Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani nomiga monand go‘zal bir maskandir. Jannatmakon bu kichik vodiyda azal-azaldan tabiatdagi jamiki go‘zalliklar mujassam edi. Alloh yaratib qo‘ygan sof tabiiy go‘zalliklar, boyliklar to‘lib-toshib turadigan Bo‘stonliq ko‘rkiga bora-bora jiddiy putur yetkazila boshlandi. Tabiat kushandalarining xuruji yil sayin kuchayavergach, bunday bevoshlarni tiyib qo‘ymoq va atrof-muhitga yetkazadigan zarar hamda yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldirmoq niyatida bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rildi.
Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi faoliyati kuchaytirildi, bundan salkam o‘n yil muqaddam O‘gam-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i tashkil etildi. 57 ming 600 gektar maydon ajratib berilgan bu tashkilot yil sayin o‘z faoliyatini mustahkamlab bormoqda. Chunki atrof-muhit muhofazasi borasidagi jiddiy va qaltis vaziyat hammamizdan xuddi shuni talab etmoqda edi. Ayniqsa milliy bog‘ bosh noziri Sobir Yo‘ldoshevning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatayotgani tufayli nozirlardan Tolib Sobirov, Rahimjon Saydahmedov kabilar muhim bu sohaning haqiqiy fidoyilari sifatida boshqalarga o‘rnak bo‘lmoqdalar...
Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, yaxshigina qurollangan brokoner hozirgina otgan o‘ljasi – chiroyli ko‘zlari manguga yumilgan kiyikni nimtalab, tog‘dan tushib kelyapti. Uning yuragi taka-puka, ko‘zlari vaxshiyona, sovuq alanglaydi. Agar qo‘lga tushish xavfi sezilsami, jazodan qutulib ketish uchun u har qanday qilmish, hatto jinoyatdan ham tap tortmaydi. Ammo qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, bu yovuzni qo‘lga olish kerak. Tolib Sobirov shunday qaltis damlarda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, u hamisha sergak va dadil. Bu yigit tabiat kushandasining iziga tushdimi, uni ushlamay qo‘ymaydi. Mana, eng keyingi dalillardan biri. Shu yilning 22 aprel kuni burchimullalik Shoyoqub Shoazizov o‘ziga ishongan holda bir bosh kiyikni ovlab qaytayotgan edi. O‘ziga ishonishining boisi shu ediki, u Chotqol qo‘riqxonasida nozir bo‘lib ishlardi. Tolib Sobirov bu tomonlarga e’tibor berib o‘tirmadi, sira tap tortmasdan uni qo‘lga oldi. Chunki, avvalo, uning vijdon amri, qolaversa, xizmat burchi va nihoyat, oyoqosti qilinayotgan Tabiat nidosi nozirni shunga da’vat etmoqda edi. Qarshilik ko‘rsatishning foydasi yo‘qligiga ko‘zi yetgan Shoazizov 80 ming 520 so‘m jarima va 1320 so‘m jarima-zararni to‘lashga darhol rozi bo‘ldi. Shu qishloqlik yana bir kiyik kushandasi Haydar Imonaliev otgan o‘ljasi uchun jarima to‘lashdan bosh tortdi. Bosh tortib qaerga ham borardi, ish Bo‘stonliq tuman sudiga oshirilgach, 66 ming so‘m jarimani milliy boqqa, to‘qqiz ming to‘qqiz yuz so‘mni esa davlat boji uchun to‘lashi haqida hukm chiqarildi. Milliy bog‘ xodimlari o‘tayotgan yilimizning to‘rt oyi davomida noqonuniy ovchilikdan o‘n bir kishini, daraxt kesgan va dorivor o‘simliklarni payhon etgan o‘ttiz kishini, ko‘rsatmaga xilof holda baliq ovlagan olti kishini, milliy bog‘ maydonlarini ifloslantirgan o‘n kishini va suv zahiralariga zarar yetkazgan o‘n to‘qqiz kishini jazoladilar.
