Turkman adabiyotining mutafakkir shoiri Maxtumquli-Firog‘iy she’riyati bilan o‘zbek kitobxonlarini tanishtirishda tarjimonlarning xizmatlari ta’rifga loyiq. Bu ishga dastlab taniqli olim, yozuvchi va tarjimon Jumaniyoz Sharipov kirishib, 1958 yili shoirning “Tanlangan asarlar”ini o‘zbek tiliga tarjima qilib, “Fan” nashriyotida chop ettirgan edi. Keyinchalik mazkur she’riy to‘plam muxlislarning talab va ehtiyojlari bois o‘zbek tilida ko‘p nusxalarda uch marta qayta bosildi.
Mustaqillik yillarida Maxtumquli she’rlarini o‘zbek tiliga qayta tarjima qilishning yangi bosqichi boshlandi. M.Ahmad, E.Ochilov, M.Kenjabek, O.To‘raev, A.Jumaev va J.Zulpiev singari tarjimonlar Maxtumquli asarlarini o‘zbek tiliga ag‘darib, alohida-alohida nashr ettirishdi. Bu tarjimalarning badiiy saviyasi haqida to‘xtalib, fikr bildirish niyatimiz yo‘q. Sababi, bu mavzu maxsus tadqiqotni taqozo etadi. Biz mavzuning boshqa bir qirrasi – ayrim maqolalarda Maxtumqulining ba’zi tarjimonlari mehnatiga, tarjimalariga baho berishdagi sub’ektiv yondashuvlar, boshqacharoq aytganda, bepisanda munosabatda bo‘lish holatlari to‘g‘risida so‘z yuritmoqchimiz.
2008 yilda “O‘zbekiston” nashriyoti Abdumo‘min Jumaev va Jumanazar Zulpiev tarjimasida Maxtumqulining “Saylanma” kitobini o‘zbek tilida chop etdi. Tarjima asarlar saviyasidan qoniqish hosil qildik, ularda Maxtumquli uslubiga xos badiiy talqin va boshqa xususiyatlar asliyatdagidek berilgan. Ushbu kitob yana bir jihati bilan diqqatimizni tortdi. Unga Maxtumqulining “Oq it” va “Chaqir kalla” nomli ikki asari kiritilgan. Professor N.Komilov “Saylanma”ga yozgan so‘zboshida bu ikki she’rni “kichik doston” deb ataydi. Bu yangi fikr. Maxtumqulining turli yillarda o‘zbekchada nashr etilgan kitoblarining hech birida, shoir ijodi to‘g‘risidagi tadqiqotlarda ham uning doston yozgani haqida ma’lumot uchramaydi. Bu asarlarning birinchi marta o‘zbekchalashtirilib o‘quvchilarga yetkazilgani Maxtumquli lirikasining mavzu doirasi, janri xilma-xilligi xususida yaxshi tasavvur beradi.
Ushbu “Saylanma”ning avval o‘zbek tilida nashr etilgan shoir kitoblaridan yana bir farqi shundaki, A.Jumaev va J.Zulpiev hozirga qadar o‘zbek kitobxonlariga ma’lum bo‘lmagan, diniy mazmundagi Maxtumquli she’rlarini ham o‘zbekchalashtirib, muxlislarga taqdim qilgan. Kitobxonlar ularni o‘qib, Maxtumquli nafaqat axloqiy-ma’rifiy she’rlarning mohir ijodkori, shuningdek, tasavvuf ruhida she’rlar, dostonlar yozishda turkman, qolaversa, Sharq mumtoz adabiyotida ham katta salohiyatga ega qalam sohibi bo‘lganiga ishonch hosil qiladi.
