Shu yilning 26 aprelida buyuk tatar shoiri Abdulla To‘qay tavalludiga 125 yil to‘ladi. XX asr boshlarida ilg‘or tatar adabiyotining yetakchi vakillaridan biri Abdulla To‘qay o‘zbek adabiyoti bilan mustahkam aloqada bo‘lgan.
1905 yilgi birinchi rus demokratik inqilobi ta’sirida chor imperiyasi hududidagi barcha mazlum xalqlar adabiyotida bo‘lgani kabi tatar adabiyotida ham muhim g‘oyaviy-badiiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Bu jihatdan mazkur davrda Abdulla To‘qay ijodi alohida o‘rin tutadi.
Shoir bu davrda adabiyotning haqiqiy vazifasini chuqur tushunib yetgan edi.
U “Ma’rifat bo‘stoni” (1908) she’rida uyg‘onib kelayotgan yoshlarni ilm-ma’rifati yuksalib borayotgan ilg‘or millatlardan ibrat olishga chaqiradi. “Hissiyoti milliya” maqolasida esa tatar millati ham jahondagi taraqqiyot yo‘lini tutgan xalqlar kabi rivojlanishi mumkinligini bashorat qilgan edi: “Millat ma’rifatli kishilarga xalq foydasini har turli shaxsiy manfaatlardan yuqori qo‘yadigan millat foydasini aziz tutadigan millat arslonlariga muhtoj,– deb yozgan edi u.– Bizning millat ham Pushkinlarga, Lev Tolstoylarga, Lermontovlarga muhtoj, qisqa qilib aytganda, bizning millat ham boshqa millatlarning taraqqiyotiga sabab bo‘lgan haqiqiy ijodkorlarga, rassomlarga, milliy shoirlarga, musiqachilarga muhtojdir.
Abdulla To‘qay bu borada namuna ko‘rsatib, Sharq va G‘arb mumtoz adabiyotining buyuk namoyandalari, ayniqsa, o‘zbek adabiyotidagi Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, rus adabiyotidagi A.S.Pushkin, M.Lermontov ingliz adabiyotidagi Bayron kabi shoirlarning haqiqiy insonparvarlik va erkparvarlik, ishq-muhabbat ruhidagi yuksak g‘oyaviy va badiiy asarlarini chuqur o‘rgandi. Ularning ta’sirida chinakam xalqchil asarlar yaratdi (“Bir rasm-ga”, “Boqirg‘ondan”, “Bo‘lmasa” (1908), “Nasihat”, “Savob” va boshqalar (1910).
Shoirning otashin she’rlari yangi asr boshlarida barcha turkiy xalqlarning yangi she’riyati uchun ham g‘oyaviy-badiiy ta’sir etuvchi kuchga aylana bordi. Bu jihatdan ayniqsa, uning chor mustamlakachilari va mahalliy zolimlar zulmini qoralab, xalqning og‘ir ahvoliga achinib, jaholat va qoloqlik, riyokorlik va sotqinlikka qarshi yozgan “Ketmaymiz”, “Bir tatar shoirining degani”, “O‘z-o‘zimga”, “Kuz”, “Yurtimga”, “Usuli qadimchi”, “Ko‘rsatur”, “Javob” kabi she’rlari muhim rol o‘ynadi.
Uning ona tilini ulug‘lovchi mashhur she’ri bu davrda turli o‘zbekcha, qozoqcha o‘qish kitoblaridan ham o‘rin olib, Turkistonda mashhur bo‘lib ketgan edi.
“Sadoyi Turkiston” gazetasi, qozoq tilidagi “Oyoqop” jurnali To‘qay vafotining bir yilligiga bag‘ishlab bir qator she’rlar va maqolalar e’lon qildi. Ular orasida Tavalloning “Marhum Abdlulla afandi To‘qayevning she’riga tazmin” (1914), Muhammadjon Seralining “Abdulla To‘qay haqida” nomli she’rlarini e’lon qildi. To‘qayning “Bizni o‘rinsiz yomonlaydilar”, “Millatimga”, “Yurtimga” kabi she’rlariga Tavallo “Bor so‘zlar”, Lutfulla Olimiy “Millatim” (1914), Abdulla Avloniy “Sadoqat bizda yo‘qdur”, “Jigar so‘z” (1916), S.To‘rayg‘irov “Tuvg‘an elima” kabi turli tazmin she’rlar bitdilar. Masalan, o‘zbek shoiri Tavallo ulug‘ tatar shoiriga bo‘lgan otashin mehr-muhabbati va sadoqat tuyg‘ularini shunday samimiy ifodalagan edi:
Jumla fikrim kecha-kunduz Sizga oid millatim,Sen salomat, men farog‘at, illatingdir illatim,Marhum Abdulla To‘qaydek yosh chog‘imda ketmasam,Ojizona shoiring bo‘lmoqqa bordir niyatim,Endi yil to‘ldi vafotiga To‘qayni deb bugun,Bog‘ladim she’rina tazmin, yodlanibdur u yetim.Gar Tavallo she’ri Abdullog‘a yoqsa ne ajab,Topishurdi oxiratda yosh-yosh ikki yetim.(To‘lagan Xo‘jamyorov. “Marhum Abdulla afandi To‘qayevning she’rina tazmin”, “Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914 yil 22 aprel.)
