Taniqli adabiyotshunos olim marhum Begali Qosimovning quyida ilk bor e’lon qilinayotgan ushbu maqolasi yosh avlod tarbiyasida Vatan tuyg‘usini shakllantirish masalalaridan bahs etadi.
Yosh avlod tarbiyasida til va adabiyotning roli nechog‘li ekanligi, o‘ylaymanki, izohga muhtoj emas. Insonning ko‘z ochib ko‘rgan uyiga, ota-ona va qardoshlariga mehru muhabbati ona suti bilan kirgani kabi, el-yurtiga munosabati, birinchi navbatda, ona tili va adabiyoti orqali shakllanadi. Bugina emas. Til har bir millatning millat bo‘lmog‘ida birinchi unsurdir. Adabiyot o‘z oti bilan “adab”, ya’ni odobdir, tarbiyadir. Otalarimiz bu masalalarga alohida e’tibor bilan qaraganlar va jamiyat taraqqiyotida lozim mavqe’-martabani berib kelganlar. Til va adabiyotning mavqei millatning mavqei bilan hamisha to‘g‘ri nisbatni tashkil etgan. Millatning qudrati va nufuzi oshsa, u ham oshgan va, aksincha, tushsa, u ham tushgan. Biroq har qanday holda ham Vatan va Millat nomi muqaddas kelgan. Islom madaniyatining, musulmon axloqining tamal toshlaridan bo‘lgan hadisi shariflardan biri “Vatanni sevmak iymondandir” (“hubbul vatani min al iymon”), degan hadis edi.
Adabiyotimiz bosib o‘tgan yo‘lga bir ko‘z tashlaylik. Milodning 732 yilida Yo‘llug‘ Tigin “Kul Tigin” bitigida bitadi: “Turk, o‘g‘uz beklari, ey xalq, eshit! Tepadan osmon bosmagan bo‘lsa, pastda yer yorilmagan bo‘lsa, ey turk xalqi, davlatingni, hukumatingni kim buzdi?!”
Navoiyni eslaylik:
Ayonkim, vatan uzra to joni bor,Kishi harb etar toki imkoni bor, —Ya’ni inson tirik ekan, vatani uchun kurashadi, deb yozgan edi buyuk shoirimiz. Zamonning zarbalari bilan ona yurtini tark etishga majbur bo‘lgan Zahiriddin Boburning butun umri Vatan hasrati bilan o‘tdi.
Sendin bu qadar qoldi yiroq, o‘lmadi Bobur,Ma’zur tut, ey yorki, taqsir qilibdur, —deb yozgan edi u olis Hindistondan. Ya’ni: Sendan shu qadar uzoqda qolib ham Bobur o‘lmadi. Sen uni o‘lmagani, “taqsir qilgani” — xato qilgani uchun kechir, “ma’zur tut”. Holbuki, Bobur o‘shanda kamdan-kam kishiga nasib etadigan shavkatli saltanat egasi edi.
“Vatan, vatan deya jonim tanimdan o‘lsa ravon, Manga na g‘am qolur...”, — deydi XX asr boshidagi o‘zbek ma’rifatparvar adabiyoti vakili Abdulla Avloniy. Uning zamondoshi shoir Tavalloda esa: “Bu vatandandur badan”, degan tashbihni uchratamiz:
“Vatan, mening bor qismatim shu bir so‘zda hal” —
deydi bugungi shoirimiz Abdulla Oripov va “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” degan savol qo‘yadi.
