OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isomiddin Po‘latov. Adabiyotga hujum (2012)

Yoxud yurakni ezadigan, tashvishga asosli manzaralar haqida

Bir kuni Nasriddin Afandi qarshisiga bir uyum kitobni yig‘ib olib, ularni varaqlab o‘tirgan ekan. Afandining bu harakatini tushunmagan tanishi so‘rabdi:

 Afandi, buncha kitobni o‘qib olim bo‘larmiding. Nima qilmoqchisan, o‘zi, – debdi.

 Kitob yozmoqchiman!

 E, kitob yozmoqchi bo‘lsang, nega boshqalarning kitobini o‘qib o‘tiribsan. O‘zing yozda, kitobni, - yana e’tiroz bildiribdi tanishi.

Afandi shundan so‘ng bu “o‘qimagan”ga sodda, tushunarli qilib “Odamdan odam, kitobdan kitob tug‘iladi-da” degan ekan.

Endi bu latifa bo‘lmay qoldi. Chunki, bu – falsafa. Donishmand Nasriddinimiz ham chakana odam bo‘lmagan-ku, axir. Uning topag‘onligi, qochirim va kesatiqlari zamirida “nimadir” bo‘lgani shubhasiz. Uning “Kitobdan kitob tug‘iladi” degan fikriga qo‘shilmaydiganlarga esa bizda e’tiroz bor.

Keling, latifani qo‘yib, hayotga qaytaylik. Dunyoning istalgan shoir yoki adibi, boringki, ziyolisi faoliyatiga qaraylik. U albatta minglab kitob o‘qigan, biror oliygohda tahsil olgan yoki buvi yo bobosidan, opasidan ertak eshitgan. Ilmiy bo‘lmasa-da, hayotiy, aqliy tajriba bilan uslub, janrni o‘zlashtirgani aniq.

Hazrat Alisher Navoiy yoshligida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini o‘qiydi. O‘qigandayam asar ichiga, mantiq olamiga cho‘kib mutolaaga ko‘rishadi. Yeyish-ichish va hokazolarni unutib Attorni o‘rganadi. Bundan tashvish tortgan kattalar yosh Alisherning qo‘lidan kitobni olib, yashirib qo‘yishadi. Bu hayot haqiqatiga qanchalik mos keladi, yo‘q, ahamiyatsiz. Ammo Navoiyning o‘sha asar ta’sirida yozilgan betakror “Lison ut-tayr”i dunyo yuzini ko‘rgani rost-ku. Shu holat kitobdan kitob tug‘ilishi emasmi?

Bobur, Mashrab, Amiriy, Nodira, Munis, Ogahiy, Feruz yoki Qodiriy-u Cho‘lponga, Said Ahmad-u Ozod Sharafiddinovga boshqa, o‘zlaridan avval ijod qilganlarning, aniqrog‘i, kitoblarning ta’siri bo‘lmadimi?

Fikrimizcha, ular kitob o‘qimay turib, shoir-yozuvchi bo‘lishga uyalgan. Bilimsiz bo‘la turib, birovga aql o‘rgatishga, balandparvoz “falsafa” so‘qishga, o‘xshamagan o‘xshatishni, noo‘rin tashbehni qo‘llashni or bilgan. Agar o‘zidan ulug‘lar tanbeh berib, xatosini ko‘rsatganda, o‘rgatganda ters burilmagan, aksincha, jon qulog‘i bilan eshitgan. Xatosini to‘g‘rilagan. Mashrab ilm olish uchun ustozi poyiga yiqilgani haqiqat emasmi? Vaholanki, u jahonshumul shoir. Shoirlarga ijobiy ma’noda telbalik nisbati berilishiga ham Mashrab sababdir, balki.

Buxorolik bir yosh yigitning uch-to‘rtta kitobi nashrdan chiqib ulguribdi. She’rlarining anchasi qo‘shiq bo‘lib ketgan. Ba’zi “modern” yoshlar o‘sha kitoblarni xarid qilayotgani ham rost. Biz ham kitoblarni varaqlab ko‘rdik. Avvalo, to‘plamning muqovasi e’tiborni jalb qiladi (she’rning emas, “shoir”ning reklamasi). Muallif deyarli barcha kitoblarida soqol qo‘yib olgan (yoshiga e’tibor qilaylik), o‘zini tutishidan san’atkorlarni eslatadigan ko‘rinishda. Kitob orqasiga o‘zining kimligi, tabrik so‘ziga o‘xshab ketadigan jumlalarni keltirgan… Bunday katta da’voni katta shoirlar ham qilolgani yo‘q, hali.

Ming istihola bilan yozish mumkinki, o‘sha, biz katta da’vo deyotgan jumlalarda ijodkor o‘zining qanday xastalik bilan og‘rib, kasallikni qanday yengib o‘tgani, ulkan hayotiy “tajribasi” haqidagi bitiklarni o‘qiymiz. Yoki sevgi haqidagi “chuqur” mulohazalarga ko‘zimiz tushadi. Go‘yo bu bizga ibrat bo‘lishi kerakdek.

