Taniqli qadimshunos olim Amriddin Berdimurodovning gazetamizning 2006 yil 12 may sonida bosilgan “Cpitamen qizining qismati yoxud ma’budaga aylangan asira” saralavhali tadqiqot maqolasi: “Eramizdan oldingi 329-yili yunon fotihi Iskandar Maqduniy Turonga qo‘shin tortib kelganda unga qarshi mardonavor jang qilgan so‘g‘d bahodiri Spitamen jasoratini bilmaganlar kam”, degan jumla bilan boshlangan edi. Maqolada Spitamenning yunonlar qo‘liga asira bo‘lib tushgan go‘zal qizi Apamohning lashkarboshi Selevkka uzatilishi, ular nikohidan tug‘ilgan Antiox I Soter iqtidorli lashkarboshi va tadbirkor hukmdor bo‘lib yetishgani, eradan oldingi 281-yili otasi halok bo‘lgach, taxtga chiqqani, uning farmoni bilan Turonda katta shahar qurilib, Antiox nomi berilgani haqida so‘z borgandi.
Malika Apamoh Selevk va Antioxlar saltanatida ko‘plab madaniy tadbirlarga boshchilik qilgan. Yevfrat daryosining o‘ng va chap qirg‘oqlarida qad ko‘targan Selevkiya va Apama shaharlari teatr va saroylari, ibodatxona va hunarmandlik ustaxonalari bilan mashhur bo‘lgan. Bir paytlar Rim imperiyasi va Parfiya davlatlariga bo‘ysungan bu shaharlar o‘rni qadimshunoslar tomonidan o‘rganilayotir. Muallif bu haqdagi maqolasini “So‘g‘diyonada tug‘ilib, taqdir shamoli musofir yurtlarga uchirib ketgan go‘zal Apamaning qismati haqida biz bilgan tarix hozircha shundan iborat”, deya yakunlagan edi.
So‘nggi yillarda Amriddin Berdimurodov Italiyaning Bolonya hamda Yaponiyaning Kioto shaharlarida bo‘lib, bu haqdagi izlanishlarini davom ettirdi. Quyida so‘g‘d bahodiri Spitamen qizining so‘nggi avlodlariga doir voqealar talqini bilan tanishasiz.
So‘g‘diyonada Iskandarni eng sara lashkarlaridan judo etgan bahodir Spitamen qadimgi dunyoning mashhur qahramonlaridan biri sifatida ma’lum. Eramizdan oldingi 329 yili Eronni tor-mor qilib, Doro III ni qochishga majbur qilgan yunon fotihi Turonda qattiq zarbaga duch kelishni xayoliga keltirmagandi. Baqtriyaliklar va so‘g‘dlar yangi paydo bo‘lgan yovga qarshi qattiq janglar olib borishib, ko‘p sonli qo‘shinlarni qirib tashlaydilar. Bosqinchilik yurishlarida biror bir talofat ko‘rmay kelayotgan yunonlar eng sara jangchilaridan judo bo‘ladi. Bir jangda Iskandarning o‘zi ham qattiq yaralanib, o‘lishiga oz qolgan. Spitamen zarbalaridan yurak oldirib qo‘ygan Iskandar unga sulh taklif qiladi va So‘g‘diyonaga hokimlikni va’da qiladi. Ammo Spitamen Vatanining bir qismini yov qo‘lida qoldirib, qolgan qismida davr surishni xohlamaydi. Kurashni davom ettiradi.
