OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tarjima millatni jahonga tanitadi (2007)

Muhammad ALI: — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida badiiy tarjima va xalqaro aloqalar kengashi ish boshlaganiga to‘rt yil bo‘lmoqda. Kengashning ikki qanoti bor: birinchisi — badiiy tarjima, ikkinchisi — xalqaro aloqalar. O‘tgan vaqt mobaynida Uyushmaning xalqaro ijodiy aloqalarini yo‘lga qo‘yish va madaniyatlar ko‘prigi bo‘lgan badiiy tarjimani rivojlantirish borasida baholi qudrat ishlar amalga oshirildi.

Tarjima jarayoni, ta’bir joiz bo‘lsa, ikki qanotga ega. Birinchisi, jahon tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilish. Ikkinchisi, o‘zbek tilidan jahon tillariga tarjimalarni ro‘yobga chiqarishdir. “Ikkinchi qanot” bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida o‘quvchilarga jahon adabiyotidan turli namunalar taqdim etilib kelinayotganini ta’kidlash joiz. Bu sohada “Jahon adabiyoti” jurnali faoliyati diqqatga sazovordir. Umuman, yutuqlar haqida yana gapirish mumkin. Davra suhbatimizda ko‘proq oldimizda turgan, amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan muammolar borasida fikr almashsak o‘rinli bo‘ladi.

O‘zbek adabiyotidan jahon tillariga qilinayotgan tarjimalar haqida gapirganda, afsuski, iliq gaplar aytish qiyin. Bu ish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, tarjimalar ham tasodifan ro‘y beradi. Bunday ahvolni o‘nglashimiz lozim.

Yaqinda respublika Yozuvchilar uyushmasida Tashqi ishlar vazirligidan yo‘llangan ikki maktub bilan tanishdik. Maktublar Yaponiya bilan Turkiyadan kelibdi. Bu maktublarda yapon va turk adabiyoti namunalarini jahonga targ‘ib etish bo‘yicha lo‘nda takliflar aytilgan, tarjima uchun asarlar ro‘yxati keltirilgan. Takliflarning muhim tomoni shundaki, ilovada ko‘rsatilgan asarlardan tarjimalar o‘zbek tiliga tarjima qilinsa, nashrning moddiy tarafi ular tomonidan qoplanishi aytilgan. Bu juda yaxshi misol. Biz ham rejali ravishda o‘zbek adabiyotining xorijiy tillarga tarjima etilishi mumkin bo‘lgan asarlari ro‘yxatini tuzib, Yozuvchilar uyushmasida muhokamadan o‘tkazib, ularning xorijiy tillarga tarjimasini moddiy qo‘llab-quvvatlashni so‘rab hukumatimizga murojaat qilishimiz lozim, deb o‘ylayman.

Poytaxtimizda turli mamlakatlar elchixonalari va ular qoshida madaniyat markazlari ishlab turibdi. Elchixonalar bilan yaqindan bog‘lanish yaxshi natijalarga olib kelishi mumkinligini Hindiston respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi misolida ko‘rish mumkin. Yaqinda Hindiston madaniyati markazida Hindiston elchisi Tayal janoblari tashabbusi va ko‘magida nashr etilgan “Chiroq yonib chiqdi tun bo‘yi” nomli hind adiblari hikoyalari to‘plamining (“Cho‘lpon” nashriyoti) taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Hikoyalarni taniqli o‘zbek adiblari o‘zbek tiliga tarjima qildilar. Kitob xarajatlari Hindiston hukumati tarafidan qoplandi. Umuman, elchixonalar bilan aloqalar bog‘lash kengashimiz uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi. Bundan yaxshi foydalanishimiz kerak.

Suvon MELI: — Adabiy aloqalar, aslida, juda keng tushuncha. Badiiy tarjima adabiy aloqalarning muhim tarmog‘i. Lekin, boshqa jihatdan, muxtor hodisa sifatida adabiy aloqalardan mustaqil va undan kattaroq soha. Chunki u inson zehniyatining ajoyib mahsuli — badiiy adabiyot va uning qonuniy farzandi badiiy asar bilan bevosita aloqador.

Mustaqillik bizga jahon badiiy maydoniga mustaqil sub’ekt sifatida chiqish imkonini berdi. Bu ham imkoniyat, ham katta mas’uliyat va izchil ijodiy mehnatdir. Biz endi jahonga mustaqil ma’naviy sub’ekt sifatida chiqishimiz zarur. “O‘zbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori buyuk ma’naviy qudratga da’vogarlikni ham o‘z ichiga olishini unutmaslik lozim. Buyuk ma’naviy qudrat esa, xalqning pok e’tiqodi, milliy adabiyot va san’atning jahonshumul ta’sir-e’tibori orqali yuzaga kelishi shoyon haqiqat.

