Qadim-qadim zamonlardan beri poeziyada hech narsa o‘zgarmagandek — bu azim daryo o‘z o‘zanlarida ming yillar burun qanday oqqan bo‘lsa, bugun ham shu zayl azaliy yo‘lidan sokin, ravon va ming bir jilva bilan ketib borayotgandek. Har qaysi zamon kishilari ko‘ziga u har xil ko‘rinadi: yangilangandek, o‘zini o‘zi isloh etgandek, goh toshib, goh sayoz tortgandek... Biroq bu uning o‘zgarib qolganidan emas, balki yangi avlod ko‘ziga yangilangandek tiniqib, o‘zgacha tarovat kasb etgandek bo‘lib ko‘ringanidan; har qaysi avlod unda o‘zini ko‘rganidan, ko‘rib o‘zini taniganidan, «o‘z davrining shoiri, o‘z davrining she’riyati»dan zavqlanganidan. Vaznu turoq, ritm va ohangi yangilangani bilan hayotning bu Mangu Qo‘shig‘ining faqat ijrosi zamonaviylashgandek. Aslida esa, tiriklik va yo‘qlik, xaos va kosmos, muhabbat va nafrat kabi hammasi aslicha: umumiy universal qonun-qoidalar, mangu tartiblar o‘zgarmagan. Chunonchi, qadim yunon donishmandi Arastuning quyidagi e’tirofi bugun ham e’tirozga o‘rin qoldirmaydi:
«Modomiki, shoir (musavvir yoki boshqa tasvirlovchilar singari) hayotni aks ettirar ekan, demak u muqarrar ravishda quyidagi uch narsadan birini: hayot qanday bo‘lsa, shundayligicha; yo odamlar aytayotgan va tasavvur qilganicha; yo hayotning qanday bo‘lishi kerakligini tasvirlashi lozim bo‘ladi».
Bu ta’rif, ifoda tarzining oddiyligi bois, bir qadar «eskirgan»dek tuyulsa-da, teranligi bilan ilk bitiklardan postmoderngacha — ko‘plab uslublar, usullar, yo‘nalish va oqimlarni qamrab oladi hamda ularning tub mohiyatini belgilaydi. Demak, hayotni aynan, yo tasavvurdagidek, yoxud aslida qanday bo‘lishi lozim bo‘lsa o‘shanday tasvirlash asrlar mobaynida shoirlarni birday qiziqtirib keldi. Mavzularda ham o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Masalan, muhabbatdek eski narsani har bir davrning shoirlari yangicha kuylashga — boqiy mavzudagi qo‘shig‘ini o‘z zamoni soziga solib aytishga urindi. Yunon donishmandi aytmoqchi, ular bu narsalarga yo oddiy til bilan, yo noyob, yo ko‘chma ma’noli so‘zlar bilan erishdilar.
Zamonaviy o‘zbek poeziyasida buning turli-tuman uslublardagi tasdig‘ini topish mumkin. Biroq an’anaviy deb ta’riflanadigan barmoq vaznidagi, sinalgan badiiy vositalarga asoslangan she’riyat o‘tgan asr adabiyotimizning qiyofasi va mazmun-mohiyatini belgiladi; bugungi kunda ham bu xususiyatlar o‘zbek she’riyatida yetakchi mavqega ega.
Ana shu yo‘nalishning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri taniqli shoir Sa’dulla Hakim.
«Quduqdan to‘kilgan nur» nomli badeasida shoir bolaligida kechirgan bir holatni bayon etadi: «...Qattiq isitmalab yotib qoldim. Kechalari tubsiz quduqqa sho‘ng‘ib ketardim. U juda chuqur edi... Tushimda quduq to‘nkarilib qoldi. U juda baland edi. Tubidan xira mayin sarg‘ish nur to‘kilib turardi. O‘shanda 12 yoshda edim...
Men o‘shanda ilk bor she’r yozganman».
O‘smirning ko‘ngliga ingan nur — Yaratganning inoyati, ko‘nglini so‘zlatishga bergan imkoni. Ilk bor yozilgan she’r — tushida ko‘rgani qanday bo‘lsa shundayligicha — oddiy, sodda. O‘smirning adabiyot o‘qituvchisi esa bu «ilk she’r»ni tahrir qilib beradi: «To‘nkarilgan quduq» — «Suvi tiniq quduq»qa, «To‘nkarilgan osmon» — «Moviy-moviy osmon»ga aylantiriladi. «Zindonband — inson!» esa «Ziyobon inson!», deya o‘zgartiriladi.
