Xristofor Kolumb — uni Amerikani Yevropa uchun ochgan shaxs, mashhur dengizchi sifatida e’tirof etishadi. Haqiqatan ham, u hayoti davomida yuksak cho‘qqilarni egalladi. Dengizchining o‘limidan keyin ham shuhrati oshsa-oshdiki, aslo pasaygani yo‘q. Hatto uning jasadi oddiy odamlarnikiga nisbatan yuksakroq munosabat qaratishga undadi. 1506 yil. Ispaniyaning Valyadolid shahri. Aynan shu makonda Kolumb dunyo bilan xayrlashdi. Bir umr xudoni zikr etib, qiyin vaziyatlarda uning yordam berishiga ishonib yashagan dengizchi, dindorlardek izzat-ikrom ko‘rsatilib dafn etildi.
Amalga oshmaydigan ish ekanligini bilsa-da, u o‘limi oldidan yozgan vasiyatida o‘zi kashf etgan ajib mamlakat, ya’ni, «Yangi Dunyo»ga dafn qilishlarini yozib qoldirdi. Karib orollari sohiliga yetganda u jannat manzaralarini ko‘rayotgandek bo‘ldi. Shu bois, orolning tub aholisini soddadil va pok odamlar timsoli deb o‘yladi. O‘sha jannatmakon hudud uning kemalarida Yevropada yangi, shu bilan birga qo‘rqinchli kasallik paydo qilgan bo‘lsa-da, Kolumb umri oxirigacha yaxshi taassurotlar bilan yashadi.
U shu yerda o‘lishni va o‘zi ochgan zaminda manguga yotishni xohlardi. Uning vasiyati amalga oshmadi. Sabab qilib esa, Ispaniya uchun qahramon sanalgan insonni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun arziydigan cherkov yo‘qligi ko‘rsatildi.
Jasad Valyadolidda dafn qilingach, 3 yil o‘tib, bu yer unga arzimasligi aytildi va o‘sha paytlarda o‘g‘li hukmronlik qilgan Sevilya monastrligiga olib ketildi.
Nihoyat, oradan 18 yil o‘tib, ispaniyaliklar Xristofor Kolumbning oxirgi tilagini bajarishga qaror qilishdi. Orzu qilingan kema uning tobutini olib, okean ortiga jo‘nadi. Dengizchining oxirgi qo‘nim topadigan joyi Santo-Domingo ibodatxonasi deb belgilandi, ammo sayohat bu bilan tugab qolmadi. Qabriston joylashgan hudud Frantsiya mustamlakasiga aylangach, Ispaniya o‘ziga qadrli bo‘lgan barcha narsalarini bu joydan olib ketdi. O‘z-o‘zidan Kolumb jasadini ham Kubaga ko‘chirishdi. 1898 yilda Kuba yo‘qotilgandan keyin yana tobut okean ortiga qaytib, Sevilyadagi o‘g‘li Fernando qabri yoniga dafn qilindi.
Tarix uchun ahamiyatli hisoblangan bu qaytish, Kolumb tasavvuridagi jannat o‘zining kashfiyotchisini qabul qilmadi, deb baholandi...
Lekin, XIX asrning oxiriga kelib Kolumb qabri atrofida ko‘pgina jumboqlar paydo bo‘la boshladi. 1877 yilda ishchilar Santo-Domingo ibodatxonasi poydevorlarini mustahkamlash vaqtida urna (o‘liklar kuli saqlanadigan yerto‘la)da «Shuhratli erkak Kristobal Kolon» degan yozuvga duch kelishdi va topilma ichida 13 ta katta, 28 ta mayda suyaklar bor edi. Dominikanliklar bu topilmani soxta deb bilishdi. Shu bilan birga ispan monaxlari ham bu voqea mutlaqo yolg‘on degan fikrga kelishdi.
Butun XX asr davomida Ispaniyada ham, Dominikan Respublikasida ham haqiqiy tobut o‘zlarida deb hisoblandi.
2002 yilda Sevilyalik tarix o‘qituvchisi Marsial Kastro va esteplik biologiya o‘qituvchisi Serxio Algarrada bu jumboqqa yechim topishga urinib ko‘rdilar. Ular Kolumb va o‘g‘li Fernando qabridan DNKlar olib, solishtirib ko‘rish maqsadida, ruhoniylar jamiyatiga murojaat qilishdi. Ruxsat olisholmagach, Grinad universitetining bir guruh olimlarini qiziqtirib qo‘ygan bu tajriba ishlari ruhoniylarning roziligi bilan amalga oshirildi. 2004 yilga kelib, tadqiqotchilar antropologik ekspertiza natijalarini e’lon qilishdi. Shu narsa aniq bo‘ldiki, Ispaniyaning Sevilya ibodatxonasidagi suyaklar 45 yoshli odamga tegishli edi.
Kolumb esa vafot etganida 55-60 yoshlar orasida, kuchli va baquvvat shaxs bo‘lgan. DNK analizlari hali tugagani yo‘q, biroq olimlar asrlar davomida ispaniyaliklar o‘zlarida deb bilgan dengizchi jasadi boshqa birovga tegishli ekanini bugun ishonch bilan ayta olishadi.
Shu yo‘sinda, bugungi qarashlarga ko‘ra, Xristofor Kolumb jasadi Dominikan Respublikasidagi ibodatxonada saqlanmoqda.
«Jannat»dan haydalgan Kolumb...
Suhrob Sherov