Iyun oyining o‘rtalarida shaxsiy yumushlarim bilan “Chilonzor buyum bozori”ga borgandim. Ertalab bozor hovlisini supurayotgan ayollarning gaplari qulog‘imga chalindi. “Bu nima balo, hamma yoqni chigirtka bosib ketibdi”, — deb yerda uyulib turgan o‘lik chigirtkalarni chelakka soldi ulardan biri. Atrofga e’tibor bilan razm solib qarasam, chindan ham juda ko‘p chigirtka yerda yotardi.
Oradan bir necha kun o‘tdi. Uyda televizor tomosha qilayotgandim, derazadan birvarakayiga uchta katta-katta chigirtka uchib kirdi. Ularni bir amallab hovliga chiqarib tashladim. Keyin uyga kirib, ochiq qolgan derazani yaxshilab yopib qo‘ydim. YAna biroz vaqt o‘tgach kimdir derazani ketma-ket chertgandek bo‘ldi. Bemahalda kim ekan u, degan xayol bilan borib derazadan tashqariga qaradim. Hech kim ko‘rinmasdi. Birov hazillashgan bo‘lsa kerak, deb televizor qarshisiga endi cho‘kkalamoqchi edim, deraza yana ketma-ket chertildi. Borib tashqariga qaradim. Hovlidagi chigirtka to‘dasi yorug‘likka intilib, o‘zini deraza oynasiga urib, uyga kirmoqchi bo‘lardi.
7 iyul kuni do‘stlarimiz bilan “Bunyodkor” va “Nasaf” futbol jamoalarining o‘yinini tomosha qilish uchun “Jar” stadioniga bordik. Uchrashuv qorong‘i tushganidan so‘ng, 20:00da boshlandi. Ahvolni qarang: futbolchilar maydonda o‘yinni, havoda esa chigirtkalar bazmni boshladi. Aytmoqchimanki, ushbu hasharot bu yerga ham yetib kelibdi. Qisqasi o‘sha kuni o‘yingohda son-sanoqsiz chigirtkalar “xirom” ayladi.
* * *
Chigirtka qadim-qadimdan insoniyat uchun katta xavf tug‘dirib kelgan. Hozirda ham ko‘pgina mamlakatlarning ekinzorlariga katta talafot yetkazib, ocharchilik balosini keltirib chiqarayotgan hasharot hisoblanadi. Bu zararkunanda deyarli tabiatning barcha go‘shalarida uchraydi. Ular yopirilgan joylarda chorva mollari va inson iste’mol qilishi uchun yaroqli biron o‘simlik qolmaydi. Shu tufayli qadimda minglab shaharu qishloqlar aholisi ochlikdan qirilib ketgani tarixdan ma’lum. Odamlar chigirtka ofatidan saqlanish maqsadida ko‘chib yashashga majbur bo‘lishgan. Tarixchi Pliniyning yozishicha, miloddan avvalgi 125-yillarda Sahroi Kabirdan uchgan chigirtkalar Tunisda 300 ming kishining qirilib ketishiga sababchi bo‘lgan. Hattoki, ba’zi hududlarda odamlar chigirtkadan bezib, ekin ekmay qo‘yishgan. Jumladan, Mo‘ynoq tumani aholisi 1900-1904 yillarda bu zararkunandadan cho‘chib dehqonchilik qilishmagan. YAna bir e’tiborli tomoni, odamlarni ochlikka duchor qiluvchi bu hasharotlar miloddan 3000 yil avval yaratilgan qadimgi Misrning devoriy suratlarida va papurislarida ham tasvirlangan.
Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda chigirtkaning 20 mingdan ortiq turi bo‘lib, shulardan 50 taga yaqini xavfli hisoblanadi. Chunki bu turlar yoppasiga ko‘payib millionlab hasharotlar yig‘ilgan to‘dalarni hosil qiladi. Bunday to‘dalar qisqa muddatda katta-katta maydonlardagi o‘simliklarni yo‘q qilishi mumkin. Ularning yalpi ko‘payish hududlari deyarli barcha qit’alarda mavjud. Lekin ular asosan, Afrika, Osiyo davlatlariga jiddiy talafotlar yetkazadi. O‘zbekiston hududida 200 dan ortiq chigirtka turi bor. Ulardan 3 ta turi yoppasiga ko‘payish xususiyatiga ega. Bular osiyo, to‘qay chigirtkasi, italyan yoki voha chigirtkasi va marokash chigirtkalaridir. Bundan tashqari, yakka holda hayot kechiradigan bir qancha chigirtka turlari mavjud bo‘lib, ayrim yillarda ular ham ekin va yaylovlarga sezilarli darajada zarar yetkazadi. Osiyo chigirtkasining tabiiy rivojlanish maskanlaridan eng yirigi Amudaryoning quyi oqimi va Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan. Chunki bu zararkunanda sersuv va odam qadami yetmaydigan joylarda tez ko‘payadi. Bunday sharoitda ularni nazorat qilib turish ancha qiyin. Shu sababli osiyo chigirtkasi vaqti-vaqti bilan millionlab hasharotlar yig‘indisidan iborat to‘dalar hosil qilib, qisqa vaqt ichida minglab gektar ekinzorlarning kulini ko‘kka sovuradi. Marokash chigirtkasi ham bu borada undan qolishmaydi. U tog‘ oldi hududlarida yashashga moslashgan bo‘lib, respublikamizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida keng tarqalgan.
Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlashimiz kerakki, chigirtkaning katta zarar yetkazish sabablaridan biri, ularning qisqa vaqtda keng maydonga tarqalib, uzoq masofaga ucha olishidir. Masalan, osiyo chigirtkasi soatiga 50 kilometr tezlikda 1000-1200 kilometr masofani bir kun ichida bosib o‘tishi aniqlangan. Ayrim manbalarda 1924 yilda cho‘l chigirtkasi Erondan Xorazm vohasiga uchib kelib, tez orada bu yerdagi ekinlarni yeb bitirgani haqida yozilgan. Ma’lumot o‘rnida shuni ham aytib o‘tish mumkinki, ushbu hasharot o‘simliklarni tanlamay yeyaveradi. Shuningdek, ularning anchagina xo‘raligi ham aniqlangan. Bitta chigirtka o‘z og‘irligiga nisbatan 100 barobardan ortiq o‘simlikni yeb bitirishi mumkin.
Mutaxassis munosabati
Darhaqiqat, chigirtka nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda global ofat, muammo hisoblanadi. Ushbu zararkunandadan qutulish, uni yo‘qotish doimo dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu sababli unga qarshi kurashish, bu hasharotdan himoyalanish borasida mutaxassislar izlanishlar olib borishmoqda. Chigirtka yopirilgan hududlarda tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. YUqorida ta’kidlaganimizdek, bugun Toshkent viloyati va shahrida chigirtkalar paydo bo‘lgani ham rost. Shu bois, o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan, qolaversa, poytaxtimiz va uning atrofidagi tumanlarda mazkur zararkunandaning ko‘payish omillarini bilish maqsadida O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi bashorat bo‘limi boshlig‘i Odiljon Isoqovga murojaat qildik.
— 2005-2009 yillarda ushbu jonzotning eng xavfli turi bo‘lgan marokash chigirtkasining respublikamiz va qo‘shni davlatlarda yoppasiga ko‘paygani va tarqalganini aytib o‘tmoqchiman. Qolaversa, joriy yilda ob-havoning salqin va seryog‘in kelgani ham ularning erta rivojlanishi, katta maydonlarga tarqalishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarimizning chegaradosh maydonlarida chigirtkaga qarshi kurashish ishlari hamjihatlikda olib borilmadi. Oqibatda ushbu hasharotning yurtimizda ko‘payishi kuzatildi. Masalan, Turkmanistonning Lebon viloyatidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga, Tojikistondan Jizzax hududiga va Qozog‘istonning Sariyog‘och tumanidan Toshkent viloyati hamda shahriga zararli chigirtka to‘dalari yoppasiga uchib keldi. Shuningdek, iyun oyining oxirida va iyul oyining boshlarida shimoldan janubga esgan kuchli shamol tufayli hamda Qozog‘iston dalalarida bug‘doy o‘rimining boshlanishi, adirlardagi o‘t-o‘lanlarning qovjirashi sababli chigirtka to‘dalari poytaxtimizgacha uchib o‘tdi.
— Ularning yopirilishi odamlarni xavotirga solmasdan qo‘ymadi, albatta. Demoqchimizki, ayrim yurtdoshlarimiz mazkur zararkunandaning shu alfozda ko‘payib borishi qishloq xo‘jalik ekinlarini yeb bitirishidan tashqari turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ham gapirishmoqda. Bu haqiqatga qanchalik yaqin?
