Xalq baxshisining so‘nggi kunlari haqida yangi xotiralar
O‘tgan XX asrda ham biri-biridan ulkan salohiyatli xalq oqinlari ijod maydonida paydo bo‘lib, o‘zlaridan bizga katta meros qoldirdilar. Qo‘rg‘on folklor maktabining zabardast, alp vakili Ergash Jumanbulbul o‘g‘li shunday oqinlarimizdan biridir. Ergash shoir zamonamizning buyuk dostonchisi, mohir san’atkori, xalq orasida «Bulbul» nomi bilan mashhur badihago‘y ijodkor edi. Bu ulug‘ xalq shoiridan bizga to‘qqizta an’anaviy, ikkita zamonaviy doston, bir dostonning mazmuni, juda ko‘p termalar, ikki fotosurat, xalq baxshilari va dostonchilik san’ati haqida aytgan ajoyib fikrlari yodgorlik bo‘lib qoldi. Ergash otaning o‘zi to‘g‘risida aytib qoldirgan mana bu baytlarida aslo lof, mubolag‘a yo‘q, balki ayni haqiqatdir:
Men chechanman, o‘zim so‘zning ustasi,
Mendan qolgan katta shoir nusxasi.
Yetti pushtim bari shoirga katta,
Ularning so‘zining yo‘qdir qisqasi...
Shoirning aytganicha bor. Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi uch asrdan ko‘proq vaqt mobaynida suyak surib kelyapti. Yodgor baxshi, Jumanbulbul, Tillo kampir, Sulton momolarning avlodlari hozir ham oqinlikni davom ettirib kelyaptilar. Tomirida baxshi bobolari qoni jo‘sh urib, she’rlar yozayotgan Komil Sindorov aytganidek, Qo‘rg‘on zaminida «Hatto qizg‘aldoqning biyron tili bor, Qo‘rg‘onning bir emas, ko‘p bulbuli bor». Ularning orasida, ayniqsa, Ergash Jumanbulbul, Po‘lkan shoir, Rahmatullo Yusuf o‘g‘li alohida ajralib turadi. Ularning do‘mbiralaridan taralgan taronalar elimiz ma’naviyatini obod qilib kelmoqda. Ergash ota XVII asrda o‘tgan Yodgor baxshi sulolasining XX asrdagi zuryodi edi.
Mening otam Sindor — Quvondiq baxshining o‘g‘li bo‘lgan. U kishi o‘z davridagi baxshilar, xalq shoirlari haqida ko‘pgina qimmatli xotiralarni so‘zlab bergan. Shulardan bir-ikkitasini aytib beray. Ma’lumki, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1936 yilning oxirlarida Toshkentga kelgan. Xalq shoirlari bilan bu yerda katta uchrashuvlar uyushtirilgan. Birinchi shunday anjumanda atoqli folklorshunos olim Xodi Zarif ularni bitta-bitta tanishtirishi kerak edi. Boshlab Po‘lkan shoirdan: «Kimsiz, qaerdansiz?» deb so‘ragan. «Men Xatirchidan» degan baxshi. Keyin bulung‘urlik Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, kitoblik Abdulla shoirlar o‘zini tanishtirishgan. Navbat Ergash boboga kelganida, u do‘mbirani qo‘lga olib, kuylay boshlagan:
Rayonim Nurota tog‘lar orasi,
Otim Ergash Jumanbulbul bolasi.
Qaridimmi desam ko‘nglim qolasi,
Tobora oshadi yoshdan havasi...
Zalni olqishlar, guldiros qarsaklar tutib ketgan. Ergash ota ana shunday chechan, badihago‘y baxshi edi.
Ergash bobo 1937 yilning apreligacha Toshkentda yashagan. Xodi Zarif undan «Dali», «Xush keldi», «Ravshan», «Qunduz bilan Yulduz» dostonlarini yozib olgan.
Xodi Zarif Ergash Jumanbulbul o‘g‘lini Toshkent shahri bo‘ylab olib yurib, sayohat qildirgan. Uning «Toshkent ta’rifi» degan mashhur termasi ana shu sayohat taassurotlari asosida yaratilgan. Bugun, mustaqillik davrida Toshkent deyarli qaytadan qurilib, dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylanmoqda. U har kuni bir chiroy ochyapti. Ergash boboning:
Toshkent obodligi haddidan oshgan,
O‘zbekiston Markaziga yarashgan.
Ko‘rmaganlar ko‘rsa, aqli shoshgan,
Xo‘p qidirib, obdon bilgali keldim
degan ajoyib satrlari xuddi bugungi Toshkent haqida aytilganday sado berib turibdi.
Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining Abduxalil degan ukasi bo‘lgan. Afsuski, u o‘smirlik yoshida olamdan o‘tgan. Otamning aytishicha, u bolaligidayoq do‘mbirani sayratib chalgan, nihoyatda baland xushovoz sohibi bo‘lgan ekan. Buning ustiga, uning o‘tkir xotirasi hammani hayratda qoldirgan. Kattalardan butun-butun dostonlarni bir eshitishdayoq yod olib, davralarda emin-erkin kuylagan. Ergash ota «Kunlarim» dostonida eslab aytganiday, u do‘mbirada dostonlarni kuylaganda tinglovchilarni og‘ziga qaratib qo‘ygan. Abduhalil 19 yoshida, tun allamahalda, katta bir davrada «Yakka Ahmad» dostonini kuylayotib, hushdan ketgan. Abduhalil aprel-may oylarida ko‘z ochmay yotib iyun oyida vafot etgan. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li shundan keyin dostonda nodir qobiliyatli ukasining hayotdan yosh ketganligini kuchli dardu nolalar bilan baytlarga soladi.
