Rimning tengdoshi bo‘lgan Samarqand dunyoning eng keksa shaharlari Afina, Vavilon, Fivalar qatorida turadi. Markaziy Osiyoda unga tengdosh boshqa shahar yo‘q. Samarqand timsolida tarix va haqiqat, afsona va rivoyatlar uyg‘unlashib ketgan. Allomalar Samarqandni “Yer yuzining sayqali”, “Nur taralib turguvchi nuqtasi”, “Musulmon dunyosining gavhari”, “jannati firdavsmonand” deb ulug‘lashgan.
Samarqand qadim-qadimdan ilmiy-madaniy markaz bo‘lib kelgan. Kishilik tarixi davomida “Samarqandiy” nisbasi bilan qalam tebratgan yuzlab, minglab olim, ulamo, shoir va adiblar shu aziz maskanda tug‘ilib voyaga yetganlar.
Samarqand tarixiga doir manbalar anchagina. Abul Abbos Ja’far ibn Muhammad al-Mustag‘fariy al-Mustafiy IX asrda “Tavorixi Samarqand” asarini yozgan. X-XI asrda yashab ijod qilgan Abu Sa’id Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy, XII asrda Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy as-Samarqandiy “Kitob al-qand fi tarixi Samarqand”, Abulfayz Muhammad ibn Abdujamol ibn Abdumalik Haydar as-Samarqandiy “Qandiyai xurd” va yana yuzlab tarixiy, geografik, adabiy-badiiy asarlarda Samarqand shahri tarixi, unda yashab o‘tgan buyuk siymolar hayoti bayon qilingan.
Samarqand miloddan avvalgi minginchi yillardayoq Sharq va G‘arb tsivilizatsiyalarini bog‘lab turuvchi markazga aylangan edi. U g‘arbda Vizantiya, janubda Vavilon, Shumer, Hind, sharqda Xuanxe, Yantszi, shimolda Sahroi Nomadlar tsivilizatsiyalarini bir-biriga tutashtirib turgan.
Shu sabab ham Samarqand Sharq tsivilizatsiyasi rivojida juda muhim rol o‘ynagan. Qadimiy kitob “Avesto” va boshqa arxeologik manbalarga ko‘ra miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda So‘g‘d davlati shakllangani va uning poytaxti Samarqand ekanligi aytilgan. Avestoda u “... mamlakat va viloyatlarning eng yaxshisi”, “So‘g‘d va So‘g‘di Gava” sifatida eslatiladi.
Tarixiy manbalarda Samarqandda zardushtiylar ibodatxonalari mavjud bo‘lgani, unga diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar o‘qitilgani yozilgan. Xitoy tarixiy yilnomalarida yozilishicha, VI-VIII asrlarda Samarqandda “Adolat uyi” nomli ibodatxona faoliyat ko‘rsatgan. Ibodatxonada turkiy tilda yozilgan qonunlar saqlangan bo‘lib, barcha muammolar shu qonunlar asosida hal qilingan. Samarqandda otashparastlar bilan yonma-yon buddaviylar, monixeylarning ibodatxonalari ham faoliyat ko‘rsatganligi diniy bag‘rikenglikdan dalolat beradi.
Milodiy IV-VI asrlarda Markaziy Osiyoga nestorian nasroniyligi kirib kelgan. Buxoro, Samarqand va Termizda nasroniylik ibodatxonalari bo‘lgan. VI asrda Samarqandda xristianlarning yepiskopi faoliyat ko‘rsatgan. Shaharning janubida xristianlar jamoasining qo‘rg‘onlari bo‘lgan.
Bunga Afrosiyobdan topilgan muqaddas olov mehrobi, ostodonlar, devoriy suratlar, Jartepa zardushtiylik ibodatxonasi va Urgutdagi qoyatoshga yozib qoldirilgan nestorian yozuvlari guvohlik beradi.
Samarqand qadim-qadimdan barcha uchun ochiq shahar hisoblangan. Unda turli etnik va diniy qarashlarga mansub odamlar qo‘nim topishgan. Tinchlik, osoyishtalikda yashagan. O‘zga xalq odamlari mahalliy xalq tomonidan kamsitilmagan. Zardushtiylik, buddizm, nasroniylik, yahudiylik, islom e’tiqodiga mansub xalqlar tinch-totuv yashaganlar. Samarqand ahli uchun bag‘rikenglik qadimdan an’ana, qadriyat bo‘lgan. Shuning uchun ham Samarqand millatlararo totuvlik hamda dinlararo bag‘rikenglik madaniyatining o‘ziga xos maskani va mash’ali bo‘lgan.
