OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Haydarov. Taqdirni buyuklikka ulagan zot (2006)

Sobiq sovet armiyasida xizmat qilganimda, qo‘shni qismdagi bir tungon yigiti menga shunday degan edi:— Sen ham musulmonsan, to‘g‘rimi? Mana, sen serjant bo‘lding. Men bundan juda xursandman. Musulmonlar hamma joyda yaxshi jihatlari bilan o‘rnak bo‘lishlari kerak! Bizning ajdodlarimiz har sohada ilg‘or, harbiylarimiz yuksak jangovarlik qobiliyatiga ega bo‘lishgan. Sen bularni hech qachon unutma! O‘zing ularga munosib ekanligingni amalda isbotlashing kerak!  Qanday yordam kerak bo‘lsa, men tayyorman...

O‘sha paytlarda deyarli notanish tungon (dungan) millatidagi serjantning dabdurustdan aytgan bu so‘zlari menga anchagina g‘alati tuyulgandi. Chunki o‘rus komandirlarimizning astoydil uqtirishlaricha, biz uchun buyuklik timsollari butunlay boshqa narsalarda namoyon edi: ya’ni “shonli” Sovet armiyasining qudrati va KPSSning buyuk yetakchilik salohiyatida!
Tungon yigiti  bilan bo‘lgan o‘sha suhbatdan so‘ng, uning gaplari mag‘zini chaqish fursati men uchun salkam 20 yildan keyin yetib keldi. Mana, nihoyat, qo‘limda Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining “Turkiston qayg‘usi” kitobi turibdi.
Kitobni o‘qib, shunday tasavvurlarga ega bo‘ldim: shu dunyoda, kunchiqar tomonda bir yurt bor. Uni ajdodlarimiz Sharqiy Turkiston deb ataganlar. Hozir esa ulug‘ Chin tarkibidagi bu yurt Shinjon Uyg‘ur avtonom o‘lkasi deb nomlanadi. Bu yurtda sarhadlari to‘ppa-to‘g‘ri osmonga tutashib ketgan ulug‘ Yulduz yaylovi bor. Uning tarovati, ta’rifiga til va qalam ojiz. Bu maskan ajdodlarimiz ishtirokidagi juda ulug‘ tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan. Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari salkam ikki asrlik mo‘g‘ul istibdodiga xuddi shu joyga kelib barham berganlar.
Sharqiy Turkiston bizning tariximizda qanday o‘rin tutadi?
Taniqli yozuvchi Abduqahhor Ibrohimovning “Vatan tuyg‘usi” kitobida yozilishicha, Sohibqiron Amir Temur bobomiz Sharqiy Turkistonni yovlardan ozod etib, G‘arbiy Turkiston bilan birlashtirgan. Keyinroq yana yovlar bosqiniga uchragan Sharqiy Turkistonni 1822-1842 yillarda hukmronlik qilgan Qo‘qon xoni Muhammad Alixon ibn Umarxon o‘ttiz ming kishilik lashkar bilan borib, manjur bosqinchilari asoratidan qutqaradi. Shu g‘alabasi evaziga Muhammad Alixon “g‘oziy” unvoniga musharraf bo‘lgan. Umuman, Turkiston tarixida bunday unvonni olgan hukmdorlar barmoq bilan sanarlidir. O‘z davrida Vatan tuprog‘ini bosqinchilardan tozalashda favqulodda xizmatlar ko‘rsatgan Mahmud G‘aznaviy, Amir Temur, Sulton Husayn (Boyqaro) va Muhammad Alixon ibn Umarxonlar yuksak “g‘oziy” unvoniga sazovor bo‘lishgan.
Xullas, Sharqiy Turkiston — ajdodlarimiz yurti yoki Fitrat domla aytganidek, “turklikning muqaddas o‘choqlaridan” biridir. Afsuski, bu ota yurt haqida juda oz narsa bilamiz. Deyarli eslamaymiz ham. Bizning havasli nigohlarimiz hozir G‘arbga qadalgan, g‘arbona (aslida ko‘p jihatdan “g‘aribona” desa ham bo‘ladi!) hayot ko‘zlarimizni qamashtirib turibdi.
