Pamflet
Men sizga aytsam, hozir kitob chiqarishdan osonroq ish bo‘lmay qoldi. Cho‘ntak kovlasangiz, bas. Bobokalonlarimizning “Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva”, degan bashoratlari shu borada yuz, ming karra haq bo‘lib chiqdi.
Ha, umr o‘tadi. Faqat kitob qoladi. Chang bosib ketsa ham javonlarda turadi. Kimdir, qachondir qiziqibmi, ermakkami, zerikkanidanmi, uni olib varaqlaydi (mabodo ungacha biror kishi uyni tartibga keltirayotib yoki javondagi kitoblarni kerak-nokerakka ajratayotib, sizning kitobingizni makalaturaga topshirmagan, chiqarib tashlamagan yoki yoqib yubormagan bo‘lsa), sizni eslaydi.
Nimani yozay, deysizmi? Bolaligingiz, talabalik yillaringiz, ish faoliyatingiz, hajmini kattaroq qilmoqchi bo‘lsangiz, turli davrlarda tushgan suratlaringizni qo‘shasiz. Oila a’zolaringiz, el-xeshlar, shajarangiz. Xullas, nimani xohlasangiz, shuni yozaverasiz. Eng muhimi, o‘zingizni istasangiz, butun umri fidokorona ishlagan, haqiqat, adolatni himoya qilgan; cho‘ntakdan boshqasini o‘ylamagan, ko‘zingizni lo‘q qilib oqni qora deb turgan bo‘lsangiz ham, farishtaday begunoh, halol yashagan; manman — kamtarinlik ko‘chasidan o‘tmagan bo‘lsangiz ham, o‘ta xokisor, bir narsa undirmasangiz, hatto salomga alik olmaydigan muttaham bo‘lsangiz ham, haromdan hazar qiladigan tarzida tasvirlaysiz. Katta-katta xayrli ishlarni o‘zingizning nomingiz, faoliyatingiz bilan bog‘lab yuborsangiz ham bo‘laveradi. Istasangiz, ayrim yig‘ilishlarda hamma oqni qoraga yo‘yib turganida siz “Yo‘q, bu oq-ku, o‘rtoqlar! Nima, ko‘zlaringiz ko‘rmi, vijdonlaringiz bormi?” deya hech narsadan qo‘rqmasdan, hayqirib haqiqatni yo‘qlab chiqadigan lavhalarni to‘qib, qo‘shtirasiz. Sizni tanigan-bilgan, ishi tushgan, aslingizdan boxabar kishilar zaharxanda ijirg‘anishlari, ovoz chiqarib so‘kinishlari, surbetligingizga yana bir bor tan berishlari turgan gap. Lekin sizni tanimaydigan kitobxonda zamonamiz qahramoni sifatida taassurot qoldirasiz. Olamdan o‘tib ketganingizdan so‘ng esa kelajak avlod tasavvurida kitobingizdagiday qiyofada qolasiz. Nevara-evaralar: “Mana, bobom yoki bobokalonim qanaqa odam bo‘lganlar”, deb kitobingiz bilan faxrlanib yurishadi. Ulardan bitta-yarimtasi og‘zidan gap yoki qo‘lidan ish keladigan bo‘lsa, obro‘sidan foydalanib yoki el-ulus nomidan yuqori idoralarga xatlar uyushtiraverib nomingizni abadiylashtirishi, ko‘cha-po‘chaga qo‘ydirishi mumkin.
“Qo‘limga ruchka olsam boshimga og‘riq kirib, nafasim qisadi”, deysizmi? To‘g‘ri aytasiz,ba’zi birovlarga bir jumla yozishga da’vat etgandan ko‘ra bir shisha aroq ich yoki bir lagan oshni paqqos tushirib ber, degan ma’qul. Unda biror ijodkorni topib, savdolashib, qo‘liga “xamir uchidan patir”ligiga ishora qilib jinday “qurug‘idan” qistirib, qolganini ish bitgandan so‘ng mazmundorligiga qarab cho‘zishga va’dalashib, o‘zingiz haqingizda kitob yozdiring. O‘zingiz bilasiz, bozor iqtisodi, pulini kim to‘lasa, musiqaga ham o‘sha buyurtma beradi, degan naql yodingizdadir. Demoqchimizki, qalamkash ham siz to‘g‘ringizdagi kitobni o‘zingiz aytganingiz, xohlaganingizday yozadi. “Qurug‘i”dan qarashgan bo‘lsangiz ilhomi jo‘shib, siz aytgandan ham ancha oshirib yuborishi mumkin. Aslo xijolat chekib o‘tirmang, bemalol o‘zingizni donishmandi zamon, salkam avliyoday ko‘rsatib tasvirlayversin. Bosh omon bo‘lsa do‘ppi topiladi deganlariday, cho‘ntak kovlasangiz, yozadigan istagancha tiqilib yotibdi. Nafaqat o‘zingiz haqingizda, xohlasangiz nomingizdan she’riy yoki nasriy kitob tayyorlab beradiganlar ham yo‘q emas. Kelajak avlod shu kitoblaringizga qarab sizni serqirra qobiliyat egasi sifatida biladi.