Eramizning VIII asrlaridan boshlab Samarqandda islom dini yoyila boshladi. XII asrda Abdul Hakim Samarqandiy: “Jayhun daryosining ortida Alloh yaratgan yeri bepoyon, suvi mo‘l bir shahar borkim, ul shaharni Xudoning o‘zi asragan. Darvozalarining har birida besh mingtadan farishtalar bo‘lib, qanotlarini keng yozgan holda shahar aholisini yomon ko‘zlardan asrab turar edi”, deb yozgan edi va bejiz “Al-madina al-mahfuza”, ya’ni farishtalar qo‘riqlovchi shahar nomini olmagan.
Mashhur frantsuz sharqshunos olimi Jan-Pol Ru: “Samarqand hammadan ko‘ra afsona va rivoyatlar shahri edi, u go‘yoki ibodatxona, deyarli muqaddas shahardir”, deb yozgan edi.
Imom al-Buxoriy dahosining shakllanishida Samarqand ma’naviyatining o‘rni beqiyosdir. Shu sababdan ham 809 yilda Buxoroda tug‘ilib, umrining oxirida, 870 yilda Samarqandga, buyuk ilmu ma’rifat markaziga intilib, shu zaminda abadiy qolganlar. Imom al-Buxoriy hazratlarining islom madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi barchamizga yaxshi ma’lum.
Alloh taolo bu zaminni dahosiz qoldirishni istamay 870 yil, ya’ni Imom al-Buxoriy vafoti yili dunyoga Imom al-Moturudiyni berdi. Islom olamida “Imamul-xuda” va “Imamul-mutakallimin” kabi sharafli nomlarga (“Haq yo‘lda hidoyatga boshlovchi imom”, “Kalom olimlarining imomi”) sazovor bo‘lgan Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturudiy Samarqanddagi Raboti G‘oziyonda tug‘ilgan va umr bo‘yi shahardan chiqmaganlar.
Raboti G‘oziyon shaharning kunchiqar tomonida joylashgan... Ul zot umrguzaronlik qilgan Moturud mahallasi bugun ham shu nom bilan saqlanib qolgan. Kalom ilmining asoschisi va peshvosi Moturudiy sunnatdan og‘ishganlarni to‘g‘ri yo‘lga chorlagan, islom aqidasini himoya qilishda ulkan xizmatlar qilgan. Fikh va tafsir ilmlarini ham chuqur bilgan Imom Moturudiyning 16 dan ortiq asari ma’lum.
Islomiy madaniyatning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan samarqandlik allomalardan yana biri Imom Abud al-Hakim as-Samarqandiydir. IX asrning oxirlarida Samarqandda tavallud topgan alloma o‘z davrining mashhur faylasufi, kalomshunosi, fikhshunosi sifatida tanilgan edi. Yuqorida nomlari tilga olingan bu ikki buyuk alloma Samarqanddagi mashhur Chokardiza qabristonida dafn etilgan.
Samarqandning shon-shuhratini oshirishda buyuk xizmat qilgan allomalar haqida so‘z ketganda, shahar atrofida yashagan Imom ad-Doramiy as-Samarqandiy, Imom Abu Hasan Ali Rastug‘foniy, Imom Ali So‘g‘diy, Mavlono Mahdumi A’zam Dahbediylar nomlarini alohida tilga olmoq joizdir.
Samarqand yaqinidagi Tayloq tumanida yashagan Imom ad-Doramiy hadis ilmidan Imom al-Buxoriyga saboq berganligi, uni mashhur muhaddis bo‘lib yetishishida beqiyos xizmat qilganligi ma’lum. Hozirgi Ishtixon tumanida yashab ijod qilgan Imom Rastug‘foniy esa Imom Abu Mansur Moturudiyga ustozlik qilganlar.
Oqdaryo tumanidagi Kumushkent qishlog‘ida yashagan Imom So‘g‘diy Bag‘dod shahrida ta’lim olgan, Buxoroda qozilik qilgan, islom diniga oid bir necha sharhlar yozgan.
Samarqand yaqinidagi Dahbed qishlog‘ida yashagan Mavlono Maxdumi A’zam islom dinining rivojiga katta hissa qo‘shgan allomalardan biri hisoblanadi.
