Ba’zan tanish-bilishlarga baho berganda “o‘qimishli” sifatini qo‘shib qo‘yamiz: “o‘qimishli qiz”, “o‘qimishli yigit”, “o‘qimishli kishi” va hokazo. Darhaqiqat, o‘qimishlilik inson fe’l-atvorini baholashda ma’lum darajada mezon bo‘lib xizmat qiladi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nega ma’lum darajada?
To‘g‘ri, o‘qimishlilikka o‘qish orqali erishiladi. Ammo u yoki bu oliy o‘quv yurtini tugatish, fan nomzodi bo‘lish kishini tom ma’noda o‘qimishli deyishga asos bermaydi.
Kitobni oftobga qiyos qilamiz, “bilimlar xazinasi” deymiz. Chindan ham kitob — kishilik jamiyati tomonidan yaratilgan eng buyuk ixtiro, bir avlodning o‘zidan keyingi avlodlarga qoldiradigan bebaho madaniy merosi. Kitobxonlik komillikka erishish yo‘lidagi muhim bosqichdir. Shu o‘rinda kitobxonlik tor ma’noda kitob o‘qishni bildirsa, keng ma’noda tanlab o‘qish, his etish, anglash va fikr bildirish tushunchalarini o‘z ichiga olishini unutmaslik kerak. U badiiy adabiyotdan oziqlanadi, adabiy tanqid va pedagogika ko‘magida yuksaladi.
“Hozir Shimoliy Amerika Shtatlari joylashgan yerlarda (so‘z o‘tgan asr to‘g‘risida boryapti — S.M.) bir zamonlar qizil tanli hindular yashar edilar, — deb yozadi rus yozuvchisi N.Chernishevskiy A.Pushkin haqidagi asarida, — u yerlarda hozir ham shunday hindular yashaydi. Turmush uchun hamma narsaga muhtoj bo‘lib yashaydigan, o‘zlari ham ozchilikni tashkil etadigan qizil tanlilar bilan hamma narsasi to‘kis, o‘zlari ham ko‘p va boy shimoliy amerikaliklarning bir-biridan farq qilishiga bir nazar solib ko‘ring. Ular o‘rtasidagi bu farqning sababi nima? Buning sababi faqat shuki, shimoliy amerikaliklar — o‘qimishli odamlar, qizil tanlilar esa yovvoyilardir”.
N.Chernishevskiy o‘sha asarida “Kimning o‘qimishli kishi deb atalishga haqqi bor?”, degan savolni o‘rtaga qo‘yadi-da, unga quyidagicha javob beradi: “Kishining tom ma’noda o‘qimishli bo‘lishi uchun juda ko‘p ilmli bo‘lishi, fikr qilishga odatlangan va olijanob xislatlarga ega bo‘lishi (ta’kid bizniki — S.M.) zarur. Bilimi oz kishi johildir, kimning aqli fikr qilishga o‘rganmagan bo‘lsa, u dag‘al va qo‘poldir, olijanoblik tuyg‘usi bo‘lmagan kishi bema’nidir”.
Olam jumboqlari had-hisobsiz. Inson faqat ilmga tayanib, uning sirlaridan voqif bo‘la oladi. Zero, Muhammad alayhissalom hadislarida: “Ilm olish har bir musulmon er va musulmon ayol kishi uchun farzdir”, “Beshikdan to qabrgacha ilm oling”, deyilishida katta hikmat bor.
“Bilim, — deb yozadi Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asarida, — ipor bilan juda o‘xshash. Ularning har ikkalasini ham yashirmoq behuda. Iporni yashirsang, hidi bildirib qo‘yadi. Bilimni yashirsang tiling fosh etadi. Bilim aslida bitmas-tuganmas boylikka o‘xshash. Ammo uning boshqa boyliklardan tubdan farqi bor:
Bilim — boylik, axir, zavoldan yiroq,Uni ola bilmas qaroqchi biroq.Bilim va zakovat kishiga qo‘yilgan o‘ziga xos kishandir. Kishanlangan ot, odatda, yovuz va yaramas narsalardan uzoq bo‘ladi. Shuningdek, suyukli, zo‘r otlar ham ko‘pincha kishanlangan bo‘ladi. Suyukli otning tushovlanishiga sabab — uning ehtiyotlanishi”.
