XIX asrning II yarmi — XX asr boshlarida xalqimiz va yurtimiz rus mustamlakachilari oyog‘i ostida toptalgan, inson oru nomusi, sha’nu sharafi tahqirlangan bir paytda ham Samarqandda kuchli ma’naviy-ma’rifiy, adabiy muhit bor edi.
Behbudiy o‘z davri ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyandasi, Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, buyuk maorifchi, yangi maktab g‘oyasining olovbardori, noshir, teatrchi va publitsist edi. Agar samarqandlik alloma Behbudiy jadid mafkurasining dasturiy ahamiyatga molik nazariy va amaliy yo‘nalishini belgilab bergan bo‘lsa, uning safdoshlaridan Abduqodir Shakuriy butun Markaziy Osiyoda shuhrat topgan yangi usuldagi jadid maktabini asosladi. Sayidahmad Ajziy esa, xalqparvarlik, vatanparvarlik va milliy istiqlol g‘oyalariga yo‘g‘rilgan poetik asarlari bilan butun jadid badiiy adabiyotini yuksaltirdi.
Behbudiy va uning safdoshlari rahnamoligida milliy istiqlol mafkurasi bilan qurollanib, o‘z elu yurti va xalqining ozod bo‘lishi istagida qo‘lga qalam olgan, davrning eng qaltis va nozik masalalarini teran anglab yetgan, butun umrini ilmu ma’rifat, ma’naviyat targ‘ibiga bag‘ishlaganlar davrasida Hoji Muin ibn Shukrullo alohida mavqega ega.
Hoji Muin badiiy adabiyotda zullisonaynlik an’anasini davom ettirgan, o‘zbek dramaturgiyasi hamda jurnalistikasining shakllanishi va rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan iste’dod sohibidir. U Markaziy Osiyo xalqlari hayoti tarixida o‘ta murakkab va ziddiyatli bir sharoitda yashab, ijod qildi, muntazam kuzatish va izlanishlar orqali dunyoqarashini kengaytirdi, davr haqiqatini anglab, uning shohko‘chasidan dadil olg‘a bordi.
Shoir, dramaturg, publitsist, matbuot xodimi Hoji Muin 1883 yili Samarqand shahrining Ruhobod guzarida do‘kondor oilasida dunyoga keldi. Yoshligida yetim qolgan bo‘lg‘usi shoir bir necha muddat bobosi Mirsaid qo‘lida tarbiyalanib xat-savodli bo‘ladi. 1902 yili bobosidan ham ayrilgach hayotning og‘ir yumushlarini o‘z yelkasiga ko‘taradi, eski usul maktablarida dars beradi, ma’lumotini oshiradi, o‘sha davr Samarqand adabiy harakatining sarvari Sayidahmad Vasliydan she’r ilmi, arabcha sarfu nahv sirlarini o‘zlashtiradi.
Hoji Muin eski usuldagi ta’lim davr talablariga javob bera olmasligini va uni isloh qilish zarurligini tezda payqab, asrimiz boshlarida dastlab Xo‘ja Nisbatdor guzarida, keyinchalik boshqa joylarda usuli jadid maktabini ochadi, bu maktablar uchun darslik kitoblari va o‘quv qo‘llanmalarini yozadi, minglab mahalliy aholi bolalarining savodini chiqarib, ma’rifat beradi.
Yoshligidanoq she’r mashq qilib, avval Nahif (Ojiz), keyinchalik Mehriy taxallusini olgan Hoji Muinning birinchi she’riy to‘plami 1914 yili Samarqandda “Guldastai adabiyot” nomi bilan bosilib chiqadi. To‘plamdagi she’rlar asosan tarbiyaviy-axloqiy yo‘nalishda bo‘lib, ularda yoshlar bilim o‘rganishga, ustoz hurmatini saqlashga chorlanadi.
Hoji Muinning yorqin iste’dodi, ayniqsa, uning publitsistikasi va drama asarlarida namoyon bo‘ladi.
M.Behbudiyning eng yaqin maslakdoshi sifatida faoliyat ko‘rsatgan Hoji Muin 1913 — 1914 yillari Samarqandda Behbudiy muharrirligi va muassisligida chop etilgan “Samarqand” gazetasi va “Oyina” majallasida o‘zining dolzarb masalalarga bag‘ishlangan maqolalari bilan qatnashadi, muharrir uzoq safarda bo‘lgan kezlarda “Oyina”ga muharrirlik qiladi.
