Umr o‘tib bormoqda. Umr o‘tgan sari odam bosib o‘tgan yo‘llarini, boshdan kechirgan yillarini tez-tez eslab turar ekan. Inson bosib o‘tgan yillar va yo‘llar – nimadir ular? Masofami, vaqtmi yo boshqa narsami? Menimcha, ular umring davomida senga ro‘para kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar – do‘stlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar.
Afsuski, ulardan ancha-munchalari allaqachon shoir Shayxzoda ta’biri bilan aytganda, «hechiston» mamlakatiga rixlat qilishgan, lekin ularning ruhi poklari tirik, bot-bot huzurimga kelib turishadi, gurunglashamiz, dardlashamiz, maslahatlar quramiz. Vaqt o‘tgan sari ularning o‘rni bilinadi, ko‘plarining siymosi yanada tiniqlashadi, yuzlari, ko‘zlaridagi nur o‘tkirlashadi. Bunday eslashlar, bunday xotirotlar hamisha kishiga ruh beradi, bardam qiladi, mamnuniyat bag‘ishlaydi. Hayot yo‘llarimda shunday ulug‘ zotlarga ro‘para kelgan ekanman, ular bilan hamsuhbat, hamfikr, hamdard bo‘lgan ekanman, demak, umrim unchalik ham behuda o‘tmapti.
Bugun tongda Zulfiya opani esladim. Naqadar olijanob, naqadar nuroniy ayol edilar. O‘ylab qarasam, Zulfiya opa o‘zining she’rlari bilan, iboli va hayoli fe’l-atvori bilan, pokiza e’tiqodlari-yu, zukko fikrlari bilan mening hayotimda katta o‘rin olgan, ma’naviy dunyomning katta bir qismini tashkil qilgan inson bo‘lgan ekan. U kishi shunday ulug‘sifat ayol edilarki, har gal ro‘para kelganimda darrov hushyor tortar, kiyim-kechaklarimni to‘g‘rilar, qadalmay qolgan tugmalarimni qadar, sochlarimni (ha, ha, sochlarimni – bir zamonlar bu taqir bosh ustida qopqora qalam sochlar ham bo‘lar edi) tekislab olardim – xullas, u kishining ko‘ziga har jihatdan orasta bo‘lib ko‘rinishga tirishardim. Men Zulfiyaning nomini urush yillaridayoq eshitgan, uning «Hijron» degan she’riy to‘plamini, «Uni Farhod der edilar» degan dostonini yod olib, ko‘p joylarda o‘qib yurardim. Yaqinroqdan tanishish keyinroq nasib qildi.
1962 yilda Qozog‘istonda o‘zbek adabiyoti dekadasi bo‘ldi. Dekadaga men ham bordim. Samolyotda Zulfiya opa bilan yonma-yon o‘tirib qoldik. Har xil mavzularda gurunglashib, yo‘lning tanobini tortib bordik. Gap orasida Zulfiya opa yarim hazil, yarim chin ma’nosida birdan so‘rab qoldilar:
–Ozodjon, nega siz mening she’rlarim to‘g‘risida hech narsa yozmaysiz? Yoki yoqmaydimi?
Men duduqlanib nimalardir deb javob berdim, lekin o‘ylanib qoldim – darvoqe, nima uchun shu paytga qadar Zulfiya opa haqida hech narsa yozmadim? Yaxshi ijodni payqamasang, quvonib tar g‘ib qilmasang, sening tan qidchiliging qayoqqa boradi? Shoshma, sen Zulfiya she’rlarini o‘qigansan, albatta, lekin ularni uqqanmisan, bu she’rlar orqali shoirning qanday inson ekanini bilib olganmisan? Ochig‘ini aytganda, o‘sha dekada men uchun Zulfiyani ham kashf qilish dekadasi bo‘ldi.
Aeroportga qo‘nishimiz bilan qozoq do‘stlarimiz bizni quchoq ochib kutib olishdi – allaqachon Sobit Muqanov G‘afur G‘ulomni quchoqlab olib, unga nimalarnidir uqtiryapti. G‘afur aka chust do‘ppisini yarimta kiyib olib, Sobit og‘aga sof qozoq tilida bir narsalar deyapti. Sochlari oppoq oqargan, novcha bo‘yli Abdilda Tojiboev hassasini sermab, Mirtemirning tevaragida girdikapalak. Tavba, men qozoq va o‘zbek yozuvchilarining inoqligi, ijodiy hamkorligi to‘g‘risida ko‘p eshitgan edim-u, bunaqa samimiyatni, bunaqa yaqinlikni kutmagan edim.
