Begali Qosimov ilmiy asarlari o‘zining teran mantiqi, izchilligi, sodda va ravon tili bilan o‘zbek adabiyotshunosligi tarixida ayricha hodisa. Domlaning arxividan topilib, “O‘zAS” o‘quvchilariga taqdim etilayotgan mazkur tadqiqot nafaqat qo‘yilgan masalaning milliyligi, teranligi, ilmiyligi bilan, balki bir o‘qigandayoq o‘quvchi qalbiga yetib borishi jihatidan ham o‘ziga xos.
Tadqiqot markaziga qo‘yilgan “O‘zbek mardikorlik she’riyati” mavzusi ilk bor 70-yillarda aynan professor B.Qosimov tomonidan kashf etilgan, o‘rganilgan, ilmiy muomalaga olib kirilgan. Shundan beri “O‘zbek mardikorlik she’riyati” XX asr boshlari o‘zbek adabiyotiga xos ilmiy istiloh sifatida yashab keladi. Mutaxassislar bu she’riyat haqida o‘z fikr-qarashlarini ayni istiloh asosida bayon qiladilar. Shu tariqa “O‘zbek mardikorlik she’riyati”ga doir maxsus tadqiqotlar amalga oshirildi, dissertatsiyalar yoqlandi.
Maqola hajman katta emas, ammo har biri maxsus o‘rganishga arzirli bir necha mustaqil kontseptsiyani ifodalaydi. Birinchidan, ishda mardikorlik she’riyatini maydonga keltirgan ruhiy-ma’naviy, ijtimoiy-tarixiy omillar ko‘rsatilgan, aniq faktlar misolida asoslangan. Ikkinchidan, “O‘zbek mardikorlik she’riyati”ning manbalari tasnif qilingan. Uchinchidan, ushbu voqealar bilan egiz tug‘ilgan adabiyot va bularning zamonaviy yozma adabiyotga o‘tishi, badiiy aks etish jarayonlari yoritilgan. To‘rtinchidan, “O‘zbek mardikorlik she’riyati”ning talqin va tasvir ko‘lami, poetik tamoyillari belgilangan, xususan, “Loshmon” to‘plamiga kirgan she’rlarning tizimli tahlili amalga oshirilgan. Beshinchidan, ayni she’riyatning o‘zbek folklori, mumtoz adabiyot, she’r poetikasi va she’r mualliflari ijodiy printsiplari bilan uzviy aloqadorligi haqida fikr yuritilgan.
Ustoz olimdan meros qolgan ushbu kichik tadqiqotda yosh avlod uchun ibrat va saboq, ma’rifat ziyosi bor.
Uzoq JO‘RAQULOV
“O‘zbek mardikorlik she’riyati” — adabiy termin sifatida o‘zbek adabiyotshunosligida 70-yillarning oxirida paydo bo‘ldi va 1916 yilda Turkistondan mardikor olinishi, ularning front ortidagi hayoti va 1917 yilning fevralidan keyin esa vatanlariga qaytib kelishlari bilan bog‘liq voqealarni aks ettiruvchi asarlarni ko‘zda tutadi.
Mardikorlik voqeasi ma’lum va mashhur voqea.
1916 yilning 25 iyunida 2-Nikolay imperiyadagi g‘ayrirus aholining erkaklarini front ortidagi qora ishlarga xizmatga olish haqida farmon chiqaradi. Turkistondan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan 250 ming ishchi olinadigan bo‘ladi. Bu esa xalq orasida juda katta norozilik tug‘diradi, to‘qnashuvlar yuz beradi. 1916 yilning iyulida xalq qo‘zg‘olonlari butun Turkistonni qamrab oladi.
Sababi:
1.Xalqning 50 yil davomida ongli ravishda harb ishlaridan uzoq tutilganligi.
2.Mahalliy xalqqa ishonchsizlik. Ular askarlikka emas, mardikorlikka – qora ishga olinishi.