XX asr o‘zbek adabiyoti, shak-shubhasiz, jahondagi nufuzli adabiyotlar sirasiga kiradi. Tarixan qisqa vaqt mobaynida yangi zamonaviy adabiyot yaratildi va mingyillik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek mumtoz adabiyoti bilan birgalikda o‘zbek millatining shu kundagi badiiy qiyofasini belgilab turibdi. Lekin chopag‘on vaqt to‘xtab turmaydi. Mana, yangi XX asrning ilk yillaridamiz. O‘jar bir savol ko‘ndalang turadi: yangi asrda o‘tgan asrda egallangan cho‘qqilarni egallay olamizmi, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom (bu ro‘yxatni ancha davom ettirish mumkin) darajasidagi badiiy siymolarni yetishtira olamizmi? Vaholanki, egallangan cho‘qqilarni qayta egallash u qadar zavq bermaydi. Vazifa — shu yuksaklikka tayangan holda yangi cho‘qqilarni zabt etish.

Bu juda jiddiy, aytishga oson, biroq bajarish qiyin vazifa. Hozirgi adabiy jarayonda bir qadar sokinlik hukmron. Bu ham tasodif bo‘lmasa kerak. Adabiyot yangi ijtimoiy voqelikka moslashib ulgurmadi, shekilli. Davrning haqiqiy kuychilari, haqiqiy ifodachilari hali yetishib chiqmadi chog‘i. Zamona qahramonining badiiy obrazi yaratilmayotir. Zamona qahramoni o‘zi kim, degan savol ham deyarli ochiq qolmoqda. Buning uchun vaqt kelishi, sharoit yetilishi zarurga o‘xshaydi.

Ayni shu o‘rinda badiiy tarjimaning milliy adabiyot taraqqiyotida xamirturush sifatidagi roli bo‘rtib ko‘rinadi. O‘zbek mumtoz adabiyotidagi tarjimachilik(Qutb, Sayfi Saroyi)dan keyingi badiiy ko‘tarilish — o‘zbek adabiyotining XV asr oltin davri. Rus adabiyotining ham XX asr oltin davri Jukovskiyning bemisl tarjimachilik faoliyatidan keyin boshlanganini eslash kifoya...

Omon MUXTOR: — Bizda avvaldan negadir turli tillar(arab, fors, ingliz, rus tillari)dan asarlarni tanlab o‘zbek tiliga tarjima qilish birinchi o‘rinda bo‘lib kelgan. Eski adabiyot namunalaridan tashqari, Cho‘lpon, Usmon Nosir, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir singari ulkan adiblardan tortib tarjimaga qo‘l urmagan ijodkor kam topiladi. Bizning davrimizga kelib, barcha Erkin Vohidov yoki Abdulla Oripov darajasida bo‘lmasa hamki, o‘z imkoni doirasida o‘zbek adabiyotini boyitadigan asarlarni tarjima qilishga urinadi. Yozuvchilar, shoirlar bilan birga, o‘tgan asrda butun iqtidorini tarjimonlikka bag‘ishlagan katta saf ijodkorlar maydonga chiqdi. Qodir Mirmuhamedov, Miad Hakimov, Mirziyod Mirzoidov, Hasan To‘rabekov va boshqa o‘nlab tarjimonlar jahon adabiyotining ko‘rkam namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qildilar. Bu jarayon hozir ham gurkirab davom etayotir. Bunga faqat suyunish kerak. Hech kim e’tiroz bildirmaydi. Ammo o‘zbek adabiyotida yaratilgan asarlarni o‘zbek tilidan turli tillarga tarjima qilish ikkinchi o‘rinda turgandek taassurot qoldirishi tayin.

To‘g‘ri, o‘zbek yozuvchilarining ko‘p asarlari turli tillarda nashr etilgan. Komron Hakimov, Alisher Otaqo‘ziev, Hamid Ismoil, Xolida Anorboeva, Ra’no Azimova hatto ba’zi asarlarni bevosita o‘zbek tilidan tarjima qilganlar. Shunga qaramay, bu ishda izchillik, davomdorlik yo‘q. Bizning adabiyotimiz buyuk adabiyot, mamlakatimiz mustaqillikka erishib, har xil sohalar (sport, tasviriy san’at, musiqa) jahonga chiqayotgan bir pallada, adabiyotimiz hali o‘zining bo‘y-bastini ko‘rsata olgani yo‘q. Eslasangiz, sevimli gazetamizda bosilgan so‘nggi suhbatlaridan birini Shukur Xolmirzayev “Jahonbop asar yoza olaman, lekin...”, deb nomlagan edi. Bu suhbatda rahmatli Shukur aka o‘kinib, shunday degan edi: “Dunyo adabiyotining mashhur asarlari bilan bo‘ylashadigan asarlarni ko‘zda tutayabsiz... Masalan, dunyoga dong‘i ketgan, Nobel mukofotini olgan yozuvchilarning ham asarlarini bunday salmoqlab ko‘rsangiz, o‘n-o‘n beshta yaxshi hikoya chiqadi. Shu ma’noda, ishonch bilan ayta olamanki, jahonbop asar yoza olaman, lekin... Dunyoga tatiydigan hikoyalar o‘zimizdan, deylik, O‘tkir Hoshimovdan ham, Uchqun Nazarovdan ham, Murod Muhammad Do‘st va Erkin A’zamovlardan ham chiqadi. Hikoyachiligimizga tamal toshini qo‘ygan Abdulla Qahhorning, lof bo‘lsa ham, ellik foiz hikoyasi dunyoga mashhur hikoyalar bilan bo‘ylashadi...”.

