So‘nggi asrlarda o‘lkamizdagi ta’lim-tarbiya tizimi dunyo taraqqiyotidan butunlay uzilib, turg‘unlikka yuz tutgani ma’lum. Uni isloh qilishga, yangilashga qaratilgan fikrlar uzoqni ko‘ruvchi ziyolilar, mutafakkirlar orasida XIX asr boshlarida vujudga kela boshlagan edi. Hassos shoira, davlat arbobi Nodirabegim tarbiyasini olgan yetuk tarixchi olim, Hakimxon to‘ra Ma’sumxon to‘ra o‘g‘li Rossiyaning Shamay (Semipalatinsk), Omsk, Orenburg, Astraxan shahrlarida bo‘lgach, unda yurtimizdagi davlat, ta’lim-tarbiya, o‘qitish tizimiga nisbatan munosabat keskin o‘zgardi. O‘lkaning taraqqiyotdan naqadar orqada qolib ketganligini birinchilardan bo‘lib tushunib yetdi. Sharq tillari qatorida rus tilini ham mukammal bilgan Hakimxon to‘ra Rossiya davlat boshqaruv, ta’lim-tarbiya tizimi bilan yaqindan tanishdi. U rus shaharlarida ota-onasiz qolgan yetim-esirlar uchun maxsus tarbiyaxonalar ochilgani, ular davlat hisobidan o‘qitilishi Hakimxon to‘ra uchun butunlay yangilik edi. Bu haqda u “Muntaxab ut-tavorix” (“Saralangan tarixlar”) asarida quyidagilarni yozadi: “Gubirnato‘r piyoda sallotlarig‘a necha alvon ta’lim mashq berur ediki, aql anga hayron erdi. Ani ko‘rganda bizni(ng) sipohlarimizning mashqlari yosh go‘daklar o‘yinig‘a o‘xshar... Ul manzil mutasaddisi qarovsiz bolalar tarbiyatig‘a mashg‘ul bo‘lur va har shaharda O‘rusiyada qarovsiz yetim bolalar uchun imoratlar qilibdur. Libos, xo‘rokin podshohliqdin berib turarlar va alarni o‘qitmoq uchun mullalar ta’yin aylabdur. Katta bo‘lg‘ondin so‘ngra muvofiqi donish podshohlig‘ mashg‘ul bo‘lurlar va alarni podshohning o‘g‘li derlar”.
Hakimxon to‘ra 1826 yilda Turkiya, Misrda ham bo‘ladi. Misrda Muhammadali poshsho bilan uchrashib, uning islohotchilik faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Muhammadali poshsho 40 turk yigitini yetti yil davomida turli bilimlarni egallash uchun Yevropaga o‘qishga yubormoqchi bo‘lgani uni hayratga soladi. E’tiborli jihati shundaki, bu qirq yigitga bosh bo‘lib, ularni Yevropaga olib borishdek mas’uliyatli vazifani Hakimxon to‘raga topshirish muvofiq ko‘riladi. Ammo vataniga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgan to‘ra bu vazifani zimmasiga olmaydi.
Hakimxon to‘ra Muhammadali poshsho tashkil etgan va dunyoviy ilmlar o‘qitiladigan yangi maktablar bilan tanishadi. Bu yerda amalda bo‘lgan turli sohalarga talabalar tanlash, o‘qitiladigan fanlar, ayniqsa, bitiruvchilarni iqtidoriga yarasha ish bilan ta’minlash kabi masalalarni puxta o‘rganadi: “Ularni o‘qitishga har xil ilmdin muallim va kotib mavjud. Zeroki, bir toifa arabiy o‘qurlar va bir jamoa forsiy va bir jamoa turkiy va bir favji farangi va bir jam’i kotibi xushxatlar – nasta’liq va bir toifa xatti-suls mashq etarlar edi. Va bu ilmlarg‘a mohir bo‘lg‘ondin so‘ng imtiyoz va imtihon qilurlar. Har oyda qancha bo‘lsa, Muhammadali poshsho xizmatlarig‘a olib borur. Muvofiqi iste’dodi ilmi bir xizmatg‘a ma’mur qilur. Bir toifa yosh o‘g‘lonlarni hakimxonag‘a yuborur, to ilmi tibdin bahra olg‘ay va bir jamoani Farangistonga yuborur, toki g‘arb ilmlarini bilib kelg‘ay va oniki ilmdin bahra topmabdur, to tarbiyat asar qilmabdur, ani jihodiyag‘a yuborurlar, askar bo‘lur. Har oyni tamomida qoida shuldur. Faqir bu holni ko‘rub, mutahayyur erdim”.
Hakimxon to‘ra asarida bayon etgan islohotchilik haqidagi orzularini o‘z vatanida amalga oshira olmagan bo‘lsa-da, asar Buxoro amirligi va Qo‘qon xonligida ziyolilarga, ma’rifatparvarlarga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bu holni Hakimxon to‘raga yaqin zamondosh, islohotparvar Ahmad Donish yozgan “Navodir ul-vaqoe” asarida yaqqolroq kuzatish mumkin. Ahmad Donish mazkur asarida amir Nasrullo, amir Muzaffar, amir Abdulahad davrlarida nihoyatda kuchaygan inqirozni tahlil etadi. Uning zamondoshi Mirzamuhammad Abdulazim Somiy “Tarixi salotini mang‘itiyya dorussaltanai Buxoroyi sharif” risolasida ham shu holatlar keng bayon etilgan.
Ahmad Donish Buxorodagi tartibsizliklar haqida so‘zlar ekan, davlat bu ahvolda uzoq yashay olmasligini farang hokimi tilidan ayovsiz fosh qiladi: “Podshohlarning saqlanishlari, ularning salomat turishlari, mamlakatning obodligi, fuqaroning to‘qligi sipohlarning roziligiga bog‘liqdir. Sening gapingga qaraganda, yerlar xarob, fuqaro och, sipohlar muhtoj, amaldorlar, daftardorlar zolimdirlar. Bunday saltanat, bunday davlat hech vaqt uzoq yashay olmaydi. Otasi yashasa ham bolalari uning o‘rniga o‘tira olmaydilar. Hukumat intizomi butunlay buziladi... Bunga o‘xshash mamlakatni hukumat, davlat de-yish to‘g‘ri emas, uni gadolar podshohi, ojizlar hukumati desalar, to‘g‘ri aytgan bo‘ladilar”[1].