Spitamen xoinlar fitnasi bilan o‘ldirilgach, Iskandar yengil tin oladi. So‘g‘diyonaga Oroliy ismli kishini noib tayinlab, Hindistonni zabt etishga otlanadi. Hindiston istilo qilingach, Iskandar Eronga qaytib kelib, ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan rejasini amalga oshiradi. Tarixchilarning yozishicha, Iskandar Sharq va G‘arb xalqlarini qorishtirib, yunon-makedon madaniyatini butun dunyoga yoyish, so‘ngra barcha xalqlar ustidan mutlaq hukmdor bo‘lishni orzu qilgan ekan. Bu orzuni ro‘yobga chiqarish uchun ko‘plab tadbirlarni amalga oshiradi. Istilo qilingan xalqlarning ibodatxonalariga kirib, ularning xudolariga sig‘inadi. Mahalliy xalqlar libosini kiyib, ayrim urf-odatlarni joriy qiladi. Bu bilan safdoshlari ta’na-dashnomiga ham qoladi. Ammo fikridan qaytmaydi. So‘za shahrida o‘tkazilgan ulkan to‘y marosimida to‘qsonta safdoshini turonlik va eronlik aslzoda qizlarga uylantiradi. Barcha kelinlar sepi uchun xazinadan katta boylik ajratadi.
Nikoh tadbirini Iskandarning o‘zi boshlab, Eron podsholari Doro va Artakseris III ning qizlariga uylanadi. To‘qqiz ming mehmon qatnashgan to‘yda har bir ishtirokchiga oltin qadah ulashiladi. Spitamenning asira qizi Apamoh va lashkarboshi Selevklarning nikohi ham shu to‘yda bo‘lgan.
Oradan yillar o‘tib, aksariyat kelin-kuyovlar ajrashib ketishgan. Ammo lashkarboshi Selevk go‘zal Apamohni chinakamiga sevib qolgan. Ular uzoq yashab, farzandlarini kamolga yetkazganlar.
Iskandar vafot etgach, imperiyaning katta bo‘lagi mohir lashkarboshi Ptolomeyga, Sharqda joylashgan qismi esa uning safdoshi Selevkka tegadi. Tigr daryosidan Sirdaryogacha bo‘lgan bepoyon o‘lkalar, shuningdek, Apamamohning yurti So‘g‘diyona ham Selevk ixtiyoriga o‘tgan edi. U asos solgan selevkiylar sulolasi eramizdan oldingi 64-yilgacha davom etadi va bu sulola vakillari 248 yil toju taxtda bo‘ladilar.
Selevk I Parfiya, Baqtriya va So‘g‘diyonaning hududida yetmishdan ortiq shaharlar qurib, ularga otasi, onasi, xotini Apamoh, o‘g‘li Antiox va o‘z nomini bergan. Selevk I armiya va mahalliy zodagonlarning ko‘magiga suyanib davlatni boshqargan. Baqtriya va So‘g‘diyonada Selevk I zarb qildirgan tangalar erkin muomalada bo‘lgan. Afrosiyob, Varaxsha, ko‘hna Termiz va Darband qishlog‘idan topilgan tangalar bu fikrni isbotlab turibdi. Mashhur Amudaryo xazinasidagi Selevk I tangalari soni 47 ta. Bundan tashqari, uning davrida Baqtriyada zarbxonalar ham faoliyat ko‘rsatgan.
Selevkiylar sulolasida ota-ona, bobo yoki momo ismini o‘g‘il-qizlarga qo‘yish odati keng rasm bo‘lgan. Shu sababli bu sulolada o‘nlab Selevklar, Apamalar, Antioxlar, Laodikalar uchraydi. Tarixchilar bu chalkashlikni bartaraf etish uchun ularni birinchi, ikkinchi va hokazo deb ataydilar. Italiyaning Neapol shahridagi muzeyda Selevk I ning toshdan yasalgan byusti saqlangan.
* * *
Manbalarda yozilishicha, yuksak aql-idrokli Apamoh erining ishlariga yaqindan ko‘mak bergan, Osiyoda yuzaga kelgan ayrim nizolarni bartaraf etishda hukmdorga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan. Shu bois Selevk I osiyoliklarga xayrixohlik bilan qaragan. Miletliklar ibodatxonalariga Apamohning ulkan haykalini o‘rnatishib, ilohaga sig‘ingandek sig‘inganlar. Ibodatxonalarda podsho Selevk I sharafiga aytiladigan madhiyalarga Apamohning nomi ham qo‘shib aytilgan. Selevk I Apamoh sharafiga to‘qqizta shahar barpo qilgan. Bu shaharlar nom-nishonsiz yo‘qolib ketmagan. Ularning ayrimlari hozir Turkiyada – Yevfrat daryosi qirg‘oqlarida saqlanib qolgan.