Samarqand IX-XII asrlarga kelib qadimgi Sharqning yirik ilmiy, diniy va madaniy markaziga aylanadi. Bu davrda Eron, Iroq, Xuroson va Xorazmdagi yirik shaharlar bilan yaqin aloqada bo‘ladi. So‘g‘d aslzodalari arab xalifalarining yaqin kishilariga turk lashkarlari islom dinining himoyachilariga aylanadilar.
IX-XII asrlarda Movarounnahrda Buyuk Sharq uyg‘onish davri sodir bo‘ladi. Insoniyat ma’naviyatiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Imom at-Termiziy, Imom Moturudiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi yuzlab daholar shu zamin va shu davrning farzandlari edilar. Samarqand buyuk Sharq Renessansining beshiklaridan biriga aylanadi. Aynan shu davrda Samarqandda shayx, imom Abu Mansur Moturudiy, Abu Hasan Samarqandiy Muhammad an-Nasafiy as-Samarqandiy (XI asr), as-Samaniy (X asr), Abulays Samarqandiy (X-XI asr), Abu Fazl Muhammad as-Samarqandiy (XII asr), Ashraf Samarqandiy (XII asr) kabi bir necha o‘nlab allomalar ijod qilganlar. 960-979 yillarda yurtimizga tashrif buyurgan arabistonlik tarixchi Ibn Xavkal: “Samarqandda Movarounnahrning nozik didli odamlari to‘plangan, ularning eng yaxshilari bu yerda tarbiya olganlar”, deb bejiz yozmagan edi.
IX-X asrlarda Samarqand astronomiya, tibbiyot, tarix, falsafa, adabiyotshunoslik, fikh va ilohiyotshunoslik fanlarining markaziga aylandi.
IX-X asrlarda Samarqandning Abu Hafs So‘g‘diy, Xuraymiy, Ali Samarqandiy, Abulanbag‘iy va boshqa adiblarning nomi she’riyat muxlislariga ma’lum. Ular orasida Abu Abdullo Ro‘dakiy Samarqandiy alohida ajralib turadi. XI-XII asarlarda Samarqand adabiy muhitida ko‘plab qalam ahli faoliyat ko‘rsatdilarki, ular orasida Nizomiy Aruziy, Rashidiy, Ruhoniy, Ashraf Ali Shatranjiy Samarqandiylar ham bor edilar.
Payg‘ambarimizning avlodi Makkai mukarramada tug‘ilgan sufiy alloma Mir Sayid ham Samarqandda yashab, Sohibqiron Amir Temurga pirlik qilgan, o‘z iqtidorini Samarqandning obodligi va osoyishtaligiga sarflagan edi.
Payg‘ambarimizning yana bir avlodi Qusam ibn Abbos, musulmon, nasroniy hamda yahudiylar o‘rtasida bir xilda hurmat qilinadigan Doniyor payg‘ambarning qabrlari ham Samarqandda ekanligi ko‘p narsani anglatadi.
Samarqandda islomiy madaniyatning darajasi ana shu zaminda yashab o‘tgan olimu ulamolar salohiyati bilan o‘lchanadi. Bu muqaddas shaharda o‘nlab hashamatli masjid, madrasa va xonaqolarning mavjud bo‘lganligini ham alohida ta’kidlamoq lozim.
Aynan shu davrlarda Samarqandda Abu Hafs So‘g‘diy, Bob Dostoni Samarqandiy, Muhammad Abu Bakr Samarqandiy, Abbos ibn Tarxon Abulyanbag‘riy Samarqandiy, Ishoq ibn Xasson Xuraymiy So‘g‘diy, Ali ibn Tarxon Samarqandiy, Abu Abdullo Rudakiy kabi shoir va adiblar aynan ana shu davrda ijod qilganlar.
IX-XI asrlarda Samarqandda astronomiya, ilmi nujum ham yaxshi rivojlanganligi ma’lum. Shunday olimlardan biri Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf as-Samarqandiydir. U Samarqandda ilmiy kuzatishlar olib borib yulduzlar jadvalini tuzgan edi.
Samarqandda faoliyat ko‘rsatgan astronomlardan biri Sulaymon ibn Isama Samarqandiydir. Samarqandda chuqur bilim olgan bu alloma keyinchalik Balxga borib ilmiy faoliyatini davom ettirgan. Samarqandda astronomiya ilmi bilan shug‘ullangan yana bir alloma Abul Fath Sayid ibn Hafifadir. Tarixiy manbalarda uni ko‘zga ko‘ringan alloma ekanligi aytiladi. Bu darajadagi iqtidorli olimu ulamolarning yetishib chiqishi uchun o‘ziga xos muhit, maktab va madrasa tizimlari zarur bo‘ladi. Bu Samarqandda IX-XI asrlarda ana shu tizim rasmona shakllanganini ko‘rsatadi.