XIX asrning 50-60-yillaridayoq Ahmad Donish Buxoro maktab va madrasalaridagi o‘qish-o‘qitish usullarini tubdan isloh qilish masalasini kun tartibiga keskin qo‘ygan edi.
XX asr Turkiston o‘lkasida milliy uyg‘onish shabadalarini kuchaytirdi: o‘lkada “Tarjimon”, “Turk yurdu”, “Vaqt”, "Mulla Nasriddin", “Sho‘ro” kabi gazeta va jurnallarning mushtariylari soni oshib bordi, ulardagi islohotchilik harakatiga bag‘ishlangan maqolalar o‘lka pedagoglarini o‘z faoliyatlariga tanqidiy qarashga majbur etdi. Ilk usuli jadid maktablari vujudga keldi, ona tili va adabiyot, tabiiy fanlarni o‘qitish masalasiga ehtiyoj va e’tibor kuchaydi. Ismoilbey Gaspralining “Xo‘jai sibyon” alifbo darsligi, “Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldosh” uslubiy qo‘llanmasi jadid muallimlari qo‘lida tez-tez ko‘rina boshladi. Bu harakatning rahbarlari, namoyandalari chet ellarda ta’lim olgan yoki taraqqiy etgan mamlakatlarda bo‘lgan, Sharq va G‘arb ma’rifati, ma’naviyatini egallagan, ilmga chanqoq yoshlar edilar. Ular mustamlaka, mutaassiblik iskanjasida xarobaga aylanib borayotgan ona-Vatan jarohatlariga malham izladilar. Jadidlar, birinchi navbatda, maorifni, maktab va madrasalarni, ularda o‘qitish usullarini tubdan isloh qilish, ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirish, millatni ma’nan uyg‘otish uchun kurash olib bordilar. Ular o‘zbek xalqining ming yildan ortiq taraqqiyot tarixiga ega bo‘lgan tafakkur gulshanidan bahra oldilar, umuminsoniy qadriyatlarga asoslandilar, shu bilan birga, turk dunyosi xalqlarining ma’naviy rahbari Ismoilbey Gasprali o‘qish-o‘qitish, maktab va madrasa islohotiga oid fikrlari ta’sirida bo‘ldilar, ozarbayjon xalqining hur fikrli ulug‘ demokratlari Jalil Mamadqulizoda, Aliakbar Tohirzoda Sobirlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdilar. Bu ijodkorlar nashr etgan “Mulla Nasriddin” jurnali, “Xo‘p-xo‘pnoma” majmuasi o‘zbek ziyolilari o‘rtasida katta shuhrat qozondi. Bu hol chor Rossiyasi, general-gubernatorlik siyosiy doiralarini ancha tashvishga sola boshladi. Mazkur holat Rossiya ichki ishlar vazirligining 1900 yil 31 dekabrda Turkiston o‘lkasiga yuborgan 13444-raqamli “mutlaqo maxfiy” farmoyishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Unda hukumat gubernatorlarni ogoh bo‘lishga da’vat qiladi: keyingi vaqtlarda tatar adabiyoti va matbuotida 14 millionli rus musulmonlarining ko‘p asrli turmush tarzini izdan chiqarish xavfiga sabab bo‘luvchi ruh paydo bo‘lganligi sezilmoqda. Bu ruh tatarlar hayotida katta burilishga tayyorgarlik jarayoni kechayotgani haqida taxmin qilish imkonini beradi. Vazirlik e’tiborni Gasprali faoliyatiga, yangi usuldagi maktablarga, uning darsligi asosida ona tilini o‘qitish masalasiga qaratadi. Tatarlar, deyiladi farmoyishda, islomiylik va turkiylik zaminida taraqqiyot uchun intilmoqda. Shuning uchun politsiya departamenti bu harakatni har tomonlama o‘rganib, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan mualliflar, ularning maqolalari, “yosh turklar” bilan aloqasi, chet el markazlarida, ayniqsa, Turkiyada ularni kimlar rag‘batlantirayotgani, kimlar tomonidan va qaerda yangi usul maktablari ochilgani, kimlar bunday maktablarda dars berayotgani, kimlar bu maktablarga rahbarlik qilayotgani kabi masalalar haqida keng ma’lumot so‘ragan.
Gubernatorlik ma’murlari Turkiston o‘lkasidagi mahalliy ziyolilar faoliyatini, o‘lkada kechayotgan madaniy, ma’rifiy, siyosiy ahvolni Nikolay Ostroumovdan ko‘ra yaxshiroq biladigan odamni topishlari amri mahol edi. U Toshkentga kelgan 1879 yildan boshlab mahalliy arboblar, ziyolilar haqida (Turkiston, Buxoro amirligi va Xiva xonligi bo‘yicha) kattagina material to‘plagan edi. Shunga ko‘ra, chor Rossiyasi uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bu vazifani Ostroumovga topshirganlar. U rus missionerlari rahnamosi N.I. Ilminskiyning shogirdi va eng sodiq safdoshi, maslakdoshi edi. Ushbu farmoyishga binoan u “siyosiy jihatdan ishonchsiz” deb hisoblagan, jadid maktablarini targ‘ib-tashviq qiluvchi maqolalar yozgan, yangi maktablar ochgan va ularda muallimlik, mudirlik qilgan Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Abduqodir Shakuriy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy va boshqalar haqida ichki ishlar vazirligiga ma’lumotlar yuborib turgan.
Ushbu farmoyishga asosan N. Ostroumov general Jo‘rabek (sobiq Kitob hokimi Jo‘rabek Qalandarqori o‘g‘li) ustidan ham maxfiy ma’lumotnoma bergan. Unda aytilishicha, Jo‘rabek dodxoh 1890 yildan boshlab Gasprali bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan, “Tarjimon” gazetasining doimiy mushtariylaridan biriga aylangan: “Tarjimon”ning jonkuyar targ‘ibotchisi general-mayor Jo‘rabekdir. U yangi usul bilan qiziqmoqda. Gasprali Toshkentga kelganda u bilan uchrashdi”.
