OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammadjon Imomnazarov. Jomiy «Xamsa» yozganmi? (2005)

Ba’zi adabiyotlarda xamsanavis shoirlar qatorida Navoiyning piri, tasavvuf nazariyasini chuqur anglab yetishda unga ustozlik qilgan ulug‘ fors-tojik shoiri Abdurahmon Jomiy nomi ham tilga olib o‘tiladi. Shu masalaga biroz aniqlik kiritish, bahonada Navoiy va Jomiy ijodidagi umumiy va farqli tomonlarga dastlabki darajada e’tibor qaratish maqsadida ushbu mavzuni qalamga oldik.
Ustoz — shogird munosabatlari hech qachon oddiy bo‘lmagan. Ayniqsa, ijod masalasida. Ahmad Yassaviy — pir, Sulaymon Boqirg‘oniy — murid. G‘oyaviy yo‘nalish bir xil! Ammo bu ikki shaxs she’riyat olamida har biri o‘z ovoziga ega. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning badiiy olami ham har biri — o‘zga bir ruh, o‘zga bir kayfiyat ifodasidir. 
Ma’lumki, Alisher Navoiy «Xamsa» dostonlarining har birida Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav Dehlaviy haqida bahs yuritgach, Jomiyga ham alohida bob bag‘ishlaydi. Ammo oldingi ikki salafidan farqli o‘laroq Jomiyning «Xamsa» yaratganligi haqida aniq ma’lumot bermaydi. 
Agar birinchi doston — «Hayrat ul-abror» muqaddimasida «Maxzan ul-asror» va «Matla’ ul-anvor» bilan bir qatorda «Tuhfat ul-ahror»ni ham tilga olib o‘tsa-da(XIII bob), «Xamsa»ning ikkinchi dostoni — «Farhod va Shirin»dagi Jomiyga bag‘ishlangan VII bobda uni juda ko‘tarinki ruhda madh etganligiga qaramay, biror asarini aniq tilga olmaydi. «Layli va Majnun» debochasida esa:

Gar «Xamsa»ni etmay(in) murattab... 

(ya’ni, «garchi «Xamsa» yozmagan bo‘lsang-da»), deb qayd etadi va «Panj ganj» hisobida «Silsilat uz-zahab», «Tuhfat ul-ahror», «Subhat ul-abror», «Yusuf va Zulayxo» («Ahsan ul-qisas») va «Devon»ni (so‘z birinchi devon — «Fotihat ush-shabob» ustida ketgan bo‘lsa kerak) sanab o‘tadi. Demak, Navoiy «Layli va Majnun»ni boshlaganda Jomiy hali boshqa dostonlarini yozib tugatmagan ekan. «Sab’ai sayyor» ibtidosida Jomiyning «Sharhi Ruboiyot», «Lavome’», «Lavoyih», «Ashi’at ul-lamaot», «Nafahot ul-uns» kabi bir qancha nasriy asarlari hamda «Tuhfat ul-ahror», «Subhat ul-abror», «Silsilat uz-zahab», «Oshiqu ma’shuq» («Yusuf va Zulayxo» dostonining yana bir nomlanishi) dostonlari, qasidalari, g‘azaliyoti tilga olinadi. «Xamsa» xususida so‘z yo‘q. Oxirgi — «Saddi Iskandariy» dostoni muqaddimasida (VII bob) Jomiy yaratgan masnaviylar xususida Navoiy shunday deydi: 

Bo‘lib jilvagar tab’i ko‘zgusida, 
Ki sabt ayladi «Xamsa» o‘trusida. 
Erur andin ortuqki, o‘ksuk emas,
El andin der ortuqki, o‘ksuk demas.

