Men talabalarga O‘zbekiston jurnalistikasi tarixidan dars berarkanman, Buxoro matbuoti va matbaasi tarixiga oid manbalar yetarli emasligini angladim. Jurnalistikamiz tarixiga bag‘ishlangan maqola va kitoblarda bu borada ma’lumotlar kam. Chunonchi, Abdulla Avloniyning 1924 yili e’lon qilingan «Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi» maqolasida “...Buxoroda “Turon” ismida o‘zbekcha bir gazeta, “Buxoroi sharif” ismida forsicha bir gazeta chiqqan edi. Nusxalari qo‘limizda bo‘lmog‘oni uchun ular to‘g‘risida muhokama yuritmadik”, deyish bilan cheklanilgan. Ziyo Saidning 1927 yili nashr qilingan «O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar” kitobida esa mazkur gazetalar hatto eslanmagan ham.
O‘tgan asrning 20- yillarida buxoroliklar tomonidan chiqarilgan gazeta va jurnallar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ancha g‘arib. Shu bois, ehtimol, Buxoroning o‘zida chiqqan gazeta-jurnallarda bu haqdagi materiallarga duch kelib qolarman, degan o‘y bilan kutubxona va arxivlarda ularning saqlanib qolgan nusxalarini ko‘rib chiqdim. Xayriyatki, mehnatim zoe ketmadi: ancha-muncha ma’lumotlar topdim. E’tiborga loyiq jihati shundaki, 20- yillarning mashhur ziyolisi Muhammad Said Ahroriyning bu boradagi hanuz noma’lum bo‘lgan maqolalarini uchratdim. Said Ahroriyning hayoti va ijodi haqida farzandi — jurnalistika faxriysi Xolida opa Ahrorova hamda adabiyotshunoslar — N. Karimov, S. Ahmedov va boshqalarning kitoblari, maqolalari bor. Ularda men topgan maqolalar eslanmagan. Demak, ularga mazkur tadqiqotchilarning ko‘zi tushmagan. O‘tmishda chiqqan har qanday gazeta va jurnalga oid yangi topilgan manba muhim hisoblanadi: qo‘shimcha ma’lumot yuzaga chiqadi...
Vatanimizni mustamlakachilardan ozod etish uchun jonini fido qilgan istiqlolchilardan biri Muhammad Said Ahroriydir. U 1895 yili Madinada tavallud topgan. Otasi Abdurashidxo‘ja Ahror o‘g‘li asli xo‘jandlik bo‘lib, haj ziyoratiga borib, Madina shahrida yashab qolgan. Professor Naim Karimovning yozishiga qaraganda, Abdurashidxo‘ja 1903 — 1905 yillari Madinadan Turkiyaga ko‘chib kelib, Istanbulda istiqomat qila boshlaydi. O‘g‘li Muhammad Saidning zamonaviy ma’lumot olishi uchun jon kuydirgan otasi Abdurashidxo‘ja bo‘lajak istiqlolchini Istanbuldagi gimnaziyada o‘qitadi, so‘ng olti oylik harbiy kurslarda ta’lim oldiradi. Bu orada Birinchi jahon urushi boshlanib, Muhammad Said ham Dardanel uchun bo‘lgan janglarda ishtirok etib, u yerda turkiyalik boshqa jangchilar qatorida ruslarga asir tushib qoladi. Bir qancha vaqt Sibir yerlarida tutqunlik azoblarini tortgan Muhammad Said 1917 yil Fevral inqilobidan so‘ng Turkistonga, aniqrog‘i, Toshkentga keladi. Mana shundan boshlab uning azaliy orzusi – ota yurtida bor kuch-g‘ayratini, bilimini unga baxshida etishi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Lekin hokimiyatni egallab olgan bolsheviklar g‘ayrat-shijoatga to‘lib turgan millatparvarning sa’y-harakatlariga to‘siq qo‘ya boshlaydi. Shunday bo‘lsa-da, Muhammad Said yoshlarga zamonaviy bilim va madaniyat tarqatish ishida bo‘lsin, boshqa ijtimoiy faoliyat sohalarida bo‘lsin, imkoniyatlardan foydalanishga urindi. Shunday faoliyat sohalaridan biri jurnalistika edi.