(Mardikorlik voqealarida bevosita qatnashgan Laziz Azizzodaning xotirlashicha, g‘alayonchilar aksariyat “Askar bera-miz! Qora ishchi bermaymiz!” deb ko‘chaga chiqqanlar.)
3.Farmonning kutilmaganda berilishi.
4.Farmonning suiiste’mol qilinishi.
(Mardikor olishdagi tengsizlik, bir kishining o‘rniga ikkinchi kishini yollash mumkinligi va h.k. Sovet tarix fani, ko‘pincha, shuni asosiy sabab qilib ko‘rsatib keldi.)
To‘qnashuvlar qattiq kechgan. G‘alayon shafqatsiz bostirilgan. Bu voqealar o‘sha davr matbuoti va adabiyotida ozmi-ko‘pmi o‘z aksini topgan. So‘ng keyingi 50-60 yil davomida adiblarimiz bu mavzuga qayta-qayta murojaat etdilar. Oybekning “Qutlug‘ qon” romani, N.Safarovning “Ko‘rgan-kechirganlarim”i, A.Muxtorning “Chinor”, M.Alining “Boqiy dunyo” she’riy romani kabilarni eslash mumkin. Bu mavzu Turkistondagi barcha adabiyotlarda deyarli ishlandi. Bu bejiz emas.
1916 yilning 9 avgustida Toshkentga kelgan “Vaqt” muxbiri Shahid Muhammadyorov o‘z taassurotlarini shunday yozgan edi:
“Mardikorlik ari uyasiga cho‘p suqqandek bo‘ldi. Turkistonda bamisli yer titradi. Xalq bosh ko‘tarib, yon-atrofga qaradi. Bul Turkiston uchun chinlikdan 1905 yil bo‘ldi... Turkiston birdan XVIII asrdan XIX asrga kirdi...”.
Bu borada yangi-yangi materiallar chiqmoqda. 1996 yili “O‘zbegim” majmuasining 2-sonida Jizzax qo‘zg‘olonining qatnashchisi M.Allayorovning xotiralari e’lon qilindi.
Chor hukumati yon berishga majbur bo‘ladi. Mardikorlikka olinadiganlar soni qisqartiriladi. Ularni jo‘natish uchun komissiya yuboriladi. Turkistonni yaxshi bilgan A.N.Kuropatkin general-gubernator qilib tayinlanadi va h.k.
Mardikorlar tushgan birinchi eshelon Toshkentdan 1916 yilning 18 sentyabrida jo‘natildi. G‘oyat tadbirkorlik bilan ish ko‘rildi. Mardikorlarga osh tortildi, pul, shirinliklar ulashildi. Oqpodshoh sha’niga shiorlar bitildi. Mardikorlarga general Kuropatkinning shaxsan o‘zi oq yo‘l tilab qoldi.
18 oktyabrda esa 2-Nikolay eshelonning vakillarini o‘z qarorgohida qabul qiladi. Mukofotlar beradi. Xullas, yil oxiriga kelib, qo‘zg‘olonlar paysal topadi. Undan keyin qo‘zg‘olonchilarni shafqatsiz jazolash boshlanadi.
Yigitlarimizning mana shu mardikorlikka ketishlari, u yoqdagi hayotlari, so‘ng esa qaytishlari haqida o‘z davrida she’rlar, dostonlar, dramatik asarlar maydonga kelgan. Bular o‘z davrining badiiy solnomalaridir. Afsuski, ular to‘plangan, o‘rganilgan emas. Ulardan ayrimlarigina o‘rganildi (masalan, Hamza — L. Qayumov; Po‘lkan — T. Mirzaev).
Bu asarlar orasida alohida o‘rinni she’rlar egallaydi. Hozircha o‘zbek adabiyotida o‘nga yaqin she’riy to‘plam 1916 — 1917 yillarda chop etilgani ma’lum.