Demak, yana Jomiyning «Xamsa» yaratgani xususida emas, balki «Xamsa o‘trusida» (ya’ni, unga muqobil ravishda) yaratgan masnaviylari 5tadan oshiq, ammo kam emas, deb ta’kidlaydi; «Tuhfat ul-ahror», «Subhat ul-abror», «Yusuf va Zulayxo»ga qo‘shimcha qilib «Layli va Majnun» dostoni yaratilgani va «Xiradnomayi Iskandariy» dostoni esa, yozilish jarayonida ekanligidan xabar beradi. 
Alisher Navoiyning Jomiy vafotidan keyin, uning xotirasiga bag‘ishlab maxsus yozgan «Xamsat ul-mutahayyirin» risolasi «Uchinchi maqolat»ida ulug‘ shoir va allomaning barcha asarlari birma-bir sanab o‘tiladi. Unda, jumladan, shunday satrlar bitilgan:

«yana: «Haft avrang»ki mushtamildur
etti kitobg‘a; 
avval: 
«Silsilat uz-zahhab»ki,
uch daftardur;
ikkinchi: «Salomon va Absol»;
uchunchi: «Tuhfat ul-ahror»;
to‘rtunchi: «Subhat ul-abror»;
beshinchi: «Yusuf va Zulayxo»kim
«Oshiqu ma’shuq»g‘a mavsumdur; 
oltinchi: «Layli va Majnun»;
ettinchi: «Xiradnomayi Iskandariy».

