OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omonulla Madayev. Ilmiga sodiq ustoz (2009)

O‘zbek folklorshunosligining dastlabki sahifalari o‘tgan asrdagi mustabid tuzum sharoitida xalq qadriyatlarining saqlanib qolishini chin dildan istagan fidoyi ziyolilar tomonidan yozilgan. Tez sur’at bilan rivojlanayotgan yangi ijtimoiy muhit G‘ozi Olim Yunusov, G‘ulom Zafariy, Hodi Zarifov kabi o‘zbek farzandlaridan tanazzulga yuz tuta boshlagan og‘zaki ijod namunalarini zudlik bilan yozib olib, imkon qadar nashr qilishni taqozo etgan.

Hodi Zarifov xalq og‘zaki ijodini o‘rganuvchi fanning paydo bo‘lishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olimlardan biridir. Uning tashabbusi bilan katta avlod qatoriga avval M.Afzalov, M.Alaviya, Z.Husainova, keyinroq esa J.Qobulniyozov, M.Saidov, M.Murodov, K.Imomov, T.Mirzaev kabi mutaxassislar qo‘shildilar. Ular ilm-fan ravnaqi uchun qisqa muddat hisoblangan 40-50 yil mobaynida minglab og‘zaki ijod namunalarini yozib oldilar va ko‘plarini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ldilar.

1972 yili Tbilisida bo‘lib o‘tgan folklorshunoslar anjumanida “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi” turkumida qirq jildga yaqin kitob nashrdan chiqqani alohida e’tirofga sazovor bo‘lgandi. O‘sha paytda sobiq ittifoqdagi bironta xalqda bu qadar katta og‘zaki ijod asarlari nashrdan chiqmagan ekan. Olimlarimiz asosiy e’tiborni doston, ertak, qo‘shiq, maqollarni yozib olish va e’lon qilib xalqqa qaytarishga qaratib, bu borada ilm qilishni keyinroqqa surgan edilar. Bu holatni shundan ham bilsa bo‘ladiki, o‘tgan asrning hatto 60-yillari, folklorshunoslik shakllana boshlagandan qirq yilcha o‘tib ham og‘zaki ijod mutaxassisligi bo‘yicha faqat bitta fan doktori faoliyat ko‘rsatayotgan edi.

Muhammadnodir Saidov doktorlik ilmiy ishini yozgan paytlari respublikada shu soha bo‘yicha fan doktorlari barmoq bilan sanarli edi. U paytlar folklorshunos olimlar o‘z tadqiqotlarida ko‘pincha fan muammolarini emas, muayyan sharoit taqozo etgan masalalarni ko‘tarib chiqishga majbur bo‘lganlar. Ana shunday murakkab vaziyatga qaramay og‘zaki ijod asarlarini o‘rganishga kirishgan yoshlar doston, ertak, qo‘shiq va maqol kabi janrlarning badiiy ijod mahsuli sifatidagi fazilatlarni tadqiq etishga ko‘proq e’tibor berdilar. Bu harakat bevosita Muhammadnodir Saidov faoliyati bilan ham bog‘liq edi. U ustoz Hodi Zarifov rahbarligida xalq dostonlarining janr xususiyatlarini tahlil etishga alohida e’tibor berdi. 1969 yili chop etilgan “O‘zbek dostonchiligida badiiy mahorat” kitobining aksariyat boblari bevosita xalq eposining nazariy muammolari haqidagi kuzatuvlardan iborat. Navro‘z bayrami, xalq eposidagi badiiyat, og‘zaki ijodda milliy mentalitetga mensimay qaralgan bir davrda xalq dostonchiligidagi qator nazariy masalalarni kun tartibiga chiqarish katta jasorat edi. Bu nazariy masalalar o‘z navbatida xalq og‘zaki ijodining xos xususiyatlari, xalq dostonlaridagi nasriy va nazm parchalarining o‘zaro munosabati, matn, musiqa, ovoz, ifoda kabi unsurlar tadqiqi bilan bog‘lanib ketar edi. M.Saidov ayni chog‘da xalq dostonlarining mavzu jihatdan qahramonlik, romantik, jangnoma, kitobiy, tarixiy turlardan iborat ekanini ham aniq dalillar bilan ko‘rsatib berdi.

O‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida ustoz bilan hamkorlik qilar ekanman, Muhammadnodir akaning har bir masalaga chuqur ilmiy o‘lchov bilan yondashishiga guvoh bo‘lganman. 80-yillarning o‘rtalarida Ozarboyjondan filologiya fanlari doktori, professor Mirali Sayidov fakultetimizga taklif qilindi. Mehmon o‘z ma’ruzasida Olmaota yaqinidagi Issiq qo‘rg‘onidan topilgan “tilla odam”, ya’ni jangchining boshdan oyoq tilladan qilingan ramziy ust-boshi haqida fikr yuritdi. O‘n sakkiz yoshli yigitchaning jasadi ana shu tilla sovutga joylashtirilgan ekan. Uning dubulg‘a qismidagi ot, arxar, yo‘lbars, ilon kabi hayvonlar, dubulg‘aning to‘rt tarafidagi o‘qlar, yon qismidagi tog‘lar, daraxt, qush tasvirlari M.Saidov tomonidan juda asosli va ilmiy tarzda shunday tahlil qilib berildiki, Muhammadnodir akada “Alpomish” dostonidagi mifik dunyoqarash ta’siri haqida yangi mulohazalar paydo bo‘ldi. Biz o‘zaro suhbatlarimiz davomida folklorshunosligimizda totem, fetish, animizm masalalari kam o‘rganilganiga e’tibor qarata boshladik. Natijada Toyir Haydarov, Abdumurod Tilavov, Muzaffar Chorshanbiev kabi shogirdlarga mifik dunyoqarash ildizlarining og‘zaki ijoddagi o‘rnini tadqiq etishga bag‘ishlangan mavzular tavsiya etildi.

