Olimlar, turli boshqaruv va nazorat organlari, jamoatchilik — hamma mas’uliyatni o‘zidan soqit qilib, “o‘ldirsang o‘ldir, qornimga tepma” qabilida ish tutar ekan, millat o‘zini anglab olguncha, tarixiy merosimizning kattagina qismidan ajrab qolamiz.
Oradan yetti-sakkiz yillar o‘tdi. Men bugun yana Jizzax yaqinidagi Sizmoyil ota – Chizmali qoyatosh suratlari manzilidaman. O‘quvchilik yillarimda bu yerdagi qadimgi suratlarni havaskorlik bilan o‘rganib, nimalarnidir qoralab qo‘ygandim. Safarga chiqishdan oldin o‘sha Yozuvlarni bir ko‘zdan kechirdim: qadimgi davr behzodlari chizgan durdona asarlar galereyasini yana bir tomosha qilish ishtiyoqi qalbimni chulg‘ab oldi. Afsuski, toshdan toshga sakrab, soydan soyga o‘tib yodgorlikni aylanar ekanman, o‘sha ishtiyoq ham, Chizmalining boy tarixiy manba ekaniga ishonch ham o‘z-o‘zidan susaya bordi. Ming yillar osha tabiat sinovidan o‘tib, qor-yomg‘iru shamollarga dosh berib kelayotgan tosh yodgorliklar bugun salbiy ekologik holat oqibatida yemirilmoqda yoki odamlar qo‘li bilan yo‘qotilyapti. Darvoqe, bizgacha yetib kelgan toshchizmalarning o‘zi ham balki o‘ndan biridir, balki yuzdan biri...
Tosh oynadan aks etgan o‘tmish
Tasviriy san’at bundan 30-40 ming yillar ilgari paydo bo‘lgan, deyiladi ilmiy adabiyotlarda. Tabiiy bo‘yoq bilan chizilgan suratlar o‘chib ketish ehtimoli yuqori bo‘lgani uchun kunimizgacha kam yetib kelgan. Tasviriy san’atning sal keyingi davrlariga tegishli bo‘lgan toshga o‘yib ishlangan rasmlar — petrogliflar esa nisbatan keng tarqalgan va bugunga qadar yaxshi saqlangan. Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston hududida 150 ga yaqin shunday tarixiy yodgorliklar qayd etilgan. Lekin, afsuski, ularning aksar qismi hamon o‘z tadqiqotchilarini kutib yotibdi.
Olimlar petrogliflarni o‘rgana boshlagandan beri qadimgi odamlarni toshga o‘yib rasm ishlashga nima majbur etdi degan savol ustida bosh qotirib keladilar. Aksar mutaxassislar buni diniy ishonch — totemizm, chorvachilik va ovchilik bilan bog‘liq afsungarlik, sehr-jodu tufayli deb izohlashadi. Bundan tashqari, Yozuvlarning ilk ko‘rinishi, bolalarga ta’lim berish, odamlarning hayotdan olgan zavqlari va boshqa shu kabi fikrlarni qoyatosh suratlarining chizilishiga sabab qilib ko‘rsatadigan olimlar ham bor. Hatto petrogliflarni tarixiy yodgorlik sifatida tan olmaydiganlar ham topiladi. Sababning nima ekanlidan qat’i nazar haqiqat shuki, qadimgi odamlar o‘zlari ko‘rgan-bilgan narsalarini toshlarga muhrlaganlar. Har bir xatti-harakat kishi botinidan so‘zlaganidek, bu ko‘hna tosh kitioblarda ajdodlarimiz hayotidagi o‘zgarishlar, tafakkuridagi olg‘a siljishlar ham o‘z aksini topgan. Shu ma’noda qoyatosh suratlari bizga o‘sha davrlar haqida boy ma’lumotlar beradi. Masalan, eramizdan oldingi davrga tegishli petrogliflar ichida qo‘y rasmlari deyarli uchramaydi. Antik yunon tarixchisi Strabonning “Jo‘g‘rofiya” asarida