Qirq yilga yaqin uzluksiz ishlab, nafaqaga chiqqach, tug‘ilgan qishlog‘imga qaytdim. “Endi istaganimcha ijod qilaman, qolgan umrimni jahon kezib o‘tkazaman,” deb o‘ylab yurardim, bo‘lmadi. Qishloq fuqarolari yig‘ini raisi kelib, “Bizlarga maslahatgo‘y bo‘lib turing,” deb qoldilar. Yo‘q, deya olmadim. Shu bilan ijod ham, sayru sayohatlar ham bir chekkada qolib ketdi. Yil davomida chala qurilishlarni oxiriga yetkazish, qishloqqa ichimlik suv olib kelish, Sidqiy Xondayliqiy majmuasini bunyod etish singari ishlarni yo‘lga qo‘yish uchun nafaqat tuman hokimligi, hatto viloyat hokimligini ham bezovta qildik.
Bir kuni oinai jahonda “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”ni ko‘rib qoldim. Ko‘rsatuvdagi voqea juda ta’sirchan ekan: yosh va go‘zal ayol makriga uchgan ota ikki farzandi hamda kasalvand xotinini xor-zor aylab, tashlab ketadi. Ham dard, ham hijron azobiga dosh bera olmagan ona bolalarini bag‘riga bosgancha, yig‘lay-yig‘lay hayotdan ko‘z yumadi. Bundan xabar topgan “uchar” ota, el ko‘zi uchunmi, xonadoniga ovozi boricha o‘krab kirib keladi. Ammo farzandlari beoqibat otani qabul qilmaydi. Shundan keyingina ko‘zi ochilgan bu yigit noxush xayollar girdobida mashinasini uchirib borayotib, falokatga yo‘liqadi va og‘ir jarohat bilan shifoxonaga tushadi. Undan farzandlar ham, “sevimli” ayoli ham xabar olmaydi. Oxirgi daqiqalarda u bolalarini qo‘msaydi, hech bo‘lmasa, ko‘z yumar chog‘imda madad bo‘lar, deb umid qiladi. Shu zumda bolalari xayolan yonida paydo bo‘ladilar. U o‘g‘li bilan qiziga jon-jahd ila intiladi, “Qo‘limdan tortinglar, bolalarim!” deya dodlab yalinadi. Biroq, bolalar undan yuz o‘giradilar...
Bu voqea menga qattiq ta’sir etdi. “Agar shunday holatga tushsam, umr yo‘ldoshim va farzandlarim menga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishar ekan?!” degan dahshatli fikr xayolimdan o‘tdi. Xuddi shu damda farishtalar “omin” deb yuborgan ekanmi...
Shu yilning 12 aprel kuni shirkat xo‘jaligi idorasidagi majlisga borayotib, - mashinani keskin pastlab ketuvchi asfalt yo‘lga burdim. Yo, tavba, “Jiguli” bir zumda shundayin otildiki, qarshimdagi choyxona binosiga urilib ketishdan arang chetlab, torgina asfalt ko‘chadan o‘qdek otilib tushib ketdik. Qayta-qayta tormozni bosaman, qani endi tormoz ishlasa! Mashina ho‘l asfaltda to‘xtovsiz toyib, uchib borayapti! Men juda ehtiyotkor odamman, mashinani har doim texnik ko‘rikdan o‘tkazib, sozlovchilarga ko‘rsatib – tuzattirib yuraman. Ammo ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlariday, texnikaning qaeridadir xom joylari qolgan ekan-da!
Xullas, men falokat sari uchib boryapman. Ikki tomon bir-biriga ulanib ketgan uylardan iborat, abjag‘i chiqqan o‘ydim-chuqur asfaltdan goh sakrab, goh uchib ketayotgan mashinaning tezligi juda tez. Yo, alhazar, ro‘paradagi ko‘prikdan chamasi o‘n chog‘li maktab bolalari o‘tib bormoqda edi! Chapdagi yo‘l o‘rtasida esa traktor turibdi. O‘ylashga fursat qolmadi, ko‘zlarimni chirt yumib, to‘g‘ridagi daraxtzor va uning orqasidagi paxsali uy tomon uchib ketdim! Birinchi kuchli zarba oyoq ostidan urildi. Mashina kattakon toshni ancha joyga surib boribdi. Keyin chap tomondan berilgan zarba meni joyimdan uchirib yubordi. Shu damda mashina chap yonboshi bilan qari tutning yonginasiga... xayriyat, yonginasiga urilib... Kaskadyorlik “faoliyatim” shu joyda poyoniga yetdi. Asta-sekin o‘zimga kela boshladim, qarasam, ikki oyog‘im jonsiz, chap qo‘lim ishlamayapti, peshonam va boshimda g‘urralar, rul chambaragi turtib o‘tgan ko‘krak qafasim sim-sim og‘riyapti.