Mazkur tarjimaning badiiy saviyasini umuman e’tirof etgan holda, unga ilova qilingan filologiya fanlari nomzodi M.Azimovning “Mehnat va mahorat mevasi” sarlavhali maqolasidagi ba’zi fikrlar bizda e’tiroz tug‘dirdi. Maqola katta emas, ikki bet. Lekin shu ikki sahifada ancha-muncha munozarali fikrlar bor. Unda, asosan, tarjimonlardan biri Abdumo‘min Jumaev (taxallusi Shiyx Abdol Mo‘min) haqida batafsil ma’lumot beriladi, ya’ni A.Jumaevning biror oliy o‘quv yurtini tugatmagan bo‘lsa-da, adabiyotni, she’riyatni bir adabiyotshunosdan kam bilmasligi, har ikki – o‘zbek va turkman tilida birday she’rlar yoza olishi, 25 yildan beri Maxtumquli she’rlari tarjimasi bilan shug‘ullanib kelayotgani, shoir ijodini to‘la tahlil qilib chiqqani, shuning uchun “uning tarjimalari Maxtumquli tarjimonlari ag‘darmalari ichida eng yaxshisi” ekanligi haqida gapiriladi. Hatto maqolaning o‘rtarog‘ida: “Agar Maxtumquli o‘zbek bo‘lganida, xuddi shunday yozar edi”, degan jumlani ham qistirib o‘tadi. Umuman, A.Jumaev va J.Zulpievning Maxtumqulidan qilgan tarjimalariga maqola muallifi yuqori baho beradi. Bu fikrlarga butunlay qarshi emasmiz, qisman qo‘shilamiz. Lekin negadir ikkinchi tarjimon – J.Zulpiev haqida maqolada hech qanday ma’lumot yo‘q. Uning tarjimonlik faoliyati umuman tilga ham olinmaganiga, ochig‘i, tushunmadik.
Maqolaning bizda e’tiroz tug‘dirgan boshqa bir jihati bor. Bir vaqtlar Maxtumqulidan tarjima qilib, o‘zbek kitobxonlarini xushnud etgan, shoir merosining O‘zbekistonda keng yoyilishiga salmoqli hissa qo‘shgan tarjimonlar faoliyatiga nisbatan maqolada jiddiy tanqidiy fikr aytilgan. Bu tanqid maqola muallifi nomidan emas, balki maqolada A.Jumaev fikri sifatida keltiriladi. Mana, maqolaning o‘sha joyi: “O‘tgan asrning 50-yillarida olim Jumaniyoz Sharipov Maxtumquli bobomizning she’rlaridan bir qismini o‘zbekchalashtirib, elga taqdim etdi. Sho‘rolarning xudosizlikka asoslangan siyosati ta’siri yaqqol bilinib turgan u tarjimalar o‘z davri uchungina yaroqli edi (ta’kid bizniki — K.Q.), desak haqiqatdan uzoqlashmagan bo‘lamiz. So‘ng bu ishga yosh tarjimon Muzaffar Ahmad urinib ko‘rdi. Uning ham tilni yaxshi bilmasligi va Maxtumquli merosini yuzaki o‘rganib, tarjima qilgani muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘ldi.
2004 yilda esa Mirza Kenjabek bu ishga qo‘l urdi. Afsuski, uning tarjimasi eng muvaffaqiyatsiz bo‘lib, Maxtumquli ruhiyati, uslubidan juda yiroq edi. Ana shu muvaffaqiyatsiz o‘girmalar meni tarjima ishiga qat’iyroq kirishishga undadi...”.
A.Jumaev fikriga ko‘ra, ungacha Maxtumquli ijodidan qilingan tarjimalar muvaffaqiyatsiz, talabga javob bermaydi. Bunday qat’iy hukm, ya’ni barcha tarjimalarni yaroqsizga chiqarib, ulardagi yutuqlardan ko‘z yumush to‘g‘rimikan? J.Sharipov tarjimalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani haqiqat. Bu fikr o‘z vaqtida tarjimashunoslikda misollar bilan tahlil qilib ko‘rsatildi. Biroq hech bir maqolada J.Sharipov tarjimalari faqat “o‘z davri uchungina yaroqli, bugun ahamiyatini yo‘qotdi”, degan fikr, bizningcha, aytilgan emas. Aksincha, J.Sharipovning bu ijodiy mehnatiga o‘sha davrda ham, hozir ham ko‘pgina ilmiy tadqiqotlarda ijobiy baho berildi. O‘tgan asrning 70-yillaridayoq atoqli olim G‘aybulla Salomov tarjimashunoslikka doir tadqiqotlaridan birida J.Sharipovning tarjimonlik faoliyati xususida so‘z ochib, uning Maxtumquli she’riyatidan qilgan tarjimalarining kamchiliklarini qayd etgani holda, yutuqlarini ham ko‘rsatib, ijobiy baholagandi. Olim shunday deb yozgan edi: “Turkman shoiri Maxtumqulining ko‘zda yoshi bilan jo‘shib yozgan ajoyib she’rlari xalqimizning tiliga tushgan, uni dilida sevib kuylanmoqda. Bu – turkman shoiri va u bilan baravar o‘zbek tarjimoni(J.Sharipov – K.Q.)ning ham ijodi elga, xalqqa, she’r ixlosmandlariga manzur bo‘ldi, degan so‘z”.
