Oybek
Nega uning ovozi hazin, tabassumi siniq edi? Hatto mag‘rur nigohida ham kishini o‘ylantiradigan ma’yuslik yashirin... Lekin hech kimga o‘xshamagan xokisorlik — vazminligida qandaydir aslzodalik ham bor edi-ki, hamisha g‘amgin, ammo ulug‘vor ko‘rinardi.
Huzuriga bormasimdan oldin adabiyotshunos Shuhrat Rizayevning: “Hayotda qanday og‘ir, vazmin, kamgap bo‘lsa, san’atda ham shunday yashab kelyapti. Ammo uning iztirob va og‘riqlar bilan limmo-lim qalbini, dod solsa, isyon ko‘tarsa, dunyoni buzarlik qudrati, quvvati borligini Rimma Ahmedova san’atidan tom ma’noda bahra olgan nozik fahm va didli ixlosmandlar hamisha sezib yurishadi. Agar o‘zbek aktyorlik san’atida Rimma Ahmedovaning faqat u bilangina barhayot o‘rni bor desam haqiqatga yaqinlashgan bo‘laman. Bilmadim, har qalay menga o‘tgan va o‘tmagan ayol aktrisalarimiz ichida Rimma Ahmedova degan hodisa eng mahobatlisi bo‘lib tuyuladi. Chunki u hech qachon tomoshabin ketidan yurmaydi, ergashmaydi, balki aksincha ergashtiradi, undan balandroq yuradi. ...U ko‘p narsaga faylasuf nigohi bilan qaraydi. Dunyo ishlarini faylasufona mushohada etadi.”1, deya ko‘nglining tub-tubidan chiqqan samimiy e’tirofini qayta-qayta yuragimdan o‘tkazdim. San’atkorning ruhni ibodatga keltiruvchi, ha-ha, aynan ibodatga keltirib, poklovchi ovozini eshitish uchun bahoga haddan tashqari xasis, tajang domlaning sabog‘ini qoldirib, yurak hovuchlagancha “Inson qalbi haqida qissa” filmini ko‘rgan kunimni hamon qo‘msayman. O‘shanda men anglagan birdan-bir haqiqat shu ediki, film qahramoni — tuyg‘ular olami boy bemor shoiraning xasta, lekin hassos yuragi aslida birgina ovozi bilan uning obrazini yaratayotgan San’atkorim ko‘ksida urib turardi. Shu sabab bo‘lsa kerak, garchi dublyaj san’atida ikki mingga yaqin obrazlarni yaratgan bo‘lsa-da, Rimma opa yillar davomida o‘ziga ham qadrdon bo‘lib qolgan beg‘ubor Natasha Rostova bilan nozik qalbli o‘sha shoirani ayricha mehr bilan eslab keldi. Chunki bu qahramonlarning dardi, shikasta tuyg‘ulari unga begona emas edi...
Bu Ayollar dunyosida kamalakning turfa ranglarini eslatuvchi insoniy xislatlar, gohida aqldanda yuksalgan hissiyot, tuyg‘ular nafisligi bilan bog‘liq ichki hamohanglik mujassam. Bir necha yillar oldin aktrisaning betobligini eshitishim bilanoq o‘zi ardoqlagan o‘sha Shoiraning dardmand yuragi qulog‘im ostida urayotgandek bo‘lgandi. Ko‘z oldimda iltijoli nigohlarini o‘zining suyukli jarrohidan bir zum ham uzolmayotgan, ikki o‘t — burch va muhabbat olovida qovrilayotgan, bedavo dardga yo‘liqqan Ayolning shoirona qiyofasi gavdalangandi. Nima uchundir uning o‘zini uchratguncha ko‘proq shu holatda tacavvur qilar edim...