Qiziq, o‘smir tushgan holat, tushida ko‘rgani, o‘ngida she’r yozgani va uni adabiyot o‘qituvchisi «ajabtovur» tahrir qilgani — bularning barida g‘aroyib bir ramziylik bordek. Negadir menga bolaning tushi rost, yozgan she’ri rostgo‘ylik, o‘qituvchining tahriri esa bu beg‘uborlikni bejashga urinib chaplangan bo‘yoqday tuyuladi. Muallim Hayotga o‘xshaydi, uning talabchan, qattiq qo‘li ko‘rganlarimizni aslida qanday bo‘lsa shundayligicha yozganimizni qabul qilmaydi, tahrir qiladi, rang beradi, jilo beradi, o‘ziga, o‘z didiga moslaydi. «Men shundan keyin ko‘p yillar (eh-h, attang!) tiniq, moviy, yorug‘, silliq she’rlar mashq qilib yurdim», deb yozadi shoir.
Yorug‘, silliq she’rlari uning o‘quvchilik payti tutgan mashq daftarlarida qolib ketdi. Ilk to‘plami «Hamal tonglari»ga olamni idrok etishga chog‘langan talantli qalamkashning samimiy dil rozi — jozibali obrazlarga, tabiatga taqlid qilib chizilgan va teran fikrlar yuklangan manzaralarga, ta’sirchan iboralarga boy o‘ziga xos uslubi namoyon bo‘ldi. Bu uslub shoirning keyingi to‘plamlarida — «Sen kutgan bahor», «Yoz oqshomi», «Ona so‘z»da o‘zining takomil bosqichiga ko‘tarildi. «Saylanma»si va «Ko‘ngil yuzi» kitobida fikr va tuyg‘uning o‘ziga xos uyg‘unligidan yuzaga kelgan, mushohadaga boy, fikriy teranlik va kuchli hissiyotga yo‘g‘rilgan lirikaga guvoh bo‘lamiz. Bu lirika o‘zining samimiy va rostgo‘yligi bilangina emas, balki hayotiyligi va tantiligi, falsafiy hukm-xulosalari — poetik mazmunning chuqurligi, ifoda tarzining zamonaviyligi va jozibasi bilan o‘ziga tortadi. Va yana bir jihati — Sa’dulla Hakim she’rlarida tiriklikning qay bir mushkulotlari, odam tabiatiga xos qanaqa fazilat yoki qusur, muammo tilga olinmasin, har doim vazminlik, mulohazakorlik poetik talqinda yetakchi xususiyat sifatida saqlanadi. Favqulodda keskin, qat’i baholar, isyonkorona ohang uning lirikasiga begona. Har qanday hodisa, holat talqinida tabiatdan qiyos keltiriladi va shu orqali poetik mushohadalarga universal mazmun yuklanadi. U qat’iy rad etmaydi, balki muhokamaga imkon yaratadi, qizishib hukm chiqarmaydi, aksincha, hodisa yoki holatning azaliy mohiyatiga ishora qiladi. Uning ishorasi o‘quvchini mulohazaga chorlaydi, demak, ta’sir qiladi. Ta’sirchanlikka esa shoir tiniq tasvirlar, go‘zal manzaralar, barchaga birday tanish qiyoslar, timsollar, o‘xshatish va sifatlashlar orqali erishadi.