Hoji Muin faoliyatining o‘ta muhim va salmoqli qismini uning dramaturgiyasi tashkil etadi. XX asr boshlarida tatar va ozarboyjon teatri ta’sirida Markaziy Osiyoda ham sahna asarlari yozishga qiziqish kuchayib ketdi. M.Behbudiy 1911 yili “Padarkush” dramasini yozib, uni ko‘p qiyinchiliklardan keyin 1913 yili chop ettirdi va o‘zbek dramaturgiyasi poydevorini qo‘ydi.
Hoji Muin yaratgan dramatik asarlar faqat muallif yashagan davr uchun emas, balki bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgan emas. Misol uchun uning 1914 yili Milliy taxallusi bilan she’rlar yozgan Nusratillo ibni Qudratullo bilan hamkorlikda yaratgan “To‘y” piesasiga murojaat etaylik.
Asarning qisqacha mazmuni shunday: mahalliy boylardan biri o‘z boyligini ko‘z-ko‘z etish maqsadida katta sunnat to‘yi o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Bunday to‘ylardan manfaatdor bo‘lgan domla-imom, ellikboshi va boshqa eskicha fikrlovchi kishilar uning bu niyatini ma’qullaydilar hamda to‘yni tezroq va kattaroq o‘tkazishni maslahat beradilar. Ilg‘or fikrli ziyoli esa, boyning fikriga qo‘shilmaydi va katta to‘y o‘tkazishning hojati yo‘qligini aytadi. Ammo boy obro‘ qozonish maqsadida boru budini sarflab, oxiri bankdan olgan qarz pullarini to‘lolmay, hibsga tushadi. Behbudiyning “Padarkush” asaridan boshlab ilg‘or fikrli, millat tafakkurida shakllana boshlagan yangicha fikr-qarashlarga ega ziyoli obrazi badiiy adabiyotga kirib keladi. Bu obraz “To‘y”da ham, boshqa dramatik asarlarda ham mahalliy boylar va ulamolar diqqatini davrning eng muhim masalalariga qaratishga, millat taraqqiyoti uchun foydali ishlar bilan band bo‘lishga chaqiradi. Ziyoli ushbu sahna asarida boyni behuda sarf-xarajatlardan o‘zini tiyishga undar ekan, uni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘ladi, maorif ishlariga ko‘mak berishga da’vat etib, aytadi:
“Boshqa millatlar topgan pullarini ilm va maorif, millat yo‘liga sarf qilib, kundan-kun taraqqiy topsalar, jaholat va nodonligimiz sababidan bizlar topgan molimiz, bog‘ va hovlilarimizni to‘y va aza, uloq yo‘liga xarajat qilib, o‘zimizni bir parcha nonga muhtoj va xor qilmoqdamiz”.
Hoji Muin 1916 yili “Eski maktab — yangi maktab”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotin” singari dramalarini chop ettirdi.
“Eski maktab — yangi maktab” H.Muinning jadidlar tomonidan maktab va maorif sistemasini isloh qilish kontseptsiyasini amalda joriy etish yo‘lida qo‘ygan qat’iy qadami edi. Bu kontseptsiyaga ko‘ra, mahalliy aholi vakillari ilmu ma’rifat pog‘onalaridan ko‘tarila borib, savdo-sanoat ishlari, davlat idoralari, boshqaruv tashkilotlariga yo‘l topishlari, rus burjuaziyasi bilan raqobatda g‘olib chiqib, sekin-asta muxtoriyatga erishish ko‘zlangan edi. Tabiiyki, eski usul maktablarini isloh etmasdan, zamonaviy ilmlarni o‘rganmasdan, raqobatbardosh milliy kadrlarni yetishtirmasdan turib bunga erishish mumkin emas edi. Shuning uchun butun jadidchilik harakati, matbuoti va adabiyotining bosh masalasi maktab va madrasalardagi ta’lim sistemasini isloh qilishni ta’minlashdan iborat edi.
Hoji Muinning “Eski maktab — yangi maktab” dramasi Behbudiy tomonidan olg‘a surilgan va jadid harakatchiligining asosiy dasturiga aylangan ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi mulohazalarni badiiy obrazlar vositasida talqin etishga yo‘naltirilgan asardir. Dramada eski maktablardagi ta’lim-tarbiya, o‘qitish dasturlarining yaroqsizligi, muallimlarning o‘ta mutaassib va xasisliklari Mullo Ochildi obrazida ifodalanadi.