XIV asrda Samarqandda shayx Nuriddin Basir va Burhoniddin Sog‘arjiy kabi ikki buyuk alloma yashab ijod qilganlar. Bu ikki ulug‘ zotning qabrlari ustiga Sohibqiron Amir Temur maqbara qurdirganligi ma’lum.
Samarqand uzoq asrlar mobaynida ilm-ma’rifat, e’tiqod, ma’naviyat markazi bo‘lganligidan bu shaharga Sharqning turli mintaqalaridan olimu ulamolar, tolibi ilmlar intilganlar, kelib yashaganlar, ilm o‘rganganlar, ijod qilganlar va daholik darajasiga ko‘tarilganlar. Bu fikrni Samarqand qabristonlarida dafn etilgan Ahmad ibn Xorun Niysoburiy, Abdulloh ibn Idris al-Astrobodiy, Abdulmalik ibn Nuysar al-Xo‘jandiy, Abdusa’id ibn Abu Husayn an-Nasafiy, Abu Tayyib Tohir ibn Muhammad Xo‘qandiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Kasr Sayf ibn Hafz az-Zominiy, Imom ibn Imom Mahmud ibn Shayx al-Imom Saxl ar-Romitoniy, Xoja Muhammad Fazli Balxiy, Muhammad ibn Mansur Marvaziy, Shamsiddin O‘zgandiy, Abu Favoris Bag‘dodiy va Xoja Zayniddin Damashqiy kabi allomalar ham tasdiqlaydi.
Samarqandda Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davrida porlagan ilm-fan, san’at, madaniyat mayog‘i Eron, Hindiston, Xuroson va Turkiya kabi mamlakatlar ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Qomusiy olimlardan Qozizoda Rumiy, Mavlono Ahmad, Sa’duddin at-Taftanzoniy, Said Sharif Jurjoniy, Shamsiddin Muhammad, Xoja Muhammad az-Zohid al-Buxoriy, Xoja Abdumalik Samarqandiy, Tojuddin as-Salmoniy, Mavlono Ubayd, Mavlono Abdujabbor, Ahmad Karmoniy, Hofiz Abru, G‘iyosiddin Ali, Sharafuddin Ali Yazdiy kabi olimlar temuriylar saroyida ilm-fanning turli sohalarida faoliyat ko‘rsatganlar.
Dunyo fani olamida o‘nlab buyuk olimlar paydo bo‘ldi. Qozizoda Rumiy yaratgan tabiiy fanlar sohasidagi yo‘nalish, riyoziyot va yulduzshunoslik sohasidagi Mirzo Ulug‘bek maktabi, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Koshiy, Mahmud ibn Muhammad kabi olimlarning asarlari Samarqand ilmiy maktabi dong‘ini butun jahonga taratdi.
XV asrning 20-yillarida Samarqandda ma’rifatparvar shoh, buyuk olim Mirzo Ulug‘bek rahnamoligida turli fanlar sohasida 100 nafardan ortiq olimlar yig‘ilib, “Dorul Hikma” (“Donishmandlar uyi”) nomi bilan o‘z davriga xos akademiya tashkil qildilar. “Dorul hikma” olimlari riyoziyot, ilmi hayat, handasa, jo‘g‘rofiya, tarix, ilmi nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz, ilmi hisob, Qur’oni karim, hadis, fikh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fan sohalarida asarlar yaratganlar. Keyinchalik Yevropaning buyuk faylasufi Volter uni “Ulug‘bek akademiyasi” deb atagan.
XV asrda Movarounnahrda Naqshbandiya tariqatini yuksak darajada davom ettirgan, Shosh viloyatining Bog‘iston qishlog‘ida 1404 yili tavallud topgan Xoja Ahror Valiy ham o‘z hayoti va ijodini Samarqand bilan bog‘ladi.
XIV-XV asrlarda Sohibqiron Amir Temur islom bayrog‘ini baland ko‘tardi, O‘rta Sharqni mo‘g‘ullardan ozod qildi. Xalifa Usmon Qur’onini Samarqandga keltirib asradi, o‘z davrining musulmon dunyosidagi eng ulug‘vor masjidi — Samarqand shahar jome’ masjidini qurdirdi. U bugun ham salobat to‘kib turibdi.
