OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Imomnazarov. Jahon tan olgan shoir (2003)

Milliy ma’naviyatimizning teran tomirlari ham zamoniy, ham makoniy jihatlariga ko‘ra ulug‘ ummonlardan bahra olganligi shubhadan xolidir. Tarixning dolg‘ali davrlarini boshdan kechirgan yurtimiz o‘g‘lonlari turli zamonlarda jahonning turli o‘lkalarida umr kechirib, nafaqat o‘z milliy madaniyati, balki umumjahon ma’naviy kamolotiga ko‘zga ko‘rinarli hissa qo‘shishga muyassar bo‘ldilar, shu bilan birga, boshqa xalqlar milliy madaniyatini ham boyitdilar.  Shunday umuminsoniy mavqega erishgan ulug‘ ustozlardan biri bu yil tug‘ilganiga 750 yil to‘lgan hind forsiyzabon she’riyatining charog‘on yulduzi Amir Xusrav Dehlaviy bo‘lib, bo‘lg‘usi shoirning otasi Sayfuddin Mahmud XIII asr boshlarida O‘rta Osiyoga yopirilgan Chingizxon qo‘shinlarining balosidan o‘z elatini saqlab qolish maqsadida vatani Shahrisabzni tark etib, Hindiston sari yuzlangan edi. Ma’lumki, XII asr boshlarida Hindistonda turkiy sulolalar hukmronlik qilar edi. Amir Sayfuddin Mahmud ushbu Dehli sultonlaridan Shamsuddin Eltutmish qo‘shiniga xizmatga kirdi, uning harbiy ayonlaridan birining qiziga uylandi va qator farzandlar ko‘rdi. O‘g‘illarining kenjasi 1253 yilda Dehli yaqinidagi Mo‘minpur (Patyoli) qal’asida dunyo yuzini ko‘rgan Yaminuddin Xusrav edi.
Mo‘g‘ul istilochilari Hindistonni ham tinch qo‘yganlari yo‘q. Bo‘lg‘usi shoir 8 yoshga kirib-kirmay, otasi bosqinchilarning navbatdagi hamlasini daf etar chog‘ida jangda halok bo‘ldi. Yosh Xusrav bobosi Imodulmulk va onasi Davlatnoz qo‘lida tarbiya topdi. U o‘sha davr ilm-fanining turli sohalari bo‘yicha keng va chuqur bilim oldi, go‘daklik chog‘idan she’riyatga astoydil ixlos qo‘ydi. Amir Xusrav yoshligidan turk, hind, arab va fors tillarini mukammal o‘zlashtirgan edi. U an’anaga binoan, asosan, fors tilida ijod qilgan bo‘lsa-da, hind, arab tillarida ham she’rlar yozganligi ma’lum.
Amir Xusrav Dehlaviy umri davomida 5 devon, 9 yirik doston, bir qator yirik tarixiy va nazariy asarlar yaratdi. 5 devonga uning 2 mingdan ziyod g‘azali, 273 qasida, yigirmaga yaqin masnaviy, 1200 dan ortiq ruboiy, 500 ga yaqin qit’a va boshqa janrlardagi bir qancha asarlari jamlangan. Shoir o‘zini g‘azalda Sa’diy, qasidada Sanoiy, Anvariy, Hoqoniyga shogird deb bilsa, voqeaband dostonlar yaratishda asosan Nizomiyga ergashadi.
Amir Xusrav ijodiy takomilini shartli ravishda ikki davrga ajratish mumkin. Birinchi davr uning g‘azalnavis va qasidanavis shoir sifatida Dehli sultonlari tasarrufidagi hind o‘lkasida shuhrat topishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu davrda “Tuhfat us-sig‘ar” ("Yoshlik tuhfasi") va “Vasat ul-hayot” ("Hayot o‘rtasi") lirik devonlari yaratildi, uchinchi devoni “G‘urrat ul-kamol” ("Kamolot nishoni") ga asos solina boshlandi. Bu davrda, ba’zi kichik masnaviylarni hisobga olmaganda, hali shoir ijodiga epik ko‘lam xos emas edi. Ikkinchi davr shoirning ijodiy barkamol yoshida, turmushning achchiq-chuchugini rosa tatib, she’riyat shaydosi shahzoda Muhammadqoon saroyida do‘sti Hasan Dehlaviy bilan she’rxonlikda kechirgan farahli kunlarni ham, mo‘g‘ul bosqinida tortgan asirlik azoblarini ham bosib o‘tib, yetarli ijtimoiy tajribaga erishgan o‘ttiz olti yoshlik chog‘idan boshlanadi.