Jo‘g‘rofiy joylanishiga ko‘ra, bu shaharlar Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan. Ularni arxeologik qazish ishlarida O‘zFA Arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Kozim Abdullaev qatnashgan edi.
Antik davr manbalarida yozilishicha, Apamoh eramizdan oldingi 300-yili taxminan ellik yoshida Suriyada vafot etgan. Selevk I o‘ldirilgach, Antiox I otasi taxtiga o‘tiradi. Yoshligidanoq yaxshi tarbiya olgan Antiox I onasi Apamohning Vatani Turonda bo‘ladigan savdo munosabatlariga katta e’tibor bergan. Ko‘hna Turon hududidagi yodgorliklardan 130 dan ziyod Antiox I tangalari topilgan. Jom qishlog‘idan topilgan kumush tangada uning rasmi bor. U vafot etgach, Antiox II taxtga o‘tiradi. U malika Apamohga nabira bo‘ladi. Tarixiy manbalarda, Antiox II ning hukmronlik davri unchalik osoyishta bo‘lmagani haqida yozilgan. U Kichik Osiyodagi nizolarni bartaraf etish uchun bu hududda katta mavqega ega bo‘lgan Akayning qizi Laodinaga uylanadi. Misr bilan kelishmovchiliklarni tinchitish esa uchun uning hukmdori Ptolomeyning qizi Berenikani o‘z nikohiga olishga majbur bo‘ladi.
Antiox II ning Selevk II va Antiox nomli ikki o‘g‘li bo‘lgan. Uning qo‘qqisdan sodir bo‘lgan o‘limidan so‘ng taxtga katta o‘g‘li Selevk II o‘tiradi. U taxtni egallagach, otasi zaharlanishida o‘gay onasi Berenikaning qo‘li bor, degan gumon bilan Berenika va uning o‘g‘lini o‘ldirtiradi. Bu xabarni eshitgan Misr hukmdori Ptolomey Selevk II ga qarshi urush boshlaydi... Selevk II ning vafotidan so‘ng o‘rniga eramizdan oldingi 243-yili tug‘ilgan Antiox III taxtga o‘tiradi.
* * *
Antiox III ning hukmronligi selevkiylar davlatining turli hududlarida boshlanib ketgan ozodlik kurashlariga to‘g‘ri kelgan. Uning davrida arman podsholigi mag‘lub etilgan bo‘lsa-da, Parfiya, Baqtriya, So‘g‘diyona va Hindistonda mustaqillik uchun kurashlar avj oladi. Bu kurashni bostirish uchun hukmdor katta qo‘shin bilan Osiyo markaziga yurish qilishga majbur bo‘ladi. Bu vaqtda Baqtriyada mahalliy aholidan chiqqan hukmdorlar oyoqqa tura boshlaydi. Antiox III ning tangalari Baqtriya va So‘g‘diyonadagi yodgorliklardan topilishiga qaraganda, uning davrida Suriya bilan Baqtriya savdo aloqasi hali barham topmaganligini ko‘rsatadi. Ammo undan keyingi selevkiylarning tangalari Baqtriya va So‘g‘diyonada deyarli uchramasligi savdo munosabatlari ancha susayganini ko‘rsatadi.
Antiox III hukmronligi davrida Suriya bilan Misr munosabati ancha yomonlashgani ma’lum. Ikki o‘rtadagi nizo bitim tuzish bilan bartaraf etiladi. Bu bitimga asosan Antiox III o‘z qizi Kleopatrani garov sifatida Misr hukmdori Ptolomey V ga xotinlikka berishga majbur bo‘ladi. Bu voqea eramizdan oldingi 194-yili sodir bo‘lgan. Misr tarixida chuqur iz qoldirgan Kleopatra ismli malikalar sulolasi aynan shu qizdan boshlangan.
Kleopatra va Kleopatralar
Yunoniston, Suriya va Misrning antik davriga nazar soladigan bo‘lsak, bu davlatlarda Kleopatra ismli bir qancha malika yashab o‘tganiga guvoh bo‘lamiz. Ularning ayrimlari o‘z faoliyatlari bilan tarixda yorqin iz qoldirganlar.