Nosir QAMBAROV: — Shu o‘rinda men tarjima muammolarining nazariy masalalariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng chet tillaridan o‘zbek tiliga va, aksincha, o‘zbek tilidan chet tillariga tarjima qilishga qiziqish ancha ortdi. Hukumatimiz professional va yuqori malakali tarjimonlar tayyorlashga katta ahamiyat bermoqda. Tarjima nazariyasi va amaliyoti ta’lim yo‘nalishi hamda mutaxassisligi bo‘yicha Davlat ta’lim standarti qabul qilinib, shu soha fanlariga doir namunaviy dasturlar tasdiqlandi. Respublikada yagona Jahon tillari universitetida tarjimonlik fakultetiga talabalar qabul etila boshlandi. Bu, o‘z navbatida, tarjimon mutaxassislar tayyorlashda bizga ulkan vazifalarni yuklaydi.

Shu munosabat bilan, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlashda qanday nazariy va amaliy muammolarni hal qilishimiz lozimligi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bizda chet tillaridan o‘zbek tiliga tarjimalar shu paytgacha, asosan, vositachi til — rus tili orqali amalga oshirib kelingan. Bunga asosiy sabab, mening fikrimcha, tarjima nazariyasining yetakchi masalalaridan biri — chet tillaridan o‘zbek tiliga tarjimaning nazariy muammolari to‘liq yoritilmaganida, bu sohada nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari kam yoqlangani, darslik va qo‘llanmalar yozilmaganidadir. Bu — dissertatsiyalar, qo‘llanma va darsliklar yozishga material yo‘q, degani emas.

So‘nggi paytlari Jahon tillari universitetining tarjimonlik fakulteti tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan “Sinxron tarjima”, “Tarjima tarixi”, tarjimonlik fakulteti talabalari uchun “Ingliz tili” darsliklari yozildi. Biroq og‘zaki va yozma tarjimadan, chet tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan chet tiliga tarjima, matbuot tarjimasi bo‘yicha hali qo‘llanmalar yozilmagan.

O‘zbekistonda chet tillardan mutaxassislik sifatida o‘rgatiladigan tillarni inobatga olsak, shu paytgacha ingliz, frantsuz, nemis va ispan tillaridan o‘zbek tiliga tarjimaning lingvistik asoslari ishlab chiqilmagan. To‘g‘ri, bu sohada ma’lum yutuqlarimiz bor, lekin bu chet tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilish asoslarini yaratish uchun yetarli emas. Ko‘plab nazariy fikrlar hali umumlashtirilmagan. Bevosita chet tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlar tarjima nuqtai nazaridan tahlil etilmagan. Mavjud tahlillar dissertatsiya yoqlangan tashkilotlardan nariga o‘tmaydi.

Amalga oshirilgan tarjima asarlar tahlil qilinmayotganligi bois, nashr etilgan aksariyat lug‘atlarda so‘z ma’nolari, ularning ma’no nozikliklari e’tibordan chetda qolib ketayotir.

Badiiy tarjima, ijtimoiy-siyosiy matnlar va ilmiy-texnik tarjimalarda ham hozir aytilgan muammolar mavjud.

Abbos IRISQULOV: — Tarjima haqida gap borganda men doim universal, hamma janrni bir xilda puxta biladigan, bu janrlardagi asarlarni professional darajada tarjima qiladigan tarjimon yo‘q va bo‘lishi mumkin emas, deyman. Chunki har qaysi janrning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Qolaversa, hatto tarjimaning umumiy nazariyasini ham yaratish mumkin emas.

Avvalambor, yaxshi tarjima deganda nimani tushunish kerak? Asar muallifi o‘z oldiga qanday maqsad va vazifa qo‘ygan bo‘lsa, tarjimon shu maqsad bilan bog‘liq asl ma’noni o‘quvchiga to‘la-to‘kis yetkazib bera olsa, buni yaxshi tarjima, deymiz. Gap shundaki, muayyan janrga xos bo‘lgan matn tarjima jarayoniga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Masalan, ingliz va o‘zbek tillaridagi ilmiy-texnik matnlarni olsak, ingliz tilida kesimlar ko‘proq passiv darajada ishlatiladi. Bu xususiyat o‘zbek tiliga xos emas. Demak, bir xil janrga xos bo‘lgan ikki tildagi matn bir-biridan ko‘p jihatdan lisoniy nuqtai nazardan farqlanishi mumkin.