Darhaqiqat, general Jo‘rabek rus armiyasidan iste’foga chiqqach, usuli jadid maktablarini targ‘ib qilish ishlarida faol ishtirok etgan. Uning bunday maorifparvarlik faoliyati haqida Ismoilbey Gasprali keyinroq uning fojiali o‘ldirilishi munosabati bilan yozgan ta’ziyanomasida shunday fikrlarni bildirgan edi: “General Jo‘rabek avvallari Kitob shahrining mustaqil hukmdori bo‘lib, Rusiyaning dushmani sifatida asir tushgan va Turkiston ishlarida Rusiyaga sadoqat bilan xizmat qilgan. Marhum tug‘ma askar bo‘lish bilan barobar ilm va maorifni ham juda sevgan bir kishi edi. “Tarjimon”ni(ng) chiqqan kunidan beri doimiy o‘quvchilaridan edi. Olloh undan o‘z rahmatini darig‘ tutmasin” .
Vazirlikning yuqoridagi farmoyishi munosabati bilan Olmaota (Verniy) shahrida o‘lka rus va rus-tuzem maktablari muallimlarining katta yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Unda majlis qatnashchilari tatar o‘qituvchilarining maktab ochib o‘qituvchilik qilishlariga, tatar ziyolilarining Turkiston o‘lkasida yashashlariga, hatto joy sotib olishlariga ruxsat bermaslikni talab qildilar. Bu haqda Mo‘minjon Muhammadjonov quyidagilarni yozadi: “Shul chog‘da Tataris-ton, Ozarbayjon turklari bizdan burun ko‘z ochib, boylarining himmati bilan yangi maktablar, yangi o‘rta, yuqori (oliy) madrasalar solib, ming-ming xalq bolalarini ko‘zlarin Ovrupo bilimlari bilan ochmoqda edilar. Ufa shahrida “Oliya”, “Usmoniya”, Qozon shahrida “Muhammadiya”, Orenburg‘da “Husayniya”, Qafqazda biz otini bilmagan yana qancha maktablar, madrasalar ko‘p edi. Bul yangi madrasalarni solmoq uchun yuz minglab, millionlab aqchalar ketgan, Nikolayning to‘ralari, chinovniklari oldida necha dapqir so‘roqlar berilgan edi... Olmaota (Verniy)da o‘rus mullalarining katta yig‘ini bo‘ldi, shul yig‘inda: «Tatarlar qozoqlar bilan sart bolalarini o‘qitmasin! O‘qumushli tatarlarg‘a Turkiston o‘lkasida turish uchun yo‘l qo‘ymaslik kerak! Chunki ular sart, qozoqlarg‘a bilim tarqatib, ko‘zlarini va fikrlarini ochadurlar, so‘ngra bizga yemak uchun Turkistonda non qolmaydur. Ikkinchi, yangi tartib bilan o‘qituvchi-muallimlar, purog‘ramlari, o‘qitadurg‘on kitoblarini kimlarning asari ekanligin “inespektur”larga yozib kursatmaguncha, bola yig‘ib o‘qutolmaydurlar!» – deb qaror berdilar. Shuning uchun hukumatning o‘rus va musulmon ma’murlaridan ham imtihon ko‘rish bahonasi bilan kelib-ketib turmoqda edilar”[2].
Rossiya hukumatining turkiy xalqlarga nisbatan qo‘llayotgan, ularni birlashtirish emas, aksincha, bir-biridan ajratish, parchalash siyosati Ismoilbey Gaspraliga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi, u bu siyosatga o‘z munosabatini bildirdi: “Rusiyadan kelma musulmonlaring Oziyoi Vusto (O‘rta Osiyo)da mulk olmasindan Rusiya davlatining foydasi nadur? Ikki taraf birlashmasun. Rusiyali musulmonlar turkistonlilara rahbar o‘lmasun kabi g‘alat bir fikr vor esa behudadir, besamardir. Musulmonlarning birligi bo‘yla qoziqlar ila ayrilmaz, chunki bu birlik diniydir, tarixiydir, jinsiydir. Bo‘yla qoziqlarning hatto foydasi-da vordir: musulmonlarning fikrini ishlatur, ko‘zlarini ochar, himmata savq edar”[3].
