OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qalbga urilgan nishtar

XXI asrda axborot bilan zombilashtirish

Sarmoyadorlar muzokara olib borishayotganida yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashayotganida sodir bo‘ladigan tushunishimiz qiyin g‘ayritabiiy hodisalarni ko‘p marta kuzatganmiz. Juda puxta tayyorlangan va katta foyda kutilayotgan savdo sarmoyadorning hatti-harakati keskin o‘zgarib qolishi natijasida birdaniga fojeali darajada zararli oldi-sotdiga aylanib qoladi.

U o‘zining ko‘p yillik mehnatini yer bilan yakson etib, xato ustiga xato qilaveradi.

Masalan, Mizuho Securities kompaniyasining tajribali rahbari mash'um xatoga yo‘l qo‘yadi, ya'ni kompyuterning tugmalarini adashtirib qo‘yib, J-Com kompaniyasining 610 ming aksiyasini bir ienga sotib yuboradi. Vaholanki, u bir aksiyani 610 ming iendan sotishi lozim edi. Kompaniya bu oldi-sotdida naq 220 million dollarga chuv tushdi. Bittagina xatoning bahosi shunchalik dahshatli bo‘ldi. Bunday ishlar haqida turli taxminlar yuradi, ammo xalq orasida ko‘p asrlardan buyon bu «vasvasa» deb ataladi.

Hozirgi zamonamizdagi «vasvasa» nima, aslida u bor narsami? Rossiyada bu ilmiy yo‘nalish ruhiy ekologiya (psixoekologiya) deb ataladi. Ruhiy ekologiya umuman texnogen, ijtimoiy-madaniy va axboriy ta'sirlarning inson ruhiyatiga va ko‘payishiga munosabati, shuningdek, uning patogen ta'sirini kamaytirish usullari haqidagi fandir. Kompyuter psixotexnologiyasi esa ruhiy ekologiyaning bir qismi hisoblanadi. Yangi topilgan maxsus transformatsiya usuli, nutqni uning mazmunini saqlab qolgan holda tilsimlashtirish (kodlashtirish) kompyuter psixotexnologiyasining asosini tashkil etadi. Shunday qilib, insonning ost ongi sohasiga, ya'ni tasavvurlar va noaniq kayfiyatlar «ombor»iga kirib borish tashkil etildi. Buni ilm tilida ruhiy zarba berish deb atasa ham bo‘ladi.

Bu yo‘nalishning bo‘linmalaridan biri akustik yoki audiopsixokorreksiya, ya'ni insonning holati va xulq-atvorini maxsus ishlab chiqilgan algoritm bo‘yicha tilsimlangan nutq yordamida to‘g‘rilashdir. Bunda nutq qandaydir shovqinga aylanadi, uni eshitganda nima deyilayotganini bilish u yoqda tursin, hatto uning mavjudligini aniqlashning imkoni ham bo‘lmaydi. Eng asosiysi, bu shovqin eshitilganda insonda noxushlik paydo bo‘lmaydi. U shovqin ichida qandaydir axborot borligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Bir kecha-kunduz ichida bir necha soat ana shu shovqinning insonga ta'sirini qayta-qayta takrorlash kifoya qiladi. Bir necha kundan keyin esa odam ta'sir o‘tkazishning tilsimlangan formulalaridan kelib chiqib o‘z fe'l-atvorini qayta qura boshlaydi, ayni paytda u mustaqil qaror qabul qilyapman, deb o‘ylaydi. Bu dunyoda mashhur bo‘lib ketgan videopsixokorreksiya yoki «Fisher 25 kadri»ning mutlaqo aynan o‘zginasidir.

Odam fe'l-atvorini boshqarish vazifasini samaraliroq amalga oshirish uchun elektron qurilma tanlash nuqtai nazaridan qaraganda qo‘l (mobil) telefonidan ko‘ra qulay vositani topish qiyin. Bluetooth Wi-Fi vazifalari kiritilgan zamonaviy smartfonlar va inson miyasiga ta'sir o‘tkaza oladigan polifoniya ayniqsa bu sohada juda bopdir, Ular yordamida odamga ta'sir o‘tkazishning turli qurama usullarini osongina amalga oshirish mumkin bo‘ladi, chunki odamning boshi bevosita qo‘l telefonining yonginasida turadi, hatto telefon tebranishlarini ham seza oladi.

«Majburlash» qanday amalga oshiriladi? Mana, odam qo‘l telefoni orqali suhbatdoshi bilan gaplashmoqda. Uning gaplari «soxta» stansiya operatori (GSM, CDMA tarmoqlarining uyali telefonlarini eshitish uchun professional sistema) tomonidan tutib qolinadi va odamning gaplariga maxsus tilsimlangan shovqin qo‘shib yuboriladi. Odam buni uyali aloqaning shovqini sifatida qabul qiladi. Bu shovqin juda sezilmas bo‘ladi va hech qanday bezovtalik tug‘dirmaydi. Kishilar o‘z gaplariga onglariga ta'sir o‘tkaza oladigan maxsus tilsimlangan ko‘rsatmalar qo‘shib yuborilayotganini hatto xayollariga ham keltirishmaydi. GSM soxta stansiyasini maxsus uskunalarsiz aniqlashning amalda mutlaqo imkoni yo‘q. Agar u avtomobilga o‘rnatilgan bo‘lsa, yanada qiyin. Jinday xavf tug‘ilishi bilan avtomobil boshqa joyga ko‘chishi mumkin. Aloqani tashkil etishning bunday usulida jinoyatchi nusxalar o‘zlarining soxta uyali aloqa operatorlari orqali qo‘l telefoni polifonik dinamigini, ayniqsa wi-fi xizmatini maxsus uzoqlashtirilgan tilsimlash yo‘li bilan odam boshiga ta'sir ko‘rsatishni keskin kuchaytirib yuborishlari mumkin. Hatto garniturdan foydalanish ham bu ta'sirdan asrab qololmaydi, lekin odamning ikkala qulog‘iga bir vaqtda ta'sir ko‘rsatilayotgani uchun samara faqat kuchaygandek ko‘rinadi.

