristotel nazarda tutgan “taqlid”da ijodkor “men”i o‘zligini namoyon eta oladi. Nusxa olish (plagiatizm) da esa aynan shu narsa – o‘zlik yo‘q. Plagiator o‘zligini o‘zga (asl) ijodkor “men”i soyasiga yashiradi. Keyin esa asl nusxani yashirib, o‘zi(nusxa)ni original bo‘lishini xohlaydi. Bas, bu yo‘lni ijod deb bo‘lmaydi. Bunday harakat birovnikini o‘zlashtirish, ya’ni o‘g‘rilik, qaroqchilik, yuzsizlik va vijdonsizlik degan og‘ir so‘zlar bilan ataladi (atalmog‘i shart!). San’atkorlik, ijodkorlik degani bu – Yaratganning ijodiga ergashib, ayni paytda, o‘zi (sub’ekt)dan nimadir qo‘shib yaratishdir. Ko‘chirmakashlik bo‘lsa, bandaning ijodiga o‘xshatma yoki undan nari – o‘sha ijoddan atayin o‘zlashtirishdir. Adabiyot va san’at jamoatchiligi orasida plagiatizmga tanqidiy munosabat-qarashni singdirish bilan noma’qul tus olib borayotgan tamoyil ildizini quritish sari bir odim tashlagan bo‘lamiz. Xo‘sh, nega dabdurustdan bu haqda eslab qoldik? Gap shundaki, 2012 yilning oktyabr oyida “Milliy” teatr namoyish etgan Vina Delmarning “Omon bo‘lgil, azizim” spektaklini tomosha qilish asnosida ajabtovur holga tushdim: spektakl qanchalik mashhur bo‘lmasin, men u bilan ilk bor yuzlashib turgan edim. Xullasi kalom, sahnada voqealar boshlanganda, negadir men o‘zimni ular bilan tanishdek his etdim. Nafaqat tanishdek, balki u yerdagi alamnok, ayni damda, o‘ta qiziqarli syujetni deyarli yod bilar edim. Xo‘sh, qaerdan? Ko‘p o‘tmay, lop etib xayolimga “Bog‘bon” filmi tushdi. Vo ajab, hind kino san’atining Amitabx Bachchan, Salmonxon kabi mahoratli aktyorlari rol ijro etgan ushbu film Vina Delmarning “Omon bo‘lgil, azizim” spektakli bilan ikki tomchi suvdek bir biriga o‘xshash edi!.. Bu birinchi voqea!
(Tavba, dunyomiz fikr va g‘oya qaroqchiligiga shu darajada ruju qo‘ydimiki, pirovardida katta-katta adolatsizliklar shundoq ko‘z o‘ngimizda osonlikcha ro‘y bera boshlabdi va biz ularni ko‘pchilik bo‘lib qabul qilib, tik oyoqlarda olqishlamoqqa tushibmiz! (“Bog‘bon” filmi dunyo, ayniqsa, Sharq mamlakatlari kinosevarlari orasida anchayin ma’lumu mashhur bo‘lgan edi, eslang!)
Spektakl davomida, undan keyin ham ushbu o‘xshashlik meni sira tinch qo‘ymadi. Yursam-tursam, xayolimni tamoman ishg‘ol qildi-qo‘ydi. Ayni paytda, O‘z FA Til va adabiyot institutiga muhokama uchun kelgan ayrim dissertatsiyalarda, qo‘limga tushayotgan she’riy va nasriy kitoblarda, turli xil tadqiqotlarda, hatto tarixiy asarlarda-da ana shunday “o‘xshash chehralar” so‘nggi yillarda tez-tez uchrayotgani to‘g‘risida o‘ylay ketdim. Ularning soni shunchalar ko‘pki, barchasiga tanqidiy munosabatda bo‘lib, muhokama qilishga, bor gapni ochiq-oshkor aytishga, ba’zan esa, jilla qursa, o‘z yuragingda “hukm” chiqarishga-da ulgurmaysan, kishi – magar siz adabiy-ilmiy jarayondan chinakam ma’noda boxabar bo‘lib borayotgan bo‘lsangiz, albatta. Axir, tanqidchilik u yoki bu saviyadagi qalamkashning ortidan mudom soyadek ergashib yurib, uning har bosgan qadamiga tarozi tutishga mahkumlik, degani emas-ku! Axir, munaqqid mutaxassis sifatida, avvalambor, yuksak saviyali asarlardan badiiy-estetik zavq tuyib, ularni jo‘shib tahlilu tavsif qilib yashashni istaydi. Aslo, qandaydir o‘rtamiyona qalamkashning nuqsonini topaman deb, uni “ovlash”ni ko‘zlab, tunu kun kitob titib tong ottirmaydi u! Haqiqiy tanqidchi (aslida, tahlilchi!) buni o‘ziga ep ko‘rmaydi. U bularning barchasidan balandda turadi. Ba’zan shunchalarki, uning qavatiga ko‘tarilib, olimning badiiy-estetik darajasiga munosib shu kunning kayfiyati yuksak san’at bilan aks ettirilgan to‘rt qator she’r yo kichik bir hikoyani dabdurustdan topib berolmay ham qolasiz. Ammo vaziyat jiddiy tus olib, atrofda soxtalik va qalloblik urchiy boshlaganda, jim turish har qanday munaqqidning oldin insonlik, keyin olimlik sha’niga dog‘ bo‘lib tushadi...
Ijodkor Olloh yaratgan borliqdan badiiy-estetik zavq olib o‘z asarini yozadi. Munaqqid esa ana shu ijodkorning asaridan xuddi shunday ta’sirlanadi. Lekin hamma gap shundaki, tanqidchi inson yaratig‘ini Ollohnikiga solishtirib mutolaa va mushohada qiladi. Badiiy asarning nechog‘li hayot haqiqatiga yaqinlashib kelgani ana shunda ayon bo‘ladi. Tanqidiy munosabat ham shu o‘rtada tug‘iladi. Ya’ni shoir, yozuvchi va dramaturg xomtama bo‘lmasinkim, munaqqidning suyanadigan asosi yo‘q deb. Aslo va aslo! Haqiqiy olim ham doimo haqiqiy ijodkor suyangan bosh asosga tayanib ish ko‘radi. Ijodkor, Olloh va olim o‘rtasida vositachi, ya’ni shaffof shisha – linzaga mengzaydi. Olloh ziyosining olim qalbi va tafakkuriga nechog‘li yetib kelish-kelmasligi ana shu linzaga, uning botiniy xususiyatlari (birinchi galda, shaffoflik darajasi)ga bog‘liq.
Xo‘p, munaqqid munosabat bildirishga axiyri fursat va jur’at ham topdi deylik. Buning natijasi qanday bo‘ladi? Masalani shu tarzda qo‘yganda, javobning ko‘ngilni xursand qiladigan tomoni zaifroq jaranglaydi. Bu ham tanqidchining shashtini qaytaradi, albatta. Qat’i nazar, u mazkur holning tub ildiziga tushib borishi kerakligini o‘zining burchi deb biladi. Xuddi bir muslim zimmasidagi besh farzga qaragandek qaraydi u o‘zining mutaxassislik vazifasiga. Tanqidchi oldidagi farz maqomidagi vazifa shundan iboratki, u masalaning mohiyatiga chuqur kirib, uning qonuniyatlariga daxldor xulosalar olib chiqishi kerak bo‘ladi. Toki, jamiyat a’zolari ana shu qonuniyatlarga qarab, o‘z hayot komposi millarini (adabiyot haqidagi mushohadalar vositasida) to‘g‘rilab olsin! Aytilganlar mazkur maqolaning yozilishiga turtki bergan ikkinchi sabab edi.
Uchinchi voqea. 2013 yil 15 mart kuni Yozuvchilar Uyushmasining “Badiiy tarjima” bo‘limi yillik hisobotida Uyushma Raisi, Xalq yozuvchisi M.Ali qo‘lidagi katta kitobni ko‘rsatib, hammani hayratga soladigan bir ayanchli holni oshkor aylab, bunday “qilmish”ning oxiri voy bo‘lishini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, “O‘zbek xalq ertaklari” ni o‘zga til(nemischa)ga o‘girgan yosh tarjimon ertak-kitobning muqovasiga muallif sifatida o‘z ismini qo‘yib yuboribdi! Ana, xolos... Chet tilida chiqargani uchun, ehtimol, “kim ham ko‘rib o‘tiribdi?” deganmi yo “xorijiy tilni mendan o‘zga biladigan yo‘q!” sanaganmi, xullas, natija – o‘rtada va g‘oyat ayanchli!
To‘rtinchi voqea. Kunlardan bir kun, “Sharq yulduzi” tahririyatiga kelgan materiallar bilan tanishish chog‘ida bitta maqolaning uslubi nihoyatda tanish ekanligini sezdim. Keyin eslab, “Adabiyotshunoslik lug‘ati” (Quronov va boshq. Toshkent. Akademnashr. 2010) ni olib qaradim. Bir xil. Avvaliga ko‘zlarimga ishonmadim. Nahotki, ochiqdan ochiq, nuqta-verguligacha shu yanglig‘ ko‘chirib, yana Respublikaning “otaxon” jurnaliga uyalmay-netmay ko‘tarib kelish mumkin bo‘lsa!.. Gap shundaki, maqola muallifi (ismi sharifini yozmadim – avvalo, maqola to‘xtatib qolindi, bu haqda muallifning o‘ziga aytilib, e’lon qilinishi xunuk oqibatlarga olib kelishi tushuntirildi, qolaversa, navnihol qiz nomiga jabr bo‘lmasin!) Viloyat Pedagogika institutining yosh tadqiqotchisi, “o‘zining” modernizm va postmodernizm haqidagi “maqolasi”ga yuqorida nomi zikr etilgan kitobdan shundoq ko‘chirib qo‘ya qolgan edi. Adolat yuzasidan aytish kerak, “maqola” ibtidosi va intihosidagi bir necha jumlani (e’tibor bering – bor-yo‘g‘i bir necha jumla!) “lug‘at”dan topolmadim.