Yosh Munavvarqori 1892 yilda Toshkentda yuz bergan “Vabo qo‘zg‘oloni”ni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Panshaxa, ketmon, tosh ko‘targan xalq mustamlakachilar tomonidan zamonaviy qurollar bilan qarshi olindi, minglab olomon Kaykovus daryosiga g‘arq qilindi. 1898 yil Andijon qo‘zg‘oloni qonga botirildi, o‘nlab Mingtepa kabi qishloqlar to‘pga tutildi, kultepalarga aylantirildi. Munavvarqori qalbida mustamlakachilariga nisbatan nafrat tuyg‘usi mavj urdi. Ammo chor Rossiyasidek makkor, dahshatli saltanatga va uning zamonaviy artilleriyalariga qarshi nochor, nodon olomonni qarshi qo‘yish mumkin emasligini Munavvarqori va hammaslaklari tushunib yetdilar. Bu masalada ularga Ismoilbey Gasprali, Rizo Faxriddin, Sadri Maqsudiy, Fotih Karimiy qarashlari, Rossiya, Eron, Hindiston, Turkiyada sodir bo‘layotgan siyosiy harakatlar kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Nima qilish kerak? Qora xalq ongini oqartirish, ilm-ma’rifat sari yetaklash, uni ilm, fan-texnika yangiliklariga oshno qilish lozim. Bunga esa maktab orqali, dastlab ibtidoiy maktab orqali erishish mumkin. Mana shunday o‘ta og‘ir ta’qib va tazyiqlar ostida Qrimda butun turk dunyosini tilda, ishda, fikrda birlikka chaqirgan Ismoilbey Gasprali faoliyatini Munav-varqori Abdurashidxonov Turkistonda davom ettirdi. U 1901 yilda dastlab Toshkentning Shayxovand Tahur, keyinchalik shaharning boshqa dahalarida birinchi “usuli jadid” maktablari ochdi. Bu maktab 1893 yilda Samarqandda Ismoilbey Gasprali boshchiligida ochilgan va bir necha oygina faoliyat ko‘rsatgan maktabdan keyingi o‘zbeklar tomonidan ochilgan usuli jadid maktablarining birinchisi edi. Turkistonda yetishib chiqqan buyuk islohotchilardan biri bo‘lgan Munavvarqori Gaspralining hamma darslik va o‘quv qo‘llanmalari, badiiy va publitsistik asarlari bilan yaqindan tanish, siyosiy qarashlari ta’sirida bo‘ldi. U jadid maktablari uchun darsliklar yaratdi, zamonaviy o‘qituvchilar avlodini tarbiyalab yetishtirdi. Uning bevosita ta’sirida Mannon Uyg‘urdek buyuk san’at arbobi, aka-uka Husanxo‘ja va Eshonxo‘ja Xoniylar, aka-uka Sobirjon va Shokirjon Rahimiylar, Same’qori, Salimxon Tillaxonov, Qayum Ramazon, Shorasul Zunnun, Majid Qodiriy kabi murabbiylar yetishib chiqdilar. Munavvarqori Toshkentda ochilgan jadid maktablari uchun o‘zi tuzgan dastur va darsliklarni joriy etdi, ular asosida jamoat oldida ochiq darslar va imtihonlar tashkil qildi. Bundan asosiy maqsad, birinchidan, usuli jadid maktablarini badnom qiluvchi mutaassib qadimchilarning da’volari asossiz ekanligini xalq oldida namoyish etish bo‘lsa, ikkinchidan, xalq o‘rtasida ilm-ma’rifatga, yangi o‘qitish usuliga, zamonaviy turmush tarziga rag‘bat uyg‘otish edi. Shuning uchun ham Munavvarqori imtihonlarga o‘quvchilarning ota-onalaridan tortib, shariat-din peshvolarigacha, hatto o‘lkada katta e’tibor qozongan olimu shoirlarni, ma’rifatli boylarni ham taklif qilgan. Qo‘limizda uning Ishoqxon Ibrat va Hamza Hakimzodaga yuborgan “Da’vatnoma”si mavjud. Mana, ulardan biri:
“Hurmatlu Ishoqxonhoji janoblarina! 1907 yil may oyindan Toshkendda Tarnovboshi mahallasinda “Xoniya” maktabinda talabalarning yillik imtihoni boshlanur. Siz hurmatludan rijo qilurmizki, tavobingizda bo‘lg‘on usuli jadidiya maktablari mudirlari ila imtihon majlislarina tashrif qilsangiz, muallim va shogirdlar Sizdan mamnun bo‘lur edilar. Muhibingiz Munavvar Qori. 15 mart 1907 yil”.
Munavvarqori Abdurashidxonov jadid maktablarining kundalik o‘quv-tarbiya ishlaridan tortib, yillik bitiruv imtihonlarini uyushtirishgacha, “usuli savtiya” yo‘lini qobiliyatli yosh o‘qituvchilarga o‘rgatishdan tortib, maktablarni zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlashgacha bo‘lgan uzluksiz jarayonni boshqardi. Uning bu faoliyati davrining ulug‘ mutafakkirlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Mahmudxo‘ja Behbudiydek jadidchilik harakatining karvonboshisi unga madadkor bo‘ldi. Behbudiyning bu boradagi so‘zlariga e’tibor bering: “Turkistonda muallim chiqarmoq uchun dorilmuallimin bo‘lmasa ham, har shaharda usuli ta’limdan xabardor bir-ikki nafar muallim albatta bordur. Ana, muallimlikka tolib kishilarni alarning huzurig‘a yuborib, 3-4 oy zarfida usuli ta’limdan xabardor qildurmoq mumkindur. Agar boyafarz, ushbu xizmatni muallimlarimiz iltizom qilsalar, ul holda muallimlikka havaskor yoshlarni bir oz zahmatlik bo‘lsa ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkandda Munavvar Qori janoblarining maktabig‘a yubormoq kerakdurki, mushoran alayhning munday toliblarni mamnuniyat ila qabul etmoqlarig‘a amindurmiz. Ishda, muhtaram qarindoshlar, millatimizning tilagi va eng zo‘r ehtiyoji ushbu shaylar ediki, nazari oliylaringiza arzu taqdim etduk”[4].
Bunday tadbirlar jadid maktablarining o‘lka bo‘ylab keng tarqalishida muhim ahamiyat kasb etdi: 1903 yilda Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Abduqodir Shakuriy, Said Alizoda, Qo‘qonda Abdulvahob Ibodiy, Ashurali Zohiriy, Hamza, Po‘latjon Qayumiy, Namanganda Ishoqxon Ibrat, So‘fizoda, Buxoroda Abdulvohid Munzim, Sadriddin Ayniy, Xorazmda Husayn Kushayev, Bobooxun Salimovlar boshchiligida usuli jadid maktablari tarmoqlari kengayib bordi.