...Istarasi nihoyatda issiq, tuyg‘ulari parishon yuziga mayin qalqib chiqqan, mahzun qiyofali, har qanday holdayam dilbarligicha qolgan, sochlari kumushga aylangan ma’suma Ayol. Uning muhabbatga aylangan ma’yus ko‘zlarida yurakni uyg‘otadigan iliq harorat mujassam. Aktrisaning o‘ychan qiyofasiga yoshlikka xos lirika ham singib ketgan edi. Bu uning nihoyatda nozikxayol ekanidan darak berardi. Mana shu holatda ko‘nglimni nayning dilo‘rtar navosidek titratdi. Va bu hazin kuy ko‘magida go‘yoki yuragimni kaftimga olib tomosha qilgandek bo‘lardim... Ha, ahyon-ahyonda bu naydan ko‘ngil qulfini ochib tashlaydigan o‘ynoqi-sho‘x navolar yangrardi. Barcha iste’dodli insonlar singari yumor tuyg‘usi u uchun ham begona emas edi. O‘z holatidan kula olardi, kulgandayam mazza qilib, yayragancha armonsiz kulardi. Ba’zan biz dardidan ma’yuslanib qolsak, o‘zini “aybdor” sezib xijolat chekar, “meni kechiringlar” degandek iltijoli boqardi. Munosabatlarimizda yoshimizdagi qirq yillik masofa hech sezilmagan, oldida o‘zimni nihoyatda erkin sezardim, yuragim erk sharobidan to‘yib ichayotgandek bo‘lardi. Har gal suhbatlashganda amin bo‘lardimki, bu ayolda kamdan-kam odam erishishi mumkin bo‘lgan, har qanday chiroydan-da yuksak, turmushning telba shamollaridan g‘olib ruhiy yuksaklik mavjud edi. Aktrisaning o‘y-mulohazalari hech qachon keksalik nishonasi bo‘lmish pand-nasihatga aylanmadi. Hayotni ayricha muhabbat bilan sevib, uni teran tushunar, nazarimda bu tuyg‘uni so‘nggi lahzacigacha suhbatdoshlariga ham yuqtirgisi kelardi.
Unga otasini ko‘rish nasib etmadi. Sayramlik Anor xola kenjatoyi Ashurni urushga jo‘natayotganida, o‘g‘li vagon derazasidan boshini chiqarib: “Aleksandrani asranglar, bo‘yida bolasi bor!” deya ovozi boricha baqiradi. Bu o‘g‘ilning onaga aytgan oxirgi o‘tinchi edi. Oradan oylar o‘tib farzand dunyoga keladi. Aleksandra qizaloqqa erta ketgan dugonasining xotirasi uchun Rimma deb ism qo‘yadi. Anor xola esa kenjatoyining tirik vasiyatini hech kimga ishonmas, uni Irisoy deb chaqirar, “chirog‘im” deb erkalatardi.
Aleksandra turmush o‘rtog‘ini o‘n bir yil kutadi. Taqdirga tan bergan ona: “Bolam, shuncha kutding, uvolingga qolmay, turmushga chiq,” deya keliniga ruxsat beradi. Biroq Ashurginasining yolg‘iz yodgorini o‘zi bilan olib qoladi. Nevarasi ko‘nglining kemtikligi bilinmasin deya eski shahardagi bozorda tarozibonlik qilib neki tansiq narsa ko‘rsa nuridiydasiga ilinadi. Bola onamning oldiga boraman, desa ham yolg‘iz yuborishga ko‘zi qiymas edi. Negaki, boshqa turmush qurib, ketma-ket farzandlik bo‘lgan Aleksandraning tinch turmushiga xalal bergisi kelmas edi. “O‘zimcha oyim(buvim)dan ko‘p ranjirdim, — deya eslaydi Rimma opa. — Institutda o‘qib yurgan kezlarim tadbirlar — ijodiy kechalar tez-tez bo‘lib turardi. Shunda gohida kechgacha qolib ketar edik. Uyga qaytayotganimda, qachon qaramay oyim ko‘chaga chiqib, meni kutib o‘tirardilar. Xoh qahraton qish bo‘lsin — xoh yoz. Men esa u kishini urishaman “Oyi, mahalladagi ayollarga gap ko‘paytirib nima qilasiz: “Boyaqish, kechgacha Irisxonni kutib ko‘chada diydirab o‘tiribdi” deyishadi...”
