Har yili Potsdamga minglab sayyohlar tashrif buyurishadi. Ularning maqsadi ekzotika, qadimiy yodgorliklar, qasrlarni tomosha qilish, go‘zal parklarni aylanishdangina iborat emas. Ayni shu shaharda ikkinchi jahon urushini yakunlab bergan konferentsiya tashkil etilgan. 1913—1916 yillar oralig‘ida qurib bitkazilgan ingliz uslubidagi Sitsilienxof qal’asida o‘sha paytdagi katta uchlik davlatlari rahbarlari Stalin, Trumen va Cherchill(1945 yilning 28 iyulidan boshlab uning o‘rniga K.Ettli ishtirok etgan)uchrashishgan va urush taqdirini hal qilishgandi. Shuning uchun ham turistlar Yevropaning ushbu mitti nuqtasini ko‘p bor ziyorat qilishni o‘zlariga katta tashvish deb bilmaydilar.
GDR (Germaniya Demokratik Respublikasi — 1949 yil 7 oktyabrda tashkil topgan) davrida xalqaro mehmonxona vazifasini o‘tab bergan befayz bino ta’mirdan so‘ng ko‘hna chiroyini yana bir bor namoyon etdi. Germaniyalar birlashgach esa tanishtiruv-tushuntiruvlarning ham ohangi(toni) o‘zgardi. Endi gidlar Qizil Armiyaning qudratiga emas, balki sovet imperiyasining repressiv xarakteriga katta urg‘u bera boshladilar. Umuman olganda, kattalar uchrashuvi uchun bu joyni tanlash tasodifan yuz bergan. Shartga ko‘ra, ular Germaniya hududidagi va Berlin atrofidagi biror-bir punktda yig‘ilishlari kerak edi. Sababi poytaxt deyarli xarobaga aylangandi. Shundan kelib chiqib, marshal Jukov(Sovet Armiyasining bosh qo‘mondoni) har tomonlama qulay bo‘lgan Potsdamni tanlashni joiz deb topdi. Davlatlar delegatsiyalari Sitsilienxof qal’asidan uncha uzoq bo‘lmagan daryo qirg‘og‘ida omon qolgan bir nechta villalarda qo‘nim topishdi.
G‘arblik mehmonlar orasida urush davrida AQSh va Buyuk Britaniya hukumatlarini muvaffaqiyatli boshqargan arboblar yo‘q edi hisob. Franklin Ruzveltning 1945 yil aprelida vafot etishi munosabati bilan amerikaliklarga sobiq vitse-prezident Garri Trumen (1945 yilning 12 aprelida prezidentlikka saylangan) bosh bo‘lib keldi. Tashqi siyosat borasidagi tajribasizligi va tor dunyoqarashi uning reytingda pastroq o‘rin egallashga majburligini ko‘rsatib qo‘ydi. E’tiborli janob, taniqli bosh vazir Uinston Cherchill G‘arbiy Yevropada Sovet Ittifoqining ta’siri kuchayib ketishidan xavfsiragan bo‘lsa-da, muhokama asnosida Angliyada bo‘lib o‘tgan saylovlardan keyin hokimiyat haqida qayg‘urish mas’uliyati uning bo‘ynidan soqit qilinganligi ma’lum bo‘ldi. Chunki leyboristlar yetakchisi Klement Ettli urushdan so‘ng o‘tkazilgan birinchi saylovda ko‘p ovoz yig‘ishga erishdi. Hokimiyat taxtasidagi farzin(Cherchill) yangilandi. Bu esa KPSS bosh kotibi Iosif Stalinga nafaqat mezbon sifatida, balki raqiblar kuchsizlangan damdek oltin imkoniyatni tuhfa etdi. Dohiyning kelajakda yechimini kutayotgan siyosiy muammolar xususidagi fikrlari ko‘proq kuchga, tutgan o‘rni esa qudratliroq nufuzga ega bo‘la bordi.
Manfaatlar to‘qnashuvi oldingi konferentsiyalarda zaruriyat yuzasidan chetga surib qo‘yilgani rost. «Urushda agar do‘st bo‘lsang, qaror bitta bo‘lishi kerak» shioriga antigitler koalitsiyasi rioya qilishi, o‘zbekchasiga tushuntirganda bir yoqadan bosh chiqarishi shart edi.
Ko‘p o‘tmay urush deyarli tugadi. Texnikalarning asabbuzar ovozlari oz muddatga bo‘lsa-da tindi. Endi navbat — g‘oyaviy janglarga, bir-biridan o‘tish uchun musobaqalashib, tobora balandlasha borayotgan siyosiy shovqin-suronlarga yetib kelgandi.