Bunday maktablar dastlabki vaqtlarda hukumat ruxsatisiz ochila boshlagan edi, keyin ularning ochilishi, butun faoliyati to‘la gubernatorlik nazoratiga o‘tdi. Jadid maktablarining faoliyati endi nihoyatda og‘ir kecha boshladi. Bir tomondan, mutaassib ulamolar, «usuli qadim» tarafdorlari «usuli jadid» maktablariga qarshi turli-tuman bo‘htonlar uyushtirdilar, muallimlarini esa hatto kofirlikda aybladilar, xalq bolalarini bunday maktablardan qaytarishga harakat qildilar. Shu o‘rinda Samarqandning Ulug‘bek madrasasi jomesida 5-6 ming namozxon o‘rtasida mutaassiblarning shoir va pedagog Siddiqiy-Ajziy va Abduqodir Shakuriylarni kofirga chiqarishlarini, Mirmuhsin Shermuhamedov va So‘fizodalarni sazoyi qilib, o‘z Vatanidan quvg‘in qilishlarini esga olish o‘rinlidir. Mutaassiblarning bunday hatti-harakatlari, ikkinchi tomondan, bundan ham dahshatliroq kuch bo‘lmish mustamlakachi ma’murlarning ta’qib va tazyiqlariga katta yo‘l ochib berdi. Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li siyosiy tashkilotlarning uzluksiz so‘rovlariga javob berishga, do‘q-po‘pisalariga, qamoqlariga chidashga majbur bo‘ldi. Shuning uchun ham «usuli jadid» maktablarining taraqqiyoti va ko‘lamining kengayishi, ayniqsa, mustamlaka Turkiston o‘lkasi sharoitida ancha og‘ir kechdi. Bu haqda Munavvarqorining sobiq o‘quvchisi, Anqara universitetining professori Ibrohim Yorqin (Ibrohim Orifxon o‘g‘li – 1902-1993) xotiralarida quyidagilarni yozadi: “1913 yilda Eshonxo‘ja Xoniyning maktabini bitirgach, Munavvarqorining ikki sinfli rushdiy maktabida o‘qigan yillarimizda Rusiya idorasi o‘quv inspektorlari maktabimizga to‘satdan kelib, foydalanayotgan kitoblarimizni tekshirardi. Ularning maqsadlari bizning maktabda mavjud bo‘lgan darslik va boshqa o‘quv kitoblarining Rusiya idorasi nuqtai nazaridan zararlimi yoki yo‘qmi, shularni tekshirish edi”[5].
Har qanday ta’qib va tazyiqlarga, mutaassib ulamolarning dashnomlariga, bo‘htonlariga qaramay, jadid maktablari xalq e’tiborini qozonishi, ayniqsa, musulmon qardoshlarning bu boradagi hamjihatliklari, hamkorliklari general-gubernatorlik siyosatdonlari, mafkurachilari faoliyatini yanada kuchaytirdi. 1909 yilda Nikolay Ostroumov «Turkestanskie vedomosti» gazetasida «Chto delat s novometodnыmi maktabami?» nomli maqolasini e’lon qildi. Unda muallif quyidagilarni yozadi: «Rus ma’muriyatining yerliklar eski maktablariga nisbatan qo‘llagan mensimaslik, nazar-pisand qilmaslik siyosati o‘lkadagi hukmronligimizning dastlabki o‘n yilligida o‘zini oqlagan bo‘lishi mumkin. Ammo keyingi uch o‘n yillikda bu siyosat o‘zini oqlamaganini hech narsa bilan yashirib bo‘lmaydi. Mana, chindan ham pushaymon bo‘ladigan voqea sodir bo‘ldi. Biz o‘lkada... katta qiyinchiliklar bilan bir necha rus-tuzem maktabi ochganimizda, boshqalar tashqaridan (Qrimdan) katta g‘ayrat bilan o‘lka maorifi uchun boshqa bayroq ostida mustaqil faoliyat olib bordi. Bu yangi usul maktablari ma’muriyatning hech qanday ruxsatisiz ochila boshladi va ajablanarli, yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tomoni shundaki, hozir ham bunday holat oblast, uezd ma’muriyatlari, hatto hukumat maktablar inspektsiyasi nazoratisiz davom etmoqda»[6].
Chor hukumatining mustamlaka o‘lkalarda qo‘llagan maktab sohasidagi siyosati shunday ediki, iloji boricha, usuli jadid maktablarini taqiqlash, juda bo‘lmaganda, ularning keng tarqalishiga to‘sqinlik qilish, shu yo‘l bilan bunday maktablar rivojlanishining oldini olish edi. Turkiston o‘lkasiga nisbatan Tatariston, Boshqirdiston, Qrim va Kavkaz o‘lkalarida ancha ilgari bunday jarayon kechgan va ularga qarshi kurashda ma’muriyat katta tajriba orttirgan edi. Bu o‘lkalarda ham usuli jadid maktablariga birinchi bo‘lib mutaassib ulamolar, “qadimchi”lar qarshi chiqqan edilar. General gubernatorlik ma’muriyati usuli jadid maktabdorlariga oppozitsiyada bo‘lgan mahalliy mutaassiblar, “qadimchi”larni qarshi qo‘ydi, bu kurashda ularni rag‘batlantirdi, bu maktablarga, ularning tashkilotchilariga qarshi turli bo‘htonlar, siyosiy aybnomalar uyushtirdi. Bu bilan gubernatorlik ma’muriyati, birinchidan, mustamlaka xalqlarini asriy qoloqlikda, mutelikda asrashdek qabih niyatini amalga oshirgan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘zini musulmon dini himoyachisi sifatida ko‘rsatdi. Chor hukumati ma’murlari o‘zbek ziyolilarini bir-biriga qarama-qarshi ikki qutbga ajratib tashladilar, an’anaviy mahalliy masjid-madrasalarning, eski maktablarning ko‘payishiga katta imkoniyat yaratdilar. Turkiya, Bog‘chasaroy, Ufa, Qozon, Tiflis, Orenburgdan keladigan nashrlarning tarqalishini qattiq nazorat ostiga oldilar. Bu bilan gubernatorlik ma’murlari mustamlakachilik mafkurasining ustunlaridan bo‘lmish missionerlar rahnamosi N.Ilminskiy ko‘rsatmalariga amal qildilar. Gubernatorlik ma’murlari ma’rifat fidoyilariga qarshi kurashda, ularni xalq o‘rtasida badnom qilishda eng qabih usullardan ham qaytmaganlar. Keksalarning xabar berishiga qaraganda, 1908 yili N.Ostroumov Samarqandda Ulug‘bek madrasasi jomesida bir necha ming nomozxon huzurida usuli jadid maktablarida o‘qiyotgan yoshlar musulmon dini ahkomlariga amal qilmay qo‘yayotganliklari, bunday maktablarda islom diniga xilof ilmlar o‘qitilayotgani haqida “kuyunib” ma’ruza qilgan. Qora xalq, mutaassib ulamolar uning ma’ruzasidan qattiq mutaassir bo‘lib, “g‘ayridin bo‘lsa ham bizga, dinimizga qanchalar mehribon” deb, ko‘zlariga yosh olib, duo qilgan ekanlar. Usuli jadid maktablarida dunyoviy fanlar bilan barobar ona tili va milliy ma’naviyatning chuqur o‘qitilishi gubernatorlik ma’murlariga yoqmas edi.
