“Abdulla Qahhor zamondoshlari xotirasida” nomli kitobda mashhur yozuvchimizga: “Badiiy so‘z san’atini puxta egallagan yozuvchi” (Oybek), “Adabiyotimiz faxri, yirik, betakror, o‘ziga xos yozuvchi” (Odil Yoqubov), “Prozamizning baquvvat chinorlaridan biri; tom ma’noda iymoni, e’tiqodi mustahkam adib; atoqli zot, ulkan adib, yirik shaxs” (Abdulla Oripov) kabi bir-biridan ma’noli ta’riflar berilgan.
Men oddiy bir kitobxon, mutaxassis-olim sifatida Abdulla Qahhorning yana bir xususiyati to‘g‘risida fikr yuritmoqchiman.
Yuqorida nomi keltirilgan kitobda tag‘in shunday satrlarni o‘qiymiz: “A.Qahhor nafaqat adabiyot ahli bilan, balki fan, madaniyatimizning ko‘p sohalariga mansub atoqli arboblar bilan yaqindan aloqa qilib, tez-tez uchrashib, suhbatlashib turardi. Mashhur akademiklar H.Abdullaev, M.O‘rozboev, M.Muhammadjonov, J.Saidovlar, tibbiyot ilmining taniqli namoyandalari, professorlar Ergash Otaxonov, Shabot Xo‘jaev va boshqalar uning do‘stlari, suhbatdoshlari edilar”.
Atoqli tanqidchimiz Ozod Sharafiddinov o‘zining “Abdulla Qahhor” nomli kitobida adibning mehnatkashlar hayoti bilan yaqinroq tanishish maqsadida bir necha oylab Toshkent viloyati xo‘jaliklaridan birida, Mirzacho‘lda yashagani, bo‘lajak qahramonlari hayotini kuzatganligini yozgan.
Cho‘l sharoitida olimlar, agronomlar, xo‘jalik rahbarlari, brigada boshliqlari, oddiy mehnatkashlar bilan bo‘lib o‘tgan bevosita muloqotlar, ularning murakkab sharoitda bajarayotgan ishlarini sinchkovlik bilan o‘rganish Abdulla Qahhorga qo‘l kelgani shubhasiz.
Bugun O‘zbekistonimiz paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi, paxta tolasi eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Keyingi yillarda Xalqaro paxta yarmarkasining Toshkentda o‘tkazilayotgani dunyo bozorida o‘zbek paxtasiga bo‘lgan qiziqishning naqadar ortganligidan dalolat.
“Qo‘shchinor chiroqlari” romanida tuman rahbari Ahmedov shunday deydi: “...Barakaning siri yerni ko‘proq hosil berishga majbur qilishda, uni minib olishda ekan... Sanoatimiz berayotgan traktorni uzangi, ilmni jilov qilib yerni minib oladigan xo‘jalik zo‘r xo‘jalik holiga keladi...”
Bu gap bekorga aytilmagan. Ekin maydonidan barakali hosil olish uchun uning unumdorligini muttasil oshirib borish lozim bo‘ladi.
Kolxozchi Ro‘zimat majlisda: “... Direktor ko‘nipti, lekin yerni borib ko‘rganidan keyin: “Bu bir parcha yerni traktor bilan haydash zambarak bilan quyon ovlashday gap, qo‘shnilaring ko‘nsa, hammalaring yerlaringni qo‘shib yaxlit qilinglar, bir kunda haydatib beraman”, depti... Traktor bir yarim kun ishlab, tizza bo‘yi haydab beripti... Traktorning haqini o‘n uch xo‘jalikka sochilganda bitta otning uch kunlik yem-xashagidan arzon tushipti”.
Bu satrlar iste’dodli adib o‘shandayoq qishloq xo‘jaligi sohasida ham juda uzoqni ko‘ra olganidan dalolat beradi. Darhaqiqat, laxtak yerga solishtirganda 10-20 gektarli yaxlit maydonlarda haydov agregatining asosiy vaqti burilish va qaytishlarga emas, shudgorlashning o‘ziga sarflanadi. Yerni chuqur va sifatli haydaydi.
