OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Internet adabiyoti (2013)

Yigirma birinchi asr so‘nggida insoniyatga taqdim etilgan hayratlanarli vosita – Internet madaniyatimizga, san’atimiz va adabiyotimizga qay darajada kuchli ta’sir qila oladi, u ta’sir yaxshimi-yomonmi, degan bahslar anchadan beri davom etib kelmoqda.

Modomiki, gap Internetning adabiyotga va adabiy muhitga ta’siri haqida borar ekan, u holda, mazkur hodisaning tahdidli tomonlari bilan birga, yaxshi tomonlarining ko‘pligi, boshlovchi ijodkorlar uchun ham, professionallar uchun ham o‘ng‘ay vosita ekani haqida gapirishimiz kerak.

Adabiyot internetga ko‘chib o‘ta boshlaganiga bir necha yil bo‘ldi, xolos. Lekin shu holatning o‘ziyoq kelajakda bosma nashrlar va Internet adabiyoti orasidagi chegara yo‘qolib, adabiyot Internetga tamomila ko‘chib o‘tsa, nima bo‘ladi, degan xavotirlarga olib keldi.

Mazmunan qarasak, Internetning adabiyotga ta’siri, bor-yo‘g‘i, ikki omildan iborat. Birinchisi – ko‘p yillardan beri yakkahokimlik qilib kelayotgan qog‘oz va matbaa sanoatining chetga surilishi. Ikkinchisi, adib bilan o‘quvchi orasidagi masofaning (shuningdek, nashriyot va kitob savdosi nomi ostidagi tijoriy vositachining) yo‘qolishi.

Internet adabiyotidagi barcha yangiliklar, asosan, mana shu ikki omil tufaylidir. Ya’ni internet – adabiyot uchun yangi bir mavjudlik hududi, yozuvchini-asarni-o‘quvchini ayni onda bir joyga keltira oladigan yangi makondir. Internetga ko‘chgan adabiyot yangi janrlarni yoki madaniy o‘zgarishlarni paydo qilmaydi, zamonaviy texnologik imkonlar tufayli adabiyot makonini o‘zgartiradi, xolos.

Bizlar ko‘p yillardan beri kitob ortidagi ijodkorni va goho televizor ekranida ko‘rinib turadigan ijodkorni taniymiz. Lekin Internetdagi ijodkor tamomila “boshqa”, imkonlari cheksiz ijodkordir. U asarini o‘zi xohlagan shakl­da, rang va dizaynda, xohlagan bezaklari bilan e’lon qila oladi, izohlar kiritadi, ayni vaqtning o‘zida, tahrir ham qila oladi. Shuningdek, o‘quvchining fikrlariga, ijtimoiy hodisalarga munosabat ham bildiradi, masalan, shu damda nimani o‘ylayotganini ham bildira oladi. O‘quvchi esa muayyan asar yuzasidan istagan vaqtida adib bilan muloqotga kirishishi, mulohazalarini bayon etishi, hatto maxsus das­turlar orqali yuzma-yuz muloqotga ham kirishishi mumkin. Muloqotning rivoji shu tarzda yuz beradi va “faol o‘quvchi”ni paydo qiladi. Buning yaxshi tomonini ko‘ra olishimiz kerak. Aynan shu bois “yo‘qolgan o‘quvchi”ni topish imkoni paydo bo‘ladi. Chunki jamiyatda ro‘y bergan turli ijtimoiy metamorfozalar oqibatida yozuvchi o‘zining o‘quvchisi haqidagi aniq tasavvurini yo‘qotib qo‘ydi. Yozuvchi fenomenining betakrorligi aynan uning iste’dodida, dunyoni “uchinchi” (ya’ni basirat) ko‘zi bilan ko‘ra olishida bo‘lgani holda, ommaviy tijorat adabiyotidan (detektivlardan, ishq-muhabbat qissalaridan va b.) “qochib”, asosan, “o‘zlari uchun”, tor adabiy davra uchun yoza boshladilar. Ba’zan mana shu holat umumiy qoida tusini olib, pop-madaniyat hamda san’atning agressivroq boshqa turlari tomonidan siqib chiqarilayotgan adabiyot umrining tugashi haqidagi taxminlarni ham keltirib chiqarmoqda. Lekin bu yerda gap adabiyotning tamom bo‘lishida emas, o‘quvchidan uzilib qolishida ketmoqda. Chunki yozish jarayonida adib o‘quvchini, mutolaa jarayonida esa o‘quvchi adibni tasavvur qiladi. Muallif bo‘shliqqa xitob qilishi sira mumkin emas. Shu nuqtai nazardan qarasak, adabiyotning Internetga ko‘cha boshlashi yangi hodisalarni, o‘z yozuvchilarini kutayotgan yangidan-yangi o‘quvchilar qatlamlarini ochishi mumkin. To‘g‘ri, o‘quvchilarning asosiy qatlami hozircha Internet bilan uncha tanish emas. Lekin taraqqiyotning bugungi sur’atiga qarab, bir necha yildan keyin Internet xuddi televidenie kabi kundalik extiyojga aylanishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilish qiyin. U holda, hozirgi Internet qo‘llanuvchilarni sirayam “olaquroq olomon” deb atab bo‘lmaydi, ular – ertangi kunning postindustrial jamiyatining ilg‘or qismi, yigirma-o‘ttiz yosh orasidagi bugunning yoshlari ertangi kunning professionallaridir.

