Men yaqindagina chop etilgan Jerald Martinning kolumbiyalik mashhur adib Gabriel Garela Markesga bag‘ishlangan kitobi (“Slovo” nashriyoti, 2011. 624 b. 5000) bilan tanishib chiqdim. U buyuk yozuvchi hayotidan hikoya qiladi.
Gabriel Garsia Markes (bundan buyon — GGM) va uning rafiqasi Mersedes bundan ellik yillar burun pochta bo‘limiga “Yuz yil tanholikda” romani qo‘lyozmasini nashriyotga jo‘natish uchun kelishganida xizmat haqiga 82 peso to‘lashlari kerak edi. Bo‘lajak dongdor adib va uning rafiqasida 50 pesogina pul bor edi xolos. Bu qo‘lyozmaning yarmini jo‘natishga yetardi. Uning ikkinchi qismi uydagi narsalar — elektr isitgich, soch quritgich, sharbatsiqqichlar garovga qo‘yilganidan keyin jo‘natildi. Bugungi kunda GGM nafaqat mashhur, balki juda katta mablag‘ egasi ham. Besh mamlakatning eng chiroyli joylaridagi yetti hovli-uy uning mulki sanaladi. Keyingi o‘n yillikda u yarim soatli intervyu uchun 50 ming dollarga rozilik beradigan bo‘ldi (hamisha ham emas). Uning kitoblarining nomi Shekspir asarlari singari bot-bot gazeta sarlavhalari o‘rnida ko‘rina boshladi.
Qachonlardir men GGMning bitta intervyusi bilan tanishgandim. Unda u, yozuvchi qashshoqlikda yashashga loyiqdir, degan burjua jamiyati nazaridagi tushunchani men hazm qilolmayman, deb aytgandi. Zero, yozuvchi emin-erkin ijod qilishi uchun har jihatdan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Bu fikrni u o‘zining misolida isbotlagan edi.
U bundan ko‘p yillar avval elektr yozuv mashinasini yoqlab chiqqan edi. Hech bir qalam fikrni bu kashfiyotchalik tez qog‘ozga muhrlay olmaydi, degandi. Bugun, o‘ylaymanki, GGM noutbukni eng qulay ish quroli deb biladi.
Jerald Marten kitobida jahon adabiyotining tirik geniysi hayotidan ko‘plab ta’sirchan va yangi lavhalar keltirilgan. Shulardan biri allaqachon o‘zining “Polkovnikka hech kim yozmaydi” nomli mashhur asarini yozib qo‘ygan yosh jurnalist GGMning mashhur bo‘lib ketishi arafasida — 1957 yil Parijda eng sevimli yozuvchisi Ernest Xemingueyni uchratib qolganligi haqida. “U rafiqasi Meri Uelsh bilan yo‘lkadan Lyuksemburg bog‘i tomon o‘tib borardi. U jinsi shimda va ixcham kurtkada edi. Hayajonlangan Garsia Markes tortinchoqligi tufayli unga yaqinlasha olmaydi, biroq jim turaverishi ham mumkin emasdi va ko‘chaning narigi tomonida turgani holatda qichqiradi: “Maestro!” Chol, dengiz va ulkan baliq haqidagi qissasi uning yaqinda tugatgan – jangovor xizmatlari bilan davlat nafaqasiga chiqqan qariya haqidagi asariga benihoya ilhom bergan buyuk adib xuddi go‘daklarnikidek sho‘xchan ovoz bilan javoban qichqirdi: “Adios, amigo!”
O‘sha olis yillarda GGM Parijda, keyin Londonda qashshoqlikda yashab, sevimli kasbi — muxbirlik qilish uchun ish axtarardi. Uning ijara haqini to‘lashga ham hech vaqosi qolmaydi, sevgilisi bilan ajralishadi, u faqat himmatli do‘stlarining madadi bilangina amallab kun kechiradi.
2007 yilning 6 martida nishonlangan uning 80 yillik to‘yiga qirollar, prezidentlar tashrif buyurishadi. Ular orasida Ispaniya qiroli va Kolumbiya prezidenti ham bor edi. U bilan dunyoning eng boobro‘ kishilari do‘stlik rishtalarini bog‘laydilar. U Bill Klinton bilan do‘stlashadi. Uning yaqinlari davrasida Frantsiya prezidenti Fransua Mitteran ham bor edi. U o‘z e’tiqodiga ko‘ra, umrining yarmidan ortiq vaqti davomida Fidel Kastroning qadrdon do‘stiga aylanadi. Bu, adabiyot mudom dunyo siyosatining muhim omili bo‘lib kelganligini tasdiqlaydi, afsuski, bugungi kunda u Rossiyada muntazam ravishda chekkaga surib kelinmoqda.
1982 yilda adibga Nobel mukofoti berilganda Lotin Amerikasi matbuoti bu voqeani Shvetsiya qiroli unga sovrindorlikni e’lon qilib, diplomini topshirguniga qadar – yetti hafta davomida tinmay yoritdi.
Darvoqe, Nobel mukofoti haqida. Bizning ko‘z o‘ngimizda qachonlardir obro‘si juda yuksak bo‘lgan bu mukofotning qadri yil sayin tushib bordi va tushib bormoqda. Balki bu mukofot sovrini endi kichkina ko‘rinib, hech kimni hayratlantirmay qo‘ygandir, balki qo‘mita munosib adiblarni har gal to‘g‘ri tanlab ololmayotgandir, balki munosib nomzodlarning o‘zi yo‘qdir haqiqatdan ham.
