Darvoqe, kuzning ham o‘z bahori bor. Kechagina xunuk ko‘rinib turgan yulg‘unlarning pushti ko‘ylagi sayhonlik, dalayu yo‘l chetlariga go‘yo ko‘klam keltirgandek.
Elektropoezd vagoni derazasiga termulib ketayotgan shaharlik bola onasiga deydi:
— Onajon, qarang chiroyliligini! Kuzda ham daraxt gullabdi. O‘qituvchimiz daraxtlar faqat bahorda gullaydi, degandilar-ku...
— O‘g‘lim, bu daraxt emas, buta, uni yulg‘un deyishadi. Kuzda mana shunday rangga kiradi. Kuzda barcha ekinlar, mevalar pishadi.
Fazo sahrosida sekundiga 30 kilometr tezlikda harakatlanayotgan Yer sayyorasining Markaziy Osiyodagi bir bo‘lagida har yili cumbulada oq rang paydo bo‘ladi. Bu oq bulut yoki qor ham emas, balki inson mehnati bilan yaratilgan mo‘’jiza — O‘zbekiston paxtazorlaridir. Ha, bebaho boyligimiz — paxtamiz yurtimiz jamolini osmonlarga ham ko‘z-ko‘z qiladi, O‘zbekiston kuzining o‘xshashi yo‘q timsoli bo‘lib jahonni hayratlantiradi. Yana shu damlarda Yerning o‘sha bo‘lagida osmonni rango-rang mushaklar bezaydi. O‘zbekiston tantanavor libosga burkanadi. Oltin kuz zarhal sahifa — Birinchi sentyabr — eng ulug‘, eng aziz bayram — Mustaqillik ayyomi bilan boshlanadi. O‘zbekiston kuzi ana shunday ulug‘ kunlar bilan ham tarovatlidir, salobatlidir. Va shu bois ham u biz gullarga burkangan bahordek sog‘inib kutadigan fasldir.
Vatan kuzini dovonlar osha ot choptirib ketayotgan chavandozga qiyoslayman. U qorli-qirovli, sumalakli-jamalakli, saraton taftida ko‘pchigan tuproqli-toshli yo‘llar osha tag-tubiga igna tushsa, ko‘rinuvchi zilol suvli sumbulaga yetib kelguncha yer ham Bobo Quyosh atrofini bir aylanib bo‘ladi. Koinot kengliklaridagi million-million kilometrli bu masofa Yer hisobida kecha-kunduzli 365 kundir. Uch yuzu oltmish besh kunning har 90 kunida O‘zbekiston chehrasida turfa ranglar jilvalanadi. Oltin kuz Vatan tabiatidagi barcha ranglar jamlanadigan, uyg‘unlashadigan betakror fasldir. Bu faslni fasllar intihosi deb bo‘lmaydi. Kuz tabiati goh yozni, ahyon sovuqlari esa qishni eslatadi.
Darvoqe, kuzning ham o‘z bahori bor. Kechagina xunuk ko‘rinib turgan yulg‘unlarning pushti ko‘ylagi sayhonlik, dalayu yo‘l chetlariga go‘yo ko‘klam keltirgandek.
Elektropoezd vagoni derazasiga termulib ketayotgan shaharlik bola onasiga deydi:
— Onajon, qarang chiroyliligini! Kuzda ham daraxt gullabdi. O‘qituvchimiz daraxtlar faqat bahorda gullaydi, degandilar-ku...
— O‘g‘lim, bu daraxt emas, buta, uni yulg‘un deyishadi. Kuzda mana shunday rangga kiradi. Kuzda barcha ekinlar, mevalar pishadi.
Ehtimol, o‘shanda bolakay birin-ketin o‘tib borayotgan paxta dalalari, makkajo‘xorizor, g‘alla ekilgan dalalar, polizu sabzavot maydonlari, bog‘-rog‘lar, qishloqlar qiyofasida ulkan savatda ham gul, ham meva-cheva, paxta-yu don — xullas, o‘zi bilgan barcha noz-ne’matlarni ko‘tarib olgan kelbatli Kuz boboni tasavvur etgandir.