Shunday qilib, inson ongini qo‘l telefoni yordamida shunday maxsus tilsimlanganidan bir necha kun o‘tgach, u beixtiyor tarzda uning boshiga joylangan barcha topshiriqlarni bajara boshlaydi, ya'ni u amalda ruhiy jihatdan zombiga aylanadi. Mana shu yerda biz uzoq yillar mobaynida tashkil etgan kompaniyasini birdan sindirishga kirishgan yirik sarmoyadorning qo‘qqis qarori jumbog‘ini yecha olamiz. Buning sababi shunda ediki, firma rahbari shartnomani imzolash arafasida loyihani sheriklari bilan kelishib olish uchun qo‘l telefoni orqali ko‘p gaplashishga majbur bo‘lgan edi. Raqobatchi firmaning rahbarga firmasini o‘zi xonavayron qilishi haqidagi fikrni miyasiga quyishi uchun ana shu vaqt yetarli bo‘ldi. Shu o‘rinda ruhshunoslik sohasida jahonga mashhur olim, Ruhshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha muovini I.V.Smirnovning quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir: «Fan va texnikaning hozirgi imkoniyatlari inson ongi uchun mutlaqo sezdirmagan holda uning xotirasiga o‘zining ixtiyorisiz har qanday axborotni kiritishga imkon beradi. Bu axborot xuddi taom kabi o‘zlashtiriladi, o‘zinikiga aylanadi, ya'ni insonning ehtiyoji, xohishi, qiziqishi, qarashlari, kayfiyati va dunyoni ko‘ra olishini belgilaydi».

Agar mobil aloqa operatori ustidan boshqaruvni jinoyatchi doiralar qo‘lga kiritsa, xudo urdi, deyavering. U holda ular millionlab mijozlarining suhbatlari yozilgan ma'lumotlarning ulkan xazinasini qo‘lga kiritishadi va odamlar ongiga ta'sir o‘tkazishning cheksiz imkoniyatlariga ega bo‘lishadi. Agar ish shunga borsa, jinoyatchi to‘dalar o‘z foydalarini ko‘zlab, ko‘plab odamlarning ongini boshqarish bo‘yicha faqatgina iqtisodiy emas, balki siyosiy vazifalarni ham osongina amalga oshirgan bo‘lisharedi.

Insonga ta'sir o‘tkazishning har qanday ko‘rinishi kabi bu usul ham ko‘p holatlarda payqalmay qoladi va uni aniqlash nihoyatda qiyin bo‘ladi. Shunda nima uchun Parvardigor qalbimizni hech kim o‘zgartira olmasligi uchun boshimizda tashqaridan bo‘ladigan ta'sirlardan himoyalashning murakkab sistemasini yaratib qo‘yganiga yana bir karra ishonch hosil qilamiz. Dunyoda shunaqangi kuchlar borki, ular ommaviy ishlab chiqarilayotgan zamonaviy elektron uskunalar yordamida qalbimizga bostirib kirish va uni boshqarish maqsadida o‘zgartirishga urinishmoqda. Bunga qarshi turish va o‘zlikni saqlab qolish lozim.

Insoniyat taraqqiy etib, odam hayotini qulaylashtiradigan yangi texnolo-giyalar paydo bo‘lgach, atrof-muhit yomonlasha boshladi. Inson Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketmaslik uchun atrof-muhitni tozalash vositalari ishlab chiqishga majbur bo‘ldi. Xrzirga kelib, ko‘p holatlarda filtrlash jarayonidan o‘tgan suvni ichishga majbur bo‘lamiz.

Endilikda global mobil telekoomunikatsiya sistemasi ham xuddi shunga o‘xshaydi. Hozirda qo‘l telefoni deyarli har bir bolada tug‘ilishi bilan paydo bo‘ladi. Insoniyat hayoti haqidagi axborot saralab yig‘ilgan ulkan real xazinaga ega bo‘lmish mobil aloqa efiri shakllangan. Shunday ekan, ana shu mobil efiri musaffo, toza qolishi, qalblarimizni egallash uchun ovga chiqqan Apokalipsis Ajdahosining unga kirib olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘zda tutish darkor. Insoniyat texnogen falokatlarning oqibatlari bilan kurashning imkoniyatlarini ertami-kechmi, hamisha topa olgan. Bu sohada ham zombi viruslari bilan kurashish uchun samarali vositalar mavjud.

«Ankort» ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
«Fikrat» jurnalining 2007 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.