yozilishicha, massagetlarda qo‘y juda oz edi. Shuning uchun ular qo‘yni qurbonlikka so‘yishmagan. Yilnomachilar yozadilarki, o‘limga mahkum qilingan kishilar qo‘y yoki ot evaziga avf etilishi mumkin bo‘lgan. Yoki olaylik, o‘lkamiz azal-azaldan samoviy otlar vatani o‘laroq dovruq qozongandi. Bu haqda ham qoyatoshlar guvohlik beradi. Eradan avvalgi I mingyillikka tegishli petrogliflar orasida ot rasmlariga keng o‘rin ajratilgan. Qachonlardir bizda sherlar yashaganiga ishonasizmi? Ishonishga to‘g‘ri keladi: chunki qoyatosh suratlari shunday demoqda bizga. Axir, odam o‘zlari ko‘rmagan hayvonlarni bunchalik aniqlik bilan chiza olmaydi-ku! Sarmishsoyda (Navoiy viloyati) yirik mushuksimon yirtqichlar qatori sher tasviri ham bor. Bizonlar eng qadimgi petrogliflarning asosiy mavzusi bo‘lgan. Lekin bugun yurtimizda bunday hayvonlar yashamaydi. Palezoologlarning ma’lumot berishicha, bizonlar qaysi bir sabablarga ko‘ra eradan oldingi I mingyillik arafasida qirilib ketgan ekan. Ularning suyak qoldiqlari shu davrgacha bo‘lgan arxeologik qazilmalardagina topilgan. Chizmali toshtaxtalarida xartumli ikkita hayvon surati bor. Bir qarashda filga o‘xshaydi. Lekin aniq shunday deb hukm chiqarish uchun ba’zi jihatlariga aniqlik kiritilishi lozim. Yana bir surat borki, dinozavrmikin deysan kishi. Biror yil oldin xorij matbuoti Meksikada dinozavr petroglifi topilgani haqida bong urgandi. Ilm-fandagi qat’iy qoliplarga tayanadigan bo‘lsak, bunday xabarlarga ishonib bo‘lmaydi. Chunki dinozavrlar Yer yuzida insoniyatdan ancha avval yashab o‘tgan, deyiladi ilmiy kitoblarda. Qaydam?! Biror to‘xtamga kelish uchun hozircha qo‘limizda ma’lumotlar yetarli emas...
O‘lkamizning o‘tmish hayvonot manzaralarini o‘rganish uchungina emas, xalq urf-odatlarining shakllanishi, falsafiy tafakkurning rivojlanishini tadqiq etishda ham petrogliflarning ahamiyati beqiyos. Slavyan xalqlaridan farqli o‘laroq turkiylarda otning yoli va dumini kaltartirish, turmaklash odati bor. Qoyatoshlardagi ot tasvirlari bu urfning ancha qadimiyligidan darak beradi. Tarixiy manbalarda sak-xamuvarka qabilalari uzun bosh kiyimida yurgani yoziladi. Sarmishsoyning temir davriga oid odamlar rasmlarida ham cho‘qqili qalpoq yaqqol tasvirlangan.
Qirg‘izistondagi Saymalitosh, Qozog‘istondagi Tamg‘ali va yurtimizdagi qoyatosh suratlari manzillarida bir chizma takrorlanib turadi: xuddi quyosh tasvirlangandek, aylanadan 12 ta nur taralib turibdi, 13-nur uzunroq va ayri ko‘rinishida. Ayrim chizmalarda esa ichma-ich ikkita “quyosh” aks ettirilgan. Katta “quyosh”dan 28 ta nur taralib turgan bo‘lsa, ichki “quyosh”da 13 ta nur bor. Mutaxassislar bunday chizmalarni qadimgi kalendarlar deya izohlashgan. Bunday toshchizmalar bilan o‘zbek so‘zanalaridagi naqsh-gullarning o‘xshashligi e’tiborimizni tortdi. So‘zanalardagi turli shakllar astranomiya bilan bog‘liq degan fikrning yana bir tasdig‘i shu emasmi?