1289 yilda Amir Xusrav o‘zining ilk yirik epik asari, 3900 baytdan oshiqroq hajmdagi “Qiron us-sa’dayn” dostonini yaratdi. Zamona hukmdori Muiziddin Kayqubod topshirig‘i bilan yozilgan ushbu doston mavzui o‘sha davr tarixiy hodisalaridan hikoya qiladi. Unda bobosi vafotidan keyin Dehli sultonligini egallagan Kayqubod bilan uning otasi Bangola hukmdori Nosiriddin Bug‘roxon orasida bo‘lib o‘tgan taxt talashuv mojarolari batafsil tasvir etiladi. Voqealar nihoyasida “Qiron us-sa’dayn” ("Ikki saodatli yulduzning uchrashuvi") yuz beradi, ya’ni ikki hukmdor – ota va o‘g‘il orasida boshlangan nizo sulh bilan tugallanadi. Shoirning asariga romantik ruh bag‘ishlagan g‘oya bu notinch dunyoda dushmanlikning do‘stlikka, g‘ayirlikning mehrga aylanuvi orzusi edi.
Shoirning epik yo‘nalishda qo‘yilgan bu birinchi jiddiy qadamida hali rubobiy (lirik) kayfiyat kuchli, shakliy rang-baranglikka o‘chlik seziladi. Dostondagi sarlavhalar – she’riy, fasllar o‘z ruhiga mos lirik g‘azal bilan yakunlangan. 
Amir Xusravning epik qahramon yaratishdagi bu dastlabki urinishlari keyingi bosqich – “Xamsa” dostonlariga o‘tishda yaxshi tajriba maktabi bo‘ldi. 
Oradan yillar o‘tdi. Xiljiylar sulolasining birinchi vakili Jaloliddin Firuzshoh shoirni e’zozlab, amirlik unvoni berdi. Amir Xusrav ham uning shon-shavkatini, mo‘g‘ullar bilan janglarini 750 baytli “Miftoh ul-futuh” ("G‘alabalar kaliti") masnaviysida vasf etdi. Lekin bu tarixiy epik yo‘nalishdagi asar yirik dostonlar qatoridan o‘rin olmadi, balki shoirning boshqa kichik masnaviylari qatorida 1294-96 yillarda tartib berilgan uchinchi devoni tarkibiga kiritildi.
Nihoyat, kamolot yoshida, sulton Alouddin Xiljiy zamonasiga kelib, shoirning epik ijodi yangi bosqichga ko‘tarildi — u 1298 yildan “Nizomiy panjasiga panja urmoq”qa jur’at etib, “Mahzan ul-asror”ga javob tariqasida “Matla ul-anvor” ijtimoiy-didaktik dostonini yozishga kirishdi.
Doston yigirma maqolatdan iborat bo‘lib, birinchi maqolat inson martabasining ulug‘ligi haqidadir. Amir Xusrav insonning buyukligiga sabab uning butun jahonni o‘ziga sig‘dira oluvchi qalb boyligida, deb biladi: “Odam tanasi, — deydi u, — shu sababdin bir jahonga teng ko‘riladiki, u ko‘ngil maydoniga egadur. Bo‘lmasa bir qism tuproqning qo‘lidin nima keladi, u falaklarni etagi ostiga qamrab ola bilarmidi?!”
“Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Shirin va Xusrav”da Dehlaviy yaratgan Shoh timsoli Nizomiy dostoni qahramonidan butkul farq qiladi. Agar buyuk ozarboyjon shoiri o‘z qahramonini ko‘ngli sof insoniy tuyg‘ulardan xoli bo‘lmagan shahzoda yigit sifatida tasvir etgan bo‘lsa, Dehlaviy dostonida hukmdor toifasining individuallashgan qiyofasi gavdalantirilgan. Undagi Xusrav — shoh, hukmdor. Uning butun xatti-harakati ijtimoiy mavqei bilan belgilanadi. Uning insoniy xususiyatlari hukmdorlik mavqei, imkoniyatlariga ko‘ra o‘zgarishga uchraydi. Uning yondashuvida insoniy ishq shahvatparastlikka aylanib ketadi, yoriga fidokorlik, tuyg‘ular sobitligi esa toju taxtni xor qilish ehtimolini paydo qiladi. Shunday qilib, ishq va toj ziddiyati asarning bosh mavzui darajasiga ko‘tariladi. Amir Xusrav Chin shahzodasi Farhod timsolini ibrat qilib ko‘rsatadi. 
“Majnun va Layli” dostoniga mavzu bo‘lgan g‘ussali fojia, sahroyi arab yigiti – shoir va devona Qaysning o‘z Laylosiga muhabbati va sadoqati necha marta kuylanmasin, baribir har safar kishi qalbini larzaga soladi. Dehlaviy qalamiga mansub asar ham ko‘zda yosh va dilda nur bilan o‘qiladigan chin mehr tarannumidir. 
Amir Xusrav dostonidagi oshiq va ma’shuqa uchrashuvi tasvirlangan epizod, ayniqsa, ta’sirlidir. Doston qahramonlarining ishqi muayyan, hayotiy, insoniy muhabbat edi. Ammo bu muhabbat nihoyatda poklik bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, asar oxirida mo‘ysafidlar “Xudoning mo‘‘jizasi” deb talqin qilgan bu muhabbatda aslo shahvat g‘alaba qila olmasdi. Majnun va Layli o‘g‘rincha, muvaqqat, g‘ayriqonuniy visolga intila olmasdilar, ular bunga qobil emasdilar, zero, bu pok insonlar nazdida munosib tuyg‘u emas. Shuning uchun oshiqlar qalbi naqadar olovli ehtiroslarga limmo-lim bo‘lmasin, ular orasidagi iffatu odob chegaralari ham shunchalik yuksak edi. Ulug‘ ustozlar merosiga boqiylik baxsh etuvchi yuksak haqiqatlar, “ilohiy mo‘‘jizalar” ayni shunday tasvirlarda namoyon bo‘ladi. Shoirning o‘zi bu haqda “Olloh xazinasidan bir sir”, deyish bilan kifoyalanib qo‘ya qolgan.
Nizomiy “Xamsa”sining to‘rtinchi dostoni shoh Bahromning sarguzashtlaridan hikoya qiluvchi “Haft paykar” (“Yetti go‘zal") bo‘lsa, Amir Xusrav salafi tartibini buzib, Iskandar haqidagi dostonni to‘rtinchi o‘ringa ko‘chirdi. Bu jangnoma yo‘nalishidagi asarda Amir Xusrav o‘z salafi Nizomiy aytganlarini qaytarmoqchi emas, balki uning tasviridan tushib qolgan yoki noto‘g‘ri talqin qilingan o‘rinlarni, “yatim” durlarni (“durri yatim” – shahvor, yirik marvarid ma’nosini ham bildiradi) bir joyga yig‘ib, kitobxonga taqdim qilmoqchi bo‘ladi.