1905 yil voqealari jadidchilik harakatining yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishiga hamda milliy matbuotning vujudga kelishiga turtki bo‘ldi. Turk, tatar, ozarbayjon, boshqird mutafakkirlari bilan aloqalar yanada mustahkamlandi. Jadid maktablari soni mahalliy maktabdorlar, hur fikrli ziyolilar sa’y-harakati hisobiga ancha ortdi. Bu hol mustamlakachilarning jadid maktabdorlariga qarshi kurashini yanada faollashtirdi. Farg‘ona viloyati xalq o‘quv yurtlari inspektori O. Yegorov 1909 yilda Turkiston o‘lkasidagi rus-tuzem maktablarining ahvoliga bag‘ishlangan maxsus kengashda kuyunib shunday degan edi: “Yaqin kelajakda yangi usuldagi mahalliy maktablarning keng yoyilishi va ularga nisbatan mahalliy aholi e’tiborining keskin ortib borishi bilan rus-tuzem maktablari batamom xarob bo‘ladi”[7].
Usuli jadid maktablarini butunlay yopib qo‘yish yoki taqiqlashdan gubernatorlik ma’muriyati qo‘rqar edi, chunki bu ish bunday maktablarni yashirin ravishda tashkil qilishga, ayniqsa, mahalliy xalqning qattiq norozilik harakatiga olib kelar, ko‘plab yoshlarning chet elga, birinchi navbatda, Tur-kiyaga borib o‘qishiga yo‘l ochilar edi. Shuning uchun mahalliy pedagoglarning “usuli savtiya” (“tovush usuli”) metodiga asoslangan maktablarni ochishi gubernatorlik ma’muriyati tomonidan qattiq nazorat ostiga olindi. Shu munosabat bilan 1909 yilda Turkiston o‘quv okrugi qoshida maxsus komissiya “Farmoyish” ishlab chiqdi. U shunday masalalarni o‘z ichiga olgan edi:
1.Mahalliy maktablar gubernatorlik ma’muriyatining maxsus ruxsatnomasi bilan ochiladi.
2.Mahalliy maktablarni ochish va unda o‘qitish siyosiy jihatdan to‘la ishonchli bo‘lgan Rossiya fuqarolarigagina ruxsat etiladi.
3.Mahalliy maktab qaysi millat bolalari uchun ochiladigan bo‘lsa, uning o‘qituvchilari ham o‘sha millatga mansub bo‘lishi shart.
4.Mahalliy maktablarda faqat Rossiya tsenzurasi ruxsati bilan chop etilgan kitoblargina o‘qitiladi.
5.Ma’muriy politsiya idoralarida ishlovchi mas’ul shaxslar zimmasiga barcha mahalliy musulmon maktablarini aniq ro‘yxatga olib borish va ro‘yxatdan o‘tmagan maktablarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifasi yuklatiladi.
6.Maxsus ruxsatsiz maktab ochgan shaxslar maktab ochish va o‘qituvchilik ishidan abadiy mahrum etiladi.
7.Mahalliy maktablardagi o‘qitish ishlari va ularda joriy etilgan tartib-qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilib turish mahalliy ma’murlarga hamda maktab nozirlariga yuklatiladi[8].
Farmoyishning hamma moddasi yangi maktablar ochishga qarshi qaratilgan katta to‘siq edi. Uchinchi moddadagi ta’kidga ko‘ra, o‘quvchilar qaysi millatga mansub bo‘lsa, maktab ochuvchi muallim ham o‘sha millatga mansub bo‘lishi kerak. Bu bilan ichki Rossiyadan kelgan tatarlar tomonidan ochilgan va ochilayotgan “usuli jadid” maktablarining faoliyati to‘xtatildi. Natijada, bunday maktablarining soni keskin kamayib ketdi.
Endi dunyo yuzini ko‘rayotgan “usuli jadid” maktablarida qo‘llash uchun mahalliy mualliflarning darsliklari yo‘q yoki yetarli emas edi. Atoqli maorifchi Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval” alifbo darsligi nihoyatda kam miqdorda nashr qilingan bo‘lib, hatto rus-tuzem maktablari uchun ham yetishmas edi. “Usuli jadid” maktablarida Majid Qodiriy tomonidan yaratilgan va 1910 yilda nashr etilgan “Hisob” darsligiga qadar Qozonda, Turkiyada nashr qilingan matematika bo‘yicha turli darsliklardan foydalanilar edi. Buning ustiga, “Farmoyish”ga binoan “usuli jadid” maktablarida muvaffaqiyat bilan o‘qitilayotgan hamda Turkiyada nashr etilgan darsliklardan foydalanish man’ etildi. Bu ham jadid maktablarining keng ko‘lamda faoliyat ko‘rsatishiga katta to‘siq edi. Shuning uchun ham jadid pedagoglaridan Hoji Muin Shukrullayev ko‘plab “usuli jadid” maktablarining yopilib qolayotganini mahalliy o‘qituvchilarning, birinchidan, “usuli savtiya” usulidan xabarsizliklari bo‘lsa, ikkinchidan, bunday maktablar uchun maxsus darsliklarning yo‘q darajada ekanligida, deb ko‘rsatadi: “1901 yildan e’tiboran Qo‘qon va Toshkentda, 1903 yildan Samarqandda yangi maktablar ochila boshladi. Bu maktablar Turkistonning katta shaharlarida son jihatidan (taqlidiy suratda) bir daraja ko‘paygan bo‘lsa ham, 4-5 yildan keyin yana kamayib, faqat tuzuklari davom etdi. Buning birinchi sababi kitobsizlik bo‘lsa, boshqa sababi o‘qituvchilarning usuli ta’limdan xabarsizliklari edi”[9].