Kuzning ham yozi bor. Aniqrog‘i, tuni kuz, kuni yoz palla hozir.
Sarmishning oftob nurlariga to‘yingan uzumlarini tanlar ekansiz, qaysi boshini taroziga qo‘yishni bilmaysiz: hammasi sarxil, har donasi shirali, bolli.
Baxmal olmalarini shoxidan uzishga ko‘zing qiymaydi. Shig‘il, rango-rang mevali bog‘lar kelinchak uyi misol chiroyli, ko‘rkli.
Sholizorlar bag‘ridan palov hidi ufuradi, to‘yu tantanalar ohangi taraladi.
Hatto bugun tikonli-nishli yantoq ham don-urug‘ bog‘ladi. Tadbirkor chorvador yantoqzorni o‘rib-yig‘ib g‘aramlar uyib qo‘ydi. Bu — yantoq ham kerak degani, erta, qahratonda bu tikonli ozuqa qo‘y-echkilarning to‘yimli yemishi degani. Ha, O‘zbekistonning yantog‘ida ham rizq bor, nasiba bor.
Polizlarda endi har qanday tarvuzu qovunni yeyish mumkin bo‘ladi. Mezon shabbodalari palakning eng uchidagi qovunga ham shirali ta’m beradi. Buni xalqimiz kuzda g‘azanak ham yozda pishgan “obinovvot” bilan tenglashadi deb ta’riflaydi. Zovur va dala chetlaridagi yovvoyi jiydalar bolakaylarni o‘ziga chorlaydi. Yong‘oq shoxida zag‘izg‘onlar paydo bo‘ladi. Kechki sabzavot paykallari olachipor dalalar husniga husn qo‘shadi. Tungi salqinda junjikkan bodring palaklari choshgohda yana o‘ziga keladi. Sokin kuz musiqasiga hamohang, havoda mezonlarning goh muvozanatli, goh uchqur raqsi boshlanadi. Ovloq dalalarda chiyabo‘rilar tungi ovga chiqadi, uvillashlari qishloq xonadonlariga yetadi. Nohasdan poliz oralayotgan dehqonning oyog‘i ostida tustovuq pirillab qoladi, lekin tutqich bermaydi. Boisi parrandaning kuchga to‘lgan, eti xonadon tovuqlarinikiday semirgan palla hozir. Omborlari ko‘klamgacha yetgulik yemishga to‘lgan chog‘i, chumolilar asta-sekin ko‘zga tashlanmay qoladilar. Darvoqe, bu pallada odamlar qaznog‘ida ham harakat seziladi. Kechagina bo‘shab turgan shisha idishlar meva-cheva sharbatlari, murabbolar bilan yana tokchalarni to‘ldiradi.
Kuzni onaning ko‘z yoshiga qiyoslayman. Ammo uning homiladorlik muddati to‘qqiz emas, o‘n ikki oydir. Bu jarayon shudgordan boshlanib to so‘nggi chanoqlardagi paxta tolasi terib olingunga qadardir. Purviqor paxta xirmonlari Oltin Kuz farzandlaridir. Bugun bu xirmonlarning tug‘ilishiga minglab chevar qo‘llar doyalik qilmoqda. Darvoqe, paxta terimining gashti bor, tarovati bor. Lo‘ppi-lo‘ppi, momiq tolalarni chanoqdan ajratib olar ekansiz, beg‘uborligi, mayinligi ko‘nglingga ajib bir zavq bag‘ishlaydi, bugun kenglikni qoplagan oqlik ichida o‘zingni g‘aroyib dengizda suzib borayotgandek his qilasan, go‘yo.
“Ekzotika” degan so‘z bor. Nazarimda, bu kalom bizning “antiqa” so‘zimiz ma’nosini beradi. Aytishlaricha, bir guruh xorijliklar paxta dalasini ko‘rib bir-birlariga “Ekzotika! Ekzotika!” deb qiyqirishgan va oppoq paxtazorda tushgan rasmlarini eng noyob manzara deb baholashgan ekan.