Beshinchi voqea. Shahrisabzlik ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi, shoira Zuhra Ochilova tahririyatga she’r olib kelib, shunday deb qoldi: «ikki shoir she’rini o‘qidim – deyarli bir xil». Men unga shu haqda maqola yozishni aytdim. Oradan ko‘p o‘tmay, shoira ikkala kitobga qo‘shib bir betginadan iborat mulohazalarini yozib keldi. Unda shunday deyiladi: “Yaqinda Mirpo‘lat Mirzoning “Taskin” (Toshkent. «Yozuvchi». 1995) hamda Qahhor Tursunzodaning “Shamsiya” (Qarshi. «Nasaf». 1998) to‘plamlari qo‘limga tushib qoldi. “Taskin”ning 5-betidagi “Kuz” she’ri “Shamsiya”ning 51-betidagi “Kuz yomg‘iri” she’ri bilan mavzu, matn xususiyati juda o‘xshash. Nahotki, ikki ijodkor bitta mavzuda shu qadar bir xil she’r yoza olsa?..” Sakkiz qatorli she’rlarni solishtirib, bor-yo‘g‘i ikki misrada juz’iy tafovut ko‘rgan shoira quyidagicha xulosalarga boradi: “Demak, she’rning u yoq bu yog‘ini o‘zgartirib, muallif bo‘lib olish oson ekan-da... Ammo kitobxonning xafsalasi pir bo‘lgani qoladi”. Xuddi shunday achinarli voqealar ilmiy asarlar va maqolalar sahifalarida tez-tez uchrab turgani tashvishimizni chandon orttiradi.
Oltinchi, yettinchi... va h.k. voqealarni o‘zingiz eslab ko‘ring-a. Chunki siz ham shu kabi salbiy hodisalarga duch kelgan bo‘lishingiz mumkin.
IKKINCHI QISM
Adabiyotshunoslikda “Muallif o‘limi” degan termin va bu termin tagida butun boshli qarashlar tizimi mavjud. Ustiga ustak, “intertekstuallik” degan yana bir qanoti paydo bo‘ldiki, unga ko‘ra, har qanday asar bu – matn o‘yini. Yaxshisi, lug‘atga murojaat qilamiz: “INTERTEKSTUALLIK (lot. inter – aro, textum – to‘qima, mato, matn) – fanga frantsuz filologi Yu.Kristeva kiritgan termin. Unga ko‘ra, har qanday matn avval mavjud bo‘lgan matnlarni transformatsiya qilgan holda o‘ziga singdirgan tsitatalar majmuidir... I. tushunchasi strukturalizm va poststrukturalizm yo‘nalishidagi adabiyotshunoslikda juda tez ommalashdi. Jumladan, frantsuz adabiyotshunosi R.Bart ham I.ni qo‘llab quvvatlaydi, har qanday matn “qo‘shtirnoqsiz tsitata” deb biladi. Ya’ni, unga ko‘ra, har qanday matn mohiyatan intertekst bo‘lib, unda avvalgi va joriy madaniyatga oid matnlar u yoki bu darajada tanib olish mumkin bo‘lgan alfozda mavjuddir. Albatta, adabiy asar o‘zidan oldingi va joriy zamondosh adabiyot bilan dialogik aloqada ekan, unda boshqa matnlarning izlari sezilishi (q. reministsentsiya) tabiiy. Biroq postrukturalistlar bu holni mutlaqlashtiradilar, uni badiiy asar tabiatini belgilovchi qonuniyat maqomiga ko‘taradilar. Avvalo, ular matnni g‘oyat keng tushunadi: adabiyot, madaniyat, jamiyat, tarix, inson – bularning bari matn, bari matn tarzida o‘qilishi va uqilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, insoniyat madaniyati to‘lasicha bitta intertekst sifatida tushunildiki, u yangi yaratilayotgan har qanday matnga asos (podtekst) bo‘lib xizmat qiladi. Demak, yangi yaratilayotgan matn sub’ekti madaniyatning ulkan inetertekstini tashkil qilayotgan sanoqsiz matnlarga singib ketadi, yo‘qoladi. Shu tariqa matn muallifi intertekstual o‘yin proektsiya qilinadigan bo‘shliq deb tushuniladi, matnga esa individning maqsadli faoliyati emas, ongsiz tarzda amalga oshuvchi “intertekstual o‘yin” mahsuli sifatida qaraladi. Bu esa badiiy ijodda individuallikni inkor etib, tabiiy ravishda “sub’ekt o‘limi” (Fuko), “avtor o‘limi” (R.Bart) kontseptsiyalariga bog‘lanadi”.[1]
Bir qarasang, yuqoridagi mulohazalarda asos bordek, bir qarasang, judayam bahstalab. Chunki inson bolasi dunyoga kelishi bilan atrofga o‘rganishga moyil ko‘zlariyu quloqlarini tikadi. Uning bilimi olamdan va odamdan keladi. Shakllanishi mobaynida so‘z, gap, gap konstruktsiyalari, matn... bularning barini u tashqaridan, jamiyatdan, odamlardan o‘rganadi. Ranglaru tovushlarni ham xuddi shunday, tap-tayyor holda qabul qiladi. Boshqacha aytganda, sanalganlarning hammasi – bir qolip. Inson har qanday fikrni ana shu qoliplaru shakllar yordamida ifoda qiladi. Shuning o‘ziyoq inson tomonidan yaratilgan har qanday ijod namunasi mutlaq asliyat emasligiga dalil. Binobarin, yozuvchi asari haqiqatan ham intermatn, ya’ni matnlar ichida matndir. Lekin masalaning boshqa jihati bor: avvalo, inson bolasi bu faqat tashqi shart-sharoitning mahsuli, sotsial mavjudotmi? U chindan-da hamma narsani tashqaridan o‘rganadimi? Yoki u tug‘ilishdanoq shu bilimlarni bilishga qodir va moyil bo‘lib dunyoga keladimi? Uning ruhiy ildizi qaerga ketdi? Biologik asosi-chi? U bir paytning o‘zida ham ruhiy, ham biologik, ham ijtimoiy-madaniy ildizga ega-ku! Inson barmoq izlaridagi farqlilik nimaga ishora? Asliyatga emasmi? Har bir bola tug‘ilishdanoq original tal’ati bilan dunyoga jar solmayaptimi? O‘sha qolip-shakllarni olaylik. Shu shakllar yordamida o‘zlikni ifoda qilishda asliyatni saqlab qolish mumkin emasmi?! Ya’ni har bir sog‘lom inson qo‘lida beshtadan barmoq bo‘lgani (bir xillik, qolip) holda, har birining izlari turfa-ku (asllik)!
Inson borki, hayotni atrof-javonibdan, tabiatdan, o‘zidan kattalarning tajribasidan o‘rganadi, o‘z tegrasidagi borliqni kuzatadi, unga ergashadi, taqlid qiladi. Keyin shoir “Izlab chiqdim men o‘z yo‘limni” deganidek, asta-sekin o‘zinikini qidirib yo‘lga tushadi. Yosh boshlovchi ijodkor o‘z navbatida kitoblardan ham ko‘p saboq oladi, dastlab ularga ergashib qog‘oz ham qoralaydi. Lekin qalbi va tafakkuri balog‘atga yetib, odamlarga muhim bir “gap” aytishga chog‘langanda, albatta, o‘z so‘zini aytishga taraddudlanib qoladi. Aslida, matnlarga, ya’ni kitoblarga emas, hayotning o‘ziga taqlid qilish taqlidlarning eng yuksagi bo‘lsa, ne ajab! Tushunchamizdagi chinakam ijod degani ham shu, aslida. Chunki hayot hamisha har qanday qoliplarni sindirib, yangisini taklif etaveradi. (“Dunyoda jamiki hislar ustidan Qahqaha uradi qadim bu hayot”. A.Oripov.) Ushbu yangi yo‘l ijodkorning o‘ziga tegishli bo‘ladi. Albatta, “har qanday yangilik yaxshi unutilgan eskilikdir”, degan naql bor. Joni bor shu gapning. Lekin mavjud g‘oya va nazariya, mazmun va shakldan nusxa ko‘chirilmay, hayotning o‘ziga ergashib, u bilan yaqin muloqotdan tug‘ilgan yangi asar har qancha “yaxshi unutilgan” eskilikka o‘xshasa ham, baribir, yangiligicha tug‘iladi, shunday bo‘lib qoladi. Chunki u hayotga taqlidan yaratilgan bo‘ladi. Hayot esa bir joyda turmaydi: u o‘z shaklini mudom yangilab, turlab boradi. Bas, shu yangilik (jilva!) unga taqlidan yaratilgan yangi asarda aks etmay qolmaydi. Ushbu asar eskining yangisi bo‘lib dunyoga keladi. Mavjud kitoblar soyasida yaratilgan “asarlar”da esa hol o‘zgacha. Taqlidchi hayotga emas, asarga, birovning mehnatiga (uning hayotni kuzatib erishgan badiiy qolipi – modeliga) taqlid qilgani bois, uning asari eskining eskisi bo‘lib qolaveradi. Menga “Xamsa” an’analarini misol keltirib, e’tiroz bildirish mumkin. Nazarimda, hamma adabiy hodisalarni bir xil mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Albatta, Nizomiy Ganjaviy hayotga va ellar orasidagi mavjud afsonalaru dostonlarga birinchi bo‘lib taqlid qildi, natijada, “Xamsa”dan o‘rin olgan besh asarda hayotning muayyan modelini yaratdi. Boshqa “Xamsa”chilarning xizmati har qancha o‘zgachaligiga qaramay, mavjud ilk asarning shakliga (demak, Ganjaviy yaratgan badiiy modelga) qaysidir ma’noda taqliddir. Bu – bor gap. Ammo taqlidda ham taqlid bor, dedik. Bu o‘rinda izdoshlar Ganjaviy dahosi soyasida qolib ketmaslikka harakat qiladilar va bunga erishadilar: mazmunda nigohlar goh-goh taqlid qilinayotgan asar voqeligidan hayotga tomon ko‘chadi, shoir endi emin-erkin bo‘lgandek, o‘zi va hayot orasidagi munosabatni vositachisiz qog‘ozga tushiradi. G‘arbda Ganjaviynikidan boshqa “Xamsa”larni tarjima deb bilishlarini o‘qiganimiz bor. Bu bejiz emas, chunki mazkur fikr yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan. Lekin u paytda sayyor syujet tushunchasi keng yoyilganligini unutmaslik kerak. Biz narsa-hodisalarga baho berayotganimizda o‘z davrimiz kayfiyati va mezonlaridangina kelib chiqadigan bo‘lsak, haqiqatga qay darajada yaqinlasha olamiz? Axir, “Xamsa” haqida gap ketganda, avvalambor, u yaratilgan davr mazmun-mohiyatini hisobga olmog‘imiz durust emasmi? Shu bois mening ham xuddi siz kabi qolgan “Xamsa”larni taqlidchi deganlar bilan bahslashgim keladi: “yo‘q, “Xamsa” tarjima asar emas, unda har bir shoir mavjud shaklga o‘z mazmunini, iztirobu kechinmalarini to‘kib solgan, bas, uning ijodkori tarjimon deb emas, ijodkor deb atalmog‘i shart!..” Ayni damda, ichimizda hech bir vallomatning gapiga quloq solmaydigan yana bir qaysar munaqqid yashaydiki, u sira tap tortmay: “Xamsa”da har ikkisi – taqlid ham(insonga ergashish), ijod ham (tabiat (hayot)ga ergashish) barobar ishtirok etgan” deydi go‘yo oxirgi naqd gap shu degandek. Navoiyga keladigan bo‘lsak, daho shoirning xizmati faqat “Xamsa” yozgani bilan belgilanmaydi. U bu muhtasham asarni o‘sha vaqtda “harb tili”, nafis adabiyotga mutlaqo yaroqsiz deyilgan turkiyda yaratdi. Bu bilan Navoiy o‘sha paytda turkiy til borasida stereotipga aylangan jamiki haqoratomuz qarashlarni bir zarb bilan parchalab tashladi. Axir, bunga Nizomiydek yana bir bashariy miqyosdagi dahoning o‘zi ham jur’at qilmagan edi. Bu esa Navoiyning yana bir xizmati! Butun turkiy xalqlarning g‘urur-sharafi uchun ado etilgan mislsiz xizmat! “Xamsa” hodisasida Nizomiyning asoschi maqomidagi xizmatini (unda ham salaflar, masalan, Firdavsiyning “Shohnoma”sidagi muayyan syujet chizig‘idan ta’sirlanishlar bo‘lgan!) munosib ravishda to‘riga qo‘ygan holda, Navoiyni “taqlidchi” deyayotganlar (masalan, V. Bartold) ga qarata bunday hodisa jahon adabiyotining boshqa namunalarida ham uchrab turishini, masalan, J. Joysning “Uliss” romani ko‘pgina jihatlariga ko‘ra (nomlanishi, shakli, qahramonlarining tanlanishi, voqealarining tartiblanishi va h.k.larida) Homerning “Odisseya”siga o‘xshashligini, lekin shuncha zohiriy o‘xshashliklar bo‘lgani holda hech kim Joysni taqlidchilikda ayblamasligini misol tariqasida eslagim-eslatgim keladi.