“Oyinai Iskandariy” (“Iskandar ko‘zgusi”) deb nomlangan ushbu dostonning asosiy qismi “davlat” tushunchasini sharhlovchi kichik didaktik bob bilan boshlanadi. O‘rta asr kishilarining dunyoqarashida “davlat” tushunchasi katta mohiyat kasb etgan. U ham “omad”, “taqdir inoyati”, ham “mol-dunyo”, ham “hokimiyat” ma’nolarini o‘zida jamlab kelgan. Ilg‘or fikr namoyandalari esa uni insonning ichki ma’naviy boyligi ma’nosida ham talqin qilganlar. Asarning asosiy g‘oyasi shuki, “O‘zgalarga sitam yetkazuvchi baxtli va shodon hayot egasi bo‘la olmaydi, chunki baxt va davlat qarzga olinmaydi”.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Amir Xusrav “Xamsa”sining beshinchi dostoni “Hasht bihisht” (“Jannatning sakkiz bog‘i”)da uning ijodi suv ichgan sarchashmalar – Markaziy Osiyo, fors va hind unsurlari o‘zaro ajoyib bir uyg‘unlik hosil qilgan. Bokachchoning “Dekameron”idan 50 yil burun yozilgan ushbu asar qahramonlarining g‘aroyib va rang-barang sarguzashtlari, ertaknamo sehrli mujassamalar, gapiruvchi to‘tilar, kishilar jonining tanadan tanaga ko‘chib yurishlari, hazilomuz “shumliklar”, uddaburonliklar, bir tomondan, Turkiston xalq ijodi uchun nihoyatda xos bo‘lgan kinoya, ko‘pma’noli va tagdor jumla qurish uslubini, xalq kitoblaridagi mashhur ayyorlarning qilmishlarini eslatsa, ikkinchi tomondan, mahalliy hind xalqining urf-odatlari, xurofiy va asotirlik tushunchalari, beqiyos go‘zal san’atini esga soladi. Amir Xusrav qissalarida oddiy fuqaroning uddaburonligi va yaratuvchilik qudrati, hunar ahlining aqli va idroki shoh saroyi va uning xo‘jalariga xos ma’naviy tubanlik, irodasizlik va tuturuqsizliklarga qarama-qarshi qo‘yiladi.
Alisher Navoiy o‘z dostonlari haqida “zohir yuzidan afsona” degan edi. Ming afsuski, darhaqiqat, o‘tgan asr avlodiga buyuk ustozlarning nazm durdonalari ushbu “afsona” darajasida, yuzaki talqin etilib, tushuntirib kelindi. Bugungi mustaqillik, hurlik zamonida endi ma’naviyatimizning asl mohiyati haqida ochiq-oydin gapirish, fikr yuritish imkoniyati mavjud ekan, o‘tmish ustozlar ijodiga jiddiyroq nazar tashlash, ular mohiyatining teranroq tahliliga o‘tish o‘zimiz uchun ham, yosh avlod ma’naviy tarbiyasi uchun ham ayni farzdir.
Amir Xusrav “Xamsa”ning so‘nggi dostoni “Hasht bihisht”ni 1302 yilda tugatdi. Oradan 14 yil o‘tib, 1315-1316 yillarda shoirning yana bir shoh asari — “Do‘valroni va Xizrxon” dostoni yaratildi. Unda tarixiy shaxslar – Dehli sultoni Alouddin Xiljiyning katta o‘g‘li Xizrxon va Gujarot rojasi Karnning qizi Devaldining bir-biriga muhabbati ehtirosli misralarda tasvir etiladi. Xizrxon – turk-musulmon shahzodasi, Devaldi – asira hind malikasidir. Ular bolalikdan birga o‘sib, bir-biriga mehr qo‘yganlar, ammo bo‘yi yetgach, ularni ajratishadi. Ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tib, sevishganlar bir-birlarining visoliga yetadi, biroq yana saroy fitnalari, toshbag‘ir sulton va uning firibgar a’yonlari oshiq Xizrxon boshiga kulfatlar keltiradilar. 
E’tiborga sazovor jihati shundaki, Amir Xusrav o‘z dostoniga taxtdan mahrum etilgan shahzodani qahramon qilib oladi, o‘zi saroy shoiri bo‘lgan davr hukmdorlari – sulton Alouddin va Qutbiddin Muborakshoh xatti-harakatini esa ochiqdan-ochiq qoralaydi. 
 “Nuh sipehr” ("To‘qqiz osmon qabatlari") dostonini Amir Xusrav 1318 yilda Qutbiddin Muborakshohga bag‘ishlab yozdi. 4509 baytli bu asar yagona syujet asosiga qurilgan emas. Uning to‘qqiz fasli aruzning to‘qqiz bahrida yozilgan bo‘lib, mundarijasi ham xilma-xildir. 