Kunlar oylarga aylandi, oylar esa yillarga... Yigirma yoshida u ham buvisidan, ham onasidan judo bo‘ldi. Mana shu judoliklardan so‘ng biz uchun tanish bo‘lgan nigohiga qayg‘uning ilk soyasi tushdi. Bora-bora bu soya chuqur mungga aylandi. Hatto o‘zini baxtiyor sanagan lahzalarda ham uning nigohini tark etib ketolmadi.
“Ma’rakalari o‘tgach, institutdan kelayotsam, rahmatli oyim mung‘ayibgina meni kutib o‘tiradigan simyog‘och ostidagi kursicha bir chetda ag‘anab yotibdi. Uy qop-qorong‘i. Ko‘nglim kabi yilt etgan yorug‘lik ham yo‘q... Shunda Kimni yo‘qotganimni anglab yetdim. U kishi: “Chirog‘im, mendan xafa bo‘lma. Bir kun kelib afsuslanishingni hech xohlamayman. Unda kech bo‘ladi. O‘z holimga qo‘y meni. Qo‘shnilar gapi bilan ish qilmayman-ku! Ko‘chaga chiqib seni kutishga kuchim yetyaptimi, bu ham g‘animat. Lekin, bolam, shuni bil, seni mendek hech kim kutmaydi. Boshingga tushganidabilarsan,”der edilar. Buvimni vafot etganlaridan keyin tushundim... Endi esa har tong uyg‘onib u kishining ruhidan kechirim so‘rayman: “Oyijon, men g‘ofilni kechiring, mana bugun men ham sizning ahvolingizga tushdim.” Nazarimda, hali ham u kishi «Iris bolam, qiynaldingmi”, deb mo‘ltirab turganday...”
Biroq hayot dovonlari Anor xola dilbandini can’atning arzandasiga emas, haqiqiy farzandi — mehri uchun jazoga mahkum etilgan jafokash Kordeliyasiga aylantirdi. Aktrisa ham bir vaqtlar sahnada obrazini yaratgan qahramonidek tuyg‘ularini oshkora namoyon etavermas, meniki-seniki deya sahnani kurash maydoniga aylantirmasdan o‘z sukutiga g‘arq bo‘lgancha, ichki savollariga javob izlardi. Rimma Ahmedova sahnada chuqur fojiaviy obrazlar yoki o‘tkir dramatizm ruhidagi qahramonlarni hamda komik rollarni yaratayotganda faqat bir narsani — tomoshabinlar aktrisaning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni emas, chunki bu so‘zlar muallifniki, aktrisa qalbiga quloq solishini, shu so‘zlarni aytayotganda qanday og‘riqlarni o‘zidan o‘tkazayotganini tushunishini orzu qilar edi. Umri shomida “Yulduzli tunlar” spektaklidagi Xonzodabegim qismatini ko‘p esladi. Ya’ni bu obrazni sahnada qanday gavdalantirganini emas, aslo!.. Faqat yaqin kishisining baxti uchun o‘zining orzularini, kelajagini qurbon qilgan Ayol dardini o‘ylardi. O‘ylagan sari o‘zi ham uning dunyosiga cho‘kib borar edi...
Bu ayol sahna inson tuyg‘ularini tahqirlamasdan, yuksak ma’naviy ideallar yo‘lida xizmat qilishi kerak deb bildi. Sen undan o‘zing izlab yurgan go‘zallikni top. Qahramonlar fojiasida o‘zingdagi kemtiklikni ko‘r-da tiniqib-tiniqib yig‘la, ruhan poklanasan der edi. Tabiiyki, betobligi tufayli ijodiy jarayonlardan uzoqlashgandi. Bir kuni sog‘inib yurgan teatriga spektakl ko‘rgani boradi... “Men spektaklning rejissurasiyu aktyorlar ijrosi haqida gapirishni ham xohlamayman. Spektakl emas! Bu tomoshada erkak va ayol o‘rtasidagi sirli munosabat shu qadar yalang‘ochlik bilan aytilyaptiki, buni san’at deb aytolmayman!”— degan edi.