Darhaqiqat, nega Vatanni sevadilar? Nega uni iymon qadar yuksak tutadilar? Nega barcha gunohlarni kechirish mumkin-u, vatanga xiyonatni kechirib bo‘lmaydi? Chunki u ona singari tanhodir, yagonadir. Chunki u biz ko‘z ochib ko‘rgan dunyomizdir. Biz voyaga yetgan ma’vodir. Tog‘-toshidan yer-suvigacha, sabza-giyohidan dov-daraxtigacha umrimizga jon qadar payvand. Chunki u bizning yoshligimiz, biz orttirgan do‘stlar, ilk muhabbatimiz, quvonchlarimiz, tashvishlarimiz, baxtli-baxtsiz onlarimizdir. Bu tuproqda bizni dunyoga keltirgan, aqlu ma’rifatimizni bugungi darajaga olib chiqqan, sha’nu shukuhimizni dunyoga namoyish etgan ota-bobolarimizning xoki poklari yotibdi. Shuning uchun ham uni sajdagoh ataydilar.
Vatanni sevmoq undan shunchaki quvonmoq, g‘ururlanmoq emas. Uni dil-dildan anglamoq, u bilan nafas olmoq, u bilan yashamoqdir. Uni yashnatmoq, obod etmoq, u uchun kurashmoqdir.
Afsuski, XIX asrning 60-yillarida vatan bilan birga vatan muhabbati ham bizdan tortib olingan edi. So‘ng XX asrning yetmish yili davomida bu tuyg‘u poyama-poya sindirib kelindi. Millat, vatan tushunchalari sotsialistik mafkuraga moslab chiqildi. “Biz — sovet xalqimiz”, “SSSR — bizning vatanimiz” degan soxta tushunchalar onglarga singdirildi. Yuriy Dolgorukiydan Zoya Kosmodemyanskayagacha mehr bilan o‘rgandik. Lekin Amir Temurni tanimadik. 1917 yil voqealarini “Yurt qayg‘usi” sifatida kutib olib, xalq dardini dildan his etgan va istiqlol yo‘lida jonlarini fido qilgan otalarimiz “xalq dushmani” sifatida yo‘q qilindilar. Nihoyat, sotsializm yiqilib, u bilan bog‘liq tushunchalar tumanday tarqala boshlagach, hamma narsa yana asliga qaytdi. Bizning Vatanimiz ko‘p ming asrlik tarixga ega bo‘lgan, jahon tsivilizatsiyasining chorrahasida kelgan, o‘nlab ilm-fan dohiylari bilan bashariyat tafakkurini yoritgan, jahongir sarkardalari bilan olam xaritasiga necha bor tub o‘zgartishlar kiritgan tabarruk O‘zbekiston ekanligini bugun dadil aytmoqdamiz.
Xo‘sh, nechun sevaman O‘zbekistonni,Sababini aytgil, desalar menga,Shoirona go‘zal so‘zlardan oldinMen ta’zim qilaman ona xalqimga, —deb yozadi Abdulla Oripov.
Darhaqiqat, millat (xalq) tushunchasi hamisha vatan bilan yonma-yondir, misoli jismu jondir, birini birisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Millatimizning esa, o‘lmay-yitmay, yo‘qolmay-yutilmay asrlar osha barhayot kelishini ta’min etgan, bugun har birimizning tomirimizda qaynoq qon bo‘lib oqib turgan betimsol an’analari bor. 1924 yilda mustamlaka Turkistoni besh bo‘lakka bo‘linib, biri-biriga qayrab qo‘yilganida, o‘lka va uning xalqini yaxshi bilgan olimlardan biri shunday yozgan edi:
“...Ba’zi odamlar tobe turklarning, xususan turkistonliklarning milliy harakati hali juda ibtidoiy bosqichdaligini, ingliz, nemis va rus millatlarining butun yangi davr tarixini ag‘dar-to‘ntar qilgan qudratli milliy shuurlari, milliy madaniyatlarining ulug‘vorligi qarshisida o‘rta osiyoliklarning dovdirab qolishlarini, bir kun o‘z taqdirlarini o‘zgartirish imkoni tug‘ilganida ham undan foydalana olmayajaklarini so‘ylaydilar. Lekin bu millatning shunday qavmiy xususiyatlari bordirki, ularni uyg‘otib, ishga solishga muvaffaq bo‘linsa, yo‘qotgan narsalarini juda qisqa muddatda tiklay oladi.