Ulardan “uchinchi sipehr” alohida diqqatga sazovor bo‘lib, uni ma’lum ma’noda “Hindiston qomusi”, deb atash mumkin. Bu fasl boshdan-oyoq shoirning tug‘ilib o‘sgan vatani madhiga bag‘ishlangan. Unda o‘lkaning tabiati, obu havosi, nabotot va hayvonot dunyosi, odamlari vasf etiladi, turli tashbeh va majozlar asosida bu yurtning o‘zga iqlimlardan afzalligi mubolag‘a etiladi. Ushbu faslda Amir Xusrav arabiy, forsiy, turkiy tillarni jahon tillari sifatida turli o‘lkalarda keng tarqalganligini qayd etib o‘tadi, arabiy va turkiy tillarning barcha sarfu nahv qonun-qoidalari, ulardagi lug‘aviy qonuniyatlar bilimdonlar tomonidan puxta ishlab chiqilganligini esga oladi. Turkiy, rumiy va dariy tillarini yaxshi egallagan kishi ikki jahonni egalladi, desa bo‘laveradi, deb xulosa qiladi shoir. 
Amir Xusravning tarixiy dostonlarini o‘qir ekan, odam beixtiyor Yevropa Uyg‘onish davrining buyuk dahosi Vilyam Shekspirning dramatik xronikalarini eslaydi. Bu jihatdan, ayniqsa, shoirning oxirgi dostoni “To‘g‘luqnoma” yorqin namunadir. Undagi voqealar ham navbatdagi saroy fitnasining tasviridan boshlanadi. Amir Xusrav hayoti davomida Dehli saltanatida to‘qqiz hukmdorning taxt almashuvini kuzatdi. Saroydagi xiyonat va razolatni, shafqatsiz xunrezliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va dostonlarida ro‘yi rost aks ettirdi.
Dehlaviy umri oxirida “Baqiya un-naqiya” ("Saralarning sarasi") va “Nihoyat ul-kamol” ("Kamolot cho‘qqisi") devonlarini tuzib, lirik merosini 5 devonga birlashtirdi. 
Dehlaviy uchinchi devoni “G‘urrat ul-kamol” debochasida ustod shoirlar “so‘zining ma’no va aytilish tarzida” sufiy va muzakkar (ya’ni tarbiyachi, muallim)lar yo‘nalishidan farq qilishi zarurligini uqtirgan edi. O‘zi ushbu qoidaga qat’iy rioya qilib, Nizomiy an’analariga qayta ruh bag‘ishlagan holda, inson ma’naviy kamolotini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi bir yo‘nalishga asos soldi.
Amir Xusrav ijodi XV asr Hirot adabiy maktabi doiralarida juda mashhur bo‘ldi. Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-Shuaro” asarida shoir hayotiga oid muhim ma’lumotlar uchraydi. Abdurahmon Jomiy devonlariga tartib berishda Dehlaviy izidan bordi. Alisher Navoiyning ijodiga uning barakali ta’siri haqida yuzlab sahifalar bitsa bo‘ladi. Navoiy Xusravni “Xamsa”chilikda ustozlardan hisoblasa, devon debochalarida rubobiy iste’dodiga tasanno aytadi. Foniy sifatida g‘azallari va falsafiy qasidalariga tatabbular bitadi. 
Umuman, Sharq she’riyatining keyingi rivojini Amir Xusrav ta’sirisiz tasavvur qilish qiyin. Shu sababli ham keyingi asrlarda Hindistonda, Eron va Afg‘onistonda, sobiq Sovet Ittifoqida shoir ijodiy merosini o‘rganish va asarlarini nashr qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, jahon miqyosida o‘tkazilgan shoir tavalludining 700 yillik tantanasi munosabati bilan Moskvada “Xamsa” dostonlari, Dushanbeda “Do‘valroni va Xizrxon” asarining ilmiy-tanqidiy matnlari fors alifbosida nashr etildi. Shoir hayoti va ijodi, ayrim asarlari haqida A.A.Starikov, G‘.Yu.Aliev, M.Baqoev, T.Muharramov va boshqa qator olimlarning tadqiqotlari yuzaga keldi. O‘zbek tilida I.Nizomiddinov, Sh.Shomuhamedov va B.Musaev, J.Mirsaidovning risolalari, shoir asarlaridan ba’zi namunalar bosilib chiqdi. 1989 yilda ushbu satrlar muallifining shoir dostonlari tavsifiga bag‘ishlangan “To‘qqiz osmon yulduzlari” risolasi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda bosib chiqarildi. 

Muhammadjon Imomnazarov, filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 41-42-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.