Mavzuga aloqador tag‘in bir gap shuki, original syujet shakllarini yaratish oson ish emas. Ijodkor har qancha iste’dodli va hatto daho bo‘lmasin, uning qachon va qanday davrda tug‘ilishi ham ko‘p narsani hal qilib berishi, chunonchi, har jihatdan tubdan o‘zgarishlar ro‘y berayotgan zamonlar ijodkorga juda xilma-xil syujet shakllarini shundoqqina taqdim qilib qolishi mumkin. Bunga amin bo‘lmoq uchun Qodiriy va Cho‘lpon hayotiyu ijodini birrov esga olishning o‘zi kifoya. Ya’ni tarixiy burilishlar pallasida tug‘ilish va yaratish ijodkorning taqdirida ko‘pincha hal qiluvchi omilga ega. Bu endi alohida o‘rganiladigan hodisa.
Meni yana Bobur she’riyati o‘ziga ohanrabodek tortaveradi. Avvaliga bilmas va tushunmas edim, uzoq yillar davomidagi o‘ylov, mushohada va tajribalar natijasida shunday xulosalarga keldimki, bu dilbar va haroratli she’riyat to‘g‘ridan to‘g‘ri shoirning hayot bilan munosabati bag‘ridan o‘sib chiqqan ekan. Shoir asarlari garchand shaklan risoladagi aruz vaznida bitilgan bo‘lsa-da, o‘zining ichki mazmun-mohiyati va yuksak pafosiga ko‘ra, mumtoz she’riyatning umumiy qoliplariga unchalik ham tushmas ekan. Buning eng katta sababi esa, nazarimda, Bobur she’riyatida ilk bor “lirik men” tushunchasi g‘oyat aniq va kuchli bir tarzda namoyon bo‘layotgandi. Ko‘pgina shoirlar she’rlarida “biz” tushunchasi mavjud esa, Boburda “men” bor edi. “Biz”ning qiyofasi g‘oyat umumiy bo‘lib, masalan, o‘nta shoirning g‘azalidagi qahramon go‘yo egizaklar kabi o‘xshash esa, “men”niki yarq etib olis-olislardan ham ko‘zga tashlanar, xuddi qadrdon inson siymosi yanglig‘ o‘ziga jalb etardi. Masala mohiyatini maqola mavzusi nuqtai nazaridan tekshiradigan bo‘lsak, demak, Bobur mumtoz she’riyatda urf bo‘lgan umumiy adabiy qahramonning xayoldagi holini (qismatini) emas, yo‘q, balki ziddiyatli hayot oqimida suzib borayotgan real inson holini (qismatini) she’rga solgan. (Boshqalarda bu jihat fragmentar tarzda, Boburda esa tizimli va to‘laqonli tarzda butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lgan). Ya’ni u, avvalambor, inson ijodiga emas (taqlid), Yaratganning ijodiga ko‘ngil ko‘zini tikkan (ijod).
(Shu o‘rinda, aytilganlardan kelib chiqib, masalaning bir muhim jihatini oydinlashtirib olmoq kerakka o‘xshaydi. Ijod borasida taqlid bu – inson yaratgan ishlarga ergashish bo‘lsa, ijod bu – Yaratganning asari – hayotga ergashishdir.)
Xalq maqollari, ertaklari nima? Ularni chindanam butun boshli xalq to‘planib olib ijod qilganmi? Yo‘q, albatta. Ular ham, aslida, shu xalqning iste’dodli vakillariga tegishli. Faqat ularning nomlari – mualliflar unutilgan. O‘zbekiston xalq shoiri E. Vohidov “Maqollar – nomsiz shoirlarning satrlari...”[2] deb yozadi. “Muallifning o‘limi” alaloqibatda shu natijaga olib keladimi? Har holda, bunday natija birovning asarini boshqaning o‘zlashtirib, o‘z nomidan e’lon qilishidan behroq. Chunki muallif, garchi unutilgan bo‘lsa ham, uning asariga nisbatan, masalan, “o‘zbek xalq dostoni” deyilsa, unchalik alam qilmaydi. Chunki u mazkur millatga mansub bo‘lgani uchun “xalq dostoni” deyilganda u ham shu xalqning orasida turadi. Adolat qisman tiklangan bo‘ladi. G‘azal janriga e’tibor qiling. Maqta’sida shoir ismi, albatta, yoziladi. Natijada, bir shoirning she’ri boshqa shoirga “o‘tib ketmaydi”. Alohida o‘ylab ko‘rishga arzigulik mavzu...
Gumanitar fanlar tarixida G‘arbda inson XVIII asrdan e’tiboran ijtimoiylasha boshladi, jamiyatda yakka shaxs – sub’ektning roli ortdi, deyiladi. Bu hodisa Sharqda, xususan, bizda XX yuzyillikka kelib ro‘y berganligiga tarix guvoh. Shaxs maqomining o‘tmishda nisbatan past bo‘lib, zamonamizga kelib ortib borishining ham mualliflik masalasiga daxldor tomoni bor, deb qaraladi. Adabiyot tarixiga nazar solinsa, chunonchi, xalq dostonlari, qo‘shiqlari, matallari, askiyalarining muallifsiz ekanligini, ularning “xalq” degan g‘oyat umumiy nom ostida berilishi kishini boshqa xayollarga ham olib ketadi. Jumladan, tarixda kishilik jamiyatlarida umumruh-kayfiyat kuchli bo‘lib, yakka kishining individuallashuvi ko‘proq keyingi tarixiy formatsiyalarga tegishli hodisa ekanligi ham jiddiy o‘ylab ko‘riladigan masala. Xullas, qaysi tomondan qaramang, mualliflik masalasi, uning “tug‘ilishiyu o‘lishi” bilan bog‘liq fikr, qarash va farazlar tadqiqining o‘ziyoq bashariyat taqdiri, uning ijtimoiy-madaniy-psixologik tadrij bosqichlaridagi turlanishi, qolaversa, inson ruhiyati muammolarining ko‘pgina qorong‘i tomonlarini ochib beradigandek tuyuladi menga.
Inson a’moliga ergashish – taqlidlarning eng qulayi. Tabiatga taqlid esa ijodning eng asl va eng qiyin shakli. “Muallif o‘limi” shuning uddasidan chiqolmaganlarga, bugungi kunning shoumenlariga, iste’dodi hamin qadaru lekin o‘zi mashhur bo‘lishni o‘lgudek istayotgan uddaburonlarga g‘oyat qo‘l keladi. Ispan esteti va faylasufi O. Gassetni eslang, ixtironi yakka olimlar amalga oshiradi, lekin uning rohatini omma ko‘radi, degan edi. Ijoddagi taqlid borasida ham shunga yaqin bir hol kuzatilmoqda: haqiqiy ijodkor yurak qoni bilan asar yaratadi va uning kuchi, asabi, vaqti shu yerga qadar yetadi. Plagiatlarda esa kuch, asab va vaqt ana o‘shalar mehnatini o‘zlashtirishga sarflanadi va ko‘pincha, “uloq”ni shular olib qochadi. Chinakam is’tedod o‘z ichidagi ijod dardi bilan kurashishgagina qodir.
...Adabiy yig‘inda qatnashchilardan biri Hodi Toqtoshning mashhur “Muhabbat o‘zi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangortadi”, degan fikrini Abdulla To‘qayga nisbat bergan edi, o‘tirganlar uni tuzatishdi. Notiq “Nima farqi bor, u aytdimi, bu aytdimi, muhimi kim aytganida emas, balki qanday aytilganida, aytilgan gapning mazmun-mohiyatida”, dedi. Boshqa bir kun yozuvchi do‘stim “yaxshi irod qilingan fikr yo qarashning ostida kimning oti turgani mutlaqo ahamiyatli emas. Uni Navoiy aytadimi, Boburmi, menga farqi yo‘q. Biz uchun uning borligi muhim. Ism nima? Besh yo oltita harf, xolos”, dedi. Muhtaram o‘quvchi, men bu yerda na o‘sha notiq va na do‘stimning axloqidan shikoyat qilib ushbu maqolani yozmayapman, aslo! Men shunday yondashuv tobora hammaga xos bo‘lib borayotganligidan, ushbu hol davrimiz kishilarining umumiy kayfiyatiga aylanib ketayotganidan tashvishlanib bong urayapman, xolos. Maqola shu bois yozilayapti. Yana shu boiski, men ana shu tamoyilga, garchi u ko‘pchilikka taalluqli bo‘lsa ham, qarshi bo‘lganim uchun yozilayapti.