O‘sha kuni uyiga yig‘lab qaytadi. Aslida, bu ko‘zyoshlar bir umr sof tuyg‘ular bilan sevgan sahnasining shu qadar qadrsizlanganiga qilolgan birdan-bir isyoni edi. Shundan so‘ng o‘zi uchun xulosaga keladi: go‘zallik cheksiz tushuncha bo‘lganidek, ya’ni uning qiyosi topilmagani uchun ham har tomonlama mukammal san’at asari bo‘lmaydi. Shuningdek, tubanlikning ham intihosi bo‘lmas ekan...
Uning O‘zbek milliy teatri sahnasida ko‘rgan so‘nggi spektakli “Daraxtlar tik turib jon beradi” sahna asari edi. Bu pesa aktrisa uchun alohida qimmatga ega. Negaki, bir umr shu asar xayoli bilan yashadi. “Ginzburg “Richard III”ni faqat men qo‘ya olaman, boshqa hech kim mendek qo‘ya olmaydi”der edi. Buni takabburlikka yo‘ymaslik kerak. Rejissyor bir asarga qo‘l urar ekan, o‘sha asar haqida mana shunday da’vosi bo‘lishi shart. “O, klassika! Jahon dramaturgiyasidan albatta sahnalashtirishim lozim”, degan havoyi xohishning o‘zigina hech narsa qilolmaydi. Ya’ni yetuk spektakl uchun yaxshi asarning faqat o‘zi kamlik qiladi. Bunda hech kimni takrorlamagan rejissyor nigohi zarur. Asarning sahnaviy varianti to‘laligicha xayolda yetilib pishmasdan qo‘l urmaslik kerak... Hozir men tasavvurimda Kassonaning bu asarini to‘liq ko‘ryapman. Shu asar orqali ichimda qolib ketayotgan gaplarni aytmoqchi edim. Ya’ni inson eng og‘ir daqiqalarda ham qanchalik qiyin bo‘lmasin to‘g‘ri qaror chiqara olishi shart. Hech qursa o‘layotgan chog‘ida haqiqatning ko‘ziga tik qaray olish uchun o‘zida kuch topsin. Qaniydi imkoniyatim bo‘lganda edi. Hali rejissuraga qo‘l urish uchun vaqt bor deb o‘ylardim. Afsus kech bo‘ldi. Juda kech....”
O‘zim “Daraxtlar tik turib jon beradi” spektaklini teatr sahnasiga ko‘rmasimdanoq, Rimma opa orqali asar haqida tasavvurga ega edim. U kishi har bir rolga alohida to‘xtalib, o‘zining sahnaviy variantini aytib bergan edi. U holatga kirgancha asardagi dialoglarni menga aytib berayotgan kezda tanasidagi og‘riqlarni tamoman unutardi, nazarimda. Keyinchalik spektakldagi bosh qahramonlardan birining ijrosidan opa juda xafa bo‘ldi. Kuyungancha “Uning qahramonini olijanobligi, samimiyati qiyofasida aks etib turgan bo‘lishi kerak. Bu aktyor esa yasama tabassum bilan sahnaga “mana meni ko‘rib qo‘yinglar” deb savlat to‘kib yuradi. Shunchaki matnni yodlab olgan, xolos. Qiyofasi shu qadar rasmiy, qup- quruqki, yaqin kishisining janozasida ham o‘z avtoritetini o‘ylaydigan chinovnikni eslatadi”.
