OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umida Rasulova. Munavvar taqdirlar talqini

Atoqli adib Pirimqul Qodirov hayot bilan hamnafas yashab, jamiyatdagi har bir o‘zgarish, yangilanishga o‘z munosabatini bildirar edi. Uning ilk hikoya va ocherklari SAGU(hozirgi O‘zMU)ning sharqshunoslik fakultetida o‘qib yurgan yillariyoq e’lon qilingan. Ijodkor bir necha yil Moskvada sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi lavozimida ishlab, iste’dodli yoshlardan yordamini ayamadi. Xususan, bu haqda ustoz olim Ozod Sharafiddinov “Dovondagi o‘ylar” asarida: “Pirimqul mening tanqidchi bo‘lib tug‘ilishimda doyalik qilgan edi – shunday qilmaganida men o‘zim yurak yutib qachon yozishga kirishar edim-u, undan nima chiqardi — xudo biladi”, deb yozgan. Pirimqul Qodirov sobiq tuzum davrida aksariyat yozuvchilardan ilgariroq shaxsga sig‘inish fojialarini “Uch ildiz” (1959) romanida real ko‘rsatib bergan.

Pirimqul Qodirov insonning inson bo‘lishida o‘z qadrini bilishi bosh omil deb hisoblardi. Sho‘ro davrida jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan deh­qonlarning biri ikki bo‘lmagani, hech qanday qonunga, inson huquqi himoyasiga e’tibor berilmagani, paxtakorlar sahardan tunga qadar tinmay mehnat qilishgani adibning “Meros” qissasida real tasvirlangan. Zahmatkash paxtakor Mamajon Dadajonov haqida yozuvchi dastlab ocherk e’lon qiladi.

Ocherkda davr ruhi, nafasi jonli ko‘rsatib berilgan. Muallif o‘zi yashayotgan jamiyat manzarasini hujjatlilikka asoslangan holda rostgo‘y ifodalashga ahamiyat qaratgan. Ana shu ocherk asosida yozilgan qissada kompozitsion yaxlitlik, badiiy komponent­lar uzviyligi yetakchilik qiladi. Qahramon fitrati, falsafiy-axloqiy masalalar, voqea-hodisalar teran tahlil etiladi.

“Meros” qissasi bosh qahramoni Yolqin Otajonov lafzi halol, jonkuyar, fidoyi paxtakor-mexanizator. Uning fe’l-atvorini, hayot maslagini muallif sinchi nigohi bilan chizib beradi.

“Erk” nomli qissasida atoqli adib poytaxt qiyofasi, zamondoshlar orzu-o‘ylari, intilishlarini Sattor taqdiri hikoyasi orqali ochib beradi. Loyi­hachi injener Sattor Roziyaga ko‘ngil qo‘yadi. Ularning ma’naviy dunyosi, hayot maslagi yaqin, shu bois bir-biriga qalban talpinadilar. Biroq Sattor erkini qo‘ldan boy berib, ota-ona xohishiga ko‘ra Oyshaxonga sevmay uylangan. Ko‘ngilsiz qurilgan oila poydevori esa nurab bormoqda.

Oyshaxon sodda qishloq ayoli, mehribon, mehnatkash, oila rishtalarini muqaddas biladigan, qaynonasi ko‘ngliga yo‘l topa olgan “omi” kelin. U Sattorning bemehrligi, sovuqqonligini tabiiy deb biladi, ranjimaydi, xizmatini chin dildan ado etadi. Sattor daraxt bo‘lsa, ­Oyshaxon chirmovuq misol unga yopishadi, mabodo daraxt qurisa, u ham quriydi.