Tabiat himoyachilari ishining murakkab tomonlaridan yana biri shundaki, atrof-muhitni vayron qilayotganlar ko‘p hollarda suvdan quruq chiqib ketish uchun har xil nayranglarni ishga solib ko‘radilar. Shunday paytda odil sudlar yordami kerak bo‘ladi.
- Milliy bog‘ tashkil etilgandan so‘ng 1993 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan bu hududdan yaylov sifatida foydalanish butunlay bekor qilindi. Shunga qaramay, Farg‘ona vodiysining ayrim jamoa xo‘jaliklari milliy bog‘ maydonlariga hamon mol haydamoqdalar. Masalan, 1997 yil Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Qizil Ravot” jamoa xo‘jaligi milliy bog‘ maydonlarida mol boqqanligi uchun Namangan viloyat xo‘jalik sudi orqali 180 ming so‘m jarima to‘ladi. Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi “Rapqon” jamoa xo‘jaligidan ham 1997 yildagi shunday noqonuniy xatti-harakatlari uchun 319 ming 500 so‘m jarima undirildi. Xullas, ona-Tabiatimiz himoyasi yo‘lida xalq sudlarining yordamga kelayotgani ayni muddao bo‘lmoqda. Ayniqsa, Bo‘stonliq va Ohangaron tumanlari xalq sudlarining bu boradagi faoliyatlari tahsinga loyiq bo‘lmoqda. Qonunlarimiz asosida o‘z vaqtida qat’iy choralar ko‘rish orqali ular ham atrof-muhit muhofazasiga munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Tabiatimiz ko‘rkini, boyliklarini qo‘riqlash, unga zarar yetkazuvchi va talon-taroj qiluvchilarga qarshi kurashda Bo‘stonliq tuman tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi nozirlari ham betinim ish olib bormoqdalar. Ular tomonidan 1998 yil va 1999 yilning uch oyi davomida 141 tashkilot tekshirilib, tegishlilarga qonun asosida jarimalar solindi, tovonlar undirildi. Qonunga xilof ish tutgan o‘ttiz olti mansabdor shaxs ham jazodan quruq qolgani yo‘q… Bunday dalilu isbotlarni ko‘plab keltirish mumkin. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: xo‘sh, biz tabiatni nima uchun shu qadar vayron qilyapmiz? Har qanday chora ko‘rilmasin, tabiatimiz, atrof-muhitning tobora nochor ahvolga tushib qashshoqlashayotgani bor haqiqat-ku! Ko‘ra-bila turib jinoyatga, Allohga yoqmaydigan ishlarga nima uchun qo‘l uryapmiz? O‘ldirilgan bir kiyik badaliga yuz ming so‘mga yaqin jarima to‘lagandan ko‘ra, shu mablag‘ni oilangiz ravnaqiga, farzandlaringiz koriga ishlatsangiz bo‘lmasmidi?! Betakror go‘zallikni o‘zida mujassamlashtirgan atrof-muhitga nisbatan bu xildagi yovuzliklarni qay yo‘l bilan butunlay jilovlash mumkin?..
Avvalo, albatta, qattiqqo‘llik lozim. Har bir kimsa qilmishiga yarasha jazosini olmog‘i shart. Ammo joylarda keng tushuntirish, har tomonlama mukammal tarbiyaviy ishlar olib borishga ham astoydil kirishish vaqti yetmadimikin?! Bizningcha, atrof-muhit muhofazasi hususida nafaqat tabiat himoyasi yo‘lida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar, balki aholini bevosita boshqarayotgan fuqarolar yig‘inlari, mahallalar qo‘mitalari faollari, maorif va boshqa soha kishilari ham vijdon amri asosida ish olib bormoqlari darkor. Diniy tashkilotlar bu muhim vazifaga yaqindan ko‘maklashsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Zero, har qanday jinoyat, xiyonat, umuman Allohga yoqmaydigan jamiki yovuzliklar hech qachon jazosiz qolmasligini kattayu kichik baravar bilib olsalar tabiat muhofazasi bobidagi ishlarimiz yanayam yurishib ketishi muqarrar.