Ilmiy-texnik matnlar tarjimasida tarjimon shu sohaga oid istilohlarni mukammal bilishi lozim. Bundan tashqari, ilmiy-texnik matnlar kim tomonidan, qachon yozilgani, qachon tarjima qilinayotgani, qaysi kontekstdaligi tarjima natijasiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ijtimoiy-siyosiy matnlar tarjimasi esa, ilmiy-texnik matnlar tarjimasidan ayrim jihatlariga ko‘ra farqlanadi. Bunday matnlar tarjimasida tarjimondan muayyan so‘zning muqobilini — tarjima qilinayotgan tildagi sinonimik qatordan har jihatdan mos so‘zni topish talab etiladi.

Badiiy matn tarjimasi aytib o‘tilgan har ikkala matn turlaridan tubdan farq qiladi. Badiiy asar tarjimoni turli vositalardan, xususan, leksik-stilistik transformatsiyalardan to‘g‘ri foydalana olishi zarur. Bunday transformatsiyalar badiiy matn asosidagi ma’no, mazmun, g‘oya va adabiy uslublarni saqlab qolgan holda, o‘quvchi e’tiboriga yetkazadi.

Bahodir ERMATOV: — Men shuni alohida ta’kidlashni istardimki, chet tillarni o‘rgatishga va o‘rganishga qiziqish bizda, asosan, mustaqillik yillarida kuchaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlar ham aynan shu davrda yuzaga chiqdi. Bugun ingliz, nemis, frantsuz, ispan va boshqa tillarda bemalol so‘zlashayotgan yoshlarni ko‘rib ko‘z quvonadi.

Respublikamizning barcha universitetlarida hamda Samarqand davlat chet tillar instituti va Andijon tillar institutida talabalar maxsus fakultetlarda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida jahon tillarini qunt bilan o‘rganmoqdalar. Mazkur dargohlarda yuqori malakali chet tillar mutaxassislari tayyorlanmoqda. Bu borada O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq. Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika va tarjimonlik fakultetlarida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur fakultetlar Yevropaning tarjimonlar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Ular orasida Frantsiyaning Mark Bron nomidagi universiteti (Strasburg) va Belgiyaning Oliy tarjima maktabi bor. Bu universitetlarning yetakchi professorlari Toshkentga kelib, universitet talabalari va o‘qituvchilari ishtirokida seminarlar o‘tkazishmoqda. Yaqinda Xalqaro tarjimonlar federatsiyasi (FIT) rahbariyati bilan ham aloqa o‘rnatilib, federatsiya prezidentining yordamchisi yurtimizga kelib ketdi.

Bu harakatlar, albatta, o‘z samarasini berayotir. Masalan, universitetning tarjimonlik fakultetini 2000 yili bitirgan Ulug‘bek Jo‘raev Rui Gonsales de Klavixoning “Buyuk Amir Temur tarixi” kitobini bevosita o‘rta asrlar ispan tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi. Kitob shu yili “Zarqalam” nashriyotida chop etildi. Universitet xalqaro jurnalistika fakulteti talabalarining chet tillaridan qilgan tarjimalari ham “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi va “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilib turibdi. Universitet talabasi Alisher Otaboev mashhur ingliz adibi Somerset Moemning bir necha hikoyasini o‘zbek tiliga asliyatdan tarjima qildi.

O‘zbekiston Milliy universitetining xorijiy filologiya fakultetida ham talabalarga malakali professor-o‘qituvchilar dars o‘tayotir. Mohir tarjimon, filologiya fanlari nomzodi Ibrohim G‘afurov fakultet magistraturasining tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘limi talabalariga tarjima mahoratidan saboq bermoqda. Fakultet magistraturasini bu yil bitirgan talabalar — Salohiddin Nurillaev va Gulchehra Mirishova XX asr frantsuz adabiyotining taniqli vakili Raymon Radigening “Shayton vasvasasi” nomli romanini o‘zbek tiliga asliyatdan tarjima qildilar. Hozir bu kitob nashrga tayyorlanmoqda.

Zuhriddin ISOMIDDINOV: — Bunday olganda, chet el adabiyotini tarjima qilish hozir rosa kuchayishi kerak. Negaki, avvallari, olmon yo xitoy tilidan o‘girish tugul, hatto qozoqchadan ham rus tili orqali tarjima qilar edik-da. Endilikda badiiy asarlarni chet tillardan ag‘darish yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlandi, qolaversa, xorijiy tillarni o‘rganuvchilaru o‘rgatuvchilar soni kamida ikki baravar ortdi. Xo‘sh, natija qanday? Zo‘rmi? Maqtansak bo‘ladimi?