Amir Temur dahosi bilan boshlangan Samarqanddagi bunyodkorlik ishlari Ulug‘bek zamonida ham davom ettirildi. Aynan shu davrda Registon maydoni obodonlashtirildi: ulug‘vor madrasa qurildi va u “Ulug‘bek madrasasi” nomi bilan dunyoga mashhur bo‘ldi. Ulug‘bek Cho‘ponota etaklarida bog‘-saroylar va eng zamonaviy rasadxona qurdirdi. U yerda 30 yil davomida to‘xtovsiz kuzatish va ilmiy ishlar olib bordi.
Xulosa qilib aytish lozimki, qadimda va o‘rta asrlarda Samarqandda dunyoviy va diniy ilm-fan yuksak darajada rivojlandi.
Lekin tan olish lozimki, Samarqandning olis va yaqin tarixi hamisha bir xil kechmagan: goh yorug‘, goh bulutli va qorong‘u... Oktyabr inqilobi — dahriylik davri Samarqand boshiga juda ko‘p talofatlar keltirdi, vayrongarchilik, qarovsizlik... avj oldi. Uning son-sanog‘i shu qadar ko‘pki sanab va aytib adog‘iga yetish qiyin.
Mustaqillik qadimiy Samarqand taqdirini ulug‘ va buyuk yaratuvchilik tomonga o‘zgartirib yubordi. Bir necha yillardan buyon qarovsiz yotgan noyob me’morchilik yodgorliklari ta’mirlandi, asl qiyofasiga qaytdi. Prezidentimiz Islom Karimov ko‘rsatmalariga asosan Shohi zinda, Hazrati Hizr, Registon, Chokardiza, Imom Buxoriy, Doniyor payg‘ambar, Xo‘ja Ahror Valiy va o‘nlab boshqa aziz-avliyolar qadamjolari ta’mirlandi, obod qilindi, asl tarixiy holatiga qaytarildi. Bunday ulug‘ bunyodkorlik ishlari Samarqandning eski shahar qismida so‘nggi 4-5 asr ichida birinchi bor amalga oshirildi.
Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan islom madaniyati durdonalari ko‘z qorachig‘iday asralmoqda. Bular orasida 1492 yilda ko‘chirilgan mufassir Husayn Voiz al-Koshifiyning qalamiga mansub “Tavsiri Mavohib” nomli Qur’on tafsiri va 1451 yilda ko‘chirilgan hadislar to‘plami o‘zining qadimiyligi va bezalishi bilan alohida ajralib turadi. Qur’oni karimning 50 dan ortiq nusxasi Samarqandda, O‘zbekiston Madaniyati tarixi davlat muzeyida saqlanmoqda. O‘lchamiga ko‘ra, (1,5x1,04 metrli) Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Amir Temur Nasrulloh Qur’oni ham shu yerda saqlanmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida Samarqandda diniy bag‘rikenglik an’analari yuksaklikka ko‘tarildi. Bugungi Samarqandda musulmon masjidlari bilan bir qatorda xristian, katolik cherkovlari, yahudiylarning sinagogalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Buning oqibatida shaharda millatlararo va dinlararo totuvlik hukm surmoqda.
Samarqandning tarixiy shuhratini qayta tiklash borasida olamshumul ishlar amalga oshirilmoqda. YuNYeSKO rahnamoligida Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik (1994 y.), Amir Temurning 660 yillik (1996 y.), Imom Buxoriyning 1225 yillik (1998 y.), Imom Moturudiyning 1130 yillik (2000 y.) yubiley tantanalari o‘tkazildi. Mustaqillik sharofati bilan har ikki yilda bir marotaba Samarqandda “Sharq taronalari” musiqa festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Samarqand ayni paytda ham O‘zbekistonning yirik ilm-fan va ma’rifiy markazlaridan biri. Unda 7 ta oliy o‘quv yurti, qator ilmiy-tekshirish institutlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi, YUNESKOning Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati tarixi instituti ishlab turibdi.
Samarqand qisqa muddat ichida tanib bo‘lmas qiyofaga kirdi. Bu yerdan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Tobora ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Uni majoziy ma’noda moziy va bugunning o‘rtasidagi ko‘prikka qiyos qilish mumkin. Uni bugun tom ma’noda ko‘hna va navqiron Samarqand deb atasak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Temur SHIRINOV,
Samarqand davlat universiteti rektori, tarix fanlari doktori, professor
"Hurriyat" gazetasidan olindi (2007).