Mustaqillik yillarida ona tilimiz ravnaqi yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. O‘zbek tilida chop etiladigan ilmiy-ommabop asarlar, jahon adabiyotidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilinayotgan tarjimalar ko‘paydi. Ona tilimizning boyligini namoyon etishda yangidan nashr qilinayotgan lug‘atlar, darslik va qo‘llanmalarning ham ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Ammo ba’zida so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatmaslik gapning mazmun-mohiyatini o‘zgartirib, tushunmovchiliklar kelib chiqayotgani kishini o‘ylantiradi. Zero, buyuk bobomiz Alisher Navoiy arab yozuvida bir nuqta “ko‘zni ko‘r qilishi” haqida bejiz yozmagan. Ya’ni “ko‘z” so‘zi yozilayotganida yanglishib qo‘yiladigan bir nuqta tufayli “ko‘r” deb o‘qilishi mumkin. Yoki ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan latifani esga olaylik: afandi qo‘shnisini “Siz ahmoq, odam emassiz” deydi. Qo‘shnisi uning bu gapidan jahli chiqib qoziga shikoyat qilib borganda, afandi: “Siz ahmoq odam emassiz”, deb go‘yoki “xatosi”ni to‘g‘rilaydi va so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatib vaziyatdan chiqib ketadi.
Endi bugungi kunda noo‘rin ishlatilayotgan jumlalarni bir tahlil qilib ko‘raylik. Masalan, “Tarbiyaviy ishlar bo‘yicha maktab direktorining o‘rinbosari”, degan iborani aslida “Maktab direktorining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari”, deb ishlatish joiz. Chunki maktab direktori bitta, uning o‘rinbosarlari esa bir nechta bo‘lishi mumkin.
Yaqinda bir gazetada intervyu berayotgan qahramonlarning: “Marhum o‘qituvchimiz bilan mazza qilib suhbatlashgan edik” yoki “she’r muallifi bo‘lmish marhum shoirimiz qo‘ng‘iroq qilib tabriklagan edilar”, degan gaplari o‘quvchida beixtiyor marhumlar bilan ham gaplashsa bo‘ladi, degan tushuncha paydo qiladi. Shu sababli bunday paytda “marhum” o‘rniga “rahmatli” iborasini qo‘llash maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Shahrimizdagi avtoulovlar bekatida “Pullik avtomobillarning to‘xtash joyi” degan yozuvni bir necha marta ko‘rganmiz. Agar bu gapning mag‘zini chaqadigan bo‘lsangiz, tekin avtomobillar ham bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Balki, “Avtomobillarning pullik to‘xtash joyi” deyilsa, to‘g‘riroq bo‘larmidi! Shahar ko‘chalaridagi “Litsenziyasiz yo‘lovchilarni tashish qonunga xilof” degan yozuvlar bitilgan “marshrut taksi”lari xaqida juda ko‘p e’tirozlar bildirilib maqolalar yozildi. Ammo hamon natija yo‘q. Agar ushbu iboraga diqqat qiladigan bo‘lsangiz, endilikda yo‘lovchilar ham ko‘chaga chiqish uchun litsenziya olishi kerak ekan-da, degan xayolga borasiz.
Kontsert afishalariga hech e’tibor berganmisiz? Kontsert bo‘ladigan manzilni “Turkiston” saroyining yozgi binosida” deb yozishadi. “Yozgi bino” emas, balki “yozgi sahna” deb yozish to‘g‘riroq.
Tilimizda rus tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilingan iboralar ko‘plab uchraydi. Masalan, AQShda Nyu-York, Nyu-Orlean degan shaharlar bor. Biroq nima uchundir Nyu-York tarjima qilinmaydiyu, Nyu-Orleanni matbuotda Yangi Orlean deb yozamiz. Yana “legendarniy” degan so‘zni “afsonaviy” sifatida ishlatmoqdamiz. “Afsonaviy futbolchimiz”, “afsonaviy shaxmatchi” va hokazo... “Afsonaviy” iborasi o‘zbek tiliga zo‘rma-zo‘raki kiritilayotgandek tuyuladi. Sabab “afsona” o‘z nomi bilan afsona, ya’ni bo‘lmagan narsa. Demak, “legendarniy” so‘zining boshqa muqobilini topish maqsadga muvofiq.
“Bir yillik bog‘bonlar tayyorlaydigan maktab”, “Uch oylik haydovchilar kursi”, degan e’lonlarni o‘qib, axir bir yillik bog‘bonlar, uch oylik haydovchilar ham bo‘lar ekanmi, deb o‘ylaysiz. Aslida ushbu iboralar bog‘bonlarni tayyorlaydigan bir yillik maktab, haydovchilarni tayyorlaydigan uch oylik kurslar tarzida ishlatilishi maqsadga muvofiq.
Yana bir taassufli holat — rus imlosidagi so‘zlarning lotin alifbosiga o‘tkazilganiga nima deysiz? Ko‘chalarda ruscha «PODARKI», kasalxonalarda esa «Rasporuadok dnua» kabi yozuvlar ko‘zga tashlanmoqda.
Ruschadagi “parnik gazi”ni “issiqxona gazi” deb tarjima qildik. Aslida issiqxona “teplitsa” degan so‘zning tarjimasidir. Shu sababli xam “parnik” issiqxona bo‘lolmaydi. Mutaxassislar yaxshi bilishadi, issiqxonaga isitish moslamalari o‘rnatiladi. “Parnik” esa o‘z issiqligidan harorat oladi. Mana shu harorat tashqariga chiqib keta olmay bug‘xona oynalariga “o‘tirib qoladi”. Ana shu xolatga “parnik gazi” deyiladi.
“Salqin ichimlik” iborasi bilan bog‘liq muammo hamon yechilmagan. Agar yaxna ichimlik salqin deyiladigan bo‘lsa, u holda issiq choyni “jazirama choy” deyish kerak bo‘ladi.
Ayrim muzqaymoq sotiladigan joylarda “Yuz foiz toza sutdan tayyorlangan muzqaymoq” degan lavhalarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Demak, iflos sutdan ham muzqaymoq tayyorlasa bo‘lar ekanmi, deya bosh qotirayotsam, uning ruscha muqobiliga ko‘zim tushib qoldi: “Naturalniy moloko”... Demak, “Naturalniy moloko”ning tarjimasi “Tabiiy sut”dir.
Yana bir fikr. Shahrimizdagi oshxonayu choyxonalarga kiraverishda “Har kuni Lazerdan osh” degan yozuvlarga e’tibor bering. Oshni pishirish jarayonida o‘tin, ko‘mir yoki zangori olovdan emas, lazerdan foydalanilarkan-da, deb o‘ylab qolasiz. Aslida ushbu ibora lazer guruchidan osh, deya talqin qilinishi zarur.
Yuqorida o‘zbek tili boy til dedik. Demak, lug‘at boyligimizdan o‘rinli foydalanib, so‘zlarni joy-joyida ishlatishga e’tibor berish savodxonlik belgisidir. Garchi, ayrim mulohazalarimiz kimgadir mayda-chuyda bo‘lib ko‘rinsa-da, bu xatolar to‘g‘rilanmasa, ular ertaga yechimi og‘ir, katta muammoga aylanishi hech gap emas.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 39-sonidan olindi.