Oshna-og‘aynilar, tanish-bilishlarni ishga solib biror o‘quv muassasasi yoki kutubxona-putubxonada kitobingizning taqdimot marosimini tashkil ettiring. Ortidan quyuqqina ziyofat uyushtirishning daragini bersangiz, bu tadbirga har holda tushlik qilish, “yuz-yuz otish” ilinjida keladigan uch-to‘rt savdoyiroq ijodkor ham tashrif buyuradi. Imkon bo‘lsa, tadbir oldidan ham kichikroq davra tashkil eting. Yegan og‘iz uyaladi. Ulardan nima ketibdi, sizni allomai zamon, kitobingizni bebaho tarixiy asar sifatida ko‘klarga ko‘tarib maqtashadi. Qarindosh-urug‘lar gullar tutib, siz avvaldan o‘rgatib qo‘ygan savollarni berishsin. Yangi yozganlaringizdan namunalar o‘qib berishingizni so‘rashsin. Qarsak chalib rosa olqishlashsin. Kitobingizni qo‘liga olmagan avom sizning mashhur ijodkor ekanligingizga laqqa ishonadi. Keyin gazetalarga taqdimot to‘g‘risida axborotlar bostiring. Ko‘cha-ko‘yda uchragan tanishlarga “Falonchievlar” kitobingiz juda zo‘r chiqibdi, o‘qib miriqdik, rozi bo‘lsangiz taqdimotini o‘tkazaylik”, deb hol-jonimga qo‘yishmadi. Bir necha bor iltimos qilishgach, rozi bo‘ldim”, deb yuring. “Falonchievlar “Sizning qobiliyatingiz zo‘r, piston vazifaga keling, deb ko‘ndirishga ko‘p urindilar, men rozi bo‘lmadim” deya gap tarqating. O‘sha Falonchievlardan “shu gap rostmi”, deb kim borib so‘rab-surishtirib o‘tiribdi.
Shundan so‘ng odamini topib bir amallab kitobingiz haqida gazetada taqriz chiqartirsangiz yana yaxshi. Qanday qilib, deysizmi? Avval choy-poyga taklif eting, sekingina sovg‘a-salom uyushtiring yoki xoliroq topib “qurug‘i”dan qistiring. Mabodo taqrizchi ishi ko‘pligi, kitobingizni ko‘rmaganligi va o‘qishga vaqti yo‘qligini bahonalab taysallasa, uning ham yo‘li bor. Naqdni nasiya qilmaslik uchun taqrizni o‘zingiz yozib, uning ismi-sharifini qo‘yib qo‘liga tutqazing. Qarabsizki, gazetada kitobingiz haqida taqriz bosilgan. Bitta-yarimta oshna-og‘aynilar ko‘zlari tushib taqriz to‘g‘rida og‘iz ochib qolsalar o‘zingizni xabari yo‘qday, endi eshitayotganday “Ie, shunaqami, qaysi gazetada. Kim yozibdi ekan”, qabilida gap qiling.
Televizorda taqdimot marosimi to‘g‘risida axborot, kitobingiz va “ijodingiz” haqida ko‘rsatuv tashkil ettirsangiz, o‘zingiz bilan uchrashuv uyushtirsangiz ham bo‘laveradi. Cho‘ntak kovlasangiz, xususiy televidenielar xizmatingizga hoziru nozir, tijorat ko‘rsatuvlarining studiyalari muntazir. Pul ketsa ham sizga obro‘ bo‘lib qaytadi.