Akademik B.Nazarovning J.Sharipov tarjimalari haqidagi quyidagi fikrlari mavzuga doir asl haqiqatning ilmiy xulosasi, desak xato bo‘lmas: “Bu noyob ijodni (Maxtumquli ijodi nazarda tutilmoqda – K.Q.) o‘rganish, o‘zbek tiliga o‘girish, keng ommalashtirishda yirik tarjimashunos olim va mutarjim Jumaniyoz Sharipov katta ishlarni amalga oshirdi... bu tarjimalar o‘z davri talablariga javob berdi, binobarin, uning tarjimalaridan, xususan, muhtaram Jumaniyoz Sharipovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak”.
Tarjimon va adabiyotshunos E.Ochilovning Jumaniyoz Sharipov tarjimalari xususidagi mana bu fikrlari tarjimon faoliyatiga xolis baho berishning yaxshi namunasi: “Jumaniyoz Sharipov tarjimalari Maxtumqulini xalqimiz orasida ikkinchi marta chinakamiga mashhur qildi. Agar bu tarjimalar muvaffaqiyatsiz chiqqanda qayta-qayta nashr etilmas, “Bo‘ylaringga”, “Ko‘ring”, “To‘xtamas”, “Aylar”, “Namasan”, “Yurging keladi”, “Ayrildim”, “Bo‘lmasa”, “Qaramas”, “Bo‘lmas” kabi bir necha o‘nlab she’rlar hofizlar tiliga tushib, qo‘shiqqa aylanmas edi” (“O‘zbek tili va adabiyoti”, 2008, 5-son). Tarjimon va shoir M.Kenjabekning Jumaniyoz Sharipov tarjimalari yuzasidan bildirgan e’tirofi nafaqat uning fikri, balki Maxtumquli she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girgan har bir tarjimonning dil so‘zidek tuyuldi bizga: “Og‘ir mustamlaka zamonlarida Maxtumquli she’riyatini takror-takror o‘zbek kitobxonlariga taqdim etgan muhtaram tarjimon Jumaniyoz Sharipov shoir ijodiga qo‘l urayotgan barcha yangi tarjimonlarga haqli ustozdir. U kishining tajriba maktabidan biz ham bahramanddirmiz”.
Hatto Maxtumqulining ushbu “Saylanma” kitobiga so‘zboshi o‘rnida ilova qilingan professor N.Komilovning “Xalq yodindan ayrilma” maqolasida ham: “Maxtumquli-Firog‘iy xalqimizning sevimli shoirlaridan. Uning asarlari o‘tgan asrning o‘rtalarida J.Sharipov tomonidan tanlanma shaklda tarjima qilinib, nashr etilgan edi”, deb yozilgan, lekin “bu tarjimalar o‘z davri uchungina yaroqli edi” qabilida biror fikr aytilgan emas.
Bulardan tashqari S.Mamajonov, S.G‘anieva, H.Abdullaev, J.Yusupov, M.Saparov, M.Taylaqova kabi olimlar ham turli yillarda e’lon qilingan maqolalarida J.Sharipov tarjimalari haqida so‘z yuritib, tarjimalarning xatolarini ko‘rsatish bilan birga, yutuqlarini ham chetlab o‘tmagan edilar.
Albatta, har qanday badiiy tarjimada kamchiliklar uchraydi. J.Sharipovning Maxtumquli she’riyatidan qilgan tarjimalari ham bundan mustasno emas. Lekin ba’zi she’rlar tarjimasidagi xatoliklar kitobdagi barcha tarjimalar yaroqsiz deyishga, bizningcha, asos bo‘la olmaydi. Agar J.Sharipovning Maxtumqulidan qilgan tarjimalari yaroqsiz bo‘lganida qisqa muddatlarda to‘rt marta, juda ko‘p nusxada (25 ming, hatto ayrimlari 150 ming nusxada) qayta nashr qilinarmidi?
Xullas, bu masalada bir tomonlama fikr yuritish tarjimon mehnatini qadrsizlantiradi, hatto kamsitishga sabab bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, tahlil jarayonida har ikki jihat ham – tarjimaning muvaffaqiyatlari ham, kamchiliklari ham inobatga olinishi maqsadga muvofiq.