Buyuk millatdoshimiz Alixonto‘ra Sog‘uniy ham Sharqiy Turkiston, umuman millatimiz tarixida katta iz qoldirgan zotlardan biridir.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning deyarli butun umri ta’qib ostida o‘tgan. Chor ma’muriyatining yerli aholini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqanligi uchun podsho maxfiy politsiyasi ta’qibida bo‘ldi. 1916 yil qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirilgach, siyosiy muhojir bo‘lib Qashqar (Xitoy)ga ketdi. Keyin Sharqiy Turkiston (G‘ulja shahri)ga bordi. Omma orasida hurriyat g‘oyalarini targ‘ib qilganligi sababli 1937 yilda Xitoy ma’murlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan. 1941 yilda adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati e’lon qilinib, Sog‘uniy Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qo‘shin tashabbuskori bo‘ldi va unga qo‘mondon etib tayinlandi. (“O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”. 1-jild.)
Alixonto‘ra Sog‘uniy — buyuk ma’rifatparvar allomalarimizdan. Ahmad Donishning “Navodir-ul-vaqoe”, Darvesh Ali Changiyning “Musiqa risolasi”, shuningdek “Temur tuzuklari” kabi asarlar Sog‘uniy hazratlarining tarjimasi orqali xalqimizga yetib bordi. “Devoni Sog‘uniy” she’riy to‘plami, “Shifo ul-ilal” (“Xastaliklar davosi”), “Asosul islom” (“Islom asoslari”), “Turkiston qayg‘usi” asarlarining ham muallifidir. Ayniqsa, islom olamida katta shuhrat qozongan “Tarixi Muhammadiy” asari orqali Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining nomi mangulik daftariga yozilganligi shubhasiz.
“Bu dunyo kofirlarniki, oxirat — musulmonlarniki”, degan aqidani eshitganim bor edi. Lekin uni noto‘g‘ri anglab, bu dunyodan “etak silkib”, uzlatga chekingan yoshlar ham yo‘q emas. Ammo Alixonto‘ra Sog‘uniyning yozishicha, aslida buning tamoman aksi. Hazrat aytadilarki, “Qur’on hukmicha, iymon-islomni bilib olgandan keyin har bir musulmonga o‘z zamonasi ilmini o‘qib tushunishi va zamonaviy hunarlarni o‘rganishi birinchi zaruratdir”.
Alixonto‘ra Sog‘uniy Sohibqiron Amir Temur nomini nihoyatda ulug‘ hurmat-ehtirom bilan tilga oladi: “... bu jahon qahramoni, islom olamining ulug‘ qo‘mondoni, butkul turk ulusining faxrlanarlik buyuk sultoni, Qur’ondagi “Allohga va uning payg‘ambari Muhammadga va ham o‘zlaringdan bo‘lgan podshohlarga itoat qilinglar”, degan Alloh hukmicha, Turkiston va boshqa bo‘ysungan mamlakatlarga haqiqiy       sha’riy va qonuniy podshoh ekanligi shak-shubhasizdir”.
Yetmish yildan ziyod zo‘raki “e’tiqod”dan so‘ng “Lenin bova”ning misi chiqqach, “dohiy” so‘zidan ham ixlosimiz qaytgandek edi. Alixonto‘ra Sog‘uniy Sohibqiron Amir Temur “ulug‘ dohiy” deb ta’riflaydiki, bunda “dohiy” so‘zi o‘z asl o‘rnida ishlatilganini qalban anglaymiz. Fikrimizni quvvatlash maqsadida, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanida Amir Temurni “dohiy” deb ta’riflaganini ham eslash mumkin. Millatimiz tarixida boshqa hech bir zotga bunday ta’rif berilmagan.
Kitob mutoalasidan so‘ng quyidagi boqiy haqiqatlarga yana bir bor iqror bo‘ldim:
1. Toza qalb bilan Yaratgandan astoydil so‘rasang, niyatlarning albatta ijobat bo‘lishi:
Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari har qanday mushkul sharoitda ham hukmdorlar va “qo‘li uzun” zamona peshvolaridan emas, faqatgina Allohdan madad so‘raganlar. Chunki, “Qur’on so‘zi — Alloh so‘zidur. Allohning aytishicha, “Har bir og‘irlik orqasidan, albatta, yengillik kelgusidir”. Bir gal safar chog‘ida yo‘ldoshi bilan navbatma-navbat dam olishadi. Hamrohiga uyqu g‘olib kelib, qarovsiz qolgan otlarning arqoni bo‘shalib ketadi... Qorong‘u tun, tog‘dagi to‘qayzor ichidan qidiruv behuda ketadi. Shunda, “men o‘z odatimcha duoga kirishib, “Solotan tunajjiyno”ni o‘qish bilan tong ottirdim. Tong otishi bilan nomozimizni o‘qib olgach, yana izlashga kirishdik. Kun ko‘tarilgan chog‘i edi. Chuqur soy bo‘yidagi to‘qay ichidan “Hay, ot buyoqda ekan!” deb yiroqdan qichqirgan yo‘ldoshimning uni eshitildi. Shu bilan bir zumda boshimizdan g‘am tog‘i ko‘tarilib, bu kabi qo‘rqinchlik yerlarda safar xatarlarining qayg‘ulik, qorong‘i tuni qoplagan tutiq ko‘nglimiz bir damda ochildi”.