Tola qochsa chiyirdan qil arqon ham uzilgay,Quroq so‘zlar qovushsa ming bir hikmat tuzulgay.Osmonligim shohi jonsening zaminligingdan,Dur bo‘lsa ham taqinchoqoddiy ipga chizilgay.Shoirning «Ko‘ngil yuzi» kitobiga kirgan «Ko‘zmunchoq» turkumi yuqoridagi kabi to‘rtliklardan tarkib topgan. Bu to‘rtliklar oson o‘qiladi va qiyinchiliksiz idrok etiladi. Shoir ilk misralarda bizga qandaydir xulosani va’da qiladi va bu bilan bizning kayfiyatimizni, holatimizni o‘sha xulosaga «sozlaydi». Aytish joizki, ilk misralarda shoir va she’rxon o‘rtasida ko‘prik solinadi. Kommunikativ vazifani bajargan misralardan so‘ng biz kutgan xulosa keladi. Va, albatta, bu kutilgan xulosa biz kutmagan tarzda ifodalanadi. (Aks holda bu jo‘n xabardan farq qilmasdi.) Mana shu kutilmagan poetik ifoda — kutilgan xulosa (xabar, yangilik) Sa’dulla Hakimning to‘rtliklarida, she’rlarida ham ta’sirchanlik effektini yaratadi. Aks holda, bu misralar hikmat emas, oddiy mushohadaga, jo‘n xabarga aylanib qolardi.
Bolalik. Ko‘pkari. Esimdan chiqmas,Chollardan birining aytgan so‘zlari:— Ot mingan har kishi chavandoz bo‘lmas,Andi emas eshak minganning bari!«Bolalik. Ko‘pkari...», «Bolalikda partadosh do‘stim...», umuman, bolalikning dunyosidan olib o‘tilgan taassurotlar, shirin va achchiq xotiralar shoirning bebaho bisotidek. Uning she’rlaridagi iftixor tuyg‘ulari, insoniy fazilatlar tarannumi ana shu bisotdan kuch oladi. Tog‘dagi qishlog‘i, hamqishloqlari — garashaliklar bilan g‘ururlanganda shoir misralari sharqiroq soyday jarangdor yangraydi. Chunki uning ishonchi barqaror: «Garashalik, agar ishi ketsa ham chap, Oq sut bergan onasini ketmas tashlab».
G‘urur tuyg‘usi bolalikda tarbiya topadi. Ota-ona, aka, opasi, mahallasi, qishlog‘i bilan g‘ururlanganda bolaning ko‘ngli o‘sadi. Bu tuyg‘u go‘zallikni his etishning ilk bosqichi sifatida tarbiya topib milliy iftixorgacha o‘sib ulg‘ayadi. Sa’dulla Hakim she’rlarida mana shu jarayonni — bevosita shoir lirik qahramonining qalb dialektikasini kuzatish mumkin. «Ot hurmati», «Hamdardlik», «Bobolar o‘giti», «Bizning ellar» she’rlari shoir lirikasidagi pafosning manbaiga aniq ishora qiladi; bular: o‘zbekchilik, ya’ni milliy qadriyatlar — or-nomus, jonfidolik, odamgarchilik, mehr, vafo, mardlik-mardonalikdek ma’naviy-intellektual ustunlar.
G‘ururdan o‘sib kamol topgan, keng miqyos kasb etgan milliy iftixor tuyg‘ulari shoirning Istiqlol davridagi Vatan mavzusiga bag‘ishlangan manzumalarida baralla kuylanadi. Hurriyat zamoni shukuhini ta’rif-tavsif etgan butun bir turkum («Istiqlol qasidasi», «Ehtirom», «O‘zbekiston tug‘rosi», «Faxriya», «Yangi zamon shukuhi», «Vatan faxri» va boshqa she’rlar) millatning o‘zini anglashi, o‘zini qadrlashi, milliy iftixor tuyg‘usini kamol toptirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga qo‘shilgan munosib hissa sifatida baholanishi joiz. Zero, millatning o‘zligini anglashi va jahonda o‘zligini namoyon etishi o‘z yurti, ajdodlari, o‘tmishi va buguni bilan faxrlanish tuyg‘usidan kuch oladi. Bu tuyg‘uni tarbiyalaydigan vositalar orasida ijodkorning so‘zi yetakchi mavqeda turadi. Shu ma’noda, Sa’dulla Hakim lirikasida Vatan va Istiqlol yetakchi mavzular sifatida namoyon bo‘ladi.
Ona yurt tabiati, iqlimi, jug‘rofiyasi, nabobat olami shoirning deyarli har bir she’rida ishtirok etadi. Taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov ta’kidlaganidek, «Uning she’rlari, yozganlarini o‘qiganda Garashaning tog‘lari, tog‘ etaklariga xos tog‘ ruhi, fasonasi aks etib turadigan, sodda bo‘lsa ham, loysuvoq bo‘lsa ham, ko‘rkam uyli xonadonlarga kirib borgandek bo‘lasiz».
