OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoil Bekjon. Hind safari yoxud Imomqulixonning maxfiy topshirig‘I (2003)

XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmida yashab, ijod etgan zamonasining benazir farzandi — samarqandlik shoir va adabiyotshunos Mutribiyning fors tilida bitilgan “Tazkirat ush-shuaro” va “Nusxayi zeboiy Jahongir” nomli tazkiralari to‘g‘risida dunyo olimlari ko‘plab fikrlar bildirganlar. Bu nodir asarlar chop ham etilgan. Biroq shunga qaramay mazkur manbalar haligacha maxsus tadqiq qilinmagan. Jumladan, muallif tarjimai holi ham mavjud ma’lumotlar asosida yetarlicha o‘rganilgan emas. Keyingi izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, Mutribiyning ziyoli ajdodi temuriy hukmdorlar xizmatida turli ma’rifiy-madaniy yumushlarni bajarganlar va shoirning o‘zi ham xuddi shu sohalarda hukmdorlarning ayrim davlat vazifalarini ado etgan; uning Hindistonga sayohati esa Imomqulixonning maxsus topshirig‘i bilan amalga oshgan. Aniqlashimizcha, Mutribiyning tazkira asarlari yozilishi va bu adabiy manbalarning bizgacha yetib kelgan qo‘lyozma nusxalari ham o‘zining qiziq tarixiga ega ekan. 
 

 ULUG‘BEK MIRZOGA SIRDOSH AJDOD


Mutribiyning ma’lumot berishicha, uning qadimiy turkiy qavmlardan arg‘un urug‘iga mansub katta ajdodi turli sohalarda bilimli kishilar bo‘lgani tufayli temuriylar xizmatida har xil vazifalarni bajarib, Samarqand shahrida turg‘un yashaganlar. Shoirning mavlono Xo‘ja Avliyoiy nomi bilan tanilgan bobokaloni Ulug‘bek Mirzoning saroyidagi xos ibodatxonasi mutasaddiysi bo‘lgan va Ulug‘bek uni gohida o‘z sirlaridan voqif ham etib turgan ekan: “Rahmatli otam mazkur bobosi tilidan ushbu voqeani hikoya qilib bergan edilar: u kishi shahid Sulton Ulug‘bek Ko‘ragon saroyi mulozamatini ado etarkanlar. Sultonning xos ibodatxonasi muhofazati, tahorat suvi hozirlash va joynamoz (solish) bilan bog‘liq mas’uliyatli yumushlar mazkur bobokalonim zimmasida ekan... Bir kuni Mirzo Ulug‘bek u kishiga, har jum’a oqshomi huzuriga hazrat Xo‘jai Xizir alayhissalom kelib, mamlakat ravnaqiga oid zarur ishlar va ularning chora-tadbirlari yuzasidan maslahatlar berishini aytganlar hamda bu sirni hech bir kimsaga oshkor etmaslikni uqtirganlar”. 
Mutribiyning yana xabar berishicha, uning yuz yoshga yaqin umr ko‘rgan bobosi Malik Arg‘un va otasi, katta amakisi ham ziyoli kishilar bo‘lib, o‘z davrining piru avliyo, shoiru olimlari bilan bordi-keldi qilganlar, katta davralardagi mushoaralar, bahs-munozaralarda qatnashganlar. Shoirning ona tomonidan bobosi tug‘ma butov ko‘r kishi bo‘lishiga qaramay Basriy taxallusi bilan go‘zal, mazmundor g‘azallar bitgan. Mutribiyning onasi ham fozila ayol bo‘lib, otasi Basriy aytgan nazm durlarini qog‘ozga tushirib borarkan. Mutribiy ana shunday ziyoli ajdod davomchisi o‘laroq 1556 yilning 9 dekabrida Samarqand shahrida dunyoga keladi.
