Mahmud aka bilan, aniq esimda yo‘q, ishqilib, yetmishinchi yillarning boshida Fanlar akademiyasining aspirantlar yotoqxonasida tanishganman. Toshkentga yangi kelganman, Samarqanddan o‘ziga ukasidek yaqin olib, doim qo‘llab yuradigan ustozim Hotam aka Umurov do‘sti Murod aka Ibrohimovga uchrashimni tayinlab yuborgan, u kishi qayoqqa bosh suqishimni bilmay, sarson yurgan paytlarimda xonasidan boshpana berib turgan. Murod akani Olloh rahmat qilsin, juda yaxshi odam edilar, ko‘p yaxshiliklarini ko‘rganman. Mahmud aka Murod akaning do‘sti, yoniga borganida suhbatlarida bo‘lib, shu bilan bir umrga aka-uka bo‘lib qolganmiz.
O‘zi, insonning hayoti yaxshi odamlar ko‘rsatadigan yaxshiliklar silsilasidan iborat, tarjimai holingizga mundoq razm solsangiz, sizni shu holingizga olib kelgan yaqin kishilar ko‘z oldingizda uzun qator tizilib, siz qaytara olmagan xizmatlari xotiringizni ma’lul qiladi.
Yetmish beshinchi yili Mahmud aka «Guliston» jurnaliga maqolamni olgan. Yozuvchi Turg‘un Po‘latning «Ichkuyov» qissasiga taqriz edi. «Vafot etgan yozuvchining asariga yozib, juda xayrli ish qilibsan, beramiz», deb u kishi ham meni xursand qildi, ham o‘sha paytlardagi adabiy jarayon, tanqidchilikning tagzaminida ba’zan manfaat, oshna-og‘aynigarchilik ham bo‘lishidan sergaklantirib qo‘ydi. Men uchun «Guliston» jurnaliga maqolam olinishi tushimga ham kirmagan martaba, cho‘qqiga olib chiqadigan qanotni yelkamga yopishtirish bilan barobar edi. Lekin uni ma’qul degan odam yana ko‘zoynagini burnining ustiga qo‘ndirib, men ne hasratda qoyillatyapman, deb to‘ldirgan dasta qog‘ozning ustidan «rasm solib» ketsa! O‘zimcha yaxshi yozaman, yozayotganda jumla nimaligini qo‘lim bilan ham his qilishim kerak deb, hatto ruchkagacha tanlaydigan odamman, Mahmud akaning chizmakashligiga qarab kayfim uchib ketdi. Sog‘ qolgan jumla yo‘q, chizilgan, o‘chirilgan, yana sahifaning yonidan ham, boshidan ham, har yog‘idan bedana tuzoqqa tushirib kiritilgan g‘ij-bij so‘zlar. Qog‘oz qora qoniga bo‘lmasa-da, ko‘k siyohiga bo‘yaldi. «Bo‘ldi-qildi»ni, ya’ni «bo‘lmoq», «qilmoq» fe’llarini shunaqa ko‘p urchitishimni o‘zim mutlaqo bilmagan ekanman.
Mahmud aka bir sahifani ko‘rgandan keyin: «Ma-e, savodsiz ekansan-ku», deb qaytarib bersa kerak degan edim, yo‘q, «Mana, qara-da, men o‘zimdan bir fikr ham qo‘shmayapman, senikini tozalab, ochyapman. Yaxshi yozgansan, lekin chiqit, parazit so‘zlar ko‘p. «Bo‘ldi-qildi»ni muncha yaxshi ko‘rmasang», deb taqrizimni oxirgi jumlasigacha bitta ham qoldirmay bo‘yab chiqdi; bironta so‘z e’tibordan chetda qolmadi. «Qora qoni»ga belangan «asar»imga qarab, bu tuzoqlar, sirtmoqlar, kiritmalar, ustidan ham, ostidan ham qilingan chumoliyo‘l tuzatishlardan birov bir narsani tushunarmikan desam, mashinkachi qizlar Mahmud akaning «rebus»larini juda oson yechar ekan, bosilganini o‘qib ko‘rsam, men yozgan narsa, xuddi o‘zgarmagandek, lekin aytmoqchi bo‘lgan gaplarim shunday jaranglab, ravshan fikr berib turibdiki, yozganimga o‘zim ham ishonmayman.