Shuningdek, internet yangi, hali notanish mualliflarning paydo bo‘lish makoniga aylanib borayotir. U – o‘z uslubini va so‘zini aytishni endigina o‘rganayotgan yoshlar uchun mashq maydoni, shuningdek, mashaqqatli shu yumushni eplay olmaganlar uchun ham tinchgina, betashvish bir makon hamdir.

Internetdagi asar bosma asardan boshqacha qiyofaga ega. Kitob bir necha oy ichida bosilib, shundan keyingina adabiy mutaxassislarga va o‘quvchilarga yetib boradi. Buning uchun orada katta mablag‘ sarflanadi, u sarfning oxirgi halqasi o‘quvchi yoki tanqidchidir. O‘quvchilar kitob yangiliklaridan xabardor bo‘lishlari uchun muttasil kitob do‘koniga kirib turishlari yoki o‘sha yangiliklardan xabardor qilib turadigan boshqa nashrlarni sotib olishlari zarur. Yetti yuz milliondan oshiq kishini birlashtirgan Facebook yoki Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda kitob reklamasi juda oson ish. Kishi o‘tirgan joyidan jilmasdan u kitob bilan tanishib chiqishi, mutaxassislarning yoki o‘quvchilarning fikrlarini o‘rganishi, munosabat bildirishi mumkin va hokazo.

Yuksak adabiyotga kelsak, bu o‘rinda ahvol boshqacharoq. Faollik nuqtai nazaridan qarasak, Internet o‘quvchilari ko‘proq “ikkinchi darajali” adabiyot ekanini, taqdim qilinayotgan asarlarda diletantlik, takrorlar va taqlidlar ko‘pligini ko‘ramiz. Lekin kimdir qaysidir sahifaga nimadir yozsa, bu hali uni kishilar o‘qiydi va yuksak san’at namunasi sifatida qabul qilinadi, degani emas. Mo‘‘tabar nashrlarning elektron sahifalaridan yoki kutubxonalardan o‘rin olish uchun o‘sha nashr talablari asosida saralash bosqichidan o‘tish lozim. Ya’ni adabiy hayotning asosiy markazlari – jurnallar, tanlovlar va hokazolar Internetga ko‘chishi bilan ularning ahamiyati kamayib qolmaydi, balki ortadi.

Shunday ekan, u holda nashrlarning umri nechuk nihoya topsin?

Internet hozircha kitob va nashr industriyasi bilan jiddiy raqobat qila oladigan kuchga ega emas, aksincha, bosma adabiyotni to‘ldirib, uni targ‘ib qilish vazifasini bajarmoqda. Buni Internetda parallel ravishda mavjud adabiy nashrlarning saytlari misolida ko‘rsa bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining, “Sharq yulduzi” jurnali internet “klon”lari ham rasmiy sahifa ko‘rinishida, ham Facebook ijtimoiy tarmog‘ida muvaffaqiyat bilan faoliyat olib boryapti. “Sharq yulduzi” jurnalining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uch oyda ikki ming kishi a’zo bo‘lgani buning isboti. Turli nashriyot-ijod uylarining Internet-sahifalarida chop etilgan kitoblar haqida ma’lumotlar berib borilmoqda, bular qatorida “O‘zbekiston”, “Sharq”, “G‘afur G‘ulom”, “Cho‘lpon” va xususiy nashriyotlarni sanash mumkin. “Ziyouz.uz” sayti olib borayotgan va o‘zbek adabiyoti targ‘ibu tashviqiga qaratilgan faoliyat haqida ham iliq fikrlar bildirish mumkin va kerak.

Ammo, modomiki, raqobat mavjud degan fikr bor ekan, u holda noshirlik faoliyati va Internet o‘rtasida emas, balki yuksak san’at va turli-tuman virtual o‘yin-kulgilar orasida raqobat bor, deb qarash kerak.

Shu o‘rinda Internet nafaqat o‘quvchiga, balki adibga ham o‘zga qiyofa baxsh etishi haqida to‘xtalmoqchiman.

Bugunning shiddati aro muallifning o‘zi janrga aylanmoqda. Bu – haqiqatan ham g‘alati va favqulodda bir hodisadir. Haddan ortiq ko‘payib ketgan axborotlar aro ma’lum bir avtorni tanlash uchun asar juda original va jozibador bo‘lishi shart. Janr tsenzurasining yo‘qolishi bugungacha ko‘rilmagan boshqa shakllarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Asarda nima haqda gap ketayotgani, falsafami, publitsistikami, poetikami – janri emas, balki aynan adib – uning tafakkuri, tasavvuri, uslubi, hayotni takrorlanmas yo‘sinda badiiyatga aylantira olish qobiliyati birinchi o‘ringa chiqmoqda.