ana Mutribiy ma’lumotlariga qaraganda, uning Muhammad Ali va Shoh Ali ismli o‘g‘illari bo‘lib, ular ham ajoyib g‘azallar yozganlar. 1624 yili Balx, Badaxshonga sayohatida otasiga hamrohlik qilganlar. Katta o‘g‘li Muhammad Ali otasi bilan Hindistonga ham borib qaytadi. Shoh Ali otasining madrasadosh do‘sti, o‘sha davrning dovrug‘li shoiri Ashkiy Samarqandiyning kuyovi ekan. “Nusxayi zeboiy Jahongir”da qayd etilishicha, Mutribiy 1628 yilning avgustida Samarqandda yashab turgan. Mutribiyning asl ismi va qachon vafot etgani borasida hozircha qo‘limizda aniq ma’lumotlar yo‘q. 

 ILM-FAN, ADABIYOT VA SAN’AT CHORRAHASIDA 


Mutribiy dastavval maktabda savod chiqargani, 12-13 yoshidan esa o‘rta va oliy bilim beruvchi madrasalarda qunt bilan tahsil olgani haqida gapiradi. Bu paytda Samarqandda Madrasai oliyaiy Saroymulkxonim, Sulton Ulug‘bek, Amir Shohmalik, Xo‘ja Ahror, Shayboniyxon, Abu Saidxon, Amirxon, Qozi Abdulg‘afur shahid, Muhammad Ali Darvesh Tarxon, Soqiy Zominiy, Madrasayi Xo‘rjin va yana boshqa madrasalar faoliyat ko‘rsatgan. Adib ularda o‘lkaning o‘ta bilimdon, malakali ustoz olimlari, Turkiya, Eron, Ozarboyjon, Afg‘onistondan kelgan allomalar aniq, tabiiy, diniy va gumanitar fanlardan davomli darslar berganini yozadi. Samarqanddagi Ulug‘bek masjidi va boshqa shu kabi masjidlarda ham Qur’on qiroati, Hadis bo‘yicha maxsus bilimlar berilgan. Mutribiy ustozi Nazriy Badaxshoniyga bag‘ishlangan ma’lumotda qiziq bir voqeani keltiradi. Ilmga chanqoq talabalar mazkur oxunddan qo‘shimcha darslar olish uchun ertayu-kech uning hujrasidan ketmas, oxund esa ulardan qutulib, o‘zi ham ozgina bo‘lsa-da, kitob mutolaasiga berilish uchun bir shogirdiga buyurib, qulfni eshikning tashqarisidan ostirib qo‘yarkan. Ulug‘bek madrasasi devorida esa o‘z o‘qi atrofida “xuddi osmonga otilib, yana yerga qaytib tushayotgan koptokdek aylanuvchi yer kurrasi” va undagi jug‘rofiy kengliklar, shaharu o‘lkalar nomi yozilgan xarita chizib qo‘yilgan ekan. Mutribiy yozishicha, u alloma Taftazoniyning “Mutavval” kitobi asosida ilmi maoniy, ilmi bayon, ilmi bade’ sohalarini bir necha yil davomida o‘sha davrning zabardast olimi Ismatullo Oxunddan o‘zlashtiradi. Haqiqiya va ilohiyani Samarqanddagi Abu Saidxon madrasasida Nazriy Badaxshoniydan, adabiyotga oid bilimni Amir Shohmalik madrasasida mavlono Qosim Rumiydan, Qur’onga doir ba’zi ilmlarni Hofiz Muhammad Amindan, ilmi siyoq (hisob-kitob) sohasini asli hirotlik, lekin Samarqandda turg‘un bo‘lib qolgan G‘aribiy Heraviydan o‘rganadi. Yoshligida esa Buxoroda Erondan kelgan va “Mulloi nav” laqabi bilan tanilgan faylasuf olim Mirzojon Sheroziyning ommaviy dars va bahs-munozaralarida qatnashgan.