Muhammad Said Toshkentga kelgani hamono publitsist sifatida o‘z davrining eng dolzarb, eng dardli mavzularida qalam tebratdi. Hayratlanarlisi shundaki, u xorijda tug‘ilib, Istanbuldagi maktab va kurslarni turk tilida tugatgan bo‘lsa-da, dastlabki maqolalariniyoq sof o‘zbek tilida yozgani ochiq ko‘rinadi. Bu — adibning otasi Abdurashidxo‘janing xizmati bo‘lsa kerak. U o‘g‘liga xorijda ham o‘zbek tilida so‘zlash va yozishni o‘rgatgan bo‘lishi tayin.
Said Ahroriyning 1918 — 1920-yillar oralig‘ida yozgan maqolalari “Turk so‘zi”, “Ishtirokiyun” kabi gazetalarda bosilgan. 1920 yilga kelib uning faoliyati Buxoro bilan bog‘landi. Ma’lumki, yosh buxoroliklar firqasining Toshkent byurosi 1920 yili gazeta va jurnal nashr etishni yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, “Uchqun”, “Qutulish” gazetalari hamda “Tong” jurnali xuddi shu yili dunyo yuzini ko‘rdi. Said Ahroriy mana shu nashrlarda faol qatnashdi. Chunonchi, “Uchqun”ning 1-sonida “Zolimlarga qarshi isyon” rubrikasi ostida “Buxoro askarlariga” bosildi. Unda muallif Buxoro ahlini zolim amirga qarshi qo‘zg‘olishga chorladi. Gazetaning 2-sonidan publitsistning ikkita maqolasi o‘rin olgan. Biri Muhammad Said imzosi bilan “Zolimlarni mahv etmak kerak” degan da’vat ruhidagi maqola bo‘lsa, ikkinchisi — Baxtiyorxo‘ja imzosi ostida “Buxoro musulmonlarig‘a” sarlavhali chaqiriq maqoladir. Maqolalarning sarlavhalaridan ayon bo‘lib turibdiki, Muhammad Said Buxoroning ozod va obod o‘lka bo‘lishini istagan, shunga boshqalarni ham da’vat qilgan.
1920 yilning 2 sentyabrida amirlik tugatilib, Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati (BXShJ) tashkil etilgach, Muhammad Said ham u yerga boradi va faol ishga kirishadi. U “Buxoro axbori” gazetasi hamda davlat nashriyotining barpo bo‘lishida qatnashadi. “Buxoro axbori”ning dastlabki 5 soniga muvaqqat muharrir bo‘ladi, so‘ng tahrir hay’ati a’zosi sifatida jon kuydirib ishlaydi. (“Buxoro axbori”ning 17 soni Muhammad Saidning muharrirligida chiqqan.) 1921 yilning ikkinchi yarmida u BXShJning Bokudagi konsulxonasiga ishga tayinlanib, 1923 yil oxirigacha u yerda ishlaydi. Buxoroga qaytgach, 1924 yilning yanvaridan 1925 yilgacha “Ozod Buxoro” gazetasi muharririning birinchi muovini va davlat nashriyotining mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekiston SSR tashkil etilgach, respublika markazi — Samarqandga keladi. Aytish mumkinki, Buxoro matbuoti va matbaachiligi rivojlanishining dastlabki 4 yili uning ko‘z o‘ngida o‘tgan. Shu bois BXShJ jurnalistikasining shakllanish va taraqqiy etish jarayonini Muhammad Said yaxshi bilgan va bu haqda tadqiqot-maqolalar yozgan. Uning “Buxoro axbori” va “Ozod Buxoro” gazetalaridagi maqolalari Muhammad Said, Muhammad Said Ahroriy, Baxtiyorxo‘ja, Muxtorxo‘ja, Abu Munir imzolari bilan chop etilgan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, “Buxoro axbori»da o‘z davrining juda iste’dodli qalamkashlari — Cho‘lpon, Muhammad Said Ahroriy, Qosim Sorokin, Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Laziz Azizzoda, Mahmud Budayli va boshqalar ishlaganlar. Shu bois bo‘lsa kerak, zikr