Shunday qilib, Jomiyning «Xamsa» yozganligi xususida Alisher Navoiy aniq guvohlik bermaydi. Savol tug‘iladi: nega Navoiy ikki salafi(Nizomiy va Amir Xusrav)ga o‘z asari bilan javob bergan, ammo Jomiyga alohida ehtirom izhor etgani holda, uni xamsanavis sifatida tilga olmagan?
Buning birinchi sababi — oddiy, ya’ni Jomiy o‘z epik masnaviylarini Navoiy bilan hamnafaslikda, ya’ni oldinma-ketin(birini oldin, birini — keyin) yozib borgan. Ammo, bizning nazarimizda, buning ikkinchi — g‘oyaviy va mazmuniy yo‘nalishlarga oid jihati ham bor.
Jomiy dostonlari ichida Navoiy «Xamsa»sidan oldin Nizomiy va Dehlaviy dostonlariga tatabbu’ yo‘sinida yozilgan asar yuqorida ko‘p eslab o‘tilgan «Tuhfat ul-ahror»dir. Naqshbandiya pirlari sharafiga bag‘ishlangan ushbu doston ham «Maxzan ul-asror» va «Matla ul-anvor» singari asosiy qismida 20 maqolani («maqolat» emas) o‘z ichiga oladi.
Ulardan birinchisi Olamning yaratilishi, ikkinchisi — Odamning yaratilishi mavzularida bo‘lib, navbatdagi 5 maqola(3 — 7-maqolalar) birma-bir islom arkonlariga(kalimai shahodat, namoz, ro‘za, zakot, haj amallari) bag‘ishlangan. Keyin 2 maqola xomushlik (sukut) va tunda bedor bo‘lishning hikmatlari haqida. Undan keyingi maqolalarda pir-shoir jamiyatdagi turli toifa va amal egalari — so‘fiylar, ulamolar, sultonlar, vazir va dabirlar(saroy mirzolari) to‘g‘risida o‘z qarashlarini bayon qiladi. 15 — 16-maqolalar qarib quyilmagan keksalarga tanbeh va mag‘rur yoshlarga nasihat bo‘lib, 17 — 18-maqolalar go‘zallar husn-jamoli va ishq borasidadir. 19-maqola shoirlar toifasiga oid bo‘lib, oxirgi maqola shoirning o‘z farzandiga nasihatidan iborat. Har maqola so‘ngida uning mazmuniga aloqador bir hikoyat keltirilgan. 
Ko‘rib turganimizdek, asar tatabbu’ qoidalariga to‘la muvofiq yozilgan. Shu jihatdan, Jomiy «Xamsa» turkumini boshlagandek ko‘rinadi. Ammo shunga qaramay, ba’zi o‘ziga xos prinsiplarni ham kuzatish mumkin. Masalan, islom arkonlari haqida Nizomiyda alohida maqolat yo‘q. Dehlaviy dostonida ushbu mavzuga birgina maqolat(4-maqolat) ajratilgan. Jomiy esa, o‘z dostonida bu mavzuni ancha batafsil yoritadi. Albatta, Nizomiy va Dehlaviy dostonlaridagi maqolatlar mundarijasi ham bir-biridan sezilarli farq qilishini nazarda tutsak, bunday farqlanishlarga alohida e’tibor bermaslik ham mumkin. Ammo Jomiy dostonchiligining keyingi rivoji bunday prinsiplar bejiz emasligini ko‘rsatdi. Nizomiy va Dehlaviy izidan borib Navoiy ikkinchi dostonida shohlik va oshiqlik nisbati mavzuini tilga olgan bir paytda, Jomiy ijtimoiy masalalardan butkul chetlanib, sof tasavvufiy mavzuga yuzlandi. Uning «Subhat ul-abror» dostoni 40 iqddan(Jomiy dostonning asosiy boblarini shunday ataydi) iborat bo‘lib, uning 4 — 6-iqdlari «vahdati vujud» ta’limoti haqida, 7-iqd tasavvuf sharhida, 8 — 30-iqdlar — irodat, tavba, vara’, zuhd, faqr, sabr, shukr, xavfu rijo, tavakkul, rizo, muhabbat, shavq, g‘ayrat, qurb, hayo, hurriyat, futuvvat, sidq, ixlos, saxovat(bazl), qanoat, tavozu kabi so‘fiylik maqom va hollarining tavsifiga bag‘ishlangan. Keyingi iqdlar ham sufiylik odoblari xususida bo‘lib, faqat 33- va 34-iqdlarda Olloh yaratgan maxluqotlarga shafqat va muhabbat, sultonlar va arkoni davlatga xayrixohlik bilan nasihat mavzulari tilga olingan. Bu doston mundarijasi o‘z yo‘nalishiga ko‘ra «Tuhfat ul-ahror» mundarijasini izchil davom ettirib, pir va shogird(Jomiy va Navoiy) o‘z dostonchilik an’analarida butkul boshqa-boshqa prinsiplarni tanlaganliklariga yaqqol guvohlik beradi. 
Navoiy birinchi dostonidayoq ijtimoiy tahlil yo‘lini tanlaganligi undagi maqolat mavzularidan ham ochiq ko‘rinib turadi. «Hayrat ul-abror»ning birinchi maqolati «Imon haqida», ikkinchisi «Islom haqida» bo‘lib, uchinchi maqolat hukmdorlarning salbiy xatti-harakatlarining keskin tanqidiga va to‘rtinchi maqolat soxta so‘fiylarni ayovsiz fosh etishga qaratilgan. Keyingi bir qancha maqolatlar islom axloqiga oid bo‘lib, uning karam, qanoat, vafo, ishq, rostliq, ilm kabi umuminsoniy qoidalariga bag‘ishlangan. Ayniqsa, dostonning o‘n uchinchi maqolatida o‘ziga xos mavzu tanlangan bo‘lib, salaflardan birortasida bunday mavzuga alohida bob ajratilgan emas. «Naf’rasonlar haqida» deb atalgan ushbu maqolatda Alisher Navoiy o‘z ijtimoiy qarashlarining bosh qoidasini ifoda etgan:

Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Bilki bu naf’ o‘zungga ko‘prak durur.