Mutribiy san’atlarning bir necha sohalarida ham o‘z iste’dodini taniqli ustozlar huzurida mukammallik darajasiga yetkazadi. Musiqada tug‘ma iste’dod egasi bo‘lgan Mutribiy 1580-yillari Buxoroga qatnab, Ali Do‘st Noiydan bir necha yil davomida nay chalish sirlarini o‘rganadi. Kamoliddin Hofizdan qonun, setor, doira va nayda chalinadigan hamda Yumliy Miyonkoliy, Zirihiy Turkistoniydan “Shashmaqom”ning yana bir necha katta kuylarini o‘zlashtiradi. 
Mutribiyning husnixat va kitobat san’atiga doir tazhib sohasiga ham zo‘r qiziqishi bo‘lib, Rustam Naqqoshdan qo‘lyozma kitoblarga oltin suvi yugurtirish va zamonasining mohir xattotlaridan husnixat turlarini o‘zlashtirib, bu sohalarda ham ajoyib namunalar yaratadi. 
Mutribiyning xabar berishicha, u 17-18 yasharligidayoq she’r sohasida o‘z iste’dodini namoyon eta boshlaydi va o‘z she’rlarini Abu Muhammad Dahbediy (Aminiy) bin Maxdumi A’zam kabi olimlar imtihonidan o‘tkazadi, 1573 yili Balxda mashhur shoir Joniy Kobuliyga o‘z she’rlarini o‘qib beradi. Mutribiy Buxoroga ustozi Ali Do‘st Noiy huzuriga qatnab yurgan paytlari tasodifan mashhur shoir va tarixnavis Hofiz Muqimiy Bo‘stonxoniy Samarqandiy bilan Buxoro yo‘lida yaqindan tanishib qoladi va uning maslahatiga ko‘ra aruzdan maxsus ta’lim olish uchun shu Buxoroga borishida to‘g‘ri Hasanxoja Nisoriy huzuriga yo‘l oladi. Bahovuddin Naqshband maqbarasi yaqinida joylashgan Nisoriy uyi o‘ziga xos ilm dargohiga aylangan bo‘lib, bu yerda bir vaqtning o‘zida turli o‘lkalardan kelgan yoshlar aruz sirlaridan voqif bo‘lar, katta-kichik shoirlar mushoara, adabiyot masalalari bo‘yicha munozaralar o‘tkazar edilar. Nisoriyga Hindiston, Qashqar, Xuroson, Xorazm va Turkiya shoiru fozillaridan, podshoh va xonu sultonlardan maktublar, ular yozgan she’rlardan namunalar kelib turardi. Mutribiy o‘z tazkiralarida Nisoriy huzurida 1588 — 1592 yillar mobaynida kechgan onlarini mamnuniyat bilan eslab, she’riyatda nimaga erishgan bo‘lsa, uni Nisoriyga shogirdligi sharofatidan deb biladi. Keyinchalik o‘zi ham she’r, musiqa, husnixat sohalarida o‘nlab shogirdlar yetishtiradi va ulardan ayrimlari nomini faxr bilan tilga oladi. 
 

 JAHONGIR PODSHOH BILAN O‘TTIZ UCHRASHUV


Mutribiy shayboniylar va ashtarxoniylar davrida davlat ishlariga jalb etilib, biroz vaqt Samarqand hokimi Hoji Otaliq Do‘rmon (1573 — 1598) xizmatida ayrim idoraviy ishlarni bajaradi. Xoja Zayniddin Muhammad bin Say- yid Hodixo‘ja Naqshbandiy ismli amaldor Buxoro, Samarqandda sadr payti (1598 — 1618) Samarqanddagi ba’zi mazorotlar mutavvalliysi bo‘ladi va shu orada Samarqandning navbatdagi hokimi Nizomiddin Hojibey Otaliq Qushchi xizmatida ham turadi, so‘ngra Imomqulixon davlatining taniqli arbobi Yodgor Qo‘rchi yonida Buxoro, Balxda ilm-fan, madaniyat sohasidagi ishlarga bosh-qosh bo‘ladi. 