etilgan shaxslarning matbuot zimmasiga yuklanadigan vazifalar to‘g‘risidagi tushunchalari ham nihoyatda yuksak bo‘lgan. Cho‘lpon “Buxoro axbori”ga muharrirlikka tayinlangach, o‘zi rahbar sifatida 1921 yil 30 iyunda chiqargan birinchi sondagi bosh maqolada «Gazeta... dunyoda 5 kuchlik davlat bo‘lsa, 6nchisi, 6 bo‘lsa — 7nchisi...” deb yozadi. Uning bu ta’rifini gazetaning 1923 yil 23 fevral sonidagi matbuotga bag‘ishlangan maqola muallifi yanada kengaytirgan. “Umumiy Yovrupo urushidan ilk Yovrupoda buyuk olti davlat bor edi: Rusiya, Germaniya, Frantsiya, Angliya, /Avstriya/, Italiya. Matbuot esa yettinchi buyuk davlatdan sanalar edi. Matbuotning yolg‘izining kuchi va e’tibori olti davlatning kuchi bilan barobar kelar edi», deyiladi unda. Said Ahroriy ham hamkasblari qatorida matbuotga tavsif berarkan, XX asrning boshlarida urf bo‘lgan qarash — tuzumning zamini deb hisoblanilgan ijtimoiy tabaqalarni e’tiborda tutgan holda yondashadi. “Matbuot o‘z sinfining oynasi bo‘lub, — deb yozadi Muhammad Said, — u sinfni ma’lum bir doirada uyushturadir. Shu holda bu bir sinfni yashatishda juda muhim o‘run ishg‘ol etkuchi bir quroldir”.
Gazetaning xuddi shu paytlardagi sonlarida kapitalistik jamiyatda matbuotning xususiyatlari haqida ham, umuman, to‘g‘ri fikrlar bildirilgan. Ko‘rinadiki, «Buxoro axbori”da matbuot borasida yozishganda, mualliflar zimmalariga qanday mas’uliyat tushishini juda yaxshi anglashganini fahmlash qiyin emas. Muhammad Saidning matbuot to‘g‘risidagi maqolalari mana shunday ijodiy muhitda yaratilgan. Uning Buxoro matbuoti tarixiga oid dastlabki maqolasi Abu Shomilning “Ozod Buxoro”da bosilgan “Bizning hisob” maqolasiga munosabat tarzida yuzaga keldi. Abu Shomil maqolasi esa 1924 yil 5 mayda “Ozod Buxoro” gazetasining 300-soni chiqishi munosabati bilan yozilgan. (“Abu Shomil” o‘sha vaqtdagi “Ozod Buxoro”ning muharriri, tatar millatiga mansub Qosim Sorokin (Ibrohimov)ning yashirin imzosi bo‘lgan.) U gazetaning yubiley soni chiqishini katta voqea sifatida baholab, uning bosib o‘tgan yo‘liga to‘xtaladi, to‘rt yillik tarixini uch davrga bo‘ladi va har biriga tavsif beradi. Jumladan, gazetaning birinchi davri deb uning “Buxoro axbori” nomida 1-soni chiqqan 1920 yil 9 sentyabrdan 1922 yil yanvarigacha, ya’ni Cho‘lpon muharrirlik qilgan oxirgi — oltmish beshinchi son chiqqan 15 yanvargacha bo‘lgan vaqtni oladi. Abu Shomil bu davrda gazetaning chiqishi uchun jonbozlik ko‘rsatgan, tashkilotchilik qilgan Said Ahroriy, Laziz Azizzoda, Mahmud Budayli, Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon), Mahmud Suboy va Husayn Almashevga “65-son chiqishiga muvaffaq bo‘lg‘on va xalqga ozmi-ko‘bmi gazetaning ahamiyatini anglata bilgan”lari uchun tashakkur bayon qiladi. “Bu davr eng og‘ir davr edi”, deb yozadi u. Chunki gazeta bu davrda, asosan, yosh hukumatning buyruqlarini bosib, gazetadan ko‘ra, “rasmiy hukumat qog‘ozi” tusini olishga majbur bo‘lgan. Buning ustiga, Buxoroda “gazeta o‘qish harom” degan aqida hukm surgan. Ana shunday vaziyatda gazeta chiqarish va xalqqa uni “o‘qish halol” deb ma’qullashga muvaffaq bo‘lish katta gap edi.