Yo‘q, albatta. G‘afur G‘ulom aytganidek: “Ishni qoyil qilib qo‘yib, so‘ng maqtansa yarashar”. Bizda esa bosilib chiqayotgan tarjima kitoblar soni keskin kamayib ketdi, ularning tiraji haqida gapirmay qo‘ya qolay. Bunga kitob nashrini ishlab chiqarish sohasiga, ya’ni o‘zini o‘zi ko‘taradigan, buning ustiga, soliq to‘lashi kerak bo‘lgan sohalar sirasiga o‘tkazilgani sabab bo‘ldi. Shuning uchun tarjima kitoblarining yuz-ikki yuz ming nusxa bosilishi o‘tmishga aylanib, ming-ikki ming nusxa kitob chiqarish ham katta gap bo‘lib qoldi. Tarjimachilikni saqlab qolishning bitta yo‘li bor — kitob, xususan, chet tillardan tarjima qilingan kitoblarni bosib chiqarishni davlat o‘z homiyligiga olib, dotatsiya ajratishiga erishish kerak. Axir, qaysi tarjimon biron romanni qon bo‘lib o‘zbek tiliga o‘girgach, evaziga gonorar olib ro‘zg‘orini butlash o‘rniga nashriyotga besh-olti million so‘m to‘lab kitob chiqaradi? Shu masala hal etilmasa, hamma gap og‘izda aytilib, qog‘ozda qolib ketaveradi.

Bu yerda tarjimon kadrlar tayyorlash borasida fikrlar aytildi. Bu masalaga mening qarashim boshqacharoq. Meningcha, aksar chet tili mutaxassislari tilmoch bo‘ladi, ammo ular orasidan badiiy tarjima ustasi yetishib chiqishi amri mahol. Kishi biron chet tilini yaxshi bilgani bilan tarjimon bo‘lib qolmaydi-da. Mutarjim oldiga qo‘yiladigan birinchi shart chet tilini bilish emas, balki ona tilida ijod qila olish; tarjimon — avvalo ijodkor. Shu bois, chet tilini o‘rgatadigan universitetlardan “Dayosh, tarjimon!”, deb talab etish jilla o‘rinli emas. E’tibor bersangiz, hozirga qadar tarjimonlar asosan universitetning filologiya yo jurnalistika fakultetini tamomlaganlar orasidan yetishib chiqqan. Meningcha, ayni fakultetlar bundan keyin ham tarjimon kadrlar yetkazib beradigan asosiy maskan bo‘lib qolaveradi.

Nega endi chet tili mutaxassislari orasidan yaxshi tarjimonlar chiqmayapti, degan savolga javobim shuki, bunga sharoit yetarli emas. Xorijiy til fakultetlarida o‘quv rejalarining tuzilishi shundayki, talabalarga asosan ingliz yo ispan tilining grammatikasi hijjalab o‘qitiladi, o‘shanda ham ko‘p joylarda o‘zbek tiliga qiyosan emas, inglizcha-ruscha, yo ispancha-ruscha tarjima jarayoni misollari bilan o‘qitiladi. Tarjimadan dars soatlari esa juda kam. O‘zbek tili va adabiyoti esa ular uchun, nari borsa, “fakultativ predmet”. Holbuki, bular ham o‘zbek tili mutaxassisi, filolog bo‘lib chiqadi...

S.MELI: — Shubhasiz, tarjima sohasida oldimizda turgan vazifalar talay. Jahon adabiyotining durdona asarlari ona tilimizga tarjima etilib, o‘zbek kitobxonining badiiy didini shakllantirishda xizmat qilayotganini nazarda tutgan holda, galdagi vazifalar nimalardan iborat ekanini aniq belgilab olishimiz lozim.

Meningcha, avvalo, jahonda asrlar davomida tan olingan, sevib o‘qib kelinayotgan asarlarning barchasi o‘zbek tiliga tarjima qilinishi zarur. Odatda, shu haqda gap ketganda: “Rus tilida bor-ku”, deb qo‘ya qolamiz. Bir azaliy haqiqatni anglashimiz darkor: har qanday asar ona tilimizda jaranglamaguncha bizning ma’naviy mulkimiz bo‘lolmaydi. Antik adabiyotdan boshlaydigan bo‘lsak, bu jabhada ham izchillik, tartib yo‘qligiga guvoh bo‘lamiz. Homerning “Iliada”si nashr etilgani holda, hali “Odisseya”ning tarjimasi yo‘q (ustoz tarjimonimiz Qodir Mirmuhamedov ulug‘ doston tarjimasini tugatganligi haqida gap-so‘z yuradi, xolos). Qadimgi yunon tragiklari Esxil, Sofokl, Evripid va komediyaning otasi Aristofanlardan faqat “Zanjirband Prometey” (Asqar Qosimov tarjimasi) va “Shoh Edip” (Asqad Muxtor tarjimasi) o‘zbekchalashtirilgan, xolos. Bu ham teatrning talab-ehtiyoji tufayli. Qadimgi Rim adabiyotidan deyarli hech nima (ayrim antologiyalarni aytmaganda) tarjima qilinmagan. Ovrupo Uyg‘onish davridan yolg‘iz Shekspirning omadi chopgan. Lekin hanuz o‘zbek tilida to‘liq Shekspir yo‘q. Vaholanki, ko‘pchilik madaniy millatlar allaqachon Shekspirni to‘liq o‘z mulkiga aylantirishgan.