Men hayotdan umid uzgan edim. Parvardigor har narsaga qodir: xohlasa, jazolaydi, istasa, naqd falokatdan ham asrab qoladi. Xullas, tirikman, bo‘lar ish bo‘ldi. Arang boshimni burib, yon-verimga qaradim. Atrofimizni yoshu keksa odamlar qurshab olishgan. Kimdir mashinaning qisilib qolgan old eshigini ochishga urinmoqda, yana kimdir orqa eshikdan kirib, meni tashqariga olib chiqish harakatida. Darvoqe, orqa o‘rindiqdagi mahalla oqsoqoli deyarli shikastlanmabdi...
- Asad aka, tuzukmisiz, “Tez yordam” chaqiray desak, bironta ham telefon ishlamayapti, - dedi u boshini avaylab ko‘tarar ekan. – Hamidullaning mashinasida hozir sizni kasalxonaga yetkazamiz, bardam bo‘ling!..
Xullas, hamma menga yordamlashishga shoshilyapti. Navbatchi vrach ham yelib-yugurib shikastlangan joylarimni rentgenga tushirdi, singan oyog‘imni darrov gipsladi-da, meni yupatib qo‘ydi: “Bilishimcha, oltmishdan oshgansiz. Xudo xohlasa, uch-to‘rt oylarda bemalol yurib ketasiz”. Xayolimda hanuz bir xil fikrlar charx urmoqda... “Oila a’zolarim nahot hanuzgacha xabar topmadi, bu ahvolim ularga qanday ta’sir qilar ekan, meni parvarishlashga bardoshlari yetarmikan?” Shu zumda ko‘zlarida yosh bilan umr yo‘ldoshim tepamda paydo bo‘ldi!.. Qisqasi, qimirlay olmay yotgan kunlarim – bir-ikki oy davomida kunimga shu mehribon zot – bolalarimning onasi yaradi! Farzandlarim-chi? Oh mening shirin-shakar bolalarim, bunchalar mehribon bo‘lmasangiz!.. Yana bir quvonchli tomoni – qarindosh-urug‘larim, qo‘ni-qo‘shni va hamqishloqlarim tinmay meni yo‘qlab turdilar. Qishloqdagi ming xil ikir-chikirlar tufayli ularni ancha xafa qilgan kunlarim bo‘lgan. Ammo biron kishi menga nisbatan g‘araz saqlamaganiga, mehr-oqibatdan yiroq ketmaganiga mana endi amin bo‘ldim. Ayniqsa, qo‘ni-qo‘shnilarimning o‘zlarini shunchalar yaqin tutishlari, har doimgidan ham samimiyroq bo‘lib qolganlari meni lol qoldirardi. “Qoraqiz”ning donini maydalab iching, tuxum po‘chog‘ini talqonlab yeng, ularni iste’mol qilmasangiz, singan joylaringiz sovuq tushgan kezlarda uzluksiz og‘riydigan bo‘lib qoladi. “Qoraqiz” deganlari qanday o‘simlik ekan?” - deb so‘rasam, “Menda bor edi, hozir olib kelaman, “ deyishadi-da, zumda muhayyo etishadi. Samimiy muomalalar har qanday doridan ham yaxshiroq edi, beqiyos ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etardi menga. Shifokorlar aytganiday, uch-to‘rt oyda emas, ikki oyga yetmasdanoq qo‘ltiqtayoq bilan yura boshladim. Hayotga qaytayapman, shekilli. Yo‘q, meni hayotga qaytarishyapti, atrofimdagi mehribonlarim, qo‘ni-qo‘shnilarim, oddiy hamqishloqlarim hayotga qaytarishyapti! Haqiqiy do‘st ana shular va bu odamlar hamisha hammamizga kerak.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
2002 yil 23 avgustsoni.