Men mashinaga Zulfiya opa bilan birga o‘tirdim. Bizga Tursunxon Abdurahmonova degan qozoq shoirasi hamroh bo‘ldi. Tursunxon bu yil sakson yoshga to‘lar ekan. Umri uzoq bo‘lsin, yuzga kirsin. Lekin men bu shoiraning saksonga kirganini hech tasavvur qilolmayman. U ochiq chehrali, xushsuvrat, o‘ta dilbar bir ayol sifatida esda qolgandi. Zulfiya opani bilar ekan, bir zumda quvnoq gurung boshlandi. Tursunxon yaxshi she’rlar yozish bilan birga juda chiroyli qo‘shiqlar ham aytar ekan. Manzilga yetib borgunimizcha, uch-to‘rtta ajo yib o‘lanni qoralab tashladi.
Qozog‘iston diyorida ko‘p uchrashuvlar bo‘ldi, har uchrashuvda Zulfiyaning nomi alohida tilga olinar, undan she’r o‘qib berishini talab qilishardi. Qozoqlarning bizning shoiramizga muhabbati shu qadar cho‘ng ekanki, bir-ikki joyda u favqulodda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ldi. Safar davomida biz Ko‘kchatovga bordik. Benihoya go‘zal maskan ekan. Chiroyli qarag‘ayzorlar tevarak-atrofga muattar hidlar taratadi. Yengil tuman ichida elas-elas ko‘rinayotgan tog‘lar havoda muallaq turganga o‘xshaydi. Lekin Ko‘kchatovning dovrug‘i tog‘lari-yu, o‘rmonlarida emas, ko‘llarida ekan. Bir viloyatning o‘zida katta-kichik saksonta ko‘l. Suvlari tiniq, bamisoli ko‘zguga o‘xshaydi. Unda sohildagi daraxtlar ham, tip-tiniq osmon ham aks etib, o‘zgacha joziba kasb etgan. Ayniqsa, Oynako‘lning go‘zalligi har qanday ta’rifdan yuqori. Qirg‘oqqa yaqinroq joyda suv ichidan kattagina qoyatosh chiqib turipti. Bu tosh darhol suv parilarini eslatdi – bunaqa go‘zal ko‘lda, ko‘ldan-da go‘zal suv parilari, bo‘lsa ne ajab. Eng qiziq voqea biroz keyin – tushlik vaqtida ro‘y berdi. Tushlik she’rxonlikka, she’rxonlik qo‘shiqqa ulanib ketdi. Gurung avji qizib turgan bir paytda qozoq shoirlaridan biri turib, Zulfiyaga bag‘ishlagan she’rini o‘qib berdi. Unda shoir boyagi ta’rifi ketgan Oynako‘lni Zulfiyaga tortiq qilgan edi. Garchi bu sovg‘a ramziy bo‘lsa-da, Oynako‘lni ko‘tarib ketishning iloji bo‘lmasa-da, hammamizni juda xursand qildi.
Bir-ikki kundan keyin Balxashga bordik. Kunduzgi uchrashuvlardan keyin biroz dam olib, oqshomgi adabiy kechaga jo‘nashimiz kerak edi. Birdan Zulfiya opa g‘oyib bo‘lib qoldilar. U kishining qaerda ekanini hech kim bilmaydi. Mezbonlarimiz esa miyig‘larida sirli kulib, «xavotir olmanglar, kelib qoladilar» deb bizni tinchitgan bo‘lishdi. Dar haqiqat, qorong‘i tushganda Zulfiya opa kirib keldilar – u kishining yonida chipta qopga o‘ralgan uzun narsa ko‘tarib olgan uchta odam bor edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular Balxash baliqchilari ekan. Zulfiya opa bilan uchrashuvga ko‘pdan beri mushtoq ekanlar. Shoiraning Balxashga kelishini eshitib, shoiraning o‘zi bilan gaplashib, uni dengizga o‘xshagan ulkan ko‘l bo‘yiga olib ketishipti. She’rxonlik bo‘lipti. Qo‘shiqlar kuylashipti. Baliqxo‘rlik qilishipti. Xullas, to‘yib diydorlashipti. Baliqchilar ko‘p mashaqqatlar chekib, shoiraga sovg‘a qilish uchun ikki metr keladigan osetra balig‘ini ushlab qo‘yishgan ekan. Boyagi chiptaga o‘ralgan uzun narsa osetra balig‘i ekan. Bilmadim, keyin baliq nima bo‘ldi – Toshkentga olib kelishdimi yo o‘sha yerda qolib ketdimi? Lekin buning ahamiyati yo‘q edi. Muhimi, qozoq mehnatkashlari shoiraga bo‘lgan hurmat-ehtiromini ifodalashning g‘oyat insoniy va original yo‘lini topishgan edi.
