OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhriddin Isomiddinov. “Donishmandlardan biri...”

Sanatoriydaman. Bu kurortu sanatoriy deganlari zerikarli joy, azizlar. Xususan, yoshing o‘tibroq qolib, diqqinafaslikni yozishning birdan-bir chorasi sifatida kaftdekkina radioga kuning qolgan bo‘lsa, juda bilinarkan. Hali u qulog‘ini buraysan radioni, hali bu qulog‘ini. “O‘zbekiston”, “Mash’al”, “Poytaxt” kanallariga tushib qolsangizu xo‘bu-xo‘b. Lekin endilikda radioefir deganlari ham bisyor.

Mana, kecha shom mahalida yana radioga quloq tutdim. Besh-olti soniya jingalak-jingalak bir kuy nag‘ma qilib tindiyu xushtoriga dildorlik qilayotgan do‘ndiqning g‘amzali ohangida suxandon qiz tinglovchilarni erkalab-allalab, “dasturi”ni boshlab yubordi.

Qizgina tushmagur malohatli ovozidan ­tashqari, xiyla bilimdon hammi deyman, bir mahal “Donishmandlardan biri umid va yaxshi kunga ishonch – baxt, noumidlik esa ­baxtsizlikdir”, deb aytgan edi, shunday ekan, keling, azizlar...” deya hammamizni nekbin bo‘lishga chorladi. Bitta dilrabo qo‘shiq eshitish esa buning eng ajoyib vositasi ekan.

Ashulani eshityapmanu “Qaysi donishmand shunaqa deb aytuvdi”, deb o‘ylayman: G‘arb filosofimi yo o‘zimizning Sharq allomalaridan bo‘lsamikin, Pifagor, Tagor... ehtimol Suqrot yo Aflotundir. O‘ylab-o‘ylab, ojizligimga iqror bo‘ldim. Donishmand deganlari ham ko‘p o‘tgan-da bu dunyoda!

Bu orada yana ikki-uch qo‘shiqni taqdim etib, bir kollej o‘qituvchisi bilan silliqqina suhbatlashgach, boshlovchi qiz “dastur o‘z nihoyasiga yetgani”ni taassuf bilan e’lon qildi, ertaga shu mahal efir to‘lqinlarida biz bilan yana uchrashishga va’da berdi, navbatni yana bir dastur boshlovchi bo‘lmish dugonasi falonchiga oshirarkan, boshqa kanalga o‘tib ketmasligimizni o‘tindi va studiyani eng so‘nggi dilbar tarona sadolari ostida raqsga tusha-tusha tark etajagini bildirdi. Negaki... “bir donishmand “har bir xayrlashuv ertangi diydor ko‘rishishning debochasi”, deb aytgan ekan.

Raqsbop musiqa ham o‘tib, va’da qilingan yangi boshlovchi qiz “Avvalambor, assalomu alaykum deyman, azizlar” deya efirga kirib keldi. Ashula-pashula qo‘yib ohanjama qilib o‘tirmay, darhol “Bir donishmandning aytishicha, qalbi toza insonlar sog‘lom va aqlli bo‘lishadi”, deya, sihat-salomatlik haqida lutf qilishga tushdi.

Bilsak, sog‘ bo‘lishda gap ko‘p ekan, unga esa, bir talay omillar qatori, yaxshi kuy-qo‘shiq tinglash ham sabab bo‘larkan. Chunki, donishmandlardan biri “kuy va ashula – inson qalbining eng ajoyib tarjimonidir, hech narsa ko‘ngil kechinmalarini musiqa va ashula singari teran anglatishga qodir emas”, deb lutf qilgan ekan.