Antik davrda Yunonistonda Kleopatra ismli ikki malika yashab o‘tgan. Ularning birinchisi shoh Faylaqus (Filipp) va malika Olimpiadalar oilasida tug‘ilgan, Iskandarning singlisi malika Kleopatra bo‘lsa, ikkinchisi Iskandarning o‘gay onasi kenja malika Kleopatradir.
Shoh Faylaqus o‘n olti yoshli go‘zal Kleopatraga oshiq bo‘lganida, Iskandar bunga unchalik ahamiyat bermagan. Bu voqeaga qirq yetti yoshli otasining navbatdagi ishqiy sarguzashtlaridan biri sifatida qaragan. Ammo mamlakatda katta mavqega ega bo‘lgan Kleopatraning qarindoshlari Faylaqusdan bu nikoh qonuniy bo‘lishini, tug‘ilajak farzand bevosita taxt vorisi, deb e’lon qilinishini shart qilib qo‘yganlaridan so‘ng voqea jiddiy tus oladi. Faylaqusning boshi qotadi, negaki, u avvaldanoq o‘g‘li Iskandarni taxt vorisi, deb e’lon qilgan edi. Kleopatraga oshiqligi ustun kelib, podsho bu shartga rozi bo‘ladi. Iskandar esa otasining qilig‘idan qattiq ranjiydi. Ammo alamini ichiga yutadi. Dabdabali to‘y chog‘i kayfi oshib qolgan Kleopatraning amakisi Attal barchaning ko‘z oldida yunon xudolariga qurbonlik qilib, podsho Faylaqus va malika Kleopatraga qonuniy farzand ato etishlarini so‘raydi. Attalning bu tilagi Iskandarning to‘lib turgan sabr kosasini toshiradi. G‘azablangan Iskandar qo‘liga ilingan qadahni olib, Attalga otadi. Buni ko‘rgan Faylaqus o‘g‘li Iskandarga qilich o‘qtaladi, ammo kayfi oshganidan unga yetolmay gursillab yiqiladi. Iskandar hammaga eshittirib: “Mana, Osiyo ustiga yurish qilmoqchi bo‘lgan odamning ahvoli, bir to‘shakdan ikkinchisiga o‘tishga ham yaramaydi”, deya baqirib to‘yxonadan chiqib ketadi. Shu ketishda Iskandar nafaqat to‘yxonani, balki mamlakatni ham tark etadi. Dastlab onasi Olimpiada bilan tog‘asi hukmronlik qilayotgan Epirga keladi. So‘ngra onasini bu yerda qoldirib, Illariyaga boradi. Ona va o‘g‘il podsho Faylaqusga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar. Ammo ularni hech kim qo‘llamaydi, chunki Faylaqusning qudratidan ko‘pchilik cho‘chir edi. Ammo ehtiyotkor Faylaqus ham Epir podshosi bilan orani sovutishni xohlamaydi va unga o‘z qizi Kleopatrani xotinlikka berib, aloqani mustahkamlaydi. O‘rtaga odam qo‘yib o‘g‘li Iskandar bilan yarashadi. U otasi yoniga qaytib keladi.
Ammo podsho Faylaqus va uning yosh xotini Kleopatra taqdiri fojia bilan yakunlanadi. Faylaqus o‘ldirilgach, Iskandar taxtga o‘tiradi. U otasining ushalmagan orzusini amalga oshirishga kirishib, Osiyo ustiga yurish boshlaydi. Iskandar yurishga ketganidan foydalangan Olimpiada kundoshi Kleopatradan dahshatli tarzda o‘ch oladi. Dastlab onasi tizzasida o‘tirgan Yevropani o‘tirgan joyida o‘ldirtiradi, so‘ngra Kleopatrani o‘zini o‘ldirishga majbur qiladi.