Zanjirli traktor 10 gektar yerni bir kunda, g‘ildiraklisi yarim kunda haydab tashlaydi. Eng asosiysi, katta yerda traktor kam yonilg‘i “eydi”, ko‘p haydaydi. Natijada bu yumush, eng kamida, ikki-uch marta arzonga tushadi.
Bir so‘z bilan aytganda, fermer zambarak bilan quyon ovlab o‘tirmaydi.
Adib asarlarida paxtani sifatli teradigan, uni yerga kam to‘kadigan zamonaviy mashinalarni yaratish, ulardan unumli foydalanish, g‘o‘zani mashinabop qilib o‘stirish, dalalarni mashina terimiga tayyorlashdek dolzarb masalalar ham o‘z ifodasini topgan. Bevosita qishloq xo‘jaligiga oid bunday masalalarga u o‘zining aniq-ravshan munosabatini bildirgan, tegishli fikr-mulohazalarini o‘quvchilari hukmiga havola etgan. Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi. Chunki mashinani temirchi yasaydi va tuzatadi. A.Qahhorda esa, temirchining qoni bor edi. Shu o‘rinda Ozod Sharaffiddinov kitobidan ushbu iqtibosni keltirish o‘rinlidir: “A.Qahhor ko‘p masalalarda qo‘li usta edi — masalan, mashina buzilsa o‘zi sozlar, elektr o‘chib qolsa yoqishga aqli yetardi. Har xil narsalar buzilsa, o‘zi bir zumda tuzatar, hovlining turli joylariga knopkalar o‘rnatib, har xil signallarni ishlatib qo‘yardilar. Umuman, otasi — temirchi usta Abduqahhordan o‘tganmi, temir-tersak ishlariga chapdast edilar”.
Adib qalamiga mansub “Paxtakorning har bir yutug‘i qimirlagan jonni quvontiradi” sarlavhali maqolasida o‘qiymiz: “...Mashina terimda shu choqqacha qomatini rostlay olmay kelganiga birdan-bir sabab uning hali bekam-ko‘st emasligi deb bo‘lmaydi. Agar birdan-bir sabab shu bo‘lsa, nahotki mashina maktab bolalaridan ham yomonroq, shulardan ham kamroq paxta tersa! Buning sabablari ko‘p. Bu ko‘p sabablardan biri qoloqlik, qo‘rqoqlikdan kelib chiqadigan shubha-gumondir. Shubha-gumon har qanday odamni ham lanj qilib qo‘yadi. Mashina masalasida katta-kichik rahbar xodimlar, ayniqsa, mashinani ishlatish-ishlatmaslik izm-ixtiyoriga tushib qolgan kishilar orasida mana shunday lanj odamlar ko‘proq bo‘lib keldi”.
Adibning o‘zi savol qo‘yadi: “...Ko‘chada biron ayol og‘ir chamadon ko‘tarib ketayotgan bo‘lsa-yu, biron erkak chamadonni uning qo‘lidan olib, avtobusga chiqarib qo‘ysa, qanday yaxshi. Bu odam xunuk bo‘lsa ham, mayib bo‘lsa ham, baribir, hammaning ko‘ziga birdan yaxshi ko‘rinadi. Madomiki, shunday ekan, ayol kishining bo‘ynidagi falon ming kilogramm yukni “menga ort”, deb yelkasini tutib turgan mashina nima uchun hammaning ko‘ziga birdan yaxshi ko‘rinmaydi?”
“Mashina — odamning do‘sti” maqolasida paxta terish mashinasi bilan bog‘liq muammolar qalamga olingan: “Mashinaning hali mukammal emasligiga uning ijodchilari injener-konstruktorlar iqror, shuning uchun olimlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, uning kamchiliklarini yo‘qotish ustida muttasil ish olib borishyapti. Nima yangi chiqqan vaqtida mukammal edi — parovozmi? Elektr lampochkami? Avtomobilmi? Traktormi?.. Demak, bugun bo‘lmasa ertaga har jihatdan mukammal mashina yaratiladi”.