“Nusxayi zeboiy Jahongir” tazkirasining yaratilishi Mutribiyning Hindiston safari bilan bog‘liq va bu asar Jahongir podshohga bag‘ishlangan. Bu tazkira ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, shoirning ko‘p yillar ko‘ngliga tugib yurgan va axiri ro‘yobga chiqqan mazkur sayohati Imomqulixon davlatining muayyan maqsadlari yo‘lida amalga oshgan. Ammo Mutribiy bu to‘g‘rida ochiq ma’lumot bermaydi. Bizningcha, buning sababi bir tomondan, topshiriqning maxfiyligi bo‘lsa; ikkinchidan, Mutribiy bu safarga Imomqulixonning elchisi Abdurahimxoja Juyboriy bilan birga chiqqan va asosiy rasmiy topshiriqlar xoja zimmasiga yuklatilgan. Mutribiy esa ikkinchi darajali shaxs bo‘lgan. Garchi shunday esa-da, tazkirada bu safar davomida Mutribiyga ham ayrim ochiq va yashirin muhim vazifalar yuklanganini anglatuvchi dalillar mavjud. Muallif ma’lumotlariga ko‘ra, u Jahongir podshohning Movarounnahrdan Hindistonga qaytib ketayotgan elchisi Sayyid Mir Baraka va ashtarxoniylar elchisi Abdurhimxoja Juyboriy tashabbusi bilan yo‘lga chiqadi. Ular Mutribiyning Hindga o‘zlaridan oldinroq yetib borishi uchun barcha rasmiy, moliyaviy sharoitlarni yaratib beradilar. Mutribiy Jahongir bilan uchrashuvlarini tasvirlar ekan, o‘zining Imomqulixon himoyasi ostidaligi, Hinddan qaytgach to‘ppa-to‘g‘ri bu hukmdor huzuriga borajagini qayta-qayta ta’kidlab o‘tadi. Jahongir unga Hindistonda qolishni qattiq turib taklif etganda esa shoir va’da qilinayotgan zo‘r sharoitlar, katta mablag‘ yoki, hatto, sog‘ligi kun sayin yomonlashib borayotgan bu podshohning ko‘ngli uchungina ozgina vaqt bo‘lsa-da, Hindda turishga rozilik bermay, Abdurahimxoja Hindistonga yetib kelgani hamono ko‘p o‘tmay Movarounnahr sari yo‘lga tushadi. 
Mutribiyning bunday yarim oshkora, yarim maxfiy xususiyatga ega diplomatik xizmatlari Imomqulixon hukumatiga nima uchun kerak edi? 
Ma’lumki, ashtarxoniylar davlati Balx viloyati mintaqalarida boburiylar davlati bilan chegaradosh bo‘lgan. 1625-yillari Jahongir bilan o‘g‘li Shoh Jahon o‘rtasida ichki nizolar kuchaygan bir paytda boburiylar va ashtarxoniylar o‘rtasida ham diplomatik noxushliklar yuzaga kelgandi. “Jahongirnoma” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytlari Jahongirning elchisi Sayyid Mir Baraka Imomqulixon bilan muzokaralarda chegara masalalari bo‘yicha aniq bir kelishuvlarga erisha olmay bir yildan ko‘proq vaqt Buxoroda ushlanib qoladi. Ammo Hindistonda ota-o‘g‘il o‘rtasidagi ziddiyatlar keskinlashib, taxt tepasiga Shoh Jahon kelishi ehtimoli kuchayadi. Bu esa Imomqulixon davlati uchun chegara hududlarida ancha noqulaylik, xavf-xatarlar vujudga keltirishi mumkin edi. Shoh Jahon taxtga o‘tirsa, u bilan tinch-totuv qo‘shnichilik munosabatlari olib borish og‘ir kechishi mumkinligini o‘ylagan Imomqulixon darhol Jahongir podshohga do‘stlik izhor etish maqsadida uning elchisi Mir Barakaga ruxsat berib, o‘z