Kurrai zaminda ikki turli dengiz bor: biri - chuchuk suvli, ikkinchisi - sho‘r suvli, Ummonlar ostidagi bu dengizlar yonma-yon oqadi, ammo suvi bir-biriga qo‘shilmaydi. Olimlar sho‘r va chuchuk suvli dengizlarning o‘rtasida qandaydir ko‘z ilg‘amas parda-to‘siq mavjudligini yaqindagina kashf etishdi.
Vujudda ham ikki dengiz bor. Biri - ko‘z yoshi, sho‘r. Ikkinchisi - ko‘z qorachig‘i suvi, u esa shirin. Bular ham yonma-yon, bir joyda. Lekin ular ham bir-biriga qo‘shilib, aralashib ketmaydi. Xoja Bektosh Valiyning «Maqolot»ida keltirilishicha, ko‘zning asli yog‘ bo‘lib, tuzga muhtojdir. Agar ko‘z yoshi sho‘r bo‘lmasa, ko‘z hidlanib ketardi. Ko‘z qorachig‘ining suvi shirin bo‘lmasa, ko‘z ko‘rmas edi...
Ko‘zlar bir daqiqa ichida o‘n-yigirma martalab kiprik qoqadi va bu bilan doimiy namlanib turadi. Kiprik qoqishning bir yillik sanog‘i olti-sakkiz millionga teng. Demak, ko‘z o‘zidan suyuqlik (yosh) chiqarib, o‘zini namlab, yuvib, poklab, hatto ko‘zga tushgan begona jismlarni eritib-yo‘qotib turadi.
Ko‘zning old qismidagi gumbazsimon, shishadek musaffo va tiniq jism «ko‘z yumalog‘i» deyiladi. Uning orqa tarafidagi ko‘k, bo‘z, sariq yoki qora rangli dumaloq parda «ko‘z qorachig‘i» deb ataladi. Uning o‘rtasidek moshdek joy «ko‘z qorasi», ya'ni gavharidir. Ko‘z qorasidagi benihoya kichik paylarning ba'zisi to‘g‘ri bo‘lib, ular ko‘z qorasining o‘rtasidan chiqib, atrofga cho‘zilib ketgan. Ba'zilari esa xalqasimon. Yorug‘ oz bo‘lsa, to‘g‘ri paylar yig‘iladi, natijada ko‘z qorachig‘i kengayib, ko‘zga ko‘proq yorug‘lik tushadi. Yorug‘ ko‘payib ketsa, endi xalqasimon paylar yig‘iladi. Shunda ko‘z qorachig‘i torayib, yorug‘lik tushishi kamayadi. Ko‘rish uchun yorug‘lik ko‘zga tushib, ichki qavatdagi ko‘rish paylariga yetib borishi lozim. Mazkur paylar yorug‘lik ta'sirini bir necha hissa oshirib beradi va inson mo‘ljallagan narsasini ko‘ra oladi.
Odatda ko‘zni fotoapparatga qiyoslashadi. Ko‘zning shaffof pardasi ostidagi avtomatik to‘r, ya'ni qorachiq ko‘z ekraniga nur o‘tkazuvchi tuynuk vazifasini bajaradi. Qorachiq zaruratga qarab kengayadi yoki torayadi. Uning ortida ko‘rish a'zosining boshqa avtomatik qismi, ya'ni ob'ektiv yoki ikkala tarafi qabariq «oyna» (linza) bo‘lib, u jismlarga qay tarzda yoki qaysi masofadan qarashimizga muvofiq o‘zgarib turadi. Ob'ektiv va qorachiq o‘rtasidagi bunday uyg‘un va mukammal munosabat hayratga solmay iloji yo‘q. Shuni alohida ta'kidlash zarurki, ko‘zning ana shu xususiyatlari inson hali dunyoga kelmay turib, ona qornidaligidayoq shakllangan bo‘ladi. Inson shunday mukammal a'zo bilan dunyoga keladi.