Misrlik Kleopatra
Oradan bir asr o‘tgach, ellinlar davrining tarixiy sahnasiga yana Kleopatra ismli malika kirib keladi. Aynan shu malikadan so‘ng Misrda hukmdorlik qilayotgan Ptolomeylar sulolasiga hamohang faoliyat olib borgan Kleopatralar sulolasi boshlangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu malika biz yuqorida aytib o‘tganimiz, selevkiylar hukmdori Antiox III ning qizi Antiox Kleopatradir.
Misr tarixida Kleopatra ismli malikalar ko‘p bo‘lganidan tarixchilar ularni “birinchi, ikkinchi” va hokazo deya nomlaganlar. Antiox III ning qizi Kleopatra I nomi bilan tarixda qolgan... Ayniqsa, Kleopatra VII ning hayoti va faoliyati haqida juda ko‘p ma’lumotlar saqlangan. Chunki uning faoliyati Misr va Suriya chegarasidan chiqib, o‘sha davrning qudratli davlati — Rim imperiyasi bilan aloqador holda antik davrning mashhur shaxslari Yuliy Sezar, Mark Antoniy va Oktavian Avgustlar bilan bog‘lanib ketgan edi.
U eramizdan oldingi 69-yili Misrning Iskandariya shahrida podsho Ptolomey Avlet oilasida tug‘ilgan. Ptolomey o‘limi oldida taxtini qizi Kleopatra va o‘g‘li Ptolomey XII ga vasiyat qilgan edi. Misrning o‘sha davrdagi urf-odatiga ko‘ra, u ukasiga turmushga chiqishi, so‘ngra opa-ukalar hamkorlikda davlatni boshqarishi lozim edi. Ammo saroydagi har xil nizo va fitnalar tufayli Kleopatrani 21 yoshida Suriyaga surgun qiladilar. Otasining vasiyati bajarilmay, surgun qilinishi Kleopatraga juda qattiq ta’sir qiladi. U qanday bo‘lmasin, raqiblarini mag‘lub qilish yo‘lini axtaradi. Uning baxtiga tez orada najot o‘z oyog‘i bilan keladi. Yuliy Sezar Misrga kelganini eshitgan malika Suriyadan kelib, yashirincha Sezar bilan uchrashadi va yordam so‘raydi. Sezar podsho Ptolomeyning vasiyati amalga oshmagani uchun adolatni qaror toptirishga kirishadi. Bundan xabardor bo‘lgan Kleopatraning raqiblari yana bosh ko‘taradilar. Sezar va Kleopatra uzoq vaqt saroy ichida qamalda qolishadi. Sezar qo‘shimcha kuch chaqirib, Kleopatra dushmanlarini mag‘lub qilishga erishadi. Bu janglarda Ptolomey XII halok bo‘lgach, Kleopatra yakka o‘zi taxtni egallaydi.
Kleopatraning go‘zalligiga asir bo‘lgan Sezar ancha vaqt Iskandariyada qolib ketadi. Eramizdan oldingi 47-yili Kleopatra Sezardan o‘g‘il ko‘radi va unga Sezarion deb ism qo‘yadilar. Sezar Rimga qaytib kelgach, Kleopatra va o‘g‘lini Rimga taklif qiladi. Kleopatra o‘z kanizlari va saroy ayonlari hamrohligida Rimga keladi. Sezar uning sharafiga hashamatli kutib olish marosimini o‘tkazadi. Maydonga Rimning barcha aslzodalari, davlat arboblari yig‘iladi.
Kleopatra go‘zalligi va ulug‘vorligi bilan barchani lol qoldiradi. U Sezarning bahavo bog‘iga joylashadi, Kleopatrani Rimning do‘sti va ittifoqchisi, deb e’lon qiladilar. Biroq Kleopatraning Rim safari fojia bilan tugaydi. Gay Yuliy Sezar 44-yilning 15 martida senatda uyushtirilgan fitna oqibatida o‘ldiriladi. Kleopatra esa o‘g‘li bilan Rimni tark etadi.