...uchrashuvlardan birida ustozlar tomonidan muayyan fikrlar aytildi. Shunda talabalardan biri turib, “tushunchalar nisbiydir, siz uchun dushman bo‘lgan odam men uchun do‘st bo‘lishi mumkin”, dedi. To‘g‘ri, chunki, aslida, shu tushunchaning o‘zi ham nisbiy. Ammo “nahotki, dunyoda nisbiy bo‘lmagan haqiqatning o‘zi bo‘lmasa?!” degan savol tug‘iladi. Nega bo‘lmas ekan? Olloh va uning sifatlari mutlaq haqiqatdir, deyiladi muqaddas o‘gitlarda. Bu ham oriy rost. Shunga qaramasdan, baribir, qaydadir shunday bir chiziq o‘tadiki, u bizning nazarimizdagi nisbiylik tushunchasidan ancha balandda turadi. Uning nomi adolatdir, ehtimol. Zero, qaydadir har qanday qudratli insonning-da irodasidan xoli bo‘lgan mutlaq haqiqat bor. Faqat biz unga yetib borishga qodir bo‘lsak, yo‘lda har-xil mayda manfaatlar tuzog‘iga ilinmasak, bas!Axir, sizga do‘st bo‘lgan inson agar insoniylik bobida chindan-da jirkanch bo‘lsa, shu sifati uchun uni sevish, yoqlash mumkin emas-da! Uni do‘st tutganlar nohaqdirlar. Demak, adolat va haqiqat nuqtai nazaridan bunday tutumlar hamisha yo taqdirlanar va yoki muhokama etilar ekan. Shu yerda “nisbiy” degan gapimizning o‘zi nisbiy bo‘lib qolgani meni quvontiradi...
...hamma narsani maydalab ko‘rilsa, u boshqa mohiyat kasb etishi mumkin. Chunonchi, quyidagi el aro mashhur hikoyatga e’tibor qiling: yigit qizni sevadi. Sevgi uni har nimadan mahrum etadi. Shunda unga yordam bermoqchi bo‘lishib, qizga zahar berishadi. Qiz balg‘am, safro, qon, xilt qusadi. O‘zi ham kundan kun xunuklashib boradi. Yigitga qusqini ko‘rsatib, “mana, ko‘r, sen aslida nimani sevasan!” deyishadi... Bu hikoyat o‘z vaqtida ma’lum maqsad bilan aytilgan. U o‘sha maqsad doirasidagina maqbul bo‘lishi mumkin. Lekin mohiyat-etibori bilan xatodir. Chunki, aslida, yigit muhabbati ana shu va yana shunga o‘xshash ko‘pdan ko‘p unsurlardan bino bo‘lgan badanni emas, ularning kombinatsiya ortida yashirin borliqni, inson ruhini sevishi to‘g‘ri emasmi?.. Aksi taqdirda, muhabbat tugul, erkakning ayolga shunchaki yaqin yurishi ham mumkin bo‘lmasdi-ku!.. Chunki eng go‘zal badan ham qanday unsurlardan tarkib topgani hech kimga sir emas: qon, go‘sht, suyak, suv, safro, xilt, balg‘am va h.k. Ularni alohida-alohida ajratib olsak, biz boshqa mazmunga duch kelamiz. Biz masalani bunday qo‘yolmaymiz, aslo! Bu – boshi berk ko‘cha... Shuning uchun matnni butunicha ko‘rish kerak. Fikrni kontekstda uqmoq lozim. Uning bag‘ridan yulib olingan fikr butunlay boshqa fikr bo‘lib chiqishi hech gapmas! Nazarimda, xuddi shuning uchun ham insonni uning davri bilan birga o‘rganish, so‘z va amallarini shundan kelib chiqqan holda baholash joiz. Adabiy qahramonlarga yondashuvda ham shunday: badiiy asar yaratilgan davr bilan birga, uning tabiatidan kelib chiqib tadqiq etilmog‘i durust. Albatta, umumzamoniy va umuminsoniy qadriyatlar, badiiy-estetik mezonlar doimo yodimizda turadi, turishi shart!..
...adabiyotshunoslikda lirik men, muallif meni, sub’ekt, roviy, muallif degan tushunchalar avvaldan bor. Demak, shu yerda muallifning turli qirralari haqida gap borgan. Muallif bo‘lgan, bor va bo‘ladi. Chunki u asar yaratuvchisi, asardagi mazmunu shaklni muayyan tartibga soluvchisi. Deylik, ikki muallif bir xil mavzu, masalan, do‘stlik haqida yozsin. Lekin ularning har biri o‘zicha yozadi. Shu turfalik ortida muallif meni, uning dunyoqarashi va h.k.si yotadi. “Xamsachilik” an’analarini yodga oling. Rollan Bart yozuvchi Onore de Balzakdan misol keltirib yozadi: “Balzak v novelle «Sarrazin» pishet takuyu frazu, govorya o pereodetom jenщinoy kastrate: «To bыla istinnaya jenщina, so vsemi yee vnezapnыmi straxami, neob’yasnimыmi prichudami, instinktivnыmi trevogami, besprichinnыmi derzostyami, zadornыmi vыxodkami i plenitelnoy tonkostyu chuvstv». Kto govorit tak? Mojet bыt, geroy novellы, starayuщiysya ne zamechat pod oblichem jenщinы kastrata? Ili Balzak-individ, rassujdayuщiy o jenщine na osnovanii svoego lichnogo opыta? Ili Balzak-pisatel, ispoveduyuщiy «literaturnыe» predstavleniya o jenskoy nature? Ili je eto obщechelovecheskaya mudrost? A mojet bыt, romanticheskaya psixologiya? Uznat eto nam nikogda ne udastsya, po toy prichine, chto v pisme kak raz i unichtojaetsya vsyakoe ponyatie o golose, ob istochnike. Pismo – ta oblast neopredelennosti, neodnorodnosti i uklonchivosti, gde teryayutsya sledы nashey sub’ektivnosti, cherno-belыy labirint, gde ischezaet vsyakaya samotojdestvennost, i v pervuyu ochered telesnaya tojdestvennost pishuщego”.(Rollan Bart. 1968, «Manteia»).
Olimning “Kim bu matnni yaratgan?” degan savoliga hech narsadan xabari yo‘q odam soddadilligi bilan “muallif” deymiz jilmayib. Chunki Bart sanayotgan “muallifchalar”ning bari katta bir muallif tegrasida aylanadi. Bu xuddi quyosh sistemasiga o‘xshaydi. Barcha sayyoralar quyosh atrofida girgitton. Son-sanoqsiz kometalar ham u yoki bu shaklda quyoshga bog‘liq holda mavjud. Ular quyoshdan alohida, ammo quyoshga tobe. Quyosh bo‘lmasa, ularning bari hududsiz bo‘shliq ichra sochilib ketadi. Ularni bir tizimga solib turgan narsa – quyoshning tortish kuchi bo‘lgani kabi badiiy asar sayyoralarini ham muallif izga solib turadi.
O‘quvchi va muallif tushunchalari ham bir-biriga bog‘liq. R.Bart muallif o‘limini e’lon qiladi. Ammo o‘quvchi bor ekan, muallif ham mavjud bo‘lmaydimi? Chunki o‘quvchi xayolan, baribir, muallif bilan dialogga kirishadi-ku! Matn bo‘ylab sayohat qilarkan, har odimda muallif siymosiga duch keladi. Garchand, u, masalan, nasriy asarlarda syujet domiga g‘arq bo‘lgan taqdirda ham, baribir, muallif haqida o‘ylaydi. Uning inson sifatidagi sifatlarini chamalaydi. Chunonchi, “Odisseya”, “Iliada” kabi asarlar muallifi masalasi ilmda uzoq vaqtlar hal qilinmay kelgan. Ko‘pgina olimlar uni yo‘q, deb bilishdi, haligacha shunday deguvchilar bor. Shunga qaramay, muallif haqida bosh qotirishdi (chunki oddiy insoniy mantiq shunga ehtiyoj sezdi), nihoyat, uni topishdi ham – Homer...
O‘zimizning Alpomishni oling. U xalq og‘zaki ijodi namunasi deyiladi. E’tibor bering: bu, doston muallifdan xoli, degani emas. Uning ijodkori xalq, demak, muallif ham xalq. Lekin shunga qaramay, olim shu xalqning orasidan ham bir necha baxshi shoirlar siymosini izlashdan charchamaydi, ich-ichida muazzam epik asarning muallifi hech qachon butun boshli xalq bo‘lishiga ishonmaydi. Aksincha, bu kabi asarlarning moyasi konkret ijodkor tomonidan qo‘yiladi. Keyin u og‘izdan og‘izga o‘tib sayqal topadi va natijada, Alpomishu Go‘ro‘g‘li, Dadaqo‘rqitu Manas kabi dostonlar dunyoga keladi.
Muallif tushunchasi O‘rta asrlargacha yo‘q edi, deydi Bart. U keyinroq paydo bo‘ldi va 17-18 asrlarga kelib sobitlashdi. Tug‘ri, ko‘pgina xalq og‘zaki ijodi namunasi bo‘lgan dostonlar, aytimlar, aforizmlar... bularning barcha-barchasi ana shunday kollektiv mehnat hosilasi bo‘lgan. Lekin vaqtlar o‘tib shaxsning maqomi o‘zgardi: individuallishish jarayoni kuchaydi. Ana, ibtidoiy jamoa tuzumi zamonida jamoalashib yashagan odamlar bugunga kelib alohida-alohida uylarda yashamoqda. Kerak bo‘lsa, bitta uyda yashab, ayri-ayri xonalarni o‘ziga makon qilib olishgan. Qozon-tovog‘idan tortib, kiyim cho‘tkasigacha boshqa-boshqa. Bularning hammasi shuni ko‘rsatadiki, insonning dunyoga qarashi, o‘ziga munosabati, bitta ifoda bilan aytganda, borliqni ko‘rish va qabul qilish, unga yondashish tarzi bir joyda turgani yo‘q, u mudom turfalanib, yangi-yangi shakllarga kirib borayapti. Bas, shunday ekan, individuallashishga tabiiy jarayon, deb qarash kerak. Demak, muallifning paydo bo‘lishi ham tabiiy jarayon edi. XX asrga kelib, muallifning “o‘limi” haqida gapirar ekanmiz, demak, biz bu bilan insonning individuallashishining barham topgani haqida bong urayotgan bo‘lib chiqmaymizmi?.. Nahotki? Axir, bu gap “ko‘cha”dagi mavjud haqiqatga zid-ku!.. Yoki bu hol tamomila yangi bir jarayondan darakmi?.. Nazarimda, masala shu nuqtai nazardan ham jiddiy tadqiq etilishi kerak.