— Birinchi navbatda shuni aytib o‘tish kerakki, bosh kentimizga uchib kelgan chigirtkalar qishloq xo‘jalik ekinlariga, daraxtlarga zarar yetkazmaydi. Insonlar va hayvonlar uchun xavfli kasalliklar tarqatmaydi. Ammo shahar aholisi uchun ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Aytaylik, yosh bolalarda qo‘rquv paydo bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, chigirtkalar tuproqqa qo‘ygan tuxum holida qishlab chiqadi va yilida bir marta avlod berib rivojlanadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar ob-havo sharoitiga bog‘liq holda 25-40 kun ichida 5 yoshni o‘tab qanot chiqaradi. Ushbu zararkunandalarning bir yoshi bir necha kunga teng. Keyin esa tabiiy ravishda nobud bo‘ladi. Hozir Toshkent shahrida paydo bo‘lgan chigirtkalar aynan urug‘ qo‘yib, keyin o‘ladigan yoshda. YA’ni umrining oxirgi yillarini yashamoqda. Shuning uchun xavotirlanishga asos yo‘q.
— Ushbu zararkunandalarni kamaytirish va yo‘qotish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Bugungi kunda zararli chigirtkalarga qarshi kurash kimyoviy holda olib borilmoqda. Bu usul nafaqat respublikamizda, balki dunyo miqyosida ham maqbul hisoblanadi. Uning muhim afzalligi shundaki, bunda chigirtka tarqalgan hududlarda xavfni tez va samarali bartaraf etish mumkin. Kimyoviy preparatlardan foydalanilganda zararkunandaning kamida 85-90 foizi yo‘q qilinadi. Shu o‘rinda ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: kimyoviy preparatlardan foydalanish odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasmikin? Ayniqsa, aholi yashaydigan hududlarda? Albatta, bu inson uchun zararli. Shu sababli kimyoviy preparatlardan faqat kechqurun foydalanayapmiz. Ayni paytda poytaxtimizdagi Xasti Imom, Mustaqillik maydoni va boshqa istirohat bog‘larida bu ishlar amalga oshirildi. Ayrim joylarda esa hanuzgacha davom etmoqda.
Qolaversa, qo‘shni davlatlar bilan ham hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu jonzotning to‘dalarini bartaraf etish uchun ko‘plab milliy va xalqaro tashkilotlar jalb qilingan. Jumladan, BMTning oziq-ovqat dasturida chigirtkaga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi maxsus bo‘lim faoliyat olib bormoqda.
— Suhbatimiz davomida poytaxtimiz hududiga uchib kelgan chigirtka tuxum qo‘yish vaqtida, deb aytib o‘tdingiz. Shunday ekan, agar zararkunanda shahrimizga urug‘ qo‘yadigan bo‘lsa, keyingi mavsumda ular bir necha marta ko‘payib ketmaydimi?
— To‘g‘ri, hasharotning shahrimiz hududida tuxum qo‘yish xavfi yuqori. Lekin u tuproq joylarda — uvatlarda, kanallar va zovur bo‘ylarida tez ko‘payadi va tarqaladi. Shaharlarda esa ko‘p joylar asfalt va beton qilingan. Bu o‘z navbatida chigirtkalarga in qo‘yishga to‘sqinlik qiladi. YAna bir narsa borki, ularning tuxumdan chiqish davri uzoq bo‘lib, may oyidan boshlab to oktabr oyigacha rivojlanishi mumkin. Shu sababli bunday makonlar doim kuzatuv ostida bo‘lib, bir necha marta takroriy dorilash ishlarini o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
— Qishloq xo‘jalik ekinlariga bu hasharot qanday zarar keltirayapti va zararkunandalarga qarshi qanday choralar ko‘rilayapti?
— Shu kunga qadar respublikamizning viloyat va tumanlarida jami 600 ming gektardan ziyod maydon zararli hasharotlarga qarshi dorilandi. Shundan 280 ming gektardan ortiqrog‘i Qashqadaryo viloyati hududiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Surxondaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi maydonlarga ham zararli hasharotga qarshi kimyoviy dorilar qo‘llanildi. Ofatga qarshi jiddiy choralar ko‘rilishi uchun joylarda zarur sa’y-harakatlar amalga oshirilayapti.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).