Bular: “Loshmon” (tuzuvchi M.Ibrohimbekov), “Safsar gul” (muallifi Hamza), “Mardikorlar ashuvlasi” (Avloniy), “Vatanga xizmat” (Akbariy Toshkandiy), “Rabo(t)chilar namoyishi”, “Rabo(t)chilar kelishi”, “Rusiya inqilobi” (Sidqiy Xondayliqiy), “Vatan xizmati” (Murtazo bin Ismoiljon), “Yangi shugufa yoxud milliy adabiyot” (Azmiy-Aziziy).
Mazkur to‘plamlardagi she’rlarni mavzuiga ko‘ra uch guruhga bo‘lish mumkin:
1.Mardikorlikka jo‘natish bilan bog‘liq kechinmalar ifoda etilgan she’rlar.
2.Mardikorlarning front ortidagi hayoti.
3.Vatanga qaytib kelish.
“Loshmon” — bular orasidagi ilk to‘plam, Namanganda 1916 yilda chop etilgan. Unda M.Ibrohimbekovdan boshqa Rafiqiy va Lutfulla Olimiy ham ishtirok etganlar.
She’rlarda turkiy adabiyotdan, xususan, Ziyo Ko‘k Alp, Mehmed Emin Yurdaqul ijodidan ta’sirlanish kuchli. Shoirlarimiz ulardan ko‘plab iqtiboslar oladilar.
Masalan:
Men bir turkman, dinim, jismim ulug‘dir,Mening qalbim otash birla to‘lug‘dir.Inson bo‘lgan vatanining qulidir.Turk avlodi uyda turmas ketarman.Yoki:
Yurtum mani shul Turon,Bobom mani Ko‘ragon.Vatan uchun xizmatgaDoim belim bog‘langan.Millat kelajagiga umid bor:
Kulgil Lutfiy, chekma hech g‘am, yetar gul ochiladi,Ketar qishlar, bo‘ron-qorlar, bo‘lar millat bahori!Avloniyning “Mardikorlik qo‘shiqlari” o‘ziga xos xayrlashuv qo‘shiqlaridir. Bu qo‘shiqlar 18 sentyabr kuni yigitlarni jo‘natish payti aytilgan. Undagi tuyg‘ular ancha murakkab. Unda vatanni qutqarishga borayotgan yigitning emas, vatanidan ajratib olib ketilayotgan kishining tuyg‘ulari ustun:
Falak bizni judo qildi sizlardan ham vatandan,Vatanimiz qutqaramiz bizlar borib dushmandan.Akbariy Toshkandiyning “Vatanga xizmat” kitobida esa masalaning boshqa tomoni bo‘rtib turadi. Mana unda qanday satrlar bor:
Na uchunkim boylar o‘g‘lin qoldurub,Ming so‘mga kambag‘al yollab oldurub.Onalarin yurak-bag‘rin yondurub.Bir Olloga topshurdum man sizlarni.O‘zbek adabiyotida bevosita g‘alayonni, uning oqibatlarini aks ettirgan asarlar ham ancha. Ular alohida bir mavzu.
Bir turkum she’rlar mardikorlarning mardikorlikdagi hayotini yoritadi. (Hamzaning “Sog‘inib”, “Salom ayting” she’rlari buning mashhur namunalaridir.)
Bir turkum she’rlarda, masalan, Sidqiy Xondayliqiyning “Sitamdiyda rabo(t)chilar kelishi” manzumasida ham kelish quvonchi, ham mardikorlik hayoti tasvirlangan.
Tanlangan she’rlar shakli — dialog. Manzuma shunday boshlangan.