UCHINCHI QISM:
Maqolamizning “Ikkinchi qism”idagi mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, “Muallif o‘limi” masalasi o‘z yo‘lida ko‘plab boshqa yondosh (taqlid, ko‘chirmakashlik, o‘xshab qolish, atayinlik, chalkashlik, ijodiy ta’sirlanish, ta’sir va taqdir, mushtarak sharoit va o‘xshash ijod, an’anani davom ettirish, mushtarak mavzu, mimesis va h.k.) masalalarni ham qamrab olar ekan. Endi, keling, ana shu masalalarni birma bir sanab, imkon topgan o‘rinlarimizda mohiyatlariga birrov bo‘ylashga urinib ko‘raylik.
1. Taqlid. U o‘z tabiatiga ko‘ra har xil bo‘ladi. Lekin, umuman, mohiyati bir asosga borib bog‘lanadi, ya’ni taqlid qiluvchining yoshligi, g‘o‘rligi yoki tajribasizligi, ba’zan esa barchasining birligiga. Taqlidchi o‘ziga yoqqan biron bir asarning ta’siriga tushib qoladi-da, unga ergashib, unga o‘xshatib qog‘oz qoralaydi. Odatda, taqlid vaqt va tajriba bilan o‘tib ketadi. O‘tmaydiganlari ham bo‘ladi. Iste’dodsizlik, deyishadi buning boshqa bir otini. Aynan taqlidning shu xili adabiyotu san’atga deyarli hech nima bermaydi, berolmaydi. Xunugi shuki, bunday taqlidchi kun kelib shoir aytmoqchi, “Asl nusxaman deb jar sol”ishi (A. Oripov) mumkin. Har qanaqasiga olib qaramaylik, alaloqibatda, taqlid eng kamida yoshlik-tajribasizlik, yo‘qsa, iste’dodsizlik va hatto nuqson sanaladi.
Ba’zan tuzukkina iste’dod sohiblari ham o‘zlarini taqliddan qo‘riy olmay qoladilar. Buning sababi shuki, taqdir ularga ijodkor qismatini in’om qilmagan bo‘ladi. Ya’ni “inson – yashirin xazina”. Lekin sharoit tug‘ilmaguncha xazina o‘zini namoyish eta olmaydi. Bunday sharoit ijodkor qalbini o‘rtaydigan evrilishlar: ulkan sevgi, ayriliq, o‘zi va yaqin kishilarining murakkab hayot yo‘li, goho og‘ir xastaligi, hatto ayrimlarining o‘limi; Vatan muhabbati, mustamlakachilar zulmi, ozodlik dardi, Vatandan judolik, bu yo‘lda chekilgan zahmatlar; dunyoni, hayotni falsafiy idrok qilishga olib boradigan ruhiy-ma’naviy iztiroblar, o‘zgarishlar ko‘lami, teranligi va h.k... Lekin bu va bunga o‘xshash achchiq sinovlarni hech qaerga “buyurtma” berib bo‘lmaydi. Bo‘lganda ham inson bolasi (hatto havosi baland ijodkor bo‘lsa-da!) ularni o‘ziga ravo ko‘rmaydi (“Shedevr bo‘lsa ham tupurdim o‘sha Qizimni yig‘latib yozgan she’rimga!” (M. Yusuf) deydi shoir). Ki, u har qanday boshqa oddiy banda yanglig‘ tabiatan qulaylikka, rohat-farog‘atga moyil keladi. Natijada, ijodkorning o‘z dardiyu o‘z syujeti tug‘ilmaydi. Lekin Xudo bergan iste’dod bor. Nima qiladi? O‘zgalarning qismati va dardiga ko‘z tikadi. Agar mazkur dard va qismatdan o‘z syujetini to‘qiy olsa, taqliddan qutilib qoladi. Yo‘qsa, mavjud syujetlarga murojaat etadi va qarabsizki, ro‘parangizda tag‘in bir uchiga chiqqan taqlidchi paydo bo‘lib turibdi-da!..
- 2. Ko‘chirmakashlik (Plagiatizm). Mana bunisi endi juda yomon, hatto eng yomon illat. Chunki taqlidda qalamkashning ixtiyori har doim ham o‘zida emas: chunki u istasa ham, ko‘pincha, ergashilayotgan asarning ruhidan, unga mahliyolik to‘ridan qutilib nari ketolmaydi. Ya’ni taqlid qiluvchining asl istak-niyati, odatda, qabih bo‘lmaydi. Bu borada u o‘zining axloq kodeksiga, vijdoniga atay qarshi bormaydi. Demak, taqlidchining ishi pirovard natijada tushunilishi va kechirilishi mumkin (“Asl nusxaman! deb jar sol”uvchilar istisno, albatta). Lekin ko‘chirmakashlikni kechirib bo‘lmaydi. Bunda bilib turib boshqaning ma’naviy xazinasiga qo‘l cho‘ziladi, “ma’naviy o‘g‘irlik” deb atalgan og‘ir jinoyat sodir etiladi. Har qanday jamiyatda, (ayniqsa, bugun!) ko‘chirmakashlikning qonun yo‘li bilan ma’muriy jazolanishini kuchaytirmoq kerak bo‘ladi. Ko‘chirmakashlikning ham xili urchib, turfalanib ketgan. Shunday ko‘chirishlar borki, uni birdaniga aslmi yo qalbaki ekanligini anglab olish qiyin. Chunki ko‘chirmakash g‘oyat quv aqlu tafakkurga ega bo‘lib, bir nechta durdona asarga xos unsurlarni – shakldan tortib syujet shohobchalariyu badiiy priyomlargacha – o‘z asariga payvandlab tashlaydi, so‘ng unga niqob, masalan, milliy to‘n kiydirib, e’tiborni chalg‘itadi. Qarabsizki, bir qarashda bib-binoyidek asar ro‘parangizda turibdi-da! Faqat katta tafakkurga ega hassos mutaxassisgina uning yasalganligini anglab olishi mumkin. Afsuski, bunday kishilarning fikru mulohazalari har doim ham xayrixohlik bilan qabul qilinavermaydi: yo ko‘rolmasligu ichi qoralikda, yo manmanligu kibrda, yo guruhbozligu mahalliychilikda, kamida esa tushunmaslikda ayblanishi mumkin.
3. Atayinlik (yoki o‘zga shakllarni milliy adabiyotga olib kirish harakati). X.Do‘stmuhammad, O.Otaxon, N.Eshonqul kabi yozuvchilarning bir talay asarlari borki, ular o‘zbek adabiyotida yangilik hisoblanadi. Lekin ularning aksariyatini jahon adabiyoti kontekstida tekshirsangiz, unday emas. Gap nima haqida ketayapti? Jahon adabiyotida mavjud bo‘lgan badiiylik moduslarini o‘zbek adabiyotiga olib kirishda. Ya’ni masalan, N.Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li” romani syujet qurilishiga ko‘ra Kafkaning “Jarayon”iga o‘xshash. Buni filologiya fanlari doktori Y.Solijonov ham o‘z maqolasida aytib o‘tdi. ( “Kitob dunyosi” gazetasi, 2013 yil, 2 sonlari, “Sharq yulduzi”, jur. 2013 yil, №3) Yoki bo‘lmasa, I.Sultonning “Boqiy darbadar”, “Ozod” romanlarini olaylik. Ularda jahon ma’naviy xazinasi va adabiyotining qaysi bir asarlarini (“Kalila va Dimna”, F.Attor, A.Navoiy, Ch.Aytmatov, P.Koelo va b.) yodga solib yuboradigan umumiy shakl ko‘rinishlari mavjud. Shuning uchun ham “O‘z.AS” ning 2012 yil 5 noyabr sonida chop etilgan Zarina Rahmonovaning “Ikki adib uchrashgan nuqta” nomli maqolasida P.Koeloga o‘xshashlik qidiriladi. Bu jihatdan qaraganda, o‘zbekning manaman degan ikki zabardast adibi jahon adabiyotining namunalariga o‘xshatmalar qilayotgandek. Men ham bu haqda uzoq vaqt mushohada qilib yurdim. Tan olishim kerak, dabdurustdan biron jo‘yali fikrga kelolmadim. Yozuvchilarning o‘zlari bilan ham suhbatlashdim. O‘qish, suhbatlar va mushohadalardan keyin yetib kelgan qanoatim shu bo‘ldiki, yuqorida nomlari sanalgan ijodkorlar bu ishni atayin qilayaptilar ekan, ya’ni jahon adabiyotida mavjud yangi shakllarni taqlidni eslatadigan ko‘rinishlarda bo‘lsa-da, o‘zbek adabiyoti iste’moliga olib kirib, bizning badiiy tafakkurimizda asar haqida ma’lum ma’noda turg‘unlashgan, steoretipga aylanayozgan va yoki aylangan dogma qarashlarni parchalayotgan ekanlar. (“Xamsachilik” an’analarida ham shu xususiyat - mavjud syujet doirasida yangi gap aytishga urinilgan, eslang!) Mayli, boshida ularni taqlidda ayblashsinlar, mayli, asarlari haqida pastu baland gaplar aytilsin, qat’i nazar, ular buni bilgan holda ana shunday yozishda davom etayaptilar. Chunki ma’lum vaqt o‘tgach, shakldagi taqlid davri o‘tib, haqiqiy yangi asarlar paydo bo‘la boshlaydi. Ammo shu yangi asarlar zaminida “kolumb” – ijodkorlar amalga oshirgan xizmatlar “manaman!” deb o‘z bo‘yu bastini ko‘rsatib turaveradi. (Albatta, qani endi shunday dard, shunday til, shunday tasviru mahorat yonida shakl ham mualliflarning o‘zlariniki bo‘lsa edi, deb orzu qilasan, kishi. Boshqa tomondan esa, barchamizga ma’lum bir haqiqatdan ko‘z yumolmaymiz, chog‘i: hech bir milliy adabiyot o‘z qobig‘i ichida azim o‘zgarishlar yasay olmaydi!) Aslida, adabiyotdagi yangiliklar o‘z-o‘zidan bino bo‘lmaydi. Ular ana shunday oraliq yo‘llarni, ko‘priklarni bosib o‘tadi, o‘tishi kerak ham. Bunday ko‘prik uchun kelajak avlod aynan yuqorida nomlari zikr etilgan va yoxud ularga o‘xshash boshqa yozuvchilardan minnatdor bo‘lmog‘i lozim. Yana bir muhim gapki, nomlari sanalgan yozuvchilarning har tomonlama original asarlari ko‘p, buni e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, ushbu masalaning “muallif o‘limi” muammosiga qanday daxli bor? Gap shundaki, original nusxadan bexabar o‘quvchi keyingisini “asl” deydi va birinchi muallif “oradan ko‘tariladi”, ya’ni “o‘ladi”. Shunday bo‘lmasligi, hamma joyda va har qadamda adolatning qoim turishini ta’minlamoq uchun, ehtimol, X.Do‘stmuhammadga o‘xshab ish tutish kerakdir, ayni damda, izlansa, masalaning yanada munosib boshqa yo‘llari topilar... Eslang, uning “Jimjitxonaga yo‘l” degan tajriba hikoyasi bor. Bu hikoya Dino Butstsatining “Yetti qavat”nomli hikoyasiga “nazira” tarzida yozilgan va asar ibtidosida xorijlik muallifning ismi yodga olinib, quyidagicha tushuntirish beriladi: “Italiyalik mashhur adib Dino Butstsatining “Yetti qavat” hikoyasini o‘qidimu ancha vaqtgacha uning ta’sirida yurdim. Nihoyat, ushbu favqulodda o‘ziga xos hikoyani bir qadar erkin tarjima qilib, unga “nazira” o‘laroq hikoya bitdim. Tajriba qanday samara berganini baholash o‘quvchiga havola” (Beozor qushning qarg‘ishi. Toshkent. Sharq. 2006. B.223.) Isajon Sultonning “Ozod” romanida ham asarning yozilishiga turtki bergan ko‘plab boshqa nomlarga ishoralar qilingan. Ya’ni yozuvchilar halol ish tutgan.