elchisi sifatida nufuzli shayx Abdurahimxoja Juyboriyni Hindistonga jo‘natadi. Biroq, Hindistondagi vaziyatni yaqindan o‘rganish va shu asosda kelajakning diplomatik rejalarini tuzish uchun xonga bu elchilik faoliyati kamlik qilardi. Zero, keksa va ixtiyori o‘z qo‘lida bo‘lgan, keyingi paytlari xon bilan orasi biroz buzilgan Abdurahimxojaning Hinddan qaytib kelish-kelmasligi yuzasidan xon qo‘lida biron-bir kafolat yo‘q edi. Ana shunday vaziyatda bu o‘ta muhim topshiriq uchun o‘tgan yili Hindiston sari yo‘lga chiqib, ammo Balxdan nariga o‘ta olmay qaytgan va bu orzudan hali voz kechmagan, keksa bo‘lsa-da, ancha tetik, davlat yumushlarida suyagi qotgan Mutribiy eng ishonchli, munosib kishi edi. Albatta, bu fikrlar Mutribiyning mazkur tazkirasi va “Jahongirnoma” hamda boshqa manbalar ma’lumotlari tahlilidan chiqargan xulosamizdir. Mutribiyning bizga qoldirgan xabarlari esa tubandagicha. 
Mutribiyning Mir Do‘stiy degan yaqin do‘sti Hindistonga safar qilib, Akbar podshoh topshirig‘iga ko‘ra o‘sha o‘lkada butunlay yashab qolish niyatida oilasini ko‘chirib ketgani Samarqandga keladi. U Hindistonni rosa maqtab, Mutribiyni ham ketishga undaydi. Mutribiy do‘stining hikoyalaridan sehrlanib “aqldan ozay” deydi, biroq, katta oilasini tashlab ketishga hech iloji yo‘qligini aytadi. 1604 yili hirotlik Mullo Naziriy Mashhadiy sayohat bilan Samarqandga keladi va Mutribiynikida ham mehmon bo‘lib, o‘z yurti Xurosonni juda maqtaydi, Hindiston sari ham safar qilajagi, agar xohlasa uni ham Hindistonga birga olib ketishi mumkinligini bildiradi. Shoir bu taklifga ko‘nadi. Biroq Naziriy Toshkentdagi piru avliyolar mazorotlarini tavof qilish uchun o‘sha shaharga o‘tib ketganicha qaytib Samarqandga kelmaydi va Mutribiy uchun Hindiston safari yana orzuligicha qoladi. Ammo u Hindga borishdan umidini uzmaydi, ustozi Nisoriy yetolmagan orzuga yetishishni bir dam ham xayolidan chiqarmaydi. Bu istaklarini “Tazkirat ush-shuaro” asarida bot-bot eslatib o‘tadi, Hindga ketib qolgan do‘stlari bilan xatlar yozishib turadi. U 1624 yili o‘g‘illari Muhammad Ali, Shoh Ali bilan Balx, Badaxshon, Toliqon, Davlatobod, Qunduz viloyatlariga safar qilib qaytadi. Bir yildan keyin esa Hindiston safariga otlanadi va Balxgacha yetib borib, yana bu o‘lka xonu sultonlari, shoirlari muloqotiga yetishadi. Jahongir podshoh huzuriga sovg‘a bilan borish uchun 1034 yilning rajab (1625 yil, may) oyida yangi bir tazkirasi — “Nusxayi zeboiy Jahongir”ni tuzishga kirishadi. Biroq biz bilmagan sabablarga ko‘ra, u bu safarni davom ettira olmay yana Samarqandga qaytadi. Bir yil o‘tgach, aniqrog‘i, 1626 yilning martida Mutribiy katta o‘g‘li Muhammad Ali bilan Hindiston sari yo‘lga chiqadi. U Buxoroda Abdurahimxoja Juyboriy va Sayyid Mir Baraka bilan uchrashadi va ularning qistovi bilan katta karvonga qo‘shilib, may oyida Balxga yetib keladi. Mutribiy Balxda ikki oycha ushlanib