BU JOYLAR, BU TOG‘LAR – JONU JAHONIMIZ
Yillar davomida toptalgan, ayovsiz talon-taroj qilingan ona Tabiat qismatiga bundan buyon befarq qarab turolmaymiz. Zero, Vatanimizga o‘zimiz egalik qilayotganimizga o‘n ikki yildan oshyapti. Atrofimizdagi go‘zalliklarning qolgan-qutganlarini ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrashimiz, boy berilganlarining esa o‘rnini to‘ldirishimiz shart. Shunday qilmasak, kelgusi avlod bizdan hech qachon rozi bo‘lolmaydi.
Xuddi shunday olijanob maqsad yo‘lida yurtimizda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i tashkil etildi. Bu dargoh mustaqilligimiz bilan barobar odimlamoqda, oyoqqa mustahkam turib olib, yil sayin chiroy ochib boryapti. Nafaqat Vatanimizda, balki hududi kattaligi jihatidan turdoshlari orasida yagona sanalgan Milliy bog‘ 574,6 ming gektar maydonni egallagan. Bu bog‘ Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlaridagi Qorjontov, Ugom, Pskom, Chotqol tog‘ tizmalari oraliqlariga joylashgan. Uzoq yillar qarovsizlik oqibatida g‘oyat orqaga ketgan G‘arbiy Tyan-Shan bag‘rida, xayriyatki, hanuz Qor qoploni, Menzbir sug‘uri, Oq tirnoqli qo‘ng‘ir ayiq, Turkiston silovsini, o‘n to‘rt xil sut emizuvchilar, o‘n ikki xil sudralib yuruvchilar, yuzdan ortiq qush va o‘n bir xil baliq turlari saqlanib qolgan ekan. Shuningdek, Milliy bog‘ hududida ikki mingdan ziyod o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi dorivorlardir. Agar qo‘shimcha qat’iy choralar ko‘rilmasa tabiatdagi bu durdonalarni ham boy berish xavfi borligini o‘z vaqtida tushungan hukumatimiz rahbarlari 2001 yil maxsus qaror asosida o‘rmon xo‘jaliklari hamda Chotqol qo‘riqxonasi singari o‘z holicha ishlayotgan tashkilotlarni Milliy bog‘ boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazdi. O‘z navbatida unumli mehnat uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, ishchi-xodimlarning oylik maoshlari to‘rt baravariga, moddiy-texnik baza yaratish uchun sarflanadigan mablag‘ olti barobariga oshirildi. Toshkent viloyati hokimligi yordami orqali B-170 markali buldozerlar, MTZ-82 traktorlari, UAZ markali avtoulovlar va boshqa texnik asbob-anjomlar sotib olindi. Milliy bog‘ jamoasi haqiqiy fidoyilar hisobiga qayta tashkil etildi. Shunday qilib, ular shiddat bilan ishga kirishdilar...
Astoydil olib borilgan harakat qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Birobarin, 2000 yilga qadar 232 gektar o‘rmon yaratilgan bo‘lsa, 2002 yilning o‘zidayoq 284,2 gektar maydonda yashil boylik o‘stiriladigan bo‘ldi. 2003 yil oxirigacha 300 gektar o‘rmon tashkil etish uchun kurashilmoqda. Keyingi ikki yil davomida 13 ming 560 gektardagi yosh o‘rmonlarga ishlov berilib, 14,6 gektar maydonga alohida archa ko‘chatlari o‘tqazildi. Milliy bog‘ ko‘chat o‘stiruvchilari ikki million donadan ortiq nihol yetishtirdilar. Xalqimiz salomatligini tiklashga o‘z hissalarini qo‘shayotgan bunyodkorlar 87 tonna dorivor ham tayyorladilar.