Abu Shomil bu yumshatuvchi izohlarni keltirsa-da, umuman, gazetaning birinchi davriga bergan bahosi maqolasining boshida o‘zi “tashakkur bayon qilganlar”ning izzat-nafsiga tegadigan darajada salbiy edi. Mana o‘sha baho: “birinchisi — faqat hukumatning buyruqlarini xalqga tushuntirishka tirishkan “hukumatning rasmiy qog‘ozi” davri”.
Tabiiyki, bu bahoga Muhammad Said qo‘shilolmagan va gazetaning 1924 yil 11 may sonida “Gazetamizning birinchi davrlari” degan maqola e’lon qiladi.
Muhammad Said “Buxoro axbori”ning hukumat buyruqlarini bosganligining tub sababini quyidagicha izohlaydi: gazeta uchun “... u vaqtlardagi tilak: buxoroli vatandoshlarga inqilobimizning o‘zini, omillarini, sabablarini bildirmak va tanitmoq barobarida, uning foyda va fazilatlarini chin bir ravishda tushuntirmakdan iborat... Gazetaga tegishli boshqa muhim vazifalar ikkinchi navbatda qoldirildi. Buxoro jumhuriyatining matbuot yuzasidan bo‘lg‘on o‘shal yo‘qsullik (nochorlik — B.D.) choqlarida yuqoridagi tilakdan boshqasig‘a kirishmakka na qalam va na-da, texnika yetarlik emas edi... Shunday bo‘lsa ham, oz va g‘ayri mutashakkil idorasi (shakllanmagan tahririyati — B.D.) bilan yangi hukumatning butun omolini tushuntira olg‘ondir. Zotida dastlabki vazifasi ham shundan iborat bo‘lg‘oni kabi, matbuotni harom deb tanig‘on bir el orasida bir yilliq muddat ichida birgina gazetadan bundan ortuq xidmat talab etib bo‘lmas”. Muallifning maqolasi “Buxoro axbori”ning bu qadar murakkab sharoitda qanday maqsadni ko‘zlagan holda chiqib turganini anglashga ko‘maklashadi.
Muhammad Said gazeta bir me’yorda chiqib turishi uchun texnik jihatdan katta qiyinchiliklarga duch kelinganini izohlaydi. Bunda uch asosiy narsa sabab bo‘lgandi, deb yozadi u. «Buxoro axbori” tashkil etilgach, “Qizil Sharq” poezdining sayyor matbaasida bosilib turdi (“Qizil Sharq” — markaziy sho‘ro hukumati tomonidan tashkil qilingan tashviqiy poezd). “Sayyor matbaa ketgach, gazeta haftalab, balki oylab to‘xtadi. Negakim, davlat nashriyotimizning matbaasi hali qurulmag‘on edi... Uchinchi sabab esa, tegishli matiriyollarning kamyoblig‘idir. Gazeta shu o‘n oy ichida zo‘raymasdan, eski kattaligida chiqa berdi. Negakim, faqat amir hukumatidan qolg‘on matbaa va bir necha pud harfga suyanib qolg‘on edi. So‘ng vaqtlarda nashriyotga yangi harf va amerikanka kela boshlag‘och, zo‘rayishga yo‘l ochmoq imkoni tayyorlanib qoldi”. Bu faktlar tahririyat a’zolari, xususan, gazeta uchun shaxsan mas’ul bo‘lgan muharrirlar “Buxoro axbori”ni naqadar moddiy-texnik qiyinchiliklar sharoitida chiqarishganini tasavvur qilishga yordam beradi. Jumladan, Cho‘lpon 1921 yili gazetaga muharrir etib tayinlangach, chiqarilgan dastlabki sonida tahririyat nomidan shunday niyat bildirilgandi: “Hozir qo‘limizda bo‘lg‘on kuch bilan gazetani shu kichik o‘lchovda kun oralash chiqarib turmoqchi bo‘ldiq. Agar favqulodda ishlar mone’ bo‘masalar, gazeta shunday chiqib turg‘usidir”. Taassufki, bu niyat amalga oshmagan. Nima uchun amalga oshmaganini Muhammad Saidning yuqorida keltirganimiz izohidan anglab olish mumkin.