Rimda boshlanib ketgan hokimiyat uchun kurashlarda Sezarning yaqin safdoshlaridan qo‘mondon Mark Antoniy ham ishtirok etib, imperiyaning sharqiy o‘lkalarini egallaydi. Eramizdan oldingi 42-yili Antoniy bilan Kleopatraning yo‘llari Kichik Osiyoda tutashadi. Bu davr Kleopatraning eng go‘zal davri edi. Antoniy Misr malikasiga oshiq bo‘lib qoladi. Bu uchrashuv har ikkisi uchun fojia keltirishini ular hali bilishmas edi. Antoniy Antioxiya shahrida katta to‘y qilib, Kleopatraga uylanadi. Antoniy to‘ydan so‘ng Rim imperiyasining Sharqiy o‘lkalaridagi katta yerlarni Kleopatra va uning o‘g‘liga hadya qilib yuboradi.
Antoniyning Sharqdagi barcha qadamlarini Rim senati diqqat bilan kuzatib turar edi. Imperiya yerlarining Kleopatraga sovg‘a qilinishi senatning g‘azabini qo‘zg‘aydi va Antoniyni xoinlikda ayblab, unga qarshi urush e’lon qiladi. Antoniyga qarshi qo‘shin tortishni Oktavian o‘z bo‘yniga oladi. Chunki uning Antoniy bilan alohida hisob-kitobi bo‘lgan. Antoniy Oktavianning singlisi Oktaviyaga uylangan bo‘lib, Kleopatrani sevib qolganidan so‘ng bir tomonlama Oktaviyadan ajralgan edi. Oktaviyaning Rimda obro‘si baland bo‘lganidan barcha Antoniyning ishini qoralab, uning aqlu hushini o‘g‘irlagan Kleopatrani yomonlagan edi. Ikki o‘rtada urush boshlanishi muqarrar bo‘lganda ham Antoniy bunga jiddiy e’tibor bermadi. Oktavian esa aksincha, bu urushga qattiq tayyorgarlik ko‘rdi. Uning orqasida nafaqat Rim senati, balki qudratli Rim armiyasi ham turardi.
Oktavian Antoniyga qarshi kuchli targ‘ibot boshlaydi. Uning da’vati bilan Rim shoirlari Antoniyni qoralab, uni xoinlikda ayblab she’rlar yozishadi. Antoniyning ko‘pgina tarafdorlari undan yuz o‘girib, Oktavian tomonga o‘ta boshladilar. Rim senati Antoniyning barcha unvonlarini bekor qiladi. Ammo Antoniy bularning barchasiga qo‘l siltaydi, chunki uni Kleopatraga bo‘lgan muhabbati, go‘zal malikaning sehri batamom o‘z izmiga olgan edi. Ayovsiz vaqt Oktavian foydasiga ishlamoqda edi. Nihoyat kutilgan jang sodir bo‘ladi. 31-yili Aktsiy yaqinidagi dengiz jangida Antoniy va Kleopatra floti mag‘lub bo‘ladi. Bu jangdan so‘ng tushkunlikka tushgan Kleopatra Iskandariyaga qaytib keladi. Uning orqasidan Antoniy ham boradi. U yana o‘zini qo‘lga olib, Liviyaga keladi. So‘nggi umidi bu yerdagi saralangan qo‘shinlarida edi. Ammo Oktavianning tashviqotlari ish berib, qo‘shin undan yuz o‘giradi. Batamom umidsizlikka tushgan Antoniy o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi, ammo atrofdagilar bunga yo‘l bermaydilar. So‘ngra u Misrga qaytib keladi va hech kim bilan ko‘rishishni istamaydi. Bir oz vaqt o‘tgach, barcha kulfatlarni unutib bazmga beriladi. Oktavian qo‘shinlari esa Iskandariyaga yaqinlashib kelardi. Antoniy kuch to‘plab, Oktavian qo‘shinlariga qattiq zarba beradi. Ammo yana xoinlik yuz beradi. Uning otliq qo‘shinlari ham raqib tomonga o‘tib ketadi.