Kuzda ham bahor borligini dehqon boboning yuzlariga tabassum yugurganda his qilaman, paxtaning allaqachon saranjomlab hosil cho‘g‘idan xotirjam tortgan ko‘ngillarda kuzataman. Qaysi bir fermerning aniq-tiniq ishlaydigan kalkulyator deb ataluvchi hisoblagichga ishonmay eski cho‘ti bilan hashamatli uyining chetida, nevaralaridan panadagi kichkina xona eshigini tambalab daromadlarni xomcho‘t qilishga o‘tirganini tasavvur qilaman. “Xo‘sh, xo‘sh” deya har zamonda salmoqli raqamlarni ohista tilga olayotgan dehqonning shukronasini eshitgandek bo‘laman. Yana birovni topgan daromadiga semirishga moyil qo‘chqormi, ho‘kiz xarid qilayotganida uchrataman. “Mollarni semirtiradigan mavsum boshlandi”, deydi kimdir. Haq gap. Endi molning yegani ham, ichgani ham etiga tortadigan payt. Salqin havo, qurib suvi qochgan o‘t-pichan, hatto ozgina kepakmi, kunjara sepilgan shirali po‘choq ham bo‘rdoqiga bog‘langan ho‘kizni pishqirtiradigan palla hozir.
Yana bu damlar kelin-kuyovlarning umr bahorlari hamdir. To‘ylar mavsumi — asad va sumbulada nikohlangan minglab yosh oilalarda asal oylari kechayotgan damlar hozir. Sunbulada to‘yi bo‘lgan kelinchak hali boshdan xarir yopinchig‘ini olmagan esa-da yangi hovlida erkinroq qadam tashlay boshladi. Yangi xonadonga ko‘nikib, endi hayoti ildizlari umrbod shu yerga qadalganini his qilib yetdi. Sal shabadaga hid taratayotgan rayhonlar qishloq kelinchagi guldonining eng ko‘rimli chechagiga aylangan. Shu kunlarda qoshlariga o‘smani qalin-qalin, enli-enli qo‘yib olgan qiz-juvonlarning tilida hazilomuz, aslida mantiqli yangi maqol: “Kuz o‘smasi ko‘klamgacha...”
Ha, kuzning o‘z nafosati bor. Yana bu faslda ajib bir sokinlik bor, lekin tin olish yo‘q. Erta-indin daraxtlar oltinu za’faron tusga kiradi. Oyoqostiga xazon to‘shak to‘shaydi. Ammo tabiat uxlamaydi. Ozgina iliqlik kungay qirliklar bag‘rida nimjon maysalar paydo qiladi. G‘alla ekilgan maydonlar yam-yashil libosga burkanadi. Kuzda sepilgan bedayu piyoz urug‘lari allaqachon tomir qadab qad rostlab oladi. O‘tkazilgan dov-daraxt ko‘chatlari ham qish tushmayoq tuproq bilan tillashib bo‘ladi. Shudgorlangan dalalarda tuproq kuch to‘plashga kirishadi. Ko‘z oldingdan shunday manzaralar o‘tar ekan, kuzni aslo fasllar oxiri, ma’yus mavsum deb ta’riflashga til bormaydi.
...Elektropoezd darichasiga termulib O‘zbekistonning kichik bir bo‘lagini tomosha qilib borgan bola, uyga yetgach charchoqdan uyquga bosh qo‘ydi. Va tez orada ajoyib tush ko‘rdi. Tushida u taqir-tuqur elektropoezd vagonida emas, oq-oppoq paxtalar og‘ushida uchib borayotganmish. Daraxtlar qiyg‘os gullagan, chor-atrof bahor chamanidek chechaklar bilan bezanganmish. Shunda u paxtazor va chamanzor orasida turgan Bahoroy va Kuz Boboni ko‘rib qoldi. Bilishicha, dadasi va onasining erkasi, jajji singlisi Xurshidadek Bahor Kuzning yolg‘iz, suyukli qizalog‘i emish...
Ahmadali SHERNAZAROV
"Hurriyat" gazetasidan olindi.