qoladi va Abdurahimxoja, Mir Baraka ham uning ketidan bu shaharga yetib boradilar. Mutribiyning Kobulga o‘tishda chegara rasmiyatchiligiga duch kelganidan xabar topib qattiq tashvishlangan Mir Baraka bu masalalarni zudlik bilan hal qiladi va ota-o‘g‘ilni boburiylar davlatiga qarashli Kobulga o‘tkazib yuboradi. Mutribiy Kobulda oz vaqt turgach, tez orada Nilob va Peshovar shaharlari orasidagi Navshahrga yetib boradi. U yerda yuqorida nomini eslatganimiz — bir paytlar ashtarxoniylar sadri bo‘lgan, endilikda esa Hindistonda mansab egasi bo‘lib turgan Xoja Zayniddin Muhammad bin Sayyid Hodixo‘ja Naqshbandiy bilan uchrashib, unikida mehmon bo‘ladi. Tez orada Peshovarga, u yerda biroz turib, so‘ng poytaxt Lohurga yetib boradi. Bir oydan ko‘proq vaqt davomida shu shaharda tazkirasini tugatib va qayta ko‘chirib 1036 yil 19 rabi ul-avval (1626 yil, 9 dekabr) kuni Xoja Faxriddin Husayn bin Xojajon devon vositasida Jahongir podshoh saroyida uning muloqotiga yetishadi.
Mutribiy o‘z xotiralarida Jahongir bilan o‘ttiz martaga yaqin uchrashgani va bu muloqotlar mazmunini bir-bir bayon etadi. U shu orada saroyda malika Nurjahon begim va Hind davlatining boshqa ustunlari bilan ham uchrashadi. Ular shoirga qimmatbaho sovg‘alar tortiq qiladilar.
“Jahongirnoma” ma’lumotlariga qaraganda, 1626 yilning 25 oktyabrida Hindistonga Abdurahimxoja va Sayyid Mir Baraka Kobulga kirib kelgani, ularni Kobul hokimi Zafarxon munosib kutib olgani haqidagi xabar yetib boradi. Ular poytaxt Lohurga esa 1627 yilning 11 martida kirib boradilar. Abdurahimxojani Lohurga uch manzil yerda Jahongirning eng yaqin kishilari Musaviyxon, Bahodirxon O‘zbek kutib oladilar. Lohurga yetgach Irodatxon, Xoja Abulhasan devon aziz mehmonga peshvoz chiqadilar hamda o‘sha kuniyoq Abdurahimxoja va Jahongir podshoh uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. 
Mutribiyning yozishicha, Jahongir podshoh Mutribiy bilan muloqotlarining birida Abdurahimxojaning ham sog‘-omon Lohurga yetib kelganini katta xursandchilik bilan izhor etgan ekan. 
“Jahongirnoma”da aytilishicha, Jahongir podshoh 1627 yilning 20 martida katta tantana bilan Navro‘z bayramini nishonlaydi. Mutribiyga ko‘ra, Jahongir uni o‘zi bilan Kashmirga olib ketajagini, u yerga Abdurahimxojani ham olib ketayotganini aytadi. Mutribiy esa yurti sari qaytishga ruxsat so‘raydi. Shoirning ancha iltimos va uzr so‘rashlaridan so‘ng Jahongir o‘ta og‘rinib, Mutribiyga kelgusi yili yana qaytib kelish sharti bilan ijozat beradi. 
Jahongir podshoh har yil yoz Kashmirda dam olib, kasal joniga oro kiritardi. Shu yili u Abdurahimxojani ham Kashmirga olib ketadi va 1627 yilning 4 noyabr kuni Kashmirda kasali og‘irlashib, olamdan o‘tadi. Abdurahimxoja ham shundan bir necha oy o‘tib Lohurda hayotdan ko‘z yumadi. U bilan birga Hindistonga borgan o‘g‘li Muhammad Siddiqxoja keyinroq otasi na’shini Buxoroga olib keladi. 