Otam — Sindor Quvondiq o‘g‘li Ergash ota hayotining so‘nggi kunlariga taalluqli yana ayrim voqealarni aytib bergan edi. Ergash Jumanbulbulni 1937 yilning aprelida Toshkentdan qishlog‘iga kuzatib qo‘ya turib, Xodi Zarif uning qo‘liga 100 varaqdan iborat yirik bir daftarni bergan va poezdga chiqarib qo‘ygan. Ergash ota o‘z vatani — Qo‘rg‘on qishlog‘iga kelib, shu daftarga dostonlar va to‘qigan termalarini yoza boshlagan. Qisqa muddatda daftarni to‘ldirgan. Keyin, 1937 yilning may oyi boshlarida Toshkentga borib, Xodi Zarifga shu daftarni topshirayin deb yo‘lga otlangan. Qo‘rg‘on qishlog‘idan chiqib, yo‘l-yo‘lakay oshnalarinikiga bir-bir kirgan. Jizmon qishlog‘ida bo‘lgan, keyin Payshami qishlog‘iga o‘tgan. Payshami qishlog‘idagi birodarining uyiga Po‘lkan shoir, Islom shoirni ham taklif etgan. Qishloq aholisi o‘rtasida uch shoir doston va termalar aytishgan. Keyin ular Ergash otani Kattaqo‘rg‘onga kuzatib qo‘yishgan.
May oyining ilk yomg‘irli kunlarida choponi yomg‘irda ivib Kattaqo‘rg‘on vokzaliga yetib kelgan. Ammo puli yetishmaganmi, provodnik uni vagondan tushirib qoldirgan. Oqin shu yerda qattiq shamollab kasal bo‘lib qolgan. Daftar vokzalda yo‘qolgan. Tanigan-bilganlar uni Qo‘rg‘onga kuzatib qo‘yishgan. Ammo Ergash ota yo‘lda holsizlanib, Sindor amakisining uyiga bir amallab yetib olgan.
5-6 may kunlari Sindor amaki, uning so‘roviga binoan eshakka mindirib, Qo‘shtamg‘ali qishlog‘idagi kuyovi Turdimnikiga olib borgan. Oqin shu qishloqda bir hafta og‘ir yotib, 1937 yilning 11 may kuni kechasi vafot etgan... Shu qishloq qabristoniga dafn etilgan.
5-6 may kunlari Sindor amaki, uning so‘roviga binoan eshakka mindirib, Qo‘shtamg‘ali qishlog‘idagi kuyovi Turdimnikiga olib borgan. Oqin shu qishloqda bir hafta og‘ir yotib, 1937 yilning 11 may kuni kechasi vafot etgan... Shu qishloq qabristoniga dafn etilgan.
Men, aslida, maktablarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganman. Lekin Ergash Jumanbulbul boboning ijodiga bolalikdan mahliyo bo‘lib keldim. Buyuk oqinga shu tuganmas mehr-e’tiqodim tufayli 70-yillarda bir xayrli ishga qo‘l urdim. Qo‘shrabot, Xatirchi, Payariq, Ishtixon tumanlarida bo‘lib, Qo‘rg‘on, Qo‘shtamg‘ali, Qorakissa, Tepalik, Jo‘sh, Oq machit qishloqlarini bittama-bitta kezib, Qo‘rg‘on dostonchilari yashab o‘tgan davrlardan yodgor bo‘lib qolgan osori atiqalarni — kiyim-kechak, do‘mbira, qo‘lyozmalar, tangalar, shuningdek, plakatlar, suratlarni to‘pladim. Ularning orasida Ergash otaga taalluqli buyumlar — shoirning do‘mbirasi, qalamdoni, Buxoro madrasalarida o‘qigan davrdagi sandiqchasi, choponi, ko‘rpa-yostiqlari, kiygan kalishi, o‘zi yasagan sandal, ov miltig‘i, qo‘l tegirmoni (yarg‘ichog‘i) ham bor edi. Shunday qilib, uyimning bitta xonasini Ergash Jumanbulbul o‘g‘li uy-muzeyi sifatida bezatdim.
Nihoyat, 1978 yilda Ergash boboning 110 yilligi nishonlanadigan bo‘ldi. Shu munosabat bilan Qo‘rg‘onda uy-muzey uchun joy ajratildi. Katta muzey binosi qurildi. Bisotimni u yerga ko‘chirdim. Atrofida turli mevali daraxtlar olib kelib, bog‘ ko‘kartirdim. Shoirning Qo‘shtamg‘ali qishlog‘idagi hoki ko‘chirib keltirildi. Bog‘da shoirning haykali qad rostladi. Ko‘p yillar shu muzeyda ishladim. Yana qancha qo‘shimcha osori-atiqalarni to‘pladim. Ularning soni 3 mingtadan oshib ketdi. Muzey-yirik tarixiy xazinaga aylandi. Hozirgi kunda yoshim 70 dan oshganligi sababli, muzeyni va uning atrofidagi bog‘ nazoratini kelinim Saodat Sindorovaga ishonib topshirdim. Muzeyga keluvchilar yil sayin ko‘paymoqda.
2008 yilda Ergash Jumanbulbul tavallud topganiga 140 yil to‘ladi. Shoir asarlari vatanimiz, xalqimiz ardog‘ida. Uning besh kitobdan iborat «Bulbul taronalari» asarlar majmuasi nashr etildi. Buyuk xalq shoirining nomi va undan qolgan badiiy durdonalar bundan keyin ham millatimizning ma’naviy rivojiga xizmat qilaveradi. Elimizda Bulbul taronalariga maftunkorlik hech qachon so‘nmaydi.
Oydin SINDOR o‘g‘li
"Hurriyat" gazetasidan olindi.