OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadali Qo‘shmoqov. “Issig‘dir so‘zing, o‘ylakim, yulduzing!..” (2007)

Toshkentda garchi ko‘btur shoiru she’rxonlar,
Onlarni(ng) barchasidan ham nuktadon Xislat.
 
Doim savob ishig‘a urgay o‘zini o‘tdek,
Qayda gunoh bo‘lsa, andin nihon Xislat.

Mirmuhsin Shermuhamedov(1913 yili yozilgan.)

Shunday ijodkorlar bo‘ladiki, ular adabiy-madaniy an’analarni o‘zida mujassam etib, muayyan davr adabiy muhiti ruhini yo‘naltirishga xizmat qiladilar. Shoir Xislat (Said Haybatullohxo‘ja Orifxo‘ja o‘g‘li, Toshkent, 1882 yil 10 may — 1945 yil 7 iyun), umuman, Sharq, shu jumladan, o‘zbek mumtoz adabiyotining ana shunday nurli siymolaridan biri edi.

Yozuvchi Toshqin, yaqindan bilganlarning guvohliklariga suyanib yozadiki, Xislatning buvasi Mahmudxo‘ja katta eshon, buvisi Shamsioyim zo‘r eshonoyim bo‘lgan. Shamsioyimning “xotinlardan 5-6 ming muridi bo‘lib, dong‘i boshqa uzoq shaharlarga ham ketgan edi”. O‘g‘illari — Orifxo‘ja oilasini ham ular o‘z qaramoqlarida olib yurganlar. Buvisi Haybatullohxo‘janing zehni, qobiliyatini sezib, uning tarbiyasiga alohida qaraydi. Uni 7 yoshlarida Ko‘kcha darvozasidagi bir eshonoyiga, 4-5 yil o‘tgandan keyin Roziya otinga topshiradi.

Xislatdagi she’ru shoirlikka havasning yuzaga chiqishi haqida to‘xtalib, Toshqin shunday deydi:

“Xislat 14-15 yoshga kirganda, bir qiz:

Ko‘zlaringning sho‘xiga
Mirrixu Cho‘lpon o‘xshamas, —

degan she’rni takrorlab, yoqimli bir ovoz bilan o‘qiganda, bu she’r Haybatullohxo‘jaga juda yoqib ketib, she’r yozishga havas qo‘zg‘oladi. Kecha-kunduz shuning xayoli bilan savdoyi bo‘ladi. So‘ngra oydin bir kechada quyidagi she’rni yozadi:

Bo‘lsa doim hamdamim bir yori jonon kechasi,
Qo‘l tutib qilsam sayohat mohitobon kechasi”.*

Eshonbuva va eshonoyim tirikligida “murid-muxlislardan nazru niyozlar yomg‘urdek yog‘ib turar edi”. Ular o‘tgach, oilaning moddiy ahvoli nochorlashadi. Bu paytda Xislat uylangan edi. U endi madrasadagi o‘qishini davom ettirolmay, ro‘zg‘or tebratish tashvishiga tushdi. Avval fonussozlik, so‘ng romsozlik va eshik yasash hunarlarini o‘rgandi. Lekin g‘azal mashq qilishdan tinmadi.

Shu vaqtlari Haybatullohxo‘ja Mavlono Kamiyga shogird tushadi. Kamiy unga “Xislat” deb taxallus qo‘yadi, tarbiyalaydi. Yusuf Saryomiy, Muhyi Xo‘qandiy, Sayid Ahmad Vasliy Samarqandiy, Asiriy Xo‘qandiy singari shoirlar bilan tanishtiradi. Xislat Bedil ijodini ham asosan Kamiy yordamida o‘rganadi.

Xislat shu tariqa juda ko‘p shoirlar, san’atkorlar bilan yaqin, do‘stona munosabatga kirishadi. O‘z davri adabiy jarayonining ta’sirli vakillaridan biriga aylanadi. U tuzgan va nashr ettirgan bayozlar — “Armug‘oni Xislat”, “Savg‘oyi Xislat”, “Tuhfayi Xislat”, “Hadyai Xislat” muayyan ma’noda o‘sha davr o‘zbek adabiyotini ko‘zgudek aks ettiradi. Ayni bayozlarning tuzilishi, ularga tanlab kiritilgan asarlar — bevosita va bilvosita ravishda — Xislatning adabiy-estetik qarashlarini ham ifodalab turadi.