Va yoxud Navoiy hazratlarining “Xamsa”si avvalidagi mana bu xitob-iqror mag‘zini chaqishga urinaylik:
Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasiga panja urmoq.Mazkur ikki misrada ulug‘ shoirning tahsinga sazovor (badiiy mahoratini qo‘yib turganda ham!) mardligi, halolligi shundoq aks etib turibdi. Demak, bu yo‘llardan ota-bobolarimiz allaqachon o‘tishgan, bizlarga o‘gitlar qoldirib ketishgan ekan-da...
4. Analogiya. Bunday o‘xshashlikning nima ekanligini lug‘atdan bilib olsak ham bo‘ladi: “adabiy asardagi obrazlar, syujet motivlari, ayrim epizodlar, xarakterlar va sh.k.larda kuzatiluvchi mushtaraklik, o‘xshashliklar. A.lar bitta asar doirasida ham, shu asar bilan boshqa (turli davr yoki turli milliy adabiyotlarga mansub) asarlar orasida ham kuzatilishi mumkin. Mas., “O‘tkan kunlar” romanidagi Otabek va Usta Olim, “Kecha”degi Zebi va Maryam taqdirlari orasidagi A.lar yozuvchiga qiyos vositasida muayyan fikrlarni ifodalash, muammoni anglash va anglatishda muayyan o‘rin tutadi. Shuningdek, asarda yozuvchi tomonidan ongli ravishda yoki boshqa sabablar bilan voqe bo‘luvchi A.lar ham kuzatilishi mumkin. Masalan, “O‘tkan kunlar” bilan xalq dostonlari syujet motivlarida A.lar kuzatiladiki, ular G‘arb adabiyotiga xos roman janrini milliy zaminga o‘tkazilishi, milliy adabiy an’analar ta’siri o‘laroq voqe bo‘lgan ”. (D. Quronov va boshq. Adabiyotshunoslik lug‘ati. 2010, B.29-30). Demak, analogiyalarning taqlid yo ko‘chirmakashlik bilan aloqasi yo‘q, aksincha, u ijod tabiatidan kelib chiqadigan, ijodiy ta’sirlanishni yodga soladigan tabiiy hodisa.
5. Chalkashlik. Yaqinda respublikamizning nomdor gazetalaridan birida kaminaning maqolasi e’lon qilindi. Maqola hajmi kattaroq bo‘lgani uchun uni xiyla qisqartirib bosishdi. Men u yerda F.Freytag degan xorijlik bir mutafakkirning “Har kimning qalbida o‘z xalqining jajji qiyofasi yashaydi”, degan fikrini keltirgandim. Qisqartirish jarayonida muallif olib tashlanibdi. Natijada, fikr go‘yo meniki o‘laroq taassurot qoldirgan. Nazarimda, xuddi shunday “oldi-berdi”lar alaloqibatda jiddiy chalkashliklarga, u kishimga tegishli ishning bu kishimga o‘tib ketishiga olib keladigan o‘nlab sabablardan biridir. Chunki vaqt o‘tib, yana birov yuqoridagi go‘zal fikrni “yangi egasi”ga nisbat berib ishlatadi-da, qarabsizki, jarayonda tushunmovchiliklar kelib chiqaveradi. Xuddi shunga o‘xshash manzaraga “AiF” (“Kto skazal “myau?”, 2012 yil, № 43) gazetasi o‘z munosabatini bildirdi. Gazetada aytilishicha, ayrim mashhur kishilarga nisbat beriladigan talay gaplar, aslida, ularga tegishli emas ekan. Misol uchun, rus she’riyati quyoshi A.S.Pushkin she’riyadagi “Geniy chistoy krasotы” misrasi, aslida, V.A.Jukovskiy qalamiga mansubligi yozilgan. Gap shundaki, Pushkin bu misrani o‘g‘irlamagan, balki iqtibos sifatida keltirgan va ajratib yozgan ekan. Revolyutsiyaga qadar, deb yozadi maqola mualliflari (S.Yurev va Ya.Laykova), misra ana shu tarzda kursivda (o‘sha vaqtda ham kursiv bo‘lgan ekan-da!) yozilganu keyinchalik negadir ajratilmay, qolgan barcha misralar qatori yozilgan va Pushkinning “merosi”ga aylangan. Maqolada xuddi shunday misollar A.Nevskiy, M.Lermontov, M. Gorkiy, Lyudovik 14, V. Lenin, I.Stalin va hokazo o‘nlab nomdor kishilar hayotidan keltiriladi. “Kto s mechom k nam pridet, ot mecha i pogibnet”, degan mashhur gapni A. Nevskiyga nisbat berishadi, deydi mualiflar. Aslida, bu gap unga emas, Yevangeliyaga tegishli ekan. Nevskiy haqida kinofilm suratga olinayotganda stsenarist S.Eyzenshteyn yuqoridagi gapni qahramon tilidan ishlatib yuboradi, natijada, o‘zingiz bilgan hol yuzaga keladi: fikr muqaddas kitob (Yevangeliya)dan Nevskiyga o‘tib ketadi. (Eslayman: yoshligimda bir kinoda Rustami Doston tilidan shunday xitob aytilgandi: “O‘zing yoqding urush olovin, O‘zing unda yongaysan, mal’un!” Ko‘ryapsizmi, qolip bir xil!..). M.Gorkiyniki deb yurilgan “Rojdennыy polzat letat ne mojet”, degan fikr Xemnitserning “Mujik i korova” degan masalida borligini ta’kidlashadi mualliflar. Endi manavinga e’tibor bering: V.Leninga nisbat beriladigan “Religiya opium dlya naroda”, degan fikrning taqdiri yanayam qiziq ekanligini aytiladi maqolada. Fikr nemis yozuvchisi Novalisga tegishli bo‘lib, u bu gapni tamomila boshqa ma’noda ishlatgan ekan. Ya’ni Novalis zamonida majun narkotik sifatida qo‘llanmagan, aksincha, dorixonalarda og‘riq qoldiruvchi vosita o‘laroq retseptsiz sotilgan bo‘lib, yozuvchi dinni xalq dardini yengillatadigan dori deb atagan ekan... Ko‘rinyaptiki, davr va uning ehtiyojlariga qarab fikrning ma’nosi ham turlanib borishi mumkin ekan. Xullas, bunday chalkashliklarni tarix sahifalaridan mo‘l-ko‘l topish mumkin.
6. Ta’sir va taqdir. Ijodkor umrining qaysidir pallasida biron asar yo misrani yoqtirib o‘qiydi. Bu asar yo misra unga shunchalar ta’sir qiladiki, hujayra-hujayrasiga singib ketadi. Ammo hayot yo‘li davomida – ayniqsa, kunimizda ko‘pdan ko‘p informatsiyalar bilan to‘lib-toshgan dunyoda – o‘sha asar yo misra “unutiladi”. Ammo u butunlay badar ketmay, bor-yo‘g‘i, ongosti puchmoqlariga kirib yashiringan bo‘ladi. Ilhom asnosida esa ongustiga qalqib chiqadi. Shunchaki chiqmaydi, balki ijodkorning o‘ziniki o‘laroq, ehtiros bilan to‘lib-toshib, kengayib, teranlashib, qaerdadir o‘zgarib chiqadi. Xo‘sh, bu asar kimniki?.. O‘ylaymanki, butun maqolaning ruhidan ushbu savolga javob chiqib qoladi.
