Ulug‘ shoir G‘afur G‘ulom o‘ziga ma’naviy-ruhiy ta’sir ko‘rsatgan va il-hom bergan shoirlarning ko‘plab she’rlarini yod bilar va ularni hamisha zavq bilan o‘qib yurishni sevar edi. U bir umr kitobini qo‘lidan qo‘ymay ardoqlagab shoirlardan biri Mirzo Abdulqodir Bedil edi. O‘zbekiston xalq shoiri Ramz Bobojon G‘afur G‘ulomning Bedilga munosabatini xotirlar ekan: “... G‘afur G‘ulom adabiy uchrashuvlarda, do‘stona gurunglarda o‘zini Mirzo Abdulqodir Bedilning to‘qqizinchi nevarasi, deb atardi. Zero, bu bir qaraganda hazil-mutoyibaday tuyulsa ham, aslida chin! Bu gapning tagida olam-jahon haqiqat yotadi. G‘afur G‘ulom zuvalasiga Bedil xamirturishi, uning qalamiga Hazrati Navoiy nazari tushgan desam, adashmayman”,– deb yozadi.
Akademik S.Mamajonov G‘afur G‘ulom bilan muloqot paytlarida Bedildan nimalarni o‘rganganligini so‘ragani haqida shunday xotirlaydi. Shoir buyuk san’atkordan chuqur falsafiy mushohadakorlik hamda mubolag‘ali o‘xshatishlardan qanday foydalanishni o‘rganganligini aytgan va ulug‘ shoirning o‘z ijodiga ta’sirini dunyoni falsafiy idrok etishdan qidirmoq lozimligini ta’kidlagan ekan.
Darhaqiqat, Bedil asarlari G‘afur G‘ulomning hamisha yo‘ldoshi bo‘lgan. Ko‘pincha biror she’r yozish oldidan Bedil g‘azallaridan o‘qib, undan ruhiy madad olgan G‘afur G‘ulom buyuk shoirning ijodiy olamiga chuqur kirib borishga intilgan. U Bedildan voqelikni badiiy idrok etish va ifodalash usullarini, hayot va umr, inson va taqdir, azal va abad haqidagi falsafiy mushohadalarni nafis badiiy ifoda etish san’atini o‘rgangan. O‘zining betakror uslubini namoyon etishida bedilona obrazlar, tasvir usullari unga madad va ilhom bergan.
Hammamiz yaxshi bilamizki, Bedil she’riyatining g‘oyaviy-estetik asosini hayot va inson manzaralarining san’atkorona badiiy talqini tashkil etadi. Uning ko‘plab she’rlarida aks etgan obrazli umumlashmalari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shoir ruboiylarida inson hayotining mazmuni birodarlarining qalbiga quloq tutishda, o‘tkinchi hoyu havaslardan tiyila bilishda, o‘zi mansub bo‘lgan xalq taqdiriga jonfidolikda, qaynoq hayot quchog‘iga kuyunchaklik bilan intilishda ekanligi uqtiriladi. Tiriklik atalmish oliy ne’matning mazmun-mohiyati xalqsevarlik va insonparvarlik bilan belgilanadi. Bedil lirik qahramoni hayot haqida so‘z yuritar ekan, uni bir umrlik “jon qiynog‘i”, “qon yutmoq” deb biladi.
Hayotni jon qiynog‘i, qon yutmoq deb bil,Hayot-mamot ayshidan qutulmoq mushkul.Xalq ichra yashab undan ajralmoq xato, Odamzod tirigida suhbatga qobil.G‘afur G‘ulom she’rlarida ham shunga yaqin fikrlar mavjud. Shoir insoniyatning erk va ozodlik haqidagi orzu-havaslari shunchaki tilak bo‘lib qolmay, uni hayotda ro‘yobga chiqayotganligi, millionlab qalblarning idroki bir zarb bilan tepib, yagona maqsad sari intilayotganligidan mamnunligini yashirmaydi, albatta. Ayni paytda u moddiy dunyoning abadiyatga daxldorligi bilan inson tafakkur qudratining kashf etuvchilik, yaratuvchi va bunyodkorlik qudratini qiyoslar ekan, ilm-amal odamzodni boqiylikka daxldor qilajagini uqtiradi.