Mintaqamizdagi petrogliflarga xos bo‘lgan yuqoridagi chizmaning Shimoliy Amerika qoyatoshlarida ham uchrashi yana bir hayratiga sabab bo‘ladi. Chizmalida ma’nosi tushunuksiz bir suratga duch keldik: ichma-ich besh (yoki olti) ta aylana chizilgan. Tirandozlarning nishon taxtasiga ham o‘xshab ketadi. Internet ma’lumotlarini ko‘rib o‘tirib, aynan shunday shakl Shimoliy Amerika petrogliflari orasida ham borligiga guvoh bo‘ldik... Qoyatosh yodgorliklarida noma’lum ma’noga ega suratlar, chizmalar ozmuncha deysizmi? Barining zamirida o‘ziga xos bir bir sir yotgani aniq. Xullas, petrogliflarni chuqur o‘rganish o‘tmishning ko‘pgina qorong‘u tomonlarini oydinlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Toshlar ham mangu emas
O‘z kechinmalari, o‘y-mushohadalariyu ko‘rgan-bilganlarini toshlarga o‘yib muhrlar ekan, qadimgi odamlar asarlarining toshlarday abadiy qolishiga niyat qilgan bo‘lsa kerak. Ne ajabki, toshlar ham mangu emas. Vaqt shamoli tog‘u toshni ham bilimsiz-bilimsiz yemirib boraveradi.
Chizmali qoyatosh suratlari manzilining markazi — uchqur qoyali cho‘qqi. Tog‘ning boshida toshlar xuddi do‘ppidek bo‘lib turibdi. Uning sharq tomonida qadimiy o‘choq bor. Har bahor odamlar cho‘qqiga chiqib, o‘choqqa chiroq yoqib, olovni tavof qilishadi, niyatlar aytiladi. Xalq orasida Sizmoyil otaning toshiga tegmaslik kerak, agar ularga ziyon yetkazilsa, biror falokat yuz beradi, degan ishonch bor. Yetti-sakkiz yil burun qo‘y boqib yurgan momo bizga Sizmoyil otaning toshiga tegingan birovining og‘ir kasalga chalinib yotib qolgani, axiyri bir ho‘kiz so‘yib qurbonlik qilgach, tuzalib ketgani haqida aytib bergandi... Gap manzilning ilohiy yoki ilohiy emasligi borasida ketmayapti. Muhimi, xalq orasidagi mana shu ishonch Chizmali durdonalarini asrlar osha odamzod tajovuzidan saqlab kelmoqda. Bugunga kelib esa, faqat cho‘qqiga teginilmay, yon-atrofdagi toshlarni qo‘porish odatiy tusga kirib qolgan. Ular qurilish ashyosi sifatida ishlatilmoqda. Shu tariqa uch-to‘rt mingyillik tariximizdan doston so‘zlovchi yodgorliklar kimlarningdir uyiga poydevor bo‘lib ketyapti. Bu holat birgina Chizmali manzili uchun xos emas.
