OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tog’ay Murodning kundalikda qolgan satrlari

Ilmiy-texnika taraqqiyoti haqida o‘ylar     

O‘zbek  adabiyoti... xalq og‘zaki ijodidan bino bo‘lgan. O‘z oti o‘zi bilan — og‘zaki ijod.  Asar og‘izda yaratilgan. Tilda yaratilgan. Asar og‘izdan til orqali chiqib, har yoqqa  tarqab-tarqab ketgan. Og‘izdan chiqqanni ko‘z bilan tutib bo‘lmaydi, tokchaga chiq(ar)ib bo‘lmaydi. Birpasda havoga uchib ketadi,  so‘ng havoda  yo‘q bo‘lib ketadi. Eshitgan eshitib qolgan, eshitmagan savodsiz qolgan. Eshitganlarini yodda saqlab qololganlar ilg‘or, ziyoli bo‘lgan, eslab qololmaganlar avom xalq bo‘lib qolgan.  Shu boisdan ham o‘zbek xalq qo‘shiqlari, o‘zbek xalq dostonlarini xizmati ulkan, beqiyos bo‘lgan. O‘zbeklar ana shu qo‘shiqlar, ana shu dostonlarni eshitib... xalq bo‘lgan! Ulg‘ayib-o‘sgan, bir joyga jam bo‘lgan... Aniq bir ko‘rinishga ega bo‘lgan.
Keyin yozma adabiyot paydo bo‘ladi. O‘z oti o‘zi bilan yozma. Harflardan iborat adabiyot. Satrlardan iborat adabiyot. Sahifalardan iborat adabiyot. Ko‘z bilan ko‘rsa bo‘ladigan adabiyot, qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan adabiyot.
Har bir asrni o‘ziga yarasha tsivilizatsiyasi bo‘ladi. Har bir zamonni o‘zibop tsivilizatsiyasi bo‘ladi. Ammo asl tsivilizatsiya yozma madaniyatdan keyin keladi. Tom ma’nodagi tsivilizatsiya yozma madaniyatdan paydo bo‘ladi. 
Masalan, xalq baxshilari o‘z zamonlarini ilg‘or zotlari bo‘lgan, ammo ular o‘z otlarini yoza olmagan. Ya’ni o‘z fikr-mulohazalarini, dostonlarini yozma ravishda ifoda eta olmagan. Ular kuylab o‘tgan dostonlar(ni) eshitish dunyomizni nafaqat tuyg‘ular bilan boyit(a)di, nafis his-xayollar bilan to‘ldir(a)di. Ruhiyatimizni go‘zal ham ezgu tuyg‘ular bilan sug‘oradi. Borlig‘imizni ma’naviy ham madaniy barkamol etadi. Ammo bu tuyg‘ular havoyi tuyg‘ulardir. Bir lahzalik tuyg‘u, his-hayajonlardir. Bu tuyg‘ular ko‘p yashamaydi, bir lahzada yo‘q bo‘lib ketadi. Og‘izdan chiqqan tovush, ovoz kabi o‘chib qoladi. Ammo og‘zaki tsivilizatsiya... aql-zakovatni boyitmaydi, fahm-farosatni o‘tkir etmaydi. Aqliy barkamollikka olib bormaydi. Belinskiy aytganiday "Poeziya — erkin inson so‘zida ifodalanadi, so‘z esa — ham  kartina, ham aniq  va ravshan aytilgan tasavvurdir".
Dunyoviy mantiq asosan... so‘zda o‘z aksini topadi. Ya’ni, harflarda(n bino) bo‘ladi. Qator-qator harflarda(n bino) bino bo‘ladi. (Kitoblar ana shunday bino bo‘ldi).  

Ulkan boylik

Xat-savodli kishilar (ziyolilar) faqat kitob o‘qir edilar. Magazinlarda kitob qolmas edi.  Kishilar (kitoblarni) sotib olib (qo‘yar)kelardilar.  Magazinlardan topolmagan kitoblarini...qora, chayqov bozoridan izlab topar edi(lar). (Ziyoli) qimmat bo‘lsa-da, kitob sotib olar edi. Shu kitobni o‘qir edi. O‘zgalar bilan shu kitob haqida suhbatlashar edi, bahslashar edi. Keyin shu kitoblarini uyidagi tokchaga qator qilib tizib, terib qo‘yar edi. Kelgan-ketganlarga ana shu kitoblarini ko‘z-ko‘z etar edi. O‘zining ulkan boyligi sifatida saqlar edi. Ana shu kitoblarini qayta-qayta  o‘qir edi. 
O‘zi, odatda, eng noyob bisot-narsalar qora bozorga chiqadi. Juda qadr-qimmatli narsalar qora bozorda bo‘ladi. Qora bozorda ikki-uch barobar qimmat narxda sotiladi. 
Men qora bozorda kostyum-shimdan qimmat narxda sotilgan kitoblarni ko‘rdim. Yapon televizorlaridan ham qimmat, kaftday-kaftday kitob(lar)ni ko‘rib edim. Ko‘zimni chirt yumib, shu qimmatbaho kitoblarni (sotib) olib o‘qib edim.
Odamlar, ayniqsa, yoshlar ertayu kech televizor ko‘radi. Televizorga qarab... ovqat yeydi, televizorga  qarab... uxlaydi, dam oladi.
Ular (yoshlar) qanday qilib insho yozadi, diktant yozadi? Ular Navoiy she’riyatini tushunmay o‘tirsalar, Bobur she’riyatiga uzzukun termilib, (tushunmay) o‘tirsalar... Ular shundan keyin (albatta) Bobur (avlodlari) kimligini bilmaydilar. Ular tilni bilmaydilar. (Axir) ular telereklamalarga tikilib o‘tiradilar. Reklamalar esa...  oldi-qochdi, savdo-sotiq so‘zlardan iborat. 
Televizor — bir quti. Mashina — quti. U qanday yaratilgan? Olimlar kitob o‘qib-o‘qib, televidenieni yaratdi. Kitob yaratib-yaratib, televidenieni o‘ylab topdi. Ya’ni  televidenieni kitob yaratdi. Barcha texnikalar kitob mahsuli. Yozma madaniyat, san’at mahsuli. Yozma  harflar  mahsuli. Yozma harflardan kitob bo‘lmasa edi, tsivilizatsiya  bo‘lmas edi. Biz ana shu poydevorimizdan olislab ketayapmiz. (Kitobga qaytish, adabiyotga da’vat etish payti keldi).

Ma’suma Ahmedova tayyorladi.
"Yoshlik" jurnalidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.