Milliy bog‘ning baland tog‘lar orasidagi tayanch nuqtasi bo‘lmish Qorong‘i To‘qay sari jo‘nadik. Dastlabki kun Pskom qishlog‘iga yetib olishni rejalashtirgan edik. Ma’lumki, Chorvoq dengizi sohillarida yuz metrli oraliq masofa har qanday qurilishlardan mutlaqo xoli bo‘lishi shart. Bu qarorni suiste’mol qilgan “Polyot” qo‘shma korxonasi rahbari dengizga taqab xususiy oromgoh qurib olgan ekan. Bo‘stonliq tuman hokimligi rahbarligida oromgoh vagonlari maxsus maydonchali avtoulovlarga yuklanib, Milliy bog‘ ixtiyoriga jo‘natildi. Musaffo dengiz bir “g‘urbat”dan xalos etildi...
Quyosh g‘arbdagi osmono‘par cho‘qqilar ortiga tushib borayotganda Pskom daryosi bo‘ylab jo‘nadik. Biz mo‘ljalga olgan Pskom qishlog‘iga qadar katta-kichik o‘n to‘rt manzilgoh bor ekan. Qorabuloq, Mullalo, Polvonak, Maydontol, Kurdeptur, Ispay, Qo‘shbuloq, Qunch, Tepar, Takayong‘oq, Jovjurak, Urungach, Chakak, Quruqsoy va nihoyat, Pskom. Yo‘llar sultoni bo‘lmish UAZ avtoulovini Abdug‘ani G‘oyibov mohirlik bilan boshqarar, Milliy bog‘ nozirlari boshlig‘i Abdurahmon G‘oyibov esa ratsiya orqali betinim aloqaga chiqib borardi:
- 06, 05 ga javob bering!
- Men – 06 eshitaman!
- Hududingizda tinchlik-osoyishtalikmi?
- Tinchlik, hammasi joyida.
Shu yo‘sinda muttasil yo‘l bosib, tuman markazidan yuz chaqirimcha olisdagi Pskom qishlog‘iga qorong‘u tusha boshlaganda kirib bordik.
Pskom – juda qadimiy qishloq. Uning asl nomi Miskon. Uzoq o‘tmishda bu joylardan ajnabiylar qimmatbaho xazinalarni kavlab olib ketishgan, deyishadi. Milliy bog‘ning Pskomdagi noziri Mullavoy Ne’matov xonadonida tunadik. Azonda qorong‘i to‘qay sari yo‘lga hozirlanar ekanmiz:
- Xo‘ja Abdullo Ansoriy ruhi poklarini ziyoratlab o‘tamiz-da, - deb qoldi xonadon sohibi. – O‘tmishdan qolgan eng qadrli yodgorliklar qatorida ul aziz inson qabrini ham pskomliklar avaylab-asrab kelmoqdalar…
Pskom daryosining shundoqqina o‘ng sohilida ko‘hna qabriston bor ekan. Unga kiraverishda tomi shifer bilan yopilgan mo‘‘jazgina bir uycha. Oddiy toshlardan terib yasalgan yo‘lak uzra borib, kichik ayvonli uyga kiriladi. Xonaning o‘rtasida oq mato yopilgan qabr. Nahotki shu qabr 1006 yil Hirotda tug‘ilgan ulug‘ shoir Abdullo Ansoriy janoblariga tegishli bo‘lsa?! Kitoblarda qayd etilishicha, 1089 yilda vafot etgan bu alloma tog‘lar orasidagi Pskom qishlog‘iga qay yo‘l va qanday sabablar bilan kelib qolgan ekan?!
Bu savollarga aniq javob topilsa, xayrli bir ish bo‘lardi.