Buyuk Britaniya mustaqilligi va kolonial boshqaruvini saqlab qolish hamda qit’ada o‘z obro‘sini tiklab olish harakatiga tushdi. Kommunizm darg‘alari hududlarini nemis bosqinchilaridan batamom tozalash, kutilayotgan hujumlarning oldini olish va G‘arbiy Yevropadagi ta’sirini kuchaytirish bilan ovora bo‘lsa, AQSh erkin savdoni qayta yo‘lga qo‘yish va Yevropa bilan munosabatlarni barqarorlashtirishdan manfaatdor edi. BMTning tashkil etilishi bu boradagi birinchi qadam vazifasini bajarib berdi. Unda ehtimoli bor yangi jahon urushi ma’lum muddatga «zararsizlantirilgandi». Tehronda ham, Yaltada va Londonda ham ittifoqchilar muhokamalaridan so‘ng tinchlik to‘g‘risidagi bitimga imzo chekilgani ma’lum. Shundan bo‘lsa kerak, 1945 yildan so‘ng rahbarlarni o‘z yurtlarida tiklash ishlarini olib borishdan ko‘ra, natsist tarafdorlarini jazolash ko‘proq qiziqtirgan. Ayniqsa, Potsdamda bu hol ko‘zga yaqqol tashlandi, u yerda adolatning qaror topishiga astoydil harakat qilindi. Davr tarozusi pallalari faqat bu bilan muvozanatga kelmasdi, albatta. Hali oldinda chegaralarni belgilash va boshqa geografik masalalar ko‘ndalang turardi.
Konferentsiya davomida Kenigsberg shahri, Germaniyaning g‘arbidan to polyaklar mulki Lauzittsa-na-Neysigacha bo‘lgan hududlarni SSSR rahbarlari o‘ziniki qilib olishdi. Tub yerliklar o‘z joylarini ko‘chib keladigan aholi uchun bo‘shatib berishlari zarur edi. Shuningdek, vayron bo‘lgan zonalarni qayta tiklash uchun Germaniya hukumati 10 mlrd. reyxsmark hisobida reparatsiya(tovon) to‘lashi Potsdam hujjatlarida qayd etildi.
Shuningdek, uchta «d» siyosati, ya’ni demilitarizatsiya, dekartelizatsiya, denatsifikatsiya — fashizmni tag-tugi bilan yo‘q qilishga qaratilgan bo‘lib, oxir-oqibat demokratizatsiya(to‘rtinchi «d»)ga yo‘l ochishi lozimligi to‘g‘risidagi qarorga Sitsilienxof qal’asiga tashrif buyurgan davlat vakillari imzo chekishdi. Bu bilan Germaniya xalqaro munosabatlardan vaqtincha mahrum qilindi. Aslini olganda, kommunistlar ham, G‘arb ham, rasmiy qabul qilingan Potsdam me’yorlariga hech qachon adolat nuqtai nazaridan yondashishmagan. Bu sovuq urush davrida ko‘zga yorqin tashlandi. Natija Germaniyaning ikki xil ma’nodagi mag‘lubiyatini ko‘rsatib qo‘ydi. Birinchidan, g‘oliblar mag‘lublar ustidan bemalol hukm chiqarishlari mumkin edi. Endi hech qanday «reyx bo‘risi» ularga xalaqit bera olmasdi. Ikkinchidan, hujjatlardagi oxirgi bandlar ham nafaqat natsist hukumati inqirozidan darak berardi, balki sharmanda bo‘lgan, tovon to‘lashdan charchagan nemis milliy hokimiyatining, vatanidan ayrilgan, quvg‘indagi xalq ko‘z yoshlarini jonli ifodalardi. Uning ustiga, muhokamalarda nemislar o‘zlari ustidan chiqarilgan hukmni jim o‘tirib tinglashga mahkum edilar.
Potsdamda yana shunga kelishildiki, Germaniya bilan g‘olib davlatlar o‘rtasidagi aloqalarda yangi hujumlar xavfi borligi tufayli qat’iy va beshafqat metodlarga amal qilindi.