Sattor ikki o‘t orasida qovriladi: Roziya hamma tomonlama unga mos qiz; Oyshaxon – tobe xotin, o‘g‘lining onasi. Shunday yo‘l tutish kerakki, ikki ayol ham jabr ko‘rmasin. Shu taxlit Sattor kalavaning uchini axtaradi. Oyshaxon erining ajrashish haqidagi xabarini eshitib, “lov” etib yonadi. Ichki g‘alayon izmiga bo‘ysungan ayol o‘zini daryoga tashlaydi. Bu holat voqea rivojida burilish yasaydi. Mazkur tasvirda inson siyratidagi musbat va manfiy qutb to‘qnashadi. Asar so‘ngida, taqdir taqozosiga ko‘ra, Roziya Oyshaxon bilan yuzma-yuz keladi. Oyshaxon Sattor bilan Roziyaning bir-biriga munosibligini ichida tan olsa-da, sirtiga chiqarmaydi. Negaki, u ham ayol, baxt qushini uchirib yuborishdan cho‘chiydi. Oyshaxon fojiasi, asardagi dramatik nuqta: “Endi nima qilamiz?” (o‘g‘liga aytayapti-yu, o‘zi yo‘l izlayapti) jumlalarida aniq ifodasini topgan.

Yozuvchining gazchilar hayoti haqidagi “Qadrim” qissasi bosh qahramon Iskandarning inson, shaxs sifatida o‘z o‘rnini topishida Zulayhoning ta’siri kuchli bo‘ladi. U dadil, qat’iyatli, mustaqil fikrlovchi qiz. Iskandar uning: “Siz mustaqil odam emassiz!”, degan tanbehidan achchiqlanib, hunar o‘rganishga astoydil kirishadi... Asarning asosiy g‘oyasi “O‘z qadrini bilmagan, o‘zganing qadrini bilmaydi”, degan hikmatni yodga soladi. Qadr, o‘zlik, ishonch kabi noyob tuyg‘ularni qalbida chuqur his qilgan qahramon ma’nan yetuk shaxs sifatida o‘zini ko‘rsatadi. Iskandar o‘ziga ishonchi ortgandan so‘nggina Zulayhoga munosibligini anglaydi. Qahramon kashf qilgan hayot falsafasi quyidagicha ­jaranglaydi: “Men endi bilyapman: kishiga hayot qanchalik zarur bo‘lsa, insoniy qadr-qimmat ham shunchalik zarur. Menimcha, hayotda eng muhimi — odamparvar bo‘lish, kishilarimizga yaxshilik qilish, insonning qadr-qimmati uchun ham tinmay kurashish. ­Chunki kishi o‘z qadrini bilmaguncha o‘z ­baxtini tanimaydi”.

Yozuvchini har bir asarini ichdan nurlantirib turgan, qahramonlari taqdiriga munavvarlik baxsh etgan Erk, Qadr, Meros kabi tushunchalarni muallif falsafiy-estetik mezonda teran badiiy tahlil qilgan.

“Millatimiz o‘z tarixiy ildizlaridan ma’naviy oziq olsa, qaddini tez tiklashi mumkin”, degan xulosaga kelgan adib moziyga nigoh tashlab, buyuk hikmat sohibi Zahiriddin ­Muhammad Bobur hayoti, faoliyatiga doir ilmiy, badiiy manbalarni sinchiklab o‘rganadi. Hindistonga ijodiy safari davomida bu yurt tarixchi olimlari qalamiga mansub asarlar bilan tanishadi. Ko‘p yillik izlanish, o‘quv va tajribalar yakunlangach, Bobur haqidagi “Yulduzli tunlar” romanining ilk nusxasi mutaxassislar hukmiga havola etiladi.