Haqiqiy shoiru yozuvchilar, har qanday kitobning avra-astarini chiqarishga iqtidori yetadigan zukko munaqqidlar, asli kimligingizni biladiganlarning tanqid qilishlari, po‘stagingizni qoqib, rasvongizni tortishlaridan cho‘chiysizmi? Aslo xavotir olmang. Ular avvalo shunday munofiq yoki no‘noq, ijod ko‘chasiga kirmagan kishi bilan o‘zimni baravar qilib yuramanmi, deb e’tibor berishmaydi. Axir bemaza odam bilan faqat bemaza odamgina barobar bo‘ladi-da. Qolaversa, sayoz kitoblar keti uzilmay chiqib turgan bo‘lsa, kelib-kelib aynan sizning kitobingizga kim ham yopishardi. Haqiqiy, kuchli polvon o‘lsa o‘ladiki, polvonlik ko‘chasidan o‘tmagan odam bilan olishib o‘tirmaydi, o‘ziga tengsitmaganlar bilan gilamga chiqishga or qiladi.
Bordi-yu, kirdikorlaringizdan xabardor yoki haqiqatdan ko‘z yumishga vijdoni yo‘l qo‘ymaydigan bitta-yarimta haqiqatparvar kitobingiz haqida yozganida ham uni biror matbuot organi bosib chiqarmasligidan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin. Men sizga aytsam, qonunda “ma’naviy zarar” degan gap bor. Bordi-yu, “ma’naviy zarar”ning jabrini tortmagan birorta muharrir o‘sha maqolani chop etgan taqdirda ham burd sizniki. Hamma biladiki, mevali daraxtga tosh otadilar! Faqat pulga o‘ta o‘ch, hamma ko‘rib, bilib turgan, kunday ravshan “oq”ning ham oqligiga ko‘zlarini lo‘q qilib dalil-isbot, asosli hujjatlar talab qilib asabga o‘ynaydigan advokat yollaysiz-da, maqolani e’lon qilgan nashrni “Mening qadr-qimmatimga tegdi, xalq orasidagi obro‘yimga putur yetkazdi”, deb raddiya berishini va tovon to‘lashini so‘rab sudga da’vo arizasi bilan murojaat etasiz. Nima farq qilibdi, tovon uchun og‘zingizga siqqan summani yozavering. Sud orqali undirilajak ma’naviy zarar pulni to‘liq advokatingizning o‘ziga berishga va’da qilavering. Ko‘ribsizki, mo‘may daromad daragini eshitgan advokat yeng shimarib maqolani chop etgan tahririyat bilan sudlashishga kirishadi.
Maqola muallifi bir chetda qolib tahririyatdagilar sudma-sud yurishadi. Advokat har bir so‘z, har bir jumlaga isbot, asos talab qilaverib matbuot nashri rahbarlarining tinka-madorini quritib tashlaydi.
Siz qo‘chqorini urishtirayotgan qo‘chqorbozday ularning ayovsiz tortishishlarini kuzatib rosa miriqasiz. Tahririyatdagilarni rosa ovorai-sarson qilganingiz, asabiylashtirganingiz, kayfiyatlarini buzganingiz qoladi. Da’voingiz qanoatlantirilmagan taqdirda ham siz hech narsa yutqizmaysiz.
Kitobning foydasi faqat bu emas. Faraz qilingki, universitetdami, institutdami domlasiz. Ikki-uchta ma’ruzangizni jamlab nari-berisida har nusxasi uchun 500 so‘m sarflab kitob qilasiz. Keyin o‘zingiz ma’ruza o‘qiydigan kurslarga, talabalarga kamida 2 ming so‘mdan pullaysiz. Iloji bo‘lsa, uyingdagilar ham mutolaa qilsa, savodini oshirsa, foydadan xoli emas, hozir bozor iqtisodi, bu kitob qayta nashr qilinmaydi, noyob, kelgusida oila qursang bola-chaqalaring ham foydalanadi, deb ikki nusxasini qo‘shib tutqizasiz.
Qani, olmay ko‘rsin-chi! Oladi! Oldinda sinov, imtihonlar, oraliq nazorat, reyting bali, degan gaplar bor. Bir emas, yuzingizni qattiqroq, qulog‘ingizni kar qilsangiz ko‘proq nusxasini ham sotasiz. Saboqlaringizga ozib-yozib bir ko‘rinish beradigan yoki nuqul imtihonda hoziru nozir talabalar bo‘lsa, yana yaxshi. Ular kitobingizning 10-15 nusxasini ham “lom-lim” demay, hatto sizga yaxshi ko‘rinish ilinjida o‘zlari so‘rab olishadi. Pulni ham ayashmaydi.