Muhammadnodir Saidov Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatgan davrda “Tohir va Zuhra”, “Nurali”, “Vomiq va Uzro” kabi ko‘plab dostonlarni nashrga tayyorladi va folklor ekspeditsiyasi ishtirokchisi sifatida ko‘p asarlarning yozib olinishiga erishdi. Bu jarayon Milliy universitet dargohida xalq og‘zaki ijodiga oid nazariy ma’ruzalar, maxsus kurslarni olib borishga yordam berdi. Ayniqsa, talabalarning folklor-dialektologiya ekspeditsiyalari chog‘i amalga oshiradigan amaliy ishlarimizni domla birma-bir ko‘rsatib berar, aholi bilan qanday muomala qilishni o‘rgatar, og‘zaki asarlarni yozib olishda matnga qo‘yiladigan talablarni takror-takror tushuntirar edilar. Bu jarayonning amaliy natijasini Mamatqul Jo‘raev, Abiyr Musaqulov, Jabbor Eshonqul, Shomirza Turdimovdek yoshlarning folklorshunoslikka kirib kelganlarida aniq his etganman.

Muhammadnodir Saidov Madaniyat vazirligining kinematografiya bosh boshqarmasi, Oliy ta’lim vazirligi, jonajon universitetimizda ham samarali faoliyat olib borgan edilar. Bir voqea hech yodimdan ko‘tarilmaydi, 90-yillarda kafedramizga Qo‘qon pedagogika instituti o‘qituvchisi Rahima Saidovaga nomzodlik dissertatsiyasi yoqlanmagani holda dotsent ilmiy unvoni berish haqida maslahat xati keldi. R.Saidovaning adabiyot o‘qitish uslubiyati sohasidagi faoliyatini o‘rganib chiqdik va taklifni qo‘lladik. Ammo universitet ilmiy kengashida bizga e’tirozlar bo‘ldi. Bu e’tiroz asosan nomzodlik dissertatsiyasi yoqlanmagani bilan bog‘liq edi. Xullas, ko‘p sonli ilmiy kengash a’zolari ijobiy qarorga kelishga ikkilanib qolishdi. Shunday bir vaziyatda M.Saidov universitet rektori Sh.Alimovga: “Shu mutaxassisni men kafedramdagi dotsentlik lavozimiga jon deb olar edim”, dedilar. Shu bir og‘iz dadil gap bois kafedra qarorini rektor ikkilanmay qo‘lladi. To‘g‘ri, ko‘p o‘tmay Rahima opa o‘z dissertatsiyasini himoyaga qo‘ydi. Lekin o‘shanda ustozning xolisligi va jur’atiga tasanno deganman.

Sobiq tuzum paytida tasodifiy, telba-teskari hodisalar ham bo‘lib turardi. Muhammadnodir Saidovning doktorlik dissertatsiyasi bilan bog‘liq shunday voqea ro‘y bergan. Domla 1973 yili “O‘zbek xalq dostonlari va dostonchiligida badiiy mahorat masalalari” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan yoqladi. Hujjatlar o‘z vaqtida sobiq markazga jo‘natildi. Ammo oradan uch yilga yaqin muddat o‘tsa ham na ijobiy, na salbiy javob olinmadi. Odatda bunday paytlar himoya qilgan mutaxassis suhbatga chaqirilar edi. Hamkasblar “yumaloq xat borgan, shekilli” deb bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishar edi. Oxiri toqati toq bo‘lgan ustoz dissertatsiya taqdirini aniqlashga qaror qildi. Oradan yana kunlar, oylar o‘tdi va pirovardida muammo yechildi. Ma’lum bo‘lishicha, dissertatsiyani qabul qilib olgan sobiq markazning idora kotibasi o‘rindig‘ini balandroq qilish uchun “ilmiy ish” kitobini stul yopinchig‘i tagiga qo‘yib, mashinka qilishning oson yo‘lini topgan ekan. Yopinchiq ostidagi dissertatsiya topilgunga qadar bechora dissertantning ruhiyatida yuz bergan vaziyat hech kimni tashvishga solmagan... O‘shanda ustozning irodasi va o‘z ilmining puxtaligiga ishonchi naqadar yuksak ekaniga qoyil qolganman. Domla hazil aralash: “Dissertatsiya tamoman bir chetda qolib ketganda yomonroq bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham topilib, tasdiqlandi-ku”, degan edilar tabassum bilan.

Xalqimizning bebaho og‘zaki ijod namunalarini tadqiq etish va ko‘plab folklorshunos olimlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shgan Muhammadnodir Saidovning ilmiy izlanishlari e’tirof etilib, istiqlolimiz arafasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq maorifi xodimi” unvoni bilan taqdirlangan edi. Ayni kunlarda tavalludiga sakson yil to‘layotgan domlaning munosib shogirdlari mustaqilligimiz sharofati bilan xalq og‘zaki ijodidan ma’naviyat durlarini to‘plash va nashr etish ishlarini katta kuch-g‘ayrat va ilhom bilan davom ettirib, ustoz ruhini shod etmoqdalar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 51-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.