Demak, o‘qish, ilm olish faqat olam jumboqlarini yechish uchun yordam bermaydi, insonni yovuz va yaramas narsalardan asrab, uning ma’naviy yuksalishiga ham yo‘l ochadi. Hazrat Alisher Navoiyning muborak ta’birlari bilan aytganda: “Jaholat — o‘limdir, bilim — tiriklik”.
“Ilm — o‘zni bilmakdir. Sen o‘zingni bilmassan, bu nechun urinmakdir?”, deydi turk shoiri Yunus Emro. “Ilm, ayni paytda, o‘zgani ham bilmakdir, — deydi Ibrohim Haqqul. — Olimlik — olam va odamni tanish, shunda adashmaslik zakovatidan yiroq ish emas. Ilm haqdan yurakka quyilgan nur. Ilm — hayot va jamiyat muammolarini bexato ochish shijoati. Ilm — dildagi, jur’atdagi yolqin. Aql, o‘z tabiatiga ko‘ra, ko‘nikuvchan va egiluvchandir. Shuning uchun u faqat ilm ta’sirida jasorat kasb etadi”.
Shu o‘rinda Alouddin Mansurning zamondoshlari tomonidan “bahri mug‘riq” (tubsiz dengiz), “hujjatul islom” deb tan olingan buyuk alloma Muhammad Abu Homid Tusiy — G‘azzoliy taqdiriga oid quyidagi hikoyasini keltirishni joiz deb topdik:
“Boshlang‘ich bilimlar va huquqshunoslik fanini tug‘ilgan shahrida o‘rgangan Abu Homid keyinchalik Jurjonga, o‘sha davrning mashhur qomusiy allomasi Abu Nasr huzuriga borib, tahsil ilmini o‘sha yerda davom ettiradi. Bir necha yil mobaynida ustozining barcha bilimlarini egallab, o‘qib-o‘rgangan kitoblariga ko‘p jildlik sharh va izohlar bitib, o‘z yurtiga qaytayotganida, yo‘lda kelajak hayotida katta ahamiyat kasb etgan bir voqea ro‘y beradi. G‘azzoliyning o‘zi bu haqda shunday hikoya qiladi: “Yo‘lda karvonimizga qaroqchilar hujum qilib, bor narsamizni talab ketdilar. Men qaroqchilar boshlig‘ining ortidan borib: “Olgan narsalaring orasida senga hech qanday foydasi bo‘lmagan bir to‘rva bor, shuni qaytarib bergin”, deb yalindim. “To‘rvangda nima bor edi?”, so‘radi u. “Unda mening bor ilmim — juda ko‘p kitoblardan olib yozilgan sharh va izohlar bor. Necha yillardan beri musofirlik azobini tortib topgan boyligim shu”, dedim. Qaroqchi kulib: “Har qanday odam olib qo‘yishi mumkin bo‘lgan narsani “mening ilmim” deyishga uyalmaysanmi?”, dedi va “Uning ilmini qaytarib beringlar”, deb buyurdi. Bu gap menga shunday qattiq ta’sir qildiki, Tusga qaytib kelganimdan keyin uch yilgacha uydan tashqariga bir qadam qo‘ymasdan o‘sha yozgan sharh-izohlarimning hammasini yod olib, hech qanday qaroqchi ololmaydigan joyga — qalbimga jo qildim”.