“Inson qo‘li bilan yaratilgan eng buyuk romanlardan biri” (Lunacharskiy) sifatida e’tirof etilgan Servantesning o‘lmas “Don Kixot” asari ham tilimizga to‘liq o‘girilgan emas. Sotiboldi Yo‘ldoshev tarjimasidagi “Don Kixot” rus olimi va adibi B.M.Engelgardt bolalar uchun qisqartib qayta ishlagan nashrdan o‘girilgan. Ming sahifadan ortiq bu ikki jildli muazzam roman o‘z tarjimonini kutmoqda.

Dantening “Ilohiy komediya” asari tarjimasi haqida ikki og‘iz gapirsam. Atoqli shoirimiz Abdulla Oripov uch qismdan iborat asarning birinchi qismi “Do‘zax”ni o‘tgan asrning yetmishinchi yillari maromiga yetkazib tarjima qilgani ma’lum. Murakkab qofiya sistemasiga, o‘ziga xos tasvir-ifoda yo‘siniga ega bu ulug‘ asarning qolgan ikki qismi “Arosat”(ba’zan “A’rof” ham deb yuritiladi) va “Jannat” hamon mohir tarjimon shoirimizni kutmoqda. “Arosat”dan bir necha qo‘shiq tarjima ham qilingan, gap faqat ishni yakuniga yetkazishda qolgan, xolos. Gap shundaki, agar shoirimiz tarjimani chala qoldiradigan bo‘lsa, “Ilohiy komediya” yana ko‘p yillar o‘zbekcha to‘liq jaranglamasligi tayin. Yana qachon Abdulla Oripov darajasidagi poetik so‘z ustasi tug‘iladi-yu, uning shunday murakkab asarga tishi o‘tib, Danteni o‘zbekchada munosib so‘zlata oladi.

Hozirgi zamon chet el adabiyoti haqida gap ketganda, aytish joizki, nimani tarjima qilish va nimani targ‘ib qilishni ham bilish kerak, shekilli. G‘arbda bestsellar bo‘lgan asar bizda ham shunday bo‘ladi, deb o‘ylash xato. Bundan tashqari, bestseller va chinakam badiiy asar sifat-saviya jihatidan boshqa-boshqa hodisa ekani ham bor gap. Biri ommaviy, ikkinchisi — badiiy hodisa! Ommaviy hodisa badiiy, badiiy hodisa ommaviy bo‘lmasligi mumkin. Aytaylik, Paulo Koeloning “Alximik”ka o‘xshash asarlarining shov-shuvli maqtoviga jo‘r bo‘lish tanqidchilik obro‘yiga putur yetkazadi, kitobxon didini chalg‘itadi. Ustiga ustak, bu adabiy kuchlarning isrof bo‘lishiga olib kelmaydimi? Bu o‘rinda men “Alximik”ning bir yo‘la uch tarjimon tomonidan o‘zbekchaga ag‘darilganini nazarda tutayapman. Meningcha, “Alximik”ning lo‘nda bahosi — adabiy kompilyatsiya.

N.QAMBAROV: — Albatta, bestseller kitoblarning ham ishqibozlari ko‘p. Ayni paytda jiddiy prozadan ko‘ra, sarguzasht-detektiv asarlarning xaridori bisyor. Bozor iqtisodiyoti sharoitida bu, albatta, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Nima bo‘lganda ham tarjima saviyasini ta’minlaydigan eng asosiy narsa lug‘at hisoblanadi. Hozirgi paytda nashr qilingan lug‘atlardan ko‘ra elektron lug‘atlarga talab ortib bormoqda. Bundan endilikda chop etilgan lug‘atlarga ehtiyoj bo‘lmaydi, degan fikr tug‘ilmasligi kerak. Zamonaviy talablarga javob beradigan lug‘atlar tuzish ham dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Bu ishga malakali mutaxassislarni jalb etish zarur.

Tarjima sohasida deyarli e’tibor berilmayotgan sohalardan yana biri, bu — tarjima tahlili asoslari. Chet tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilingan matnlar tahriri bo‘yicha birorta ham qo‘llanma yozilmagan.

Bu kabi vazifalarni ijobiy hal etish, bir tomondan, malakali mutaxassislar tayyorlash imkonini bersa, ikkinchi tomondan, tarjima nazariyasi muammolarini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganadigan olimlar sonini ko‘paytirish imkonini beradi.