7. Mushtarak sharoit va o‘xshash ijod. Inson dunyo bilan, asosan, beshta sezgi a’zosi orqali muloqotga kirishadi: ko‘z, quloq, burun, og‘iz va badan. Demak, kishilarning dunyoqarashida umumiylik kasb etguvchi bir xil omillar shu yerda mujassam. Binobarin, o‘zaro mushtarak sharoitga tushib qolgan odamlar izhor etgan fikr-mulohazalarda o‘xshashlik va yaqinlikning bo‘lishi tabiiy. Masalan, miflar va turli xalqlar folkloridagi umumiy syujetlarni olib ko‘ring. Ularning o‘zaro ta’sirlanishuvi ham bor gap, ammo bu masalaning faqat bitta tomoni. Ikkinchi tomoni bevosita o‘xshash sharoitlar tug‘ib bergan umumiylikka borib taqaladi. Xuddi shunday, ikki ijodkor bir-biridan tamomila bexabar holda o‘xshash fikrlar aytishi va hatto she’rlar ijod qilishi mumkin. Masalan, quyiroqda to‘xtaladiganimiz Bobur va Kafkadan keltiriladigan misollar..
Saida Zunnunova va Erkin Vohidov she’rlaridagi mushtaraklik ham shunga yaqin bir sharoit mahsulidir. Erkin Vohidovning: “Pillapoya bo‘ldim senga azizim, Sen ham gal kelganda pillapoya bo‘l”, degan misralarida aks etgan fikr Saida Zunnunova (“Zinalar”) she’rida salgina boshqacharoq tarzda uchraydi:
Zinalar, zanalar, buyuk zinalar,Sizsiz ulg‘aymaydi tarixda hech kim.Bitta pog‘anangiz bo‘lsam koshkiydi,Kimdir bosib o‘tib oldinga yursa,Hech qanday umrga kelmasdi rashkim.Unutilgan bitta pog‘ana bo‘lib,Sharafli, muborak shu yo‘lda tursam... (1963)Bu nima? Taqlidmi? Yo‘q, taqlid emas. Bular o‘xshash misralar. Gyotening: “Pishib yetilgan va zamon taqozo etgan fikrlar bir-biridan mustasno tarzda bir yo‘la yuzlarcha miyalarda tug‘ilishi ham mumkin”, deyishi zamirida yuqoridagi holni aniqlashtiruvchi tushuncha-fikr bor. Ki, Gyote nazarda tutgan fikr “gripp”ga o‘xshaydi – yuqadi. Lekin ayni shu argument bilan ko‘chirmakashlikni xaspo‘shlashga harakat qilmaslik lozim. Bu judayam jirkanch harakat bo‘lur edi. Hatto taqlidning o‘zidan-da jirkanchroq. Hamma narsaning bir haddu chegarasi bo‘ladi. Jumladan, insonlikning ham. Bu chegarani buzib o‘tish – kechirilmas gunoh. Najot o‘z botinimizda yashirin – insonlikni qo‘rish.
Menimcha, taqlid va o‘xshab qolish muammosidagi chalkashlikni yechish mumkin. Chunki o‘xshab qolish bir-ikki yerda sodir bo‘ladi. Taqlid esa tizimli ravishda sodir etiladi. Ya’ni, magar, ikki asar bir-biriga o‘xshab qolsa, shu usul orqali ular o‘rtasidagi “mojaro”ga oydinlik kiritish mumkin. Yana mualliflarning butun ijodi to‘liq olib o‘rganiladi, so‘ng shu ijod ruhi, u yashagan davr kayfiyati, uning yo‘nalishlari, maqsadu manzillari, hatto muallifni qurshagan insonlar, ularning qiziqishlari, muallif o‘qigan maktablar, kitoblar, u mehr qo‘ygan ustozlar va hokazolar birma bir tadqiq etilgandan so‘ng ikki ijodkordan qaysi biri shunday asar yozishi mumkinligi ayon bo‘ladi-qoladi.
Kamina “Yolg‘izlik” asarimda shunday bir gapni yozgan ekanman: “Men sensiz ham, sen bilan ham yashay olmayman!.. Bu – Bobur yo Kafkaninggina emas, mening ham yurak hayqirig‘imdir! Agar fikr ular va yoxud, balki, ulardan oldin ham aytilmaganda edi, shubhasiz, men aytardim uni. Axir, mening butun hayotim arosatda! Go‘yo mangu ikkilikning o‘rtasidaman: qaysi tomonga yurishimni, qay biridan voz kechishimni bilmayman. Qismatimning o‘zi peshanamga o‘sha azobli jumlani o‘yib bitgan bo‘lsa va olayotgan har bir nafasimda uni jaranglagan ovoz bilan takroru takror o‘qib tursa, men sho‘rlik nima qilay? Axir, chindan-da men sensiz ham, sen bilan ham yashay olmasam, o‘zimni qaerga qo‘yay shu qon bo‘lgan yurak qadar qog‘ozdan boshqa!..” (“Uzoqdagi Dilnura”, Toshkent. Akademnashr. 2010. B. 65.) Bugun men ana shu gapni yozgan chog‘imda (garchand fikr mening qismatimdan tabiiy ravishda otilib chiqayotgan bo‘lsa-da!) Bobur va Kafkani yodga olganimdan sevinib turibman. Bobur hazratlari o‘z vaqtida ushbu kechinmani hammadan go‘zalroq tarzda shunday bitgan:
Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkildir, Sening birla chiqishmog‘liq dog‘i bisyor mushkildir.(“G‘aribing andijoniydur”, Toshkent. Sharq. 2008. B. 48.) Keyin xuddi shu fikrni Frants Kafkaning kundaligida o‘qidim: “Men sensiz ham, sen bilan ham yashay olmayman!” Albatta, to‘rt asr muqaddam Bobur hazratlari tomonidan g‘azalda aytilgan bu fikrni Kafkaning o‘qiganligiga, mabodo, biron mo‘‘jiza tufayli o‘qigan bo‘lsa, o‘zganikini bilib turib o‘z nomidan takrorlashiga aql bovar qilmaydi (chunki katta masshtabdagi ijodkor hech qachon, hech bir holatda o‘zga bir yana shunday ulkan ijodkorning yaratiqlariga ko‘z tikmaydi. Yaratgan ularning botiniga joylagan daholik va yoki mislsiz iste’dod qudrati bunga aslo va aslo yo‘l qo‘ymaydi: u o‘zinikini yaratadi. O‘ziniki bor ekan, tashqaridan zig‘irday bo‘lsa-da sadaqaga muhtoj emas. Mabodo, o‘xshashlik bor ekan, buning ham tabiiy sabablari borki, maqola davomiga ularga-da to‘xtalamiz). Hamma gap shundaki, Kafka ham xuddi Bobur singari ana shu arosatni, ziddiyatli hayotiy-ruhiy holatni boshidan kechirgan, bas, yozgan fikrlarining ham o‘xshash bo‘lishi mantiq doirasidan xorijga chiqmaydi.
Yoki mumtoz shoirlarimizning she’rlari qatidagi o‘xshashliklar, badiiy san’atlardagi deyarli bir xilliklarga e’tibor bering. Bilasiz, mumtoz adabiyotda tavorud san’ati bor. “Tavorud – ikki shoirning bir-biridan xabarsiz holda aynan bir misra yoki baytni yaratishidir. Tarixchi Xondamir o‘zining “Makorim ul-axloq” nomli asarida shunday voqeani hikoya qiladi: shayx Ahmad Suhayliy Sulton Ahmad mirzo madhida qasida yozib tahrir uchun Alisher Navoiy huzuriga olib keladi.
Navoiy:
Maqtaluvchining ismi bilan bezalgan baytdan keyin, so‘zni bir-biriga ulash uchun yana bir bayt kerak, – deb aytadi. “Shu onda har ikkovlari davot, qalam va bir parchadan qog‘ozni oldilariga qo‘yib, tafakkur dengiziga cho‘mdilar. Birdaniga bosh ko‘tarib, har qaysisi bir baytdan yozishdi va bir-birining qo‘liga berishdi. Ittifoqo, tavorud voqe’ bo‘lib, har ikkovlari ham bir xil bayt aytishgan, bir harfinda farq qilmas edi. U bayt mana shu:
Bahor bog‘i javoniy, niholi gulshani adl,Guli riyozi karam, sarvi jo‘ybori viqor”.(Yigitlik bog‘ining bahori – adolat chamanining niholidir. Karam sahiylik bog‘ining, ulug‘vorlik anhorining sarvidir).
Tavorud faqat zamondosh shoirlar nazmida emas, balki boshqa-boshqa asr fozillari bo‘lgan qalam sohiblari ijodida ham vujudga kelishi mumkin. O‘xshash mavzu, vazn va qofiyada ijod qilish ana shu hodisani yuzaga chiqarishi mumkin”.[3]
8. Ijodiy ta’sirlanish. Buni Aleksandr Sergeevich Pushkin va Abdulla Oripov misolida kuzatish mumkin. Pushkinda “Osen”, Oripovda “Kuz xayollari” degan ajoyib she’rlar bor. O‘qib ko‘rsangiz, ular shaklan va mazmunan bir-biriga mengzaydi. To‘g‘rirog‘i, “Kuz xayollari” “Osen”ni yodga soladi. Lekin bu na taqlid va na ko‘chirmakashlik, balki aynan yaxshi ma’nodagi ijodiy ta’sirlanish mevasidir. “Kuz xayollari” she’rida aks etgan poetik kayfiyat A.Oripov ruhiyatida ma’lum vaqt mobaynida pishib yetilgan, lekin botinda “istiqomat qilavergan”. Nihoyat, kun kelib shoir “Osen” kabi she’r bilan tanishib qolgan va bu she’r turtkisi bilan uning o‘z botinida pishib yetilgan o‘z she’ri dunyoga kelgan. (Yoki Dantening «Ilohiy komediya»si va Oripovning «Jannatga yo‘l» asarlarini oling). Taxminan, shunday deyish mumkin ijodiy ta’sir natijasida tug‘ilgan asarlar haqida. Badiiyat ilmidan boxabar kishilar buni nozik anglaydi va his qiladilar, albatta.
9. An’ana yo‘lida. Ba’zan ijodkor salaflar asarlarining biron bir chizig‘ini (ko‘pincha, shaklini) oladi-da, uni o‘z fikru mulohazasiyu o‘y-kechinmasi bilan to‘ldiradi. Masalan, mumtoz adabiyotning ko‘pgina namunalari shu yo‘l bilan bitilgan. Bunda syujet, obrazlar tizimi, badiiy priyomlar, makon va zamon – hamma-hammasi bir-biriga o‘xshab tursa ham, baribir, har bir shoir o‘zidan nimadir “qo‘shgan”, boyitgan, kengaytirgan.