2. Pok imon sohibining turli balo-qazolardan omonlikda bo‘lishi:
Pok imon sohibi o‘ziga xos salobat va nurli qiyofaga ega bo‘ladi. Safar chog‘ida hibsga olingan Sog‘uniyga askar boshlig‘i shunday deydi: “Siz yaxshi kishi ko‘rinasiz, bizning qoidamiz bo‘yicha gunohkorlarni kechasi uyga qamab, qo‘l-oyoqlariga zanjir solishimiz kerak edi, sizni ko‘rib bunday qilishga botinolmay qoldik. Hukumat buyrug‘i bo‘lgach, biz buni bajarishdan boshqa erkimiz yo‘qdir. Sizlar tinch bo‘lsanglar hech ish yo‘q, biz ham tinch bo‘lamiz”.
Oddiy insonlarning mushkul damlarda “taqdirga tan berish”i, har qancha loyqa va iflosligidan qat’iy nazar, oqimga qo‘shilishi — haqiqat. Ammo Alloh nazar solgan ulug‘ zotlar bundan mustasno. Alixonto‘ra Sog‘uniy bir insonning boshi uchun behad ko‘p bo‘lgan xavf-xatarlardan ustun kelib, millat ravnaqi va ma’naviyatimiz uchun behad ko‘p bo‘lgan xavf-xatarlardan ustun kelib, millat ravnaqi va ma’naviyatimiz uchun shunchalik ulug‘vor, ulkan ishlarni amalga oshirmishdir. Buning uchun kuchli iroda, sabot, e’tiqod hamda chuqur bilimlarga ega bo‘lish kerak. Eron faylasufi Mehrdod Mehrin shunday yozgan: “Hayot yo‘li tor va qorong‘u so‘qmoqdan iborat. Kimki, aql mash’alini yuksak tutib olg‘a yursa, tiriklik musibatlaridan omon qolajak. Ojizlar musibat barobarida nobud o‘lar, kuchlilar yanada kuchga to‘lurlar. Illo, otash paxtani kulga, temirni po‘latga evriltirur”.
Oddiy inson uchun erksizlik “taqdir yozig‘i” sanalsa, ilmli zotlar uchun chandon kuchlik azobdir. Sog‘uniy hazratlari, dushman ta’qibi ostida yo‘li Vatandan ayro tushar ekan, cheksiz iztiroblarini shunday tasvirlaydi: “Rahimsiz, kuchlik dushmanlar changaliga tushishdan qo‘rqib, ulug‘ tog‘larga sig‘ingan yig‘indi bir to‘da mazlum ojizlar qatorida o‘zimning ketayotganimni ko‘rib, qattiq ta’sirlanmish edim. Bir davrlarda butun dunyoni nayzasi uchida o‘ynatgan turk o‘g‘lonlari, bugunki kunda burgutdan qochgan tulkiga o‘xshab qoldilar. Qolar joyini, kirar teshigini topolmaydilar. Burun nega unday ekanmiz? Endi nega bunday bo‘ldik? Mana buning sabablarini tekshirib, aniqlab bilganimizdan keyin, uning chorasiga kirishmog‘imiz kerak”. Va buning chorasi sifatida shunday mulohazalarni keltiradi: “Vatanimizni, dinimizni dushmanlardan saqlash Qur’on hukmicha, hamma musulmonlarga farzdir. Chunki, Xudo Qur’onda: “Dushmanlarga qarshi imkoniyat boricha qurol tayyor qilinglar”, — deydi”. Bobokalonning bu so‘zlari bugungi kunimizda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagandir.