Aktrisa ilk bor sahnada 1962 yil “Okeandagi faryod” spektaklida ziddiyatli lirik kechinmalarga boy sohibjamol baronessa qiyofasida chiqadi. “Bu ajoyib spektaklni To‘la akam sahnalashtirgan edilar. Bu mening diplom spektaklim — ilk hayratim bo‘lgani uchunmi qayta qo‘yilgan variantini (T. Azizov sahnalashtirgan “Yetti faryod” spektakli nazarda tutilyapti, — I.Q) ko‘rishga yuragim dov bermadi... ”
Kasalxonada bo‘lgan so‘nggi suhbatlarimizdan birida san’atkor shu spektaklda yaratgan baronessasini yana bir karra esladi: “ Nihoyatda chiroyli baronessaning oshiqlari ko‘p bo‘ladi. Boy baron esa ayolning husnidan kerilgancha qayergaki sayohatga chiqsa, o‘zi bilan olib yurar, biroq tunlari esa shafqatsizlarcha “sen fohishasan” deya haqorat qilib, urardi. Asarning kulminatsiyasi — qahramonlar fojia yoqasida qoladilar. Yashash uchun hech qanday umid yo‘q. Hamma fojiani turlicha kutib oladi. Ajal ro‘parasida turgan baron ma’shuqasiga: “Nima uchun men senga shuncha aziyat yetkazsam-da, orqamdan qolmaysan, bir zum ham mendan ayrilmaysan?” deydi. Shunda men, ya’ni baronessa: “Bilasanmi, menga sening bergan ozorlaring ham yoqadi, meni urgan mana shu qo‘llaringni ham sevaman”, deb javob beraman.
Muhabbat — shunaqangi jumboqki, sen uni tushuntirib berolmaysan. Nima uchun sevishingni aytolmaysan. Sevasan yo sevmaysan. Tamom. Meni totganim shirin azob bu. Negaki sen baribir qisqa bo‘lsa-da, u bilan kechgan, baxtli, nurli kunlarning xotirasi uchun ham... astoydil kechirib, uni o‘ylashda yana davom etaverarkansan....Yuraging urib turar ekan xato qilishdan hech to‘xtamas ekansan. Gohida mehring ham xatolaringga aylanarkan. Faqat o‘lim bilangina bularga nuqta qo‘yarkansan. ...Yo‘-o‘q, o‘tgan kunlardan sira afsus chekmoqchi emasman. Boshqacha bo‘lolmasdim ham. Lekin, ayovsiz bir shamol umrimni supurib tashlaganday... Shunga mana bu yerim(ko‘ksini ko‘rsatadi) achishib kuydiryapti-de...”
U o‘qigan she’rlarning har biri qanday qilib san’at asariga aylanganini o‘zimcha tushuna boshlayman. Nazarimda, undagi hassoslikning, ulug‘vorlikning ham kaliti uning saodatmand qalbidagi javharda mujassamdek.
Bugun 17 oktyabr. Ertaga ikkinchi bor jarroh stoliga yotadi... Odatdagidek ishdan vaqtli chiqib shoshgancha Chilonzordagi kasalxonaga otlandim. Palata eshigini sekin ochgan ko‘yi ohista qadam tashlayman. O‘ng qo‘lini peshonasiga qo‘ygancha yotardi. Nazarimda uxlayotgandek. Karavot yonidagi stulda buklangan qog‘oz tusida-xatcho‘p qistirilgan kitob. Ernest Xeminguey: Qo‘ng‘iroqlar kimga chalinadi”... Ehtiyotkorlik bilan bemor yoniga cho‘kdim. O‘zimcha Uning haroratini, qaynoq taftini tuygim kelar edi. Bir tekis nafas olyapti. Qip-qizil yanoqlari lov-lov yonayotgandek. Tana harorati ko‘tarilganga o‘xshaydi. Albatta bu operatsiyaga kirayotgan pajmurda jon uchun yaxshi alomat emas... Ko‘nglim buzildi... Imkon qadar ko‘z yoshlarni ko‘rsatmaslik kerak. O‘n daqiqalarcha unga termulib o‘tirdim. Nurli kunlarga ishonishga harqancha urinmay, yugurib o‘tayotgan bu daqiqalarning g‘animatligini butun vujudim bilan his qilib turar edim. O‘sha damda bu lahzalarni to‘xtatib, ularda yashay olmayotganim alam qilardi. Ilk bor odamzotning eng ulkan, buyuk va shafqatsiz armoni ham mana shu takrorlanmas VAQT — hammamizni o‘zi bilan oqizib olib ketayotgan onlar, bizni yemirayotgan lahzalar ekani yuragimni tirnadi... U uyg‘ondi. Unga tomon yanada yaqinroq surildim. Qo‘llarini kaftimga oldim. Hamishagidek hazin jilmayadi:
— Yonayapman...