Minglarcha yillik tariximizda qizil ip bo‘lib o‘tgan milliy xususiyatlarimizdan biri jonlilik va bitmas faollikdir...
Xalqimizning butun tarixiy takomili davomida ko‘zga tashlangan eng ayon xususiyatlaridan biri tarixning biz bilgan davridan buyon askar bo‘lib kelganligi, intizomsevarligi, hayotning eng og‘ir mushkulotiga ham tayyor turishi, mashaqqatlarga uzoq muddat sabrli bo‘la olishidir...
Bu millatning buyuk janglar paytida birdan tug‘yonga kelishi uning istiqlolga muhabbati va dunyo voqealariga chin ko‘ngildan berilishi hamda qiziqishi bilan izohlanadi. Bunday milliy xususiyatlarini xalqimiz juda katta e’tibor bilan yoshlarga singdirib keladi”.
Tariximizning milliy uyg‘onish davri deb atalgan XX asr boshida vatan va millatni anglash, mustaqillik uchun kurashish eng muhim masalalardan bo‘lgan edi. Xususan, “taraqqiychilar” nomi bilan tarixga kirgan fidoyi otalarimiz bu borada katta shijoat ko‘rsatdilar. Zamon aylanib, asrimiz so‘ngida mustaqillikning dolzarb masalalari Yurtboshimiz tomonidan kun tartibiga qo‘yildi. Millatning o‘z-o‘zini anglashiga erishish, yangi davlat, yangi jamiyat qurishda Sharq bilan G‘arbdagi eng yaxshi an’analarni birlashtirishga harakat qilingani bugun nechog‘li samara berayotganiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Bu XX asr boshida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan adiblarimizning eng ezgu orzularidan biri edi. O‘ninchi yillarda tuzilgan va davrning mashhur adiblari, ziyolilarini atrofiga birlashtirgan Munavvarqori jamiyatining nomi “Turon” edi. 1918 yilda mashhur Fitrat Toshkentdagi ko‘zga ko‘ringan iste’dod egalarini to‘plab, o‘z jamiyatiga “Chig‘atoy gurungi” degan nom berdi va bu bilan adabiyotimizning oltin asri sanab kelingan XV asr — Navoiy asriga o‘z ixlos va muhabbatini ifoda etdi. Behbudiy 1914 yilda yozadi: “Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmayturg‘onlarni “qul” — “marquq” derlar”. Bu so‘z Ch.Aytmatov qalamida “manqurt” nomi bilan qayta kashf etilgani hammamizga ma’lum.
Binmo sahari azmi tavofi vatani man,Oh-oh chi vatan qiblagohi, joni taniman.(Sen mening vatanimga erta tongda nazar sol. Hay-hay, qanday vatan bu! U mening qiblagohim, joni tanimdir). Bu Fitratning “Sayha”sidan.
Movarounnahrdir tarixda bizlarga vatan,Arzig‘ay bizlar sanga xizmatta bo‘lsak jonu tan.Bu toshkentlik Tavalloning e’tirofi.
“Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahru mamlakatini shul kishining vatani deyilur”, — deb boshlanar edi Abdulla Avloniyning 1913 yilda chop etgan “Turkiy guliston” kitobidagi “Vatanni suymak” fasli.