Asarda XV asr oxiri — XVI asr birinchi yarmida Turon, Hindiston, Afg‘oniston zaminidagi siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy shart-sharoit, ziddiyatlar qamrab olingan. 12 yoshli ­Boburning hokim etib tayinlanishi, ishonuvchanligi, beg‘uborligi bois tojdorlar tuzog‘iga tushishi, yoshligiga qaramay hayotning katta oqimida suzishi yorqin detal, lavhalarda ko‘rsatib berilgan. Qarindoshlari, suyukli yori, ishongan do‘sti xiyonati unga kutilmagan zarba beradi. Toj-taxt qutqusiga bandi nafs egalari pokdomon yigitni o‘z yurtini tashlab chiqib ketishga majbur qiladilar. Uning barcha xo‘rlikni chidam, matonat bilan yengib, yo‘lsizlikdan yorug‘likka intilishi romanda ta’sirli ifodalanadi. Umidsizlikni yenggan Bobur afg‘on yurtiga ezgu niyat bilan qadam quyib, tinchlik siyosatini olib boradi. Bobur, avvalo, adolatli, bag‘rikeng, tanti shaxs sifatida iqtisodiy-maishiy turmushni yuksaltirish, obodonlashtirish, ma’rifatni targ‘ib qilishga muvaffaq bo‘ladi. Hindistonni egallaganda ham shu aqidasiga rioya qiladi. Ko‘p millatli hind ­xalqining tili, dini, madaniyatiga ehtirom ko‘rsatishi elning e’tiboridan chetda qolmaydi. Yozuvchi Boburning bu o‘lkada markazlashgan, taraqqiy etgan saltanatni bunyodga keltirganini bosqichma-bosqich badiiy gavdalantirgan. Boburning mamlakat yetakchisi sifatida g‘amxo‘r, odil, irodali, kechirimli bo‘lganini muallif hayotiy lavha, voqea-hodisalar tahlil orqali ko‘rsatadi.

Ilm-fan homiysi, bunyodkorlar peshvosi qalbini vatan sog‘inchi mudom bezovta qiladi. Shoir tabiatdagi hodisalar, turli noz-ne’matlar, shart-sharoitlarni muqoyasa etarkan, kindik qoni to‘kilgan yurti jozibasi, tarovati ohangrabodek uni o‘ziga maftun qilaveradi. Yurtidan kelgan har bir xushxabar uni befarq qoldirmaydi. Donishmand shoirning: “Vatanimga o‘zim qaytolmasam ham, asarlarim qaytmog‘i mumkin. Endigi orzuim – men tug‘ilgan yurtimga qilolmagan farzandlik xizmatimni asarlarim qilsa”, degan ezgu niyati romanning tub mohiyatni ifodalaydi.

“Avlodlar dovoni” romanida ­Pirimqul Qodirov Humoyunning sulolani mustahkamlash yo‘lidagi mashaqqatli, sinoatli faoliyatini nozik tasvirlaydi. U og‘alari o‘rtasidagi nizolarni oqilona hal etishga harakat qilsa-da, amalda buning uddasidan chiqishga qiynaladi.

Yozuvchi Humoyunning otasi qurgan saltanat poydevorini mustahkamlash borasidagi faoliyatini xolis tasvirlab, keyingi bosqich — sulolani jahon tamadduni e’tirofiga sazovor qilgan Akbarshoh taqdiriga urg‘u beradi. Akbar ruhida, qalbida hind yurtiga muhabbat nihoyatda kuchli. U islohotchi sifatida dinlararo mutanosib nuqtalarni aniqlab, hayotga joriy qiladi. Xalqaro munosabatni mustahkamlashga ayricha e’tibor beradi. Akbar davrida hind taraqqiyotining yuqori bosqichi, ilm-fan, madaniyat sohasidagi yutuqlar ko‘p manbalarda tilga olinadi. Adib tarixiy romanlari orqali Bobur, uning avlodlari vatanni ardoqlab, qadriga yetib, insoniyatga ezgulik, ma’rifat, himmat nigohi bilan o‘rnak bo‘lganini to‘la badiiy ifodalab beradi. Ma’lumki, yozuvchi bu romanlari bois nohaq ta’na-dashnomlar eshitdi. “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi” deganlaridek, adibdan avlodlarga yetuk tarixiy romanlar qoldi, uning an’analari o‘z izdoshlarini topdi. Har ikkala roman XX asr o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitdi.