O‘shanda qozoq do‘stlarimizning Zulfiyaga munosabatini ko‘rib xijolat tortib ketdim – shoiraning dovrug‘i shunchalik bo‘lsa-yu, tanqidchilar u tomonga bir qiyo boqmasa?
Keyin O‘zbekistonda ham Zulfiyaning ijodiy kechalarida ko‘p qatnashdim. Yaypanda, Popda, Mar g‘ilonda, Toshkentda. Qo‘qondagi bir uchrashuv ham g‘oyatda maroqli bo‘lgan edi. Qo‘qonliklar shoiraga siyohdon sovg‘a qilishdi. «Bu Nodirabegimning siyohdoni. Nodirabegim sizga qalamini ham meros qoldirgan. Siz Nodirai davronsiz. Nodira aytolmay ketgan qo‘shiqlar sizning qalamingizdan to‘kilsin», deya lutf qilishdi. Zulfiya opaning dovrug‘i butun jahon bo‘ylab taralgan edi. Qaysin Quliev, David Kug‘ultinov, Mustay Karim kabi ulkan san’atkorlar uning yaqin do‘sti edi. U xalqaro «Nilufar» va Neru nomidagi mukofotlarning sohibasi bo‘lgandi. Lekin mukofotu unvonlar orasida bitta unvon bor ediki, bu bilan Zulfiya opa alohida mag‘rurlanardi. U O‘zbekiston xalq shoirasi edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, «Baxtim shulki, o‘zbekning Zulfiyasiman» deya xitob qilgandi. Men, albatta, Zulfiya opa haqida yozdim, uning to‘g‘risida bir adabiy portret yaratdim, yangi she’riy kitoblariga taqriz yozdim, maqolalarda uning to‘g‘risida mulohazalar yuritdim. Lekin aytmog‘im kerakki, mening yozganlarim bu ulkan shoiraning ijodi oldida urvog‘ ham bo‘lolmaydi. Men uning nafosatini, go‘zalligini, fikriy boyligini ko‘ngildagidek, o‘sha she’riyatga munosib tarzda ochib berolgan emasman. Mana hozir ham yozyapman-u, lekin qalamim eski o‘rganib qolgan maddohlik yo‘liga toyib ketayotganini sezib turibman. Nechundir mening tasvirimda Zulfiya opa farishta misol bo‘lib chiqyapti. Holbuki, u inson edi va har qanday inson hayot yo‘lida duch keladigan hamma sinovlar, mashaqqatlar, iztiroblar uning ham boshiga tushgan edi. Ko‘pgina she’r larida Zulfiya opa o‘zining «kemtik baxti» haqida gapiradi. Umrining so‘ngida yozgan «Xotiram siniqlari» dostonida esa o‘sha mashaqqatlar to‘g‘risida benihoya mardonalik bilan yozadi. Bu asar teranligi va mardonavorligi bilan menga Anna Axmatovaning «Marsiya» («Rekviem») degan asarini eslatadi.