Demak, o‘qimishlilik shunchaki o‘qishni emas, balki o‘qiganini qalbiga jo qilib, unga amal qilishni ham taqozo etar ekan. Shundagina bilim yovuzliklardan asrovchi kishan, ezguliklarga yo‘l ochuvchi kalit vazifasini bajaradi. O‘qiganini qalbiga joylagani uchun ham “Qutadg‘u bilig” muallifi Xos Hojib unvoniga musharraf bo‘lgan, hazrat Alisher Navoiy she’riyat mulkining sultoniga aylangan, Mahmud Qoshg‘ariy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino singari allomalarimiz dovrug‘i butun dunyoga yoyilgan.
N.Chernishevskiy aytmoqchi “juda ko‘p ilmli” bo‘lish uchun yillar mobaynida izchil mutolaa talab etilgani kabi “fikr qilishga odatlanish”, ya’ni mustaqil fikrlash salohiyatiga ega bo‘lmoq uchun ham tabiiy fahm-farosatdan tashqari, aql-zakovat zarur. Ch.Aytmatov “Asrni qaritgan kun” romanida xotirasini yo‘qotgan manqurt yigit Jo‘lomon misolida fikrsizlik insonni mutelikka giriftor qilishini mahorat bilan tasvirlagan. Romanda keltirilgan afsonani eslasangiz, bosqinchi jungjanglar qo‘lga tushgan asirlarni xotirasidan judo qilib, qulga aylantirish maqsadida dahshatli usullarni qo‘llaydi. O‘zligini, xotirasini yo‘qotgach, ular fikrlashdan to‘xtab manqurtga aylanadi. Yozuvchi o‘zining kim ekanini unutib mustaqil fikrlash qobiliyatini yo‘qotganlarni manqurtga qiyoslaydi. Bunday manqurtlarning hatto tuqqan onasini ham tanimasligi chidab bo‘lmas fojiadir.
“Yerdan mahrum etish mumkin, — deb kuyadi o‘g‘lining manqurtga aylanganini ko‘rgan Nayman ona, — mol-dunyodan mahrum etish mumkin, hatto insonni yashashdan mahrum etish mumkin. Biroq odamni xotirasidan mahrum etishni kim o‘ylab topdi ekan? Yo rabbiy, agar olamda bor bo‘lsang, bandalaringga bu yovuzlikni qanday ravo ko‘rding. Yer yuzida usiz ham yovuzlik kammidi?”.
Demak, bizda mustaqil fikr bo‘lmas ekan, aslida kim ekanimizni tushunib yetmaymiz. To‘maris va Shiroqlar avlodi ekanimizni his etolmaymiz. Ulardan meros bu Vatanni kelajak avlodlarga bag‘rini butlab yetkazolmaymiz.
N.Chernishevskiy o‘qimishlilikning uchinchi belgisi deb hisoblagan olijanoblikning shakllanishi san’at turlari, birinchi navbatda, badiiy adabiyot mutolaasi bilan bog‘liq. San’atning chinakam muxlisi, badiiy adabiyot bilan do‘st tutingan kishi boshqalarga yomonlik tilamaydi. Sezgan bo‘lsangiz, o‘qimishlilikni belgilovchi omillar o‘qishga, ya’ni kitobxonlikka kelib taqalyapti. Ammo Sa’diy Sheroziy aytganidek:
Harchand o‘qibsan — bilimdonsan,Agar amal qilmading, nodonsan.“Kitobxonlikka o‘rganish uchun, — deydi Hyote, — qanchalik ko‘p vaqt sarf qilinishini odamlar tasavvur qilmaydilar. Buning uchun men hayotimning 80 yilini bag‘ishladim. Lekin hali ham o‘rgandim, deb ayta olmayman”. Ulug‘ mutafakkirning bu iqrori chinakam kitobxonlikning nihoyatda mashaqqatli ish ekanligini ko‘rsatadi. “O‘qish boshqa, uqish boshqa” degan hikmat shuni nazarda tutib aytilgan bo‘lsa ajabmas.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 16-sonidan olindi.