Mutribiy 1627 yil aprelida Lohurdan chiqib, o‘sha yil iyulida Balxga, ikki-uch oydan so‘ng esa Buxoro, Samarqandga yetib keladi. 

 QO‘LYOZMALAR YASHIRGAN SIR


Mutribiy “Tazkirat ush-shuaro”ni Samarqand hokimi Xojibey Otaliq Qushchi xizmatida yurgan hijriy 1011 — 1013 yillari yozadi. Bizgacha yagona qo‘lyozma nusxada Mutribiy dastxati bilan yetib kelgan bu asarda uning bosh xon Vali Muhammad ashtarxoniyga bag‘ishlangani alohida ta’kidlangan. Biroq, negadir, Vali Muhammadxon tazkiraning boshidan — oxirigacha Balx viloyati voliysi (hokimi) sifatida tilga olinadi, bosh xon esa Boqiy Muhammad deb ko‘rsatiladi, tazkiraning hijriy 1013 yili yozib tugallanayotgani qayta-qayta ta’kidlanadi. Shu yerda aytib o‘tish kerakki, G‘aniy Toshkandiy ismli shoir haqidagi ma’lumotda qayd etilgan sana bundan mustasnodir. Chunki bu lavha qo‘lyozmaning hoshiyasida kelgan bo‘lib, unda 1014 hijriy sanasi ham eslatilgan. Tazkirada bu sana Mutribiy dastxati bilan faqat bir bor, shu hoshiyadagina berilgan. Savol tug‘iladi — muallif asar yozilish yilini faqat 1013 hijriy shaklida havola eta turib, qanday qilib qo‘lyozmaning G‘ani Toshkandiy ma’lumoti ichiga 1014 yil voqealarini ham kiritgan? Yana, nega bosh xon sifatida bir paytda ikki xil odam ko‘rsatilgan? Tadqiqimizga ko‘ra, gap shunda bo‘lganki, bosh xon Boqiy Muhammad 1013 hijriy yilning oxirida vafot etadi va 1014 yil muharramida (1605 yilning iyuni) uning ukasi Balx hokimi Vali Muhammad Buxoroga kelib, bosh xonlik taxtiga chiqadi. Bu paytda Mutribiy “Tazkirat ush-shuaro”ni tugatib, uni Boqiy Muhammadxonga bag‘ishlash arafasida edi. Ammo voqealar boshqacha tus olib, ko‘rganimizdek, Mutribiy endi asarni yangi bosh xonga bag‘ishlashi kerak bo‘lgan va kitobat qilingan tayyor qo‘lyozmani buza olmay, faqat bag‘ishlov sarlavhasidagi xon nomini rangli siyohda o‘zgartirib qo‘ygan. Kitobdagi boshqa faktlar esa eski sana bo‘yicha qolavergan. 1605 yil may oyida tugagan asar o‘sha yili iyul oyi Vali Muhammadga bag‘ishlanib, Mutribiy uni yangi bosh xonga taqdim etgan. G‘ani Toshkandiy haqidagi ma’lumot ham shu zayl keyingi yil sanasi bilan tazkiraga kirib ulgurgan. 