10. Sayyor syujet an’anasi. Bu tamoyil ko‘pgina jihatlariga ko‘ra yuqoridagini yodga soladi. Farqi shuki, yuqoridagi tamoyilda erkinlik ko‘proq bo‘lib, bunisida o‘sha erkinlik muayyan syujetga rioya qilish bobida andak cheklanadi. Ya’ni har ikki ijodkor ham bir xil syujet shaklidan foydalanadi. Misol uchun “Xamsa”chilik yo‘lida bitilgan asarlarni oling.
- 11. “Davom ettirish” tamoyili. Bugungi kunda adabiyotimizda an’ananing boshqacharoq bir ko‘rinishiga duch kelib turibmiz. Chunonchi, Shukur Jabborning “Shumbola “Hindistonda” yoxud Qoravoyning yangi sarguzashtlari” nomli qissasi G‘afur G‘ulomning mashhur “Shumbola”sining “davomi” tarzida yozilgan. Bu ham jahon adabiyotida mavjud an’ana. Ammo bu harakatning o‘ziga xosligi shundaki, u “muallifning o‘limi”ga emas, aksincha, ommalashishiga xizmat qiladi. Boshqa tomondan, agar shogirdning asari ustoznikidan muvaffaqiyatli chiqib qolsa, salaf ijodkorning asari “unutilishi” ham mumkin.
12. Shaklan o‘xshash, mazmunan boshqa. A.Qodiriyning “Jinlar bazmi”, A.A’zamning “Ro‘yo yoki G‘ulistonga safar” hamda R.Rahmatning “Adashvoy” asarlari, garchand biron yerda taqlid yo ijodiy o‘zlashtirish, hatto ta’sirlanish elementini ko‘rmasak ham, shaklan bir-birini yodga soladi. Ayni damda, mazmun-mohiyat jihatidan tamomila boshqa-boshqa asarlardir. A.A’zam va R.Rahmat asarlari chuqur ramziy-tamsiliy asosga ega bo‘lib, har ikki yozuvchi asar mag‘zini ana shu ramz zimmasiga atayin yuklashgan. Qodiriyda esa g‘ayrioddiy olamning borligining o‘zi maqsad, u ramzga aylantirilmagan. Nazarimda, bu yerdagi o‘xshash syujet modeli o‘ziga xos badiiy tafakkur qolipi bo‘lib, mazkur qolip vaqti-vaqti bilan (muhit yetilganda) u yoki bu millatning har qanday iste’dodli yozuvchisi qalami ostidan chiqib kelishi mumkin. Ammo e’tibor berish so‘raladiki, mazkur yagona qolip uch yozuvchi asarida uch xil ma’noga xizmat qilayapti. Demak, har bir asarning aslligi (originalligi) borasida so‘z yuritsa bo‘ladi (shu uch asar qiyosi misolida). Xo‘sh, buning sababi nimada? Menimcha, bu sabab yozuvchilar individualligi va ular yashagan davrning alohida-alohida iqlim-kayfiyati bilan o‘lchansa kerak.
13. Mushtarak mavzu. Hayotda hamma ham aytishi mumkin bo‘lgan fikr-tushunchalar bo‘ladi. Masalan, “daraxt bir joyda ko‘karadi”, degan fikrni olaylik. Uni bir kishiga nisbat berishning o‘zi kulgili (bu gapni kimdir qachondir birinchi bo‘lib aytgani, ayni o‘rinda, hech nimani bildirmaydi. Chunki o‘sha kuni u aytmasa, ertasi kuni boshqa birov albatta aytishi mumkin bo‘lgan gap bu!) Zero, ko‘pchilik daraxt ekadi va shu jarayonning pastu balandini o‘z tajribasidan o‘tkazadi. Doimiy ko‘chirilib ekiladigan ko‘chatning yaxshi avj olmasligiga har kim ham bog‘bonlik hayoti davomida guvoh bo‘ladi. Shu kabi mulohaza barchaga yoki ko‘chat ekkan va ayni damda, kuzatuvchan kishilarning barchasiga tegishlidir. Xuddi shunday, “Men seni sevaman!” degan izhor ham bir kishiga (hatto u shoir bo‘lsa ham!) daxldor emas. (Albatta, bu uch so‘zning zamiriga har kim o‘z ma’nosini yuklaydi. Ammo bu endi boshqa mavzu!) Demak, buning kabi turmushning o‘zi hammaga istalgan joyda in’om qilishi mumkin bo‘lgan kechinma, fikr va tajribalardan tug‘iladigan asarlar o‘rtasidagi mushtarakliklarni istisno qilish darkor. Ya’ni ular na ko‘chirmakashlik, na taqlid va na ijodiy ta’sirning, balki hayot bergan mushtarak sharoitning mahsullaridir.
14.Mimesis (yoki hayotga taqlid). Baribir, eng mo‘‘tabar asarlar mazmunan va shaklan original tarzda bitilgan asarlardir. Bu asarlar mavjud asarlarga emas, balki tabiatga, Yaratganning asari – Hayotga taqlidan yaratiladi...
Yana sinchiklab o‘rganilsa, masalaga daxldor boshqa sabablar ham topiladi, albatta. Lekin muhimi, mohiyatga yetib borish va bu mohiyatga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishdir. Taqlid, ko‘chirmakashlik, ijodiy ta’sirlanish hamda chinakam ijod rishtalari goho shunchalar bir-biriga chirmashib-payvandlashib ketadiki, ularning o‘rtasida Xitoy devorini ko‘tarib bo‘lmaganidek, bir-birlaridan ajratib farqlab berish ham juda-juda mushkul ish. Faqat bitta ishonchli yo‘li bor – bu yo‘l har bir ijodkorning o‘z bag‘ridan, insonlik sha’nidan, vijdonu iymonining qoq o‘rtasidan o‘tsagina hammasi ko‘nglimiz tusagandek bo‘ladi, ilohiy adolat qaror topadi. Nazarimda, hammasining risolalardagidek bo‘lishi uchun juda baland ichki madaniyat zarur. Bunday madaniyatga sohib bo‘lgan kishi har doim, har joyda posangilari o‘ynab turgan tarozini qalb ko‘zlari bilan ko‘rib turadi. Va tarozi ham botinimizda ekanligini anglaydi. Yana shuni tushunib yashaydiki, erta yo kech, baribir, hisob, bo‘lganda ham, Katta Hisob muhaqqaq ravishda berilajakdir!
“Muallif o‘limi” kimga va nega kerak? Axir, bir muallif o‘zga bir muallif ustidan chiziq tortayotgan (uning asarini o‘zlashtirayotgan) chog‘ida, ortida, boshqa bir muallif uning ham o‘z boshi uzra qilich (qalam) ko‘tarishi mumkinligini nahotki anglay olmasa, ko‘ra bilmasa? Demak, pirovard natijada biz o‘zimizga o‘zimiz choh qaziyotgan bo‘lib chiqmaymizmi?..
Aslida, hammaga o‘z ijodi qadrli bo‘lishi kerak emasmi?.. Ey shoir, ey yozuvchi! Sen uchun o‘z yuragingdan quyilib kelgan to‘rt qator she’r boshqa bir ulug‘ shoirning sen ko‘z tikkan butun boshli dostonidan qimmatli ekanini nahotki anglamasang?!. Chunki u seniki, sening dardlaring, o‘zliging mevasi. Uning har bir kalomi senda olam-olam assotsiyatsiyalar uyg‘otadi. Bas, shunday ekan, sen o‘z she’ringni va romaningni yoz, hamda o‘z qalamingdan (taqdiringdan tog‘ bag‘ridan sitilib chiqqan shalola yanglig‘) to‘kilgan asarlarninggina ostiga o‘z ismingni darj et, ey ijodkor! Zero, sen dunyoda ijodkor sifatida, avvalo, qanday asarlar yozganing bilan baholansang, uhroda inson sifatida, avvalo, nechog‘li halol bo‘lganing bilan qadr topasan, unutma!.. Tashqi o‘xshashlikka emas, botiniy asllikka boq! Axir, Olloh seni yagona nusxada yaratdi. Buning isbotini barmoqlaringning uchiga joylab qo‘yibdi-ku! Qaramaysanmi? Sening barmoqlaring sening bu olami kubroda yakkayu yagona ekanligingning isbot-muhri-ku, aslida!..
TO‘RTINCHI QISM
Kaminaning fikru mulohazalarida qiyomiga yetmagan o‘rinlar, g‘alizliklar, xatoliklar bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, men ulardan hayiqmay, hozircha borini boricha siz azizlar bilan o‘rtoqlashishga qaror qildimki, sababi – alaloqibatda ko‘pchilikdan aks-sado kelaru boshi berk yo‘llardagi to‘siqlar ochilib ketar va necha o‘n yillik og‘riqlarimga malham bo‘lar, deya umidlandim. Chunki siz kabi men ham ichimdagi adolat tuyg‘usini boy berib qo‘yishni istamayman!..
...axir, nartsiss gulni qarang, o‘zi mehnat qilib tuproqqa ildiz otmas ekan. Ehtimol, buni eplay olmas, ehtimol, xohlamas... Kim biladi, deysiz, tabiati shunaqadir, balki... Xullas, bu gulga baquvvat daraxtlar tanasidan unib chiqib, uning shirasi bilan oziqlanib ko‘kka bo‘y cho‘zish ma’qulroq ekan. U shu tarzda chiroyini olamga ko‘z-ko‘z qilar ekan. Shunday qilinganda ildizini qora tuproq bag‘rida urintirmay, tayyor zamin – daraxtdan foydalana qolarkan. Ulkan daraxtlar bu gul uchun ham mehnat qilib ter to‘karkan, qarang...
...ammo ularning yonidan o‘tayotgan odamlarning aksari guldan xushlanar, gulga mahliyo bo‘lishar ekan. Faqat juda oz sonli kishilar – ushbu “tandem” mohiyatini biladigan xos zotlarning botiniy ko‘zlarigina asl holni – gulga chiroy baxsh etgan daraxtni, uning mehnatiyu zahmatini ko‘rar ekan... Sizning-chi, sizning ko‘zlaringiz qaysi biriga tushdi, muhtaram?..
2012-2013 yillar
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 1-son
-----------------------------
[1] Quronov va boshq. Adabiyotshunoslik lug‘ati. Toshkent. "Akademnashr". 2010.
[2] E.Vohidov. Iztirob. T.: «O‘zbekiston». 1991. B.92.
[3] Hojiahmedov A. Mumtoz badiiyat lug‘ati. T.: "Yangi asr avlodi". 2008. B.104.