To‘plamning mazmun-mundarijasi haqida yoshi ulug‘roq, tajribaliroq munaqqidlar fikr bildirgani ma’qul, albatta. Bizning kichik xulosamiz esa kitobdan o‘rin olgan she’rlarni adabiyotni tushunadigan hech bir kishi ko‘rmagan, tahrir-tahlil qilmagan, degan fikr bilangina cheklanishga yetadi. Bir so‘z bilan aytganda, matn mazmuni ishqiy, qarg‘ish, aql o‘rgatish kayfiyatidagi dahanaki jangni eslatadi.

Afsuski, aksariyat yosh qalamkashlar matbuot, nashriyot eshigiga “yotib” olishgan. Hatto ota-onasini ergashtirib keladi. “Bolamning she’rini chiqarsang ham chiqarasan, chiqarmasang ham. Aks holda o‘qishga kirolmaydi, tanlovlarda g‘olib chiqolmaydi”. Zerikishdan qo‘lga qalam olayotganlari-da topiladi. Endi o‘ylang, sizning no‘noq bolangiz (aynan ijodga) qoralagan allambalolarni xaspo‘shlab, silliqlab gazetada bossa, nashriyot to‘plam(cha) qilib bersa (azbaroyi zada bo‘lganidan), u qobiliyatli bo‘lib qolarmidi? Yoki biror oliygohga imtiyoz asosida qabul qilinarmidi? Yoki mashhur bo‘lib ketarmidi? Shuncha sarsongarchilik, mablag‘ni behuda sarflash o‘rniga, bolaning qo‘liga to‘rtta darslik, ikkita badiiy kitob olib berishning nafi ko‘proq emasmi?

Shu o‘rinda yana bir muammoning yechimiga yetgandaymiz. Viloyatlarda telemidenielar, ba’zi markaziy telekanallar, radiolarda tinimsiz efirga uzatilayotgan, na ovozi, na musiqasida tayini bo‘lgan “san’atkorlarning” tegirmoniga biz tilga olib o‘tgan ijodkorlar suv quymayaptimikan. Shevashunoslik, bachkanalikdan nariga o‘tolmay qolgan “san’atkorlarni” ruhlantirib yubormayapmizmi? Achinarlisi shundaki, xizmat ko‘rsatgan, hatto xalq artistlari ham o‘shanday maza-matrasi, saviyasi bo‘lmagan she’rlarni topib aytayotgani. Balki shundandir, san’atkor bilan san’atkorni, qobiliyatli bilan qobiliyatsizni farqlolmay qoldik. Hammasi bir xil, bir rangda. Farqi shundaki, birovi o‘zini reklama qila oladi, birovi yo‘q. Musiqa matni, mazmun-mohiyatini nazorat qilishi kerak bo‘lgan ulug‘lar qaerga qarayotgani noma’lum.

Matbuot ham «oppoq» emas. Ko‘plab xususiy gazetalar, tarmoq nashrlari ozuqa manbai sifatida shov-shuv ko‘tarishni bilib olishgan. Yurakning qonga aylanib, daryo bo‘lgani, oyning engashib qo‘shiq aytgani (dostonlarda ham bu darajada ko‘pirtirilmagan misralar), uyqusiz kechalarning og‘riqlari, bir havaskorning besh yuz marta sevgani, xatosidan afsus chekayotganini she’r, deb tushunayotgan adabiy xodimlarning borligi, uyalmay-netmay gazetasining muqovasida dabdabali suratini bosishgani ko‘ngilni ezadi. Birovga shoir nisbasini berishdan oldin ozgina bu haqda o‘ylasak, nima deyotganimizni fahmlasak, bo‘larmidi. Nahotki, saviyamiz ommaviylashib boraversa… O‘ylagani qo‘rqadi, kishi.

Kattalarimizda do‘ppini bir chetga qo‘yib, yaxshilab o‘yla, degan ibora bor. Qachon o‘ylaymiz? Do‘ppi-ku boshimizda yo‘q. Lekin do‘ppi biz uchun o‘ylamaydi-da. Adabiyot qaerga qarab borayapti? Yoki adib Shukur Xolmirzaev ta’biri bilan aytganda, adabiyot o‘layaptimi? Yoki darvozasiz qoldimi? Dod-voy qilib, ayyuhannos solayotgan odam bo‘lib ko‘rinish niyatimiz yo‘g‘-u, ammo shoirman, yozuvchiman, deb ko‘kragiga urayotganlarning nihoyatda ko‘payib borayotgani rostdan tashvishga asos bo‘la oladi-da. Qo‘shiq, musiqa shou-biznes degan balandparvoz «madaniyat»ning qurboni bo‘lib ulgurganiga-ku ancha bo‘ldi. Nima, endi navbat adabiyotgami? Nahotki, shu holat tashvishga asos bo‘lmaydi, deysiz?!

Bunaqada yigirma yildan so‘ng maktab darsliklariga kimlar kiritilishi haqida o‘ylash og‘ir.

Nazm yoki nasrda bo‘lsin, iqtidorli yoshlar, yangi-yangi qobiliyat egalari yuzaga chiqavergani yaxshi. Bundan quvonish kerak. Ammo, ular kitob o‘qigan, adabiyotdan xabardor bo‘lsa yaxshi-da. Tag‘in, shoirman, adabiyot bilimdoniman, shu san’at turining ertasini o‘ylayman, degan borki, ijod eshigini qoqqanga, adashib turtib qo‘yganga darvozani lang ochib qo‘ymasa, deymiz. Aks holda adabiyot latifaga aylanadi. Yoki biz…

Isomiddin PO‘LATOV

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.