“Tazkirat ush-shuaro”ning boshqa qo‘lyozma nusxalari mavjudligi aytilsa-da, hozircha bu asarning faqat O‘zFAShI Qo‘lyozmalar xazinasidagi 2253-raqamli mazkur yagona nusxasi ilmiy jamoatchilikka ma’lum. Afsuski, Mutribiy qo‘li bilan bitilgan bu qo‘lyozma ham bizga noqis holatda yetib kelgan. Aniqrog‘i, qo‘lyozmadan qachonlardir bir necha varaq yirtib olingani natijasida bu qo‘lyozmaning 170b-betidagi matnda uzilish yuzaga kelgan. Ya’ni Mutribiy asar boshidagi mundarijada ko‘rsatgan “nun” harfining Birinchi nuqtasi va yana Ikkinchi, Uchinchi nuqtalar bu yerda butunlay yo‘q. Yana shu yerda “sin” harfining Birinchi nuqtasida ham bir necha shoir yo‘q. Shunga qaramay, bu qo‘lyozma nusxa orqali bizgacha 326 nafar ijodkor haqidagi qimmatli ma’lumotlar yetib kelgan. 
“Nusxayi zeboiy Jahongir” tazkirasining ham hozircha bitta nusxasigina ma’lum. Qo‘lyozma 1665 yili Shohjahonobodda ko‘chirilgan bo‘lib, hozir Angliyaning “Indiya offis” kutubxonasida saqlanadi. Ayrim uzilish va hatto imloviy xatolardan xoli bo‘lmagan bu qo‘lyozma asar ma’lumotlarini tahlil etish shuni ko‘rsatdiki, mazkur qo‘lyozma Mutribiyning 1626 yil 9 dekabrda Jahongir podshohga topshirgan tahrir nusxasi asosida ko‘chirib yozilmagan. Chunki unda Mutribiyning Hindistondan qaytganidan keyingi ko‘rgan-kechirganlari ham o‘rin olgan va bu qo‘lyozma asardagi eng oxirgi sana “1037 yil zulqa’da” (1628 yil, avgust) shaklida qayd etilgan. Bu degani — Mutribiy mazkur qo‘lyozmaga asos bo‘lgan “Nusxayi zeboiy Jahongir”ning boshqa tahririni Samarqandda 1628 yildan so‘ng yozib nihoyasiga yetkazgan. Ma’lumki, Mutribiy tazkirani Jahongirga topshirganda bu hukmdor o‘zining ham kichik hajmdagi tazkirasini Mutribiy tazkirasi bilan bir muqova ichida saqlashni buyuradi. 
Mutribiy Jahongir podshoh bilan muloqotlarini xotiralar tarzida alohida qalamga oladi. Bu asarini u 1627 yil 25 fevral kuni Hindda yoza boshlagan. Mazkur mavjud qo‘lyozma nusxada esa ham Jahongir tazkirasi, ham uchrashuv xotiralari tazkiraga ilova va xotima sifatida, ammo asar tarkibiga singdirilgan holda kiritilgan. Buni muallif kitob boshidagi mundarijadayoq ta’kidlab o‘tadi. Endilikda shu ayon bo‘lmoqdaki, Mutribiy o‘z asarlari qoralamasi va Jahongir kitobidan ko‘chirmani Lohurdan o‘zi bilan olib qaytib, keyingi voqealarni ham ularga joy-joyi bilan qo‘shib, asarning yangi tahririni yaratgan. Bu tahrir ham qachondir Hindistonga borib, bir necha bor qayta ko‘chirib yozilgan hamda ulardan bir nusxa bizgacha yetib kelgan. Asarning Jahongirga tuhfa etilgan nusxasi esa hali topilgan emas. Agar bu qo‘lyozma nusxa ham qo‘lga kiritilsa, manbashunoslik nuqtai nazaridan uning alohida o‘z qimmatiga ega bo‘lishi shubhasizdir. 
Xulosa qilib aytganda, shoir va adabiyotshunos olim Mutribiy o‘z zamonasining peshqadam ziyolisi sifatida XVI asr ikkinchi yarmi — XVII asr birinchi yarmida mamlakatda madaniy-ma’rifiy ishlarga bosh-qosh bo‘lgan, ayrim diplomatik yumushlarni ham bajargan. Biroq, afsuski, uning ana shu davr madaniy, adabiy hayotini aks ettiruvchi tazkira asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmasdan kelmoqda. 

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 14-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.