Albatta, pir va shogird qarashlari orasida umumiy tomonlar ko‘p. Masalan, Navoiy «Islom haqida» maqolatida tahorat, namoz, ro‘za, haj haqida mukammal to‘xtalib, ularning har birini ham ahli sunna talqinida, ham tasavvufiy talqinda bayon qiladi. Imon masalasiga, yuqorida eslab o‘tganimizdek, alohida bob ajratadi.
«Mahbub ul-qulub» risolasining «Nazm gulistonining xushovoz bulbullari» bobida Alisher Navoiy shoirlarni adabiy yo‘nalish nuqtai nazaridan «haqiqat tariqi» va «majoz tariqi» namoyandalariga ajratar ekan, Jomiy haqida gapirib uni har ikki yo‘nalishda ham «vofir va shomil» deb ta’riflaydi. Bunday maqtov asossiz emas. Jomiy o‘z g‘azallarida ham, dostonlarida ham faqat ishqi ilohiy(«ishqi haqiqiy»)ni kuylash bilan cheklanmagan. Uning sof insoniy sevgi(«ishqi majoziy»)ni zavq-shavq bilan tarannum etgan g‘azallari devonlarida kam uchramaydi. Shu bilan birga piri murshidning «Yusuf va Zulayho»(«Oshiq va ma’shuq»), «Layli va Majnun», «Salomon va Absol» dostonlari bir paytning o‘zida ham majoziy ishqni, ham haq ishqining sirru asrorini kashf etuvchi murakkab mazmunli asarlardir.
Ammo ular ichida Navoiyning shu mavzudagi asaridan keyin yaratilgan «Layli va Majnun» dostonigina «Xamsa» turkumi dostonlari bilan ham mavzu, ham g‘oyaviy yo‘nalish jihatidan uyg‘unlashadi. Qolgan ikki dostonning syujeti ham, g‘oyalar olami ham butkul o‘ziga xos bo‘lib, ularni na «Farhod va Shirin», na «Sab’ai sayyor» bilan bevosita qiyoslab bo‘ladi. Jomiyning «Xamsa» turkumi mavzulariga bevosita aloqador bo‘lgan uchinchi dostoni — «Xiradnomayi Iskandariy»dir.
Nizomiy o‘z davrida Iskandari Maqduniy bilan bog‘liq ikki alohida doston yaratgan bo‘lib, ularning birinchisi «Sharafnoma»da mashhur sarkarda va hukmdorning turli mamlakatlarni fath etish uchun olib borgan jangu jadallari tasvirlangan edi. Ikkinchi doston — «Iqbolnoma» deb nomlangan bo‘lib, unda asosan Iskandarning buyuk yunon hakimlari bilan olib borgan falsafiy suhbatlari bayon qilingan. Bu ikki asar har biri alohida an’anaviy muqaddima boblar bilan ta’minlangan va yaxlit kompozitsion sistemaga ega bo‘lib, ularni shoir qayta ishlab bir doston holiga keltirgan emas. Demak, aslida Nizomiy «Xamsa» (yoki «Panj ganj» — Besh xazina) yozishni rejalashtirmagan va ijodiy hayoti davomida 6 mustaqil epik asar yaratgan. Ammo keyinchalik kotiblar tomonidan oxirgi ikki doston «Iskandarnoma» unvoni bilan hech qanday o‘zgarishsiz(har ikkisining alohida an’anaviy boblari ham saqlangan holda) birlashtirilgan va shoirning 30 yillik ijodiy faoliyati samaralari turkum holiga keltirilib, unga «Xamsa»(Beshlik) nomi berilgan.
Nizomiy vafotidan deyarli bir asr o‘tib, Amir Xusrav Dehlaviy Nizomiy turkumiga javoban «Xamsa» yaratganda uning oxirgi ikki dostoni mundarijasiga bir doston bilan javob bergan. Buning uchun u asar kompozitsiyasini murakkablashtirib, har bir qismda avval bir bob — Iskandar sarguzashtlariga oid lavha, keyin bir bob muayayn axloqiy-falsafiy mavzuda mulohazalar, oxirida bir hikoyat shaklida berib borgan. (Nizomiy dostonlarida epik prinsip izchil saqlangan bo‘lib, «Iqbolnoma»da ham Iskandarning hayotiy sarguzashtlari qisman bayon etilgan.)