Shu narsam ustida ishlayotganida Mahmud akaning zavqini ko‘rganman. Tahrir qilish zavqini. Mahmud akaning gazeta va jurnallarda ishlagan butun umrida shu zavq bor va bu zavq umuman bugungi adabiyotimizga katta ta’sir o‘tkazgan. Hali bu gapga qaytaman.
Taqrizim «Guliston»da bosilgandan bir yil o‘tib, o‘zim ham Mahmud akaning yonida o‘tirib boshqalarning asarlariga «rasm solish», jumla «bo‘yash»ni o‘rgana boshladim. Ya’ni, shu jurnalga ishga o‘tdim. Albatta, Mahmud akaning taklifi va bosh muharrir Asqad Muxtor, u kishining o‘rinbosari Vahob Ro‘zimatovga tavsiyasi bilan. Jurnalning shu kishilar rahbarlik qilgan davri adabiyotimizda alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda taniqli, nomdor o‘nlab yozuvchi va shoirlarimiz o‘sha payti, ya’ni yetmishinchi yillarning ikkinchi yarmida aynan «Guliston» jurnalida tetapoya bo‘lgan.
Jurnalni bunday martabaga ko‘tarishning zamirida, albatta, hali aytganim, zavqli va... nihoyatda og‘ir mehnat yotar edi. Buni nashrlar sahifasi ustida ter to‘kib yotgan zahmatkashlar juda yaxshi biladi. O‘shanda kun bo‘yi «Guliston» materiallaridan bosh ko‘tarmay, kechqurun «Ko‘k gumbaz» choyxonasida kunduzi qilgan ishining hayajonini bosa olmay, choynak-choynak choy bo‘shatib, tomog‘i bo‘g‘ilib qolguncha bahslashgan Murod Xidir, Tohir Malik, Erkin A’zamov, Sulaymon Rahmon, Sa’dulla Ahmad, Abdulla Sher kabi hamkasblar tahrir zavqini hali-hanuz unutolmaymiz. Mahmud aka esa o‘zgarmagan, o‘n yil oldin ham, yigirma yil, o‘ttiz-qirq yil oldin ham shunday edi. Hozir ham qo‘liga tushgan maqolaga shunday berilib, zavq bilan ishlov beradi. Bir o‘ylab ko‘ring, Mahmud aka hozir yetmishga chiqib, tahrirchilik faoliyatini, deylik, yigirma besh yoshlaridan boshlagan bo‘lsa, shu davr badalida qo‘lidan o‘tgan asarlar necha-necha yuz jild kitob bo‘ladi! Shularning hammasiga so‘zma-so‘z ko‘z nurini bergan, har bitta jumlaning ustida bukchaygan. Har bir maqola yo hikoyaning ustida faqat men bilan emas, umuman qog‘ozini ko‘tarib kelgan qalam ahli borki, hammamiz bilan yakkama-yakka o‘tirib, birga «rasm solgan». «Torta olmagan», qaytarilgan asarlarning hech kim hisobiga yetmagan. Ularning ham birortasi o‘qilmay, muallifiga tushuntirilmay qolmaydi. Bu mehnatga kundalik bo‘lgani uchun ko‘nikilgan, bilmagan odamga odatiy tuyuladi. Lekin... adabiyotni shu mehnat yaratadi. Adabiyotning bugungi mavqe-darajasida Mahmud akaga o‘xshagan tahrirchilarning sirtdan bo‘rtib turmaydigan, kamtar-kamsuqum, lekin buyuk mehnati yotadi. Bu haqiqatan ham buyuk, yuki faqat chidaganga chiqargan og‘ir, odamning butun umrini oladigan, ba’zan hammasini boshqalarga berib, o‘ziga minnatdorlikdan boshqa narsa qoldirmaydigan nihoyatda