Yo‘lning murakkabi endi boshlandi: Oholisoy, Qoraqizsoy, Onao‘lgansoy, Toldiqsoy, Qorabovsoy... Tubi ko‘rinmas vahimali zovlarni kesib o‘tgan qaltis yo‘llar har qanday dovyurak odamning ham etini junjiktiradi. Ammo Milliy bog‘ shunqorlari katta shaharlarning taxtiravon ko‘chalarida ketayotganday xotirjam. Lekin beparvo emas. Tez-tez uchray boshlagan kaklik to‘dalari xushyor yurishni taqozo etmoqda. Chunki kaklik polaponlari yashirinishni xayollariga ham keltirmay, qumloq yo‘l uzra chopqillayveradilar. Obdan charchaganlari holsizlanib yo‘l uzra hatto yotib qolmoqdalar. Shunda Abdug‘ani mashinani to‘xtatib, kaklik bolalarini chekka-chekkaga haydaydi...
- Ko‘pdan buyon bu tomonlarda miltiq otilmagan, shekilli? – dedim men hayratimni yashirolmay, - chet davlatlarning eng zo‘r qo‘riqxonalariga tenglashib borayotganga o‘xshaymiz!
Milliy bog‘ nozirlari boshlig‘i Abdurahmon G‘oyibov rad ohangida bosh chayqadi:
- Ularga tenglashishimiz uchun hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Qani endi, Qizil Kitobga kiritilgan ayiq, silovsin, to‘ng‘iz, kiyik kabi jonivorlar ham mana shu kakliklardek tevarak-atrofimizda bemalol o‘ralashib yursa!
- Ularni haliyam otishadimi?
- Otmasa-da, boshqa ming xil usul bilan ovlaydilar. Burchmullalik Sotil Ismoilov shu yil bahorda yosh ayiqni tuzoqqa ilintirib, so‘yib olib kelayotganda nozirlarimiz Tolibjon Sobirov hamda Abdug‘ani G‘oyibov tomonidan ushlandi. Bu qilmishga birinchi bor qo‘l urgani tufayli bir yarim million so‘m jarima va tovon to‘lab qutuldi. Agar yana takrorlasa, albatta qamoq jazosiga giriftor bo‘ladi. Bundaylar hali-veri insofga kelmaydi. Mana, teparlik Shamshibek Boymirzaev yovvoyi cho‘chqa, burchmullalik O‘ktamboy Mahmudjonov kiyik otganlari uchun 400 ming so‘mdan jarima va tovon to‘ladilar. Chimyonlik To‘lagan Mamitov qop-qop matar tergani evaziga 40 ming, G‘alvasoy hududining Uchterak qishlog‘ida yashovchi Olmagul Abdullaevaga daraxt kesgani uchun 50 ming so‘m jarima solindi. Endi buyoqqa qarang, anavi kaklik bechorada qancha go‘sht bor ekan? Bitta kaklikni noqonuniy ovlagan Zoir Pirmetov 4 ming 535 so‘m jarima, 13 ming 605 so‘m tovonga tushdi! Salkam 20 ming so‘mga qariyb o‘n kilo go‘sht sotib olsa bo‘ladi-ku, axir! Yo‘q, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlariday, ular albatta tabiatga qiron solishlari kerak!
Og‘ir va bosiq tabiatli Abdurahmon jahli qo‘zib, ovozi balandlashib borardi:
- Baliqlarga qiron solayotganlarni aytmaysizmi?! Yashirincha to‘r tashlab, tunda ov qilishadi bu olg‘irlar! Kechasi tekshiruvchilar tekshirishdan qo‘rqadi, deb o‘ylashadi o‘zlaricha. Bu yilning boshidan beri Chorvoq suv ombori bag‘ridan 500 metrdan ziyod to‘rni tortib oldik. Shunday qonunbuzarlardan biri bo‘lmish Baxtiyor Xudoyberganov 5440 so‘m jarima, 32 ming 680 so‘m tovon to‘ladi! Biz ularga qarshi kurashlarimizni hech qachon to‘xtatmaymiz, qachonki qonunbuzarlar tavbalariga tayanmaguncha!..