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Muhammad Said gazetaning birinchi davridagi muharrir va publitsistlarning xizmatiga baho berarkan, Mahmud Budayli mehnatini alohida ta’kidlagan. Gazeta “... oltinchi sondan boshlab hay’ati tahririya qaramog‘ida chiqdi... — deb yozadi u, — gazetada biri orqasidan biri hay’ati tahririya a’zolari va muharrir bo‘lub Mahmud Budayli, Said Ahroriy, Orif Olporif, Husayn Almashef, Abdulrahmon Ismoilzoda, Shahzoda Surayyo, Abdulhamid Sulaymoniflar ishladilar. Bu o‘rtada shuni e’tirof etib o‘tmak kerakdirkim, Mahmud Budayli zamonlarida gazetamizda firqa hayoti va firqa nuqtai nazariga tegishli yozuvlar ko‘proq o‘tkurroq bo‘lub o‘tmak barobarida, barcha tahrir hay’atiga rahbarlik qilg‘ondir. Shul sababdan ul gazetamizning u chog‘lardag‘i eng faol muharriri hamda dastlabki rahbari sanalishg‘a arziydir”. Bu baho Muhammad Saidning ijodkor mehnatini qadrlash fazilatiga ega bo‘lganini ko‘rsatadigan faktdir.
Publitsist shu bilangina kifoyalanmaydi. U “Ozod Buxoro”ning 1924 yil 17 may sonida “Gazetani tuzatish masalasi” degan maqolasini fikr almashuv tarzida e’lon qiladi va gazetani yanada yaxshiroq chiqarish uchun bir qancha takliflarini aytadi. Jumladan, gazetaning imlosini tuzatish, tilini adabiy til me’yorlari asosida tutish, gazetani keng mehnatkashlar orasida tarqatishga yo‘l topish yuzasidan e’tiborga sazovor fikrlar bildiradi.
1924 yilning 21 iyunida o‘zbek sho‘ro matbuoti tashkil topganiga 6 yil to‘lgan. Ushbu sanani nishonlash munosabati bilan mutbuotga e’tibor kuchaygan, turli maqolalar e’lon qilingan. Muhammad Said ham shu sana munosabati bilan “Matbuot bayramiga tayyorlanmoq kerak” (“Ozod Buxoro”, 103-son), “Boylar va kambag‘allar matbuotining farqi” (105-son, imzo: Abu Munir), “BXShJning davlat nashriyoti” (shu son) maqolalarini yozdi. Mazkur maqolalarida u o‘z davri matbuoti uchun dolzarb va muhim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratish zarurligini uqtiradi. Davlat nashriyoti haqidagi maqolasini mazkur muassasaning o‘ziga xos to‘rt yillik solnomasi deyish mumkin. Bunday “solnoma”ni yaratishga uning ma’naviy haqi bor edi. Zotan, u “Buxoro axbori”ninggina emas, davlat nashriyotining ham tashkilotchisi va rahbarlaridan biri edi. Bu fikrimizni maqoladagi quyidagi iqtibos tasdiqlaydi: nashriyot tashkil etilgan kundan «olti oyg‘acha davlat nashriyoti va gazeta idorasi bir ustol ustida, mening qo‘limda davom etdi”, deb yozadi u. Muhammad Said nashriyotning tarixini bayon qilish bilan birga, faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan nimalarni amalga oshirish lozimligi ustida ham fikr yuritgan.