Shundan so‘ng Antoniy endi barchasi boy berilganini anglaydi. U raqibiga asir tushishni xohlamay, joniga qasd qiladi. Bu orada Oktavian Misr hukmdori Kleopatrani asir oladi va uning atrofiga yuzlab soqchi qo‘yadi. Uning maqsadi, malika Kleopatrani Rimga olib borib, Antoniy va Misr ustidan erishilgan g‘alaba sharafiga o‘tkaziladigan tantanada mag‘lub asira sifatida olib o‘tish edi. U Kleopatraning g‘ururini toptab huzur-halovat olmoqchi edi. Ammo go‘zal Kleopatra Oktavianni bunday huzurdan mahrum qiladi. U kanizlariga yashirin ravishda zaharli ilon keltirishlarini buyuradi. Kanizaklar anjir solingan savatni malika oldiga kiritmoqchi bo‘lganlarida soqchilar qarshilik qilishmaydi. Malika Kleopatra xayolan barcha yaqinlari bilan vidolashadi, o‘zi uchun ko‘z yosh to‘kayotgan kanizlarini yaxshi so‘zlar bilan yupatadi. Savatdagi zaharli ilonni olib ko‘kragiga qo‘yadi. Shu tariqa Misrning so‘nggi hukmdori malika Kleopatra dunyo va toju taxtni tark etadi.
Bu voqea eramizdan oldingi 30-yilda sodir bo‘lgan. Oktavian qattiq g‘azablanadi, chunki u Kleopatrani urushda yenggan esa-da, ma’nan yengolmagandi. Uning buyrug‘i bilan Yuliy Sezar va Kleopatradan tug‘ilgan Sezarionni qatl qiladilar. Antoniy va Kleopatradan tug‘ilgan bolalarni esa Antoniyning sobiq xotini, Kleopatraning kundoshi Oktaviya o‘z tarbiyasiga oladi. U shu tariqa o‘z ulug‘vorligini namoyish etadi. Misr esa mustaqilligini yo‘qotib, Rim imperiyasiga bo‘ysinadi.
Malika Kleopatra hayoti ko‘p ijodkorlarni ilhomlantirgan. Ular malikaning hayoti va fojiasini turfa ko‘rinishlarda aks ettirganlar. Mashhur Rim shoiri Goratsiy birinchi kitobidagi 37-odasida iliq so‘zlarni yozgan. Misrlik haykaltaroshlar marmardan Antoniy va Kleopatraning birgalikdagi haykallarini yaratishgan. Uning qoldiqlari 1892 yili Iskandariyadagi arxeologik qazishmalar payti topilgan.
Shekspir “Antoniy va Kleopatra” tragediyasini yaratgan. Malikaning go‘zal chehrasini mashhur musavvirlar ko‘p martalab tasvirlaganlari ham ma’lum. Hozir Kleopatra va Antoniylarning mumiyolangan jasadlari Britaniya muzeyida saqlanmoqda.
* * *
Iskandar Maqduniy Osiyoning katta qismini istilo qilib, yunonlar hukmronligini o‘rnatgan bo‘lsa-da, mahalliy xalqlar o‘rtasida mustaqillikka erishish istagi kuchayib borgan. So‘g‘diyona va Baqtriya eramizdan oldingi III asrning ikkinchi yarmidayoq o‘z mustaqilligiga erishgan. Ellinlar madaniyatining mahalliy xalqlarga ta’siri sezilarli bo‘lgan esa-da, u izchil va uzoq davom etmagan. Ellin xudolarining mahalliy ma’budlar bilan qorishib ketgan hollari ham ma’lum. Shu bois bu madaniyat Osiyoning o‘ziga xos madaniyatini yangi o‘zanga solib yubora olmagan. Oradan uch asr ham o‘tmay O‘rta Osiyoda bir paytlar barq urgan ellin madaniyatidan uzuq-yuluq xotiralar qolgan, xolos. Bunga ellinlar madaniyatining Osiyo madaniyatidan ancha zaif bo‘lgani sababdir.
Sharq madaniyati yunon falsafasi va adabiyotiga katta ta’sir ko‘rsatganini esa Yevropa tan olgan. Mashhur olim. V.Tarn bejiz: «Iskandar Sharqni jang bilan istilo qilgan bo‘lsa, Sharq o‘z g‘olibini madaniyati bilar asir olgan», deya yozmagandi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 26-sonidan olindi.