Shu o‘rinda Milliy bog‘ bosh direktori Abdukarim Abdujamilovning katta bir yig‘indagi keskin gapi yodimga tushdi: “Agar mening o‘g‘limmi, ukammi yoki biron yaqin qarindoshimmi... tabiatga tajovuz qilib qo‘lga tushsa, qonun asosida ayamay jazolayveringlar!.. Odamlarning ongida o‘zgarish bo‘lmasa ko‘zlagan ezgu niyatlarimizga hech qachon erisholmaymiz, odamlarda tabiatga nisbatan ko‘r-ko‘rona munosabat hukm surmoqda. Qani edi, keyingi yillardan biri Tabiatni muhofaza qilish yili, deb atalsa!..
Qorong‘i To‘qayga tushga yaqin yetib bordik. Ugom daryosi bu joyda uch tarmoqqa bo‘linib ketar ekan: Chorolma, Oygayin, Maydontol... Milliy bog‘ning Oygayin bo‘limiga ixcham va chayir gavdali, ko‘zlari chaqnab turuvchi kamgap yigit Begali To‘ychiev bosh-qosh. U to‘qqiz nozir va yigirma besh ishchi-xizmatchi taqdiriga javobgar. Javobgar deyishimizning boisi shundaki, birinchi qor tushgan zahoti oygayinliklar to bahor o‘rtalari, hatto ba’zan bahor oxiriga qadar katta yerdan uzilib qoladilar. Ular bilan faqat vertolyot orqali aloqa bog‘lab turiladi. Shuning uchun ham butun yoz davomida qishga puxta hozirlik ko‘rib borish lozim.
- Bu joylar nega Qorong‘i To‘qay deyiladi?
– Avvallari tevarak-atrof, ayniqsa, anovi Chorolma daryosi sohillari chinakam qop-qorong‘i to‘qayzordan iborat bo‘lgan ekan. Ayiq, silovsin singari jonivorlar shu xilvatlarda ko‘payishib qishlaganlar. Keyinchalik odamlar qo‘llarida bolta, miltiqlar bilan borishib qorong‘i to‘qaylarni yoritib yuborganlar, – javobni qisqa qildi Begali. – Biz shu joylarni tag‘in asliga qaytarmoqchimiz,
– Ha, o‘tmishimiz juda tuturiqsiz va achinarli edi, – uning gapini davom ettirdi nozirlar boshlig‘i. – Qarorlar qog‘ozlarda qolar, yuqoridagilarning qonunga zid har qanday injiqliklarini bajarishga majbur edik. Buning natijasida shundoqqina ko‘z o‘ngimizda G‘arbiy Tyan-Shanning betakror tabiati inqirozga yuz tutib borardi. Xudoga shukr, davlatimiz mustaqil bo‘lib, hamma narsa ijobiy tomonga o‘zgardi. Mana, butun umri davomida Burchmulla o‘rmon xo‘jaligida ishlab kelgan Abdulhamid ota Ahmedov, qirq yildan ziyod hayotini tabiat muhofazasiga sarflagan Aleksandr Davidovich Mox, yigirma yildan buyon daryolar holatini kuzatib yuruvchi gidrometereolog Xolmurod Norjigitovlar aytishsin, avvalgi ahvol bilan hozirgi sharoit orasidagi farqni...
– Bizlar shahardagi eng hashamatli binolarda ham yashay olmaymiz, baribir, tog‘larga intilaveramiz, – deydi qorato‘ri, o‘ktam ovozli, istarasi issiq Xolmurod o‘ta his-hayajon bilan.
Cho‘qqilarning bir-biridan go‘zalligini qarang: har qaysisi har xil. Anovi kunbotardagisi Oqbelas. Uning bag‘rida bironta daraxt yo o‘simlik o‘smaydi: nuqul silliqqina oq qoyalar. U to‘rt faslda ham sira o‘zgarmaydi, bir xil turaveradi. Tog‘ning naryog‘i Qozog‘iston. Qarama-qarshidagi manovi Teraksoy esa butunlay boshqacha! Bag‘rida jilvalanayotgan buloqlarga qarang! Teraksoy hamisha yashil boylik bilan yasangani-yasangan. Bu joylar, bu tog‘lar bizning jonu jahonimiz! Nozirlar bunaqa tog‘larni bir shiddat bilan piyoda kezib chiqishadi, jon-dildan qo‘riqlashadi. Kerak bo‘lsa kechayu kunduz beto‘xtov yo‘l bosishimiz mumkin. Ana, Tolib Sobirov voqeasini ayting, Abdurahmon aka!