Bu davrda To‘qay ijodi ayniqsa unga g‘oyaviy-estetik jihatdan yaqin bo‘lgan Hamza, Tavallo, Muhammadsharif So‘fizoda kabi ilg‘or o‘zbek shoirlarining ma’rifatparvarlik va xalqparvarlik ruhidagi she’rlariga samarali ta’sir ko‘rsatdi. Bu jihatdan, ayniqsa, Hamzaning “Qizlar va yigitlar dialogi”, “Ramazon” she’rlari bilan A.To‘qayning “Bugun bayram” “Nasihat” she’rlarini qiyoslash o‘rinlidir. Bu she’rlar g‘oyaviy-badiiy jihatdan bir-biriga juda yaqin bo‘lib, har ikki she’rda ham chor mustamlakasi davridagi o‘zbek va tatar xalqlarining og‘ir ahvoli, qashshoqligi, ohu zorlariga achinish, hamohanglik ochiq sezilib turadi.
To‘qayda:
Ehtiyojin arz etib kelsa tilanchi qopqonga,Qattiq so‘zlar birla seni insonligini toptama,Senga o‘xshash u tilanchilar-da Olloning quli,Qo‘l cho‘zar bechora baxtsizlik va ochlik orqali.Yurmangiz bir yoqli deb, siz bu vafosiz dunyoni,U ikki yoqli: uning ham bor qora, ham kun yog‘i –G‘ildirakday aylanar boylik va shuhrat, martaba –Sen bugun boy, balki shaytondan ham yo‘qsul ertaga!..(Abdulla To‘qay. Tanlangan asarlar. O‘zdabiynashr, T., 1961, 125-bet).
Hamzada:
Kambag‘allar titrashib, yurgay yalang‘och izg‘ishib,Oh, bu faqirlik, asorata onlari sayyoddir.Dil shikasta: bag‘ri xun, ko‘zida yoshi shashqator,Otasiz, baxtsiz yetimlar holiga faryoddir.(Hamza. Asarlar. Birinchi jild, she’rlar. T., 1969, 73–74-betlar).
Har ikki she’rga xos bo‘lgan mavzudagi umumiylik (xasis boylar va tilanchi, gadoylar), ularning ichki mazmunidagi ma’no yaqinligi, obrazlar ham-ohangligi Hamzaning bu davrda To‘qaydan ta’sirlanib asarlar yarata boshlaganini ko‘rsatadi.
1917 yil fevral inqilobidan so‘ng Toshkentda To‘qay tavalludiga bag‘ishlab adabiy kecha o‘tkazilib, undan tushgan foydaga shoirga haykal o‘rnatish belgilanadi. Bu haqda “Ulug‘ Turkiston” gazetasi 1917 yil 25 aprel sonidagi “To‘qay kechasi” maqolasida shunday yozadi: “Kecha to‘rt bo‘limdan iborat bo‘lib, 1, 2, 3-pardalarda Fotima Sutushova, Mansura Yoqubova hamda Shohida Boyburovalarning fikri, “To‘qayning xotin-qizlarga qarashi va alarning qanday o‘rinlar tutarga tegishligi”, Nuriddin Seyfulmulikov To‘qayning tarjimai holi, F.Sultonbek tatarning so‘nggi o‘ttiz yil davri, Gasprinskiy va To‘qayning tatar millatina ko‘rsatgan xizmatlari haqinda so‘yladilar. Bir necha kishi tarafindan To‘qayning she’rlarindan bir nechasi diklamatsiya etildi. Xo‘r, jir ham milliy muzika bo‘ldi. 4-pardada jonli surat etilib, To‘qayning xalqni madaniyat va maorifga undovi ko‘rsatildi.