Katta uchlik vermaxtni uzil-kesil yo‘q qilishdan tashqari, ijtimoiy va madaniy «qurolsizlantirish» ishlarini ham jadallik bilan olib bordi. Bundan tashqari, dekartelizatsiya yo‘nalishi orqali urush paytida moliyalashtirish ishlari bilan shug‘ullangan barcha kartel(harbiy-iqtisodiy tashkilot, monopolistik birlashma)lar yopib qo‘yildi, german iqtisodiyotini markazlashtirishdan xoli etish, monopoliyalarni yo‘qotish haqida so‘z yuritildi. Dasturda siyosiy madaniyat uzoq muddat mobaynida reabilitatsiya (qayta tiklanish) jarayoniga tayyorlanib borishi va yangicha qiyofa kasb etmog‘i ko‘zda tutilgandi. Tabiiyki, eng ko‘p yo‘qotishga uchragan va misli ko‘rilmagan talofatdan zarar ko‘rgan hamda shu orqali g‘alabani ta’minlagan Sovet Ittifoqi Potsdam(Berlin) konferentsiyasi bahonasida Yevropaning mutlaq gegemon davlatiga aylandi. Boshqalar Frantsiyaning Shimoliy Afrikadagi mustamlakalarini, keyinchalik Italiyani dushman iskanjasidan xalos etayotgan va 1944 yilning yozida frantsuzlarga yengil nafas olish nasib qilgan bir paytda, Qizil Armiyaning Yevropadagi ta’siri nihoyatda kuchayib ketdi. Shunga yarasha Moskva tomonidan boshqariladigan yer maydoni hajmi ham kengayib bordi. O‘sha paytda joriy vaziyatni Cherchill tinmay tanqid qilgan bo‘lsa-da, Ruzvelt kelajak hamkorligiga putur yetmasin deya SSSR bilan san-manga borishni istamasdi. Rasmiy kelishuvlar(xususan, Potsdamda ham)ning deyarli hammasi ideal qarama-qarshiliklarni nomigagina bekitish uchun xizmat qilgan, xolos. Chin ma’noda fikrlaydigan bo‘lsak, urush davridagi va undan keyingi har bir muhokama aslida ko‘karayotgan «sovuq urush ko‘chati»dagi ko‘z ochayotgan kurtakdan boshqa narsa emasdi. Masalan, «demokratizatsiya» so‘zi kapitalistlar uchun erkin ovoz berishni anglatgan bo‘lsa, Sharqda, taassufki, yakka hokim kommunistlar bunga yo‘l qo‘ymasdi. Yoki amerikaliklarning Germaniyadan katta miqdorda tovon talab qilmaganini olib ko‘raylik. Boisi kelajakda nemis xalqi ular uchun bosh og‘riq, boqimanda bo‘lib qolishidan cho‘chishgan. Biroq sotsialistlar mamlakatda hukm surayotgan qashshoqlikdan kelib chiqib, yakson bo‘lgan dushman hududidagi oxirgi murvatni ham tashib ketishdi.
Shunga qaramasdan, Stalinning uchrashuvdan keyingi yaqqol hukmronligi uzoqqa cho‘zilmadi. Trumen qo‘lida yangi yaratilgan, sinab ko‘rilgan atom bombasi «Xalqlar otasi»ning ko‘p orzularini chippakka chiqardi. Sovet razvedka xizmati hammasini sinchkovlik bilan kuzatib borgan bo‘lsa ham bosh kotib okean ortidagilarga munosib javob berishni negadir joiz deb topmadi. Lekin har ikki tomon ham umumnemis hukumatini nazorat kengashi asosida baholi qudrat boshqarib turishardi.
G‘arbliklar chegara masalasida yumshoq va yashirin siyosat olib borishdi. Sobiq Ittifoq esa tuzum xususiyatidan kelib chiqib, hududlarni qat’iy belgilab oldi va GDR tashkil topganini e’lon qildi.
Umuman olganda, Berlin konferentsiyasida imzolangan hujjatlar uzoq yillar davomida tinchlikni saqlab turish uchun xizmat qildi. Ammo sovuq urush davrida kunbotar yurt vakillari Potsdam kelishuvini qaytadan ko‘rib chiqishga urinishdi. Ular KPning bir qator mamlakatlar ustidan yurgizayotgan nazoratini kuchsizlantirmoqchi edilar. Bu ishni amalga oshirishda 1989—90 yillarda ro‘y bergan yemirilish yordam berib yubordi. Natijada Potsdamda qabul qilingan bir qator huquqiy me’yorlar o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘lsa, boshqalariga o‘zgartirish kiritildi. Misol uchun, 2+4 shartnomasi va Berlin devorining buzib tashlanishi (1989 yil oxiri), GDR va GFRning 1990 yil 3 noyabrda o‘zaro birlashishiga olib keldi. Sababi federal respublikaning siyosiy madaniyati qo‘shnisinikiga nisbatan ancha ilgarilab ketgandi. Iqtisodiy yutuqlar demokratik respublikada istiqomat qiluvchi aholini federalchilarga havas qilishga undadi. Xullas, birlashuv Sitsilienxofda amalga tatbiq qilingan barcha sanktsiyalarni bekor qildi. Demak, 1945 yilning 17 iyulidan 2 avgustigacha Berlin yaqinidagi sobiq Gogentsollernlar saroyida tashkil etilgan konferentsiyada «German militarizmi va natsizmi tiklanishi yoki qayta tashkil etilishining abadiy oldini olish uchun» muhim huquqiy normativlar kuchga kirgandi.
Tarix: Tasodifiy joy yoxud «D»lar siyosati
Saidjon Maxsumov tayyorladi.