OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hafiz Abdusamatov. “O‘qishli kitob go‘zallikdir...” (2007)

Mehnat va mahorat uyg‘unligidan yaralgan jozibali asarlari bilan mashhur bo‘lgan atoqli adibimiz Abdulla Qahhor adabiyot nazariyasiga oid qimmatli meros qoldirgan. Madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Abdulla Qahhorning merosi jiddiy o‘rganishga loyiqdir.

Ma’lumki, adibning ijodiy faoliyati sho‘ro davrida kechdi. Shunday bo‘lishiga qaramay, u badiiy ijodda ham, estetik qarashlarida ham haqiqatni baralla aytishga harakat qildi va barcha ijodkorlarni shunga da’vat etdi. Bugungi kunda adibning badiiy asarlari qatori, adabiy-tanqidiy maqolalarida ifodalangan estetik qarashlari ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Abdulla Qahhor 30-yillarning oxirlaridan boshlab ijodiy faoliyatining oxirigacha muhim nazariy masalalarga katta ahamiyat berib kelgan. “Soxta faktlar to‘g‘risida”(1940), “Hayot qo‘shig‘i”(1940), “Badiiy ocherk haqida” (1940), “Tortiq”(1940), ”Ijodiy aktivlik sari”(1941), ayniqsa, “Yoshlar bilan suhbat” (1968) kabi kitob, maqola va taqrizlarida Abdulla Qahhorning yuksak nazariy bilimi yorqin namoyon bo‘lgan. ”Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarf qilish kerak emas”, deb bilgan yozuvchi adabiyotni kamsitgan, uning yuksak qudratiga shak keltirgan, qadriga yetmaganlarni ayab o‘tirmagan. “Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi”, degan u.

Yozuvchi qo‘liga qalam olganda, avvalo, o‘quvchilarning yuksak talablariga javob beradigan badiiy asar yaratish lozimligini ko‘zda tutgan va boshqa qalamkashlardan ham shuni talab qilgan. O‘z o‘quvchisini unutgan, uni o‘zidan bilimsizroq deb o‘ylagan ijodkor jamiyat uchun ahamiyatsiz asar yozishi muqarrarligini qayta-qayta ta’kidlagan: “Yozuvchi birpas ham kitobxonni unutishga haqqi yo‘q”.

Adibimiz “san’at san’at uchun” emas, balki xalq manfaatlari uchun xizmat qilishi lozim, degan nazariyaga to‘la amal qildi. San’at va adabiyotning rolini oshirish uchun adabiy brakka hech qachon yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi: “Artelga kostyum buyurgan kishi, — deb yozadi adib, — mashinachi pidjakning yengini teskari qadab qo‘ygan bo‘lsa, bepul o‘nglatib olishi mumkin. Magazindan ensasini qotiradigan adabiy brak sotib olgan kitobxon unday qilolmaydi. Adabiy brak eng o‘tkir tashviqot qurolimiz bo‘lgan adabiyotni beburd qiladi”.

Adabiy brakka yo‘l qo‘ymaslik uchun maqsadni, g‘oyani aniqlab olish lozimdir. Agar yozuvchining maqsadi ravshan bo‘lmasa, aks ettirayotgan voqeaning rostligiga, faktlarning haqqoniyligiga o‘quvchini ishontira olmaydi. Bunday holatda muallif faktlarni qayd etish bilan kifoyalanadi, asardagi g‘oya esa xira tortib qoladi. Abdulla Qahhor maqolalarida bu kabi dolzarb masalalarni oldinga surib: “Yozuvchilik yetti uxlab tushiga kirmagan bir kolxozchi ham biror o‘rtog‘iga xat yozmoqchi bo‘lsa, qo‘liga qalam olmasdan burun, xatda nima demoqchi ekanini aniqlab oladi, yo‘qsa, umuman xat yozmaydi”, deya uqtiradi.

A.Qahhor uchun g‘oya, maqsad yoki niyatning o‘zigina kifoya emas, ularni tashviq qila olish ham zarur. Muallif niyatini, ma’lum bir g‘oyani “tashviq qila bilishi kerak”, deydi u. Tashviqning asosiy shartlaridan biri esa, asardagi faktlarga, voqealarga, personajlar nutqiga kitobxonni ishontira olishdir. Agar o‘quvchi ularga ishonmasa, hatto shubha bilan qarasa ham asarning qimmati yo‘qoladi. Aks ettirilgan hodisalarning, ishtirok etuvchi personajlarning hayotiy va haqqoniyligiga kitobxonni ishontirish uchun muallif ularni asoslashi lozim.

Asoslash — tanlangan voqealarni to‘g‘ri tasvirlash, barcha detallarining ro‘y-rostligiga erishish, ularni o‘z o‘rnida ishlatish demak. Yozuvchi asar g‘oyasiga mos tushmagan qiziq yoki soxta detallar kiritsa, ko‘zlangan maqsadga erisholmaydi. “Qiziq detal, chiroyli parcha shu vaqtda asarning qimmatini oshiradiki, — deydi san’atkor, — shu qiziqligi, shu chiroyliligi bilan g‘oyani tashviq qilishga xizmat qilsa”.