Dramada jadid maktablarining afzaliyati va zaruriyatini ko‘rsatishga alohida o‘rin beriladi. Asarda jadid adabiyotida ilk bor Hoji Muin tomonidan mahalliy boylarning ideal obrazi yaratiladiki, buni muallifning katta ijodiy yutug‘i sifatida baholamoq lozim. Asardagi Komilboy obrazi o‘z xarakteri, fikr-tushunchasi bilan “Padarkush” va “To‘y” dramalaridagi boy obrazidan tubdan farq qiladi. U ilg‘or fikrli, yangi usul maktablarining ahamiyatini fahmlagan, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga tayyor turgan davlatmand kishi. U mahalliy boylarning iqtisodiy va madaniy qoloqligidan qayg‘uruvchi, o‘lka, uning aholisi taqdiri va istiqboli uchun o‘ylovchi yangi tipdagi o‘zbek boylarining vakilidir. Shu xususiyatlari bilan u jadid dramaturgiyasidagi boylarga nasihat va maslahat beruvchi ziyoli obraziga o‘xshab ketadi. Uning orzu-intilishlarini quyidagi so‘zlaridan ham bilish mumkin: “Zamonamiz ilmu hunar zamonidur. Ushbu zamonda o‘zga millatlarga asir bo‘lmay rohat bilan yashamoq uchun zamonaviy ilmu hunarlarni bilmoq lozimdur. Hushyor va mutamaddun bo‘lgan millat har vaqt o‘zining huquqini va dinini saqlamoq tariqasini bilib, zamoni kelganda ushbu yo‘lda o‘z jonini fido qilmoqqa hozir bo‘lib turar. Ammo ilmsiz millat boshqalarga asir va oyoqosti bo‘lmoqdan boshqa chora topolmay oxiri jonidan aziz bo‘lg‘on dinidan ham ajralib qolur...”.
Komilboy ushbu inqiroz holatdan qutulish yo‘lini ham yaxshi anglaydi: “Endi bu inqirozdan qutulmoq uchun nima qilmoq kerak? (biroz o‘ylab) Inqirozdan qutulmoq uchun birgina yo‘l borki, u ham maorif yo‘lidan iboratdur. Shohrohi maorifga kirmoq uchun yana bir yo‘l borki, ul yangi maktabdur”.
Hoji Muinning sahna asarlaridan yana biri “Ko‘knori” komediyasidir. Giyohvandlik yer yuzida eng katta fojialardan biriga aylangan hozirgi paytda uning yomon oqibatlarini fosh etuvchi asarlarga ehtiyoj so‘ngani yo‘q. Shu jihatdan H.Muinning ushbu asari hozir ham dolzarb asarlar sirasiga kiradi. Unda muallif bir necha ko‘knorining bir yerda to‘planib turli mavzularda qilgan o‘zaro suhbatlari va bahsu munozaralarini tasvirlash orqali giyohvand moddalar inson aqlini qay darajada xiralashtirishini, fojiaviy oqibatlarga olib kelishini mahorat bilan ochib beradi.
Hoji Muinning 1915 yili yozilib, 1916 yili bosilib chiqqan “Mazluma xotin” nomli to‘rt pardali fojiasi mavzu dolzarbligi, badiiy pishiqligi, yetuk obrazlari bilan o‘zbek jadid adabiyotining qisqa bir davrda yuksak taraqqiyot darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Bu asari bilan dramaturg davr badiiy adabiyotida, aytish mumkinki, ilk bor xotin-qizlar ozodligi masalasini ancha keng darajada o‘rtaga qo‘yadi. Muallif ushbu asari haqida keyinchalik yozgandi: “U zamonlarda birdan ortiq xotin olib, ularga istagancha jabr-zulm qilish oila hayotida eng qayg‘uli va chirkin manzarani tashkil qilardi... Bosilib chiqqan piesalarim orasida o‘z vaqtida menga juda ma’qul bo‘lgani va xalq tomonidan ko‘proq suyilib o‘qilgani shu “Mazluma xotin” edi. Bu asarni o‘ylab yozish chog‘ida o‘z-o‘zidan mutaassir bo‘lib, ikki marta yig‘laganmanki, buni sira unutolmayman. Bu piesa yolg‘iz O‘zbekistonda emas, butun Turkistonda 11 yil muttasil o‘ynalib kelindi. Bu piesa 1920 yilda professor Vyatkin tomonidan ruschaga tarjima etilib, Samarqandda mavqeiy tomoshaga qo‘yildi”.