3. Xolis niyatli ilm sohibining hamma joyda va har qanday sharoitda ham el-yurt hurmati, ardog‘iga sazovor bo‘lishi:
Quvg‘in va musofirlikda, deyarli hech qanday mablag‘siz yurgan Alixonto‘ra Sog‘uniy qaerga bormasin, odamlar u zotning ziyoratiga oshiqqan, suhbatlaridan bahramand bo‘lishgan. “Boshimda eski quloqchin, ust-boshim xarob, oyog‘imda ishlamchi etigi, — deb hikoya qiladi muallif, — mening kelganim bularga bayram kunlaridek ko‘rinib, tuqqan-bilganlar uzoq-yaqindan hafta-o‘n kunlab uzilmay kelgali turishdi”. Uzoq yurtdagi bu odamlar tabib Sog‘uniy qo‘lidan bir vaqtlar shifo topgan, uning dil shifosi bo‘lgan diniy suhbatlarini istab kelishgan. Shunday xadis bor: “Kimniki Tangri do‘st tutib qolsa, odamlarning unga hojati tushadigan qilib qo‘yadi”. Inson uchun bundan ziyod martaba bormi dunyoda!
Sog‘uniy... kim u?
Yaratganga beadad shukurlar bo‘lsinkim, istiqlolga erishgan ozod Vatanda osoyishta yashamoqdamiz. Bu kunlarni umr bo‘yi orzu qilgan va o‘z davrida buyuk Istiqlolimizni bashorat qilgan alloma Sog‘uniy boboning bugun ruhlari shod bo‘lsa ajab emas. Shunday dorulomon zamonlar kelishi uchun, millat va din ravnaqi uchun ulkan xizmatlar qilgan Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarini tanimasligimiz — o‘z-o‘zimizni tanimaslik bilan teng.
Do‘stimning hikoyasi:
— Kitob mutoalasidan so‘ng ko‘ngillar tog‘dek o‘sdi. Mana bizning a’molimiz, naqadar ulug‘ligimizning isboti! Ma’naviyatimizning o‘q ildizlaridan biri — Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari! Bir rassomga ul zotning suratlarini chizdirib, xonamga osib qo‘ydim. Eng katta hayratlar ana shundan so‘ng boshlandi. Xonaga kirgan aksariyat odamlar bu nuroniy zotning kimligi bilan qiziqa boshladilar. Ularga Alixonto‘ra Sohuniy hazratlari haqida baholi qudrat ma’lumotlar berdim. Afsuski, ko‘rinishidan binoyidek ba’zi “ziyoli” insonlarning: “Alixonto‘ra?! Kim bo‘lganlar?” degan savollari ko‘p bo‘ldi. Afsus... Ammo katta bir ilmiy jamoa rahbarining: “Bu bobongizning suratimi?” degan so‘rovi ayniqsa, latifasifat hangomaga aylandi. Avvaliga rahbar hazillashyapti, deb o‘yladim. Qarasam, savol jiddiy, mendan javob kutib turibdi. “Bu kishi Alixonto‘ra Sog‘uniy bo‘ladilar”. Shu javobimdan keyin uning: “E, bu nuroniy zot Alixonto‘ra hazratlari bo‘ladilarmi bilaman, ko‘p eshitganman”, degan javobni kutgandim. Qayda deysiz! “Alixonto‘ra... bobongizning ismlarimi?” dedilar yana. Oxiri “ha”, dedim-u, bu javobim o‘zimga ham yoqib ketdi. Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlariga voris bo‘lish — sharaf-ku!
Shuni eslatib o‘tish kerakki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Alixonto‘ra Sog‘uniyning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi o‘rta maktabga, Chilonzor tumanidagi mahallaga, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga uning nomi berildi. Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari Toshkentdagi Shayx Zayniddin bobo qabristonida mangu sokin topgan.
1960-1980 yillar sobiq Qizil saltanatning eng kuch-qudratga to‘lgan davri bo‘lgan edi. Nazarimizda, mustamlakachilarning niyati amalga oshib, qurama “sovet xalqi” tarbiya topgan-u, hamma bir tan bu tuzumni madh etgandek edi. O‘sha davrlarda yurtimizda bu mustabid saltanatga qarshi chiqish fikri u yoqda tursin, Turkiston va islom dini taqdiri haqida qayg‘urgan zotlar yashaganligini ko‘pchilik bilmasdi. Endi ma’lum bo‘lishicha, tomirlarida asl turkiy qoni, pok e’tiqodli, jangovar ajdodlar qoni oqqan Alixonto‘ra Sog‘uniydek zot ham oramizda bo‘lgan ekanlar. Demak, Fitrat domlaning mana bu so‘zlari uchun katta asos bor: “Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Qayg‘urma! Eski davlating, eski saltanating, eski yigitlaring, eski arslonlaring hammasi bor, hech biri yo‘qolmamishdur”.
Baxtiyor HAYDAROV,
jurnalist
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.