Xislat tezda adabiy davralardan o‘ziga munosib joy olib, g‘azallari hofizlar ijrosidan qanot bog‘ladi — Navoiy, Lutfiy, Mashrab, Muqimiy, Furqat g‘azallari qatorida ashula qilib aytila boshladi. Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Akbarqori Haydarov, G‘ulom G‘aniev kabi mashhur hofizlar uning g‘azallarini tarannum etadilar.

Naylaram bog‘u chaman sayrini jonon bo‘lmasa,
Misli tovus silkinib
har yon xiromon bo‘lmasa,
Sarvqomat, orazi gul, xatti rayhon bo‘lmasa,
Chashmi shahlo, o‘zi barno, shohi xubon bo‘lmasa,
O‘lmayinmu hajridin
jismim aro jon bo‘lmasa...
 
Bu jahonda bir pari ruxsor uchun Xislat kabi,
Bormikin afsona bo‘lg‘on yor uchun Xislat kabi,
Ahdi yolg‘on bevafo dildor uchun Xislat kabi,
Kecha-kunduz qon yutub ash’or uchun Xislat kabi,
Oshiqi sodiq emas, olamg‘a doston bo‘lmasa.

Shoirning “Naylaram bog‘u chaman sayrini jonon bo‘lmasa...”, “Qandoq qilay”, “Ey nigorim”, “Oydek to‘lubdur, jono, yuzingiz...”, “Iqlimi devona qilgan bir pari savdosidir...”, “O‘ldim asiring, ey yor...”, “Ey xublar sarosi”, “Ey parivash...”, “Orazingmu yo guli ra’nomidur...” va boshqa g‘azallari mumtoz she’riyatimizning an’anaviy ohanglariga uzviyligi, tuyg‘ularga boyligi, samimiyligi bilan kishilarga hanuz zavq bag‘ishlamoqda.

Xislat milliy proza rivojiga qo‘shgan ijodiy hissa haqida ham muayyan fikrlar bayon qilish mumkin. Filologiya fanlari doktori, professor Hamidjon Homidiy “Xislat “Barzunoma”si” maqolasida (“Toshkeng haqiqati” gazetasi, 1992 yil 24 sentyabr) — “Abomuslimnoma”, “Hotamnoma”, “Temurnoma”, “Somnoma”, “Jahongirnoma”, “Dorobnoma”, “Saidbattoli G‘oziy” singari sarguzasht qissa va romanlar silsilasida — 1914 yili Toshkentda “Qissai Barzuyi sher — farzandi Rustam” nomi bilan bosilgan katta hajmli, mazmuni, kompozitsion qurilishi, obrazlar sistemasi nihoyatda murakkab nasriy asarning bosh syujet chizig‘i, asosiy g‘oyaviy yo‘nalishi va obraz yaratish mahoratiga qisqacha to‘xtaladi.

Maqola muallifi sarguzasht qissa va romanlarda ochilgan Sharq rivoyaviy mavzulari haqida so‘zlab, Firdavsiy “Shohnoma”si asosiy qahramonlaridan biri bo‘lmish Rustami Dostonning nevarasi (ya’ni Suhrobning o‘g‘li) Barzuga bag‘ishlangan talay asarlar mavjudligini eslaydi; X — XV asrlarda forsiy tilda ikkita she’riy “Barzunoma” yozilganini zikr etadi; “Shohnoma” va mazkur “Barzunoma”lardan ilhomlanib, XV asrda yashagan o‘zbek shoir-tarjimonlari Xomushiy va Shoh Hijron o‘z “Barzunoma”larini maydonga chiqarganlari xususida so‘zlaydi. O‘z tadqiqoti xulosalarini bayon qilib, “Asarda Barzu va uning farzandlari, Zol va uning avlodi, Afrosiyob va uning avlodlaridan tashqari yuzdan ortiq bahodir ishtirok etadi. Orada voqealarga turonlik sipohsolor Pironi Visa avlodlari hamda Eron sipohsolori Gudarzi Kashvod, Tusi Navzar shajaralari ham aralashadi. Mana shu obrazlar va o‘nlab hikoyatlar yuksak bir badiiy qudrat bilan yaratilgan. Qahramonlarning g‘ayritabiiy sarguzashtlari, yuzlab shahar, qishloq, chashma, daryo, ko‘llar, bog‘-rog‘lar, qahramonlarning tashqi qiyofasi, ruhiy holatlari g‘oyatda yuksak san’atkorlik bilan chizilgan, turli-tuman badiiy-tasviriy vositalar ishlatilgan. Biz xuddi shu xildagi “Barzunoma”ning forsiy nusxasini qidirdik. Ammo dastxatlar xazinalarida o‘nlab doston va rivoyatlar mazmuni jamlangan bunday kitobni uchratmadik. Garchi asarning bosh qismi mazmuni biroz parokanda bo‘lsa ham, ammo voqea davomida syujet izchillashib, asar kompozitsiyasi barkamollashib boradi.