Ko‘rinyaptiki, vatan mavzusi ma’rifatparvarlik adabiyotida yetakchi mavzu bo‘lgan. So‘ng adabiyotimizda o‘zlikni anglash, shu jumladan tarix va vatanga millat manfaatidan kelib chiqib yondoshish 60-yillarda bir qadar ko‘zga tashlandiki, buning sabablari vaqtinchalik yuz bergan mashhur “tarixiy iliqlik” bilan izohlanadi. A.Oripovning “O‘zbekiston — Vatanim manim”, E.Vohidovning “O‘zbegim” kabi adabiyotimizda yangi bir bosqich yaratgan she’rlari shu davrda maydonga keldi. Nihoyat, bu mavzuga adabiyotimiz saksoninchi yillar o‘rtasidan boshlab chinakamiga qaytdi va u mustaqillikdan so‘ng davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Bugun biz jahon taraqqiyotidagi o‘z o‘rnimizni, o‘z yo‘limizni topgan mamlakatmiz. Bu yo‘l tabiiyki, insoniyatning aqlu tajribasiga zid emas, balki o‘shandan kelib chiqib tanlangan yo‘ldir, lekin O‘zbekiston yo‘lidir. Mashhur Ismoilbek Gasprali 1885 yilda Yevropa yo‘rgaklab olgan kapitalizmni ham, sotsializmni ham atroflicha tahlil qilib, har ikkisini baravar rad etgan va uchinchi bir yo‘lni tavsiya qilgan edi: “Ovrupo keksa bir choldir, tajribasi ko‘pdir, — deb yozadi u. — Ulug‘ yoshiga hurmatimiz bor. Tajribasini o‘rganamiz, lekin xatolarini takrorlamaymiz. Maktablarini, universitetlarini bizlar ham quramiz. Ammo aqllarimizni qancha yoritsak, yuraklarimizni shuncha “haqqoniyat” bilan to‘ldirmoqqa harakat qilamiz. Ovrupoda nimani ko‘rsak, yosh boladek ko‘tarib yugurmaymiz. Esli-hushli insonlardek: “Bu nimadir?” “Oqibati nima bo‘ladi?” “Vijdon va haqqoniyatga uyg‘unmi?” deya aql tarozusiga tortib olamiz. Ovrupo madaniyati mulohazasiz qabul qilaverish mumkin bo‘lgan bir narsa bo‘lsa edi, bu madaniyatga Ovruponing o‘z vorisi dushman bo‘lmas edi. Yana bir bor takrorlayman: yangi fanlarini, kashfiyotlarini va ijodlarini, foydali xizmatlarini inkor etmayman. Lekin islom olamining islohot va taraqqiyotga ehtiyoji bo‘lgan bir paytda hech bir mulohaza qilib ko‘rmasdan Ovrupoga taqlid etishni aqldan hisoblamayman”.
Prezidentimiz Islom Karimov YuNYeSKO Ijroiya kengashining 149-sessiyasida so‘zlagan nutqida “Ildizlari asrlar qa’riga tutashgan, 3000 yildan ko‘hnaroq” O‘zbekiston tarixiga berilayotgan e’tiborni, o‘zbek xalqining jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirof etilishini mamnuniyat va minnatdorlik bilan qayd etdilar. Ajdodlar merosini avlodlarga yetkazmoq qancha sharafli bo‘lsa, shuncha mas’uliyatli hamdir.
Shu jumladan Vatan muhabbatini ham.
Xo‘sh, uni yosh avlodga yetkazmoq yo‘llari qanday? Avvalo, gumanitar-filologik fakultetlar va o‘quv yurtlarining til-adabiyot dasturlarini tuzishda buni hisobga olmoq kerak bo‘ladi. Nofilologik fakultetlarda, o‘quv yurtlarida, ehtimol, fakultativ darslar, to‘garaklar, uchrashuv-muloqotlar, kitobxonlar konferentsiyasi, Vatan va Millatni tanitishni ko‘zda tutuvchi musobaqa, kontsert kechalari uyushtirish kabi turli-tuman tadbirlar orqali amalga oshirish yaxshi natija berar. Menimcha, bu yerda yagona andoza bo‘lmaydi. Hamma narsani joylardagi mutaxassis va tashkilotchilarning didi, ma’rifati, salohiyati hal qiladi. Muhimi, mavzuning qadri-e’tiborini, muqaddasligini saqlay olishdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 50-sonidan olindi.