Shoirning lirik qahramoni holati, ehtirosi, dramasi yoxud zavq-shavqi butun bir tabiat hodisasi, manzarasi tarzida tasvirlangan she’rlarida u o‘zining falsafiy mushohadalarini avj nuqtaga ko‘tarib ifodalaydi. Bunday she’rlarda tabiat va uning unsurlari jonlantirish, sifatlash, qiyoslash vositasi emas, balki yaxlit mavjudlik sifatida namoyon bo‘ladi. Ranglar, harakat va turfa ohang uyg‘unligi tiriklikni, hayotning boqiyligini ta’kidlayotgan simfoniyadek jaranglaydi.
Tuyoq izlari yomg‘ir suviga to‘ldi,O‘tloqqa to‘kildi oy siniqlari.Tolg‘in tongga qadar davomli bo‘ldiAyg‘iru biyaning xush qiliqlari. Havo bo‘ysara qiz labidek shirin,Halovat yoyildi borliqqa sokit.Bostirma yonida yulqib zanjirinOyga xonish qildi bahaybat bir it...Yomg‘irning poklantiruvchi suvi, o‘t-o‘lanlarda yaltirab yotgan oy shu’lasining jilvalari, muattar havo — bular bari g‘oyatda tabiiy va bor jozibasi bilan kishi ruhiyatiga ko‘chadi. Beixtiyor tiriklikka, borliqqa shukronalar aytasiz, tabiatning sirli va yashashga, yasharishga da’vatkor qudratini his etasiz. Yomg‘ir suviga ruhingiz cho‘milgandek, dilda kinu g‘uborlar arigandek o‘zingizda ulkan bir rag‘bat sezasiz...
Sa’dulla Hakimning tabiat va inson, borliq va ruhiyat, manzara va kayfiyatning yaxlitligi, uyg‘unligini tarannum etgan bu kabi she’rlarida men shoir lirikasining eng avj pardalarini ko‘raman, eshitaman. Uning hayotiy falsafalarni, ma’naviy-axloqiy mantiqlarni uzukdagi ko‘zdek nozik va jozibali tarzda ifodalagan to‘rtliklari, she’rlaridan farqli o‘laroq, olam butunligi va shu butunlik ichidagi muqaddas bog‘liqlikni biror-bir fasl, tabiat hodisasi yoxud holati tasviriga ko‘chirgan she’rlari ikki muhim xususiyati bilan alohida ajralib turadi: birinchidan, bu turkum she’rlarda sirtdan sokin tabiatning ichki shiddati, dinamikasi, ikkinchidan, tasvirga singdirilgan surur va hayotiy, insoniy zavq-shavq. Shoir saraton tongi manzarasini harakatda ko‘rsatarkan («Saraton» she’ri), qator kelgan tiniq lavhalarda («Ko‘k gumbazi go‘yo ulkan sariq tom», «Toshlar suv ostida baliqday suzar», «Ketmon soyasida mudraydi g‘ayrat») tiriklik shavqining barqarorligini badiiy dalillaydi va saraton quyoshining «qahrabo tomchilari» «nafis yotoqlarga to‘kilishi» orqali borliqning nash’u namosini quyidagi misralarga muhrlaydi:
...Yer qizi taratib mushku anbarlarErinib uyg‘onar.Malohat bilanQo‘sh yombiga yopar ipak siynabandVa bir juft zarg‘aldoq quyosh tomchisinAsta taqib qo‘yar quloqlariga...Sa’dulla Hakim tiriklik quvvatini, hayot sururini misralar qatiga singdiradi, poetik iboralarga, ayni tabiatning o‘zidan olgan manzara, lavhalarga joylaydi. Shu bois, uning she’riyati, sirtdan qaraganda, sokin, ravon oqayotgan daryodek tuyuladi. Bu daryoning ichki shiddatini, to‘lg‘oqlarini quyosh nurlariga belangan serjilva mavjlari oshkor etib turadi. Hali bu daryoning ruhga rag‘bat, hayotga ishtiyoq, idrokka teranlik baxshida etadigan sehru tarovati ko‘p dillarni go‘zallik, nafosat olamiga oshno qiladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 30-sonidan olindi.