Har bir obraz o‘zi bir olam, betakror siymo. Biz bahodirlarning olishuviyu alamon janglar tasvirini kuzatar ekanmiz, xalq kitoblariga xos barcha fazilatlar asarda mujassamlanganini ko‘ramiz. Asar nihoyatda ravon yozilgan, zavq bilan o‘qiladi”. “Umuman, bu asar an’anaviy “Barzunoma”lardan tubdan farq qiladi. O‘ziga xos original qissadir”. “Xulosa qilib aytganda, mazkur asar o‘zbekcha “Barzunoma”lar orasida o‘ziga xos yangi bir sarguzasht roman namunasi sifatida jiddiy o‘rganish va qayta nashr etishga arziydi. Bizningcha, uni Xislat bir necha forsiy manbalar asosida qayta yaratgan”, — deydi.

Xislat bir g‘azalida “Qissai Barzuyi sher”ni yozishi jarayonini go‘zal ifodalab bergan:

Bihamdilloh dilimdan ketti qayg‘u,
Yetib itmomig‘a bu “Jangi Barzu”.
 
Edi forsiy tilida nusxa avval,
Aning chun erdi eldin maxfi ushbu.
 
Berib ko‘p siymu zar qildirdi turkiy,
Ani Hoji Iso xushta’bu xushxo‘.
Saxovat bobida go‘yoki Hotam,
Erurlar bazmidin el barcha mamlu.
 
Xati Shavkat xatidur, mulki xatning
Musaxxar aylagan misli Huloku.
 
Tamom o‘lguncha ushbu jangnoma,
Ko‘zumga kelmadi bir kecha uyqu.
 
Xirad maydonida Xislat chopibon,
Tafakkur otini har yonu har su.
 
Dedi solin, z-ro‘yi naqlu itmom,
“Taajjub, doston “Jangi Barzu”.

(Nashrga dotsent U. Dolimov va Z. Abdirashidov tayyorlagan.)

Binobarin, ushbu g‘azalida Xislat “Qissai Barzuyi sher”ning tarjimoni (muallifi) o‘zi, homiysi Isohoji, kotibi Shavkat (Sidqiy Xondayliqiy) ekanini aniq aytadi, asarning yozilish ta’rixini ham havola etadi.

Professor H. Homidiy Firdavsiy “Shohnoma”si va uning turkiy tarjimalari, iqtiboslarini chuqur filologik tahlil qilgan yirik mutaxassis bo‘lib, uning “Qissai Barzuyi sher — farzandi Rustam” asariga bergan yuksak bahosi asosli ekaniga ishonchimiz komil. “Bir necha forsiy manbalar asosida qayta yaratilgan”, “o‘ziga xos original qissa” bo‘lgan bu asar XX asr boshlaridagi o‘zbek nasrining xalq kitoblari yo‘nalishida maydonga chiqqan zabardast bir adib — Xislat haqidagi haqiqatni tiklash uchun imkoniyat yaratadi. Salohiddin Toshkandiy qalamiga mansub — Toshkentda, Ilin bosmaxonasida 1908 yili chop etilgan — “Temurnoma”ning Poyon Ravshanov tomonidan 1990 yili qayta nashr qilinishi ana shunday voqea bo‘lgan edi. Balki “Qissai Barzuyi sher”ning original badiiy asar ekani to‘g‘risidagi ilmiy fikrni birinchi bo‘lib olg‘a surgan professor H. Homidiy uning yangidan bosilishida nashrga tayyorlovchi yoki mas’ul muharrir sifatida ham jonbozlik ko‘rsatar, Xislatning adib sifatidagi siymosi yaqqol namoyon bo‘lishida ham kamarbasta bo‘lar.