Navoiy Dehlaviy an’anasini rivojlantirib, 1-bob Iskandar hayotidan, 2-bob muayyan axloqiy-ijtimoiy mavzuda mulohazalar, 3-bob — ibratli hikoyat, 4-bob Iskandar va bir donishmandning savol-javobi shaklida 4 bobdan iborat yaxlit bo‘limlar tuzgan.
Jomiy o‘z asarida bu yo‘ldan bormagan. Aslida, «Xiradnomayi Iskandariy» Nizomiyning mashhur fotih haqidagi ikkinchi dostoni «Iqbolnoma»ga javobdir. Bu holat dostonning nomlanishidayoq o‘z aksini topgan. «Iqbolnoma»da «Xiradnomayi Arastu», «Xiradnomayi Aflotun», «Xiradnomayi Suqrot» deb nomlangan alohida boblar mavjud (1746 — 2077-baytlar — jami 302 bayt). Jomiy ayni shu bob sarlavhalariga tatabbu’ qilib dostoniga nom bergan.
Piri murshid dostonning asosiy qismini boshlagach, 6 bob (410 — 618-baytlar — jami 218 bayt) o‘tkazib turib, «Xiradnomayi Aristotelis»ga kirishadi. Oldingi 6 bobning ham uchtasi alohida hikoyatlar bo‘lib, Iskandar sarguzashtlariga aslida bori-yo‘g‘i 136 bayt (410 — 455-, 477 — 529-, 563 — 599-baytlar) ajratilgan, xolos. Keyingi boblar mashhur (haqiqiy va afsonaviy) yunon hakimlari — Aflotun, Suqrot, Buqrot, Faysog‘urs, Isqalinus, Hermes xiradnomalaridan iborat bo‘lib, har bob oxirida alohida ibratli hikoyatlar berilgan. Ushbu 7 «Xiradnoma» (hikoyatlari bilan) 579 baytni (619 — 1197-baytlar) tashkil etgan. Keyingi bob — «Dostoni jahongiriyi Iskandar va imorati shahrho va ixtiroyi korhoyi vey bar sabili ijmol»(Iskandarning jahongirligi, shaharlar qurishi va ixtirolari) deb atalgan bo‘lib, juda katta mavzuni qamrab olsa-da, hajmi juda ixcham — 45 baytdan (1198 — 1242-baytlar) iborat. Shoirning o‘zi ham buni e’tirof etib «bar sabili ijmol», ya’ni «qisqacha sanab o‘tildi», deb maxsus izoh bergan. Keyingi 50 baytli (1262 — 1311-baytlar) bob — «Xiradnomayi Iskandar» deb nomlangan. Qolgan boblar ham Nizomiyning «Iqbolnoma»si mazmuni bilan g‘oyat hamohang va to‘lig‘icha ularga tatabbu’ yo‘sinida yozilgan. Ularda Iskandar bilan bir qancha donishmandlarning suhbatlari, ibratli misollar, Iskandar o‘limi va shu munosabat bilan hakimlarning ta’ziyalari bayonidan tashkil topgan. Shoir Dehlaviy va Navoiy asarlaridagi murakkab kompozitsiyadan voz kechib, har bob so‘ngida bir ibratli hikoyat keltirish bilan kifoyalangan. 
Xulosa qilib aytganda, Jomiy muayyan muddat «Xamsa» yaratish fikrida bo‘lganligidan qat’i nazar(«Xiradnomayi Iskandariy» dostoni muqaddimasida shunday istak seziladi), dostonlar turkumini shakllantirishda ham o‘z hayot yo‘lida tanlagan prinsiplariga sodiq qolgan va «Haft avrang» asarini faqat irfoniy-axloqiy hamda ishqiy mavzular bilan cheklab, ijtimoiy-siyosiy mavzularga chuqur kirib borishdan saqlangan. Shu sababli «Yetti taxt»ning to‘rt dostoni irfoniy-axloqiy mavzulardagi «Xiradnoma»lar va qolgan uchtasi ham majoziy, ham irfoniy ruhda talqin etilgan ishqiy dostonlardan tashkil topgan.
Nizomiy, Dehlaviy va Navoiy yaratgan «Besh xazina» turkumlari esa, o‘z zamonasining axloqiy — ijtimoiy — siyosiy muammolarini yaxlit va mukammal aks ettirib, chuqur tahlil qilgan asarlar bo‘lib, bunday yondashuv islom ma’naviyati takomilida yangi yo‘nalish, haqli ravishda aytish mumkinki, eng oliy bosqichni bildirar edi. 

Muhammadjon Imomnazarov,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 51-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.