Avtor hatto o‘zini-o‘zi ko‘paytirishi, o‘z elektron jurnalini yoki kutubxonasini ham yaratishi mumkin. Internetdan tashqarida bu ishlarni amalga oshirish mushkul ish. Eng asosiysi, u asarini o‘zi qanday istasa, shunday taqdim qilish imkoniga ega. Istasa, izohlar, suratlar va hatto video bilan. Internetda avtorning butun ijodi bitta katta kitobga aylanadi. Real hayotda ijodni tartibga soladigan ikki omil bor, bu – kitob do‘koni va kutubxona. Internetda esa kitob do‘koni, kutubxona, uy-muzey, fotosuratlar, zamondoshlarning yoki tanqidchilarning taassurotlari, shaxsiy hayot... hammasi qo‘l yetadigan yaqin bir joyda, kompyuter, planshet yoxud (hatto!) qo‘l telefonida turibdi.

Nashriyotning ustun tomoni xalqaro ISVN kod bera olishidadir. ISVN kodi muallifning butun dunyoda mualliflik huquqini himoya qiladigan unsurdir. Faqatgina shu narsa Internetdagi asarlarning rasmiy tus olmasligiga sabab bo‘lib turibdi. Chunki Internetda hozircha shunday imkoniyat yo‘q.

Endilikda asarning keng tarqalishi uchun nashr tizimi birdan bir yo‘l bo‘lmaydi, tabiiyki, adabiyotning ortida turgan va goho “adabiyot – mensiz yashay olmaydi” deb da’vo qiladigan tijoriy munosabatlarni yangilaydi, asarni taqdim qilishning yangi usullarini belgilaydi.

Bu – nashr tizimi tamomila mahv bo‘ladi degani emas, sifatli qog‘ozga bosilgan zalvorli, go‘zal kitob elitar mahsulot bo‘lib qolaveradi va xos kishilarning javonlaridan joy oladi.

Bu tezkor muloqot vositasining ajabtovur mevalaridan hozirdanoq bahramand bo‘lmoqdamiz. Masalan, “ziyouz.uz” saytida 3 mingdan ortiq kitob bor. G‘afur G‘ulomning tanlangan asarlarini, Erkin Vohidovning yoki Abdulla Oripovning ilk to‘plamlarini hozir hech qaysi do‘kondan topa olmaysiz, ammo Internetda bor, marhamat.

Ha, xavotirga ham o‘rin yo‘q emas, chunki Internet – har kim o‘z fikrini aytish huquqiga ega bo‘lgan umumiy demokratik makondir. Lekin kelajakning muloqot texnologiyasi hozircha mana shu. Baribiram, Internet bir tomondan yangi fenomenni hosil qilgani bilan, yozuvchi yoki o‘quvchisiz mavjud bo‘la olmaydi. Shu sababdan ham prezident Islom Karimov: “Modomiki, shunday ekan, endi odamlar, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb faqat nolib o‘tirmasdan, ana shu ta’sirchan zamonaviy axborot vositalari orqali adabiyotimizni keng targ‘ib etish, xususan, Internet imkoniyatlaridan foydalanib, yetuk badiiy asarlarni yoshlarga yetkazish ustida ham jiddiy bosh qotirish zarur, deb o‘ylayman. Bu haqda so‘z borganda, o‘zbek tilidagi Internet adabiyotini shakllantirish, shoir va yozuvchilarimizning o‘z veb-saytlariga ega bo‘lishiga erishish nafaqat adabiy jarayonga, kerak bo‘lsa, butun ma’naviy-ma’rifiy hayotimizga kuchli ta’sir o‘tkazishini sizlar albatta yaxshi tushunasiz. Ayni vaqtda, ana shunday zamonaviy vositalar yordamida mumtoz adabiyotimizni, jumladan, Alisher Navoiy asarlarini xalqimizga yaqinlashtirish, bu noyob merosni haqiqatan ham ma’naviyatimizning hayotbaxsh manbaiga aylantirish barchamiz, avvalo, adabiyot ahlining vazifasi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi”, deganida, shular ham nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Xullaski, tahlillar va kuzatishlar so‘nggida shuni to‘la ishonch bilan ayta olamanki, Internetda bo‘ladimi, boshqa netdami, har qanaqasiga ham, oldi-sotdi munosabatlariga asoslangan tijoriy yozmalar emas, balki betakror, go‘zal hodisa bo‘lmish Inson fikru tafakkuri, qalbining favqulodda go‘zal va takrorlanmas bayoni, insoniyat orzulariyu iztiroblari, millat tilining va ruhiyatining aql bovar qilmas ajoyib go‘zalliklarini aks ettira olgan adabiyot, ya’ni haqiqiy Adabiyot mangu yashayveradi!

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.