Ko‘z orqa hujrasining po‘sti uch qavatli: tashqi qavati oq va qattiq. U «ko‘z oqi» deyiladi. O'rta qavatning rangi qora, unda joylashgan qon tomirlari «tomir pardasi» deb nomlanadi. Ichki qavatida ko‘rish paylari to‘rdek yoyilgan, ular «to‘r pardasi» deya ataladi. Ko‘z dumalog‘i «oq»qa, ko‘z qorasi esa qon tomirlari orqali pardaga tutashgan. Ko‘z qorasining orqasidagi «ko‘z oynasi» kasalga chalinib g‘ubor bosganidagi xastalik «ko‘zga parda tushishi» deyiladi.
Ko‘z - hamma a'zolardan ko‘ra sirli xilqat. U sezilmas yorug‘lik nurlari ta'sirida ishlaydi. Yorug‘lik nurlarining ko‘z qorachig‘i va pardasida aks etish xususiyatlari fanga hali yaxshi ma'lum emas. Ko‘z boshning yuqori qismida joylashganida ham alohida hikmat bor. Uning tepasidagi qosh sho‘r terni ko‘zning shilliq pardasiga tushirmaydi.
Harakatlanib turuvchi ko‘z soqqasi bir-biriga ajoyib tarzda ulangan yettita suyakli chuqurchaga joylashtirilgan. Ko‘zni harakatlantiradigan oltita paydan biri uzatuvchi kamera bo‘lgan g‘ildirakni eslatadi. Hatto kipriklar ham ko‘zni favqulodda ehtiyotlash vazifasini o‘taydi.
Ko‘zning ichkarisiga qarab ketgan besh qatlamli mo‘guz pardasini olimlar chinakam texnik mo‘‘jiza deb atashadi. Ko‘zning bu qismi ishqalanishdan va changdan asralishi, zarur paytda yuvilib, tozalanib turishi uchun alohida, o‘ziga xos yumshatuvchi, sho‘rroq suyuqlikka ega bo‘lib, u ko‘z kosasining ustki qismida joylashgan. Shu yerningo‘zida, ko‘z ichkarisida bu suyuqlikni burun bo‘shlig‘iga o‘tkazuvchi maxsus yo‘l bor. Ko‘z yoshi ko‘zni yuvib, uni doimo tozalab turishidan tashqari burun kataklarini namlab, muloyimlashtirib, hid bilish qobiliyatini oshiradi. Olimlarning aytishicha, burun quruqshab qolsa, hid bilish qobiliyati yo‘qolar ekan.
Lekin ana shunday mukammal va murakkab ko‘zlar ham Yaratganning Basir (ko‘ruvchi) sifati oldida juda ojiz va notavondir. Bu sifatning kichik bir tajallisi xolosdir. Bizning ko‘rish qobiliyatimiz cheklangan bo‘lib, faqat ma'lum oraliqda bo‘lgan to‘lqin uzunligidagi nurlarnigina ko‘ra olamiz, ya'ni nurlarning bor-yo‘g‘i uch foizini ilg‘aymiz. Ko‘zlarimiz juda kichik (atom zarrasi) va juda katta (galaktikalar) narsalarni, jin, farishta, ruh kabi g‘aybiy narsalarni, juda yaqin va juda uzoqdagi, tez harakatlanadigan buyumlarni, shaffof bo‘lmagan narsaning orqasini, bir vaqtning o‘zida hamma tomonni, qorong‘ilikdagi narsalarni ko‘ra olmaydi. Ko‘rish sezgimiz o‘zgarish va kamayishga mahkum, ko‘zga hatto kichik bir zarra, g‘ubor kirsa ham, ko‘rish qobiliyatimiz pasayadi.
Kichkinagina a'zoimiz bo‘lgan ko‘zdagi ana shunday nozik nizom, murakkab yaratilish tizimi o‘z-o‘zidan, tasodifan paydo bo‘lganmikin? Yo‘q, aslo! Buni buyuk hikmat va qudrat sohibidan o‘zga hech bir zot amalga oshira olmaydi. U ko‘zni yaratish uchun optika sirlariyu qonuniyatlarini mujassamlashtirgani va bu g‘aroyib a'zoga zarur ashyolarni joylashtirganining o‘ziyoq ulkan mo‘‘jiza emasmi?!
Asror Metin,
«Fikrat» jurnalining 2007 yil 1-sonidan olindi.