Zero, H. Homidiy maqolasi zamiridan uqish mumkinki, “Qissai Barzuyi sher” Sharq adabiyoti, jumladan, uning eng yorqin sahifalaridan biriga mansub — ulug‘ shoir Firdavsiy “Shohnoma”si syujetlarini o‘ziga xos tarzda sintez etish, rivojlantirish natijasida o‘zbek tilida yaratilgan original asardir; uni qayta nashr etish, ilmiy tadqiq qilish milliy nasrimiz ildizlari qanchalar teranligini anglashga ko‘maklashadi. O‘zbek adabiyotining bunday muvaffaqiyatlariga Xislat kabi ko‘pdan-ko‘p fidoyi zahmatkashlarning singgan ijodiy mehnatini ro‘shnolikka chiqaradi.

Xislat ko‘pqirrali faoliyat olib borgan ma’rifatparvar edi. U Umar Boqiy Alisher Navoiyning “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” dostonlari asosida yaratgan qissalarni ham nashr ettiradi.

1940 — 1941 yillar orasida Toshqin va Nasrullo Oxundiy bilan hamkorlikda Nizomiyning “Layli va Majnun” dostonini tarjima qiladi. Uning 740 misrali “Non va halvo” to‘plamini tarjima qilib, bosmaga tayyorlagani ham ma’lum. 4 bayoz tuzib, unda 86 o‘zbek shoirining 230 eng go‘zal she’rini jamlaydi.

Xislat bolalarga atab asarlar bitgan, o‘zbek bolalar adabiyotining shakllanishi yo‘lida ham o‘ziga xos ijodiy xizmat qilgan. Uning Ubayd Zokoniy asaridan ijodiy bahra topib yozgan “Mushuk ila Sichqon” she’riy qissasi ayniqsa mashhurdir.

“Armug‘oni Xislat” haqida to‘xtalib, “Bu bayozda 63 shoirning 118 ta she’ri bor bo‘lib, bularning hammasi To‘ychi hofiz tomonidan ashula qilinadi, — deydi shoirning o‘zi. — U she’rlarning hammasini ustiga “Chorgoh” kuyidami, “Ushshoq” kuyidami — qaysi kuyda ashula qilinishini ham yozib qo‘yilgan...

Mening bayozimga she’rlari kirgan shoirlarning ko‘pi Furqat, Muqimiy va Kamiy singari menga zamondosh shoirlardir. Shuning uchun ham mening bayozlarim XX asrning yarmi va XX asrning boshlarini o‘z ichiga olgan o‘zbek adabiyoti tarixining eng boy va nodir xazinasi hisoblanadi”.

Xislat Mulla To‘ychi hofiz bilan qiyomatlik do‘st edi. U Mulla To‘ychi ijrosidagi g‘azallarni kitob qilib chiqarishni ko‘ngliga tugadi.

Yig‘ib manga bering abyotlaringiz,
Kitob aylay solibon otlaringiz, —

deb maslahat solgan Xislatga javoban To‘ychi hofiz:

Qulog‘imga yaxshi kelur bu so‘zing,
Issig‘dir so‘zing, o‘ylakim, yulduzing, —

deb rozi bo‘ladi. Natijada “Armug‘oni Xislat” (1912 yil) yuzaga chiqadi.

Toshqinning yozishicha, “buni xalq orasiga tarqatish uchun xurjunga solib, bir qancha shaharlarda, ko‘pincha Farg‘ona shaharlarida kezib yurdi. Jumladan, Qo‘qon shahriga olib borganida: “Bunga To‘ychi hofizning suvratini solib chiqaribdur. Kitobga suvrat solish islom shariatiga xilof!..” deb, Qo‘qon mutaassib mullalari ig‘vo ko‘tardilar va Xislatni toshbo‘ron qilib o‘ldirishga fatvo berdilar.