G‘afur G‘ulom makon va zamon haqidagi falsafiy umumlashmalarida bedilona bepoyonlikni ilg‘ash mushkul emas. Ayni paytda shoir she’rlarida o‘zi yashayotgan zamonaga xos jihatlarni mumtoz adabiyot an’analaridan tug‘ilgan uslubiy-ifodaviy yetuklikda gavdalantirishga intiladi. Nazarimizda, bu shoirning real hayot bilan chambarchas bog‘liqlikni doimo nazarda tutib qalam surishi, shuningdek, tarixiy qiyoslar orqali insoniyat nomidan so‘zlashi va unga daxldor ibratli xulosalar chiqarish mahoratida namoyon bo‘ladi.
Bediling bir ruboiysida inson ilk yaratilishidayoq mukarram zot sanalgani e’tirof etiladi.“Hazrati inson”ga e’zoz va ehtirom ko‘rsatish nafaqat kishining bilimdon va hushyorligi, balki “past-baland”, ya’ni o‘n sakkiz ming olam asroriga sobit e’tiqod bilan nazar tashlay olishining ham nishonasidir. Anglashiladiki, shoir o‘z fikrlarini tasdiqlash uchun kibrga berilib, insonga sajda qilmagan va la’natlanib, Olloh dargohidan quvilgan Iblis mal’unligi bilan bog‘liq rivoyatga ishora qilish orqali insonning buyukligini tasdiqlaydi. Buni unutganlarning tarix oldida la’natlanib, sharmisor bo‘lishlari muqarrarligiga qattiq ishonadi.
Inson eng avvalo tafakkur qudrati bilan hurmat-e’zozga loyiq sharafli zot ekanligini mumtoz shoirlar kabi ta’kidlagan G‘afur G‘ulom harfiy san’atdan foydalanib, odamzod naslini muqaddas sanar ekan, bedilona yuksaklikka ko‘tarila oladi.
Shoirning tasavvur olamida insonni yuksak manzil-ma’volarga eltuvchi shunday bir zina bor, “bilmak sharafi”dir. Odamning muqaddasligi, hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lishi ham uning qanchalik yuksakliklarga ko‘tarila olishi, ya’ni, ulug‘vorlik kasb etishi bilan bog‘liqdir. Shoirning falsafiy umumlashmalari Bedil she’riyatiga xos ruhga yo‘g‘rilganligi bilangina emas, balki XX asr sharoitida insonga berilgan eng yuqori ta’riflardan biriga aylanganligi bilan ham qimmatlidir. Zero, harflar vositasida odamning muqaddasligini badiiy ifodalash she’riyatimizda kam kuzatiladigan hodisa bo‘lib, bu jihatdan ham to‘rtlikda g‘afurona poetik mahorat namoyon bo‘ladi.
Kamtarinlik, ilm-ma’rifatni ulug‘lash, erkinlik, ozodlik, tinchlik, umr o‘tkinchiligi, o‘zlikni anglash, ulug‘vorlik, nafs bandalarini qoralash va bosh-qa qator g‘oyalar talqinida Bedil va G‘afur G‘ulom ijodida talay mushtarakliklar kuzatiladi. Bunday o‘rinlarda G‘afur G‘ulom bedilona fikrlar yo‘sini, ifoda vositalari, obrazlar olami, falsafiy umumlashmalari orqali o‘z davri hayotiga muayyan munosabat bildiradi. Ustoz Bedil fikrlarini yanada rivojlantirib, ifoda vositalari va usullarini yangicha sharoit va hayot haqiqatini aks ettirishga yo‘naltiradi. Bunda u Bedil mahorat maktabi tajribalarini o‘zlashtirish bilangina cheklanmay, o‘z san’atkorligini ham to‘la namoyon etadi.