A.Jumaev va J.Zulpievning ba’zi bir tarjimalarini J.Sharipov tarjimalariga qiyoslab ko‘rdik. Ayrim she’rlarning tarjimalari J.Sharipov tarjimalaridan farq qilmaydi, hatto so‘zma-so‘z to‘g‘ri keladi. Ba’zi misollarga diqqatingizni qaratamiz:
J.Sharipov tarjimasi:
Qaraqchimi, yo saidmi, xo‘jami,Yo soqiymi, yo sharobmi, yo jomi,Yo yilmisan, yo kunduzmi, kechami,Yo oymisan, yo kunmisan, namasan?(Maxtumquli, Tanlangan asarlar, “Fan”, T., 1958, 66-bet).
A.Jumaev va J.Zulpiev tarjimasi:
Qaroqchimi, yo sayidmi, xo‘jami,Yo soqiymi, yo sharobmi, yo jommi,Yo yilmisan, yo kunduzmi, kechami,Yo Oymisan, yo Kunmisan, namasan?(165-bet)
Keyingi tarjimada “Oy”, “Kun” so‘zlarining katta harflar bilan yozilganini istisno qilsak, qolganlari J.Sharipov tarjimasining aynan o‘zi. Yana bir misol.
J.Sharipov tarjimasi:
Maxtumquli shukr etgil xudoga,O‘lim barobardir shohu gadoga,Besabr qul tez yo‘liqar baloga,Sabrlik qul bora-bora shod bo‘lar.(139-bet)
A.Jumaev va J.Zulpiev tarjimasi:
Maxtumquli, shukur etgil Xudog‘a,O‘lim barobardir shohu gadog‘a,Besabr qul tez yo‘liqar balog‘a,Sabrlik qul bora-bora shod bo‘lar.(70-bet)
Bu tarjimaning, “g” harfining “g‘”ga aylantirilganini aytmasa, J.Sharipov tarjimasidan biror o‘zgachaligi bormikan? Bizningcha, hech qanday farqi yo‘q.
Bunday misollarni yana keltirish, qiyoslash mumkin. Bu xildagi “egizak” tarjimalar bilan tanishar ekanmiz, mutarjimlar Maxtumqulining ayrim she’rlarini o‘girayotganda J.Sharipov tarjimalaridan foydalanmadimikan, degan fikr xayolimizdan o‘tganini yashirmaymiz.
Bu mulohazalar A.Jumaev va J.Zulpiev tarjimalarining ahamiyatini pasaytirmaydi, albatta. Tarjimaning fazilatlari ko‘p. Lekin bir fikrni ta’kidlamoqchimiz. J.Sharipov tarjimalari, mualliflar aytganidek, faqat “o‘z davri uchungina yaroqli” bo‘lib qolmasdan, balki hozirgi avlod, bugungi she’riyat muxlislari uchun ham ma’naviy tarbiya quroli vazifasini o‘tab kelmoqda.
M.Azimov maqolasida M.Ahmad, M.Kenjabek tarjimalariga nisbatan aytilgan tanqidiy fikrlarga ham to‘la-to‘kis qo‘shila olmaymiz. Har ikki tarjimonning Maxtumqulidan tarjimalarini muvaffaqiyatsizlikka uchragan tarjimalar deb mutlaq hukm chiqarish, mutarjimlarni turkman tilini yaxshi bilmaslikda ayblash unchalik to‘g‘ri emas. Albatta, ularning tarjimalari ham kamchiliklardan xolimas. Lekin bu fikr ularning tarjimalari umuman muvaffaqiyatsiz, ulardan voz kechish kerak, degan ma’noni anglatmaydi. Gapning ochig‘i, har ikki mutarjimning ijodiy mehnatini, tarjimalarini yuz foiz yo‘qqa chiqarish, yutuqlarini butunlay inkor etish adolatdan bo‘lmasa kerak.
Maxtumqulining o‘zbek tarjimonlari faoliyati bilan bog‘liq mulohazalarimizni akademik B.Nazarovning quyidagi fikrlari bilan yakunlasak, o‘ylaymizki, M.Azimov maqolasida ba’zi tarjimonlarga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlarga o‘rinli javob bo‘lar: “Taniqli shoir Mirza Kenjabek, Sharq she’riyatining nozik bilimdoni va tarjimoni Ergash Ochil, qozoq, turkman, qoraqalpoq she’riyati namunalarini o‘zbek tiliga muvaffaqiyat bilan o‘girayotgan shoir Muzaffar Ahmad va boshqalarning Maxtumquli ijodi yuzasidan amalga oshirgan yangi nashrlari, maqola va tarjimalari Maxtumquli asarlarining yangi-yangi qatlamlarini ochishga munosib hissa qo‘shmoqda” (“O‘zbek tili va adabiyoti”, 2008 yil, 5-son).
Karimboy Quramboyev,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 48-sonidan olindi.