Ba’zan zinadan tushayotib, axlat qutisi yonida yirtilgan, g‘ijimlab tashlangan kitobingizga ko‘zingiz tushadi. He, sotib olgandan keyin nima qilsa, uning ishi. Orqavorotdan haqoratlasa ham mayli, qulog‘ingiz eshitmaydi. Eng muhimi, oldingizda og‘ziga talqon solib o‘tirsa, bas. Cho‘ntagingizga kirgani hisob. Har bir kitobingizdan 1,5 ming so‘mdan qolsa, 100 nusxasidan 150 ming, ming nusxasidan 1,5 million qoladi. 2 ming nusxasidan... Hoynahoy, shayton yo‘ldan urib qulog‘ingiz ostida “Har bir nusxasini 2,5 yoki 3 mingdan sotsang-chi”, deb shivirlab qoladi. Beixtiyor shokolad tatinganday shirin tamshanib, cho‘ntagingizga qancha foyda ko‘rishingzni xomcho‘t qilishga kirishasiz.
Eng muhimi, ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi bo‘lmagan boshqa hamkasblaringiz ham “Talabadan bir narsa undirmasa baho qo‘ymaydi”, deb sizni ta’magirlik, poraxo‘rlikda ayblasholmaydi. Pulini olgan bo‘lsangiz, quruqdan quruq emas, kitobingizni sotib oldingiz. Bahosiga hech kim da’vo qilolmaydi. Aniq belgilangan emas. Bozor iqtisodiyoti, kelishilgan narxda pullash sizningu xarid qiladiganning ishi. Qolaversa, sizga ta’na qilmoqchi bo‘lgan, bahona topib tagingizga suv yugurtirish payida yurganlarning o‘zlari ham kitob chiqarib, turli kitoblardan ko‘chirib tayyorlagan ma’ruzalarini chop ettirib pullab yotishibdi. Bu ham yetmaganday ayrim tanish-bilishlari, rahbarlari va oshna-og‘aynilari ham ular orqali kitoblarini talabalar o‘rtasida tarqatishayotib, pul qilishayotgan bo‘lsalar! Tillari qisiq. Qani, bir og‘iz ochib ko‘rishsin. Aytadiganingizni aytasiz. Rasvolarini tortasiz. Aksincha, shu toifa hamkasblaringiz jam bo‘lgan paytlarda “Talabalar ayrim domlalarning kitob sotayotganlaridan shikoyat qilishayapti, bo‘lar-bo‘lmas, saboqlarga mutlaqo aloqasiz, hech vaqoga yaramaydigan kitoblarni tiqishtirish kimga kerak. Bechora talaba arzimas stipendiyasiga bir amallab kun ko‘rsinmi, yo‘lkiraga bersinmi, bo‘lmag‘ur, nokerak kitoblarni sotib olsinmi”, qabilida gap qilib qo‘yasiz. Nomini tilga olmay, jahli chiqqanga solib haqoratlasangiz ham mayli. Quloqlarini kar qilib, go‘yo ularga qarata aytmayotganingizday, aslida ichlaridan zil ketib o‘tirishadi. Buning ustiga sizdan o‘lguday hayiqishadi. Bobokalonlar “Baloning tashqarisida yurguncha, ichida yur”, deb bejiz aytishmagan. Hali-beri nafaqaga chiqmasangiz kitobingizni hech ikkilanmay bir necha ming nusxada bostirib qo‘yganingiz ma’qul. Har yili boshqa kurslarga ma’ruzaga kirganda bemalol pullayverasiz. Ko‘rib turibsiz, narx-navo o‘ssa o‘sayaptiki, pasayayotgani yo‘q. Bultur talabalarga ikki ming so‘mdan pullagan kitobingizni bu yil uch mingdan bemalol sotasiz. Bundan tashqari talabalarga bu kitob falon yil burun nashr etilganligi, noyobligi, topilmasligini, ular foydalansinlar, axtarib ovora-sarson bo‘lib yurmasinlar, deb ataylab olib qo‘yganligingizni takrorlashni kanda qilmaysiz. Ikki-uch mashg‘ulotni shu kitob ta’rifi-yu tavsifiga bag‘ishlasangiz ham bo‘laveradi.
Kitob chiqarishdagi tartib, talab va mezonlar o‘zgaradigan, pulga emas, uning ahamiyati, mazmuni va boshqalarga qay darajada naf keltirishiga qarab yondashiladigan kunlar kelsa, dog‘da qolasiz. Unda yozganlaringiz nashriyotlar tokchalarida changu mog‘or bosib yotaveradi. Imkoniyatni boy berib yubormaslik, afsus-nadomat chekib yurmaslik uchun pulingiz borida hozir kitob chiqaring. Keyin kech bo‘lishi mumkin.
Jahongir ISMOILOV,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan jurnalist