Hamshiradan termometrni olib, issig‘ini o‘lchadik. Harorat 37,5 daraja.
— Yaxshi emas... — dedi xo‘rsingancha, — hechqisi yo‘q. Endi buyog‘i tavakkal... Faqat yaqinlarimni ovora qilganim qoldi.
Ishlarimni so‘radi, biroz hasratlashdik... So‘nggi nafasigacha, boshidagi oppoq tolalardan tovoniga qadar Onalik ishqi uning butun borlig‘ini yondirar edi. Umuman muhabbat o‘tida kul bo‘lguncha yonib yashash bu Ayol yozug‘i ekan... O‘shanda o‘zini oldinda kutib turgan yo‘qlik manzili emas, asosan bolasining mavhum ko‘rinayotgan taqdiri adoqsiz o‘yga solib, bezovta qilardi... Hatto suhbat orasida o‘zini tetik sezgach, latifa aytib meni kuldirgan ham bo‘ldi. Uning hamma og‘riqlarini borligicha his qilib turibman. Nochorman... Shunda bo‘g‘zimga taxirdan-taxir yig‘i tiqildi... Qarasam, Uning-da ko‘zlaridan yosh sizib chiqyapti. Go‘yoki ko‘zyoshlarni yashirish ilinjida kaftimda turgan qaynoq qo‘llariga labimni bosaman. Shunaqa irodasizman... U yana o‘sha mash’um, lekin hech bir banda qocholmaydigan mavzudan gap ochdi.
O‘sha topda uning og‘zidan aynan bu haqda eshitish azob edi...
Mening tentaklarcha o‘pkalanayotganimni tushundi-da, qo‘llarimni kaftiga olib mahkam qisdi. Undagi harorat endi mening vujudimga o‘tgandek go‘yo... Tanam yoqimli, biroq nihoyatda omonat hisni tuydi. Bu hisni shuurimda manguga muhrlanib qolishini xohlardim. Balki u bu so‘zsiz taskini bilan menga yosh bola emassan, o‘zingni qo‘lga ol yoki odamzod hammasiga chidagan, sen ham ko‘nikasan, demoqchi bo‘ldimi bilmadim.
— Menga ham sizlarni tashlab ketish oson emas. Tavba sizni kech uchratganligimni qarang-a! Bizlarni taqdir uchrashtirgani siz bilan mening baxtim, shunday ekan noshukurlik qilmasdan hammasiga ko‘nikish kerak. Baribir hayotdan to‘ydim deganingda ham, seni bu dunyoga bog‘lab turadigan ba’zi bir narsalar bo‘lar ekan...
Biz uchun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u o‘limning ko‘ziga tik qarardi. O‘sha damda og‘zidan chiqayotgan har bir so‘z dovdiragancha hayot chorrahasida turgan yosh birodariga aytishi zarur bo‘lgan eng so‘nggi haqiqati ekan:
— Butun boshli hayotimni bir butunlikda ko‘raman. Baxtim ham, baxtsizligim ham bir-biriga zanjirdek ulanib ketgan. Bir qarasam baxtsizligimda baxt bor, baxtimda baxtsizlik. Shuning uchun ham men bularni bir-biridan ayro tasavvur qilolmayman.Hammasi bir-biriga turtki bo‘lgan...
Meni sizdan o‘tinchim, yuragingizdan nafratni quving, yurakni nafrat kemiradi. Zarracha bo‘lsa-da, hech kimga nisbatan yuragingizda adovat qoldirmang. Undan ko‘ra odamlarga Allohdan insof so‘rang. Seving... Ular ham o‘zicha haq. Har kim o‘z baxti uchun kurashadi. Men hammasini astoydil kechirganman, ko‘nglimda kek qolmagan. Bu mening hayotim edi. Shuningchun hech kimni aybdor deb aytolmayman. Har qanday holatdayam, agar men O‘zbekistonda emas, boshqa mamlakatda tug‘ilganimdayam baribir shu qismatni yashab o‘tardim. Hech kim o‘zidan qochib qutulolmagan. Edip... biz! Ha, u bizning zamondoshimiz. Undan ko‘ra hammamizning bilib-bilmay qilgan gunohlarimiz uchun Alloh oldida tavba-tazarru qilish kerak. Jon bolam, ular uchun ham ibodat qilaylik...