GGM dunyo jamoatchiligining e’tiboriga halol mehnati bilan sazovor bo‘lgan sanoqli adiblardan biri sanaladi. Unga bu mukofotning berilishi siyosatga munofiqlarcha muvofiqlashish hodisasidan mutlaqo xoli. Ammo bu borada keyingi jarayonlar kishini nihoyatda ajablantiradi. Jumladan, mukofot o‘tgan yil shahvatparast adibaga berilgan bo‘lsa, bu yil – bir jinslilar nikohini yoqlovchi, keyin yevropalik olish kerak, kelasi yili janubiy afrikalik yozuvchiga (sermahsulligi uchun) berilishi lozim degan mulohazalar bo‘layotganligi hech kimga sir emas... Markes esa bundan mutlaqo istisno – uning “Yuz yil tanholikda” romanining yuksak jozibasi hatto adibning dushmanlari va hasadgo‘ylari nazarida ham sira putur topmaydi.
GGMni kulfatlar va xastaliklar chetlab o‘tgani yo‘q. U ikki marta saraton kasalliklari shifoxonasidan sog‘ayib chiqdi, zero u davolash mumkin bo‘lmagan o‘pka saratonini, keyin oqqon xastaligini ham yengdi. Bu xastaliklarga qarshi kurashishda uning taqdiri boshqa bir Nobel sovrindori — Soljenitsin taqdiriga o‘xshab ketadi, u ham tuzalishi mumkin bo‘lmagan saraton xastaligidan sog‘aygan edi.
Ushbu kitob muhabbat va ilhom onlari haqida, adibning qanday yashaganligi, uning ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lganligi, ijodiy tanazzullarni qanday yengganligi, dunyoga sayohati, o‘z kitoblarini qanday nashr qilganligi va benazir asari “Buzrukning kuzi”ga qay tarzda taraddud ko‘rganligi, yangi asr sarhadlariga qo‘ygan qadami va bunda ham o‘z o‘quvchilari umidini oqlaganligi haqida hikoya qiladi. Jerald Martin ixlosmandlarga dunyo adabiyoti buzrugining shaxsiy hayotining ko‘plab ajib tafsilotlarini yoritib, uning nozik qirralarini ochib beradi.
GGM haqidagi kitobni gapirib berish mening vazifamga kirmaydi. Buning uchun uni qaytadan to‘laligicha yozib chiqishga to‘g‘ri keladi. Muallif o‘z qahramoni – buyuk adib hayotining teran lavhalarini mufassal qalamga oladi, uni safarlarda kuzatadi, ketma-ket chop etilgan kitoblarini tahlil qiladi... Ayni chog‘da GGM 84 yoshni ham qoraladi.
Bizning ko‘z o‘ngimizda buyuk afsonanavis Gabriel Markesning o‘zi dunyoviy afsonalarning biriga aylandi.
Bugungi kunda jiddiy bir milliy adabiyot yo‘qki, unga adibning ijodi ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa. Makonda ruhi va uning yorqin qahramonlari siyrati ta’sirini rus, ingliz, frantsuz zamonaviy prozasida va boshqa jamiki dunyo adabiyotlarida ko‘rish mumkin. O‘tgan asrning birinchi yarmida Xeminguey insoniyatning eng yetakchi adibi bo‘lgani singari uning ikkinchi yarmida GGM shunday mavqega ko‘tarildi.
Mashhur lotinamerikalik shoir Pablo Neruda 1967 yili “Yuz yil tanholikda” romanini o‘qib, uning muallifini yangi Servantes deya ataydi. Agar chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, bu haqiqatdan uzoq emasligini ko‘ramiz. Demak, GGM asarlari ham asrlar davomida insoniyatni hayrat hislariga yo‘g‘uruvchi va unga muhabbat tuyg‘ularini ato etuvchi asarlar qatorida boqiy yashaydi.
J.Martin kitobi — o‘zi haqida yozilganlarni yoqtirmaydigan, tarjimai holini bitishlariga izn bermaydigan GGMning shaxsan o‘zi e’tirof etgan va rasman ruxsat bergan umrbayoni hamdir.
Biz kitob muallifiga chuqur ehtiromimizni bildiramiz. Ayni chog‘da tahlil qilish yoki uning tarjimasiga oid kamchiliklarni aytishga ehtiyojimiz ham yo‘q. Bu kiroyi qissanavislik emas, aksincha, bugungi kunda bizga zamondosh bo‘lgan ulug‘ yozuvchining umrnomasidir. Holbuki, daholar dunyodan allaqachon o‘tib ketgan zotlardir.
Haqiqatan ham ulug‘ kishilar hayotiga bag‘ishlangan ishlar shunday bo‘lishi kerak; o‘n yetti yillik mehnat, adibdan olingan uch yuz intervyu, ikki ming sahifasi qoraso‘z va olti ming izoh – jahonshumul adib hayotidan hikoya qiluvchi provard-natijada olti yuz yigirma sahifali matn!..
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
“Literaturnaya gazeta”ning 2011 yil 26-sonidan olindi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 8-son.