Shoiraning she’rlari haqida, ularning latofati, insoniy jozibasi, teranligi to‘g‘risida juda ko‘p gapirish mumkin. Lekin men bugun bosh qa bir savolga javob izlayapman – Zulfiyani odamlarga ardoqli qilgan, adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylantirgan, XX asrning buyuk ayollari qatoriga qo‘shgan asosiy omil nima? Menimcha, bu uning e’tiqodi, juda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlari, dili bilan tilining birligi, she’rlarida madh etgan insoniylik, vafo, sadoqat va diyonat degan narsalarga o‘zi hayotda og‘ishmay amal qilganida. Iste’dod ulug‘ ne’mat, lekin iste’dodning o‘zi bilan ish bitmaydi, shekilli. Ming afsuski, bizda ayrim iste’dodli shoirlar va shoiralar bor, biroq ular o‘zlarining iste’dodlariga berilib ketadilar-u, shunga yarasha inson sifatida ham ulug‘ bo‘lish kerakligini unutib yuboradilar. Bunaqa odamning ijodi biron-bir tayinli qimmatga yoxud salmoqqa ega bo‘lolmasligi o‘z-o‘zidan ayon. Zulfiya opaning ibrati shundan dalolat beradiki, har qanday iste’dodning yoniga insoniy fazilatlar qo‘shilsagina, ijod muayyan salmoq kasb etadi. Bunga esa butun umr bo‘yi davom etadigan mashaqqatli mehnat bilan, astoydil jon kuydirish bilan erishiladi. Zulfiyaning oilaviy hayoti, muhabbati tarixi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Zulfiya shoir Hamid Olimjonni sevib, u bilan 1935 yilda turmush qurdi. Biroq oradan to‘qqiz yil o‘tgach, nogahoniy falokat tufayli ikkita farzand bilan eridan beva qoldi. Keyin esa umrining oxirigacha Zulfiya Hamid Olimjonga muhabbatini boshi ustiga qo‘yib, avaylab, asrab, gard yuqtirmay olib o‘tdi. Ba’zan Zulfiya to‘g‘risida ikki bolani otasiz katta qildi, deyishadi. Meningcha, bu unchalik to‘g‘ri emas, chunki Hamid Olimjon ruhan o‘z xonadonini biron kun ham tark etgan emas. Devorlardagi suvratlardan Hamid Olimjon yirik-yirik ko‘zlari bilan muttasil Zulfiyaga, farzandlariga qarab, ularning holidan xabar olib turardi, javondagi kitob lardan uning salobatli ovozi eshitilib turardi. Otaning ruhi tirik bo‘lsa, u oilaning hamma ishlarida, shu jumladan, bolalar tarbiyasida ham ishtirok etaverar ekan.
Zulfiya – atoqli shoira, yirik davlat arbobi, jamoat ishlarida faoliyat ko‘rsatadi, el nazaridagi inson. Lekin u birinchi navbatda ayol, ayol bo‘lganda ham o‘zbek ayoli edi. U ayol sifatida muayyan burchga ega edi, Hamid Olimjondan erta ayrilgan farzandlarini o‘stirib, odam qilib yetishtirmoq kerak edi. Bu esa – eh-he, dunyodagi eng qiyin, eng mashaqqatli ishlardan biri. Qizig‘i shuki, siz farzandlaringizni moddiy ne’matlarga ko‘mib yuborishingiz mumkin. Ular yaxshi kiyinishi, yeb-ichishi, shuhratingiz shu’lasida gerdayib yurishlari mumkin. Lekin bularning hech qaysisi farzandning qobil bo‘lib chiqmog‘i uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Nima uchundir u narkoman, bezori, buzuq, o‘jar, o‘g‘ri bo‘lib chiqishi hech gap emas. Zulfiya opa 30 yoshida beva qolgan edi – u 30 yashar ayolga atalgan bu dunyoning jami huzur-halovatidan, lazzatidan kechdi, qalbining butun qo‘rini farzandlariga bag‘ishladi. Buning oqibatida qizi Hulkar olima bo‘ldi, nafaqaga chiqquniga qadar dorilfununda dars berdi, Oybek domlaga munosib kelin bo‘ldi, o‘g‘li Omon esa – mana, qirq yildirki, Oliy Majlisda ishlaydi. U bu yerga oddiy korrektor bo‘lib ishga kirgan edi, keyin maslahatchi bo‘ldi, bo‘lim mudiri darajasiga ko‘tarildi, hozir esa Oliy Majlisning deputati, xizmat ko‘rsatgan huquqshunos. Eng qizig‘i shuki, men Hulkarni ham, Omonbekni ham qirq yildan beri bilaman, lekin hali ularning biron marta kalondimog‘lik qilganini, burni ko‘tarilganini, boshqalarni mensimay qo‘yganini ko‘rgan emasman. Binobarin, Zulfiya opa o‘zining onalik burchini ham juda o‘rinlatib ado etdi – jamiyat uchun yaxshi fazilatlarga ega bo‘lgan ikki ajoyib insonni tarbiyalab yetkazib berdi.
Zulfiya opa o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos bir maktab yaratgan edi. Uning shogirdlari ko‘p edi. Bulardan ayrimlari – Oydinxon, Qutlibeka va boshqalar bugun Zulfiya opaning chirog‘ini so‘ndirmaslikka harakat qilib, samarali ijod qilmoqda. Shoira sho-girdlari bilan birga go‘zal bir she’riyat chamanini yaratib ketdi. Xo‘sh, bugun bu bo‘ston qay ahvolda? Uning holidan ogoh bo‘lib, parvarishiga qarab turgan she’rshunoslar, she’rparastlar bormi?