Nozirlar boshlig‘i mayingina jilmaydi. Bir qaltis vaziyat tug‘ilib qolganda ratsiya orqali xabar topgan nozir Tolib Sobirov Qorong‘i To‘qaydan Ispay qishlog‘iga qadar bo‘lgan oltmish chaqirimdan ziyod masofani o‘n ikki soat davomida bosib o‘tib, maxsus topshiriqni a’lo darajada bajargan ekan! Har doim, har qanday sharoitda o‘z o‘rnida hoziru nozir Asomiddin Nizomov, Begmat Ermatov kabi shunqorlarga qancha tasanno aytsa arziydi. Ohangaronlik va parkentlik nozirlarni boshqarayotgan Husniddin Tursunov, Xursand Matkarimovlar ham zimmalaridagi burchlarini vijdonan ado etib, o‘z tasarrufidagi hududlarni har taraflama to‘kis maskanga aylantirmoqdalar. Milliy bog‘ jamoasining maqsadi bitta: qo‘riqlanayotgan hududni nafaqat jahondagi eng yetuk turdoshlari qatoriga ko‘tarish, balki ulardan ham o‘zdirishdir. Olg‘a siljish esa asosan tushayotgan daromadga bog‘liq. 2001 yil Milliy bog‘ jamoasi 25 million ikki yuz yetmish olti ming so‘m foyda olgan bo‘lsa, 2002 yilgi bu boradagi ko‘rsatkich 118 million 950 ming so‘mga yetdi. Bu yil ayniqsa yaxshi natijaga erishish ko‘zda tutilmoqda. Yaqin kelajakda Milliy bog‘ madaniy hordiq chiqaruvchilar va jahon turistlarini o‘z bag‘riga olmoqchi. Shu maqsadda aniq marshrutlarni belgilab olish, piyoda, otda, suvda va avtomashinalarda sayr etish masalalari puxta ishlab chiqilmoqda...
Safarimizning uchinchi kunida Milliy bog‘dan qaytar ekanmiz, yo‘llar sultoni UAZ ham bardosh berolmadi: uzatuv qayishlari birin-ketin uzilib tushdi. Kech kirib borardi.
- Aro yo‘lda qolib ketamiz, shekilli?
Abdurahmon G‘oyibov mutlaqo xotirjam edi. U menga kulimsirab boqdi-da, radiotelefonni qo‘liga oldi:
- Burchmulla, 05 ni eshityapsizmi?
- Eshityapman, o‘rtoq boshliq!
- Mashinamizning uzatuv qayishlari uzildi, yordam kerak!..
Yarim soat o‘tar-o‘tmas azamat yigitlar kerakli ehtiyot qismlarni yetkazib berdilar. Biz yo‘lda davom etar ekanmiz, nozirlar boshlig‘i men sari engashib:
- Radiotelefon juda yaxshi buyum-da! – deb qo‘ydi...
Mening uch kun davomida ko‘rganlarim Vatan ravnaqi yo‘lidagi haqiqiy shiddatli hayot edi. Hammamiz, aniqrog‘i, har birimiz tobora to‘lqinlanib, ayqirib borayotgan ushbu shiddatli oqimga butun borlig‘imiz bilan qo‘shilmog‘imiz, unda baralla quloch yozib olg‘a intilmog‘imiz kerakligini ich-ichimdan chuqur his etdim.
“O‘zbekiston ovozi” gazetasi,
2003 yil 20 sentyabr soni.