Kechada To‘qayning ochiq xatga tushirilgan rasmlari, chechaklar, dasturlar sotildi. Mo‘‘tabar xonimlar tarafidan buket ishlangan edi. Bunisi kechaning ziynatini tag‘inda orttirdi. Xalq g‘oyat ko‘p edi. Bik mamnun bo‘lib tarqaldilar...”
1910–1920 yillarda Turkistonda Alisher Navoiy, Abay asarlari qatori tatar adabiyotining G‘.Kamol, S.Ramiyev, Sh. Bobich, A.To‘qay kabi vakillari asarlari ham mahalliy matbuotda yoritila boshlandi. To‘qayning mashhur “Ona tili”, “Shurali”, “Mujik uyqusi” asarlari Abdulla Avloniy, Elbek va boshqalarning turli o‘zbekcha o‘qish kitoblarida ham bosildi. Toshkentda o‘zbek-tatar adabiyotlari do‘stligi, To‘qay kechalari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek ma’rifatchilarining maslakdoshi bo‘lgan mashhur “Taraqqiy” gazetasining muharriri Ismoil Obidiy 1920 yil 26 aprelda “Ishtirokiyun” gazetasida shoir tug‘ilgan kun munosabati bilan “Sharq shoiri o‘rtoq Abdulla To‘qayev” nomli maxsus maqola berib, uni sharqning o‘tmishdagi buyuk mutafakkirlari Al-Maarriy, Hofiz, Hayyom, Sa’diy, Navoiylar bilan qiyoslaydi.
Ayniqsa, bu davrda uning jafokash tatar xalqining ozodlik, erkinligini qo‘msovchi, xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi va jaholat ham qoloqlikka qarshi ma’rifat va milliy taraqqiyotni kuylovchi she’rlari Turkiston xalqlari orasida mashhur bo‘lib ketadi. Yangi milliy o‘zbek, qozoq adabiyotining Hamza, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Mag‘jon Jumaboyev kabi vakillari, turk adabiyotida Tavfiq Fikrat, ozarbayjon adabiyotida Sobir, Muhammad Hodi asarlari kabi tatar adabiyotida To‘qay milliy she’rlari va ijtimoiy hajviyasini ham davrning yangi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy vazifalari nuqtai nazaridan qayta idrok etish boshlandi. Bu davrda Cho‘lpon, Mag‘jon Jumaboyev, Elbek va boshqalar To‘qay she’rlaridagi ko‘proq milliy istiqlolni orzu qiluvchi g‘oyalarga e’tibor kuchaydi, ulardan ko‘proq ta’sirlandilar. Bu jihatdan To‘qayning kelgusi milliy istiqbol va istiqlolni orzu qilib yozgan “O‘z-o‘zimga”, “Kuz”, “Millata” , “Yoshlar” singari otashin millatparvarlik ruhidagi she’rlari bilan 20-yillar yangi o‘zbek milliy she’riyatining bayroqdori Cho‘lponning Turkiston xalqlari milliy istiqloli va ravnaqini qo‘msab yozgan “Kuz”, “Yana qor”, “Ko‘klam”, “Haqiqat yo‘li bir o‘tilg‘usi” kabi she’rlari orasida muayyan g‘oyaviy yaqinliklarni ko‘rish qiyin emas. Buni ayniqsa, Abdulla To‘qayning “O‘z-o‘zimga” she’ridagi:
Yurakdan sevaman baxtin tatarning,Ko‘rsaydim ulg‘ayish vaqtin tatarning.yoki bo‘lmasa “Kuz” she’ridagi:
Ey, faqir millatim, qachon bahoring?Qachon ketar keching, kelar nahoring?Kelarmi men qabr tomon surilgach,Yo o‘lib, qiyomatda qayta tirilgach?satrlari bilan Cho‘lponning:
Ko‘klam bilan yurtimga ham bir ko‘karish kelsaydi,Ko‘ngillar ham havolardek ko‘klam hidin bersaydi.(“Ko‘klam keladir!” (1924) she’ridan) satrlarini va yana uning boshqa bir she’ridagi:
Yig‘lama yurtim, agarchi bu kuningda yo‘q bahor,Kelgusi kunlarda baxting yulduzi porlab qolar,–singari o‘zbek xalqining totalitar tuzum istibdodidan qutulib, istiqlolga erishuvini orzu qilib yozgan misralariga solishtirganda ochiq sezish mumkin.