Abdulla Qahhorning o‘sha maqolasidagi mana bu fikrlari ham e’tiborga molik: “Jon og‘ritgan do‘st bo‘lmaydi”, deyishadi. Paxtakorga, ayniqsa, xotin-qizlarimizga kim do‘st: mashina to‘kkan ozgina paxtaga qarab oh-voh qilgan, odamning mehnatiga kuygan bo‘lib odamning o‘zini esidan chiqargan kishi do‘stmi yoki odamni shunday mehnatdan butkul qutqaraman deb turgan mashina do‘stmi?”.
Paxta terish mashinasining dehqonga do‘stligi qay darajada ekanligini oddiy hisob-kitob orqali baholasa ham bo‘ladi. Masalan, bir million tonna paxtani qo‘lda terib olish uchun mavsumda har biri o‘n tonna paxta teradigan yuz mingta mohir terimchi kerak bo‘ladi. Dalalar va g‘o‘zalar mashina terimiga agrotexnik talablar darajasida tayyorlansa, yig‘im-terim ishlari to‘g‘ri tashkil etilsa “O‘zKeysmash” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan “Keys” paxta terish mashinalarining har biri mavsum davomida ming tonnagacha hosilni terib bera oladi. Bir million tonna paxtani yig‘ishtirib berish uchun shunday mashinalarning mingtasi kifoya qiladi. Bu, mingta mashina o‘zining yuz mingta do‘stini og‘ir qo‘l terimidan ozod etdi, degani emasmi?!
Ayollarning qishda qor kechib, ko‘sak uzib, kechalari bilan uni chuvish, erkaklarning ho‘l paxtani sushilkalarda quritish, sushilka uchun o‘tin topish, o‘tin uchun o‘rik va jiyda kesishdek mashaqqatli ishlardan qutilganini aytmaysizmi!
E’tiborli tomoni shundaki, Abdulla Qahhor paxtani mashinada terishni, paxta terish mashinasini sobitqadamlik bilan targ‘ib qilgan. Hatto Farg‘ona viloyatining paxta tayyorlash rejasini bajargani munosabati bilan 1966 yili yozgan “Tabrik” maqolasida ham mashina terimiga alohida e’tibor qaratish lozimligini, uning ijtimoiy ahamiyatini uqtirib o‘tishni unutmagan.
Keyingi yillarda mamlakatimiz paxtakorlari zafar marrasini oktyabr oyining birinchi yarmidayoq zabt etmoqdalar. Fermer xo‘jaliklarining rivojlanib borayotgani, ularga zamonaviy texnika vositalari, kimyoviy o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, paxta kasalliklari va zararkunandalarga qarshi kimyoviy preparatlar va biologik vositalar uzluksiz yetkazilayotgani, suv ta’minoti, bank, sug‘urta xizmatlari dadil yo‘lga qo‘yilgani, eng asosiysi, bu tadbirlarning boshida mamlakatimiz rahbari turgani bunday muvaffaqiyatlarning asosiy garovidir.
Bunday imkoniyatlarga erishish dehqonning, jumladan, A.Qahhorning ham azaliy orzusi edi. Bu orzu endilikda ushaldi.
Darhaqiqat, xalq dardi bilan yashash, mehnatkashlarning og‘irini yengil qilishi mumkin bo‘lgan omillarni targ‘ib qilish, sanoatda bo‘ladimi yoki qishloq xo‘jaligidami — yurtdoshlarning kundalik yumushi, turmushiga yengillik kiritadigan yangiliklarni qo‘llab-quvvatlash, aslida, chinakam xalqparvar adiblarga xos yuksak fazilat. Sokin ijodxonasida o‘tirib xayolot olami bilan band ijodkorlar ham ko‘p. Biroq elining, yurtining tashvish-g‘amidan doimo ogoh, hayotdagi o‘sish-o‘zgarishlardan boxabar yozuvchining o‘rni, mavqei boshqacha bo‘ladi. Bu jihatdan ham ustoz adib Abdulla Qahhor faoliyati bugungi qalam ahliga ibrat bo‘la oladi.
Muhammad Toshboltaev,
texnika fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 13-sonidan olindi.