A.IRISQULOV: — Yurtimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirganiga 15 yildan oshdi. Boshqa barcha davlatlar qatori O‘zbekistonimiz ham globallashuv jarayonining bevosita ishtirokchisi sifatida jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topib oldi. Tarjima, tarjima muammolari to‘g‘risida gapirganimizda yurtimiz olimlari, yozuvchi, shoirlari tomonidan hozirgacha yaratilgan va bugun — istiqlol davrida yaratilayotgan asarlar dunyo hamjamiyati e’tiboriga qay darajada yetkazilayotibdi, degan masala to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Shu bilan birga, xorijlik progressiv yozuvchilar, shoirlarning yangi asarlari, adabiyot, til ilmidagi eng keyingi yutuqlar, tadqiqotlar o‘zbek tiliga o‘z vaqtida o‘girilayotibdimi, degan savolni o‘zimizga berib ko‘rishimiz ham, fikrimcha, o‘rinlidir. Minglab xorijliklar yurtimizga kelayotgani hammaga ma’lum. Lekin, afsuski, ular xorijiy tillarga ag‘darilib, o‘zimizda chop etilgan o‘zbek turmush tarzini, boy tariximiz va madaniyatimizni, urf-odatlarimizni aks ettirgan kitoblarni o‘zlari bilan yurtlariga olib keta olmayotibdi. Chunki bunday kitoblarni yetarli darajada tarjima qilmayapmiz. Bu asarlar yurtimizni, undagi sodir bo‘layotgan yangilanish, o‘zgarishlarni targ‘ib qilishning yo‘llaridan biridir. Bu masala o‘ta jiddiy bo‘lib, uni tezda amalga oshirish yo‘llarini qidirish lozim.

O.MUXTOR: — Tarjima qilinmagan yirik nasriy asarlar barobarida, tarjima etilganlaridan ham qanoat hosil qilolmaysiz. Ana, biz yuksak qadrlagan Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani. Ruscha tarjimasini asliga qiyoslasangiz, xafa bo‘lib ketasiz. Bizda nasrdan ham ko‘ra nazm shuhratli. Rangin, boy. O‘zbek she’riyati kengroq tarqalgan ham. Biroq hali hatto buyuk Alisher Navoiy asarlari, g‘azallari biron tilga ko‘ngil to‘ladigan darajada tarjima qilinmagan. Bir tomondan, sharqona she’r, ayniqsa, mumtoz she’riyatni tarjima qilish qiyin. Navoiyning birgina: “Do‘stlar, men telba ahvoliga yig‘lang zor-zor” satrini tarjimon qanday tarjima qiladi?! Rus tilida, misol uchun: “Ya suma soshyol, druzya, plachte za menya”, deydimi?! Mana, qo‘limda ikki jild tarjima kitob. Tarjimonlar har uch-to‘rt g‘azaldan birida: “krovyu oblilsya” deyaveradi. Aftidan, “qon yutaman dam-badam”, degan gapni o‘shanday o‘girgan. Holbuki, “qon yutish” aniq hol emas, turkiy ibora. Aksar tasvirlar xira, ziddiyatli, mavhum. Lutf, bo‘rttirish, kinoya, butun tagma’nolar sezilmaydi. Umuman, Sharq olamini bilmaslik ko‘rinib turibdi.

Gapning indallosi, bu dunyoda o‘z qadrini o‘zi bilmasa, chetdan birov bilmas ekan. Jahonda mamlakat borki, adabiyotni targ‘ib qilish orqali e’tibor topish, mavqe egallashga uringan. Afandi Kapiev degan kishi Dog‘istonda bo‘lgan avar, lazgi va boshqa tillar bilimdoni ekanligi-yu, rus tilini ham “suv qilib ichgani”dan Sulaymon Stalskiy, Hamzat Sadasa, Rasul Hamzatovlarga yo‘l ochgan edi. O‘z xalqimiz ichidan bilimli tarjimon yigit-qizlar tarbiyalanib chiqmagunicha o‘zbek adabiyotidagi eng sara asarlardan jahon kitobxoni bexabar qolaveradi.

S.MELI: Umuman olganda, hozirgi kunda tarjimonlarning yangi avlodini yetishtirish dolzarb vazifaga aylandi. Aksariyat sohada bo‘lganidek, tarjimachilikda ham katta va o‘rta avlod bilan yosh avlod o‘rtasida uzilish paydo bo‘ldi. Badiiy tarjima bilan faol shug‘ullanayotgan ijodkorlarning yoshi 50 bilan 70 oralig‘ida, 30-40 yoshdagi tarjimonlar barmoq bilan sanarli. Shunday ekan, badiiy tarjimaning kelajagi uchun zaminni hozirdan tayyorlamoq kerak.