Harqancha qayg‘uli bo‘lmasin, o‘sha damda baxtiyor edim. Chunki o‘zim izlab yurgan Odamni faqat badiiy adabiyotlaru tarix sahifalaridangina emas, meni o‘z bag‘rida ko‘tarib turgan shu zaminda, boshim uzra aylanayotgan cheksiz osmon ostida topgan edim. Azbaroyi, mana shu qisqa uchrashuv uchun ham bu hayotni kuylab o‘tsang arziydi.
Afsuski, ikkinchi operatsiyadan so‘ng kuz bargiday hilpirab turgan umidimiz sarobga aylana boshladi...
...O‘sha nomi sovuq kasalxonaning mash’um reanimatsiya bo‘limi. Yelkamga oq xalat tashlagancha oyoq uchida ukolu dorilar hidi anqib yotgan xonaga kirdim. U holsiz yotar edi. Sekin ko‘zini ochib, quruqshagan lablarini arang juftlashtirgancha pichirladi:
— Ey, k-e-l-diiz...
— Ha keldim, Rimpoosh... — ko‘rishish niyatida uning za’faron yuziga engashdim.
— Tt-o‘y...
— Rahmat, juda yaxshi o‘tdi, hammalari sizni so‘rashdi (akamning to‘yini nazarda tutgan edi). Hojiakbar aka sizni ko‘rgani kelmoqchilar...
Shunda to‘satdan unsiz nigohidan mutlaqo unga yot bo‘lgan, loqaydlikka aylangan xotirjam sokinlikni uqdim. Bu yuragimdagi xavotirni yanada kuchaytirdi. Ko‘ksimdan ko‘chgancha tomog‘imga achishib tiqilgan chorasizlik engashganimda ko‘zim kosasiga qo‘yildi.
— Yig‘g‘-la-mang...
Nima deyishni bilmayman. Faqat:
— Yo‘-o‘q, opajon... Sizni ko‘rganim uchun... sevinch yoshlari... sizni sog‘inganman... — deb hiqqilagancha nelarnidir o‘zimcha aljirayman.
— Ra-hh-maat, jonim...
Rimma opamning shamdek so‘nib borayotganini ko‘rib fojia muqarrarligiga, jon tanani tark etish uchun chog‘lanayotganligiga nogahon tushunib yetdim. Nahotki endi barisi o‘tmishga aylanayotgan bo‘lsa?! Zora... noumid shayton, deya miyamdagi noxush o‘ylarni quvishga qanchalik urinmay, biroq halqumimni kuydirib kelayotgan otash endi uning oldida qololmasligimni ta’kidlar edi. Bu “o‘kirik”ka aylanmasligi shart!
So‘nggi bor qaynoq peshonasiga yuzimni qo‘ygancha cheksiz sog‘inchga — ertakka aylanayotgan dunyom bilan xayrlashdim.
Ha, barisi cheksiz sog‘inchga — ertakka aylandi... Endi, hayotning tarsakilaridan yuragi zada bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, bu olamga va odamlarga nisbatan mehr to‘la nigohni ko‘ra olmayman... Ko‘zlari o‘zgacha edi. U nigohlar menga ko‘zning chiroyi insonning botinida mujassam ekanligini anglatgan. O‘shanda tushunganman, dunyoda faqat ma’noli va ma’nosiz ko‘zlar borligini. Yana boshqacha ko‘zlar bo‘lishi mumkin emas!