Sadag‘asi ketay bu donishmandlarning! G‘archcha moyday hikmatlarini qarang! Har qanday mavzuda shpargalkaday tap-tayyor gaplari bor. Diktor-suxandon-boshlovchi “Dunyodagi eng katta san’at – ayolni tushunish”, degan edi bir donishmand”, deydi-da, ayol va sevgiga oid istalgan qo‘shiqqa navbat beraveradi. Faqat bir xijolatlik tomoni – zamonning tezkorligidan bo‘lsamikin, xuddi Argentina va Meksika seriallarining qahramonlari singari bu radioboshlovchilarning xotirasi chatoq: donishmandlar nima deganini so‘zma-so‘z yod bilganlari holda, eslariga ularning nomi kela qolmaydi! Noiloj, xuddi “noma’lum askar” deganlari kabi mavhum qilib “donishmandlardan biri” deb, yoki bu avraning astar tomonidan tutib, “bir donishmand” deb qutulishga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, nega bular shuncha pandu hikmatni juda mufassal, g‘irt adabiy shaklda qayta tiklaganlari holda, munaqa ajoyib gaplarni kim aytganini eslashga kelganda... xotiralari “o‘chib” qoladi? G‘alatiroq, a!

Hozir esa bir talay gazetalarda, jurnallarda va hatto kitoblarda ham muallifi “bir donishmand” deb ko‘rsatiladigan, aslida donishu hikmatdan ko‘p yiroq, chuchmal parchalar iqtibos sifatida qo‘shtirnoqqa olib taqdim etilaveradigan bo‘lib qoldi.

...Shu gaplarni qog‘ozga tushirib o‘tirar ekanman, “Yoshlar” radiokanalida shakarguftorlik qilayotgan qizgina “Bir dononing aytishicha, kimki o‘ziga ishonsa, u ko‘p narsaga layoqatli bo‘lib chiqadi”, deya yangi hikmatni armug‘on etdi. Malades, dedim. Ammo ko‘p narsaga layoqatli, o‘ziga ishonchi zo‘r bu qizga ham xotirasi qurg‘ur pand berdi – ikki pulga qimmat shundoq ajoyib hikmatni qaysi “dono” aytganini eslay olmagani sababli, “uzumini yengu bog‘ini so‘ramang” qabilida ish tutdi. Evoh, dedim, har kimning cho‘ntagidan tushib qolgan jo‘n, donolikdan nariroqdagi gapni ming o‘rab-chirmab, naq “donishmandlarning piri aytgan”, deb qasam ichsangiz ham jumlaning ma’nosi teranlashib qolmas ekan.

Sanatoriy yo‘llanmasining muddati ham tugay deb qoldi. Dam olganga nima yetsin, zehning o‘tkirlashib, aqling ham tiniqlashib ketar ekan. Shundanmi, deyman (birov eshitmayaptimi?), kaminaning kallasida bir fikr o‘ralashib yuribdi. Hozir nima ko‘p, radiokanal ko‘p. Har bir kanalda har yarim soat-bir soatda yangi bir boshlovchi efirga chiqib kelib, uch-to‘rtta “bir dononing aytishicha” bilan “dastur”ini bezaydi. Uyoqda desangiz, gazeta-jurnal kabi nashrlar ham bisyor. Demak, ana shunaqa “bir donishmand” aytgan gaplarga ehtiyoj oshgandan-oshadiki, kamaymaydi. Shunga, deyman, bir ustaxona ochsam, ana shunaqa yaltir-yultir gaplarni patillatib yozib, dastur ijodkorlariga pullay bersam. Bir yoqdan, ular shunaqa gaplarni o‘ylab topish tashvishidan qutuladi, qolaversa, biz ham biron nimalik bo‘pqolarmiz. Albatta, yangilari qimmatroq ketadi, ishlatilib siyqa bo‘lgan, quyqa bo‘lganlarini esa arzon berib yuboraman. Qalay?

Nima, “ma’noli, risoladagiday gapni yozish ko‘pam qiyinmas, ammo maza-matrasi yo‘q, shaldir-shuldir jumla to‘qish esa har kimning qo‘lidan kelavermaydi, ming urinsangiz ham unaqasini yozish mushkul-ku?”, deb so‘rayapsizmi? Yo‘q, birodar, siz ham menga o‘xshab bir hafta-o‘n kun kamida yigirmatadan “dastur” tinglab, “donishmandlardan biri” aytgan g‘alati-g‘alati gaplarni uqa bersangiz, sal o‘tmay, o‘zingiz ham binoyiday “donolar so‘zi” yozvoradigan bo‘lib qolasiz-da, hali oldimga ham kelasiz, “Aka, meni o‘zingizga zam qilib xususiy korxonangizga ishga olsangiz”, deb.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 38-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.