Albatta, bugungi she’riyat o‘z holiga tashlab qo‘yilgan desak haqiqatdan uzoq bo‘lardi. Zabardast shoirlar bor, ularning tanlangan asarlari, yangi to‘plamlari chiqib turipti. Shu bilan birga shoir Erkin Vohidov aytgan «daho she’rlar» yaratilmayapti. She’riyatda borgan sari maydalashish holati sodir bo‘lyapti. Ayrim shoirlar o‘zi bilgan narsalarni yozish o‘rniga sun’iy gaplarni to‘qib chiqaradi, yasama gaplarni gapiradi. Ba’zilar hali yigirmaga to‘lar-to‘lmas «kuydim-pishdim»ga o‘tishadi, «o, dastingdan dod dunyo» deb hayqiradi, ba’zilar «charxning men ko‘rmagan dardu balosi qoldimu?» degan savollarga ko‘mib tashlaydi, yana ba’zilar chillaga kirgan mulladek, she’rda chil’yosunlar o‘qishadi. Ba’zan shoirlar izlanish qilaman deb shunaqa ko‘chalarga kirib qolishyaptiki, yoqa ushlamay ilojing yo‘q. Yaqinda bir shoirning she’rini televizorda tahlil qilishdi. Uning yori betob ekan. Uzoqdan o‘rtog‘i ko‘rinipti– u qizning ahvoli haqida xabar olib kelipti. U yetib kelguncha, shoir xavotir ichida kutib turipti. U kelib, «otang vafot etdi» debdi. Shoir xursand bo‘lib ketipti (yori o‘lmaganiga bo‘lsa kerak -da). Asarni maqtagan tuppa-tuzuk shoirlar xuddi ana shu joyni «ichki dunyoni ochishdagi yangi kashfiyot» deb taqdim etishdi. Kashfiyot o‘lsin shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa! Bunaqa gaplar she’r-da chinakam she’riyat, nafosat o‘rniga, sahnada ko‘rsatiladigan yasama o‘yinlar, sun’iy qiliqlar ko‘payib ketayotganini ko‘rsatmaydimi? Oq qog‘ozning tili, zaboni yo‘q – nimani yozsangiz chiday beradi, ammo iste’dodning iste’dodligi shundaki, u nimani yozishni bilishdan tashqari, nimani yozmaslik kerakligini ham yaxshi bilishi kerak.
Mayli, bu gaplarni qo‘yaylik. Siz hamma shogirdlaringizga butun jonu jahoningizni baxsh etgan edingiz, o‘zbek she’riyatining zulfiyalari o‘nlab va balki undan ham ko‘proq bo‘lishini istardingiz. Ammo nailoj – besh qo‘l baravar emas ekan, shogirdlar ham pand berar ekan. Ularning nobakorligi, xiyonati, vafosizligi – ustozning hayoti davomida kechiradigan jabru jafolari ichida eng alamlisi, yurakda bitmas chandiq qoldiradigan zarba bo‘lar ekan. Esingizdami, qaysi bir yili qaysi bir viloyatga borib, kunduzi paxta terib, oqshomlari hovli devoriga tappi yopib yurgan bir qizni topib kelgan edingiz. Afsuski, u ishonchingizni oqlamadi, Sizga munosib shogird bo‘lolmadi...
Ha, iste’dod degani bu faqat mahorat emas, balki til va dilning birligi ham ekan. She’riy mahorat sizdagiga o‘xshab yuksak axloqiy-ma’naviy printsiplarga tayangandagina ijod butun xalq ardoqlaydigan, ko‘p zamonlar mobaynida unutilmaydigan qadriyatga aylanar ekan.
Bugun tongda ruhi pokingiz bilan yana bir marta gurunglashdim, Zulfiya opa. Va yana bir karra amin bo‘ldimki, o‘zbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli, mashaqqatli va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lmasin, unda bir qator tom ma’nodagi ijodkorlar yetishib chiqdi. Bugungi istiqlol kunlarida ularning ijodlari yangi qirralari bilan namoyon bo‘lmoqda. Shu porloq yulduzlar ichida siz ham oldingi qatorlardasiz, Zulfiya opa!
Sizni juda sog‘indim!
O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 10-sonidan olindi.