Uni, Qo‘qondagi ba’zi do‘stlari bu fojialik hodisadan xabar topib, kechalab Toshkentga qarab qochirtiribdilar. Bo‘lmasa, ertasiga toshbo‘ron bilan o‘lib ketishi aniq edi”.

Xislat 63 yillik umri davomida hayot achchiq-chuchugini totdi, iztiroblar chekdi, farzandlar dog‘ini ko‘rdi, o‘tgan asrning 1932 — 1933 yillarida yo‘qchilikka ham duch keldi, “och holda qolgan sababli soch o‘sdurib jinnilik e’lon” qildi (Toshqin iborasi), “Selmash” zavodida taxta tildi...

Xislat har qanday holatda ham nazari to‘q, sinini buzmaydigan inson bo‘lgan — Toshqin buni bir voqea misolida shunday tasvirlaydi:

“Bir kun shoir Xislat bir oshnosining uyiga borib qolib, palov pishirayotganining ustidan chiqadi. U oshnosi o‘z oilasiga loyiq osh qilayotgan ekan. Qaradiki, mehmon bo‘lib kelgan shoirga ham palovdan bersa, o‘zlari to‘ymay qoladilar. Shuning uchun o‘choqda yonib turgan olovni o‘chirtirib, hech narsani ko‘rmagandek non, choy qilib, mehmon oldida o‘tira berdi. Shunda shoir Xislat sezib qolib:

Qizg‘onib, o‘rtoq, mendan paloving,
Imlab o‘chirding yong‘on oloving”, —

degan she’rini yozib, dasturxonning ostiga qistirib jo‘nab ketdi”.

Uning ko‘nglida umidlari ko‘p edi. G‘azallari jahonda o‘zidan yodgor bo‘lib qolishini bilar edi. “Yoshligidan birga yurib, birga o‘sgan, shayx Zayniddin bobolik Siddiqhoji (nomli) bir qalin oshnasi Xislat Eshon dedingmi, ko‘zlaridan yoshlar oqib, uning ta’rifiga kirishadi, — deb yozadi Toshqin. — Shoir Xislat unga doim: “Man ming yil yashayman!” — deb yurar ekan. Bu gapga ul tushunmas, ma’nosini undan so‘rashga botinolmas ekan. Men Siddiqhojiga ma’nosini tushuntirdim. Ul manga rahmatlar aytdi va ikki ko‘zidan shov-shuv yoshlar oqizib, shoirning ruhiga Qur’on o‘qib bag‘ishladi”. “... Jonazasiga bir mingga yaqin odam yig‘ilib, tamom izzat va hurmat bilan Shayx Zayniddin boboning gumbazi yaqiniga eltib ko‘mdilar. Uning jussasi yo‘g‘on, yo‘lbarsdek kuchli bir odam bo‘lsa-da, vaqtsiz dunyodan ketishiga 10-11 yillardan buyon davom etib kelayotgan “nafas qisish” kasali sabab bo‘ldi”, — deydi yana Toshqin.

Shoir Xislat adabiy merosi, yuqoridagi ma’lumotlar ko‘rsatadiki, boy va rang-barang. Uni to‘plash, tadqiq qilish, bugungi kun kishilari e’tiboriga havola etish savob bo‘ladi. Ana shunda Xislat siymosi, hech shubhasiz, yangi avlod ko‘z o‘ngida go‘zal shoir, zabardast adib, mohir tarjimon, o‘z davri adabiyotining bilimdon xazinaboni, ma’rifatparvar, hassos, odamiy shaxs sifatida salobat bilan jonlanajak.

Muhammadali Qo‘shmoqov,
filologiya fanlari nomzodi

* Biz ushbu maqolani yozish jarayonida, hurmatli Muzaffar Asadullaev iltifotlari bilan, Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li — Toshqinning “Shoir Xislat” deb nomlangan risolasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldik. Ya’ni Toshqinning ushbu, arab alifbosida “xatti isloh” bilan bitilgan va muayyan vaqt Hamid Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutida saqlangan tabarruk dastxat(avtograf)idan filologiya fanlari nomzodi To‘xtamurod Zufarov 1995 yil mart — avgust oylari orasida ko‘chirgan (5.08.1995 yili tugallangan) nusxasidan foydalandik. Barcha misollar shu manbadan olindi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 19-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.