Asarning asosiy qahramonlari Uzoqboy, uning birinchi xotini yumshoq tabiatli Tansuqoy, Eshonbobo, Uzoqboyning ikkinchi xotini Suyaroy hamda yangi fikrli va to‘g‘ri so‘zli usuli jadidchi Muallimdir. Asar quyidagi manzara tasviri bilan boshlanadi: Uzoqboy choy ichib o‘tirib o‘g‘li Bahovuddinqulni Eshonboboni chaqirib keltirish uchun yuboradi. Monolog: “Qarab tursam jo‘ralarimizning ko‘pisi 2 ta-3 ta, ba’zilari 4 tagacha xotun olub, kayf surub yurubdurlar. Bularning har qaysilari bilan hamsuhbat bo‘lganimda, yangi olgan xotunlarini shunday maqtarlarki, odamning havasi ketub, og‘zidan suyi oqadur. Endi man ham to bir 14 yashar qiz olub kayf qilmasam bo‘lmaydur. Bu xotunim bo‘lsa, 30 larga yetib qoldi. Endi bu minan tirikchilikni mazasi bo‘lmaydir”. Shu asnoda Eshonbobo kirib keladi. Uzoqboy ikkinchi xotin olish niyati borligini Eshonboboga aytib, undan yordam so‘raydi. Eshonbobo bu maslahatdan juda xursand bo‘lib: “Hay-hay... ko‘b yaxshi bo‘ladur, Xudo tavfiqingizni ziyoda qilsun. Xo‘b, ana biz sovchilik xizmatini qilamiz, bu jihatdan aslo parvo qilmang, o‘zingizga munosib qiz topamiz. Xudoga shukur sizning davlatingiz bor. Siz to‘rttagacha xotin olsangiz ham kuchingiz yetadir. Ko‘p xotin olmoqlikning xosiyati juda ko‘p, bolam”, — deydi...
Hoji Muinning sho‘rolar davridagi faoliyati ham sermahsul va rangbarangdir. U 20 — 30-yillar orasida mohir jurnalist sifatida “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining mas’ul muharriri, “Zarafshon”, “Ovozi tojik”, “Qizil yulduz” gazetalarining adabiy xodimi, “Tayoq” va “Mashrab” jurnallarining mas’ul muharriri, “Mushfiqiy”ning mas’ul kotibi vazifalarida ishlab, barakali ijod qildi. Bu davrda u, ayniqsa, hajvgo‘y shoir sifatida o‘nlab yashirin imzolar bilan asarlar yaratdi.
Hoji Muinning tarjimonlik faoliyati ham e’tiborga loyiq. U Fitratning hali Turkiyadaligida yozilgan “Munozara” asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Ayni chog‘da, mashhur tatar adibi Olimjon Ibrohimovning “Teran tomirlar” asarining tojikcha tarjimasi ham uning qalamiga mansubdir.
Hoji Muinning dramaturgiya sohasidagi faoliyati ham davom etdi. Ming afsuski, 30-yillarning alg‘ov-dalg‘ov paytlarida H.Muin tomonidan yaratilgan ko‘plab asarlar har xil sabablar bilan yo‘qolib ketdi. Ular orasida muallifning “Boy ila xizmatkor”,”Maorif qurbonlari”, “Juvonbozlik qurbonlari”, “Qozi ila muallim” singari dramalari ham bor edi. Dramaturg sifatida shuhrat topgan H.Muinning 5 pardali “Maorif qurbonlari” piesasi 1923 — 1925 yillari yozilgan bo‘lib, unda Behbudiy va uning yaqin safdoshlarining fojiaviy hayot yo‘llari tasvir qilingan. Bu sahna asari, muallifning guvohlik berishicha, Samarqand, Buxoro va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida takror-takror sahnaga qo‘yilgan.
Hoji Muinning o‘z qo‘li bilan yozilgan va hozir qizi Salima opa qo‘lida saqlanayotgan tarjimai holida ma’lumot berishicha, u 30 yillik faoliyati davomida 23 gazeta va jurnalda adabiy, ilmiy va ijtimoiy mavzularda taxminan 200 tacha maqola, 400 tacha turli xabarlar va 1500 misraga yaqin o‘zbekcha va tojikcha she’rlar yozgan. Ana shunday noyob iste’dod sohibi, boshqa ko‘plab adiblar qatori, shaxsga sig‘inish qurboni bo‘ldi. U “xalq dushmani” sifatida 1938 yili qamoqqa olindi va 1942 yilning 21 iyulida Perm viloyatining Solikamsk shahridagi qamoqxonada vafot etdi.
Hoji Muin o‘zining mazmundor hayoti, sermahsul ijodi va ishlari bilan xalqimiz qalbida o‘chmas iz qoldirgandir. Uning mavjud asarlarini nashr ettirish, noma’lumlarini izlab topish va o‘rganish, maktab o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari va keng jamoatchilikni bu noyob iste’dod sohibining ijodi bilan kengroq tanishtirish adabiyotshunoslar, ma’naviyat va ma’rifat jonkuyarlarining burchidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 22-23-sonidan olindi.