Bedil erkinlik orzusi hamisha insonga yo‘ldosh ekanligi, foniy dunyoda ana shu tuyg‘u ertangi kunga umid, istiqbolga ishonch bag‘ishlashini ta’kidlar ekan, zamonasidan ozurda bo‘lgan qalb titrog‘ini ifoda etadi:
Havas tarkin etmoq ko‘p mahol bunda,Erkinlik faqat bir ehtimol bunda.G‘afur G‘ulom esa ozodlikning barcha xalqlar qalbidagi pokiza umid, shonli orzu ekanligini ta’kidlaydi. O‘z davri kishisi, xususan o‘z taqdirini ham olis bobolar orzu-armonlari bilan payvastalikda, jahon xalqlari taqdiriga hamohanglikda idrok va ifoda etadi:
Ozodlik atalgan shonli orzudirXalqlar qalbidagi umid tozasi.Bedil erkinlik faqatgina bir tasodifiy hodisa bo‘lgan zamonasidan o‘rtangan dilidagi tug‘yonlarini aks ettirsa-da, orzu-havaslari bir olam qalam sohibi sifatida namoyon bo‘ladi. G‘afur G‘ulom esa ozodlik insonlar qalbidagi “umid tozasi”, pokiza orzusi ekanligini zamon nuqtai nazaridan qiyosiy-tarixiy, makon jihatidan esa dunyoviy yo‘sinda obrazli tarzda yoritadi. Yana bir o‘rinda esa Bedilning: “Osmon bo‘lsang yerga egilmoq yaxshi, Tuproq bo‘lsang ko‘kka intilmoq yaxshi” kabi falsafiy-didaktik teran misralari mazmuni mohiyati G‘afur G‘ulomning “Inson yulduzlarga uchsa ham ammo Ona yer sathiga qo‘nar oqibat”, – degan nekbin satrlari mohiyatiga singdirilganligini kuzatamiz.
Bedil har bir qalb tepishida o‘ziga xos navo, har bir fikrlovchi inson boshida havas va intilish shu’lasi mavjudligini ta’kidlash bilan inson zotining taqdiri mushtarakligi, ammo odam bolasining umri hisobli ekanligini hamma ham teran his qila olmasligidan taassuf chekib yozadi.
G‘afur G‘ulom ham ulkan hayotiy tajribasidan kelib chiqib, inson bolasining har biriga xos alohida olam, fe’l-atvor, o‘ziga xos qalb, quvonch va dardi dunyosi mavjudligini qayd etar ekan, atrofini qurshagan kishilarni dardkashlik tuyg‘usi birlashtirishini ta’kidlaydi:
Necha-necha kishilar-la ayladim suhbat,Birisi maqtanar, birisi – hasrat.Hammaning o‘z qalbi, quvonchi, dardiBedard emas edi tanishlar fardi.Mazkur satrlarni o‘qib biz barcha inson yakrang emasligi, har bir kishining o‘z olami, o‘z tasavvur dunyosi, o‘z hayoti borligini anglaymiz, his qilamiz. Turli davr va har xil mintaqalarda yashashlariga qaramasdan har ikkala shoir ham insonni idrok etishga, uning qalbi, hasrati, dardi va quvonchini tushunishga, alohidalik hamda umumiylik jihatlarini nozik ilg‘ashga intilishi bilan muayyan darajada ruhan mushtarakdir. Ayni damda anglagan haqiqatlarini o‘ziga xos tarzda ifoda etishga harakat qilishganligi bilan ularning har biri individualdir.
Bedil she’riyatida tabiat tasvirlari bilan bog‘liq o‘rinlar anchagina. Shoir tabiatning turfa xil go‘zalligini poetik idrok qilar ekan, tabiatdan tuygan kechinmalariga xos holat-lavhalar tasvirini butun jozibasi bilan berish uchun rang-barang tashbeh va mubolag‘alar qo‘llaydi. Natijada, kitobxon ko‘z o‘ngida tabiatning rangin manzaralari jonlanadi:
Chaman shavqi uydan chiqardi bir kun,Gulda sehr ko‘rdim, lolada afsun.Nargiz jigarimga o‘t tashlab, qildiKo‘zimni bahoru, o‘zimni Majnun.XX asr shoirlari ham bunday yorqin, hayotbaxsh misralardan ta’sirlangani va uni davom ettirgani tabiiy.
Jumladan, ona tabiat manzarasini butun go‘zalligi bilan shoirona idrok qilgan G‘afur G‘ulom ko‘zlariga ranglar jilosi oqib kiradi. G‘unchalar kulgusidan qalb qulog‘i jaranglaydi. Yozgi chamanzorda gullarning nozik tebranishi, yal-yal yonishidan zavq, hayrat tuygan lahzalardagi lirik qahramon ruhiy kechinmalarini jonlantirish va mubolag‘a singari badiiy san’atlarni san’atkorona qo‘llashda bedilona poetik jilvakorlik namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, u tizgan misralardagi “yoz”, “tannoz”, “sernoz”, “damsoz” so‘zlarining o‘zaro qofiyalanib kelishi she’r ohangdorligini oshirib, ta’sirchanligini kuchaytiradi.