O‘lkamizda To‘qay ijodiga bo‘lgan qiziqish keyingi 30–50 yillarning og‘ir iqtisodiy va siyosiy sharoitida ham susaygani yo‘q. Uning o‘lmas asarlari bu yillarda ham o‘zbek o‘quvchilari orasida Navoiy, Bobur, Muqimiy, Furqat, Abay, Maxtumquli asarlaridek sevilib, ardoqlanib o‘qilib, yod olib kelindi, u haqda maqolalar yozildi, hayoti va ijodi tashviq va targ‘ib etila borildi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda To‘qay asarlarining o‘zbek tiliga yangi tarjimalari 1946 yilda nashr etildi. 1961 yili shoirning avvalgi tarjimalari yanada to‘ldirilib, yangi tarjima asarlar bilan boyitilib qayta nashr qilindi. Bu nashrlarda atoqli o‘zbek shoirlari G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Mirtemir, Asqad Muxtor va boshqalar faol ishtirok etdilar. To‘qayning keyingi yubileyi kunlarida uning O‘rta Osiyo xalqlari adabiyotlariga ko‘rsatgan ta’siri haqida G‘afur G‘ulom, S. Muqanov, I.Sulton, Ch.Aytmatov, L.Qayumov, S.Mamajonov, A.Oripov, I.Yusupov va boshqalar turli maqola va she’rlar yozdilar.
G‘afur G‘ulom “To‘qay – bizning ham shoirimiz” maqolasida Abdulla To‘qayning o‘zbek adabiyoti bilan aloqasi haqida: “To‘qayni faqat tatar xalqining shoiri deb atash kifoya qilmaydi. U, albatta, tatar xalqining faxri, ammo shu bilan birga, To‘qay Rossiyada yashagan boshqa ko‘pgina turkiy xalqlar orasida, dastavval o‘zbek ziyolilari orasida ham mashhur edi. To‘qayni eslar ekanmimz, tatar adabiyotining o‘zbek adabiyoti bilan aloqasi, ugina emas, umuman, o‘zbek xalqi bilan tatar xalqining tarixiy aloqasi ko‘z oldimizga keladi. Hozir ham o‘zbek maktablarining adabiyot dasturida To‘qay ijodining aks ettirilishi, To‘qay asarlarining o‘zbek tilida tadrijiy ravishda nashr etilishi, Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan birining Abdulla To‘qay nomi bilan atalishi o‘zbek xalqining shoirga bo‘lgan hurmat va muhabbatining dalolati, o‘zbek va tatar xalqi o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikning alomatidir”, deb faxr bilan yozgandi. Abdulla To‘qay tavalludining 100 yilligi yubileyida qatnashgan shoir Abdulla Oripov o‘zining To‘qayga bag‘ishlab yozgan “Nurli To‘qay” (1986) she’rida ulug‘ ustozi G‘afur G‘ulomning buyuk tatar shoiriga bo‘lgan mehr va muhabbatini davom ettirib, unga ta’zim bilan shunday deydi:
Men demam aslo seni: sho‘rlik To‘qay,Dardlisan, lekin mudom nurli To‘qay.Chunki, sen ozod zamonni istading,Maqsading hurlik edi, hurlik, To‘qay.O‘zbegu tatar, qozoq, boshqird bo‘lib,Ko‘rinursan menga goh, turlik To‘qay,Sen qorong‘u kechalar bitding yonib,Tiqdi go‘rga aslida zo‘rlik, To‘qay.Haq so‘zingga millating ko‘z tiksa ham,Necha zotlar qildilar ko‘rlik To‘qay.Hech ajab ermas seni yod aylasam,Ikkimiz ham bir qiya, o‘rlik To‘qay.Ha, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov yozganidek, To‘qay haqiqiy erkin, ozod zamonni orziqib kutgan edi. Shunday erkin, mustaqillik zamoni bugun tatar xalqiga ham, unga qondosh va jondosh bo‘lgan o‘zbek xalqiga ham nasib qildi. Shuning uchun ham To‘qay bugungi mustaqilligimiz zavqi bilan yashayotgan o‘zbek xalqi va adabiyoti uchun ham har qachongidan ko‘ra aziz va mukarram bo‘lib ko‘rinmoqda.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 4-son.