Keyingi yillarda mamlakatimizning shaharu qishloqlarida bunyodkorlik ishlari avj olayotgani bor gap. Qurilishni esa toshsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois tog‘lardan tosh qazib olishga ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. To‘g‘ri, ba’zi qishloqlarda tosh qazib sotish kun kechirishning asosiy manbai bo‘lib qolgan. Aslida, petrogliflar chizilgan qoyalar tabiat ta’sirida biroz mo‘rt bo‘lib qolgan, poydevor uchun tuproq ostidan kovlab olingan toshchalik sifatli xomashyo bo‘lolmaydi. Lekin ayrim dunyobexabar, biroz yalqov yurtdoshlarimiz yer tagidan tosh qazib olish mehnatiga chidamay, tayyor qoyalarni qo‘porishni afzal bilishadi. Oqibatda, boy tarixiy merosimizga putur yetadi. Takror aytish lozim, bunday ayanchi ahvolni aksar qoyatosh yodgorliklarida kuzatish mumkin. Ba’zi “o‘zini bilgan madaniy kishilar”ning qilig‘i o‘lganning ustiga tepganday bo‘ladi. Ming-ming yillik suratlar ustiga nomlarini yozib, chiroyli rasmlarni qo‘porib olib ketishadi. Uch-to‘rt yil ilgari Sarmishsoydagi ana shunday ahvol haqida matbuotda chiqishlar bo‘lgandi. Faqatgina ilmga ma’lum bo‘lgan petroglif manzillarining o‘zi 150 ga yaqin bo‘lsa, qaysi olim qaysi yodgorlikni boshiga borib qo‘riqlab o‘tirsin?! O‘zi, qoyatosh suratlari bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar respublikada barmoq bilan sanarli darajada kam.
Nahotki, petrogliflar tariximiz, madaniyatimiz yodgorligi deb hisoblanmasa, muhofaza qilinmasa?! Tarixiy yodgorliklari biznikidan ko‘ra oz va qimmati ham unchalik yuqori bo‘lmagan xalqlar ularni asarab-avaylab, tadqiq qilib, “Insoniyat bizdan tarqalgan, dunyo sivilizatsiyasiga biz asos solganmiz” kabi da’volar bilan chiqadi. Internet tarmog‘iga joylab, jahonga ko‘z-ko‘z qiladi. Bizda esa bunday tarixiy yodgorliklarning kattagina qismi hali fanga ham ma’lum emas. Chizmali atrofida yashaydigan qishloqlar aholisinig, hech bo‘lmasa, 50-60 foizi ularga yaqin joyda qadimiy qoyatosh suratlari borligi, o‘zlari topinadigan Sizmoyil ota ziyoratgohining tarixi ham uzoq-uzoqlarga borib taqalishidan xabardor ekaniga ishonging kelmaydi. Xalqimiz uchun petrogliflar faqat kitoblarda uchraydigan kamyob narsaday bo‘lib tuyuladi. Biroq atrofga qarang: bunday tarixiy yodgorliklarimiz serob. Balki qishlog‘ingiz yaqinidagi tog‘larda ham boy qoyatosh suratlari manzili jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib, yo‘qolib ketishga mahkum bo‘lib yotgandir?!
Bizningcha, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘z hududidagi tarixiy yodgorliklarni saqlash mas’uliyati yuklatilishi lozim. Olimlar, turli boshqaruv va nazorat organlari, jamoatchilik — hamma mas’uliyatni o‘zidan soqit qilib, “o‘ldirsang o‘ldir, qornimga tepma” qabilida ish tutar ekan, millat o‘zini anglab olguncha, tarixiy merosimizning kattagina qismidan ajrab qolamiz. So‘ngra bizda shunday nodir yodgorliklar “bor” deb emas, “bor edi” deb yozishimizga to‘g‘ri keladi. Sobiq Ittifoq davrida yo‘qotilgan yoki tashib ketilgan qanchadan qancha noyob osori atiqalar, kitoblarga bugun aza ochamiz. Kechagi kun haqida nadomat chekib gapirayotganimizda, hech o‘ylab ko‘ramizmi, bugun ham shundoq ko‘z o‘ngimizda tarixiy yodgorliklarimizga putur yetib, o‘z qimmatini yo‘qotib bormoqda. O‘tgan ishga salovat, deganlaridek, afsus-nadomatni yig‘ishtirib, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishga, qolgan tarixiy merosimizni asrab qolishga qachon o‘rganamiz?!
...Bu diyorning har bir zarra tuprog‘i, har bir parcha toshi buyuk madaniyat va boy tarixdan darak beradi. Ularni asrab-avaylashimiz va o‘rganishimiz darkor.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).