...Chuchmoma, ra’no, binafsha ko‘zni bog‘lovchi farang,Ko‘zga oqqay bu chamanning gullaridan mingta rang,G‘unchalarning kulgisidan qalb qulog‘ida jarang,Yoz ekan, tannoz ekan, sernoz ekan, damsoz ekan.Bedil o‘zlikni anglashni chin insonlik me’yori deb biladi. Dunyo molini insonni asl mohiyatdan chalg‘ituvchiligi uchun qoralar ekan, ruboiylarda uning ijodkorini ko‘rishga undaydi:
Ashyo – nazarimiz olg‘uvchi ko‘zgu,Asmo zikri ertak tinglamoqdir bu.Barchasi insondan qochirar uzoq,Asli inson bo‘lmoq o‘zni bilmoq- ku.G‘afur G‘ulom ham insoniy go‘zallikni borliqni idrok etishda, o‘zlikni anglash, tafakkur qudrati bilan mukarram bo‘lmoqda ko‘rar ekan, Bedil g‘oyalaridan turtki oladi. Darhaqiqat, Bedilga xos hayot va insonni sinchkov kuzatuvchanlik ham G‘afur G‘ulomning obraz va ta’siriy ifodalar yaratishida muhim o‘rin tutadi:
Kishilik o‘z-o‘zin, atrof olamniAnglamoq sharafi bilan go‘zaldir.Bedil hayoting abadiyligi, azaliy mohiyatini danakning mag‘zida ko‘radi. Po‘stloq esa ma’noni yashirgan shunchaki qobiqqina xolos. Boshqacharoq aytganda, jism emas, balki ruh birlamchidir. Shoir bu fikr ifodasi uchun tabiatdan qiyos axtarar ekan, shunday yozadi:
O‘z ma’no qissasin ochgan ul dona, Ildiz yorib otdi yer ichra shona.G‘afur G‘ulom ijodiy merosida ham tabiatning nozik jilvalarini g‘oyatda sinchkovlik bilan kuzatish asosida yaratilgan misralar behisob. Jumladan, shoirning: “Qirrasiga quyosh nurin ko‘chirgan shabnam”, “Olti qirra qor parchaning uchida Ilg‘anadi quyoshchalar parpirab”, “G‘unchadagi zarlarning Tillarang kukunlari Bolga aylanib ko‘char, Ko‘z ilg‘amas tomchiday” va boshqa o‘rinlarda bu holat namoyon bo‘ladi. Ammo shoir hamisha ham sof tabiatning go‘zal lavhalari tasviriga falsafiy ma’nolar yuklashga urinmaydi. Shunga qaramasdan, shabnamning qirralariga ko‘chmish oftob nurlarining jilosini, oddiy qor parchasining qirralarinigina emas, balki unda parpirayotgan quyoshchalarni, g‘unchaning lablaridagi tillarang zarlarni shoirona nigoh bilan ko‘radi.
Bedil va G‘afur G‘ulom she’riyatida eng ko‘p uchraydigan obrazlardan biri “nafas”dir. Bu obraz har ikkala shoir ijodida goho o‘z ma’nosida, ba’zan esa ramziy ma’noda qo‘llanilgan bo‘lib, lahzalik umr va umuman hayot va yashash sirlari, mavjud borliqning abadiyligi va qonuniyatlarga muayyan qonuniyatlarga bo‘ysundirilganligi haqidagi falsafiy o‘ylardan iboratdir. Zero, Bedil bir ruboiysida bu fikrni “Borliqning bunyodi bemador nafas”, deya ifoda etadi. Yana bir o‘rinda esa “Jahon tartiboti birlikka ega, Bu birlik shubhasiz nafasingda jam” deb yozadi.