Muallif birinchi planga asar g‘oyasini tashviq qilish va uni asoslash lozimligini qo‘yadi. Asardagi barcha elementlar va hodisalarning g‘oya bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib o‘tadi. G‘oyani “adabiy asarning yuragi”, deb ataydi. “Adabiy asarning g‘oyasi yo‘qolsa emas, hatto susaysa ham, — deb yozadi A.Qahhor, — hech qanday tashqi effekt uni adabiy asar holida tutib turolmaydi. G‘oyaga yetgan zararni hech qanday tashqi effekt to‘ldira olmaydi... Asarning formal tomonlari to‘g‘risida gapirganda, nimani ko‘zda tutamiz? Hech shubhasiz g‘oyani. Asarning formal tomonlari to‘g‘risida gapirganimizda uning asar g‘oyasini tashviq qilishdagi xizmati to‘g‘risida gapirgan bo‘lamiz.”

Shu bilan birga, adib har bir badiiy asardan ma’lum darajada zamon talablarini, hayotning sotsial tomonlarini chetlab o‘tmaslikni ham talab qilgan. “Mayda hikoya yozadigan kishi, — deb ta’kidlagan edi. A.Qahhor, — biror hodisa yoki kichikroq voqea asosida sotsial turmushning biror tomonini, uning mohiyatini ochib berishi... kerak”.

Abdulla Qahhor asarda badiiy so‘zning ahamiyatini juda yaxshi tushungan, asarning shaklini hech qachon kamsitmagan: “Asarning formal tomonlari yaxshi ishlangan bo‘lsa, demak, g‘oya tashviq qilingan, yaxshi asar maydonga kelgan bo‘ladi. Mana shu sababli adabiy asarning maydonga kelishi uchun faqat g‘oyaning o‘zigina kifoya qilmaydi”. Yozuvchi o‘zining ijod yo‘lida til boyliklarini ishlatishda katta muvaffaqiyatlarga erishib namuna ko‘rsatgan. San’atkor o‘zbek tilining boy xazinasidan o‘z g‘oyasini, maqsadini, asarlarining mazmunini ochishda mahoratini namoyon etgan.

Yozuvchi jonli xalq tilidan badiiy asar g‘oyasini ochib berishda, voqelikni tasvirlashda qay tarzda o‘rinli foydalanishni o‘zbek mumtoz adabiyotidan o‘rganishga, bu adabiyot vakillarining boy tajribasini yangi sharoitda davom ettirishga chaqirgan.

Abdulla Qahhor murakkab, uzun jumla tuzishlarga hamda qiyin iboralarni ishlatishga qarshi edi. U asar tilini aniq, ma’noli, o‘tkir, ravshan, burro, ta’sirchan bo‘lishi uchun kurashgan. “Kitobxonda bir fikrni anglatish yoki bir narsani tasavvur qildirish uchun, — deb yozadi adib, — kishining boshini qotirmaydigan, ochiq, ravon va sodda til kerak. Surat oldirayotgan kishi suratga chiroyli va kelishib tushmoqqa behuda zo‘r berib, o‘zining tabiiy holatini buzganday, yozuvchi “chiroyli va qoyil qilib yozishga” behuda zo‘r bersa, adabiy asar uchun zarur bo‘lgan tildagi soddalik, tabiiylik buziladi”. Uning o‘zi bu talablarga to‘la amal qilgan. Natijada yozuvchi jumlalarni lo‘nda, ravon, jozibali tuzishni, katta voqealarni qisqa shaklda bera olishni ko‘rsatgan. Asarda nasihat qilish uslubidan qochish, syujetni ochishga xizmat qilmaydigan biror jumlani ham qo‘llamaslik uning estetik printsipiga aylangan. Xullas, san’atkor estetikasida mazmun bilan shakl egizak sifatida ta’riflanadi.

30-yillarning o‘rtalaridan boshlab A.Qahhor ustozi A.P.Chexovga ergashib, bir qancha kichik hikoyalar yozadi. Yozuvchining bu asarlarida uning Chexov uslubidan ta’lim olgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kichik hikoyalar yozish usulini — obrazlarni aniq, jonli ifodalash, “kaftdekkina” asarda tugallangan syujetni berish, kompozitsiyani puxta tuzish, barcha holat va detallarni real tasvirlash, tilda ixchamlikka erishish kabi “go‘zallik sirlari”ni u ustozidan qabul qilib oladi. Rus mumtoz adabiyoti Abdulla Qahhor uchun buyuk ijodiy laboratoriya bo‘lib xizmat qilgan. “Ulug‘ san’atkorlarning ijodi, — deb yozadi Abdulla Qahhor, — badiiy mahoratimni oshirishda katta maktab bo‘ldi”.

Abdulla Qahhor hayotda va adabiyotda go‘zallikni zavq bilan shunday ta’riflagan edi: “O‘qishli kitob go‘zallikdir... Gulning go‘zalligi esa to‘q go‘zallik, chunki uning bag‘rida hayot bor, shuning uchun u abadiy go‘zallikdir”. San’atkor estetikasining tub mohiyati ham umrboqiy go‘zal asarlarni yaratish uchun kurashishdan iborat.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 16-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.