Ijodning turlari ko‘p. Tarjima ana shu turlar ichida eng dolzarbligi bilan ajralib turadi. “Eng” deb urg‘u berayotganimning sababi shundaki, tarjimasiz biron-bir madaniyat o‘z-o‘zidan taraqqiy topmagan va topmaydi ham.
O‘zbek adabiyotining eng olis tarixidan to hozirgi kunga dovur yuz bergan taraqqiyotga nazar solsak, bu yana-da yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, Muhammad Rizo Ogahiyni olaylik, uning ijodining yarmidan ko‘prog‘ini tarjimalar tashkil etadi. Ogahiy – buyuk so‘z ustasi. Bu uning, xususan, tarjimalarida yaqqolroq ko‘rinadi. Ammo bugungi yosh avlod uning tarjimalaridan to‘liq bahra oladilar, nozik kinoya va qochirimlarini butun nazokati bilan his etadilar, deb dangal ayta olmaymiz. Sababi ma’lum: Ogahiy o‘zi yashagan davrdagi o‘quvchilari uchun ular yaxshi tushunadigan tilga tarjima qilgan va buni a’lo darajada uddalagan. Shundan kelib chiqib, bugungi kundagi tarjima o‘quvchilarining daraja va qiziqishlarini o‘rganish alohida hushyorlikni talab qiladi. Xo‘sh, zahmatkash tarjimonlarimiz o‘z oldilaridagi bu mas’uliyatli vazifani qanchalik ado etmoqdalar? Keksa avlod tarjimonlari uzatgan qalamlarini olishga yosh avlod tarjimonlari tayyor turishibdimi? “Teskari tarjima”, ya’ni o‘zbek tilidan o‘zga tillarga tarjima qilish ko‘ngildagidek bormoqdami? Albatta, bu va bundan boshqa ko‘plab savollar faqat ezgulikni, yaxshi niyatni ifoda etish uchun berilayotganini barchamiz anglab turibmiz. Jahonda mamlakatlar ko‘p, adabiyotlar ko‘p. Shunga yarasha ularning durdona asarlari ham bo‘lishi, tabiiy. Ana shunday durdona asarlarni o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etishda sevimli jurnalimiz “Jahon adabiyoti”ning xizmati tahsinga sazovor.
O‘tgan yili nasr ruknida qator romanlar tarjimasi beriladi. Turkmaniston yozuvchisi Otajon Tog‘onning “Begona” (tarjimonlar – M. Ahmad va M.Safarov), polyak yozuvchisi Boleslav Prusning “Fir’avn” (tarjimon – A. Komil), ingliz yozuvchisi Xaggardning “Kleopatra” (tarjimon – A.Fayzullo va M.Mahmudov), rus yozuvchisi Viktor Astafevning “G‘amgin sarguzasht” (tarjimon – J.Fozil), Yovdat Ilyosovning “Olachipor ajal” (tarjimon – Sh.Mansurov), amerikalik yozuvchi Irving Stounning “Hayotga tashnalik” (tarjimon – R. Jabborov, M.Norova), italyan yozuvchisi Gustav Emerning “Sohib changal” (tarjimon – E.Nosirov), gretsiyalik yozuvchi Yannis Marisning “Nafaqadagi xususiy izquvar” (tarjimon – Q.Mirmuhammedov) romanlari o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Bir yilda hammasi bo‘lib 8 (!) ta roman o‘zbek tiliga o‘girilgan. “She’riyat mintaqalari” rukni ham g‘oyat rang-barangligi bilan diqqatni tortadi. Ko‘plab she’riy asarlar bevosita asliyatdan o‘girilgani kishini quvontirmay qolmaydi. Turk, ozarbayjon, hind, ingliz, nemis, tatar tillaridan qilingan tarjimalarda asliyat tilining jozibasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tarjimonlar safida yosh ijodkorlarning nomlarini ko‘rib, tarjimada sifat o‘zgarishlari ro‘y berayotganiga shohid bo‘lamiz.
Dramaturgiya ruknida V.Shekspirning “Behuda shov-shuv” (tarjimon – M.Ismoiliy) va ozarbayjon dramaturgi Husayn Jovidning “Shayx San’on” (asliyatdan U.Qo‘chqor tarjimasi) asari mahorat bilan o‘girilgan.
Adabiyotshunoslik, Falsafa ruknlarida naqd 52 muallif qalamiga mansub lavha, ocherk va maqolalar turli tillardan tarjima qilingan yoki adabiy munozaralar va suhbatlar tarzida o‘quvchi e’tiboriga havola etilgan. 2012 yilda jurnalda 140 dan ortiq muallif ishtirok etgani bu jurnal eng ommabop nashrga aylanganidan darak beradi.