Diniy-ilohiy adabiyotlarda keltirilishicha, Masih, ya’ni Iso payg‘ambar nafasi o‘tkirligi, o‘likka jon bag‘ishlashi bilan mashhur bo‘lgan. Mumtoz adabiyotimizdagi ko‘plab she’rlarda ma’shuqa sifatlari ta’rifida Masihning shu jihatiga urg‘u beriladi va yor nafasi o‘likni tiriltiruvchi kuchga egaligi bilan Isoga tenglashtiriladi. Bedil she’riyatida ana shu jihat ko‘p uchraydi. “So‘z aytmoqqa og‘iz ochsa gar yor, Masih nafasida ajoyib bo‘y bor”. Bunda ma’shuqaning so‘z aytish uchun og‘iz ochishi talmeh san’ati vositasida Masih nafasiga tenglashtirilmoqda. Ya’ni u o‘likni tiriltirish qudratiga ega. Bu o‘rinda “nafas” tiriklik va hayot manbai ma’nosini bildirib kelgan. Lirik qahramonning tushkun kayfiyati ifodalangan o‘rinlarda shoir “nafas”ni ham shunga monand tarzda qo‘llaydi. “Nafas xun bo‘ldiyu labda yo‘q faryod, murodga yetmadi bu dili noshod”. Lirik qahramon nafasining xun bo‘lishi uning murodiga yeta olmagani, iztiroblarini oshkor etmasa-da, qalbi g‘amlar yukidan ezilganidandir. Ba’zan shoir inson tabiatidagi yangilikka ishtiyoqmandlik va unga bo‘lgan ijtimoiy befarqlikni tasvirlashda ham “nafas” obrazidan foydalanadi. “Bu dunyoda har dam yangilik havas, Eskirib chiqadi har yangi nafas”.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, “nafas” obrazi G‘afur G‘ulom she’riyatida ham keng istifoda qilingan. Shoir bu obrazga murojaat etishda ustoz Bedil ta’siri doirasidagina qolib ketmay, o‘ziga xosligini ham namoyon qila oladi. “Nafas” obrazini vaqt – o‘tkinchi va abadiyatga daxldorlik hamda lahza – inson umrining eng kichik birligi sifatida talqin etadi. Mazkur obraz vositasida hayot zavqi, yashashga ishtiyoqmandlik, kelajakka umidvorlik g‘oyalarini badiiy ifodalaydi. “Har nafas mazmuni fazolardan keng”,– deganda shoir umr mazmuni lahzada mujassamligi fikri ko‘lamini kosmik qamrovlarda olib qaraydi. G‘afur G‘ulom “Yozgi tongotarda o‘z bog‘ing ichra bir nafas kezishing – bir umr demak”, – deb yozadi. Shoir so‘lim yoz tongi musaffoligidan zavq tuygan lahzalar inson qo‘li bilan yaralgan, uning mehnatlari samarasi sifatida bunyod etilgan bog‘da kechsa, yaratuvchanlik zavq-shavqi, faxr, iftixor tuyg‘ulari bilan subhidam musaffoligi qo‘shilib ko‘ngilga farahbaxshlik bag‘ishlashini nazarda tutadi. Tuyg‘u-kechinmalar qorishiqligidan paydo bo‘lgan mamnunlik kayfiyat-holatini totliligi jihatidan butun bir umrga mengzaydi. “Sizga ilm konlarin kalidin bergan ustod, Har nafas kuzatadi sizdan oladi xabar” satrida esa so‘z doimo ustozga munosib shogird bo‘lish, uning o‘gitlarini oqlashga intilib yashashning muhimligi xususda, ya’ni ehtirom tuyg‘usi haqida bormoqda. Shoir “Har bolam ufurgan nafasin atri – She’rimning eng yetuk, eng yaxshi satri”, deb yozar ekan, she’rlariga ilhom bergan oilaviy hayoti, otalik g‘ururi, mamnunlik tuyg‘ularini izhor etadi.
Yuqoridagi bir qancha misollardan ko‘rinib turibdiki, G‘afur G‘ulomning poetik umumlashmalarida bedilona fikrlash va ifoda yo‘sini o‘z aksini topgan. Shoir har bir lahzaning qadri, mazmun ko‘lami, insoniy mohiyati, makon va zamonni falsafiy-estetik idrok etishda mazkur obrazga faol murojaat qilish orqali she’riyatining g‘oyaviy-badiiy yuksalishi, poetik jilvakorligini ta’minlashga erishgan.
Umuman, G‘afur G‘ulom ijodiy merosiga Sharq buyuk shoirlari, xususan Bedil lirik merosining falsafiy-estetik va poetik ta’siri sezilarli darajada ko‘rinadi. Ustoz Bedil ijodiy merosidan bahramandlik shoirning hayot voqeligini falsafiy idrok etishi, umuminsoniy g‘oyalarni talqin qilishi, obraz yaratish mezonlari, badiiy ifoda usullarida kuzatiladi.
Shubhasiz, zamon va makon jihatidan farqlanuvchi ijodkor merosidan adabiy ta’sirlanish bilvosita kechuvchi jarayon bo‘lib, biz yuqorida kuzatgan ayrim mushtarakliklar G‘afur G‘ulom ijodiy merosining adabiy an’anaga bo‘lgan munosabatini tayin etish, shuningdek tamomila individual poetik serjiloligi, badiiy-falsafiy o‘ziga xosligini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tozagul Matyoqubova, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 5-son.