Savol:
Muncha muddatlarda qoldingiz qayon?! Xush keldingiz!Qaysi joyga bordingiz, bermay nishon?! Xush keldingiz!Yig‘lamoqdin bo‘ldi ko‘zlar yoshi qon, xush keldingiz!G‘amda qad bo‘ldi duto, tan notavon, xush keldingiz!Emdi g‘amgin dil uyig‘a mehmon, xush keldingiz!Javob:
Muncha muddatlarda biz ketduk urush maydonig‘a,Ba’zimiz to‘p zovtig‘a, ba’zimiz mis konig‘a.Po‘rma kiyduk, olduk o‘zni emdi soldat sonig‘a,Bo‘ynumiz sunduk bu zolim shohning farmonig‘a,Siz so‘rang bizdin deb “Ey, zindoniyon, xush keldingiz! ”Mardikorlik ishining tafsilotlari ham bor:
Berdi bir qo‘lg‘a chirog‘u yona bir qo‘lg‘a temur,Yer tagig‘a ushbu holat birla kirduk biz g‘ayur.Ba’zimizga berdi gurzi, misni tobsang munda ur.Yer tagi namnoku tanlar ojiz o‘ldi misli mo‘r.Aytingiz tabrik etib, “Ey, qahramon, xush keldingiz!”Ayrim she’rlar mardikorlarning bevosita qaytib kelishlari quvonchini ifoda etadi. Masalan, Sidqiyning bir she’ri “Sizlarga mujda” deb atalgan. Unda shunday satrlarni uchratamiz:
Falakni javridin singan o‘shal bolu parim keldi,Vujudim bog‘i naxli, ravshani chashmi tarim keldi.Xudoning shukrini qaysi zabon birlan ado aylay,Karam daryosi jo‘sh urdi, duraxshon gavharim keldi.Firoqida damodam, ey ko‘zum, qonlar to‘kar erding,Bas emdi qon yoshingni to‘kmakim, ul dilbarim keldi.Musofirlig‘da rangi kahrabo yanglig‘ sarig‘ bo‘lg‘on,Qizil guldek yuzi so‘lg‘on mening bog‘u barim keldi.G‘ariblig‘da jafo chekkan, sitam tortgan, alam ko‘rgan,Qadi g‘amdin duto bo‘lg‘on mashaqqatparvarim keldi...She’rdagi tuyg‘ulardan shunday ma’nolarni anglash mumkin:
1.Bu xizmat – Vatan xizmati emas edi, o‘z oti bilan mardikorlik edi.
2.Ular Vatanda emas edilar. Aksincha, Vatandan ayrilgan edilar, g‘ariblikda, musofirlikda edilar.
Mardikorlik she’rlari ifodasiga ko‘ra sodda: ko‘pchiligi xalq qo‘shiqlari ohangida. Vazniga ko‘ra esa barmoqda yozilganlari ham bor, aruzda yozilganlari ham bor.
Taxmin qilish mumkinki, bu qo‘shiqlarning ko‘pchiligi bevosita xalqning o‘zidan olingan. Shunga ko‘ra uni yozma adabiyot bilan og‘zaki adabiyot o‘rtasidagi bir hodisa deb qaramoq mumkin.
Ikkinchidan, bu hodisa faqat bizda emas, Turkistondagi boshqa turkiy adabiyotlarda (masalan, qozoqlarda) ham bor.
Mardikorlik hodisasi tatar adabiyotida ham aks-sado bergan. Masalan, Shayxzoda Babich 1916 yilgi Turkiston qo‘zg‘olonini bostirishda qatnashgan general Abdulaziz Davletshinni qoralovchi she’r yozgan:
Sen to‘ra, Abdulaziz, bor ixtilollarni bitir,Turma hech vijdon, imon deb, bor, musulmonni o‘(l)tir.Xulosa:
1.Mardikorlik voqealari Turkiston istiqlol harakatida muhim rol o‘ynaganidek, mardikorlik she’riyati yangi o‘zbek adabiyotining shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
2.1916 yil voqealari turkiy xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirdi. Adabiyotimiz bu yaqinlikdan oziq va ilhom oldi.
3.“O‘zbek mardikorlik she’riyati” mazmun-mohiyatiga ko‘ra turkiy xalqlar va adabiyotlari birligini namoyish etuvchi hodisalardandir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 51-sonidan olindi.