Istiqlol yillarida Pirimqul Qodirov barakali ijod qildi. Chunonchi, “Til va el” nomli ilmiy badiasida muhim masala — til millat ko‘zgusi, g‘urur, yurt iftixori ekani nazariy aspektda teran tahlil etiladi, til tarixi, taraqqiyot bosqichlari yozuvchi-adabiyotshunos nigohida baholanadi. Badiada qalam ahli tilni qanday his qilishi, fikr-tuyg‘uni aks ettirishi masalasi ko‘tarilgan. Yozuvchi so‘z san’atining betakror jihatlarini ishonarli, ramzli ifodalarkan, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi allomalarning bu boradagi tadqiqotlari mohiyatiga e’tibor qaratadi. Adib til bilan bog‘liq mulohazalarni xolis, erkin bayon qiladi. Ilmiy manbalarni sinchiklab chig‘iriqdan o‘tkazib, to‘g‘ri, asosli mulohazalarini bildiradi. Barcha zamonlarda tilni e’zozlash, elning noyob boyligini qadrlash, asrash zarurligini har taraflama asoslaydi. Har bir tilning qudrati va afzalliklari shu tilni yaratgan xalqning o‘zi bilan birga yashasagina rivojlanib borishini dalillar orqali ko‘rsatadi.

Adib o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan behad quvonib, milliy tilning davlat tiliga aylanishi taraqqiyotning asosiy garovi ekanligini dildan his etishini aytadi: “Xalqni millat qilib ichdan birlashtirib turadigan eng zo‘r omillardan biri – uning yagona millat tilidir”.

Vatan tarixining jonkuyari “Amir Temur siymosi” nomli badiasida sohibqiron Amir Temur shaxsining jahon olimlari tomonidan qay tarzda baholanganligini adolat mezonlariga muvofiq tarzda izohlaydi. “Temur tuzuklari” borasidagi ilmiy asoslanmagan qarash, g‘oyalarning puchligini dalillar bilan fosh etadi va Sohibqiron fitratini aniq faktlar, hayotiy dalillar vositasida haqqoniy tasvirlab beradi. “Kuch — adolatda” shiorini dasturulamal aylagan ulug‘ siymoning ziddiyatlarga boy hayoti, siyosat, iqtisod, huquq fanlari takomilidagi zurafolik faoliyati ilmiy-badiiy aspektda talqin etiladi.

Pirimqul Qodirovning til masalasini ilmiy-badiiy rakursda yoritgani, Amir Temur fenomenini yaxlit holda xolis baholagani yosh avlod ma’naviy-estetik tafakkurini boyitishga qo‘shilgan ulkan hissadir. Chunonchi, jahon temurshunoslari fikrlariga munosabat tarzida yuzaga kelgan badia o‘ziga xos betakror asar bo‘lib, unda Sohibqironning falsafiy-estetik maslagi to‘kis ko‘rsatib berilgan. Nazarimizda, yozuvchining mazkur badialari bundan keyin ham adabiyotshunos, nafosatshunos, faylasuflar diqqatini o‘ziga jalb etaveradi.

XX asr ikkinchi yarmi — XXI asr boshlarida ijod qilgan atoqli adibimiz Pirimqul Qodirov shu kunlarda sakson besh bahorni qarshilagan bo‘lardi. Uning ma’naviy hayoti badiiy asarlarida, boshlagan ezgu ishlarida davom etaveradi. Darvoqe, yozuvchi vafotidan 3 oy oldin men u kishining suhbatlarida bo‘lgan edim. O‘shanda ustoz Xudoyberdi To‘xtaboyev, Suyima G‘aniyeva, Abdug‘afur Rasulov, Hamidulla Boltaboyev singarilar yozuvchi va olimlar bilan adabiyot, hayot haqida qizg‘in suhbat qurdilar. Har gal shu uchrashuvni eslaganimda, Pirimqul Qodirovning nuroniy siymosi, Safiya onaning ma’sum nigohi ko‘z o‘ngimda gavdalanadi va ulug‘larning har bir suhbati biz yoshlar uchun hayot sabog‘i, adabiyot darsi ekaniga iqror bo‘laman.

Umida Rasulova,

O‘zMU dotsenti

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 12-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.