Yuqorida tilga olingan farmoyish asosida Turkiston o‘lkasidagi bir necha maktablar yopib qo‘yildi, o‘qituvchilari tintuv qilindi. Usuli jadid maktablari gubernatorlikning mana shunday og‘ir ta’qib va tazyiqlari ostida faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. Jadid mutafakkirlariga qarshi olib borilayotgan bunday ta’qiblar haqida Sadri Maqsudiy[10] 1912 yilda uchinchi chaqiriq Rossiya Davlat dumasi minbaridan turib quyidagilarni bayon qilgan edi: “Har bir millatning o‘ziga xos muqaddas, qadrli odatlari mavjud. Adolatli davlat xalqlarning bunday qadriyatlariga qarshi hech vaqt daxl qilmaydi. Bular millatning tili, badiiyati, maktabi va boshqalardir. Bizning hukumatimiz esa turkiy millatlarning muqaddas odatlariga qarshi muntazam ravishda tajovuz qilib turadi: maktablarimiz, adabiyotimiz, badiiyatimiz ta’qib ostiga olinadi. Faqat bir yil davomida 150 dan ortiq eng e’tiborli o‘qituvchilar, mullalarning uylari tintuv qilindi. Qo‘qon shahrida mahalliy inspektor farmoyishi bilan 20 ga yaqin maktab yopildi va o‘qituvchilari haydab yuborildi. Toshkentda Munavvarqoriga madrasa qoshida rus sinfi ochishga ruxsat berilmadi, Namanganda Husain Makayev o‘qituvchilik ishidan chetlashtirildi"[11].
Darhaqiqat, jadid shoiri To‘lagan Xo‘jamyorov Tavallo ilk o‘zbek teatri truppasi a’zolariga nisbatan “Kimni sahnada ko‘rsang, ani jasorati bu” deb yozgan so‘zlari bevosita usuli jadid maktablari ochgan pedagoglarga ham taalluqli bo‘lib, bu ish chinakam jasorat va fidoyilik edi. General-gubernatorlik ma’murlari usuli jadid maktablarining keng quloch yozishiga qanchalik to‘siqlar qo‘ymasin, tabiiy-tarixiy jarayonni to‘xtata olmadi.
Dunyoda o‘qituvchilik ishidan ham og‘irroq, shu bilan birga, sharafliroq, undan ham buyukroq ish bo‘lmasa kerak. Chunki o‘qituvchi inson farzandini haqiqiy kamolot sari yetaklaydi. Har qanday jamiyatning inqiroziyu tanazzuli, ravnaqiyu istiqboli uning maktabga, ta’lim-tarbiyaga va birinchi nav-batda, o‘qituvchiga bo‘lgan munosabat bilan o‘lchanadi.
“Usuli jadid” nomini olgan “usuli savtiya”ga asoslangan maktablar mohiyat e’tibori bilan “rus-tuzem” maktablariga qarshi vujudga keldi. “Usuli jadid” maktablarida milliy ma’naviyati yuksak, millat, Vatan istiqboli uchun jon kuydiruvchi yoshlarni tarbiyalab yetishtirish birinchi o‘rinda turgan. Jadid pedagoglarining buyuk xizmatlari shundaki, ular maktablarda ona tilida ta’lim-tarbiya berishga, milliy adabiyot, musulmon dini va ma’naviyati asoslarini o‘qitishga hal qiluvchi masala sifatida qaradilar. Chunki ular millatning o‘zligini saqlovchi asosiy vosita ona tili va milliy adabiyot deb bildilar. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi Miryoqub bilan jadid Sharafiddinxo‘jayev o‘rtasida kechgan suhbatni eslang.
1905 yildan keyin g‘ayriruslar (turkiy xalqlar) maorifi muhokamasi yana jiddiy tus oldi. Rossiya maorif vazirligidagi korchalonlar musulmonlar uchun ochilgan va ochilayotgan davlat tasarrufidagi maktablarida ona tilini kirill alifbosida o‘qitish masalasini ko‘tardilar. Bunga qarshi «Tarjimon» gazetasi yozadi: «Ey go‘spo‘dalar, aqla murojaat eting. Bizim o‘z alifbomiz vor: ham diniydur, ham dunyoviydur. Ruscha va fransuzcha o‘qiymiz, lekin o‘z alifbomizni hech bir vaqt, hech bir o‘rinda tark etmaymiz... Bu ishda mantig‘sizlig‘g‘ami taajjub edalim yoki izhor o‘linan haqoratami hayron o‘lalim?!»[12].
1909 yilda Rossiya Davlat dumasida – «G‘ayriruslarning davlat tasarrufidagi maktablarda ta’lim-tarbiya qaysi tilda olib borilishi kerak?» degan mavzu yana muhokama etiladi. Unga binoan «turkistonliklarning adabiy tili yo‘qligi» sababli ta’lim-tarbiya faqat rus tilida olib boriladi, agar mahalliy so‘zlarga ehtiyoj tug‘ilgan taqdirda esa arab yozuvida emas, faqat kirill yozuvida ta’lim beriladi, degan farmoyish e’lon qilinadi. Bu farmoyish turkiyzabon ziyolilarning, pedagoglarning qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Unga qarshi «Tarjimon» gazetasida e’lon qilingan «Chig‘atoy tili» sarlavhali maqolada quyidagilarni o‘qiymiz: «Samarqand, Farg‘ona, Sirdaryo qit’alarining shevalari eski chig‘atoy shevasidur. Bu sheva adabiy o‘ldig‘i butun jahona ma’lumdur. Hatto turk shevai adabiyalarining eng qadimi va mabdai o‘ldug‘i lisoniyun (tilshunoslar) oldida masdaq (tasdiqlangan)dur. Taftazoniylar, Ahmad Yassaviylar, Ali Qushchi, Alisher Navoiy va boshqalar vujuda keltirmish Turkiston tili nechuk «tilsiz», «adabiyotsiz» ot o‘linur?! Rus millatining lisoni adabiy o‘lmadig‘i zamonda Lomo‘no‘suf, Pushkin kabi rus adiblarining vujudidan uch va to‘rt yuz sana muqaddam («Muhokamat ul-lug‘atayn» risolasina boq!» – gazeta izohi – U.D.) Chig‘atoy, ya’ni Turkiston tili forsiyya foyiq (g‘olib) bo‘lindig‘i da’vo o‘linur-da, bugun Turkiston belisondur, deyu nasil (qanday) hukm o‘linur?! Kiyev va Mo‘sqva baldalarinda rum va lotin lisoninda biror rahbon (rohiblar) shqolasi ta’sis edilmasdan muqaddam Buxoro va Samarqandda ilmi tibb, hay’at, falsafa, ta’rix, jug‘rofiya, xandasa va soira dars va tahsil edilur. Ulug‘beklar, Forobiylar, Ibn Sinolar kabi turk hukamosi yetishur-da, buyuklarning ahfodi (avlodi) bu kun nechuk tilsiz ot o‘linur?!»[13]
Rossiya imperiyasi tasarrufidagi turkiy xalqlarni ruslashtirishga qaratilgan Ilminskiy usulini Turkiston o‘lkasi ta’lim-tarbiya tizimiga tatbiq qilar ekanlar, ularni “usuli qadim” tarafdorlari emas, “usuli jadid” ijodkorlari, tarafdorlari qattiq tashvishga soldi. Buning sabablarini Ilminskiyning o‘zi shunday izohlaydi: “Taraqqiyot sari yuz tutib, isloh bo‘layotgan musulmonlik G‘arb madaniyati keltirib chiqargan texnik imkoniyatlardan foydalansa, shu bilan birga, zamonaviy maktablar ochishga kuchini safarbar etsa, u yangi tarixiy bosqichga chiqadi va nasroniylik uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli Gasprinskiy ilgari surayotgan jadidchilik oqimiga qarshi chiqishga majburmiz. Rus hukumati va ziyolilari jadid maktablarining ochilishiga ruxsat berish bilan o‘zlari o‘tirgan daraxt shoxini kesmoqdalar”[14].