g‘alati mehnat. Odam qo‘liga tushgan narsalarga talab bilan yondashadi, birovniki bo‘lgani uchun talabning og‘irligi avvallo o‘zining zimmasiga tushadi, kun-kundan oshgan talab bir kun kelib «fetish» — «ma’bud»ga aylanadi, o‘nlab odamlarning yuzlab asarlarini tahrir qilib o‘rgangan odamning o‘zi yozishiga... Xullas, mas’uliyati imkoniyatidan ham kattarib ketadi. Keyin, yillab boshqalarning har xil mavzu, har xil janrda, fikr uslubi, ifoda usullari yozish turlicha asarlarini yillab tahrir qilish, albatta, nihoyatda kerak, xayrli, sharafli ish, ammo muharrirning ijodiy quvvatini so‘rib, o‘zi yozishiga hech narsa qoldirmaydigan surunkali, nihoyasi yo‘q bir zahmat ham. Butun umrini shu tarzda so‘z san’atiga fido qilib, o‘z ijodlari orzularidagina mavjud bo‘lib qolayotgan hamkasblarimizning shovqinsiz, ko‘rinmaydigan ter to‘kishlari bilan matbuotimiz matbuot, adabiyotimiz shu darajada. Bizda tahrir mehnatiga alohida haq to‘lanmaydi, muharrir lavozimi uchun maosh oladi, lekin uning boshqa mualliflar asariga ishlov berishi o‘zinikini yozishidan ustun turadi va uni maosh bilangina baholab bo‘lmaydi.
Yana bir tomoni ham borki, hammani tuzatib, tahrir qiladigan odam o‘zidan hammadan baland yozishni kutadi va juda kam yozadi yoki boshqalarning ustidan ishlab, chiqarib bergan asarlarini o‘ziniki qabul qilib ham ishlayveradi. Bu ma’noda Mahmud aka dunyoga keltirgan asarlarning sanog‘i yo‘q. To‘g‘ri ma’noda ham shunday. Mahmud aka qo‘lidan yetaklab, yelkasidan itarib, yurmaganlarini sudrab ham adabiyotga olib kirgan ijodkorlar juda ko‘p. Shularning qariyb hammasi u bilan bir umr hamkorlikda, doim u kishidan aniq fikr kutadi, u kishi ham qalamini qayrab, hamisha tayyor...
Gapni o‘zimdan boshlagandim — Mahmud aka birinchi maqolamni chop etib, adabiy jarayonga qo‘limdan yetaklab olib kirgan, shu jarayonda suzishni o‘rgatgan. Yana o‘zimga kelsam, hozir ham u kishiga talpinaman, fikrini eshitgim keladi. Chunki ayamay gapiradi. Ko‘p yillar yozmay yurib, bultur «Hali hayot bor» degan bir qissa yozdim. O‘qishga birinchilardan bo‘lib Mahmud akaga bergan edim, u kishi o‘qib, shuning nomiga ham: «Anavi ayol qahramonning gapidan olingan ekan, qo‘shtirnoqni yopishdan oldin uch nuqta qo‘yish kerak», deb tuzatish kiritdi. O‘sha Mahmud aka-da.
O‘sha-o‘sha, juda ko‘p ijodkorlarga akalik qilgan, adabiyotda ukalari juda ko‘p, hali ham ko‘zoynagini burnining ustiga qo‘ndirib, «o‘zimizning Janqovullar tumtumaklari» ustidan erinmay bo‘yab, yana orada chayonqalampirday achchiq istehzo qilib o‘tiradigan Mahmud Sa’diy akamiz — hammaning birdek hurmatini qozongan xizmat ko‘rsatgan muharrir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 31-sonidan olindi.