O‘sha mahzun dam 11 noyabrning shomi edi. Hatto yuzlarimni silab o‘tayotgan kech kuzning mayin shamoli ham g‘ashimga tegar, (u bizni 2006 yilning 13 noyabrida manguga tark etdi) faqat ko‘nglim qorong‘u tezroq tushishini, hech kim meni ko‘rmasligini, shu xira yorug‘lik ham xayollarim bilan vidolashishim, to‘lib ketgan yuragimning to‘kilib olishiga xalal bermasligini xohlar edim. ...Ilk marotaba “Judoliklardan o‘zi asrasin, aynan judoliklar bizni xor qiladi” deya oh urgan, Shamsidan ayrilgan mavlono Jaloliddinning og‘rig‘ini o‘z tanamda sezdim. Va ilk bor yomg‘ir yog‘ishini, yoqqandayam savalab yog‘ishini ich-ichimdan xohladim...
Opa menga “yig‘lamang” deydi. Axir, buning iloji bormi?! ...O‘lim haq. U hamisha bizni eshik ortida kutib turayotganligini inkor etolmayman. Aslida opaginamning shikasta vujudi bu olam ozorlaridan ozod bo‘layapti. O‘zi bu haqda ko‘p o‘ylagan va gapirgan. U bilan o‘tgan kunlarimni bir-bir ko‘z o‘ngimdan kechirsam, allaqachonlar o‘limga bosh egib, hatto uni mehr bilan qabul qilishga ruhan tayyorlanganligiga ham amin bo‘laman. Faqat o‘sha damda bola qalbim o‘zining go‘zal insonini yo‘qotayotgan hayotning noshudligidan jizzillab chinqirardi... mahramidan juda erta judo bo‘layotgan yuragim esa bu haqiqatga bo‘ysungisi kelmay izzillab ingrardi... Borliq xasta kuzning ko‘rpasiga o‘rangan... Xayollarim uchun kuz — horg‘inlik, toliqqanlik ramzi bo‘lib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, men bu faslni yomon ko‘rolmadim...
Voizlik uning tabiatiga yot edi. Ortiqcha e’tibor, birovlarning soxta mulozamatlaridan hamisha o‘zini ayar, qandaydir ommaviy-rasmiy yig‘inlar uning joyi emas edi. So‘nggi nafasigacha nigohini o‘z qalbiga — ichki dunyosini boyitishga qaratgan edi. Nazarimda, u o‘zining sukunatlari ila Olam bilan sirlashar, men esa u orqali Olamni tinglar edim. Menimcha, undagi cheksiz samimiyatning siri ham shunda bo‘lsa kerak. Shu yo‘l bilan ham U hech kimnikiga o‘xshamagan — meni asir etgan go‘zal Dunyosini himoya qilgandek. Hayot u uchun bardosh bo‘lsa, sahnani go‘zallik bilan go‘zallik sirlashadigan dargoh deb bildi.
Rimma Ahmedova o‘zining o‘nqir-cho‘nqirli qush uyqusi kabi kechgan umri bilan bu sarson Dunyoni faqatgina go‘zallik — ezgulikkina asrab qolishi mumkinligiga astoydil ishonib yashaganligini isbotladi. Mening baxtim — o‘zining mo‘‘jazgina dunyosiga xiyonat qilmagan haqiqiy San’atkorning olamiga sayr qilish nasib etganligida. Biroq uning bu dunyosi menga yana bir azaliy achchiq haqiqatni — biz talpinayotgan Go‘zallikning ko‘zlari hamon yoshga to‘la ekanligini eslatdi. Asrlar davomida insoniyatning barcha ko‘rguliklariga guvoh bo‘lib kelayotgan, siz bilan men sarxush bo‘lgancha topinayotgan bu soqov Dunyo mana shu go‘zallikning, poklikning ko‘zlaridagi taxir yoshlardan oziqlanarkan. Axir, ko‘zni yashnatadigan yam-yashil vodiylar ham Ulug‘vor Tog‘larning ko‘zyoshlari — suvlaridan yashab kelyapti-da!
Faqat birgina taskin bor: shunday insonlar borligi uchun ham yashaging keladi...
Iqbol Qo‘shshayeva
2007 yil, fevral
1 Sh. Rizayevning ushbu maqolasi dastlab “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop etilgan. Keyinchalik muallif “Sahna ma’naviyati” kitobiga juz’iy o‘zgartirish bilan “O‘zni sarflash san’ati” sarlavhasida kiritgan.