Mana shunday og‘ir sharoitda o‘zbek jadid pedagoglari ona tili hamda milliy adabiyotni o‘qitishga millatning hayot yoki mamoti masalasi sifatida qaradilar, ona tili va adabiyot o‘qitishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqdilar. Bunday masalalar ularning darsliklarida o‘z ifodasini topdi. Milliylik va milliyat masalasi Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Fitrat kabi mutafakkirlar faoliyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning bu haqdagi so‘zlariga e’tibor bering: “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avvalo makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha, taraqqiy yo‘lig‘a kirub, madaniyatdin foydalanmas. Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarini ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarining har jihatdan intizom va akmolig‘a ahamiyat berib, bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdururlar. Aning uchundurki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar”[15].
«Mana shunday milliy va diniy zaminga qurilgan “usuli savtiyai tadrijiya» maktablarining Rossiyada boniyi muassisi Ismoilbey hazratlaridur”, deydi Behbudiy. Turkiston o‘lkasida esa Gasprali g‘oyalarining yangi sharoitdagi davomchilari Munavvarqori va Behbudiylar bo‘ldi. Usuli jadid maktablarining xuddi shu milliy zaminda vujudga kelganligi ham chor siyosatdonlari mafkurasiga butunlay zid edi. Bunday maktablar uchun katta-katta to‘siqlarning paydo bo‘lishi ham uning milliy zamin asosiga qurilganligi uchun edi. Chunki jadid mutafakkirlari tomonidan ochilgan maktablar va ularning ta’lim-tarbiya sohasidagi faoliyati Rossiya imperiyasidagi rus bo‘lmagan millatlarni ruslashtirish siyosatini amalda yo‘qqa chiqarar edi.
Ulug‘bek Dolimov, pedagogika fanlari doktori
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 1-son.
[1] Ahmad Donish. Navodir ul-vaqoe. «Fan», T., 1964 yil. 274-bet.
[2] Mo‘minjon Muhammadjonov. Turmush urinishlari. Toshkent, 1926 yil, 277-bet.
[3] Buxoroda na ko‘rdim? «Tarjimon», 1908 yil, 68-son.
[4] M.Behbudiy. Muhtaram yoshlarg‘a murojaat. «Oyna» jur., 1914 y., 41-son.
[5] Turdiev Sh. Ular Germaniyada o‘qigan edilar. T.: 2006, 225-bet.
[6] «Turkestanskie vedomosti», 1909 g, №1.
[7] O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxivi, D. 797, 75-bet.
[8] O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxivi, 47-fond, 926-d, 109-bet.
[9] Hoji Muin. Birinchi o‘zbek alifbolari. “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnali. 1926 y. 2-son.
[10] Sadri Maqsudiy (Maqsudov Sadriddin Nizomiddinovich-1880-1957) davlat va jamoat arbobi, Rossiya Davlat dumasi a’zosi, 1880 yilda Qozon uezdining Toshsuv qishlog‘ida tatar mullasi oilasida tug‘ilgan. Qozon madrasasida, Bog‘chasaroyda Ismoilbek Gasprali maktabida, 1901-1906 yillarda Parij universitetining huquqshunoslik fakultetida o‘qigan, huquqshunoslik nomzodi. 1917 yil oktyabr inqilobini qabul qilmagan. 1919 yilda Parijda Tinchlik konferentsiyasida ishtirok etgan va turkiy xalqlar huquqlarini himoya qilishga da’vat etgan. 1925 yilda Mustafo Otaturk taklifi bilan Turkiyaga boradi, ko‘p yillar Istanbul va An-qara universitetlarida dars beradi. U hayotining 34 yilini Rossiyada, 11 yilini Frantsiyada va 32 yilini Turkiyada o‘tkazdi. Sadri Maqsudiy 1957 yil 20 fevralda Turkiyada vafot etdi.
[11] Musulmanskie deputatы Gosudarstvennoy dumы Rossii 1906-1917 gg. Ufa, «Kitap», 1998, str.178-179.
[12] Rech S.Maksudova na Gos.Dume // «Tarjimon», 1909, 10-son.
[13] Chig‘atoy dili. // Tarjimon, 1911, 4 mart.
[14] Mehmet Saroy. Turk dunyosida ta’lim islohoti va Gasprali Ismoil. Anqara. 1987 yil., 30-bet.
[15] M.Behbudiy. Muhtaram yoshlarg‘a murojaat. “Oyna” jur. 1914 y. 41-son.