Publitsist Said Ahroriyning “Buxoroning qizil matbuot tarixchasi” sarlavhali maqolasi “Ozod Buxoro”ning 1924 yil 21 va 29 iyun sonlarida Baxtiyorxo‘ja imzosi bilan bosilgan. Mazkur maqolada muallif Buxoroning 1920 — 1924 yillari nashr qilingan gazeta va jurnallari tarixiga to‘xtaladi. Jumladan, u “Tong”, “Nashri maorif”, “Maorif va madaniyat” jurnallari, “Uchqun”, “Qutulish” va “Buxoro axbori” — “Ozod Buxoro” gazetalarining tashkil etilishi, maslak va maqsadi, yo‘nalishi, mundarijasi, qancha soni chiqqani, unda qaysi jurnalistlar qatnashgani, nufuzi, chiqishdan to‘xtagan bo‘lsa, buning sabablari haqida ma’lumotlar keltirgan. Muhammad Said “Tong” jurnalining 3 soni, “Nashri maorif”ning 5 soni, “Maorif va madaniyat”ning 2 soni, “Uchqun” gazetasining 2 soni, “Qutulish”ning 11 soni chiqqani to‘g‘risida, ularga kimlar muharrirlik qilgani haqida ma’lumot bergan. U «Tong” jurnalining nima sababdan to‘xtaganligi to‘g‘risida shunday ma’lumot keltiradi: “Tong”ning.... imlosi yangi imlo, tili butunlay chig‘atoycha bo‘lg‘oni uchun u vaqtlarda Buxorog‘a yaxshi ta’sir eta olmog‘ondir. Mundarijada 5 foizdan ortuq Buxorog‘a tegishli yozuvlari bo‘lmag‘on. To‘g‘risini aytkanda, ko‘proq “Chig‘atoy gurungi”ning ta’siriga berilgan edi. Shuning uchun Buxoro mehnatkashlaridan ko‘proq Turkiston ziyolilarig‘ag‘ina yarar edi”. Mana shu sababli jurnal noshiri uni chiqishdan to‘xtatib, o‘rniga “Qutulish” gazetasini nashr qilishga qaror bergan. Ko‘ramizki, bu ma’lumotlar jurnalistikamiz tarixini yorituvchilar uchun yangilikdir. Zero, o‘sha davr o‘zbek jurnalistikasi tarixining bilimdoni Ziyo Saidning kitobida ham ushbu fakt uchramaydi. Muhammad Saidning “Nashri maorif” jurnali haqida keltirgan faktlari ham hozirgi tadqiqotchilar uchun yangidir. Uning yozishicha, 1923 yilning mart oyida markaz kasabalar sho‘rosi huzuridagi “Nashri maorif” sho‘‘basi tomonidan shu nomda ikki haftalik adabiy, fanniy, iqtisodiy va siyosiy jurnal chiqarilgan. Kasabalar uyushmasi tomonidan chiqarilsa-da, kasabalar turmushini yoritmagan. Fanniy qismi bo‘sh, ilmiy va siyosiy qismlari juda zaif, badiiy jihatdan ko‘chaga taqlid etgan. Xabir Abdullaev degan shaxs muharrirlik qilgan. Shuning uchun “Xabir Abdullaev va u oilaga mansub kishilar tomonidan monopuliyog‘a oling‘onlig‘i uchun boshqa hech bir qalam ishtirok etmagan”. Ana shu sabablar tufayli mazkur jurnalni xalq qabul qilmagan.
Bunday konkret fakt va ma’lumotlar boshqa nashrlar haqida fikr yuritilganda ham keltiriladi. Ahamiyatli joyi shundaki, bosh muharrirning muayyan nashrning qanday chiqishida o‘rni g‘oyat katta ekanini Muhammad Said maqolalari yana bir karra isbotlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Muhammad Said Ahroriyning Buxoro matbuoti tarixiga oid maqolalari o‘zbek jurnalistikasi tarixini yaratishda qimmatli manba bo‘la oladi, deyish mumkin.
Muhammad Said, shubhasiz, iste’dodli publitsist, yozuvchi, davlat va jamoat arbobi bo‘lgan. U o‘zbek madaniyatining taraqqiyoti yo‘lida yanada ko‘p ishlarni ro‘yobga chiqarishi mumkin edi. Taassufki, Stalin qirg‘in-qatag‘oni bunga yo‘l bermadi. U navqiron 36 yoshida, 1931 yilning 23 mayida “xalq dushmani” degan mash’um ayblov bilan otib tashlandi. Qisqa, ammo chaqmoqdek yorqin umri davomida u yodda qolarlik talaygina ishlar qilishga ulgurdi.
O‘zDJTU Jurnalistika nazariyasi, amaliyoti va tarixi kafedrasining mudiri
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 42-sonidan olindi