Yuqorida tarjima tahlili e’tibordan chetda qolayotgani, tarjima asarlar tahririga doir birorta qo‘llanma yozilmagani aytildi. Bu juda o‘rinli aytilgan dolzarb muammo. Ko‘plab she’rlar o‘zbekchaga tarjima qilinsa-da, tarjima mutaxassis bahosini olmasa — bu ham normal holat emas. Hozir-ku, original badiiy asar haqidagi taqrizlar kamdan-kam chiqadi, tarjima asarlar tahliliga yo‘l bo‘lsin! Afsus bilan bizda tarjimashunoslik ilmiy yo‘nalish sifatida yo‘q bo‘ldi, deya qayd etish mumkin. Avvallari, Respublika Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi (u paytlari institut Pushkin nomida edi) Til va adabiyot institutida maxsus tarjimashunoslik bo‘limi mavjud bo‘lib, unda mazkur sohaning turli muammolari tadqiq qilinardi. Hozirga kelib ko‘plab ilmiy yo‘nalishlar — dialektologiya, nutq madaniyati, turkiy tillarni qiyosiy o‘rganish, eksperimental fonetika qatori tarjimashunoslik ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi. Mavjudlari ham abgor ahvolda. Achinarlisi shundaki, institut rahbariyati bunday ilmiy yo‘nalishlarni tiklash haqida o‘ylayotgani ham yo‘q. Mazkur sohalarda o‘zining ilmiy yechimini kutayotgan muammolar esa qalashib yotibdi.

Badiiy tarjima va tarjimashunoslik qiyosiy adabiyotshunoslik, komparativistikaning noni, desak yanglishmaymiz. Qiyosiy adabiyotshunoslik ma’naviyat ravnaqiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan mamlakatimizni jahon badiiy va intelektual maydonida o‘zligini tiklashda, tayin etishda muhim vosita. Buyuk faylasuf Hegelning “Huquq falsafasi” kitobida shunday fikr bor: “Xalqning o‘z-o‘zini anglashi jiddiy suratda o‘zini boshqa xalqlar qatoriga qo‘yib mushohada qilishidan iborat. Buning uchun u o‘zini mustaqil xalq ekanligini isbotlashi zarur. Ruh faqat o‘zaro ta’sir jarayonida namoyon bo‘ladi”.

Milliy adabiyotimiz dahosi Alisher Navoiy ijodini jahon badiiy va ilmiy kontekstida o‘rganish payti keldi. Qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida Sharqda — Lao-szi, Konfutsiy, dzen-buddizm, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Rumiy va boshqalar, G‘arbda — Homer, Platon, Aristotel, Plotin, Dante, Shekspir, Pushkin, Dostoevskiy, Tolstoy ijodi bilan hazrat Navoiy asarlari qiyosan tadqiq etilishi zarur. Bu ilmiy va intellektual samara berishi tayin.

Hegel yuqorida keltirilgan asarida yozganidek, “Ruh (o‘zbek ruhi deb o‘qing — S.M.) faqat o‘zaro ta’sir jarayonida namoyon bo‘ladi”. Ayrim sirtga boquvchilar o‘zaro ta’sirni yuzaki tushunishlari mumkin. Bundagi o‘zaro ta’sir sub’ekti — g‘oya-ideyalar, ularning badiiyat qobig‘idagi talqinlari bo‘lib, ular qiyoslanganda (yuzlashtirilganda) yanada kuchayishlari tayin. Bu qiyosiy adabiyotshunoslikda kuzatilgan, o‘z tasdig‘ini topgan qonuniyat bo‘lib, badiiy tarjima nazariyasi va amaliyotiga bevosita taalluqlidir.

Tahririyatdan: “Davra suhbati” ishtirokchilarining fikr-mulohazalaridan ayon bo‘lganidek, badiiy tarjima sohasida quvonsa arzigulik yutuqlarimiz bor. Albatta, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham kam emas. Bu bizdan ham tashkiliy, ham amaliy tomondan astoydil mehnat qilishni, ijodiy izlanishlarni faollashtirishni, yosh tarjimonlar avlodini yetishtirish borasida izchil ish olib borishni talab etadi.

O‘ylaymizki, suhbat doirasida ko‘tarilgan muammolar, tilga olingan dolzarb masalalar adabiy jamoatchilikda, birinchi galda, tarjimonlarda, yozuvchi-shoirlarda, adabiyotshunoslarda, qolaversa, ko‘pmingsonli gazetxonlarimiz va kitobxonlar ommasida qiziqish uyg‘otadi. Biz ularning fikr-mulohazalarini kutamiz. Gazetamizning “Tarjima — yuksak san’at”, “Aks-sado” ruknlari ostida badiiy tarjima nazariyasi va amaliyotiga bag‘ishlangan e’tiborli maqolalarni, taklif va mulohazalarni muntazam e’lon qilib boramiz.

Davra suhbatini M.Sa’diy va A.Otaboev tayyorladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 13-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.