“Publitsistika” va “Jahon madaniyati va san’ati” ruknlarida ham o‘quvchilarning ong va didiga mos lavha va maqolalar e’lon qilinishi ayni muddao bo‘ldi.
Ammo son va sifat degan mezonlar mavjudligini ham esdan chiqarmaslik kerak. “Jahon adabiyoti” jurnali misolida ko‘plab tarjima asarlarini sanab o‘tdim. Ularning tarjima sifati qanday, deb so‘raydigan bo‘lsangiz, bunga darhol “a’lo” yoki “yaxshi” deb javob berolmagan bo‘lardim. Yoshlarni qo‘yib turaylik, ular hozircha izlanishda, o‘sishda. Ular yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar aksar hollarda tajribasizlik tufayli sodir bo‘ladi, buni kechirsa bo‘ladi. Tahririyatimizga qo‘lyozmalar ko‘plab kelib tushadi. Qoidaga binoan ularning sifatini tezda aniqlab, muallifga “ha” yoki “yo‘q” degan javobni aytishimiz lozim. Goho shunday tarjimonlar uchraydiki, tarjimasini kompyuterdan chiqargandan keyin loaqal ustidan birrov ko‘z yugurtirmagan bo‘ladi. Shu o‘rinda atoqli adib Mirzakalon Ismoiliyning bir ishlari g‘oyat ibratli, deb o‘ylayman. O‘zlarining aytishlaricha, Lev Tolstoyning “Tirilish” romanini ancha yosh paytlarida tarjima qilib, chop ettirgan ekanlar. Yoshlari ulg‘ayganda haligi tarjimani bashqatdan o‘qib ko‘ribdilar va o‘zlaridan qattiq uyalib ketibdilar. Baribir, tajribasizlik o‘z ishini qilgan ekan-da. Shundan keyin bu romanni takroran tarjima qilib, xijolatdan qutilgan ekanlar.
Tarjima matnni soyama-soya ko‘chirib chiqish emasligini yoshu keksa, barcha tarjimonlar yaxshi bilishlari kerak. Tarjima halol ijod qilishni, halol ter to‘kishni yoqtiradi, talab etadi. Shoir Tohir Qahhor aytganidek, tarjimonda ham yozuvchilikdan, ham shoirlikdan ozgina ulush bo‘lishi shart, aks holda, undan yaxshi tarjimon chiqmaydi. Endilikda adabiyotimizning eng mo‘‘tabar, oqsoqol darajasiga yetishgan olim va tarjimoni Ibrohim G‘ofurovni kamoli ehtirom ila barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatgim keladi. Kuni-kecha afsonaviy Jeyms Joysning “Ulissning sarguzashtlari”ni o‘zbek tilida biyron-biyron qilib sayratgan edilar, bugunda esa Fyodor Dostoevskiyning “Iblislar” romanini afsonadan haqiqatga do‘narib turibdilar. Men bu yerda Dostoevskiyning dahosiyu tarjimonning jasorati haqida gapirmoqchi emasman, hamma gap shundaki, Ibrohim G‘ofurov shunday og‘ir, murakkab va yirik asarning biron-bir satri yoki kalimasiga “xiyonat” qilmay, o‘zbek tilida ularning aynan muqobilini topolganlar. Tarjimalari ravon o‘qilishining o‘ziyoq hammasini ro‘y-rost aytib turibdi – tarjimon o‘z ishiga ham, asliyatga ham halol yondashgan.
Bunga qarshi o‘laroq, o‘zini chinakam tarjimon chog‘lagan, ammo tarjimalari hatto havaskor tarjimonchalik bo‘lmagan “ijodkor”lar, afsuski, tez-tez uchrab turadi...
Respublikamizda G‘arb va Sharq tillarini o‘rganish ommaviy tus olgan, desak yanglishmaymiz. Biron-bir chet tilini bilish zamon talabiga aylanib bormoqda. Tarjimalarning turi ko‘pligini hamma biladi: so‘zma-so‘z (taglama) tarjima, badiiy tarjima, sinxron tarjima va h.k. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, har qanday adabiyot taraqqiyotini tarjimasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Matbuotda tagiga “falon tildan falonchi tarjimasi” deb imzo chekilgan tarjima uning egasi ko‘ziga cho‘g‘day ko‘rinishi tayin. Ammo sifati-chi? Xuddi o‘sha “sifat” degan narsa keyinchalik yosh va yoshi kattaroq tarjimonlarga pand bermoqda. Asliyat tilini puxta egallash boshqa, undan ona tilida foydalanish boshqa. Ona tilini barcha fazilatlari bilan yaxshi bilmagan odam har qancha urinmasin, yaxshi tarjimon bo‘lishi qiyin. Ona tilini o‘rganing va yaxshi tarjimon bo‘ling! Tilagimiz – shu.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.